NENSI DEMOSS AYOLLAR ISHONGAN YOLG‘ON VA OZOD QILADIGAN HAQIQAT “Ayol uchun Kalom murojaati” turkumidan Haqiqatning ahamiyatini va qudratini tushungan, menga yolg‘onning juda ko‘p turlarini ajratishni o‘rgatgan onamga bag‘ishlanadi. MINNATDORLIKLAR Har qanday jiddiy mehnat singari, ushbu kitob ham ko‘p odamlarning birgalikda qilgan mehnati, mashaqqatining mevasidir. Menga ushbu kitobni yaratishda yordam bergan do‘stlarimga va hamkasblarimga minnatdorliklarimni bildiraman. Alohida minnatdorligim: “Moodi Press” nashriyoti xodimlariga — sizlar bilan ish olib borganimdan g‘oyatda mamnunman. Mazkur kitobni nashr etish qanchalik muhim ekanligini aynan sizlar birinchi bo‘lib tushundingiz. Yordamingiz bo‘lmaganida agar, bu kitob ehtimol hech qachon dunyoni ko‘rmas edi. Kitobga oid bildirgan oxirgi fikrlaringiz uchun alohida rahmat aytmoqchiman. Lil Gilbertga — siz qalbimga yaqin insonsiz. Cheksiz sadoqat ko‘rsatishda namuna bo‘lganingiz, biz oxirgi paytlarda birga mulohaza qilgan qiyin savollarni o‘ylab chiqishda va ifoda etishda menga ko‘rsatgan yordamingiz uchun rahmat. Doktor Bryus Ueyrga — sizning Haqiqatga bo‘lgan sevgingiz ilhomlantiradi. Ruhiy dalda berganingiz, qo‘lda yozganlarimni sinchiqlab tekshirganingiz va bergan juda muhim nasihatlaringiz uchun Xudodan minnatdorman. Bekka Kreyvenga, Del va Debra Fesenfeldga, Sandra Xokinsga, Djanet Djonson va Monika Uotga — menga har tomonlama dalda berganingiz, kerakli materiallarni izlashga yordamlashganingiz, shuningdek o‘z taklif va maslahatlaringizni kiritganingiz uchun sizlarga rahmat. Yordamingiz juda katta ahamiyatga ega. “Layf Ekshn Ministriz” hodimlari rafiqalariga — necha marta menga dalda so‘zlari yozilgan maktublar yubordingiz, birovlar orqali tasalli bo‘lgan so‘zlarni yetkazdingiz, ishlarim qanday ketayotganligiga qiziqdingiz, yolg‘iz o‘zim ishlagan vaqtlarda menga tushlik olib keldingiz! Hayotingiz Xushxabarga bezak bo‘lib xizmat qiladi, Haqiqat taratgan go‘zallikni aks ettiradi. Mening “ibodatgo‘y do‘stlarimga” — sizlarning men uchun qilgan to‘xtovsiz ibodatlaringiz bois juda ko‘p marhamatlarga erishdim. Kurash qizigan paytda menga dalda bo‘lganingiz uchun rahmat. Ibodatlaringiz menga jasorat bag‘ishladi, Haqiqatga sodiq qolishimga yordam berdi. Va nihoyat, Sizga minnatdorligimni izhor etish uchun abadiyat ham yetmaydi, Rabbim Iso. Siz meni ozod qiladigan Haqiqatsiz va men Sizni butun qalbim bilan sevaman! SO‘Z BOSHI Nensi Ley Demoss – ayollarning noto‘g‘ri tasavvurlari va xato fikrlari, umidlari, qo‘rquvi, muvaffaqiyatsizliklari va tashvishlari teranliklarini o‘rganishga jur’at etgan rahmdil, ziyrak ayol. Agar chamasi o‘ttiz yil avval “hamma narsa o‘z qo‘lingda”, “rahmdillik tuzog‘iga ilinib qolma”, “biz erkaklar qiladigan hamma narsani qila olamiz, kerak bo‘lsa ulardan ham yaxshiroq qilamiz...” qabilidagi soxta fikrlar hayotimizga daryo bo‘lib oqib kelmaganida, biz bularning ko‘plarini bilmas ham edik. Albatta, yolg‘on bundan ancha avval paydo bo‘lgan. Xudo Odam Atoga sherik va yo‘ldosh qilib bergan ayol Iblisning gapiga quloq soldi: Haqiqatan ham, Xudo bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi? Momo Havo Adan bog‘ida ilonga quloq soldi. Yolg‘on xotinga mash’um ta’sirini o‘tkazib borar ekan, er uni himoya qilmadi va o‘zining hatti harakati bilan: “Agar ayolim buni istasa, mayli shunday bo‘la qolsin”, dedi. Oqibatda dunyoga gunoh kirib keldi, gunohdan esa o‘lim kelib chiqdi. Momo Havo o‘zinikini rad etib, berilmagan narsani o‘ziniki qilib oldi. Bu bilan u: “Mening xohishim bo‘lsin”, dedi. Xudoga shukr, biz gunoh bo‘yinturug‘idan ozod bo‘lganmiz. Egamizning farishtasi Nosira shahrida kamtar bir qizga zohir bo‘lib, unga ajoyib xabarni yetkazdi: Maryam Xudoyi Taoloning O‘g‘lini dunyoga keltirdi. farishtaning so‘zlari Maryamni sarosimaga solgan bo‘lsada, Maryam bo‘ysundi va farishtaga: “Men Egamning bandasiman. Hammasi siz aytganingizday bo‘lsin” – dedi Bu muhim kitobni o‘qiganingizda Xudoning Ruhi sizni yetaklashi haqida so‘rab ibodat qilaman. “Haqiqiy qutqarilishning mohiyati, – deydi muallif, – tavba qilishda yoki xayrli ishlarda emas, balki odamning o‘zgarib borishidadir: “Binobarin, kim Masihga tegishli bo‘lsa, u yangi ijoddir. Eski hayot o‘tib ketdi, yangisi esa boshlandi” Elizabet Elliot MUQADDIMA Egnida hayvon terisidan yasalgan kiyimda, g‘azabi qaynagan eri bilan birga Adan bog‘idan quvilgan, kelajakda bir o‘g‘li ilk qotillikning qurboni bo‘ladigan, yana biri o‘sha o‘g‘lining qotili bo‘ladigan Momo Havo o‘zini juda baxtsiz his qilgani shubhasiz. U: Yolg‘iz. Yengilgan. Omadsiz edi. Odam Ato bilan birga Adan bog‘idan sharqqa, jon saqlashning o‘zi katta matonat talab qiladigan olamga yo‘l olish juda mushkul bo‘lgan bo‘lsa kerak. Jannatda yashab, so‘ng uni tarq etish naqadar og‘ir! Momo Havo o‘sha paytda ko‘proq nimani xohlagan? Siz nimani xohlagan bo‘lardingiz? O‘ylaymanki, Momo Havoning yuragini to‘ldirgan birdan-bir istak o‘sha, yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining shoxlariga endigina qo‘l uzatgan, Xudo ta’qiqlagan mevani yeyishga hali ulgurmagan, oxiri yaxshilik bilan tugashi mumkin bo‘lgan lahzani orqaga qaytarish edi. Hammasini orqaga qaytarish, fikri-qarorini o‘zgartirish, to‘g‘ri yo‘l tutish istagi uni ich-ichidan qiynar edi. Biz Momo Havoga o‘xshaymiz. Hammamiz yengilish nima, muvaffaqiyatsizlik nima, alam va og‘riq nima ekanini bilamiz. Xudbin istaklarni, tez achchiqlanish, g‘azab, hasad va alamni hammamiz boshdan kechirganmiz. Xatolarimizning ayrimlari balki bu darajada dahshatli bo‘lmagandir. Ular butun odamzotning hayotiga ta’sir o‘tkazadigan fojiaga olib kelmagan. Ehtimol bu “mayda” hatolardir. Shunday bo‘lsada, ular bizga yuragimiz mukammallikdan qancha yiroq ekanligini ko‘rsatib beradi. Va biz hammasini boshidan boshlash, uyg‘unlikda, osoyishta hayot kechirish ishtiyoqiga to‘lamiz. Konferensiyalarda men har safar ayollardan muhtojliklar varaqasini to‘ldirishni so‘rayman. Bu keyingi hafta davomida mahsus guruh ular haqida ibodat qilishi uchun kerak. Konferensiyadan keyin men bu varaqalarni uyga olib ketaman va har birini qaytadan o‘qib chiqaman. Ko‘pincha maktublarni o‘qib yig‘lardim, hayoti barbod bo‘lgan opa-singillarimizning taqdiri meni ich-ichimdan ezib yuborardi. Bu: Oilasi buzilay deb turgan ayollar... Bolalari uchun dili ezilib yurgan ayollar... O‘tmishda boshdan kechirgan kulfat va og‘riqlarni esdan chiqara olmayotgan ayollar... O‘zligi bilan jiddiy kurashib kelgan ayollar... Ruhiy hayotida ikkilangan ayollar edi. Bunday ayollar bizning yon-atrofimizda. Ularning taqdiri – bizning taqdirimiz. Ularning ko‘pchiligi butun umri davomida imonlilar jamoatiga boradi. Ayrimlarini o‘z jamoatingizdan topishingiz mumkin. Biri o‘g‘il yoki qizingizga jamoat qoshidagi maktabda ta’lim berayotgan o‘qituvchi bo‘lishi mumkin. Boshqalari haftada bir marta o‘tkaziladigan, Muqaddas Kitobni o‘rganish mashg‘ulotlarida qatnashadi, hatto bu mashg‘ulotlarni olib boradi ham. Aksariyat hollarda siz ularning hayotda nima bilan kurashib kelganini hayolingizga ham keltirmaysiz. Hol-ahvol so‘raganingizda, ular jilmayibgina: “Yaxshi” - deyishadi. Mana shunday ayollarning boshdan kechirganlari mazkur kitobning dunyoni ko‘rishiga turtki bo‘ldi. Bu yerda yozilganlar kamdan-kam uchraydigan guvohliklar emasligini tushunishingizni so‘ragan bo‘lardim. Men boshqalarga o‘xshamagan “zaif” ayollar haqida hikoya qilmoqchi emasman. Bunday hikoyalarni ko‘p o‘qiganman, ko‘p eshitganman ham va aminmanki, ular haqida alohida bir kitob yozish mumkin. Jamiyatimiz “ruhiy xastaliklar” epidemiyasini boshdan kechirmoqda, bu dard nafaqat imonsiz ayollarni, balki biz – imonlilarni ham o‘z domiga tortib kelmoqda. Agar menga oxirgi yillar davomida o‘zim uchratgan masihiy ayollarning aksariyatiga izoh berish talabi qo‘yilganida edi, quyidagi so‘zlardan birini yoki bir nechtasini ishlatgan bo‘lardim: ozib-to‘zgan; horg‘in; madori qurigan; yo‘lidan adashgan; darg‘azab; noiloj ahvolda; umidini yo‘qotgan; yengilgan; g‘amg‘in; aybdorlik hissiga berilgan; emotsional jihatdan o‘zgaruvchan; tang ahvolda; ishonchini yo‘qotgan; yolg‘iz; o‘z joniga suiqasd qilishni o‘ylab yuradi. Har qanday jamoatda o‘z joniga suiqasd qilish haqida o‘ylagan ayollar soni qanchani tashkil qilishini bilganingizda agar, bu sizni lol qoldirishi mumkin. Vaholanki, ularning ayrimlari ko‘pdan buyon bu haqda o‘ylab yurgan. Ehtimol bu sizga ham taalluqlidir. Balki sizga hayotni davom ettirishga hojat yo‘qdek tuyulayotgandir. Singlim, sizga shuni aytmoqchimanki: “Umid bor!” Mazkur kitobni o‘qiganingiz bilan muammolaringiz yo‘qolib qolmaydi. Lekin ishonchim komil: bu kitob hozirgi holatingizda sizga yordam bera oladigan Zotni ko‘rsatadi. O‘qishni davom ettirishingizni so‘ragan bo‘lardim. Qullik — bu men hozirgi masihiy ayollar haqida o‘ylaganimda, hayolimga keladigan yana bitta so‘z. Ayollarning aksariyati qullikda kun kechiradi – ular ozod emaslar. Ko‘pincha bu holga o‘zlarining xohishi tufayli tushishadi. Misol uchun ko‘p ayollar aybdorlik hissi bilan, o‘zini o‘zi hukm qilib yashaydi. Ular Xudoning inoyatidan va sevgisidan zavqlanib, erkin yashay olishga qodir emaslar. Ko‘pchilik o‘z o‘tmishiga qul bo‘lib qolgan. Ularning xatolari yoki boshqa odamlarning xatolari qanday oqibatlarga olib kelganidan qat’iy nazar, o‘tmish ularning yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib osilgan va ular bu yukni bir umr o‘zlarida saqlab keladi. Boshqalarni qiynagan narsa, Muqaddas Kitobda “odamlardan qo‘rqish” deyilgan. Bundaylar jamiyat ularni rad qilishidan, odamlar ular haqida yomon o‘ylashidan qo‘rqib, mana shu qo‘rquvga, hurmatga sazovor bo‘lish istagiga qul bo‘lib yashaydilar. O‘z his-tuyg‘ularining quliga aylangan ayollar ham uchraydi, ular tashvishlardan qiynalib, qo‘rquvda, g‘azabda, ruhiy tushkunlikda, o‘ziga-o‘zi rahmi kelib yashaydilar. Ayollar - qul bo‘lgan sohalar ichida eng keng tarqalgani ovqatlanish bilan bog‘liq. Birlari o‘zini yeyishdan to‘xtatolmaydi, boshqalari yeyishga o‘zini majbur qilolmaydi. Birinchilar ham, ikkinchilar ham buning quli bo‘lib qolgan. Bu bilan barcha ayollarning mana shunday ojiz tomoni bo‘ladi, demoqchi emasman. Shuni nazarda tutib aytamanki, umuman olganda, masihiy ayollar katta inqirozni boshdan kechirmoqda va bu masalaga yuzaki xulosalar va javoblarning o‘zi bilan yechim topib bo‘lmaydi. Bu yerda boshqacha yondashuv talab etiladi. Xudo bizni bunday hayot kechirishimiz uchun yaratmaganligini Muqaddas Kitob orqali ko‘ramiz. Yuhanno Xushxabaridan Isoning so‘zlarini o‘qib, Xudo biz uchun a’loroq reja tayyorlab qo‘yganini bilib olamiz: “Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman”. Yuhanno 10:10 Siz Iso berishni xohlagan farovon hayotga ega bo‘lganmisiz, yoki shunchaki jon saqlash, kun o‘tkazib yurish bilan ovoramisiz? Muammolaringiz borligi yoki yo‘qligi haqida so‘raganim yo‘q. Men bilgan yorug‘ yuzli, hayotni sevadigan ayollarning ayrimlari nikohda juda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirib, dardlarga to‘lib yashaydi, boshqalari yerga ko‘mgan o‘g‘li yoki qizining qabri ustida yig‘lab o‘tishga majbur; yana birlari o‘simta kasalligiga yo‘liqqan yoki keksa, to‘shakka mixlangan ota-onasiga qaraydi. Shunday bo‘lsada, ular mana shu muammolar va qiyinchiliklarga qaramay, o‘zlari uchun hayot chashmasini topib olgan va bu ularga zulmat vodiysidan ishonch bilan, qo‘rqmay yurishga yordam beradi. Sizda-chi, hayotda sizni shunga o‘xshash, zanjirband etgan sohalar bormi? Ayanch holda, baxtsiz va tang kun kechirish o‘rniga: ozod bo‘lib, quvonchga to‘lib, shod urib, sevib, chaqnab, yorug‘ yuz bilan, ishonch bilan, ezgulikka to‘lib, osoyishta, barqaror hayot kechira olasiz. Mana shunday ayol bo‘lishni istaysizmi? Ehtimol hayotda Xudoning inoyatini va tinchligini his qila boshlagandirsiz. O‘ylaymanki, tanishlaringiz orasida Masihni bilgan, lekin shunga qaramay qullikda kun kechirib kelgan ayollarni siz ham bilasiz. Ularga ozod bo‘lishning yo‘lini qanday ko‘rsatish mumkinligini bilib olishni istaysizmi? Men har qanday darddan forig‘ qiladigan malham haqida gapirganim yo‘q, yengil hayotga olib keladigan qisqa yo‘lni taklif etganim yo‘q, qiyinchiliklar va og‘riq bo‘lmasligini va’da qilmayman. Hayot – murakkab narsa va biz buni qabul qilishimiz lozim. Men hayotda uchraydigan hodisalar – rad etilish, yo‘qotishlar, umidsizlik, yaralanish va hatto o‘lim kabi holatlarni ozod ruhda, quvonch bilan qanday yengib o‘tish haqida gapiryapman. “Aynan mana shunga intilaman! O‘zimga ham, boshqalarga ham shuni xohlayman. Nimadan boshlayin?” deysiz. Ayollarning boshdan kechirayotgan muammolari va azoblari ustidan yillar davomida ko‘p og‘ir o‘ylarga botib, Xudoning Kalomidan javob izladim va kulfatlarimizning haqiqiy negizi nimada ekanligini aniqladim: Siz ham, men ham yolg‘oning qurboni bo‘lganmiz! Biz aldanib qolganmiz! Sizlarga Odam Ato va Momo Havoning eng birinchi maskani, benuqson, mukammal muhit - Adan bog‘iga qaytishni taklif etaman. Kulfat va muammolarimiz shu yerda boshlangan. U yerda ro‘y bergan hodisa bugungi hayotimizga ham bevosita ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Birgina yolg‘on qanday qilib butun olamni kulfatu balolariga to‘lishiga sabab bo‘lganini ko‘rishingizni xohlayman. Momo Havo yolg‘onga quloq soldi, unga ishondi va uning asosida ish tuta boshladi. Har qanday muammo, mojaro, jarohat, buzilgan munosabat yoki og‘riqning negizi birgina narsada, ya’ni oddiy yolg‘ondadir. Odatda birgina yolg‘on o‘zi bilan tumonat yolg‘onni olib keladi. Momo Havo yolg‘onga ishondi, biz ham Momo Havoning qizlari uning yo‘lidan yurdik. Bir yolg‘on ketidan boshqasini eshitamiz, unga quloq solamiz, ishonamiz va shunga yarasha ish tutamiz. Kitobdagi har bir bobni Momo Havoning “Xotira daftari” boshlab beradi. Daftarda yolg‘on haqida mulohazalar bo‘lib, Momo Havo o‘z hayoti davomida bu yolg‘onga ishongan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, xotira daftar qandaydir jihatlari bilan sizning xotira daftaringizga ham o‘xshar. Turli davrlarda ayollar qarshi tura olgan yolg‘onning barcha turlarini sanab ko‘rsata olmaymiz. Biroq hozirgi masihiy ayollar yolg‘onning ayrim turlariga beriluvchan ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Maqsadim – ushbu kitobda yolg‘onni fosh qilish, uning haqiqiy mohiyatini ko‘rsatishdir. Yolg‘onning ayrim turlari shu darajada keng tarqalganki, ularni aniqlab olish juda qiyin. Biroq “eng yomon yolg‘on” – bu haqiqatga juda o‘xshaydigan yolg‘on. Maqsadim masihiylar orasida tarqalgan yolg‘onning ayrim turlarini ochishgina emas, balki ularni ilk bor ishga solgan zotning asl yuzini ko‘rsatish hamdir. Shayton ham o‘zini nurli farishta qilib ko‘rsatadi. (2 Kor. 11:14) U bizga baxt berishni va’da qiladi va xuddi bizning foydamizga ish tutgandek o‘zini ko‘rsatadi. Lekin u yolg‘onchi va buzg‘unchidir; uning maqsadi – bizning yordamimiz bilan yuragimizdagi taxtdan Xudoni olib tashlash. Men shayton tomonidan sizni va yaqinlaringizni aldash va yo‘q qilish uchun ehtimol hayotingizda ishga solingan mash’um yolg‘onni ko‘rsatishni xohlayman. Biroq yolg‘onchini va uning yolg‘onini fosh qilmoqning o‘zi yetarli emas. Sizlarga haqiqatning kuchini ko‘rsatmoqchiman; ishonch, haqiqatga asoslangan hayot qanday qilib ozodlikka olib kelishini, qulab yakson bo‘lgan, buziqilikka berilgan va azobda qolgan dunyoda arang hayot kechirishga, voqelikdan qochishga emas, balki haqiqiy, to‘laqonli ozodlikka erishtirishini ko‘rsatmoqchiman. Haftaning boshida men ko‘chada sayr qilib, Kalomda yozilgan bir nechta oyat haqida mulohaza qilayotganimda, Xudo Yoqubning maktubidan oxirgi ikkita oyatni yuragimga soldi: Ey birodarlarim, agar orangizdagi biror kishi haq yo‘ldan ozgan bo‘lsa, uni to‘g‘ri yo‘lga soling. Esingizda bo‘lsin, gunohkorni nohaq yo‘ldan qaytargan odam o‘sha gunohkorning najot topishiga va behisob gunohlarining yuvilishiga sababchi bo‘ladi. Yoqub 5:19–20 Darhol tushundimki, ushbu oyat orqali Xudo menga mazkur kitob nima uchun yozilishi kerakligini va bundan ko‘zlangan maqsadni ko‘rsatmoqda. Millionlab masihiy ayollar yolg‘onning tuzog‘iga ilingan va to‘g‘ri yo‘ldan ozgan. Men Xudodan ushbu kitob orqali bunday ayollarning yuragiga shifo berishni, qullikdan ozod qilishi haqida so‘radim, toki ular Xudoning inoyati, kechirimi ostida yashasin va farovon hayotga ega bo‘lsin. Men ishlatadigan ayrim so‘zlar sizga qo‘pol tuyulishi mumkin. Muloyim, yumshoq so‘zli bo‘lishga harakat qilmadim. Hamma qo‘llaydigan o‘tkir, dono fikrlarni yozishni o‘z oldimga maqsad qilmaganman. O‘ylashimcha, qachonki yomon novdalar kesib tashlansa, ya’ni fikr-zikrimiz tubdan o‘zgarsagina, biz yuragimizdagi achchiq ildizdan forig‘ bo‘lamiz va dardlarimizdan qutulamiz. Ko‘pincha haqiqat og‘ir botadi, u doim ham yoqimli bo‘lavermaydi. Biroq sizni ozod qiladigan haqiqat haqida gapirmaslik, bu avvalo rahmsizlik va men tomondan qilingan nohaqlik bo‘lar edi. Quyida haqiqatning kuchi haqida guvohlik bergan ikkita hikoyani keltiraman: Nihoyat ozod bo‘ldim! Uzoq yillar davom etgan qullikdan Xudo meni to‘liq ozod qilishiga umidimni ham yo‘qotgan edim. Bu turmushga chiqqan yosh ayolning so‘zlari. U men bilan suhbatda Xudo uning hayotida nima qilayotgani haqida gapirib berdi. Bu ayol menga o‘n uch yoshidan beri yomon odatning quli bo‘lib kelganini aytdi. Ko‘p marotaba bu odatni tashlashga harakat qilganman. Qo‘limdan nimaiki kelsa qilganman, jumladan Muqaddas Kitobni o‘rganib, ibodat qilib, dugonalarim bilan gaplashardim, lekin baribir, ko‘p o‘tmay yana yiqilardim. Yengilgach yana tavba qilardim, Xudodan kechirim so‘rardim, biroq yana yiqilishimni bilar edim. O‘zimni to‘xtatolmasdim. Bu ayol ko‘p yillardan beri Masihga ishonadi. Turmush o‘rtog‘i bilan birga u imonlilar jamoatida faol xizmat olib boradi. Yuragi Xudoga ma’qul hayot kechirish istagiga to‘lgan, juda samimiy bo‘lgan bu ayol Masih haqida ko‘p guvohlik beradi va odamlarga xizmat qilar, biroq umidsizlikdan va juda og‘ir, aybdorlik hissidan hech ozod bo‘lolmasdi. So‘ng u biroz jonlandi va izlab, orzu qilgan ozodlikka qanday erishgani haqida gapirib berdi: Oxir-oqibat, imonda tajribasi bo‘lgan bir masihiy ayoldan yordam so‘rashga jur’at etdim. U meni Xudodan, shu vaqtga qadar qanday yolg‘onga ishonib kelganim haqida so‘rashga undadi. Biron bir yolg‘onga ishonaman deb umuman o‘ylamasdim, biroq ibodat qilganimda Xudo mening ko‘zimni ochdi va hayotimda men yolg‘onga yon bergan ikkita sohani ko‘rsatdi. Bu yolg‘on o‘n yildan uzoq vaqt meni asir qilib kelar edi! Haqiqatni ko‘rgach, men yolg‘onga ishonganimga tavba qildim va Xudodan hayotimda shayton egallashiga o‘zim yo‘l qo‘ygan sohalarni qaytarib olish haqida so‘radim. Keyin nima bo‘lgani haqida guvohlik berar ekan, u xursandlikdan gul-gul yonar edi. “Shu vaqtdan beri, — deydi u, — men uzoq vaqt meni tutqun qilgan gunohdan ozod bo‘ldim. Bundan tashqari men ilgari vasvasaga tushgan hayotning boshqa sohalarida ham Xudo endilikda g‘olibona qadam bosishimga yordam beryapti. Qanday quvonchga va ozodlikka erishganimni so‘z bilan ta’riflay olmayman. Haqiqat lol qoldiradigan darajada kuchli, qudratlidir!” Haqiqatning qanday kuchga egaligiga boshqa bir holatda ham guvoh bo‘lganman. Biz bir ayol bilan gaplashdik, u o‘zi qatnagan jamoatning cho‘ponini sevib qolgan edi. Bu haqda bilganim zahoti o‘sha ayolning ishxonasiga qo‘ng‘iroq qildim, chunki erining bundan xabari borligiga ishonchim komil emasdi. U kotiba bo‘lib ishlagani bois, biz xizmat telefonini uzoq band qilib turolmasdik. O‘zimni tanishtirib, darhol masalaga o‘tdim. Men unga shunday misol bilan murojaat qildim: “Agar yarim tunda derazadan qarab, qo‘shnimning uyi yonayotganini ko‘rsam, darhol yugurib chiqqan va ularni uyg‘otish, yonayotgan uyidan olib chiqish uchun qo‘limdan kelganini qilgan bo‘lardim. Kerak bo‘lsa bor ovozim bilan baqirar, eshigini urib, taqqilatar edim. Yarim tunda uyqusini buzganim uchun xafa bo‘lishlari haqida o‘ylab o‘tirmasdim. Dilini og‘ritib qo‘yganim yoki qo‘pol muomala qilganimdan og‘rinmasdim ham”. Keyin davom ettirdim va shunday dedim: “Aytishim kerakki, siz o‘sha yonayotgan uyda o‘tiribsiz; xavf ostidasiz. Vaziyatning keskinligi bois, men haqimda nima deb o‘ylashingizga qarab o‘tirmayman, dilingizni og‘ritib qo‘yganimdan bezovta bo‘lmayman ham. Kech bo‘lmasidan, sizni ogohlantirib, yonib bitayotgan uydan qutqarish uchun qo‘limdan kelganini qilaman”. Ko‘zda yosh bilan men bu ayoldan hayotida nima bo‘layotganini anglab olishni o‘tinib so‘radim. Men unga yalinib, uni o‘zi yo‘l qo‘ygan bu xavfli vaziyatdan chiqib ketish uchun keskin choralarni ko‘rishga undadim. Suhbatimiz davomida Xudo bu ayolning yuragini ochdi. Keyingi kunlarda ro‘y bergan narsalar mening xizmatim tufayli bo‘ldi deb aytolmayman — “Zotan, Xudo O‘zini xushnud qiladigan ishlarni qilishingiz uchun sizlarga kuch va xohish beradi” (Flp. 2:13). Xudo suygan bu ayolning to‘g‘ri yo‘lni tanlagani, o‘z hayoti, oilasi va odamlar bilan munosabatiga oid Xudoning irodasini ustun qo‘yganini ko‘rish chindan ham quvonarli edi. Barcha emotsiyalari, fikr-zikriga mahkam o‘rnashgan (soxta) ideallari, eski odatlariga qarshi juda qiyin qadamlarni birma-bir bosib kelar ekan, Xudoning inoyati unga, yo‘lni davom ettirish uchun kuch berar edi. U yana nur ostida yashay boshladi va bu orqali unga yangi, ozodlikda kechadigan, marhamatlarga to‘la farovon hayotga yo‘l ochildi. Haqiqat mana shunga olib keladi va mening istagim, qadrli ayollar, opa-singillar, sizning hayotingizni ham haqiqatga to‘ldirish. Biz qilmoqchi bo‘lgan safar yengil bo‘lmaydi. Ko‘p holatlarda qullik bo‘yintirug‘ini solgan yolg‘onning sohalarini aniqlash, uning ildizini topish siz uchun juda qiyin va hatto og‘riqli ham bo‘ladi. Biroq men “Yaxshi Cho‘ponni” bilaman, U sizni juda yaxshi ko‘radi – siz uchun O‘z hayotini fido qilgan va agar ijozat bersangiz, sizni sokin irmoqlar bo‘yiga yetaklaydi, yam-yashil yaylovlarda sizga orom beradi. Bizga erkinlik berish uchun Masih bizni ozod qildi. Endi shu erkinlikni mahkam tutinglar, qaytadan qullik bo‘yinturug‘ini taqmanglar. (Gal. 5:1 ) Ey holdan toyganlar, og‘ir yuk ostida qolganlar, hammalaringiz Mening oldimga kelinglar! Men sizlarga orom beraman. Mening bo‘yinturug‘imni taqib olinglar, Mendan o‘rganinglar. Chunki Men yumshoq ko‘ngil va kamtarinman. Shunda sizlarning jonlaringiz orom topadi. Axir, Mening bo‘yinturug‘im qulay, yukim yengildir.” (Mt. 11:28 – 30) MUQADDIMA Xotira daftarim Boshim og‘riyapti. Hikoyamni nimadan boshlashni ham bilmayman. Bu kun bizning Bog‘da o‘tkagan qolgan hamma kunlarimiz singari, juda ajoyib boshlangan edi. Odatdagidek, Odam Ato va men, Xudo bilan sayr qilish uchun erta tongda uyg‘ondik. Bizning Xudo hamrohligida sayr qilishimiz har doim kunning eng yaxshi, eng yorug‘ qismi bo‘lib kelgan. O‘sha kun ertalab ma’lum bir vaqt hech birimiz gapirmadik. Birgalashib vaqt o‘tkazayotganimizdan ko‘nglimiz shod edi. So‘ng Xudo xirgoyi qildi. Bu sevgi, muhabbat qo‘shig‘i edi. Naqoratga yetganda biz ham ashulaga qo‘shildik – avval Odam Atoning jarang, kuchli ovozi eshitildi, so‘ng men ham kuyga qo‘shildim. Biz sevgi haqida, yulduzlar, quvonch va Xudo haqida qo‘shiqlar aytdik. Nihoyat, biz Bog‘ o‘rtasida, atrofga soyasin sochib turgan yo‘g‘on daraxt ostiga kelib o‘tirdik. Bu yerda biz Xudoga, Uning ko‘rsatgan ezguligi uchun minnatdorliklarimizni izhor etib, birdan-bir istagimiz – Unga quvonch olib kelish, Unda quvonch topish ekanligini aytdik. Shu qadar ajoyib damlar ediki, so‘z buni ta’riflashga ojiz. Uchalamiz yig‘ilganimizda har doim shunday bo‘lar edi. Keyin nima ro‘y berganini qanday tushuntirishni bilmayman. Kutilmaganda, avval hech eshitmagan ovozni eshitdik. O‘girilib qarasam, qarshimda bir mavjudot turardi. Umrimda bunchalik chiroyli mavjudotni ko‘rmagan ekanman. U to‘g‘ri menga qarab turar va darhol so‘z ochdi. Shunday gapirar ediki, men o‘z o‘rnim, ahamiyatim borligini his qila boshladim. Ko‘nglimda qaniydi to‘xtamasa, so‘zlari tugamasa edi degan istak paydo bo‘ldi. O‘sha paytda Xudoning qayerda bo‘lgani menga noma’lum. Nazarimda U bizni tashlab ketmagan edi. Uning men bilan birga ekanligini unutgan edim chog‘i. Ma’lum bir vaqtga hatto yonimda Odam Ato borligini ham unutgan edim. O‘zimni xuddi mana shu, chiroyda betakror, sirli mavjudot bilan yolg‘iz qolgandek his qildim. Keyin bo‘lgan suhbatni hech qachon unutmayman. U menga, men bu vaqtga qadar hech qachon o‘ylab ko‘rmagan savollarni bera boshladi. So‘ng menga ilgari hech qachon ehtiyoj sezmagan narsani, ya’ni Xudodan va Odam Atodan mustaqil bo‘lishni taklif etdi. Bu boshqa martaba edi – men har doim Xudoga va Odam Atoga qarab yashaganman, endi esa ular menga qarab yashaydilar (va’da bo‘yicha). Bu bilim edi – men Xudodan boshqa hech kim bimaydigan sirlardan voqif bo‘laman. Bu ruhsat (vakolat) edi – Bog‘ o‘rtasidagi daraxtning mevasidan yeyish. Avvaliga shunchaki tinglab, qarab turdim. Men mulohaza qildim, o‘zimga savollar berdim, bahslashdim. Odam Ato menga Xudo bu daraxtning mevasidan yeyishni taqiqlaganini ko‘p marotaba eslatgan edi. Qarshimda turgan mavjudot esa ko‘zimga tik qarab turar va juda yumshoq so‘zlar bilan gapirishda davom etardi. Oxir-oqibat unga ishondim. Bir qaraganda bu to‘g‘ridek tuyulardi. Va men taslim bo‘ldim. Qo‘limni cho‘zdim – avval qo‘rquv sezdim, so‘ng qo‘rquv ham chekingandek bo‘ldi. Mevani uzdim. Undan yedim, so‘ng Odam Atoga ham berdim. Ikkovlashib yedik. Birgalikda, avval men, so‘ng esa u mevani yedik. Keyin nima bo‘lganini ko‘p yaxshi eslay olmayman. Yuragim tubida avval hech his qilmagan tuyg‘ular paydo bo‘lganini sezdim. Bu yangi his-tuyg‘ular edi, o‘zimni bilish mumkin bo‘lmagan sirdan voqif bo‘lgandek seza boshladim. Katta zavq va dahshat hissi aralashib butun vujudimni qopladi. Ozodlik. Bo‘yinturuq. Ko‘tarilish. Qulash. Ishonch. Qo‘rquv. Uyat. Men bulg‘andim. Yashirinyapman — Uning oldida bu ahvolda tura olmayman. Yolg‘iz bo‘lib qoldim. Dahshatli yolg‘izlik. Xijolat tortyapman. Men aldandim. 1-QISM. KIRISH SO‘ZI 1 BOB Haqiqat… yoki oqibatlar “Oyog‘ingiz uchun magnitli vibromassajer! 15 daqiqali massajdan so‘ng yangidan tug‘ilgandek bo‘lasiz!” “Fortepiano chalishni o‘rganish... 40 soatda!” “Bor yo‘g‘i 10 daqiqada ortiqcha uch kilogramm vaznga ozish imkoni! Ko‘nglingiz istagan ovqatdan kechishga endi hojat yo‘q!” Jamiyatimizda yolg‘on juda keng negiz otgan. Yolg‘on barcha sohalarni qamragan va yuqoridagi mantiqsiz reklama e’lonlar buning yaqqol isbotidir. Gohida yolg‘onni aniqlash oson bo‘ladi (misol uchun 10 daqiqada 3 kilogramm vazn tashlash taklifi). Afsuski, yolg‘onni tez aniqlash doim ham oson bo‘lavermaydi. Reklamalarda yolg‘on odamning tabiiy istaklarini uyg‘otadi. Biz qandaydir mo‘‘jiza ro‘y berishi va ter to‘kmasdan, parhez qilmasdan, pul harajatlarsiz, og‘riqsiz, hech qanday mashaqqatsiz, qandaydir 10 daqiqa ichida chindan ham ortiqcha vazndan ozod bo‘lish mumkinligiga ishongimiz keladi. Televideniyeda reklama qilinayotgan har xil dorilarni, ovqatga qo‘shiladigan qo‘shimchalarni va shug‘ullanish vositalarini sotib olishimizning boisi shu. Odam Atoning va Momo Havoning Xudo haqida fikrini o‘zgartirishni o‘ziga maqsad qilgan makkor sotuvchi eng birinchi reklama orqali hiyla-nayrangini ishga soldi. Shayton Xudoni U yaratgan mavjudotdan ajratishga harakat qildi. Uning taxmini o‘zini oqlardi – erkak ham, ayol ham ochiqdan ochiq Xudoga qarshi bosh ko‘tarishi dargumon edi. U bilar ediki, maqsadga erishish uchun ularni aldash, vasvasaga solish, o‘zlariga yoqadigan va Xudoning ko‘rsatmalariga ochiqdan-ochiq zid kelmaydigan, mantiqan to‘g‘ri ko‘ringan o‘tkir hiyla o‘ylab topishi kerak. Shayton haqiqat niqobi ostiga solingan o‘taketgan yolg‘on, yarmi chin haqiqat va aldov ishlatib, Momo Havoni yo‘ldan ozdirdi. Dastlab u Momo Havoning ongida Xudoning aslida aytgan so‘zlariga nisbatan ikkilanish uyg‘otdi (“Haqiqatan ham Xudo, bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi?” Ibt. 3:1). So‘ng u Momo Havoni Xudoning so‘zlariga bepisand qarashga va Xudo aytmagan narsalarga ishonishga majbur qildi. Xudo: “Yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan”, dedi. Biroq Momo Havoning so‘zlariga ko‘ra, Xudo go‘yoki: “Ulardan yemanglar ham, ularga tegmanglar ham ” degan edi. Shayton Momo Havoni aldadi, uning dilida Xudoning iltifoga, sevgisiga, ezgu niyatli ekanligiga nisbatan shubha uyg‘otdi. “Haqiqatan ham Xudo, bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi? — deb so‘radi u. Bu shunday mazmunda aytilgan edi: “Nahot Xudo erkinligingizni chegaralab qo‘ygan bo‘lsa?! U sizlarning baxtli bo‘lishingizni istamaydigan ko‘rinadi!” Aslida esa Xudo ularga: “... bog‘dagi hamma daraxtning mevasidan bemalol yeyaver. Lekin yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan,...” degan edi. Ammo Egamiz – sahovatli Xudo. Mana shu katta Bog‘da Xudo faqat bittagina taqiqlov belgisini qo‘ygan edi: “...yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan”. Bundan ham muhimi shu ediki, Xudo o‘rnatgan yagona cheklov Odam Ato va Momo Havoning foydasiga xizmat qilishi, ularning abadiy davom etadigan, marhamatga to‘la, baxtli hayotining garovi bo‘lishi lozim edi. Xudo ular mana shu daraxtning mevasidan yeyishi bilanoq o‘lishini; o‘rtadagi munosabatlari buzilishini; Odam Ato ham, Momo Havo ham shaytonga, gunohga va o‘z tabiatiga qul bo‘lib qolishini bilar edi. So‘ng Ilon Momo Havoni aldadi, unga ongli ravishda Xudoga bo‘ysunmaslikning oqibatlari haqida soxta tushunchalarni singdirdi. Xudo: “yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan, undan yeyishing bilanoq, shubhasiz, o‘lasan” dedi. (Ibt. 2:17) Shayton buni inkor etib: “Yo‘q, o‘lmaysizlar” – dedi. Endi u Xudoning so‘zlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etmoqda. Iblis Momo Havoni yo‘ldan ozdirdi, unga tuganmas marhamatlarni va’da qildi, biroq shu oddiy sharti bilanki, Momo Havo Xudo taqiqlagan mevani yeyishi kerak edi. (Ibt. 3:5) U Momo Havo oldida bir dunyo bilim, barcha sir-asrorlar ochilishini va’da qildi (“ko‘zlaringiz ochiladi). Iblis Momo Havoga u Xudo bilan teng bo‘lishini uqtirib, uni ishontirdi, ya’ni uning xudo bo‘lishini aytdi. (“...Xudoga o‘xshab qolasizlar”) Nihoyat, shayton Momo Havoga uning o‘zi yaxshini yomondan ajratishni bilib olishini va’da qildi. (“barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lasizlar”) Xudo bunga qadar Odam Atoga va Momo Havoga nima yaxshi, nima yomon ekanligini tushuntirgan edi. Shayton: “Xudoning fikri – Xudoniki; sening ham o‘z fikringni bildirishga haqing bor – sen uchun nima yaxshi, nima yomon ekanligini o‘zing, mustaqil hal qilishga haqlisan”, degan shum fikrni Momo Havoning diliga soldi. Shayton Momo Havoni aldab, uni o‘zi ko‘rganlari, hissi va ongi o‘rgatgani bo‘yicha ish tutishga majbur qildi, bular hatto Egamizning dastlab er-xotinga bergan ko‘rsatmalariga zid kelgan bo‘lsada: Xotin qarasaki, o‘sha daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinadi, mevalari juda yeyishli ekan. Xotin: “Qaniydi mevalar menga donolik ato qilsa”, deb orzu qildi. U daraxtning mevasidan olib yedi, … (Ibt. 3:6) Xotin daraxtning mevasidan yedi. Biroq va’da qilingan martaba o‘rniga uni uyat, aybdorlik, qo‘rquv va begonalashish hissi to‘ldirdi. U aldangan edi, uni aldashdi. Puritanlar jamoati cho‘poni Tomas Bruks shunday yozadi: Shayton katta ne’matlarni va’da qiladi, lekin eng dahshatli kunlarni boshingizga soladi, ulug‘ martaba berishni va’da qiladi, lek o‘rniga sharmandalikka yo‘liqtiradi, rohat va’da qilib, joningizni azobga soladi; foyda va’da qilib, yo‘qotishlarga olib keladi; hayot va’da qilib, joningizni oladi. O‘sha kundan boshlaboq shayton yolg‘on ishlatib, bizning odatlarimizni o‘zgartirishga, tanlagan yo‘limizdan adashtirishga va hayotimizni barbod qilishga intiladi. Qandaydir ma’noda bizning dunyoda kechgan muammolarimiz – yolg‘onning achchiq mevasi, soxta narsalarga ishonishib bosgan qadamimizning oqibatlaridir. Shayton bizni “hozirgi hayotning” yorug‘ kelajagi bilan aldab avraydi; lekin shu vaqtning o‘zida u biladiki, uning yo‘li o‘limga olib boradi (Hikm. 14:12). Shunday ekan, nima uchun biz uning yolg‘oniga o‘zimizni tutib beramiz? Nima uchun tuzoqqa tushamiz? Buning sabablaridan biri shuki, shayton odatda ilon ko‘rinishida kelmaydi. U jamiyat e’tiborini qozongan qahramon, ommabop jurnal, film, teleko‘rsatuv yoki xit-parad qo‘shig‘ini o‘ziga niqob qiladi. U bizga samimiy nasihat bergan qarindosh yoki do‘st, doktor va hatto masihiy yozuvchi, yo bo‘lmasa voiz yoki qalbimizga vasiylik qiluvchi shaxs orqali murojaat qilishi mumkin. Bevosita manba qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, har safar Xudo Kalomiga zid maslahat berilganda, shuni bilingki, shayton bizni aldamoqqa yoki bizga zarar yetkazmoqqa urinayotgan bo‘ladi. O‘qigan yoki eshitganlarimiz bir qaraganda to‘g‘ridek ko‘rinishi mumkin, lekin Xudoning Kalomiga zid kelsa, demak noto‘g‘ri bo‘ladi. Qaniydi, biz yetilib pishgan, mazali ko‘ringan, lekin Xudo tomonidan taqiqlangan mevaning o‘sha paytda ham o‘lim va yo‘qotishlarni olib kelishini ko‘ra olganimizda edi. Yolg‘onning ishga solinishi Yolg‘on avval qanday bo‘lsa, hozir ham iblis faoliyatining asosini tashkil qiladi. Isoning so‘zlariga ko‘ra, yolg‘on gapirish iblisga xos sifat, bu uning xislatidir: Azaldanoq iblis qotil edi. U hech qachon haqiqat tarafdori bo‘lmagan, chunki unda haqiqat yo‘q. U yolg‘on so‘zlaganda, o‘ziga xos so‘zlaydi. Chunki u yolg‘onchi, yolg‘onning otasidir. Yuhanno 8:44 Sababini to‘lik tushunolmasakda, lekin iblis o‘ziga o‘lja sifatida aynan ayolni tanladi. Yangi Ahdda havoriy Pavlus ikki marotaba aynan ayolning aldanganini e’tirof etadi: “... Momo Havo ilonning yolg‘on–yashiqlariga ishonib, yo‘ldan ozdi” (2 Kor. 11:3); “...Odam Ato emas, xotin shaytonga aldanib, gunoh qildi” (1 Tim. 2:14). Ayrim ilohiyotchilarning taxminiga ko‘ra, Momo Havo aslida zaifroq, tabiatdan vasvasa va sinovlarga nisbatan chidamsiz bo‘lgan. Boshqalarning hisoblashicha, Xudo uni eriga bo‘ysundirgani bois, Momo Havo mana shu ruhiy himoya ostidan chiqishi bilanoq, yolg‘onning o‘ljasiga aylanishi oson bo‘lib qolgan. Qanday bo‘lmasin, shunisi aniqki, biz ayollar shaytonning yolg‘onlari oldida nisbatan zaifroqmiz. Esda tuting, shayton avval erkakning oldiga borishga harakat qilmadi; u bila turib ayolning oldiga bordi va uni yo‘ldan ozdirdi. Aynan xotin o‘z erini gunoh qilishga majburladi, so‘ng ular orqali gunoh butun odamzotga yoyildi (shunday bo‘lsada, oxir-oqibat bularning hammasiga Odam Ato javobgar bo‘lib qoldi). Nazarimda, hozirgi kunga qadar shayton ayollarni yo‘ldan ozdirishni maqsad qilib kelgani bejiz emasligini tushunib olishimiz juda muhim. Bu shayton olib borgan strategiyaning bir qismi. U biladiki, agar biz ayollar uning yolg‘oniga ishonsak, bu bilan atrofimizdagi erkaklarga ta’sir o‘tkazamiz va bizning gunohga yon bosishimiz keyingi avlodga ham namuna bo‘lib xizmat qiladi. Gohida, xuddi Momo Havo bilan bog‘liq misoldagidek shayton bizni ham ochiqchasiga aldashga urinadi. Biroq ko‘pincha bizni yo‘ldan ozdirish vositasi sifatida u boshqa odamlarni ishga soladi. Efesliklarga maktubda Pavlus ogohlantiradi: “O‘shanday gunohlarni qilishga bahona izlaganlar sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin...” – deydi. (Ef. 5:6) Qayta qayta u Xudoning xalqini bir-biriga haqiqatni gapirishga chaqiradi. Bir-birimizga yolg‘on gapirsak, bu bilan aslida shaytonga quloq solgan, uning vakillari sifatida bir-birimizni aldagan, buzg‘unchilik qilgan bo‘lamiz. Kalomda aytilganki, Xudoning suriviga bosh bo‘lish, Xudoning xalqiga haqiqatni yetkazish mas’uliyatini olgan ruhiy yetakchilar ham bizni aldashi mumkin. Ko‘p yetakchilarning Xudo bergan vazifaga bo‘ysunmasligi, o‘z izdoshlariga xiyonat qilib, haqiqatni aytmasligi juda achinarli holat. Hizqiyol payg‘ambar orqali Xudo halqni yo‘ldan ozdirgan yetakchilarga shunday deydi: “Sizlar yolg‘onlaringiz bilan solih odamning dilini ranjitdingiz. ... Fosiq odam yomon yo‘lidan qaytmasligi, jonini saqlab qolmasligi uchun sizlar uni qo‘llab turdingiz...” Hizqiyol 13: 22 Ishonamanki, bu bugungi kunda masihiylar olamida yuz berayotgan narsalarning aniq izohi. Masihiylar uchun buyumlar sotiladigan do‘konlarda, jurnallarda, diniy tele va radiokanallarda, taniqli masihiy ruhshunoslarning so‘zlarida ko‘pincha yolg‘on ishlatilgani ko‘zga tashlanadi. Nazarimda, aksariyat hollarda bu atayin qilinmaydi, odamlar yolg‘on gapirayotganini o‘zlari bilmasligi mumkin. Aslida ham aynan shunday bo‘lib chiqadi. Ko‘p holatlarda ruhshunoslar “fosiqni qo‘llab turadilar”, unga tavba qilishga ehtiyoj yo‘qligini uqtiradilar. O‘jarlik qilgani, itoatsizligi va gunohlaridan tavba qilmaganligi bois, nomunosib odamlarga ular Xudoning marhamatlarini, inoyatini va’da qiladilar. Ularning ta’limoti odamlarga o‘z harakatlarini oqlashga yordam beradi: • g‘azab (“bu haqiqiy tuyg‘ularni boricha namoyon etishdir”), • xudbinlik (“sizdan haddan ortiq ko‘p narsalarni talab qilgan odamlar bilan o‘rtangizda to‘siqlar o‘rnatishingiz kerak”), • mas’uliyatsizlik (“kimdir sizni qattiq xafa qilgani uchun muammolarni boshdan kechirasiz”), • bevafolik (“turmush o‘rtog‘ingiz bilan ajralishga va boshqa odam bilan turmush qurishga haqlisiz; Xudo sizga yana bir imkon bermoqda”). Shu vaqtning o‘zida ular solih odamning dilini ranjitadi yoki unda soxta aybdorlik hissini uyg‘otishadi: • mas’uliyat ko‘rsatilganda (“siz boshqalarning izmidasiz”), • xizmatchi ko‘ngilchanlik qilganda (“odamlar sizdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymasligingiz kerak”), • ahdiga sodiq bo‘lgan odamga (“Xudo sizdan bunday turmushni saqlab qolishingizni kutmaydi”). Ko‘zingizni oching Achinarlisi shuki, aksariyat odamlar, hatto masihiylar ham, qanday ahvolga tushib qolganini payqab ololmaydigan darajada yolg‘onga berilib ketgan. Yolg‘oning mohiyati aslida shu bo‘ladi — u ko‘zimizni ko‘r qiladi, yolg‘onga o‘lja bo‘lganimizni payqab olishimizga yo‘l qo‘ymaydi. Ushbu kitobdan ko‘zlangan maqsadlardan biri – masihiy ayollarning ko‘zini ochishga va atrofidagi hodisalarni baholashga undash, ularni uyg‘otish, dunyoviylar olamida ham, masihiylar olamida ham negiz otgan yolg‘onni borligicha ko‘rsatish va fosh etishdan iborat. Har doim qilgan ishlarimizda soxta fikr (tasavvurlar)ga asoslangan narsalar juda ko‘p! Natijada uy qumloqqa quriladi. Bitta yolg‘on boshqasiga olib boradi, unisi yana boshqasiga va shunday davom etadi. Afsuski, aksariyat odamlar ko‘rgan va eshitganlarini o‘ylamay-netmay qabul qilishga moyil. Biz musiqa tinglaymiz, kitob va jurnallar o‘qiymiz, kinofilmlar ko‘ramiz, nasihatlarga quloq tutamiz, reklamaga munosabat bildiramiz va biror holatda ham o‘zimizga muhim savol bermaysiz. Misol uchun: • Muallif bu bilan nimani yetkazmoqda? U nima demoqchi? • Bu haqiqatan ham shundaymi? • Haqiqatga zid bo‘lgan soxta fikr (tasavvur) menga halaqit bermayaptimi? Shayton Momo Havoga juda katta va’dalarni berdi: “ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar” (Ibt. 3:5). Kim bunday taklif oldida o‘zini tiyib tura olarkan? Xotin qarasaki, o‘sha daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinadi, mevalari juda yeyishli ekan. Xotin: “Qaniydi mevalar menga donolik ato qilsa”, deb orzu qildi. (Ibt. 3:6) Agar daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinmaganda, sizningcha xotin bu taklifni qabul qilgan bo‘larmidi? Tasavvur qiling: meva chirigan, qurtlagan bo‘lganida, Momo Havo Xudoga bo‘ysunmaslikka yo‘l qo‘yarmidi? Daraxtning chiroyliligi, mevaning yeyishli ko‘rinishi tufayligina xotin ilonning taklifiga qiziqdi. Muammo shundaki, xotin nima bo‘layotganigi baholab o‘tirmadi, haqiqatni yolg‘ondan ajratishga harakat qilmadi ham. Bu ish unga qanchalik qimmatga tushishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmadi. Agar xotin bu tanlov uning hayotiga, Xudo bilan munosabatiga, oilasiga, bolalari va bo‘lg‘usi avlodlarining hayotiga qanday og‘ir, dahshatli, dardu alamga, yo‘qotishlarga to‘la kunlarni solishini, shuningdek (unga quloq solgan erining gunohi orqali) yer yuzida tug‘iladigan har bir odamning hayotiga fojiali ta’sirini tasavvur qila olganida edi, shaytonning yolg‘on so‘zlariga quloq solgan, Xudoga itoatsizlik qilgan bo‘larmidi? Menimcha, yo‘q. Biroq bizning oldimizda ham xuddi shu muammo turibdi. Shuni sezdimki, tanlagan yo‘lining oqibatlari haqida jiddiy o‘ylab ko‘radigan masihiylar juda kam uchraydi. Biz shunchaki boshqa odamlarga, vaziyatga va atrofimizdagi ovozlarga qarab yashaymiz – hozir istaganimizni yeymiz, televideniyeda reklama qilingan yangi texnikalarni harid qilamiz, hayot tarzimizda so‘nggi modaga qaraymiz, do‘stlarimizning qadriyati va ustunliklariga qarab ularga taqlid qilamiz. Bular ko‘zimizga juda chiroyli bo‘lib ko‘rinadi, tabiiy va mutlaqo zararsizdek tuyuladi. Biroq natijada odamlar bilan munosabatlarimizni buzamiz, qulog‘imizgacha qarzga botamiz, g‘azablanamiz, ruhiy tushkunlikka tushamiz, o‘zimizni tuzoqqa ilingan va yengilgandek his qilamiz. Biz aldanganmiz, biz yolg‘onga ishondik. Quyida shunga o‘xshash yolg‘onga yorqin bir misol keltiraman: yettita farzandi bo‘lgan yosh ona menga internet orqali bir erkak bilan tanishgani va uni yaxshi ko‘rib qolgani haqida yozdi; hatto uni deb eri bilan ajrashish haqida ham o‘ylay boshlaganini aytdi. Suhbat vaqtida u buning noto‘g‘ri ekanligini tan oldi. “Biroq, — davom etdi u, — bu odam menga va bolalarimga juda mehribon”. Ikki soat unga, bu erkakni aslida uning bolalari qiziqtirmasligini tushunishni so‘rab yalindim, aks holda u uning turmushini buzmas edi; agar yaxshi ko‘rganida, Xudoning qonunini buzishga undamas edi. Uni ogohlantirdim, tanlamoqchi bo‘lgan bu yo‘li, garchi yaxshidek ko‘rinsada, lekin falokatga olib kelishi muqarrar ekanligini aytdim. Unga yolg‘onning tuzog‘iga ilinganini va birgina umidi haqiqatga ishonish va shuning asosida hayot kechirishi lozimligini ko‘rsatishga harakat qildim. Qulikka olib keladigan yolg‘on Navbatdagi boblarda biz ayollar ishonadigan yolg‘onning eng keng tarqalgan va eng halokatli turlarining ayrimlarini muhokama qilamiz. Biroq avval keling, bizning yolg‘onga qay tarzda o‘lja bo‘lishimiz, yolg‘on qanday qilib bizni qullikka olib kelishini ko‘raylik. Umuman olganda, odamning qulga aylanishi bir zumda bo‘ladigan narsa emas. Hech kim bir lahzaning o‘zida ochko‘zlizlikka moyil yoki qiziqqon bo‘lib qolmaydi. Qulikka olib boradigan yo‘l aslida ma’lum bir vaqt davom etadigan jarayon. Nimadan boshlanadi...? Yolg‘onga quloq solishdan Adan bog‘ida ham hammasi shundan boshlandi. Xotin shaytonning yolg‘on so‘ziga quloq soldi. Ishonchim komilki, unda bu yolg‘on oxir-oqibat nimaga olib kelishi haqida zarracha ham tasavvur bo‘lmagan. Ehtimol u shaytonning so‘zlarini oxirigacha eshitish, uning nima demoqchi ekanligini bilishning hech bir yomon joyi yo‘q deb o‘ylagandir. Quloq solish o‘z-o‘zidan hali itoatsizlik emasdi. Biroq muhimi bu emas, balki Xudoning so‘ziga zid bo‘lgan nuqtai nazarga quloq tutishning o‘zi xotinni xavf ostiga olib keldi, bu orqali itoatsizlikka yo‘l ochildi, itoatsizlik o‘z navbatida jismoniy va ruhiy o‘limga olib borar edi. Haqiqat bo‘lmagan narsaga quloq tutish – bu qulikka va o‘limga olib boradigan birinchi qadam. Yuragimizga va ongimizga singdirilayotgan ma’lumotni sinchiklab o‘rganishimiz muhim deyilganining boisi shu. Oilada yettita farzandmiz va men to‘ng‘ichiman. Ota-onamga sog‘lom e’tiqod bergani uchun Xudoga cheksiz minnatdorman. Ular bolalariga yetkazilayotgan ma’lumotlarni saralab, sinchiklab tekshirishardi. Ota-onam avlodimizda eng birinchi masihiylar bo‘lgan, ular yoshligidanoq Xudoga imon keltirgan edi. Bizni tarbiyalab o‘stirar ekan, ular hozirgi ota-onalardan farqli ravishda sermazmun kitoblarni o‘qish, seminarlarga qatnashish imkoniyatlariga ega bo‘lmagan. Shunday bo‘lsada, Xudo ularga bolalarini “issiqxonada” o‘stirish uchun yetarlicha donolik va jur’at ato etgan. Ular bizni zararli ta’sirlardan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solar, ruhiy oziqlantiradigan ma’lumot manbalari bilan ta’minlab kelardi. Shu bois biz mustahkam himoya ostida yashab ulg‘aydik. Bolalikdanoq gunohni uzoqdanoq payqab olishni, yaxshilikni yomonlikda ajratishni o‘rgandik. Bola tarbiya qilishda qo‘llanilgan bunday yondashuv u vaqtda bizga yoqmasdi. Biroq ota-onam o‘sha vaqtda: “Biz o‘z bolalarimizni dunyoda negiz otib borayotgan yolg‘onning mash’um ta’siriga yo‘liqtirib qo‘ymaymiz” – deyishga jur’at topa olgan va bu uchun men Xudoga cheksiz minnatdorman. Kalomni va Xudoning yo‘llarini sevib o‘sishimiz, haqiqatning qalbimizni jonlantirishi, biz haqiqatni tanib bilishimiz ularning xohish-orzusi bo‘lgan. Mana shu issiqxonadan chiqqanimizdan keyin ham, ota-onamiz bizning haqiqatda yurishda davom etishimizni va har qanday yolg‘on va nohaqlikni rad etishimizni xohlardi. Yillar o‘tdi, katta bo‘ldim va ko‘ryapmanki, hozir ham ongimizni himoya qilishimiz nihoyatda zarur. Bizning yuragimizni o‘ziga jalb qiladigan televideniye, jurnallar, kinofilmlar, musiqa, do‘stlarimiz, savdo rastalari shular jumlasidan va bular hali hammasi emas. Faqat mustahkam intizomgina bizga chindan ham qimmatli, yaxshi va muhim narsalarni qabul qilishimizga yordam bera oladi. Zararsiz yolg‘on bo‘lmaydi. Biz bu dunyoga xos, yolg‘ondan iborat bo‘lgan soxta fikrlarni yuragimizga singdirib, shu vaqtning o‘zida ziyon-zaxmatsiz hayot kechirolmaymiz. Xotin qilgan birinchi xato daraxtning mevasidan olib yeyishi emas, balki ilonga quloq solishdan iborat bo‘lgan. Haqiqatga zid bo‘lgan fikr yoki nasihatga quloq tutish – bu oxir-oqibat sizni qulga aylantiradigan, noto‘g‘ri tushunchalar tomon bosiladigan eng birinchi qadamdir. Yolg‘onga quloq solish orqali qullikka olib boradigan keyingi qadam – bu … Yolg‘on haqida mulohaza qilish Biz avval yolg‘onga quloq solamiz; so‘ng u haqda mulohaza qilamiz. Dushman aytgan so‘zlar o‘y-xayolimizni egallaydi. Biz berilgan ma’lumotni “hazm qila boshlaymiz”. Bu dushman bilan aloqa o‘rnatish demakdir. “Balki u haqdir” – degan fikr paydo bo‘ladi. Bu jarayonni tomorqaga ishlov berish yoki ekin ishlariga qiyoslash mumkin. Dastlab yerga ishlov beriladi – biz Xudoning Kalomiga qarshi fikrlarning ta’siri oldida o‘zimizni ojiz his qilamiz. So‘ng urug‘ ekiladi – biz yolg‘onga quloq solamiz. Keyingi navbatda yer sug‘oriladi, unga o‘g‘it solinadi, ya’ni bu singdirilgan yolg‘on haqida mulohaza qilish demakdir. Yuragimizga haqiqat bo‘lmagan narsa haqida mulohaza qilishga yo‘l qo‘yib bersak, ertami kechmi muqarrar ravishda ... Yolg‘onga ishonamiz Bu bosqichda ekilgan urug‘ unib, ko‘kara boshlaydi. Avvaliga xotin ilonning so‘zlarini oxirigacha eshitdi. So‘ng aytilgan narsalarni xayoldan o‘tkazdi va ilon bilan suhbat qurdi. Qisqa vaqt o‘tib u ilonning so‘zlarini haqiqat deb bildi. Garchi bular Xudo ochgan haqiqatga mutlaqo zid kelgan bo‘lsada. Xotin yolg‘onga ishongach, keyingi qadamni bosishga qiynalmadi. Yolg‘onni oxirigacha tinglasangiz, u haqda mulohaza qilsangiz, unga ishonsangiz ertami-kechmi siz ... Yolg‘on asosida harakat qila boshlaysiz Endi urug‘ ekilgach, yer sug‘orilgach, o‘g‘it solindi va u unib chiqdi, meva bera boshladi. Meva – yo‘ldan ozish demakdir. Ishonch ma’lum bir harakatlarni hosil qiladi. Yolg‘onga ishonish gunohli harakatlarni keltiradi. Bizning fikr-zikrimiz hayot tarzimiz orqali namoyon bo‘ladi. Xuddi shu tarzda, hatti-harakatlarimiz ham har doim bizning ishonchimizga asoslanadi – so‘zdagi ishonchimizga emas, balki ishlarimiz orqali tasdiqlanadigan ishonchimizga. “... u ko‘nglida o‘zining foydasini hisoblaydi,“Yegin, ichgin”, — deydi–yu, ko‘ngli sen bilan emas. (Hikm. 23:7) Hayotimizda har qanday gunoh yolg‘ondan boshlanishini esda tutishimiz juda muhim. Biz gunohga quloq tutamiz, to ishonmagunimizcha, u haqida mulohaza qilamiz, nihoyat, mana shu yolg‘on asosida ish tuta boshlaymiz. Keyin nima bo‘ladi? Haqiqatni rad etamiz va nazarimizda, ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinsada, Xudoning Kalomidagi so‘zlarga zid ravishda ish tutamiz. Lekin, keyingi safar vasvasa kelganda, gunoh qilishimiz oson bo‘ladi. Biz gunohga qo‘l uramiz. Gunoh tasodifan ro‘y bermaydi. Yuragimiz gunoh qilishga o‘rganadi va odatga aylanadi. Biz shu orqali gunohga bog‘lanib qolamiz. Nima bo‘lganini anglab yetmasimizdanoq qullik bo‘yinturug‘iga ilinamiz. Gunoh ildiz otib bo‘ldi. Shayton xo‘rak tashladi, biz uni yutdik va biz uning o‘ljasiga aylandik. Endi u bizni qo‘yib yubormaslikka harakat qiladi. Hammasi nimadan boshlanganini esdan chiqarmang: Har qanday sohada gunoh, qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, yolg‘on orqali kirib keladi. Urug‘ ekildi; yer sug‘orildi, o‘g‘it solindi, urug‘ unib ko‘karadi va meva beradi – bitta emas, mo‘l hosil beradi. Bu qullik, vayronalik va o‘lim hosilidir. Qullikdan ozodlikka o‘tish Oramizdagi aksariyat odamlarning hayotida qullik o‘rin olgan sohalar mavjud bo‘lib, bunga bizning yolg‘on fikrga quloq solishimiz, unga ishonishimiz va uning asosida ish tuta boshlashimiz sabab bo‘lgan. Bu qullikdan qanday ozod bo‘lish va erkin hayotga o‘tish mumkin? Quyida bizni qul qilgan muayyan yolg‘ondan qutulish, bizni ozod qiladigan haqiqatni bilib olishga yordam beradigan uchta qadam keltiriladi. 1. Qullik va gunohli ishlar hayotingizning qaysi sohasidan (yoki sohalaridan) joy olganini aniqlang. Aksariyat holatlarda siz buning qanday qullik ekanligini tez payqab olasiz. Biroq ochiq-oydin ko‘rinmaydigan boshqa sohalar ham bo‘lishi mumkin. Xudodan hayotingizning qaysi sohalarida qullik o‘rin olganini sizga aniq ko‘rsatishini so‘rang. Kalomda aytilganki: “odam nimadan yengilsa, o‘shaning quli bo‘ladi. (2 But. 2:19) Hayotning qaysi sohalarida siz Xudoning farzandiga xos ozodlikda yashamayapsiz? Hayotingizda siz qul bo‘lgan sohalar bormi (ochofatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish, tamaki chekish, ichkilik, giyohvand)? Emotsional sohalarda hech narsaga qul bo‘lib yashamayapsizmi (notinchlik, qo‘rquv, ruhiy siqilish, odat tusiga kirgan bezovtalanish). Jinsiy sohada-chi (masturbatsiya, pornografiya, shahvoniy nafs, zino, gomoseksualizm)? Pul bilan bog‘liq sohalarda (katta harajatlar qilishga moyillik, ziqnalik)? O‘zingizda tez achchiqlanishga yoki yolg‘on gapirishga moyillik sezasizmi? Maqtovga bo‘lgan doimiy ehtiyoj, haddan ortiq uyatchanlik hissini, to‘xtamay gaplashish istagi, teleseriallarga yoki sevgi haqida romanlarga bog‘lanib qolganingizni sezasizmi? Xudo hayotingizda siz ozod bo‘lmagan boshqa sohalarni ham ko‘rsatishi mumkin. Ularni topganingiz zahoti hech narsani to‘g‘rilashga harakat qilmang. Ehtimol, siz avval bunday ahloqingizdan qutulishga harakat qilib ko‘rgan, ammo yengilib, taslim bo‘lgandirsiz. Agar tomorqangizdan yomon meva beradigan daraxtni yo‘q qilishni istasangiz, bilingki, undagi mevalarni olib tashlashning o‘zi bilan masala hal bo‘lmaydi. Daraxt yana meva soladi. Yomon mevalarni yo‘q qilishning birdan-bir yo‘li – daraxtni tomiri bilan sug‘urib tashlashdir. Shuning uchun ham navbatdagi qadam juda muhim o‘rin kasb etadi. 2. Ozod bo‘lmasligingizga yoki noto‘g‘ri ahloqingizga zamin yaratgan yolg‘onni aniqlang. Siz eshitgan, ishongan va buning natijasida qul bo‘lgan yolg‘on nimadan iborat? Ko‘proq holatlarda bu savolga javob topish qiyinchilik tug‘diradi: ildizlar odatda ko‘zdan yashirin joyda bo‘ladi, yolg‘on esa chalg‘ituvchi tabiatga ega. Bu yerda agar Xudo bizga qanday yolg‘onga ishonganimizni tushunishga yordam bermasa, o‘zimiz hech narsa qilolmaymiz. Kitobning keyingi sahifalarida biz ko‘p masihiylar hayotida negiz otishiga va achchiq meva berishiga yo‘l qo‘ygan yolg‘onning qirqta turi haqida so‘z yuritamiz. Xudodan sizga kitobda tilga olingan yolg‘onlardan yoki boshqa qanday yolg‘on aynan sizni o‘ziga qul qilganini aniq ko‘rsatishini so‘rang. Xudodan bu gunohdan tavba qilishingizga yordam berishini so‘rang. Demak, qanday yolg‘onga o‘lja bo‘lganingizni tushundingiz. Keyin-chi? 3. Yolg‘onning o‘rnini haqiqat bilan to‘ldiring. Shayton – kuchli dushman. Uning asosiy quroli – vasvasa. U ishlatadigan yolg‘on mash’um ta’sirga ega. Lekin shaytonning yolg‘onidanda kuchliroq narsa bor – bu Xudoning haqiqati. Bizni qanday yolg‘on o‘ziga qul qilganini tushungach, unga ishonganimizdan, tavba qilganimizdan keyin bizda yolg‘onni yengish uchun kuchli qurol paydo bo‘ladi. Bu qurol – haqiqat deb ataladi. Har bir yolg‘onning o‘rnini haqiqat bilan to‘ldirmoq lozim. Qayerda yolg‘on eshitib, u haqda mulohaza qilgan, unga ishongan va uning asosida ish tutgan bo‘lsak, endi haqiqatga quloq solishimiz, haqiqat haqida mulohaza qilib, unga ishonishimiz va haqiqat asosida ish tutishimiz lozim. Shunday qilib, Muqaddas Ruhning qudrati bilan, biz qullikdan ozodlikka o‘tishga muvaffaq bo‘lamiz. Iso aytganidek, bu haqiqat bizni ozod qiladi. (Yuhanno 8:32) 2-QISM. AYOLLAR ISHONGAN YOLG‘ON 2 BOB Xudo haqida • Xudo bu darajada iltifotli emas, agar iltifotli bo‘lganida ... • Xudo meni yaxshi ko‘rmaydi • Xudo xuddi mening otam singari • Baxtli bo‘lish uchun Xudoning O‘zi yetarli emas • Xudo mening erkinligimni chegaralashni istaydi • Xudo mening muammolarimga barham berishi kerak • Yolg‘onni haqiqat bilan qarshi oling • Amalda qo‘llash Xotira daftarim, Chalkashib ketdim. Kechagina tongda ertangi kunga ishonch bilan qarardim, bugun esa kimga yoki nimaga ishonishni bilmayman. Xudo hali hech qachon menga Uning sevgisidan ikkilanishga asos bermagan edi. Uning iltifotli ekanligiga ishonishim uchun menda minglab sabablar bo‘lgan. Men hech qachon U haqiqatni aytmasligi mumkinmi deb o‘zimga savol bermaganman. Men Unga ishonar edim. Uning so‘zlariga ishonar edim. Endi bu xuddi biz bilan har tong Bog‘da sayr qilgan, suhbatlashgan, qo‘shiq aytgan Xudo emas, balki boshqa, men yaxshi bilmagan Xudodek bo‘lib qoldi. Agar U shunchalik iltifotli bo‘lganida, nima uchun Ilon bilan gaplashganimda bizni to‘xtatmadi yoki daraxtning mevasidan yeyishimga yo‘l qo‘yib berdi? Nima uchun daraxtni bu qadar chiroyli, undagi mevani yeyishli qilib yaratdi? Qolaversa, bu daraxtni Boqqa o‘tkazmasa bo‘lmasmidi? Daraxtning mevasidan yemasligimiz nimaga Xudo uchun bu qadar muhim bo‘lgan? Xudo bizdan juda uzoqda bo‘lib qolgandek tuyuladi. Undan qo‘rqyapman. U “yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan, undan yeyishing bilanoq, shubhasiz, o‘lasan” degandi. Jazo o‘ta beshavqatdek nazarimda, adolatsizdek. Axir bu bizning birinchi marta ayb ish qilishimiz. Bugun U bizni Adan bog‘idan chiqarib yubordi. Nima uchun U bizga yana bir imkon bera olmadi? Uni kelajagimiz qiziqtiradimi? Bular shu darajada dahshatli, shunchalik chalkashki... Nahot Xudo hech narsa qilolmasa? Avvaldanoq ogohlantirib qo‘yishim kerak, biz ayollar ishongan yolg‘on turlarining hammasini muhokama qila olmaymiz. Shayton – yolg‘on ishlatishda mohir va u ishlatadigan nayranglarning oxiri yo‘q. Maqsadim – yolg‘onning masihiy ayollar o‘rtasida keng tarqalgan ayrim turlarini muhokama qilish. Ishonchim komil, bugungi masihiy ayollar boshdan kechirgan ko‘pdan-ko‘p muammolarning negizida aynan mana shu yolg‘on yotadi. Albatta, hamma ayollar ham to‘g‘ri kelgan yolg‘onga ishonib ketavermaydi. Siz, ehtimol, o‘zingiz ham ma’lum bir yolg‘onga ishonishga moyil ekanligingizni ko‘rarsiz. Yovuz shayton sizning ojiz tomonlaringizni biladi va alangali o‘qlarini o‘sha yerga yo‘naltiradi. Siz avvaliga: “Yo‘q, bu yolg‘onga ishonmayman” – deyishingiz mumkin. Shayton ishlatadigan usullardan biri – ko‘zimizni ko‘r qilish, yolg‘onga ishontirish, yolg‘onni haqiqatdan ajratib olishimizga halaqit berish. Ko‘p marotaba haqiqatga ishonishiga amin bo‘lgan ayollar bilan gaplashganman. Biroq ularning hayoti – bosgan qadamlari, ustunliklari, og‘riqqa javoban bildirgan munosabati, aslida ular haqiqatga ishonmasligini isbotlaydi. Bizning nimaga ishonishimizni so‘zlarimiz emas, tutgan yo‘limiz, qilgan ishlarimiz ko‘rsatib beradi. Demak, yolg‘onning turli ko‘rinishlarini muhokama qilganimizda, o‘zimizdan: “Men bunga ishonamanmi?” deb so‘rashning o‘zi yetarli emas. Har birimiz o‘zimizga savol berishimiz kerak: “Mana shu yolg‘onga ishongandek hayot kechiryapmanmi?” Yolg‘onning ayrim turlari ayniqsa xavfli, shu sababdanki, ular ochiqdan-ochiq namoyon bo‘lmaydi, ko‘proq yarmi chin ko‘rinishda keladi. Bu o‘z-o‘zidan ularning mash’um ta’sirini, xavfini yanada oshiradi. Gap shundaki, o‘taketgan yolg‘on qanday bo‘lsa, yarmi chin yolg‘on ham odamni xuddi shunday qul qiladi. Biz har bir yolg‘onni batafsil o‘rganib o‘tirmaymiz. Ular haqida boshqa kitoblarda yozilgan. Maqsadim, har bir turga batafsil izoh berish emas, asosan juda ko‘p masihiy ayollarning hayotini va oilasini bulg‘agan fikrlashning umumiy fe’l-atvorini ko‘rsatishdan iborat. Kitobning oxirida kitobda yoritilgan asosiy mavzular bo‘yicha adabiyot ro‘yxati beriladi. Sizni qiziqtirgan, aniq mavzular borasida, ayniqsa qiyin vaziyatni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, mazkur bo‘limga murojaat qilishingizni xohlardim. Ayrim mavzularni chindan ham mushkul deyish mumkin. Ular juda ko‘p bahs-munozaralarni tug‘diradi, hatto masihiylar orasida ham. Ayrim holatlarda men bildirgan fikrga qo‘shilmaysiz: “Yo‘q, nazarimda bu yolg‘on emas!” deysiz. Muayyan bir savollar borasida fikrlarimiz boshqa-boshqa bo‘lishi sizning bu kitobni o‘qib davom ettirishingizga to‘siqlik qilmasligi kerak. Men shunchaki, nazarimda Muqaddas Kitob o‘rgatgan narsalar haqida yozyapman. Qolaversa, mutlaq haqiqat manbasi bo‘lishga da’vogarlik qilolmayman. Mukammal haqiqat – bu Iso Masih va Uning Kalomi. Maqsadim sizni o‘z fikrlarimga sherik qilish emas, balki Xudoning Kalomi orqali ochiladigan haqiqatni izlashga, haqiqat asosida hayotingizning har bir sohasini sinab tekshirishga undab, yo‘naltirishdir. Avvaliga Xudo haqida bir nechta soxta fikrlarni tanladim, shu sababdanki, bizning U haqda tasavvurlarimiz juda muhim ahamiyatga ega. Xanna Uaytoll Smit “Xudoning O‘zini fido qilishi” nomli avtobiografiyasida Xudo yo‘lida kechirgan hayoti haqida shunday yozadi: Bizning ruhiy hayotimiz qanday Xudoga sajda qilishimizga bog‘liq. Negaki odamning qanday Xudoga sajda qilishi, hech qachon fe’l-atvoriga, fe’l-atvoriga ta’sir o‘tkazmay qo‘ymaydi. Agar Xudo shavqatsiz, zolim bo‘lsa, Unga sajda qiluvchilar ham xuddi shunday bo‘ladi; agarda bu mehribon, yumshoq, fosiqni kechiradigan, O‘zini fido qiladigan Xudo bo‘lsa, Unga sajda qiluvchilar ham qadamba-qadam Unga o‘xshash bo‘lib, o‘zgarib boradi1. Xudoning fe’l-atvori haqida ongimizdagi tasavvurlar e’tiqodimizning asosini tashkil qiladi. Agar Xudo haqida tasavvurimiz noto‘g‘ri bo‘lsa, hamma narsa haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lamiz. Xudo haqida tushunchamiz hayotimiz tarzini belgilab beradi. Agar Xudo haqida yolg‘on tushunchaga ega bo‘lsak, o‘sha yolg‘on asosida ish tutamiz va oxir-oqibat qulga aylanamiz. Xudo iltifotli emas… Bu yolg‘onga o‘zi bilib anglagan holda ishonganlar kam uchraydi. Oramizda aksariyat odamlar hech qachon: “Xudo bu darajada iltifotli emas” demaydi. Biz haqiqatni bilamiz. Nazariy jihatdan aql bilan qaralsa agar, biz Xudoning iltifotli ekanligini bilamiz. Ammo yuragimizning tubida, Xudo ehtimol bu darajada iltifotli emasdir, qanday bo‘lgan taqdirda ham, U menga iltifot ko‘rsatmadi degan shubha bo‘ladi. Ishonaman, juda ko‘p odamlarning Xudo haqida tasavvurlari mana shu yolg‘on asosida qurilgan. Aslida shayton ham, xotinni yo‘ldan ozdirmoqchi bo‘lganda, aynan shu fikrni singdirishga harakat qildi. Xudo erkak va ayolga marhamat qilib, jannat bog‘ini ularning rohat-farog‘atda yashashi uchun yaratdi. Xudo ularga bog‘dagi hamma daraxtning mevasidan yeyishga ruxsat berdi, birgina daraxtning mevasidan tashqari. Agar sizda ham Xudoning iltifotliligiga oid qandaydir shubhalar bo‘lsa, Ibtido kitobining dastlabki ikkita bobini qaytadan o‘qing. Bu yerda siz inoyatli va iltifotli Xudoni ko‘rasiz. U yaratgan hamma narsa juda ajoyib bo‘lgan, shu sababdanki, nimaiki bo‘lsa bu Uning iltifotini aks ettirgan. Shayton xotinni Xudoga qarshi isyon qilishga undab, ongiga Xudoning iltifotliligiga oid shubha urug‘ini soldi: “Haqiqatan ham, Xudo bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi? — deb so‘radi.” (Ibt. 3:1) Ma’nosi shunday: “Xudo ko‘p iltifotli emas ko‘rinadi. Iltifotli bo‘lganida, ko‘nglingiz istaganini berar edi”. Hayotimiz alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib, umidsizlikka tushsak yoki kulfatlar kelsa, yaqinlarimizni yo‘qotsak, hammasi biz xohlamagandek, o‘ylamagandek ketyaptimi, demak shayton bizni vasvasaga solyapti: “Xudo chindan ham iltifotlimi? Agar iltifotli bo‘lganida bu kunlarni boshingga solarmidi?” yoki “Nima uchun U meni ko‘nglimdagi orzuimga yetkazmayapti?” degan fikrlar haqida o‘ylab ko‘rishni taklif etyapti. Halokatlar va ocharchilik ko‘paygan, gunoh girdobiga botgan bu dunyoda to‘xtovsiz kurash olib borilmoqda – yovuz shayton insonlar ongiga Xudo haqida yomon tasavvurlarni singdirishga harakat qiladi: “Chindan ham iltifotli bo‘lganda agar, Xudo yahudiylarning nemis fashistlari tomonidan qirg‘in qilinishiga yo‘l qo‘ygan bo‘larmidi? Habashistondagi ocharchilikka-chi? Kolumbiyada shuncha odamning halok bo‘lishiga-chi?” Xudoning muruvvatiga nisbatan shubhalana boshlaganimiz zahoti, Uning irodasini rad etishga osonlik bilan bahona topamiz, nima yaxshi, nima yomon ekanligini o‘zimiz tanlay boshlaymiz. Biroq Xudo chindan ham iltifotli. Uning qarorlari bizga qanday ko‘rinishidan qat’iy nazar, U baribir iltifotlidir. Buni his qilamizmi, yo‘qmi, U iltifotli bo‘lib qolaveradi. Hayotiy vaziyatlar buni tasdiqlaydimi, yo‘qmi, Xudo baribir iltifotli. Men mana shu haqiqatni tushunib, yuragimga ilk bor tinchlik topgan kunni hech qachon esdan chiqarmayman. Dam olish kunlarini uyda, ota-onam va olti nafar uka va singillarim bilan birga o‘tkazardim. O‘sha vaqtda endigina 21 yoshga to‘lgandim. Shanba kuni kechqurun ota-onam meni aeroportga kuzatib qo‘yishdi – Virjiniyaga borishim kerak edi. U yerda bir jamoatda ishlar edim. Samolyot manzilga yetib borgach, onam qo‘ng‘iroq qildi va otamda yurak xuruji tutib qolgani, u vafot etganini aytdi. Hech qanday ogohlantirishsiz. Hech qanday hayrlashuvsiz. Qirq yoshli onam yetti nafar, sakkizdan yigirma bir yoshgacha bo‘lgan bolalari bilan qoldi. Qora kunlar boshlandi – bir necha hafta, oy ko‘z yoshlarga to‘lib o‘tdi. Har birimizning otamiz bilan munosabatimiz juda yaxshi edi. U onamga ajoyib er, biz – farzandlariga ajoyib ota bo‘lishga ulgurgan edi. Art Demossni shaxsan tanib bilganlarning hammasi uchun bu katta yo‘qotish bo‘ldi. Biroq o‘sha onda, otamning qazo qilganini eshitganim zahoti, Xudo menga o‘zgacha bir inoyat berdi – U menga haqiqatni eslatdi. Eng birinchi fikrlar paydo bo‘lishi, ko‘z yosh to‘ka boshlashimdan avval, Xudo menga bir necha kun avval o‘qigan oyatni yuragimga soldi. Bu Zabur kitobi 118:68-oyat edi: “Naqadar yaxshisan, Sening qilgan hamma ishlaring ezgulikdir”. Otam umrim davomida menga mana shu haqiqatni o‘rgatib kelgan. Endi, mana shunday muhim pallada bu haqiqat yuragimda mustahkam qal’aga aylandi. Otamni juda sog‘inar edim – mana yigirma yil o‘tibdiki, hozirgacha sog‘inaman. U bilan yetarlicha gaplasha olmadim. Hali bir-birimizga aytmagan, bo‘lishmagan so‘zlarimiz ko‘p edi. Biroq o‘sha vaqtda bilganman, hozir ham shuni bilamanki, Xudo – iltifotli va Uning hamma ishlari – ezgulikdir. Xanna Uaytoll Smit bu haqda ayniqsa yaxshi fikr bildiradi: Ko‘pincha Xudoning ishlari iltifotli bo‘lib ko‘rinmaydi. Ammo ishonch borki, u mana shu sir oldida bosh egadi va deydi: “Yaxshidir Xudo, bu demakki, biz qanday qabul qilishimizdan qat’iy nazar, Uning qilgan hamma ishlari iltifotli bo‘lishi lozim. Men Uning nima uchun bunday qilganini tushuntirishini kutib yashayman”.2 Xudo meni yaxshi ko‘rmaydi Bu yolg‘on ko‘pincha yuqorida aytilgan yolg‘onga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Yana bir marta shuni aytish kerakki, kamdan-kam odamlar bunga ishonishini tan oladi, negaki butun ong-tafakkurimiz bizga, Xudo bizni sevishiga ishonishimiz kerakligini o‘rgatadi. Ammo juda ko‘p ayollarning ong-tafakkurini egallagan bilimi va yuragidagi kechinmalari o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq-tafovut bo‘ladi. Muammolarimizning biri ham aynan shundan iborat: biz his-kechinmalarimizga ishonamiz, haqiqat deb qabul qilganlarimizga emas. Munosabatlarimizni ko‘z oldimizga keltiramiz – nikohda sevgi, muhabbat topolmadik, turmush o‘rtog‘imiz tashlab ketdi – biz ajrashdik, bolalarimiz o‘sdi, ulg‘aydi – qo‘ng‘iroq qilmaydi, hol-ahvol ham so‘ramaydi; yoshimiz bir yoqqa borib qolganini tushunamiz – turmush qurishning imkoni bo‘larmikan bu yoshda? Shunda yurak noliydi, dod soladi: “Hech kim meni yaxshi ko‘rmaydi – hatto Xudo ham. Balki dunyoni yaxshi ko‘rar yoki boshqa bir odamni sevar, lekin meni emas. Yo‘q, U meni sevmaydi. Sevganda agar, o‘zimni bu darajada yolg‘iz, mehrdan, sevgidan bebahra his qilmasdim”. Buni hech qachon boshqalarga aytmaymiz, lekin bunga ishonamiz, chunki buni his qilamiz. Shu yo‘l bilan ongimiz, tafakkurimizga yolg‘on urug‘lari ekiladi. Bu haqda ko‘p o‘ylaymiz, to ishona boshlamagunimizcha, mulohaza qilamiz. Ertami, kechmi bu yolg‘on asosida hayot kechira boshlaymiz, natijada u bizni o‘ziga qul qiladi. Ehtimol, Viktoriya boshdan o‘tkazgan narsalar sizga ham tanish bo‘lib ko‘rinar: Oilamizda bir-birimizga juda sovuq munosabatda bo‘lganmiz. Sevgi har doim biz uchun shartli tushuncha bo‘lib kelgan. Shu tariqa, Xudo meni shartsiz sevishiga ishonishim juda qiyin bo‘lgan. Bu o‘z navbatida, xato qilganimda yoki gunohga qo‘l urganimda o‘zimni qattiq qoralashimga, aybdorlik hissiga to‘lishimga sabab bo‘lar edi. Xudo meni kechirishiga, ochig‘i ishonmas edim. Xudoning meni sevmasligi haqidagi yolg‘on – bu shunchaki beg‘araz narsa emas. U hayotimizning har bir sohasida va munosabatlarimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Biz ongimizga ekilishiga yo‘l qo‘ygan kichik urug‘lar o‘sib ko‘karadi, ko‘p-ko‘p hosil beradi. Haqiqat shundaki, o‘tmishimiz qanday bo‘lganidan qat’iy nazar, Xudo bizni cheksiz muhabbati bilan yaxshi ko‘radi. Xudoning meni sevishiga, men Uni to‘rt yoshimdan boshlab sevganim, Unga ma’qul ishlarni qilishni xohlaganim, konferensiyalarda qatnashib kelganim yoki kitoblar yozganim sabab emas. Xudo – bu Sevgidir, shuning uchun ham meni yaxshi ko‘radi. Uning menga bo‘lgan muhabbati men qilgan ishlarga asoslanmaydi, mening chekkan azoblarimga ham asoslanmaydi. Men Uning sevgisiga loyiq emasman, hech qachon loyiq bo‘lolmayman ham. Kalom aytadiki, men hali Xudoning dushmani bo‘lgan paytimdanoq U meni sevar edi. Aytarsiz: “Qachon unga dushman bo‘libsan, beshikda yotganingdami?” Muqaddas Kitob o‘rgatadiki, men tug‘ilganimdanoq gunohkor bo‘lganman, Xudoga dushman bo‘lgan holda, Uning qahr-g‘azabiga loyiq edim. (Rim. 5:6–10) Xudoga begona bo‘lganimga qaramay, U meni mangu sevgisi bilan sevdi va men uchun O‘zining O‘g‘lini o‘limga topshirdi. U o‘tmishdanoq meni mangu sevgisi bilan sevgan, kelajakda ham mangu sevgisi bilan sevadi. Hech qaysi ishim bilan men Uning sevgisini kamaytirolmayman, hech qaysi ishim bilan sevgisini kuchaytirolmayman ham. Melana Monro, mening dugonam, ko‘krak o‘simtasi dardiga yo‘liqib, uzoq yillar bu dard bilan kurashdi. Yaqinda undan maktub oldim. U ikkala ko‘kragidan ayrilgani va erining buni qanday qabul qilgani tufayli, Xudoning hayratda qoldiradigan sevgisini yaxshiroq tushuna boshlagani haqida yozdi. Operatsiyadan keyin erim bilan birinchi marta bog‘ichlarni yechayotib, ikkimiz titrab-titrab yig‘ladik. Shunday xunuk edimki – ko‘krak o‘rnini chandiqlar egallab turar, boshimda bir tola soch ham qolmagan edi. Erim uchun endi hech qachon to‘laqonli xotin bo‘lolmasligimdan qattiq og‘rindim. Stiv meni mahkam quchog‘iga bosdi-da, ko‘zi yoshga to‘lib: “Melana, nima bo‘lishidan qat’iy nazar, seni Masih sevgandek, sevaman” – dedi. Erimning qiyofasida Masihni ko‘rdim. Biz hammamiz Uning tanlangan Kelinimiz. Hammamiz bir dardga chalinganmiz – gunoh dardiga. Xunuk chandiqlar dastidan tanamizda bironta sog‘ joy yo‘q. Shunga qaramay Xudo bizni sevadi, chunki sevgi Uning tabiati hamda mohiyatidir. Masihni bizga jalb qilgan, aslo bizdagi chiroy, tarovat emas, Uning mohiyati - sevgi bo‘lgani boisgina U bizni sevadi. Xudo mening otamga o‘xshaydi Biz ayollarda Xudo haqida tasavurlar aksariyatda o‘zimiz tanib bilgan erkaklarning, ayniqsa otamizning ta’siri zaminida shakllanadi. Otamiz bizning Xudo haqida tasavvurlarimizga yo salbiy, yo ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hayotda katta marhamat olganim, ya’ni meni yaxshi ko‘rgan, sadoqatli, men haqimda qiziqqan otam borligi uchun Xudoga rahmat deyman. Shu tufayli mening Samoviy Otamizga ishonishim va Uning sevgisini qabul qilishim juda oson kechgan. Biroq juda ko‘p ayollarning tajribasi bundan mutlaqo farq qiladi. Ehtimol, otangiz sovuq, serjahl, shavqatsiz yoki sevgi ko‘rsatishga noqobil bo‘lgandir. Agar shunday bo‘lsa, Xudoning – Ota ekanligi haqidagi fikr sizga yoqmasligi tayin. Balki sizda shunga o‘xshash vaziyat bo‘lgandir: O‘gay otaning qo‘lida o‘sdim. U juda serg‘azab edi, butun jahlini mendan olardi. Shu tariqa Xudoning otamga o‘xshamasligini qabul qilish men uchun juda qiyin bo‘lgan. Otam masihiy edi, hamda yaxshi odam bo‘lgan, lekin undan hech qachon dalda so‘zini eshitmaganman. Misol uchun, unga devorlarni bo‘yashga yordam berganimda: “Yaxshi chiqyaptimi?” deb so‘rardim. Albatta, bu bilan: “Qoyil, juda yaxshi!” deyishini kutardim. Lekin buning o‘rniga u: “Ehtiyotkorroq bo‘lishga harakat qil” – derdi. Shuning uchunmi, bilmayman, har doim nazarimda Xudo mendan qandaydir kamchilik izlayvergandek, shartsiz sevgi bilan sevmaydigan, meni qabul qilmagandek tuyulardi. O‘tmishda otangiz yoki siz ishongan boshqa erkak sizni og‘rintirsa, buning oqibatida Xudoga ishonishingiz qiyinroq bo‘ladi. Xudodan qo‘rqishingiz, Unga nisbatan dilingizda alam paydo bo‘lishi ham mumkin. Menga ishoning, Xudo siz bilgan erkakka mutlaqo o‘xshamaydi. Yer yuzidagi hatto eng dono, eng yaxshi ota ham Samoviy Otamizning bor yo‘g‘i xira surati bo‘la oladi, xolos. Muqaddas Kitobda aytilgan Xudo yer yuzidagi eng munosib otadan benihoya yaxshiroq va tozaroqdir, Uning bizga bo‘lgan sevgisi ham ming karra ko‘proqdir. Xudo haqida tasavvurlarimiz boshqa odamlarning ta’sirida shakllanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerakligi shu sababdan ham bu qadar muhim sanaladi, chunki ular, hatto eng yaxshi tomonidan olib qaralganda ham, Xudo suratining buzilgan bir shaklini ko‘rsata oladi, xolos. Xudoning aslida qanday ekanligini bilishni istasangiz, bu uchun Uni yorqin ranglar bilan ifoda etgan Muqaddas Kitobga murojaat qilishimiz, “Xudo shuhratining porlashi, Xudo borlig‘ining aniq surati” (Ibr. 1:3) bo‘lgan Iso Masihni tanib bilishimiz lozim. Muqaddas Kitobda Xudo – rahmdil, mehribon va shafqatli Ota sifatida ko‘rsatilgan. Bu bilan biz nimaiki istasak, Xudo hammasini beradi demoqchi emasman. Hech qaysi ota, agar donishmand bo‘lsa, o‘z bolalariga ular istagan hamma narsani beravermaydi. Bu bilan, biz har doim Uning fikr-qarorini tushunamiz demoqchi ham emasman. Xudo aql bovar qilmaydigan darajada buyuk. Bu bilan Xudo bizning og‘riq, iztirob chekishimizga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi ham demoqchi emasman – gohida Uning O‘zi hayotimizga qiyinchiliklarni, kulfatlarni yuboradi. Nima uchun? Bizni yaxshi ko‘rgani, bizga befarq bo‘lmagani, bizga bo‘lgan sadoqati bois. Ibroniylarga maktubda aytilganki, Xudo bizning manfaatimizni ko‘zlaydi. Biz U kabi muqaddas bo‘lishimiz uchun Xudo bizni tarbiyalaydi. (Ibr. 12:10) Bizning nima his qilishimiz, qanday qabul qilishimizdan qat’iy nazar, haqiqat o‘z kuchini yo‘qotmaydi – haqiqatligicha qolaveradi: U bolalarini juda yaxshi ko‘radigan iltifotli Ota, hayotimizni ishonib topshirishimizga arziydigan Ota. Baxtli bo‘lish uchun Xudoning O‘zi yetarli emas “... Faqat Seni qo‘msaydi qalbim. Faqat Sensan menga keragim” Imonlilar jamoatida mana shu ajoyib qo‘shiq bilan Xudoni madh etish boshqa, jamoat eshigidan chiqib, chigal, murakkab dunyoga qadam bosish – bu boshqa. Shunday vaqtlarda biz qo‘msaganimiz, izlaganimiz faqat Xudo ekanligiga chindan ham ishonamizmi? Yuqorida tilga olingan uchta yolg‘on bilan bog‘liq holatlardagidek, bu yerda ham biz dilimizdagini birovga aytolmaymiz: bu yolg‘onga ongli ravishda ishonganlar kam. Biroq hayotimiz bizning aynan shu narsaga ishonishimizni ko‘rsatadi. Real muammolarga duch kelganimizda Xudoning Kalomi yetarli ekanligiga ishonmaymiz. Yo‘q albatta, u boshqa odamlarga yordam berishi mumkin, biroq men boshdan kechirayotgan qiyinchilikda, mening muhtojliklarimda, mening munosabatlarimda, mening vaziyatimda U yordam bermaydi. Menga Xudoning Kalomidan tashqari, masihiylar do‘konidagi o‘sha sakkizta kitob, Kalomga qo‘shimcha audio eshittirishlar, konferensiyalar, qalb vasiyligi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar kerak. Albatta, Xudoga muhtojman. Biroq Xudo bilan birga yana yaqin do‘stlarim, mustahkam sog‘lik, ajoyib turmush o‘rtoq, farzandlar, yuqori maoshli ish, hashamatli uy, avtomashina, garaji bilan birga bo‘lsa deyman... Hayotingizda Xudoning O‘zi sizga yetarli ekanligiga chindan ham ishonasizmi? Yoki ko‘proq quyidagicha fikrlaydigan ayollarga o‘xshaysizmi: “Baxtli bo‘lish uchun Xudoning O‘zi yetarli emas” – moddiy buyumlarga va odamlarga qanchalik suyanib qolganimni tushunib olishimdan avval, bu yolg‘on meni o‘lja qilib olganini bilmasdim. O‘zimcha, Xudoga to‘liq ishonib yashayman, deb o‘ylardim, erimga faqat Xudoga suyanib yashashimiz kerakligini ayta turib, o‘zim oilamiz, turmushimizga oid yoki pul bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun dugonalarim oldiga shoshilardim. Oilamizda muammolar yuzaga kelgan vaqtlarda o‘zimni mazali ovqatlar bilan tinchlantirishni odat qildim. Qirq yil turmushda hayot kechirib, 20 kilogrammga semirdim. Iso Masih bilan bo‘ladigan munosabat ehtiyojlarimni qanoatlantirishga qodirligini rad etib kelganman. Mening hayot tarzim atrofdagilarga baxtli bo‘lish uchun menga buyum, moddiy boyliklar kerakligini ko‘rsatib turardi. Hammani tanqid qilardim, g‘azablanib yurardim, har doim nolirdim. Mana shu yolg‘onga ishonib yashardim. Yuragimizdagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun bizga Xudoning O‘zi chindan ham yetarli ekanligiga ishonamizmi yoki bu maqsadda boshqa bir narsalarni yoki odamlarni – ovqat, qimmatbaho buyumlar, do‘stlar, qandaydir qiziqishlar, sayohatlar, ish, oila va hokazolarni izlaymizmi? Xudo mening erkinligimni chegaralashni istaydi Muqaddas Kitob qayta-qayta Xudoning qonunlari bizni himoya qilish, bizga foyda keltirish uchun berilganini o‘rgatadi va itoat qilsak biz ozod bo‘lamiz. Biroq shayton ongimizga Xudoning qonunlari og‘ir, bemantiq, adolatsiz ekanligini va Unga itoat qilishimiz bizni bebaxt qilishini singdirmoqqa intiladi. Adan bog‘ida u Momo Havoning e’tiborini Xudo o‘rnatgan birgina cheklovga qaratdi. Yolg‘onchining shiori – “O‘zing bilgandek ish tut: hech kim senga nima qilish mumkin, nima mumkin emasligini o‘rgatishga haqli emas”. Sara ismli ayol quyidagicha deydi: “Cheklovlar meni hayot zavqidan va quvonchlardan mahrum qilayotgandek edi. Ko‘nglim nima istasa yerdim, qachon istasa, qancha istasa avqatlanardim, chunki “yo‘q” desam o‘zimni jazoga mubtalo qilgandek his etardim”. Nima uchun ko‘p ayollarda ovqatlanish bilan muammolar bo‘lishi meni ko‘pincha hayron qoldirardi. Bu holat Ibtido kitobining 3-bobi bilan bog‘liq ekanligiga ishonchim komil. Qolaversa, eng birinchi gunoh qanday bo‘lgan? Bu gunoh yegulik bilan bog‘liq edi. Yegulikka oid yagona taqiq Momo Havo uchun toqat qilib bo‘lmaydigan to‘siqqa aylandi. Biz cheklovlarni chetga suramiz, o‘jarlik qilamiz, o‘zimiz bilgandek ish tutamiz. Momo Havo ham Xudo taqiqlagan mevani yeyish erkinligiga ega bo‘lgani kabi, biz ham erkin tanlash huquqiga egamiz. Biroq, tanlovimiz oqibatini tanlashda biz erkin bo‘lolmaymiz. Yuqorida aytib o‘tgan edik, agar yolg‘onga ishonsak va uning asosida harakat qilsak, bu oxir-oqibat bizni qullikka olib keladi. Sara bilan keyin nima bo‘lgani haqida o‘qiylik: U o‘zi istagan ovqatini xohlagan vaqtda va xohlagancha yeyishga qaror qilgan edi. Bir qarashda, bu ozodlikdek tuyulardi, shunday emasmi? U ozod bo‘laman, deb o‘yladi, lekin umidi chippakka chiqdi. Ozodlik o‘rniga u “ovqatning quliga” aylandi, 20 kilogrammga semirdi va tushkunlikka tushdi. “Xudo bo‘ysunish orqali haqiqiy ozodlikka ega bo‘lishni” tushungan bu ayol haqiqatda yashay boshladi. Endi u chindan ham ozod bo‘lgan edi. Xudo mening muammolarimga barham berishi kerak Bunday tasavvur ikki taraflama yolg‘onga olib keladi. Birinchidan, bu Xudoni sehrli chiroqdagi jinga o‘xshatib, bizga xizmat qilish, ko‘nglimizni oladigan, biz chaqirgan zahoti “labbay” deb turadigan xizmatkor o‘rniga qo‘yadi. Bu yolg‘on oxir-oqibat Xudodan hafsalamiz pir bo‘lishiga olib keladi: muammolarimiz yechim topmayotgan bo‘lsa, demak Xudo bizga yordam berishga shoshilmayapti. Ikkinchidan, bu yolg‘on: hayotdan maqsad – muammolardan, barcha qiyinchiliklardan va yoqimsiz narsalardan yiroq bo‘lishni nazarda tutadi. Biz yashayotgan jamiyat muammolar bilan hayot kechirib bo‘lmasligi, har qanday muammoga barham berilishi lozim degan tushuncha bilan yashashga o‘rgangan. • Bosh og‘ridimi? Og‘riq qoldiruvchi dori iching. • Rahbaringiz yoqmayaptimi? Ish joyingizni o‘zgartiring. • Jamoat cho‘ponining va’zi yoqmayaptimi? Boshqa jamoatga boring. • Yangi mashina sotib olishga imkoningiz yo‘qmi? Ijaraga oling. • Erkaklar qaramayaptimi? Ishva qiling, yengilroq liboslar kiyib e’tiborini torting. • Eringiz sizga e’tibor bermay qo‘ydimi, sportga berilib ketdimi, avvalgi ishqini yo‘qotdimi? Ish joyingizdan (jamoatdan) siz haqingizda g‘amxo‘rlik qiladigan, sizni tinglab eshitadigan boshqa bir erkakni toping. Ko‘p odamlar uchun masihiylik – bu o‘z muammolarini yechishning navbatdagi bir yo‘li bo‘lib qoldi. Shunchaki ibodat qilib, Xudoga ishonsak bas, shunda puling ham ko‘p bo‘ladi, do‘sting kasallikdan shifo topadi, hech qachon yolg‘iz bo‘lmaysan, turmushingni ham qutqarasan, quloq solmaydigan bolalaring Xudoga keladi, har doim gunohni yengib yashaysan, yomon odatlar bilan boshqa kurashmaysan, sog‘-salomat, baxtli hayot kechirasan. Bu yolg‘on Xolli ismli ayolga ovqatlanish bilan bog‘liq muammoni yengishga halaqit berardi: Ortiqcha vazndan, ko‘p ovqatlanishdan qiynalardim. Har doim Xudodan meni ozod qilishi haqida ibodat qilardim. Biroq ibodatlarim, niyatlarim ortida xudbinlik yotardi. Tashqi ko‘rinishim chiroyli bo‘lishini istardim. Qisqa vaqtda natijalar bo‘lishini xohlardim, buning evaziga biron narsadan kechishni, o‘zim ustimdan ishlashni xohlamasdim. Shunday ibodat qilardim: “Xudoyim, men qiynalyapman. Irodam mustahkam bo‘lishini xohlayman, lekin urinishlarim behuda ketyapti. Yolvoraman, yordam ber. Bu muammoni yechishim uchun menga kuch ber”. Biroq ibodatlarim ijobat bo‘lmasdi. Bu kabi noto‘g‘ri fikrlashlar ko‘p masihiylarning g‘azab va alam bilan yashagani, nima uchun hayotdan hafsalasi pir bo‘layotganining sababini ko‘rsatadi. Ular o‘ylaydiki, agar Masihni qabul qilsa, imonlilar jamoatiga muntazam borib tursa va “masihiylarga xos” yashasa, muammolar va qiyinchiliklar ularni hech qachon bezovta qilmaydi. Itoat qilib yashash – bu Xudosiz yashashning, Xudo o‘rgatganiga zid hayot kechirishning oqibatida keladigan ko‘p muammolarning oldini olish demakdir. Lekin bu Masihning izdoshlari o‘z-o‘zidan barcha muammo va qiyinchiliklardan ozod bo‘lishini aslo anglatmaydi. Haqiqat shundan iboratki, hayot aslida murakkab narsa. Axir biz gunoh girdobiga botgan dunyoda yashayapmiz. Masihning qurbonligi evaziga gunohdan qutqarilganlar ham ojiz badanda yashaydilar va shu bois gunoh ularni tinch qo‘ymasligi muqarrar. Ular vasvasalarga, dardu kasalliklarga, yo‘qotishlarga, og‘riq va o‘limga yo‘liqishadi. Masihiy bo‘lishimiz bizni bu illatlardan himoya qiladi, solihligimiz zarba yetmaydigan devor misoli bizni o‘rab oladi desangiz, adashasiz. Hatto yetuk, taqvodor bo‘lgan taqdirimizda ham buning aslo imkoni va iloji yo‘q. Ya’ni, to Egamiz yangi osmon va yangi yerni barpo etmaguncha, biz gunohning ta’siridan to‘liq ozod bo‘la olmaymiz. O‘sha kunga qadar ko‘z yosh ham, kulfatlar ham, qiyinchiliklar ham, muammolar ham bizning izimizdan quvib yuradi. Yaxshiyamki, Xudo bizni tashlab qo‘ymaydi, muammolarimizdan yuz o‘girmaydi. U yuqoridan kuzatib turadigan, “qani, bandam bardosh beradimi”, deb tamosha qiladigan Zot emas. Aslo bunday qilmaydi. Muqaddas Kitob Xudo bizning panohimiz, kuchu-qudratimiz ekanligini o‘rgatadi. (Zab. 45:2) Biroq, bu ta’limot o‘z navbatida, bizni tashvishga solgan muammolarni biz zumda yo‘q qilmaydi. Chunki, Xudo qiyinchiliklar va muammolar orqali bizga ishlov beradi, fe’l-atvorimizni shakllantiradi, hayotimizni o‘zgartiradi, Uning O‘g‘li Iso Masih singari bo‘lib o‘zgarishimizga yordam beradi. Ibroniylar maktubi 5-bob 8-oyatida shunday yozilgan: “Garchi U Xudoning O‘g‘li bo‘lsa ham, azob–uqubat chekib, itoatkorlikning asl ma’nosini angladi”. Xudo bizni tashvishga soladigan barcha muammolarimizga yechim berishini xohlaymiz. Lekin U shunday deydi: “Men muammolar orqali seni o‘zgartirishni, inoyatim va qudratimni butun olamga namoyon qilishni xohlayman”. Bu haqiqat va haqiqat bizni ozod qiladi. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 1. Xudo iltifotli emas... • Xudo iltifotlidir va U qilgan barcha ishlar yaxshilikka xizmat qiladi. • Xudo hech qachon xato qilmaydi. 2. Xudo meni yaxshi ko‘rmaydi. • Xudoning menga bo‘lgan sevgisi cheksiz va shartsizdir. • Menga Xudoning sevgisiga erishishga, Uning muruvvatini qozonishga intilish kerak emas. • Xudo har doim mening foydamni ko‘zlab ish tutadi. 3. Xudo otamga o‘xshaydi • Xudo O‘zini Kalomda qanday ochgan bo‘lsa, shunday tabiatga ega. • Xudo yer yuzidagi eng yaxshi otadan ko‘ra benihoya dono, Uning menga bo‘lgan muhabbati cheksiz, poyonsizdir. 4. Baxtli bo‘lish uchun Xudoning o‘zi yetarli emas. • Baxtli bo‘lish uchun Xudoning o‘zi yetarli. Agar Xudo men bilan birga bo‘lsa, shuning o‘zi menga kerakli hamma narsa menda bor deganidir. 5. Xudo mening erkinligimni chegaralashni istaydi. • Xudo har doim eng yaxshi yo‘lni topadi. • Xudo o‘rnatgan cheklovlar har doim mening foydamga xizmat qiladi. • Xudo o‘rnatgan cheklovlarga qarshi isyon qilishim, qarshilik ko‘rsatishim hayotimga nizo va ko‘ngilsizliklarni olib keladi. 6. Xudo mening muammolarimga barham berishi kerak. • Hayot murakkab narsa. • Xudoning maqsadi hamma muammolarimga barham berish emas, balki Uning nomi ulug‘lanishi va meni o‘zgartirishdir. • Qiyinchiliklar orqali Xudo meni abadiy maqsadi sari yetaklaydi. • Mening muqaddas bo‘lib borishim davomida Xudo menga yuborilgan muammolarni ham ishga soladi. • Mening qanday muammolarni qarshi olishimdan qat’iy nazar, menga Xudoning inoyati yetarli bo‘ladi. Amalda qo‘llash. Yoqubning maktubida yozilishicha (1:21–25), haqiqatni eshitishning o‘zi yetarli emas. Biz haqiqatga bo‘ysunishimiz, uni hayotimizning, fikr-zikrimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim. Agar haqiqatni bila turib, uning o‘rgatgani bo‘yicha yashamasak, bu bilan o‘zini aldagan nodon odam kabi bo‘lamiz. Agar haqiqatga bo‘ysunsak, Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lamiz. “Amalda qo‘llash” sarlavhasi ostida berilgan bo‘limlar ushbu kitobning eng muhim qismlaridan biri hisoblanadi. Siz ularni har bir bobning oxiridan topasiz (2 – 9 boblar). Navbatdagi bobga o‘tishdan avval yuqorida aytilgan haqiqatni qabul qilish uchun o‘zingizga vaqt bering. 1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING. Siz Xudo haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonishingiz hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Kalom oyatlarni ovoz chiqarib o‘qing. Zabur 99:5 oyat, Zabur 22, Zabur 120, Rimliklarga maktub 8:28–39 oyatlar. Bu oyatlar Xudoning fe’l-atvori va Uning farzandlariga nisbatan niyatlari haqida nima deydi? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Ota, Sening iltifotli ekanligingni, barcha ishlaring – yaxshilikka xizmat qilishini tan olaman. Zinhor xato qilmasliging, Senga hamma narsani, butun hayotimni ishonib topshirishim mumkinligi uchun rahmat. Ishonaman, Sen mening foydamni o‘ylaysan, har doim O‘z maqsad muddaolaringni amalga oshirishga intilasan. Donoligu muruvvatingdan, sevgingdan shubha qilganlarim uchun meni kechir. Sen haqingda juda kam bilimga ega ekanligimni va ko‘pincha Sening niyatlaringni noto‘g‘ri tushunishimni tan olaman. Seni tanib bilishni, Seni sevishni, Senga ishonishni menga o‘rgat! Iso Masihning nomi bilan. Omin. 3 BOB O‘zim haqimda    • Hech narsaga arzimayman    • O‘zimni yaxshi ko‘rishni o‘rganishim kerak    • O‘zimni yengolmayapman    • Mening haq-huquqlarim bor    • Tashqi go‘zallik ichki go‘zallikdan ko‘ra muhimroq    • Barcha xohishlarim albatta ro‘yobga chiqishi kerak    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying    • Amalda qo‘llash Xotira daftarim. Oxirgi haftalar hayotimda eng qiyin palla bo‘ldi. Birovga dardlarimni yoysam, deyman. Odam Ato bilan bog‘dan chiqib ketganimizdan beri o‘rtadagi munosabatlarimiz negadir buzildi. Endi menga ishonadimi, yo‘qmi,bilmayman. Albatta, uni qoralay olmayman, Axir hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilgan asli men bo‘laman. O‘zimni o‘taketgan nodondek his qilyapman. Odam Ato o‘sha ilon menga qanday ta’sir o‘tkaza olganini tushunmayapti. Ilon chindan ham rad qilib bo‘lmaydigan dalillarni keltirdi, shu tariqa yo‘q deya olmadim. O‘sha lahza, birinchi marta o‘zimga qarab, yalang‘och ekanligimni anglaganim hali ham ko‘z o‘ngimda. So‘ng Odam Atoga qaradim, ko‘zlaridan uning ham shu haqda o‘ylayotganini payqadim. Bir birimizni tanigandan beri mana birinchi marta men uning ko‘ziga qaray olmayapman. Bunga qadar bir-birimizdan hech qachon uyalmaganmiz. Endi esa bir-birimiz oldimizda ko‘pincha o‘zimizni noqulay his qilamiz. Garchi Parvardigor Egamiz anjir barglaridan yasalgan, foydasiz yopinchiq o‘rniga biz uchun teridan kiyim-kechak yasab, bizni kiyintirgan bo‘lsada, baribir o‘zimni juda ojiz his qilaman ... tashqi kuchlardan ko‘ra ko‘proq ichimda meni niqtalaydigan bir nish borligini sezaman. Odam Atoning ko‘zida qanday ko‘rinishim haqida hech qachon o‘ylab ko‘rgan emasman. Uning meni yaxshi ko‘rishini, Xudoning eng go‘zal ijodi sifatida qabul qilishini har doim bilar edim. Endilikda uning meni sevishiga, chiroyli deb hisoblashiga shubhalarim ortib bormoqda. Balki u achinayotgandir, Xudo meni unga berganidan ko‘ngli o‘ksinayotgandir? Bir necha hafta avval ko‘zlarimda qattiq og‘riq sezib, natijada kontakt linza taqa olmay qoldim. Avvaliga buni allergiya xuruji deb o‘yladim va dori ichib qaytarishga urindim. Biroq bu yordam bermadi. Ko‘z qorachig‘im yalig‘langani bois, linza bilan yaxshi ko‘ra olmay qoldim va bu mening ko‘rish qobiliyatimni pasaytirib yubordi. Oxir-oqibat yalig‘lanish shu darajada kuchaydiki, linzadan voz kechishga va okulist qabuliga navbat olishimga to‘g‘ri keldi. U ko‘zimni tekshirib, hammasiga sabab aslida allergiya emas, ko‘z ham emas, kontakt linzalar ekanligini aytdi. Linzalar shikastlangan: yapaloq bo‘lib qolgan va ko‘z qorachig‘ini yalig‘lantirar edi. Ko‘rish qobiliyatim tiklanishi uchun linzalarni almashtirish, yangisini taqish talab etilardi. Xudoning fe’l-atvori haqida tasavvurlarimiz juda katta ahamiyatga ega, negaki bu boshqa barcha narsalar haqidagi tasavvurlarimizga, dunyoqarashimizga ta’sir qiladi. Xudoni noto‘g‘ri qabul qilish oqibatida voqelikka bo‘lgan munosabatimiz o‘zgaradi. Ko‘pincha g‘azab yoki sarosimaga tushushimizning sababi aslida odamlar yoki vaziyat emas, balki borliqni, voqelikni shikastlangan linza orqali ko‘rib qabul qilayotganimiz ekanligini tushunmaymiz. Bizning Xudo haqida tasavvurlarimiz o‘zimiz haqimizdagi tasavvurlarga ayniqsa kuchli ta’sir qiladi. Agar Uning haqiqatda Kim ekanligini bilmasak, Uning shaxsi haqida bo‘hton, yolg‘onlarga ishonsak, chin-haqiqatki, o‘zimiz to‘g‘rimizda ham noto‘g‘ri fikrga ega bo‘lamiz. Agar Xudoni mensimasak, oqibatda o‘zimiz nochor holga kelamiz. Agar tasavvurimizda Xudo ojiz, koinot ustidan hukmronlik qilolmaydigan, kuchsiz bir Zot bo‘lsa, biz o‘zimizni ham ojiz his etamiz va qarshi shamollarga, noqulay vaziyatlarga bardosh berolmaymiz. Agar tasavvurimizdagi Xudo hech narsaga arzimaydigan bo‘lsa, bu bizda ham “men hech narsaga arzimayman” degan o‘y, fikrning ustunlik qilishiga sabab bo‘ladi. Xudo haqida yolg‘onga ishonsak, o‘zimiz haqimizdagi yolg‘onga ham ishonishimiz muqarrar. Quyidagilar bunga misol bo‘la oladi: Hech narsaga arzimayman So‘rovnoma o‘tkazganimizda unda qatnashgan ayollarning 42 foizi mana shu yolg‘onga ishonishini tan oldi. Bu juda kuchli yolg‘on va siz uning domiga tushgan ayollarning so‘zlarini eshitib, bunga amin bo‘lishingiz mumkin: Men o‘zimni xuddi boshqalardan kamdek his qilaman, bu narsa meni butun umr qiynab kelgan. Ko‘pincha bu tufayli boshqa odamlar bilan munosabatlarni to‘xtatishga majbur bo‘lganman, garchi tabiatdan juda kirishimli bo‘lsamda. O‘zimni juda ahamiyatsiz his qilganim bois, har doim atrofdagi odamlarning daldasiga muhtojlik sezaman! Agar odamlar meni yaxshiroq bilganlarida edi, chindan ham hech narsaga arzimaydigan ekanligimni tan olardilar. Turmushda baxt topa olmaganim bois o‘zimni hech narsaga arzimaydigandek his qilardim, nazarimda hech kim, hatto Xudo ham meni yaxshi ko‘ra olmaydigandek tuyulardi. Birov meni sevishi uchun, men benuqson bo‘lishim kerak degan o‘ylar meni hech qachon tark etmasdi. Men hech qanday talablarga javob bera olmasdim, shu tariqa, Xudo meni seva olmaydi deb o‘ylardim. Ko‘pincha notavonlik hissi bizda atrofdagi odamlardan eshitgan yolg‘onga ishonish oqibatida paydo bo‘ladi va bu holat ko‘proq bolalik davrida uchraydi. Bolaligimda meni ahmoq deb atashardi, hech narsaga arzimasligimni aytishardi. Vaqt o‘tib o‘zim ham bunga ishondim. Hozirgacha bundan qo‘rqib yashayman, ozod bo‘lolmayapman. Bu dunyoda biron bir narsada yutuqqa erisha olishimga ishonmasdim, chunki bolaligimdan menga aynan shuni uqtirib kelishgan. Odamlar meni hech narsani tushunmaydigan, aqliy qoloq bola o‘rnida qabul qilishardi. Bilsangiz, o‘zim ham bunga ishona boshladim. Qobig‘imga o‘ralib oladigan odat chiqardim, odamlardan o‘zimni olib qochadigan bo‘ldim. Bir umr menda hech qachon yaqin do‘st bo‘lmasligiga, oila qurolmasligimga, og‘riq va azoblarni kechishim, bevaqt o‘lishimga sabab bo‘lishiga ishonardim. Qo‘rqardim va bu qo‘rquv meni butun umr ta’qib qilgan. Muammo shundaki, o‘z haqimizdagi fikrimiz ko‘pincha boshqa odamlarning biz haqimizdagi fikri asosida shakllanadi. Gohida ularning so‘zlari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi, foyda beradi, lekin har doim emas. Ma’lum bir sabablarga ko‘ra, biz fikriga quloq solgan kishi, bizni “shikastlangan linzalar” bilan ko‘radigan bo‘lsa, bu holda uning bizni noto‘g‘ri qabul qilishgi muqarrar. Oramizda ayrimlar qiyshiq oynak aks ettirgan narsani haqiqat o‘rnida ko‘rib, butun umr emotsional qamoqda yashab o‘tadi. Odamlar aytgan so‘zlar nazariy jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan taqdirda ham, Qallob bu ma’lumotni bizni qulga aylantirish uchun ishlatishi mumkin. Misol uchun olti yoshli qizga dugonasi: “Sen juda semizsan!” deb to‘g‘risini aytishi mumkin. O‘zi haqida bunday so‘zlarni eshitgan qizcha o‘sha kuzatuv natijasida qilingan soxta xulosalarga suyanib katta bo‘lgach, bir kun kelib qullikka tushishi hech gap emas. “Men semizman, – deydi u, – shuning uchun ... • bir umr semiz bo‘lib o‘taman; • hech kim, hech qachon meni yaxshi ko‘rmaydi, men bilan do‘stlashishni xohlamaydi; • jamiyatda hech qanday o‘rnim yo‘q; • atrofdagilarga yoqish uchun ulfatlarimning e’tibor markazida bo‘lishim kerak”. Gohida bolalikda qabul qilingan birgina tanqid odamni uzoq yillar qiynab kelishi va ta’qib qilishi mumkin. Mindining hayotida aynan shunday bo‘lgan: Esimda, yoshim chamasi oltida edi. O‘shanda menga yashashga haqqim yo‘qligi, umuman tug‘ilishim ham xato bo‘lganini aytishdi. Buni kim aytganini eslolmayman, bilganim shuki: onam mening yonimda turar va bu so‘zlarga hech qanday javob qaytarmadi. Shundan beri yakkalanib qoldim, odamlar bilan gaplashish men uchun juda qiyin bo‘lib qoldi. Yettinchi sinfda meni mahsus maktabga o‘tkazishga qaror qilishdi. Meni qabul qilishdi, lekin o‘quvchilar soni juda ko‘p bo‘lgani bois, ohir-oqibat yana oddiy maktabga qaytib bordim. Shunday bo‘lsada, joyim o‘sha yerda ekanligiga hech qachon ishonmasdim. Bugungi kunga qadar o‘zimni befahm, tentak ekanligimga, meni alohida xonada, odamlardan yiroqda saqlash kerakligiga ishonib kelganman. Katta sinfda o‘qiganimda hech kim men bilan do‘stlashmasdi, odamlar meni qasddan xafa qilishga urinar edi. Oqibatda men yanada yakkalashdim, chuqur depressiya holatiga tushdim, qaniydi o‘hlasamu, boshqa uyg‘onmasam derdim. Bu hikoya odamning qulga aylanish jarayonini juda aniq qilib ko‘rsatib beradi. Dastlab, hali bolaligidayoq bu ayolga dahshatli, halokatli yolg‘onni aytishdi. U buni oxirigacha eshitdi, so‘ng yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘yish o‘rniga bu haqida o‘ylay boshladi va bu holat uning buni haqiqat deb qabul qilguniga qadar davom etdi. Oxir-oqibat uning hayot tarzi mana shu yolg‘onga suyanib qoldi (“Yakkalanib qoldim”), va yolg‘on uni qulga aylantirdi: “[Men] depressiya holatiga tushdim, qaniydi o‘hlasamu, boshqa uyg‘onmasam derdim”. Odamning o‘zini qanday qabul qilishi kelajagini, taqdirini belgilab beradi. Agar yolg‘onga ishonsak, yolg‘on asosida hayot kechirsak, qullikka tushishimiz muqarrar. Buni quyidagi hikoyalar tasdiqlaydi: Juda uzoq vaqt men hech narsaga arzimasligimga ishonib yashadim. Hatto tavba qilganimdan keyin ham o‘zimni hech narsaga arzimaydigan odam o‘rnida ko‘rardim. Buning oqibatida chuqur depressiyani boshdan kechirdim. Odamlardan uzoqlasha boshladim, natijada Xudo men uchun belgilab bergan quvonchdan ham mosuvo bo‘lib qoldim. “Hech narsaga arzimayman” — butun umr bunga ishonib keldim. Har doim mana shu yolg‘on bilan va o‘zimda atrofdagi odamlarning daldasiga bo‘lgan doimiy ehtiyojga qarshi kurashib yashadim. Haddan oshirib yubordim – hammaning ko‘nglini olishga harakat qilardim, hatto tashqi ko‘rinishimni ham fikr-qarorimdagi idealga yetkazishga intilardim. Bu kabi guvohliklar juda ko‘p. Bugungi kunda ko‘p ayollar yaxshi munosabatning gadosi bo‘lib yashaydi, ular jon jahdi bilan atrofdagi odamlarning maqtoviga erishish yo‘llarini izlaydi. Ular xuddiki o‘tmishdagi salbiy munosabatlar oqibatida qalbida kemirilgan joyni mana shu orqali to‘ldirishga, hayolidagi tarozi pallasini tenglashtirishga harakat qilgandek, go‘yo. Lekin aksariyat hollarda qancha ijobiy fikr va maqtovlar bildirilmasin, bular o‘tmishda ularni arzimas odam ekanligiga ishonishga majbur qilgan, yaralovchi so‘zlarning mash’um ta’sirini bartaraf etolmaydi. Maqtov va xush so‘zlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirib bo‘lmaydi. Ular ko‘rinishi yoki qilgan ishlari haqida yuzlab ijobiy baho, maqtov eshitgan taqdirida ham, oilasida aytilgan birgina salbiy fikr, ularni dastavvalgi holatga qaytaradi. Nima uchun? Sabab shuki, ular o‘zining qadr-qimmatini boshqa odamlar belgilashiga yo‘l qo‘yib beradi. 1 Butrus maktubida Isoning qadr-qimmati qanday belgilangani haqida aytgan oyat bor. Bu Iso haqida atrofdagi odamlarning fikriga emas, (yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iy nazar) balki Uning Samoviy Otasi tomonidan aytilgan haqiqatga asoslangan. Ya’ni Uning insonlar tomonidan rad etilgani, lekin Xudo tomonidan qimmatbaho deb tanlagani haqida aytilgan. (1 But. 2:4) Iso insonlar tomonidan rad etildi – bu insonlarni O‘zi uchun yaratgan, ularni sevgan, ular uchun O‘z jonini fido etgan bo‘lsada. Biroq Uning qadr-qimmati bu bilan belgilanmas edi. U Xudo tomonidan qimmatbaho deb tanlangan edi va mana shu jihat uning ahamiyatini belgilab berardi. Tasavvur qiling, bir odam san’at go‘zalligini ko‘p yaxshi tushunmagani bois noyob suratni ahlat idishiga tashlab yuboradi. Ayting-chi, bu bilan noyob surat o‘zining qiymatini yo‘qotadimi? Yo‘q, albatta. San’at asarining haqiqiy qiymati qachonki san’at shaydosi uni topib: “Bu bebaho asar. Uning uchun istalgan bahoni berishga tayyorman” deganda oshkora bo‘ladi. Xudo meni va sizni gunoh bo‘yinturug‘idan ozod qilish uchun O‘zining Yagona O‘g‘lini yerga yuborib, xuddiki jonimizning bahosini belgilagandek bo‘ldi. U bizning jonimiz olamdagi hamma narsadan qimmat ekanligini e’lon qildi. Kimning fikrini qabul qilasiz? Yolg‘onga ishonsangiz, bu sizni qulga aylantiradi. Haqiqatga ishonsangiz agar ozod bo‘lasiz. O‘zimni yaxshi ko‘rishni o‘rganishim kerak “O‘ziga past nazar bilan qarash” bugungi kunda eng ko‘p uchraydigan tashhislardan biri. Professional ruhshunoslar o‘z patsiyentlariga, o‘qituvchilar esa o‘quvchilariga bu tashhisni qo‘yishadi. Jamoat cho‘ponlari bu haqida qo‘li ostidagi suruvga, ota-onalar – bolalariga gapirishadi va juda ko‘p odamlar o‘zlarida buni sezib kelganini tan oladi. O‘zini ahamiyatsiz his qilish kasalligiga chalingan odamlarga dunyo: “O‘zingni yaxshi ko‘rishni o‘rganishing kerak” deb o‘rgatadi. Bu ommaviy psixologiyada ham, o‘zini o‘zi yaxshi ko‘rish yo‘lini izlovchilardan tashkil topgan jamiyatda ham xuddiki najotbaxsh duodek bo‘lib qolgan. Muqaddas Kitob bizning Xudo suratiday qilib yaratilganimizni, Xudo bizni yaxshi ko‘rishi va biz Uning uchun qimmatli ekanligimizni aytadi. Biroq bu bizning sharofatimiz bilan erishilgan narsa emas va o‘zimizni qancha maqtamaylik, bu bilan Xudoning sevgisini chuqurroq his qila olmaymiz. Aksincha, Isoning ta’limoti bo‘yicha, kim jonini bersa, uni saqlab qoladi. O‘zini yaxshi ko‘rish haqida ta’limot odamni yolg‘izlikka va baxtsizlikka olib keladi. Odamlar ichida: “Hech qachon o‘zimga yoqmaganman” yoki “Gap shundaki, u ayol o‘zini yaxshi ko‘rmaydi” deydiganlar qancha? Kalomga qaraydigan bo‘lsak, shunday haqiqatni topamiz: biz o‘zimizni yaxshi ko‘rib bo‘lganmiz, hatto ortiq darajada desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Iso: “O‘zgani o‘zingizni sevganday seving” degan va bu o‘zgani sevish uchun biz avvalo o‘zimizni sevishimiz kerak degan fikrdan mutlaqo yiroq. Iso o‘rgatadiki, biz tabiiy holda o‘zimizga qancha e’tibor berib, o‘z haqimizda qancha g‘amho‘rlik qilsak, boshqalarga ham xuddi shuncha e’tibor, xuddi shunday g‘amho‘rlik qilmog‘imiz lozim. Agar tishim og‘risa, darrov vaziyatni tahlil qilaman va muammoni yechishga urinaman. Agar o‘zimni yaxshi ko‘rmaganimda, og‘riqni shunchaki bee’tibor qoldirgan bo‘lardim. Ammo boshqa birovning tishi og‘rigan paytda, bunga bee’tibor bo‘lish juda oson, Axir bu uning muammosi. O‘zimizni yaxshi ko‘rishimiz tabiiy hol, biroq o‘zgani xuddi shu tarzda yaxshi ko‘ra olmaymiz. Efesliklarga maktubda ham xuddi shu haqda aytilgan bo‘lib, Pavlus erlarga o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishni buyuradi ... “Hech kim hech qachon o‘z tanasini yomon ko‘rmaydi. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi”. (Ef. 5:28–29) Biz doimo o‘zimiz haqimizda g‘amho‘rlik qilamiz, qayg‘ularimiz haqida o‘ylab tashvishlanamiz, har doim odamlarning qilgan ishidan qanchalik ta’sirlanishimizni tushunamiz. Oramizda ayrimlarning bu darajada nozik ta’bli bo‘lishiga sabab, bizning o‘zimizni yomon ko‘rishimizda emas, balki haddan ortiq yaxshi ko‘rishimizdadir! Odamlar bizni qabul qilishini, biz bilan yumshoq muomala qilishni xohlaymiz. Agar o‘zimizni bu qadar qattiq yaxshi ko‘rmaganimizda bizni rad etganlaridan, mensimaganlaridan, bizga yetarlicha e’tibor qaratmaganlaridan tashvishlanmasdik. Gap shundaki, biz o‘zimizga nisbatan nafrat his qilmaymiz, o‘zimizni yaxshi ko‘rishga bizni o‘rgatish shart emas. Xudoni va atrofdagi odamlarni chindan ham yaxshi ko‘rish uchun o‘zimizni rad etishni o‘rganishimiz lozim. Bizdagi xastalik bu “o‘zimizga past nazar bilan qarash” emas, o‘zimizga nisbatan yomon munosabatda bo‘lish ham emas. Buni Xudoni borligicha qabul qilmaslik, mensimaslik, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Muammo o‘zimizni boshqacha qabul qilishimizda emas, balki Xudoni boshqacha qabul qilishimizdadir. Biz o‘zimizni ko‘proq yaxshi ko‘rishimiz emas, balki Xudoning bizga bo‘lgan cheksiz muhabbatini, niyatini va biz uchun belgilagan maqsadini qabul qilishimiz lozim. Uning sevgisini qabul qilganimizda, bizda o‘zimizni atrofdagilar bilan taqqoslash zarurati o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Biz o‘zimiz to‘g‘rimizda bu darajada ko‘p o‘ylamaymiz. Buning o‘rniga Xudoning boshqa odamlarga bo‘lgan sevgisini yetkazuvchi vakillarga aylanamiz. O‘zimni yengolmayapman Bu ko‘p odamlarni bir umrga qul qiladigan yana bitta yolg‘on. Qachonlardir hammamiz mana shu yolg‘onning o‘ljasi bo‘lganmiz. Quyidagi ayollarning taqdiridan ehtimol siz ham o‘z hayotingizga o‘xshash holatni toparsiz: “Mening taqdirim xuddi ota-onamning taqdiriga o‘xshaydi. Axir bu nasldan naslga o‘tib keladigan narsa. Buni o‘zgartirib bo‘lmaydi” – degan yolg‘on fikrga ishonardim. Otam xizmatchi bo‘lgan, lekin keyinchalik otam ham, onam ham Xudodan va imonlilar jamoatidan qaytib ketishdi. Bir umr Xudoga sodiq qolish mening nazarimda imkonsizdek ko‘rinar edi. Ota-onam buni uddalay olmadimi, demak men ham uddalay olmayman. O‘zimni yengolmayman der va bu bilan yalqovligimni va intizomsizligimni oqlardim. Otamning oilasi, qarishdoshlari semizlikdan qiynalgani bois, men ham o‘zimda ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammolar borligiga ishonardim. Jussam ularga tortgan, shu tariqa bir umr semizlikdan qiynalaman. Bu bilan kurashishdan foyda yo‘q, men baribir semiraveraman deb o‘ylardim va ochofatligimda ularni ayblardim. Biz o‘zimizda ko‘nglimizga yoqmagan yoki Xudoga yoqmaydigan narsalarni topamiz. Biroq tanlovimiz, munosabatimiz va hatti-harakatimiz uchun mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olish o‘rniga biz 100 ta bahona topamiz: • Uyimiz shunday torki, boshqalarni ko‘rishga ko‘zim yo‘q. • Ishim og‘ir, asabiylashganim bois uyga kelganimda, bolalarni ko‘rib istar-istamas jazavam qo‘ziydi. • Bu shunchaki og‘ir kunlar. • Men garmonlar qo‘zg‘alishini boshdan kechiryapman. • Shu qadar charchadimki, hech narsaga madorim yo‘q. • Oilamizda janjalni tinchlantira oladigan odam bo‘lmagan. Biz hamma narsani ichimizda saqlardik, o‘zimizni hech narsa bo‘lmagandek tutardik. Hozirgacha yuragimdagi dardlar haqida gaplasha olmayman. • Ota-onam men haqimda hech qachon iliq fikr bildirmagan, men mehr ko‘rmay o‘sganman. • Buvam ham, onam ham vasvasa kasalligidan qiynalib o‘tgan. Bu nasldan naslga o‘tadigan illat ko‘rinadi. • Onam menga hech qachon chindan ham onalik qilmagan, shu tariqa bolalarimni qanday tarbiyalash kerakligini bilmayman. • Bolaligim qiyin kechgan, natijada hozir odamlarga ishonmayman. • Sobiq erim meni har doim kamsitardi, o‘zimga past nazar bilan qarashimga aynan u sababchi. Bularning hammasi, biz boshdan kechirgan narsalarga atrofdagilar aybdorligi, biz shunchaki boshqalarning zulmi, kasofati qurboniga aylanganimizni nazarda tutadi. Shunday bo‘lsada, Momo Havo haqidagi hikoya ustidan mulohaza qilar ekanmiz, bu ayolning bebaxt bo‘lishida erining ham, bolalarining ham aybi bo‘lmaganini tushunamiz. Ayollarning muammolarida erkaklar aybdor degan g‘oyani oldga suradigan zamonaviy feminizmga qarshi ravishda, Momo Havoning hayoti buzilishiga erkak kishining hech qanday aybi bo‘lmagan. Momo Havo bunda o‘z atrofidagi muhit, sharoitlarni ham ayblay olmasdi. Aksincha, bunday sharoitda hayot zavqiga to‘lib yashash, baxtli kun kechirish uchun yetarlidan ham ortiq imkoniyatlar bo‘lgan. Momo Havoni va uning erini na moliyaviy muammolar, na ish joyi bilan bog‘liq qiyinchiliklar, na janjalkash qo‘shnilar va na bog‘ni bosib ketadigan yovvoyi o‘tlar qiynagan; bilsangiz agar, ular hatto qaynona-qaynata muammosidan ham ozod bo‘lgan! Momo Havo boshiga yog‘ilgan kulfatlar uchun hech kimni ayblay olmasdi. Muammo uning o‘zidan kelib chiqdi. Bu uning tanlovi edi va hech kimni bunda ayblab bo‘lmaydi. Bosgan qadami oqibatida Momo Havo o‘zini qullik iskanjasiga tutib berdi, o‘zining va oilasining, qolaversa keyingi avlodlarining boshiga dahshatli kulfatlarni soldi. “O‘zimni yengolmayapman” deb biz o‘zimizni aldaymiz va bu shunday yolg‘onki, bizni atrofdagi odamlarning va tashqi sharoitning oson o‘ljasiga aylantiradi. Bu bilan kelajagimiz uchun boshqa kimdir yoki boshqa narsalar javobgar ekanligi, biz hech qanday o‘zgara olmasligimiz, shunchaki taqdir qo‘lidagi qo‘g‘irchoq bo‘lib kelganimiz anglashiladi. Biz negadir, birovning amri bilangina harakat qila olamiz degan yolg‘onga ishondik. Bu yolg‘on bizga o‘zgarishga hech qanday umid qoldirmaydi. Shayton biladiki, agar o‘zimizni boshqara olmasligimizga ishonsak, biz hech qachon o‘zgarmaymiz. Bir umr qul bo‘lib yashaymiz. Agar doimio yengilib yashash, gunoh yoki musibatlar bizga taqdir qilib berilganiga ishonsak, dushman zarbidan qulab, gunohga botib, musibatlar ostida, umidsiz holda qolaveramiz. Biroq bizga tanlov huquqi berilgan. Biz o‘z tanlovimiz, bosgan qadamimiz uchun javob beramiz. Biz Muqaddas Ruhning kuchi bilan o‘zgarishimiz mumkin. Haqiqatni bilib, uni qabul qilganimiz zahoti o‘tmish iskanjasidan, sharoitlardan va hatto yuragimizda chuqur ildiz otgan ahloq turlaridan ozod bo‘la olamiz. Mening haq-huquqlarim bor “Hech kim daxl qilolmaydigan huquq” ... “Sen o‘z hayotingni o‘zing boshqarish huquqiga egasan!”... “Sifatli xizmat ko‘rsatilishini talab qilishga haqing bor!” Konstitutsiyadan tortib, tez xizmat ko‘rsatish restoranlarigacha, hamma yerda “Mening haq-huquqim bor” degan shior ustivor ekanini ko‘rishimiz mumkin. Bu g‘arb mamlakatlarining o‘ziga xos emblemasiga aylandi. Hozirgi ayollar buni mahkam ushlab olishgan. Hozirgi feministlar harakati ayollar huquqini himoya qilish g‘oyasiga asoslanadi: ovoz berish huquqi, o‘y-ro‘zg‘or tashvishlaridan ozod bo‘lish, mavqeda teng imkoniyatlarga ega bo‘lish huquqi, erkaklar bilan teng maosh olish huquqi, o‘z badaniga o‘zi ega bo‘lish huquqi, erkin harakat qilish, erkin so‘zlash huquqi, o‘zi istagandek bo‘lish huquqi, erning familiyasiga o‘tmaslik huquqi va “erkaklar zulmining” boshqa turlariga tobe bo‘lmaslik huquqini”. Ayollarni ishontirishdi, ularga qachonki o‘z huquqlarini himoya qilishsagina ozodlikka va baxtga erisha olishini uqtirishdi. To‘g‘ri-da “o‘zingni o‘zing himoya qilmasang, kim seni himoya qiladi?” Lekin mening o‘ylashimcha, ayollar o‘z huquqlarini himoya qilganlari uchungina bugun mana shunday achinarli ahvolga kelib qolishdi. “O‘z huquqlarini talab qilish” doim ham kutilgan natijalarni beravermasligi haqida ko‘p eshitaman: O‘z huquqlarim borligiga ishonganim juda ko‘p, keraksiz bahs-tortishuvlarga sabab bo‘ldi va buning natijasida hayotim toqat qilib bo‘lmaydigan darajada og‘irlashdi. O‘z haqimni talab qilganimda ma’lum bir vaqtga qoniqish sezaman, lekin oz muddat o‘tib yana umidsizlikka tushaman. Aslida butun dunyoda odamlar o‘z huquqini himoya qilish evaziga emas, balki boshqalar oldida past kelish evaziga yaxshi munosabat va sog‘lom madaniyat qurishga muvaffaq bo‘lmoqda. Hatto bizning yo‘l harakat qoidalarimiz ham o‘zida ushbu prinsipni aks ettiradi. Siz hech qayerda “Yo‘l bermaslikka haqingiz bor” degan belgini ko‘rmaysiz. Aksincha, bizdagi belgilar “Yo‘l bering” deydi. Yo‘l harakat tartibi uchun bu eng yaxshi prinsip. Bu prinsipni hayotimizga ham kiritsak agar, bundan faqat foyda topgan bo‘lardik. Shunga qaramay, biz har qanday sohada o‘z huquqlarini himoya qilish g‘oyasi ustivor ekanligini ko‘ramiz. Oltmishichi yillarda avj olgan chalkashlik va sarosima – “huquqlar” haqida falsafaga asos soldi. Bu g‘oya biz – masihiylar madaniyatining ham bir qismiga aylandi. U suhbatlarimiz mavzusiga aylanmoqda. U bizning dunyoqarashimizni shakllantirmoqda. Bugungi kunda quyidagilar o‘z-o‘zidan ma’lum narsa sifatida qabul qilinadi: • baxtli bo‘lish huquqiga egasiz; • odamlar sizni tushunishini talab qilish huquqiga egasiz; • sevikli inson bo‘lish huquqiga egasiz; • ma’lum bir hayot tarzi bo‘yicha yashash, mehnat uchun ma’lum miqdorda haq olish va ayrim imtiyozlarga ega bo‘lish huquqiga egasiz; • yaxshi turmush qurish huquqiga egasiz; • do‘stlashish va ishqiy muhabbatga asoslangan munosabatlar tuzish huquqiga egasiz; • hamkasblaringiz tomonidan hurmatda bo‘lish huquqiga egasiz; • eringiz va bolalaringiz tomonidan qadrlanish va hurmatda bo‘lish huquqiga egasiz; • dam olish kunlari va ta’til olish huquqiga egasiz; • to‘yib uxlash huquqiga egasiz; • eringiz sizga uy yumushlarida yordam berishini talab qilish huquqiga egasiz. Va eng muhimi, agar ma’lum bir huquqingiz buzilsa, sizda e’tiroz bildirish huquqi ham bor. Siz g‘azablanish, depressiya holatiga tushish, ma’lum bir choralarni qo‘llash va o‘z haq-huquqlaringizni talab qilish huquqiga egasiz! Eski Ahd kitobida Yupus payg‘ambar insonga xos tabiatni: “huquqlar” buzilganda, ularni himoya qilish, g‘azablanishga bo‘lgan mayillikni namoyon etadi. Yunus Naynabo aholisini yomon ko‘rish huquqiga ega ekanligini his qilgan. U o‘zi istagan joyda xizmat qilish huquqiga ega edi. Shuningdek u g‘ayriyahudiy xalqlarning Xudo tomonidan qanday jazoga tortilishini tomosha qilishga ham o‘zini huquqli deb bilgan. Xudo Yunus o‘ylagandek ish tutmadi. “Bu voqeadan Yunus qattiq xafa bo‘lib g‘azablandi” (Yunus 4:1). U shu darajada g‘azablandiki, Xudoga: endi “... jonimni olib qo‘ya qol. Yashaganimdan ko‘ra, o‘lganim yaxshiroq” deb iltijo qildi. Joniga qasd qilish uning o‘z emotsiyalarini tiya bilmasligining oqibati edi. Egamizning Yunusga rahmi kelmadi, U Yunusning ranjigan dilini ayab ham o‘tirmadi. Aksincha ish tutdi va isyon qilgan payg‘ambarga huquqlar haqida masalani ko‘ndalang qo‘yib dedi: “Nahotki shundan sen xafa bo‘lding?!” (Boshqa tarjimada: “Xafa bo‘lishga nima haqing bor?”) Yunus bu savolga javob berishdan bosh tortdi. U shahardan chiqib, shaharning sharq tomoniga borib o‘tirdi. Shu yerda chayla yasab, endi shaharga nima bo‘larkin, Xudo O‘z fikri-qarorini o‘zgartirmasmikan, deb chaylaning soyasida kutib o‘tirdi. Bir payt, Yunusning boshiga soya bo‘lsin, qayg‘usi barham topsin deb Egamiz bir o‘simlik o‘stirdi. O‘simlik Yunusning tepasida ko‘tarildi. Yunus bu o‘simlik o‘sganidan juda xursand bo‘ldi (Yunus 4:6) Yunusning emotsional holati haq-huquqlari saqlanishiga qanchalik bog‘liq bo‘lganini ko‘ryapsizmi? Xudoning g‘ayriyahudiylarga rahm qilgani Yunusga yoqmadi, negaki Yunus bu xalqlarni yomon ko‘rar edi va shu bois Xudodan g‘azablandi. Egamiz Yunusning boshiga soya bo‘lsin, qayg‘usi barham topsin deb, bir o‘simlik o‘stirganida esa, Yunus bundan juda xursand bo‘ldi. Ammo xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Keyingi kuni tong paytida Xudo bir qurtni yubordi, qurt o‘simlikni kemirib quritdi. Quyosh yuqoriga ko‘tarilganda, Xudo sharqdan garmsel yubordi. Quyosh Yunusning boshini shunday qizdirdiki, u holdan keta boshladi. Yunus: “Bunaqa yashaganimdan, o‘lganim yaxshiroq”, deb yana o‘ziga o‘lim tiladi. Xudo yana Yunusga haq-huquqlar haqida so‘z ochib dedi: “Bitta o‘simlik nobud bo‘lganidan jahling chiqdimi?” (Boshqa tarjimada: “O‘simlik uchun jahl qilishga haqing bormi sening?”) Ha, jahlim chiqdi, o‘limimga ham rozi bo‘ldim, — deb javob berdi Yunus. (Yunus 4:9) (Boshqa tarjimada: “Qattiq jahlim chiqdi ... hatto o‘limga ham rozi bo‘ldim”) Yunusning o‘ylashicha, u o‘z hayotini va tashqi sharoitlarni o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘lgan, atrofdagi hamma narsa u istagandek bo‘lishiga, bir narsa yoqmasa agar, g‘azablanishga ham haqli bo‘lgan. O‘z huquqini himoya qilish istagi Yunusni emotsional beqarorlikka, yolg‘izlikka va Xudodan yiroqlashishiga olib keldi. Achinarlisi shuki, gohida Yunus haqida hikoya mening hayotimni juda eslatib yuboradi. Juda ko‘p holatlarda vaziyat men istagandek bo‘lmaganini ko‘rib, o‘zimda g‘azab, norozilik paydo bo‘lganini sezaman. Ish joyimda mening ishtirokimsiz qabul qilingan qaror, avtobusda haydovchining qo‘pol muomala qilishi, magazindagi uzun navbat, o‘zimga yaqin odamning o‘ylamasdan gapirgan so‘zi, do‘stimdan jindek xafa bo‘lishim (balki haq bo‘la turib, balki tushunmasdan) ishonchimni yo‘qqa chiqargan odam, endigina uhlaganimda telefon jiringlashi va hokazolar bunga sabab bo‘ladi. Agar har safar o‘z huquqlarimni talab qilaversam, bundan o‘zimning kayfiyatim buziladi, haddan ortiq talabchan, jahldor bo‘lib qolaman. Emotsional va ruhiy holatimizda barqarorlikni ta’minlashning birdan-bir yo‘li – o‘z huquqlarimizni bu hayotda hamma narsaning Yagona, to‘la huquqli Egasi bo‘lgan Zotga topshirishdir. Mana shu haqiqat bizni ozod qiladi. Tashqi go‘zallik, ichki go‘zallikdan ko‘ra muhimroq Biz yashagan jamiyat qizlarimizga va ayollarimizga ilk bolalik damlaridanoq mana shu yolg‘onni tinmay singdirib borishga harakat qiladi. Barcha sohalarda uning tashviqot qilinganini ko‘rishimiz mumkin: televideniye, kinofilmlar, qo‘shiqlar, jurnal va kitoblarda, reklamalar ushbu yolg‘on bilan sug‘orilgan. Bizni tashqi go‘zallik hayotda hamma narsadan muhim ekanligiga ishontirishadi. Ayollar ularning aytganlariga ishonishadi: ha, muhimi – go‘zallik, kelishgan qaddi-qomatga ega bo‘lish, barno yuzli bo‘lishdir. Hatto ota-onalar, aka-uka va opa-singillar, o‘qituvchilar va do‘stu birodarlar ham gohida o‘zlari bilmagan holda bunga hissa qo‘shadilar: “shiringina” bolakaylarga hamma qaraydi, ularni erkalashga shoshiladi, maqtaydi, shu vaqtning o‘zida ko‘p yoqimtoy bo‘lmagan bolaga tanbehlar yog‘ilishi, e’tiborsiz qilinishi va hatto ochiqchasiga rad etilishi mumkin. Tashqi ko‘rinishga bo‘lgan haddan ortiq qiziqish eng birinchi ayoldayoq paydo bo‘lganiga ishonaman. Momo Havoni Xudo taqiqlagan mevadagi qaysi jihat o‘ziga jalb qilganini eslaylik. Xotin qarasaki, o‘sha daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinadi, mevalari juda yeyishli ekan. Xotin: “Qaniydi mevalar menga donolik ato qilsa”, deb orzu qildi. U daraxtning mevasidan olib yedi, ... Ibt. 3:6 Daraxtdagi mevalar foydali (mevalari juda yeyishli) edi, shuningdek ular Momo Havoga u istagan donolikni beradigandek tuyulardi. Biroq shu bilan birga mevalarning “ko‘zga chiroyli ko‘ringani” ham muhim o‘rin tutgan – ularning tashqi ko‘rinishi kishini o‘ziga jalb qilardi. Hiylakor dushman xotinni tez ko‘rinmaydigan, jumladan ishonch va itoat kabi sifatlardan ko‘ra ko‘proq tashqi chiroyni qadrlashga majbur qildi. Muammo daraxtning chiroyli bo‘lganida emasdi, Axir Xudo uni shunday qilib yaratgan. Momo Havo Xudoning ijodidan taralgan chiroy, go‘zallikdan zavq olishi mumkin edi, biroq tashqi ko‘rinishga haddan ortiq berilib, aldandi. U yolg‘onga ishondi va yolg‘on asosida ish tutdi. Jismoniy go‘zallik barcha odamlarning talab normasiga aylanib ulgurdi. Shu vaqtdan boshlab Momo Havo ham, uning eri ham o‘z badaniga boshqa nazar bilan qaray boshladi. Ular o‘zlariga tashqaridan qarab, badanidan uyaladigan bo‘ldilar – Xudo tomonidan sevgi bilan, mukammal qilib yaratilgan badandan uyaldilar. Shu zahoti, bir-biri oldida yalang‘och bo‘lishdan qo‘rqib, ular badaniga yopinchiq izlashdi. Jismoniy go‘zallikning qalb go‘zalligidan, ruh va hayot tarzi latofatidan muhimroq ekanligi haqida o‘rgatgan yolg‘on erkaklarni ham, ayollarni ham o‘zini xunuk va hatto badbasharadek his qilishga, o‘zidan, tashqi ko‘rinishidan uyalishga va xijolat tortishga majbur qiladi. Ammo jisman go‘zal bo‘lishga intilmoqning umidsizlikka olib kelishi muqarrar. Bu erishib bo‘lmaydigan maqsad. Hatto eng jozibador, eng go‘zal ayollar ham o‘zining chiroyli ekanligini his qilmasligini tan olib aytishadi. Gollivud yulduzlaridan biri Meg Rayan o‘zi haqida shunday deydi: “Nazarimda ko‘rinishim bir muncha g‘alatidek. Agar tashqi ko‘rinishimni o‘zgartirish imkoni berilganda edi, oyoqlarim uzun bo‘lishi, oyoq kaftim kichikroq, burnim ham kichikroq bo‘lishini so‘ragan bo‘lardim”1. Ehtimol siz tashqi, jismoniy go‘zallikni haddan ortiq qadrlashimizning muayan xavfli tomonlarini ko‘rmayotgandirsiz. Keling, biz suyangan asosiy fikrga qaytaylik: odam nimaga ishonsa, uning hayot tarzini shu narsa belgilab beradi. Agar yolg‘onga ishonsak, ertami-kechmi mana shu yolg‘on asosida harakat qila boshlaymiz. Agar yolg‘onga ishonib, uning asosida harakat qilsak, qulga aylanamiz. Quyida ko‘rsatilgan ayollarning hammasi go‘zallik haqida ma’lum bir yolg‘onga ishongan. Bu ularning o‘zi haqidagi fikrini va tabiiyki yurish-turishini o‘zgartirdi va oxir-oqibat ular qulga aylanishdi: Ayol kishi avvalo jisman chiroyli bo‘lishi kerak degan fikrga ishonib, shu tariqa o‘zimni hech qachon chiroyli deb hisoblamaganman. Belimdagi va oyog‘imdagi chandiqlardan uyalardim. Skolioz (umurtqaning qiyshiq o‘sishi) bo‘lganim tufayli operatsiya qildirganman va buning oqibatida belimning butun qismida va oyoqlarimda katta chandiqlar qolib ketgan. Hozir umurtkam juda tekis, lekin har doim nazarimda bu meni qandaydir o‘ziga xos go‘zallikdan mosuvo qilgandek tuyulardi. O‘zimni xunuk deb hisoblab, bundan xijolat tortardim. Tashqi go‘zallik (badanim) – men uchun eng muhim ekanligiga ishonardim, ayniqsa erkaklarning nazari bilan qaralganda. Boshqalarning e’tiboriga muhtoj bo‘lganim bois, bundan atrofdagi odamlarni o‘zimga qaratish uchun foydalanishga qaror qildim. Natijada shahvoniy fikrlar es-hayolimni egalladi. Opam chiroyli qiz. Uni juda yaxshi ko‘raman, biroq o‘zim xunukman. Umr bo‘yi men boshqalar mendan ko‘ra yaxshiroqligi, ular meni qabul qilishi uchun ko‘p tirishib, jon kuydirishim kerakligiga ishonib keldim. Husni-qomati kelishgan odamlarga hayotda har doim omad kulib boqishini ko‘raman. Men bilan hech qachon bunday bo‘lmasligini juda yaxshi tushunaman, shu tariqa o‘zimning tashqi ko‘rinishim haqidagi tasavvurlarning quli bo‘lib yashayman. Bir umr mening kimligimni tashqi ko‘rinishim belgilab berishiga ishonib yashadim, va albatta hech qachon dunyo talab etgan darajadagi ko‘rinishga ega bo‘lmaganman. Shu bois har doim o‘zimga past nazar bilan qarardim. Noto‘g‘ri ovqatlanishga odatlandim, oqibatda ochko‘zlikka mayl bo‘lib qoldim, nikohda muammolar yuzaga kela boshladi. Bunga sabab o‘zimni ko‘rimsiz deb hisoblaganim va hayolimda erim har doim mendan chiroyliroq ayollarga qaragandek tuyulishi edi. O‘zini boshqalar bilan taqqoslash, hasad qilish, raqobat, beahloqlik, jinsiy yaqinlikka bo‘lgan nosog‘lom qiziqishlar, noto‘g‘ri ovqatlanish, beadab kiyinish, tannozlik va erkaklar bilan o‘ynashish – bular go‘zallik haqida noto‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lishning oqibatlarini ko‘rsatadigan holatlarning ayrimlari, xolos. Ayollarni bunday qullikdan nima ozod qilishi mumkin? Faqat haqiqatgina biz ishongan yolg‘onni yenga oladi. Xudoning Kalomi bizga o‘tkinchi jismoniy go‘zallikning tabiati haqida hamda abadiy bo‘lgan ichki go‘zallik haqida haqiqatni ochadi: Joziba aldamchi, chiroy esa o‘tkinchidir, ammo Egamizdan qo‘rqadigan ayol ko‘kka ko‘tariladi. Hikmatlar 31:30 Sizning jozibangiz o‘rilgan sochlar, oltin taqinchoqlar, chiroyli kiyimlar kabi tashqi zeb–ziynatdan iborat bo‘lmasin. Ammo qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so‘lmaydigan ichki go‘zalligingiz bo‘lsin. Xudoning nazarida bunday go‘zallikning qadri yuksakdir. O‘tmishda Xudoga umid bog‘lagan muqaddas xotinlar ham o‘zlari shu yo‘sinda bezanib, erlariga bo‘ysunar edilar. 1 Butrus 3:3–5 Bu oyatlar aslo odamning tashqi go‘zalligi gunohli ekanligi yoki odam o‘zining ko‘rinishi haqida qayg‘urmasligi kerak deb o‘rgatmaydi. Bunday tasavvur xuddi yuqorida, tashqi go‘zallik – hayotda eng muhimi deb o‘rgatgan fikr kabi, mutlaqo noto‘g‘ridir. Muqaddas Kitobning bironta oyatida tashqi go‘zallikning qoralagangani yoki tashqi ko‘rinish hech qanday ahamiyatga ega emas deb o‘rgatilganini topmaysiz. Kalom Xudo bergan chiroy-latofatdan haddan ortiq mag‘rurlangan yoki ruhiy ehtiyojiga zarar yetkazib bo‘lsada, tashqi ehtiyojlari haqida tashvish qilgan odamga tanbeh beradi. Shayton ishlatadigan makrlardan biri – bizni bir narsa ketidan boshqasiga haddan ortiq berilib yashashga majbur qilishdir. Madaniyatimizda batartib kiyinish, intizom va nozik did yetarlicha qadrlanmay qo‘ydi. Ba’zida masihiy ayollarga: “Sizlar kim ekanligingizni bilasizmi? Xudo sizlarni ayol qilib yaratdi. Uning bu in’omini qabul qiling. Ayollarga xos latif bo‘lishdan, tashqi va ichki (ya’ni ruhiy) go‘zalligingizni ko‘rsatishdan qo‘rqmang. Sizlar Xudoning farzandlarisiz. Sizlar – Masihning Kelinisiz. Shohanshoh avlodisizlar, Shoh xonadoniga qarashlisizlar. Shunday kiyining, shunday yuringki, bu sizning yuksak martabangizni, Xudo avlodiga xos muqaddasligingizni ko‘rsatib tursin. Xudo sizlarni bu dunyodan tanlab oldi, shunday ekan, dunyoning qabohatlari sizni o‘zi xohlaganday qilib shakllantirishiga yo‘l qo‘ymang. Dunyoviylarga xos fikr qilishdan, kiyinish tarzidan, dunyoning ahloqidan o‘zingizni asrang. Odamlar Xudo hayotingizning nafaqat tashqi, balki ichki tomondan ham qanchalik o‘zgartirganini ko‘rishiga yo‘l qo‘yib bering”. Biz – yuragimizda Masih jo bo‘lgan ayollar, ichki borlig‘imiz bilan ham, tashqi ko‘rinishimiz bilan ham Xudoning inoyatini, betakror go‘zalligini, tartibi va salobatini aks ettirishga jon kuydirmog‘imiz lozim. Masihiy xotin uchun bu masalada beg‘alva tomonni izlashga sabablar yetarlidir. Hikmatlar kitobida tilga olingan “Farosatli xotin” jismonan tetik, yaxshi kiyimda bo‘lgan. (Hikmatlar 31:17, 22) Bunday ayol eriga obro‘ orttiradi. Agar ayol isqirt, pala-partish kiyinsa, ko‘rinishi haqida umuman qayg‘urmasa, bu bilan erining yuzini yerga qaratadi (nafaqat erining, balki Samodagi Quyovining ham). Bundan tashqari, agar ayol eri uchun jozibali bo‘lishga harakat qilmasa, ishoning erining e’tiborini boshqa ayol jalb qiladi. Havoriy Pavlus Timo‘tiyga maktubda imonlilar jamoatidagi tartib-intizom haqida yozadi va ayollarning qanday kiyinishi lozimligi haqida alohida ko‘rsatmalar beradi. Bu qimmatli ko‘rsatmalar bizga ayolning ichki dunyosi, qalbi hamda tashqi ko‘rinishi va fe’l-atvori o‘rtasida muvozanatni topishga yordam beradi. Pavlus ayollarni shunday so‘zlar bilan dav’at qiladi: …Xotinlar soddagina, did bilan kiyinsinlar. Ular sochiga ortiqcha oro bermay, oltin va marvarid taqinchoqlar yoki qimmatbaho kiyimlar bilan emas, balki or–nomus bilan bezansinlar. Xudojo‘y xotinlarga munosib xayrli ishlar bilan o‘zlariga zeb bersinlar. 1 Tim. 2:9 – 10 Bu yerda “bezansinlar” va “munosib” degan so‘zlar “batartib, yaxshi o‘ylangan, arzirli” ma’nosini beradi, ya’ni “uyg‘unlik bilan tuzilish” nazarda tutiladi.2 Masihiy ayolning tashqi ko‘rinishi sodda va pok qalbni aks ettirmog‘i lozim; uning kiygan libosi va sochi g‘ayriodatiyligi bilan chalg‘itmasligi, e’tiborni tortmasligi, haddan ortiq ko‘zga tashlanmasligi yoki beadab bo‘lmasligi kerak. Shunda u yuragining holatini va Xudo bilan munosabatini aks ettiradi. Qiqr yoshdan oshganlar uchun... Qirq yoshdan oshishim bilan menga kataloglar yuborishni boshlashdi. Ularda reklama sifatida qarilikka qarshi turli vositalar taklif etilardi. Ular terim yosharishi va tozalanishini, ajinlar va ko‘zim ostidagi ko‘kariklarning yo‘qolishini, kuchga to‘lishimni, tirnoqlarim va sochim sog‘lom nur taratishi, ko‘zim tiniqlashishi, qulog‘im yaxshi eshitishini va’da qiladi. Yosh o‘tgan sari ayolning eng asosiy maqsadi – bu chiroyli ko‘rinish, o‘zini xuddi yoshdek his qilishdan iborat bo‘lishi nazarda tutiladi. Lekin shunga qaramay, yoshim o‘tib boraveradi, bu demakki badanim ham asta-sekin kuchdan qoladi. Oynaga qarab, yuzimni tirish egallab kelayotganini ko‘raman – o‘ng yil avval ulardan asar ham yo‘q edi. Sochimga oq yugurdi, Muqaddas Kitobni ko‘zoynak taqib o‘qishga majburman, garchi har kuni jismoniy mashq bilan shug‘ullanib, parhez qilsamda, jismoniy holatim yigirma yil avvalgi holatimday yaxshi emas. Biroq buni fojia deb o‘rgatgan yolg‘onga ishonishdan men bosh tortaman, yoshligimni orqaga qaytarish mumkin degan fikrni inkor etaman. Qarilik davrimni tezlashtirishga urinmayman, biroq taqdirga qarshi jon jahd bilan kurashish niyatidan ham yiroqman. Keksayganim sari, Xudoning nazarida muhim bo‘lgan narsalar haqida ko‘proq o‘ylashni xohlayman – misol uchun, Muqaddas Ruhga yuragimni o‘zgartirishi, ezgulikka, donolikka va shuronaga to‘ldirishiga yo‘l qo‘yib beryapmanmi? Qanday ichimliklarni yoki dorilarni sotib olishimdan, kimning xizmatidan foydalanishimdan qat’iy nazar, shuni bilamanki, badanimda ortga qaytarib bo‘lmaydigan jarayonlar yuz beradi. Buni qabul qilmaslik – yolg‘onga ishonish demakdir. Biroq shuni ham bilamanki: “Solihning yo‘li tongga o‘xshaydi, kun chiqquncha tong yorishaveradi”. (Hikm. 4:18) Bu bilan shu anglashiladiki, hayotda alohida o‘lchov bor va biz unda, garchi tanamiz kuchdan qolsa ham, boyib, misli yo‘q go‘zallikka burkanib boramiz. Haqiqat shundaki, agar vaqtimizni va kuch imkoniyatlarimizni qaddi-qomatimizga, tashqi ko‘rinishimizga chiroy berishga, yosh ko‘rinishga qaratsak, jismonan baquvvat bo‘lish uchun jon kuydirsak, bu maqsadga erisha olamiz, ammo bu qisqa vaqtgina davom etadi. Bir kun keladi va biz o‘sha, Xudoga maqbul bo‘lgan va biz bilan abadul-abad qoladigan ichki go‘zallikni, f’el-atvorni va porlashni o‘zimizda hosil qilmaganimizdan achinamiz, afsuslanamiz. Barcha xohishlarim albatta ro‘yobga chiqishi kerak Bu navbatdagi yolg‘on, hayot haqida noto‘g‘ri tasavvurdir. Jamiyatimizda shunday bir falsafa hukmron, unga asosan har qanday istak albatta ushalmog‘i lozim (imkon qadar tez va qiyinchiliksiz). Bu shunday falsafaki, bizni istak orzularimizni aniq ifoda etishga va “ehtiyojlarimizni” imkon qadar tez qanoatlantirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga undaydi. Ya’ni: och qoldingizmi – ovqatlaning. Ko‘nglingizdagi narsaga qurbingiz yetmayaptimi, qarzga oling. Ishqiy sarguzashtlarni xohlayapsizmi, shunga yarasha kiyining, o‘zingizni shunday tutingki, erkaklarning sizga qaramaslikka imkoni qolmasin. Yolg‘iz bo‘lsangiz, ish joyingizda oilali erkakka dilingizni oching. Keyingi safar magazinga kirganingizda ayollar uchun nashr etiladigan jurnallarga va kitoblarga e’tibor qarating, odatda ular chiqish eshigi oldida sotiladi. Muqovasi barcha istaklaringizning ushalishi haqidagi va’dalarga to‘lib toshganini ko‘rasiz: • “Chiroyli ko‘rinishning va hayotdan zavq olib yashashning 99 usuli!” • “Ovqatdan voz kechmay, ortiqcha vazndan qanday xalos bo‘lish”. • “O‘ttiz daraja issiqda chiroy va qomatingizni qanday ko‘rsatish”. • “O‘zingizni suyishning vaqti keldi: bir zumda uzun sochli bo‘lish, uy sharoitida quyoshga toblanib, chiroy orttirish”. • “Qaddi-qomatni raso qilib, betning tusini yaxshilovchi, badanni tetik qilishda qo‘l keladigan odat!” • “Yengil hayot: qiziqarli ish, esni og‘diradigan liboslar, aqldan tashqari orzular va oqilona qarorlar”. Har doim istagingizni qanoatlantirishning yo‘li topiladi. Bu quyidagi ko‘rinishda berilishi mumkin: • “Qanday qilib ...” qabilidagi sarlavha ostidagi kitob, • ishqiy munosabatlar, • bozor aylanish, • safar qilish, • yangi prichyoska, liboslar, uy, duxi, ish yoki er, • eritilgan pishloq bilan qalin yo‘g‘rilgan katta pitssa. Bunday fikrdagi ayollar nari borsa umidi puchga chiqish, orzulari ushalmay qolishi bilan chegaralanadi. Ular ichki bo‘shliqni to‘ldirish payida sarson-sargardon bo‘lib yurishda davom etadi. Juda bo‘lmasa, bu yolg‘on qattiq azoblarga olib keladi, sizni o‘ziga qul qilib oladi. Aynan shu narsa doimiy xavotirga, achchiqlanishga, depressiyaga tushishingizga sabab bo‘ladi. Bu yolg‘on juda ko‘p qizlarni to‘shakdagi iliqlik, do‘st bo‘lish va’dasi evaziga iffatini, bokiraligini yo‘qotishga majbur qilgan. Bu yolg‘on oilasi bor ko‘p ayollarni xuddiki uni tushungan, his-kechinmalarini bilgan hamkasbining qo‘yniga solib qo‘ydi. Bu yolg‘on ko‘p yigit va qizlarni nosog‘lom niyat bilan turmush qurishga majbur qildi. So‘ng esa bunday juftliklar ajrashishdi. Hammasiga ichki ehtiyojlarni qoniqtirish istagi sabab bo‘ladi. Biz, Karmen ismli ayolni, bu yolg‘on qanday changalzorlarga olib kirganiga o‘zingiz guvoh bo‘ling: Hayotimda har qanday orzuim albatta ushalishi kerak degan fikrga ishonib yashardim, shu tariqa nimaiki istasam, qachon istasam, erishishga harakat qilganman. Kiyim ustibosh, Yevropaga sayohat, chet elda dam olish – bularning hammasiga kredit orqali yoki qarzga pul olish bilan erishardim. Oqibatda 22 yoshda qarzlarim 7 – 10 ming dollarga yetdi. Buning ustiga, yonimda albatta bir erkak bo‘lishi kerak deb o‘ylardim, shuning uchun hatto o‘zim ko‘p yoqtirmagan erkaklar bilan ham uchrashardim, men bilan to‘shakda yotishni istasa, shuning o‘zi kifoya bo‘lgan. Gohida boshqaga kerakli ekanligimni his etish uchun ham jinsiy aloqa qilardim. Ellin ismli, boshqa ayolning hayoti bu yolg‘on emotsional sohaga va umuman inson shaxsiga qanchayin katta futur yetkazishini ko‘rsatib beradi: Nikohda jinsiy hayotdan qoniqish his qilmasdim va bunga erimni aybdor deb hisoblardim. Erimni ayblardim va to‘shakda meni qoniqtira oladigan boshqa erkakni izlardim. Buni muhabbat deb atagan bo‘lsamda, aslida bor yo‘g‘i shahvoniy nafs ekanligini bilardim. Shunday bo‘lsada, bunga haqim borligiga ishonardim, erim meni to‘shakda qoniqtirishi shart deb o‘ylardim. Avvaliga hammasi ko‘ngildagidek bo‘ldi, lekin keyinchalik sir oshkor etilgach, uyatga qoldim, izza bo‘ldim, yuragimni aybdorlik hissi to‘ldirdi, to‘g‘rilab bo‘lmaydigan baloga yo‘liqqanday bo‘ldim. Shunday og‘riq sezdimki, hech qanday o‘tkinchi huzur-halovat uning o‘rinini bosolmasdi. Qanday haqiqat bizni yolg‘on tuzog‘idan ozod qiladi? Birinchidan, shuni tan olishimiz kerakki, bu dunyoda bizda har doim ushalmagan orzular bo‘ladi. (Rim. 8:23) Agar barcha xohish istaklarimiz bu dunyodayoq ushalganda edi, biz bu dunyoning o‘zi bilan qanoatlanar va boshqa dunyoga intilmas ham edik. Bizdagi istak orzular o‘z-o‘zidan gunohli bo‘lavermasligini tushunib olishimiz zarur. Chindan ham yomoni bu istak orzularimizning hozir va shu yerdayoq ushalishini talab qilishimiz, qanday bo‘lmasin, aytganimiz ro‘yobga chiqmog‘i lozim, deb turib olishimizdir. Insonga jinsiy aloqaga bo‘lgan ehtiyojni Xudo bergan. Bu ehtiyoj qanoatlanishi lozim, biroq nikohda doirasidagina bo‘lsa agar. Ammo dunyo boshqacha o‘rgatadi va jinsiy yaqinlikka xohish bo‘lsa, bu xohishni qanoatlantishga haqingiz bor: kim bilan, qachon va qayerda – buning ahamiyati yo‘q deydi. Xuddi shu tarzda, ochlikni his qilishning ham hech qanday aybli joyi yo‘q. Emotsional va ruhiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun me’yordan ortiq ovqat yeyish – mana bu yomon. To Xudoning O‘zi istak xohishlaringizni qonuniy yo‘l bilan qanoatlantirish uchun sharoit yaratmas ekan, boriga qanoat qilib yashashni o‘rganmog‘imiz lozim. Ikkinchi haqiqat shundan iboratki: yuragimiz tubidagi ehtiyojlarni hech bir inson yoki buyum orqali qanoatlantira olmaymiz. Bu meni chindan ham, ruhan ozod qilgan haqiqatlarning biri. Meni baxtli qila oladigan odamlarni, qulay sharoitlarni uzoq yillar izladim. Ular ishonchimni oqlamadi, qayta-qayta pand berdi, natijada depressiya holatiga tushdim, umidlarim puchga chiqdi. Haqiqat shundaki, har qanday mavjudot oxir-oqibat umidingizni puchga chiqaradi. Buyumlar kuyishi yoki buzilishi, yo‘qolishi, o‘g‘ri bosqinchining qo‘liga tushishi mumkin. Odamlar ko‘chib ketishi, o‘zgarishi, ishonchingizni oqlamasligi yoki qazo qilishi mumkin. Bir necha yil avval o‘zim uchun qadrli bo‘lgan bir nechta yaqinimni yo‘qotishimga to‘g‘ri keldi, shundagina mana shu haqiqatni tushunib yetdim. To yuragim tubidagi orzu istaklar odamlar orqali ushalishini kutib yashar ekanman, har doim umidim puchga chiqaveradi. Turmushga chiqmagan, Xudoga sodiq, ajoyib masihiy ayollar bilan gaplashganman. Ular yolg‘izlikning qanchalik og‘irligi haqida gapirishadi. Shuni ham yodda tuting, turmush qurganlarning hammasi ham yolg‘izlikdan ozod bo‘lavermaydi. Turmushga chiqqan va yolg‘izlik hissidan qattiq qiynalib, yakkalanib yashayotgan ko‘p ayollarni bilaman. Gap shundaki, yer yuzida bironta erkak ayol qalbining tubidagi xohish orzularni qanoatlantira olmaydi. Xudo bizni shunday qilib yaratganki, Uning O‘zidan boshqa hech kim, hech narsa, hech qachon qalbimizdagi bo‘shliqni to‘ldira olmaydi. (Zab.15:11; 33:9–11) Eringiz bormi, yo‘qmi, siz shuni tushunib olishingiz kerak – xohish istaklarning paydo bo‘lishi yaxshi ham emas, yomon ham emas, ular bizning ruhiy holatimizni belgilamaydi. Bunday xohishlarni qabul qilib, Xudoga topshirishni va Xudo ularning ushalishini ta’minlashini kutish yashashni o‘rganmog‘imiz lozim. Yuqorida ko‘rganimizdek, Xudo haqida noto‘g‘ri tasavvurlar o‘zimiz to‘g‘rimizda noto‘g‘ri tasavvurlarni keltirib chiqaradi va ushbu asosiy sohalarning har qaysisidagi yolg‘on hayotimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Xudo haqida yoki o‘zingiz haqingizda yolg‘onga ishonish gunoh haqida yolg‘onga olib kelishi muqarrar. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 7. Hech narsaga arzimayman. • Mening qadr-qimmatim boshqalarning men haqimda qanday fikrda bo‘lishi yoki o‘zimning bu boradagi fikrim bilan belgilanmaydi. Mening qadr-qimmatimni Xudoning nazarida kim bo‘lishim bilan belgilanadi. • Xudo uchun mening jonim butun olamdan qimmat. • Men Xudoning farzandi, Uning bebaho xazinasiman. 8. O‘zimni yaxshi ko‘rishni o‘rganishim kerak. • Men imon bilan Xudoning sevgisini qabul qilishim kerak. • O‘zimni har doim yaxshi ko‘rganman. O‘zimdan kechishni o‘rganishim, Xudoga meda atrofdagi odamlarga nisbatan sevgi uyg‘otishiga yo‘l qo‘yib berishim kerak. 9. O‘zimni yengolmayapman. • Agar Xudoning farzandi bo‘lsam, o‘z ixtiyorimni Xudoga bo‘ysuntira olaman. • O‘z tanlovim uchun faqat o‘zim javob beraman. • Muqaddas Ruhning qudrati bilan o‘zgara olaman. 10. Mening haq-huquqlarim bor. • Huquqlarni himoya qilish ularning quli bo‘lish demakdir. • Huquqlarimdan voz kechishim meni ozod qiladi. 11. Tashqi go‘zallik ichki go‘zallikdan ko‘ra muhimroq. • Tashqi go‘zallik o‘tkinchidir, ertami kechmi u so‘nadi. • Xudo uchun eng muhimi – bu mening ruhiy go‘zalligim, munosib fe’l-atvorim. 12. Barcha xohishlarim albatta ro‘yobga chiqishi kerak. • Yer yuzida ham orzu istaklarimning aksari ushalmay qolib ketadi. • Qalbim tubidagi ehtiyojlarimni bironta mavjudot qanoatlantirishga qodir emas. • Agar o‘z ehtiyojlarimni e’tirof etsam, Xudoga bo‘lgan ehtiyojim oshadi, osmonga intilishlarim ham kuchayadi. Amalda qo‘llash 1. Xudoga BO‘YSUNING. O‘zingiz haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ularning qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quydagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Zab. 138:13–18, Ef. 1:3–8, Rim. 5:6–8, Rim. 8:1–2, 13, 15–17 Bu oyatlarda Xudo sizni qanday qabul qilishi haqida nima deyilgan? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Ota, Sendan uzoq bo‘lgan paytlarimda ham sevgingni inkor etib kelganimga qaramay meni izlaganing uchun rahmat. Shuni bilamanki, menda hech qanday arzigulik fazilat yo‘q. Mendan voz kechmaganing uchun rahmat. Meni hech bir shartsiz, mangu sevging bilan sevganing uchun minnatdorman. Men uchun O‘z O‘g‘lingni berganing, U mening gunohlarim deb yarador bo‘lgani, ayblarim tufayli o‘ldirilgani uchun rahmat. Meni O‘zingga qiz qilib, tanlab olganing, meni bebaho xazina o‘rnida ko‘rganing uchun rahmat. Muqaddas Ruhing yuragimda jo bo‘lgani uchun rahmat. Meni Iso singari qilib o‘zgartirib borayotganing uchun rahmat. Xizmatingda Senga hamkor bo‘lishimga yordam ber. O‘tinaman, meni Masihga o‘xshash qilib o‘zgartir, Masihning qalbini, fe’l-atvorini va hayotini yuragimga jo qilgin. Uning nomi bilan so‘rayman. Omin. 4 BOB Gunoh haqida    • Gunoh qilsam ham bu uchun menga hech narsa bo‘lmaydi.    • Men qilgan gunoh aslida bu darajada jiddiy emas.    • Xudo meni qilmishim uchun kechirolmaydi.    • Qilgan ishlarim va munosabatim uchun to‘liq javob bermayman.    • Gunohni har safar yengishga men qodir emasman.    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying.    • Amalda qo‘llash. Xotira daftarim. Adan bog‘ini tashlab ketganimizga olti oy bo‘ldi, biroq hali hanuz biz o‘zimizga kelolganimiz yo‘q. Odam Ato hammasida meni ayblaydi. Bilaman, ilonning gapiga kirmasligim kerak edi. Biroq Odam mening yonimda edi-ku. Nima uchun u hech narsa qilmadi? U ham men bilan birga yedi. Chinini aytaman, o‘sha paytda buning bu darajada jiddiy tus olishini bilmaganman. Endilikda o‘zimni ayblashdan boshqa chora topolmayapman: qanday qilib Xudoga qarshi bosh ko‘tara oldim, Axir U biz uchun shuncha yaxshilik qildi?! Endi avvalgi munosabatlarni tiklay olamizmi? Har safar Xudoga murojaat qilishga uringanimda, o‘rtamizda katta devor paydo bo‘lganini his qilaman. Xudoga itoat qilish bu qadar qiyin bo‘lishi, tabiatim bunga qarshi chiqishini kutmagan edim. Misol uchun, o‘sha kunga qadar, qachonki och qolsam – yerdim; to‘yganimni sezsam – yeyishdan to‘xtardim. Endi xuddiki hech yeb-to‘ymas bo‘lib qolgandekman, yeyishni boshlasam, to‘xtashim qiyin. Bu hayotimda menga bo‘ysunmaydigan yagona soha emas. Tilim ham qachon qaramang pand beradi, ayniqsa o‘zimni yomon his qilgan kunlarda. Misol uchun, kecha shunday bo‘ldi. O‘zimni yomon his qildim va kun davomida alamimni Odam Atodan oldim, bo‘lar-bo‘lmas narsalar uchun ham achchiqlandim. O‘zimni bunday tutgan vaqtlarda, ochig‘i chidolmayman. Badjahl bo‘lishni, har narsadan ayb izlashni yomon ko‘raman. Biroq gohida, o‘zimni boshqarolmayotgandek sezaman. Romerolar oilasi uyiga Salli laqabli bug‘ma ilonni sotib olganlarida, ilonning uzunligi bor yo‘g‘i 30 santimetr edi. Sakkiz yil o‘tib uning uzunligi 3,5 metrga yetdi, og‘irligi esa 36 kilogramm bo‘ldi. So‘ng, 1993 yil 20 iyul kuni Birma bug‘ma iloni – Salli o‘n besh yoshli Derek ismli bolaga hujum qildi va uni bug‘ib o‘ldirdi. Bir qaraganda yuvosh va muloyim ko‘ringan jonivor kunlarning birida, kutilmaganda vahshiy maxluqqa aylandi. Odamlar “uy hayvonini” boqib olganlarida, undan hech qanday xavf kutmagan, lekin hayvon hujum qilib, ularning hayotini zaharladi. Qandaydir ma’noda buning hech qanday ajablanarli joyi yo‘q deyishimiz mumkin, negaki bug‘ma ilon baribir ilonligiga bordi va tabiatiga mos ish qildi. Gunoh ham xuddi shunday. U bizni ovuntirishi, qiziqtirishi, yonimizda yotishi mumkin, lekin bu uning tabiati o‘zgaradi degani emas. Uning bosh ko‘tarishi, do‘stlashgan odamini yamlamay yutishi aniq. Har qanday yolg‘on o‘limga olib keladi. Biroq shaytonning bizni ishontirib, Xudo haqida va gunoh haqidagi yolg‘onidan halokatlisi yo‘q. U bizni Xudo aslida O‘zi aytgan Zot emasligi, gunoh Xudo aytganchalik katta xavfli solmasligiga ishontirishga harakat qiladi. Shayton bizdan Masihning ilohiy tabiatini, gunohning mash’um oqibatini yashiradi. “Xudo sen o‘ylaganchalik yaxshi emas, gunoh sen o‘ylaganchalik dahshatli emas”, deb bizni adashtiradi. Zamonaviy texnologiyalar fotosuratlarni shu darajada o‘zgartirib yuboradiki, eng xunuk manzaralarni ham chiroyli qilib ko‘rsatadi. Shayton ham gunohni xuddi shunday qilib ko‘rsatadi. U bor hiylasini ishga solib, rasmni buzib ko‘rsatadi va jirkanchli, dahshatli narsa ko‘zingizga ajoyib san’at asaridek ko‘rinadi. Biroq gunohning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, tabiati o‘zgarmaydi. Xuddi biz yuqorida aytgan, bir qarashda zararsiz, muloyimdek ko‘ringan bug‘ma ilon kabidir u, – uning o‘limga olib keladigan haqiqiy tabiati siz kutmagan kunda ochiladi. Shayton Adan bog‘ida isyon ko‘tarilishi uchun yolg‘onni ishga soldi va bu yolg‘on oxir-oqibat biz hayolga keltirmagan oqibatlarga olib keldi. Uning bugungi kunda ishlatgan yolg‘oni aslida ilkidayoq birinchi xotinga ishlatgan yolg‘onidan mutlaqo farq qilmaydi. Gunoh qilsam ham, bu uchun menga hech narsa bo‘lmaydi Shayton gunoh haqida ishlatadigan asosiy yolg‘on shundan iborat. Xudo Odam Atoga: “Yaxshilik va yomonlikni bilish daraxtining mevasidan yemaysan, undan yeyishing bilanoq, shubhasiz, o‘lasan” dedi. Xudo juda tushunarli qilib yemaslikni buyurdi. Bo‘ysunmaslikning oqibati qanday bo‘lishi ham aytildi: “Shubhasiz o‘lasan” – dedi Xudo. Shayton Momo Havoni bunday taqiq solgan Xudoning iltifoti va Xudo uning hayotini nazorat qilishga qanchalik haqli ekanligi haqida o‘ylab ko‘rishga majbur qilgach, bu bilan to‘xtamadi va uni gunohning oqibatlariga yengil nazar bilan qarashga undadi. Shayton Xudoning so‘zlariga qarshi gapirdi: “Yo‘q, o‘lmaysizlar, — dedi”. (Ibt. 3:4) Zaburning 9-sanosida muallif odamlar nima uchun Xudoga itoat qilmasligini uch marta tushuntiradi – ular o‘z ko‘nglida bu uchun hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylaydilar: “Ular o‘z ko‘nglida o‘ylaydilar: “Biz hech qachon qoqilmaymiz, Hech qachon kulfatlarga duch kelmaymiz” “Ular o‘z ko‘ngillarida: “Xudo qilmishlarimizni unutgan, U ko‘zlarini yumib olgan, hech narsani ko‘rmaydi”, deb o‘ylaydi..” “Nechun qabihlar Sendan nafratlanadi? Nechun o‘z ko‘nglida ular: “Xudo Mendan hisob so‘ramaydi”, deb aytadi?” Zab. 9:27, 32, 34 Dushman quyidagilarga ishontirishni xohlaydi: • Xudo gunohni hukm qilmaydi; • men ekkanimni o‘rmayman; • mening bugun qilgan tanlovim, ertangi kunimga ta’sir qilmaydi; • cho‘g‘ ustida yurib ham oyoqni kuydirmaslikning imkonini qila olaman. Yolg‘onning ko‘p turlarida bo‘lgani kabi, bu yolg‘onga ham biz o‘zimiz anglamagan holda ishonamiz; bunday fikrlarni hatto ochiqchasiga rad etishimiz ham mumkin. Biroq gunoh qilishni tanlasak agar, bunda hech qanday yomon taraflarni ko‘rmaganimiz sabab bo‘ladi. Shunda biz to‘yganimizga qaramay, desertning ikkinchi porsiyasini yeymiz. O‘ylamaymizki... • bir necha soatdan keyin buning oqibatida qornimiz shishadi; • ertaga taroziga turganimizda, nafsni tiymaganimiz uchun o‘zimizni koyib urushamiz; • bir necha marta “bo‘sh kelish” ortiqcha vaznga, aybdorlik hissiga, kayfiyat buzilishi va depressiyaga olib keladi; • keragidan ortiqcha yeyish yurak xastaligiga, diabetda, oshqozon faoliyatining buzilishiga yoki infarktga olib kelishi mumkin; • bu sohada nafsimizni tiya olmasligimiz bizni boshqa, bir muncha muhimroq sohalarda ham nafs ehtiroslarga qarshi kurashishga noqobil qiladi; • ko‘ngilga erk berish bolalarimizning ham fe’l-atvoriga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin, ular nafsi va ehtirosini tiya olmaydigan, o‘ta ojiz bo‘lib o‘sadi. Biz dunyoviy falsafa bilan sug‘orilgan va diyonatsizlik, beadablik, beahloqlikni targ‘ib qiladigan kitoblar, kinofilmlar, teledasturlar va musiqa bilan o‘zimizni ovuntiramiz. Shu vaqtning o‘zida o‘ylamaymizki, bu bilan... • gunohga qarshilik qilishdan to‘xtab, gunohdan qo‘rqish kerakligini unutamiz; • gunohga intila boshlaymiz, muqaddas hayot kechirishga bo‘lgan ishtiyoqimizni yo‘qotamiz; • Xudo bilan munosabatlarimizda to‘siqlar yaratamiz; • dunyoviylarga xos fikr qilishga odatlanamiz (bizning fikr-zikrimiz ohir-oqibat hayot tarzimizni belgilab beradi); • ko‘rgan va eshitganlarimizning qanday bo‘lsa ham hayotda o‘zimiz tomondan tatbiq qilinishi ehtimolini oshiramiz; • jinsiy yaqinlikka dunyoviy nazar bilan qaray boshlaymiz va bu bilan pokligimizning yo‘qolishiga yoki nikohimiz buzilishiga zamin yaratamiz; • bolalarimiz va nabiralarimizning diyonatsiz va beahloq bo‘lib o‘sishi ehtimolini oshiramiz. Biz xafa bo‘lamiz, o‘ylamaymizki, ertami-kechmi xafagarchilik... • bizda to‘g‘ri fikrlash qobiliyatining yo‘qolishiga olib keladi; • bizni baxtsiz, emotsional jihatdan beqaror qiladi; • organizmimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadi va bizda surunkali kasalliklar, charchash, tez toliqish, bosh og‘rig‘i, mushaklarning zo‘riqishi va oshqozon faoliyati bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi; • bizga Xudo tomonidan gunohlarimiz kechirilganini qabul qilishga halaqit beradi; • yaqinlarimizning hayotini qiyinlashtiradi va ular biz bilan aloqa qilgisi kelmaydi. Ish joyimizda yoki tasodifan orttirgan tanishlarimiz orasida yaxshi, xushmuomalali erkak bilan yaqin munosabatlar quramiz, buning nimaga olib kelishi haqida o‘ylashni istamaymiz va oqibatda ... • yuragimizga xiyonat urug‘ini ekamiz; • erimizni ko‘nglimizga yo‘l topish imkonidan mahrum qilamiz, negaki voqelik ongimizni egallagan fantaziyalar bilan tenglasha olmaydi; • o‘sha erkakning oilasini va o‘zimizning turmushimizni buzib yuborishimiz mumkin; • bizning dastimizdan bolalarimizning hayoti buzilishi mumkin; • bu erkak bilan zino qilmagan taqdirimizda ham, baribir kelajakda ahloqiy buzilishga yo‘l qo‘yishimiz mumkin bo‘ladi; • biz turmush o‘rtog‘imizga, bolalarimizga, qarindoshlarimizga va Xudoga nisbatan qayta tiklab bo‘lmaydigan darajada begonalashib qolishimiz mumkin. Biz har damda iblisning yolg‘onchi ekanligini eslatib turishimiz lozim. Xudo gunoh deb atagan narsani iblis shunday ataydi: Bu juda yaxshi! Buning hech qanday xavfli tomoni yo‘q. Buning aybi yo‘q. Bu ko‘ngilga yoqadi! Buning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Bu bilan shunchaki o‘z ehtiyojingni qanoatlanirasan, xolos Bu ilojsiz! Haqiqat shundaki, • ...gunoh xavfli, halokatli va buzg‘unchidir. • ...biz ekkanimizni o‘rib olamiz. • ...bugun qilgan har bir tanlovimizning shunga yarasha oqibati bo‘ladi. • ... olov bilan o‘ynashsak, kuyib qolishimiz muqarrar. • ... “gunoh yetilib, o‘limga olib boradi” (Yoqub 1:15). Afsuski, ko‘p odamlar o‘zining tabiati, basharga xos tanlovi bilan buning turmushdagi hayotiga, sog‘ligiga, odamlar bilan va Xudo bilan munosabatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘ra olmaydi. Gunohning lazzatlari Iblis bizni gunoh jazosiz qolishi haqida yolg‘onga ishontirishning o‘zi bilan chegaralanmaydi. Adan bog‘ida u Momo Havoga aytdiki: “Sizlar Xudoning aytganini qilmagan taqdiringizda ham buning oqibatlaridan qutulib qolishingiz mumkin va bular hali hammasi emas. Agar bu daraxtning mevasidan yesangiz, bundan ma’lum bir foyda ham ko‘rishingiz mumkin”. … Chunki Xudo biladiki, sizlar bu mevalardan yesangiz, ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar”. Ibt. 3:5 Boshqacha qilib aytganda, iblis xotinga oqibatlar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zboshimchalik bilan erishiladigan lazzat buni to‘liq oqlashini uqtirdi. Momo Havo unga ishondi, biz ham ishonyapmiz. Agar gunoh bizga zavq, lazzat berishini kutmaganimizda, unga qo‘l urarmidik? Aynan shu sababdan, “Men” («Self») jurnalida muxlislar burgan savollarga psixologning javoblari e’lon qilinadigan bo‘limda shunday yozilgan: “Nikohdan ko‘nglingiz sovugan bo‘lsa, boshqa erkak bilan ishkiy munosabatlar o‘rnatish bu holatni yengishda qo‘l kelishi mumkin, gohida buning natijasida ayol muvaffaqiyatsiz nikohga nuqta qo‘yishga o‘zida kuch va jur’at topadi”.1 Qandaydir ma’noda iblis gunohning “huzur-halovat” berishi haqida haq gapni aytadi. Ibroniylarga maktubda (11:25) gunoh chindan ham huzur-halovat berishi haqida aytilgan – bu vaqtinchalik. Ammo oxir-oqibat gunoh albatta halokatga olib keladi. Hech kim bundan mustasno bo‘lolmaydi. Bir do‘stim hamyonida gunohning oqibatlari ro‘yxatini saqlab keladi: • Gunoh shodligingizni o‘g‘irlaydi (Zab. 50:14). • Gunoh oqibatida ishonchimizni yo‘qotamiz (1 Yuh. 3:19–21). • Gunoh aybdorlik hissini uyg‘otadi (Zab. 50:5). • Gunoh shaytonga hokimiyat beradi (2 Kor. 2:9–11). • Gunoh Muqaddas Ruhning o‘tini so‘ndiradi (1 Sal. 5:19). • Gunoh jismimizga zarar yetkazadi (Zab. 37:2–12; 30:11). • Gunoh jonimizga azob beradi (Zab. 31:3–4). • Gunoh Xudoning Muqaddas Ruhini xafa qiladi (Ef. 4:30). • Gunoh boshqa gunohlarga yo‘l ochadi ( Ish. 30:1). • Gunoh bizni Xudodan ayiradi (Ish. 59:1–2). • Gunoh qo‘rquv keltirib chiqaradi (Hikm. 28:1). • Gunoh meni o‘ziga qul qiladi (Yuh. 8:34; Rim. 6:16). Do‘stim Xudoga bo‘ysunmaslik vasvasasiga yo‘liqqan vaqtlarda o‘sha ro‘yxatni olib o‘qiydi. O‘ziga savol beradi: “Qilmoqchi bo‘lganlarim chindan ham bunga arziydimi? Buni o‘zimga ep ko‘ra olamanmi?” Gohida gunohimizning oqibatlari bir necha oy yoki yillar o‘tib ko‘rina boshlaydi, gohida esa keyingi avlodingizda ko‘rinish beradi. Ayrim holatlarda gunohimiz oqibatlari oxirat kuni, Xudoning oldiga keltirilganimizda namoyon bo‘ladi. Shu sababdan ham biz gunohning oqibatlaridan qutulib qolganimizga qattiq ishonamiz. Voiz kitobida aytilganidek: “Jinoyatga tez jazo berilmagani uchun insonlarning yuragi yovuzliklar qilishga doim tayyor”. (Voiz 8:11) Xudoning jazoni keyinga qoldirishi bekorga emas. Buning sabablaridan biri – odamlarga tavba qilishlari uchun vaqt berishdir: “ ... U sabr–toqat qilyapti, chunki hech kimning halok bo‘lishini istamay, hammaning tavba qilishini xohlayapti”. (2 But. 3:9) Shunga qaramay, intiqom kuni albatta keladi. O‘sha kun Xudoga farzand bo‘lgan har bir odam o‘tmishda itoat qilmaslikni tanlagan vaqtlari uchun ko‘p pushaymon yeydi. Gunoh bilan o‘yinda, gunohning lazzati va rohatida o‘tkazilgan yillar ortda qolgach, shoh Sulaymon nihoyat (juda kech) shunday xulosaga keldi: … Gunohkorlar yuz marta jinoyat qilsalar ham, uzoq umr ko‘rishlari mumkin. Ha, “Xudodan qo‘rqadiganlarga undan ham yaxshiroq bo‘ladi, chunki ular Xudodan qo‘rqadilar”... Hamma narsa aytildi, mana endi xulosa: Xudodan qo‘rq, Uning amrlarini bajar, chunki bu hammaning burchidir. Har bir ishni, hatto yashirin qilingan ishlarni ham, yaxshi yoki yomon bo‘lishidan qat’iyy nazar, Xudo hukm qiladi. Voiz 8:12; 12:13 – 14. Men qilgan gunoh aslida bu darajada jiddiy emas Bu yolg‘on va biz keyingi bobda muhokama qiladigan yolg‘on (“Xudo qilmishlarim uchun meni kechira olmaydi”) aslida bir sohaning ikkita, bir-biriga qarshi tomonlaridir. Agar shayton bizni birinchi yolg‘onga ishontirolmasa, ikkinchi yolg‘onni ongimizga singdirishga harakat qiladi. Ikkisi ham bir-biriga teng yolg‘on, ikkisi ham ozodlikni yo‘qotishingizga olib keladi. Oramizda yaxshi oilada o‘sganlar yoki uzoq yillar imonlilar jamoatiga borib “o‘zini yaxshi tutishni” o‘rgangan odamlar bu yolg‘onga boshqalardan ko‘ra ko‘proq chalg‘iydi. Fohishalik qilishni, abort qildirishni yoki jinsimizni o‘zgartirishni hech qachon hayolimizga keltirmaymiz. Biz hech qachon yomon so‘z ishlatmaymiz, ish joyimizda rahbarimizning puliga xiyonat qilmaymiz, erdan ajrashmaymiz. “Jiddiy gunohlarni” qilgan boshqa odamlar bilan o‘zimizni solishtiradigan bo‘lsak, biz o‘zimizga ancha ijobiy baho bera olamiz. Biz qilgan gunohlar, jumladan vaqtni behuda o‘tkazish, o‘zimizni himoya qilishimiz, birovlarning sirini oshkor qilish, ochofatlik yoki ma’lum bir miqdorda spirtli ichimliklar ichish, achchiqso‘zlar, odamlarga tanqidiy munosabatda bo‘lish, haddan ortiq pul xarajat qilish, qo‘rquv, xavotir, xudbinlik va nolishlar nazarimizda bu qadar jiddiy gunohdek ko‘rinmaydi. Biz hatto bularni doim ham gunoh o‘rnida ko‘ravermaymiz, kamchiligimiz, odatimiz yoki fe’l-atvorimizga xos sifat o‘rnida qabul qilamiz. Momo Havo ham o‘z gunohini xuddi shunday qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, u erini tashlab ketgani yo‘q, Xudoga lan’at aytgani, Uning borligini inkor etgani ham yo‘q. O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, u shunchaki Xudo taqiqlagan daraxtning mevasidan yedi, xolos. Buning nimasi yomon? Yomon tomoni shu ediki, Xudo mevani: “Yema” degandi, Momo Havo: “Bilganimni qilaman, yeyman” – deb javob berdi. Momo Havo shunchaki Xudo taqiqlagan mevani yedi va uning bu qilmishi dahshatli oqibatlarga olib keldi: bu uning jismi tanasiga, ongiga, irodasi, emotsiyalari, Xudo bilan munosabatlari va oilasiga mash’um ta’sirini ko‘rsatdi. O‘sha “kichik” gunoh Odam Atoni ham yo‘ldan ozdirdi va natijada butun odamzot gunoh girdobiga botdi. Hovuzga tashlangan tosh uzoq vaqt halqa yeyib turadi, shu kabi gunoh ham hali-hanuz o‘zidan darak berib kelmoqda. Qaniydi har bir gunoh jiddiy ekanligini, har bir gunoh – bu Xudoga qarshi isyon, xiyonat ekanligini ko‘ra olganimizda edi! Har safar o‘zboshimchalik bilan ish tutganimizda, bu bilan Xudoga, olam Shohiga qarshi chiqqan bo‘lamiz. Jon Bunyan aytganidek, “birgina teshik butun boshli kemani cho‘ktiradi, birgina gunoh odamni halokatga olib keladi”. Yoki Bunyanning zamondoshi Jeremi Teylor aytganidek “qo‘l soati mexanizmida ahamiyatsiz murvat bo‘lmagani kabi, gunohning ham kichigi, ahamiyatsizi bo‘lmaydi”. Uyimning tashqi devori oq rangga bo‘yalgan. Yilning katta qismi davomida devorlar oppoq bo‘lib ko‘rinadi, biroq bu birinchi qor yoqqunga qadargina davom etadi. Qor yoqqach esa uyimning tashqi devori oppoq qorning oldida kir sariq ko‘rinish oladi. Boshqa gunohkorlar oldida “pok” ko‘ringan taqdirimizda ham, biz Xudoning muqaddasligiga teng kelolmaymiz. Gunoh haqida haqiqat Xudoning nazari bilan qaralsagina ochiq namoyon bo‘ladi. Uning pokiza, benuqson muqaddasligidan taralgan nurga qaraganimizda, gunohlarimizning qanchalik jirkanchli ekanligini chuqur anglay boshlaymiz. XVII va XVIII asr puritanlari muqaddaslikka va itoatkorlikka berilib bu bilan keng nom qozongan. Ularning hayot tarzidan qoralashga arzigulik biron bir narsa topish qiyin bo‘lgan. Aksariyat odamlar bilishadiki, kim qanday bo‘lmasin, lekin puritanlar hech qachon og‘ir gunohga qo‘l urmagan. Biroq yozgan kitoblariga qaraydigan bo‘lsak, ular o‘zlarini o‘taketgan gunohkor deb hisoblaganini ko‘ramiz. Xudo bilan yaqindan aloqa qilib yashaganlari bois ularda o‘z gunohiga nisbatan, u boshqalarning nazarida qanchalik kichik ko‘rinishidan qat’iy nazar, nafrat paydo bo‘lgan. Bunday idrok ularga ibodatda so‘raganlari tufayli keladi: Menga gunohning xunukligini ko‘rsat, toki undan nafratlanayin, uni yomon ko‘rayin, undan o‘zimni olib qochayin … Gunohning jirkanchliligi qilmishning tabiati bilan emas, balki uning qanchayin buyuk Shaxsga qarshi qilinganligi bilan o‘lchanishini unutib qo‘yishimga zinhor yo‘l qo‘ymagin2. Xudo meni qilmishim uchun kechirolmaydi Kechirim mavzusini ochganimda, har safar kimdir albatta: “Men qilgan ishim uchun haligacha o‘zimni kechira olmayman” – deydi. Qizig‘i shuki, Muqaddas Kitobda biz o‘zimizni kechirishimiz kerakligi haqida hech narsa deyilmagan. Lekin mening fikrimga ko‘ra, ko‘p ayollar bu bilan Xudo ularni qilmishlari uchun kechirganini his qila olmaganini nazarda tutadi. Ular haligacha yo‘l qo‘ygan xatosi uchun aybdorlik hissi bilan yashashadi. Xudo ularni kechirishga qodirligini bilishsada, lekin chindan ham barcha gunohlari kechirilganiga ishonishmaydi. Ular uchun Xudoning iltifotini va kechirimini qabul qilish qiyin. Ular o‘ylaydiki, Xudo bilan munosabatni tiklash, Uning iltifotini qaytarish uchun endi qandaydir yo‘l bilan gunoh yuvilmog‘i lozim, “jazoni” o‘tash zarur va shunda ehtimol, qilingan yomon ish yuvilar. Muammo shundaki, Muqaddas Xudo oldidagi aybimizni yoki Unga qarshi qilgan hatto birgina gunohimizni bir umr “yaxshi ishlar” qilib ham yuva olmaymiz. Ishqor bilan ishqalab, ko‘p sovun ishlatib, yuvib ketkazilmagan dog‘ misoli gunoh ham, inson qancha zo‘r berib urinmasin, qora dog‘ solib turaveradi. Faqat birgina vosita borki, bu dog‘ni “eritib yuboradi”, gunohlarimiz qizil rangga o‘xshasa, bizni qorday oppoq qiladi: Ayblarimdan meni nima forig‘ qiladi? — hech narsa, faqat Isoning qoni, Dardimga nima shifo beradi? — hech narsa, faqat Isoning qoni. Ruhimni gunohdan nima qutqaradi? — hech narsa, faqat Isoning qoni. Mening xayrli ishlarim emas, balki — Isoning qoni bunga qodir 3. Ikkita bir-biriga qarshi fikr bor: “gunoh bu darajada jiddiy narsa emas” va “Xudo meni qilmishim uchun kechira olmaydi”. Bularning qaysi biri to‘g‘ri? Haqiqat birgina Galgo‘tada ochiladi. Zabur 84-sanoda Rabbimiz Iso xochda biz uchun nima qilganing ajoyib izohini topamiz: “Sevgi va haqiqat uchrashadi, Adolat, tinchlik bir–biri ila o‘pishadi” Aynan Galgo‘tada Xudoning iltifoti va gunohkorlarga bo‘lgan sevgisi Uning haq adolati bilan, muqaddasligi bois gunohga nisbatan his etgan nafrati bilan uchrashdi. Galgo‘tada Xudo butun dunyoning gunohi uchun beriladigan jazoni Isoga yukladi. Bu bilan Xudodan ayrilgan odamzotga, jamiki gunohkorlarga sulh taklif etildi, yarashish imkoni berildi. Xudoning gunoh haqida qanday fikrda ekanligini bizga xoch ko‘rsatib beradi – U bizni o‘zimiz ko‘p jiddiy qabul qilmagan o‘sha “zaifliklardan” ozod qilish uchun juda qimmat baho to‘ladi. Xoch – eng ashaddiy gunohkorga Xudoning sevgisi va iltifoti ko‘rsatilganining ramzi, ham ifodasidir. Uilyam Kuper Angliyada XIX asrning eng yaxshi yozuvchilaridan biri bo‘lgan. Biroq uning yoshligi og‘ir o‘tgan: u aybdorlik hissi, umidsizlik dardi bilan yashagan. U asab kasalligini boshdan o‘tkazgan, o‘z joniga qasd qilib buning oqibatida ruhiy xastalar shifoxonasiga yotqizilgan va u yerda bir yarim yil davolangan. Shifoxonada yotgan vaqtda u Kalomdan bir parchani o‘qib qoladi va o‘sha parcha uning umri o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. U shuni anglab yetdiki, “Xudo Iso Masihni bu dunyoga yubordi. Masihga ishonganlarning hammasi Uning to‘kilgan qoni orqali Xudo bilan yarashadi. Shunday qilib, Xudo O‘zining adolatini namoyon qildi. U o‘tmishda sabr–toqat qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan edi, endi esa Iso Masihga ishonganlarni oqlab, O‘zining haq ekanligini ko‘rsatmoqda”. (Rim. 3:25–26) Kuper bu haqiqatni tushundi, qabul qildi va Masihga imon keltirdi bu orqali gunohlaridan forig‘ bo‘ldi. Ko‘p yillar o‘tib u kechirim topish mo‘‘jizasini madh orqali bayon etadi va mana ikki yuz yildan buyon ushbu madh tavba qilgan gunohkorlarga umid berib kelmoqda. Bu madhni ehtimol siz ham ko‘p marotaba aytgandirsiz. Hozir to‘xtab, bu so‘zlarni yana bir marta xirgoyi qiling. Qo‘shiqni shoshilmasdan, undagi so‘zlarni birinchi marta eshitayotgandek ayting va Xudoning iltifotidan, gunohkorlarni sotib olishida namoyon bo‘lgan sevgisidan orom va quvonch toping: Muqaddas qon soy bo‘lib oqar – gunohlarni yuvmoq uchun Azob chekkan kim bo‘lsa, undan topar orom, mehnatidan tinim. Xochga mixlangan qaroqchi bu ajoyib, muqaddas buloqni topdi Tozalangach, uning joni ham orom oldi Xudodan yiroq edim, dunyoning changalida daydib yurardim, Lekin U meni O‘ziga qaratdi va men Uning qo‘lidaman. Va agar ojizlik qilib yana Isoni ranjitsam, Bilaman, muqaddas Qoni bilan aybim yuviladi. Qilgan ishlarim va munosabatim uchun to‘liq javob bermayman Anna Rasselning hazil tariqasida yozgan “ruhiy kasallar uchun xalq qo‘shiq” biz o‘z qilmishlarimizda boshqalarni ayblashni qanchalik yaxshi ko‘rishimizni juda yorqin qilib ko‘rsatib beradi: Uch yoki to‘rt yoshimda ukamlarni yomon ko‘rdim. Shu tariqa, ikkilanmay ularning ovqatiga zahar soldim. Lekin sozman, tushundimki, shunday saboq bor bunda: Qilmishni qilsamda men, har doim aybdor bo‘lar o‘zga. Adan bog‘iga qaytadigan bo‘lsak, bu yerda yo‘ldan ozdirishning eng qadimiy shakllaridan biri paydo bo‘lganini ko‘ramiz. Odam Ato bilan Momo Havo taqiqlangan mevani yeganlaridan keyin Xudo ularni qilmishlari uchun javobga tortdi. (Kalomda bu mavzu muntazam takrorlanadi – har birimiz Xudoning oldida qilgan ishlarimiz uchun javob beramiz”. E’tibor bering, o‘sha paytda Xudo ularni bir butun holda qabul qilmagan. “Nima qilib qo‘ydilaring?” – demadi. Shuningdek, Odam Ato va Momo Havodan bir-birining harakatini tushuntirishlarini talab qilmadi. Xudo Odam Atodan: “Momo Havo nima qildi?” Momo Havodan: “Ering nima qildi?” deb so‘ragani yo‘q. Parvardigor Egamiz avval Odam Atoga murojaat qildi, so‘ng Momo Havoga va har biriga alohida savol berib: “Bu nima qilganing?” – dedi. Xudoning Odam Atoga bergan savoli juda aniq va lo‘nda edi: “Men, yemanglar, deb amr etgan daraxtning mevasidan yedingmi?” (Ibt.3:11) Parvardigor Egamiz xotinga: “Bu nima qilganing?” dedi. (Ibt. 3:13) Xudo ulardan shunchaki haqiqatni tan olishni so‘ragan edi. Voqealar rivojida Odam bilan xotini qilgan bu qilmishlari uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olish o‘rniga, bir-birini ayblay boshladi. “Men, yemanglar, deb amr etgan daraxtning mevasidan yedingmi?” deb so‘radi Xudo Odamdan. Odam javob berdi: “O‘zing menga bergan xotin o‘sha daraxtning mevasidan menga berdi, men ham yedim”. (Ibt. 3:12) Shunda Parvardigor Egamiz xotinga: “Bu nima qilganing?” — dedi. “Ilon meni aldadi, men mevadan yedim” – dedi xotin. Ikkala holatda ham ularning javobi to‘g‘ri edi. Haqiqatdan ham, xotinni Odamga Xudo bergan edi va xotin eriga o‘sha daraxtning mevasini berdi. Momo Havoni ilon aldagani ham chin, haqiqat edi. Ammo Odam bilan xotin aybni boshqaga yuklash bilan, bu gunoh uchun har biri o‘zidan mas’uliyatni soqit qilishga urindi. Xudo ulardan gunohga kim ig‘vo qilganini so‘ramadi, – u Odam bilan xotin qilmishlari uchun mas’uliyatni o‘z bo‘ynilariga olishini xohlardi. Gunoh kimning ta’siri ostida qilinganiga qaramay, bu aslida ularning tanlovi edi. Odam va Momo Havo eng birinchilardan bo‘lib “ayblovchilar” qatorini boshlab berishdi, lekin bu qatorda ular oxirgi bo‘lib qolmadi. “Adan bog‘ida boshlangan o‘yin – bu bizning sizlar bilan o‘yinimizdir. Biz bu o‘yinni qoyilmaqom qilib o‘ynaymiz – tabiatimiz bunga moyil. Quyidagi guvohliklar bunga tasdiq, dalil bo‘la oladi: Har doim boshqalarni, Xudoni va tashqi sharoitlarni ayblab, men o‘z hayotim uchun, gunohlarim va qabul qilgan qarorlarim uchun mas’uliyat sezmay qo‘ydim. Shunda o‘zimni xuddi tuzoqqa tushgandek, mutlaqo ojiz his qildim. Mening tez-tez depressiya holatiga tushishimga o‘lja bo‘lganim sabab ekanligiga ishonardim. Depressiya – mening aybim emas deb hisoblar edim. Depressiya g‘azablanishim oqibatida paydo bo‘layotganini tushuna boshlaganimda, gunohim uchun mas’uliyatni o‘z zimmamga oladigan bo‘ldim va shu orqali ozodlikka erishdim. Ish joyimda bir hamkasbim bilan ishqiy munosabat bog‘lab, ko‘p gunoh qilganman. Men undan emotsional tomondan dalda olardim, yumshoq muomala qilishidan quvonardim, chunki turmush o‘rtog‘im ayrim narsalarni mendan sir saqlardi – u pornografiyaga qiziqardi va hech qachon menga dalda bergan emas. Nazarimda aynan erimning fe’l-atvori meni hamkasbim bilan yaqinlikda bo‘lishga majbur qilgandek tuyulardi. O‘zimni oqlardim va “erimdan ko‘ra men o‘zimni yaxshiroq tutyapman” deb o‘ylardim. Bizning tabiatimiz shunday: g‘azablanganimizda, depressiya holatiga tushganimizda, achchiqlanganimizda, qizishganimizda, besabrlik qilganimizda yoki bir narsadan hayiqqanimizda, mas’uliyatning hech bo‘lmasa bir qismini boshqalarning zimmasiga yuklaymiz, yo bo‘lmasa sharoitdan ayb qidiramiz, u bizni “shu kuyga soldi”, deymiz. Oilasi buzilgan yuzlab ayollarning taqdiri bilan tanishdim desam xato qilmasam kerak. Ular har doim sobiq eri xafa qilgani haqida gapirib, turmushi buzilishiga ham aynan shuni sabab qilib ko‘rsatishardi. Hozir men: “Turmushim buzilishida mening ham aybim bor, chunki erimga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lganman, o‘ylamasdan qaror qabul qilar edim” yoki “erim bilan ajrashib, noto‘g‘ri qilganman” degan bironta ayolni eslay olmayman. Hayotda ularni qarzga botib yashashga, yegulikdan tasalli topishga, beahloq ishlarni qilishga yoki ota-onasidan uzoqlashishga majbur qilgan vaziyatlar haqida men bilan bo‘lishgan ayollarning soni, sanog‘i yo‘q. Hayotida muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan tanlovi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganlar juda ozchilikni tashkil qiladi. Bir konferensiyada o‘rta yoshli ayolning sahnaga chiqib guvohlik berganini hech qachon unutmayman. U o‘zini tanishtirdi va mana yigirma ikki yildan beri psixolog bo‘lib ishlab kelganini aytdi. Keyin shu qadar samimiy so‘zladiki, aytganlari odamlarning yuragi tubigacha yetib borardi. Uzil-kesil ovoz bilan u shunday dedi: “Xudoyim, Sendan kechirim so‘rayman, sizlardan ham, qadrli opa-singillar: uzoq vaqt sizlarni aldadim, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib keldim. Men sizlarga qilgan ishingiz uchun faqat o‘zingiz javob berishingizni aytmadim. Meni kechiringlar!” G‘anim bizga shuni uqtirib aytadiki, agar tanlovimiz uchun butun javobgarlikni o‘z zimmamizga olsak, biz og‘ir aybdorlik hissidan azob chekamiz. Tanlovimiz va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatimiz uchun butun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olish bilangina biz aybdorlik hissidan to‘liq ozod bo‘lishimiz mumkin.Bir yozuvchi aytganidek: Gunoh – halokatli holatimizda eng yaxshi xabar. Negaki, agar bu gunoh bo‘lsa, demak har doim undan qutulishning yo‘li ham bo‘ladi. Tavba qilishning imkoni bor. Yetarlicha tarbiya olmaganingiz yoki ota-onangiz dilingizni og‘ritgani uchun tavba qilolmaysiz, – bulardan qutula olmaysiz. Biroq gunohingiz uchun tavba qilishingiz mumkin. Gunoh va tavba – quvonchga va umidga zamin hozirlovchi, qonuniyatga asoslangan yagona shart bo‘ladi.4 Gunohni har safar yengishga men qodir emasman Xizer ismli ayolning boshdan kechirganlari har qanday masihiyga o‘z tajribasidan tanish holat bo‘lib ko‘rinsa ajab emas: Hayotda qilgan gunohlarim shu qadar ko‘pki! Nima qilsam, ozod bo‘laman? Nazarimda buning imkoni yo‘qdek. Gunohlarimdan qutulishni juda xohlardim, biroq ular jismimni boshqarishda davom etyapti. Har safar Xudoning oldiga bir xil gunohlarimni aytib kelaverishga yuzim chidamayapman. Xudoga dilimda borini aytib yoyganimda ahvolim yanada chigallashib, umidsiz holga tushgandek bo‘ldim. Qanday qilsamki, yolg‘ondan ozod bo‘laman? O‘zgarishni juda xohlardim. Bu so‘zlar havoriy Pavlusning dod-faryodini esimga soladi: Men bundan ushbu xulosani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo‘lganimda, qalbimda hamisha yomonlik poylab turadi. Butun qalbim bilan Xudoning qonunidan zavq olaman. Ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qoida amal qilmoqda. Bu qoida ongimdagi qonunga qarshi kurash olib borib, a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qoidasiga meni asir qilyapti. Oh, men sho‘rlik odam! O‘lim soyasi ostidagi bu ahvolimdan kim meni qutqarar ekan? Rim. 7:21 – 24 So‘rovnama o‘tkazganimizda, unda qatnashgan ayollarning yarmidan ko‘pi gunohni hamisha yengib kela olmasligi haqida yolg‘onga ishonganini tan olishdi. Bundan bilamizki, shayton imonlilar ozod bo‘lmasligi uchun mana shu yolg‘onni ishga soladi. Rimliklarga maktubdan shuni ko‘rdikki, Xudoning har qanday farzandi yangi ijod bo‘lib tug‘iladi, Xudoga bo‘ysunuvchan tabiatga ega bo‘ladi. Masihga chindan ishongan har qanday imonli yuragida Xudoga bo‘ysunib yashashni orzu qiladi. Biroq Kalomda yozilishicha, insoniy istaklar hatto yuqoridan tug‘ilganimizdan keyin ham yuragimizda jo bo‘lgan Muqaddas Ruhga qarshilik qilishda davom etadi. Muqaddas Ruh: “Kechir” desa, Xudbin istak: “Kechirma” deydi. Muqaddas Ruh: “Nafsingni tiy” deb o‘rgatsa, Xudbin istak: “Ko‘ngling nima xohlasa, qachon xohlasa, olib yegin” deydi. Muqaddas Ruh: “Muhtojga ber pulingni” desa. Xudbin istak: “Senikidir hammasi, o‘zing ko‘rgin rohatin”, deydi. Muqaddas Ruh: “Vaqtingni Kalomga, ibodatga bag‘ishla” desa, Xudbin istak: “Kun og‘ir keldi senga. O‘zingni bo‘sh qo‘y, televizor tomosha qil” deydi. Muqaddas Ruh: “Tilni tiy. Sen aytmoqchi bo‘lganlar asli achchiq zarda. Unga hojat yo‘q” desa, Xudbin istak: “Hammasini boricha ayt!” deydi. Har safar xudbin istaklarimizni Muqaddas Ruhdan ustun qo‘yganimizda, bu bilan gunohga ustimizdan hukmronlik qilishga yo‘l qo‘yamiz. Va aksincha, har safar Muqaddas Ruhga itoat qilganimizda, bu bilan Unga hayotimiz ustidan boshchilik qilishga ko‘proq yo‘l ochamiz. Xudodan ko‘ra gunohni ustun qo‘yish va unga muntazam bo‘ysunish oqibatida biz o‘zimizda qutulish juda qiyin bo‘ladigan odatlar shakllanishiga zamin yaratamiz va bu bilan gunohga qul bo‘lishni tanlaymiz. Ma’lum bir vaqt biz to‘g‘ri ishlarni qilishga urinamiz, uddasidan chiqolmagach, yana harakat qilamiz – yana muvaffaqiyatsizlikka uchraymiz. Shunda iblis bizni hech narsani o‘zgartira olmasligimizga, umrimiz oxirigacha bu gunohga qul bo‘lib o‘tishimizga ishontirishga harakat qiladi. Shunda fikrimizga shum hayol keladi: “Bundan nima foyda? Axir baribir yengilaman. Qancha kurashsam ham, bu jangda g‘olib bo‘lolmayman”, deymiz va taslim bo‘lamiz. Oqibatda nima bo‘ladi? Shayton bizni yengadi. U bizni ishontirdi, vasvasa va gunoh ustidan uzluksiz g‘alaba qozonib yashashga noqobil ekanligimizni ongimizga singdirishga muvaffaq bo‘ldi Kristina va Sherilning muammolari garchi bir-biridan farq qilsada, bu ayollarning ikkisi ham birdek holatni boshdan kechirgan: Ayollarga bo‘lgan ishtiyoq meni qiynardi, bu bilan kurashar va shu vaqtning o‘zida buning beahloqlik ekanligini o‘zim juda yaxshi tushunardim. Fikr, hayollarim bilan qancha kurashmay, vaziyat faqat qiyinlashib borardi. O‘y-hayollarimni boshqara olmayman deb o‘ylardim. Xudo oldida nopok ekanligimni bilsamda, bundan qutulishning chorasini topolmasdim. Uzoq yillar ochko‘zlikdan qiynalaman. Bu bilan har kuni kurashaman. O‘zgara olmasligim, hech qachon buni yenga olmasligim haqida fikrlar meni har doim qiynab keladi. Ma’lum bir vaqt o‘zimni ushlab turolsamda, keyin yolg‘on qaytadan hujum qiladi va hammasi boshidan boshlanadi. Esda tuting, bizning fikr-zikrimiz hayot tarzimizni belgilab beradi. Baribir gunoh qilamiz desak va bunga ishonsak gunoh qilaveramiz. Gunoh bo‘yinturug‘ida yashashimizga ishonsak, demak gunohga qul bo‘lib yashashda davom etamiz. Yenga olishimizga ishonmasak, yengolmasligimiz muqarrar. Sheril muhim bir narsani e’tirof etadi. U o‘zgara olmasligiga ishonadi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, lekin buning tan olinishi aslida gunoh ustidan g‘alaba sari bosiladigan birinchi qadam bo‘ladi. Siz ham, men ham o‘zimizni o‘zgartira olmaymiz. Vaholanki Iso: “Mensiz hech narsa qilolmaysizlar” deydi. (Yuhanno 15:5) Shunday ekan, nima qilishimiz kerak? Gunohdan qanday ozod bo‘la olamiz? Bizni faqat haqiqat ozod qila oladi? Masihning qurbonligi tufayli biz gunohni yengishga qodir bo‘ldik. Shayton endi bizga hokim emas va biz bundan buyon unga qul bo‘lmasligimiz kerak. Haqiqat shundaki, agar sizlar Masihda bo‘lsangizlar va Masih sizlarda bo‘lsa ... Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli bo‘lib qoldingizlar. <…> Hayot ato etuvchi Ruhning qonun–qoidasi Iso Masih orqali bizni gunohdan va o‘limga yetaklaydigan qonundan ozod qildi. Rim. 6:18; 8:2 Gunohkorlar uchun Xushxabar Yuqorida ko‘rganimizdek, shayton Momo Havoga taqiqlangan mevani yesa agar ko‘zlari ochilishi, u ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolishini va’da qildi. Aslida esa, o‘sha ondayoq ... • Xotin ruhan ko‘r bo‘lib, haqiqatni ajratolmay qoldi. • Xotin ilkida garchi Xudoning suratiday qilib yaratilgan bo‘lsada, endilikda bu surat bulg‘andi, u gunohga moyil tabiatga ega bo‘ldi. Zulmat nurga qarshi bo‘lgani kabi, bu tabiat ham Xudoga shunchalik qarshi, xilof edi. • Xotin chindan ham yomon narsalarni biladigan bo‘ldi (Xudo bunday bo‘lishini xohlamagandi), ammo Xudo bilan munosabat buzildi va xotin pokizaligini, tozaligini yo‘qotdi. O‘sha vaqtdan buyon har qanday odam dunyoga xuddi o‘sha, nopok holda keladi: ruhan ko‘r, gunohkor bo‘lib, Xudodan ayirilgan holda, Unga nomaqbul, ko‘nglini olishga noqobil bo‘lib tug‘iladi. Gunohimiz bois hammamiz Xudoning adolatli hukmi ostida yashaymiz. Injil Xushxabari shundan iboratki – Iso bu dunyoga keldi, gunohning halokatli oqibatlarini o‘zgartirish uchun U bizning barcha gunohlarimiz va Momo Havoning gunohlari uchun jazoni O‘ziga oldi. Uning begunoh hayoti, Galgo‘tadagi o‘limi va o‘lim ustidan zafar quchib tirilishi vositasida biz barcha gunohlarimizdan forig‘ bo‘lish, avval Xudoni ranjitgan bo‘lsakda, endilikda U bilan yarashib, muqaddas hayot kechirish qudratiga ega bo‘ldik. Muqaddas Xudo oldida oqlanishimiz, gunohlarimizning kechirilishi bizning masihiylar oilasida tug‘ilganimiz yoki imonlilar jamoatiga borganimiz sharofati emas. Gap bizning suvda cho‘mdirilganimizda, imonlilar jamoati qatoriga qo‘shilganimizda, xayrli ishlar qilishimizda, tavbaga chaqirganlarida oldinga chiqqanimiz, kuchli ruhiy kechinmalarni his qilishimiz, ma’lum bir ibodatni yoddan bilishimiz yoki jamoat hayotida faol ishtirok etishimizda ham emas. Biz gunohdan o‘z ishlarimiz bilan qutqarilmaymiz. Abadiy najotga ega bo‘lishning birdan-bir yo‘li – bu Masihning xochda o‘limiga umid bog‘lashdir. Joni qutqarilganidan shubhalanib yashayotgan ayollardan ko‘p maktublar olaman. Ayrimlari “to‘g‘ri javobni” bilsalarda, hali-hamon qandaydir gunohdan qiynalib yashaydi. Nazarimda, ko‘p holatlarda bunga ularning qilgan gunohi uchun chindan tavba qilmagani, Isoga umid bog‘lamagani, birgina Iso ularni qutqara olishiga ishonmaganlari sabab. Ular balki dindor odamlardir, lekin Xudo oldida o‘zini oqlay olmasligi shubhasiz. Siz-chi, singlim yoki opam? Dushman sizni qo‘rquv, shubha va aybdorlik iskanjasida ushlab turishni xohlaydi. Xudo sizning ozod bo‘lishingizni, imonda mustahkam bo‘lib, gunohlaringiz kechirilganiga ishonib yashashingizni xohlaydi. Sizning qanchalik “yaxshi odam” bo‘lganingizdan qat’iy nazar, Xudo oldida solihlikka erishishning birdan-bir yo‘li – bu Iso Masihga ishonishdir. Sizning qanchalik gunohkor bo‘lganingizdan qat’iy nazar, Uning inoyati sizni qutqarish uchun yetarlidir. Gunoh masalasini yechishning birdan-bir yo‘li – bu Iso Masihning xochdagi o‘limi. Agar shu vaqtga qadar gunohingiz bilan bog‘liq masalaga bu yo‘l bilan hech yechim topolmagan bo‘lsangiz, Xudoning farzandi bo‘lganingiz sizda shubha uyg‘otib kelayotgan bo‘lsa, sizga navbatdagi bobga o‘tishdan avval, hozir shu yerda to‘xtashni va Xudo bilan munosabatlaringizni tiklashni taklif etmoqchiman. Dushman sizni ko‘r qilishi yoki qullik bo‘yinturug‘iga solishiga yo‘l qo‘ymang. Bu sizning abadiyatdagi hayotingizni belgilab beradi. Xudo oldida Uning qonuniga qarshi gunoh qilganingizni va o‘zingizni qutqara olmasligingizni tan oling. Xudoga Iso Masihni yuborgani va gunohingiz yukini Unga yuklagani uchun rahmat ayting. Masih sizni qutqarishiga ishoning va abadiy hayot in’omiga ega bo‘ling. Xudoga gunohdan voz kechishni, faqat Masihga umib qilishni va Unga hayotingiz Sohibi bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berishni xohlayotganingizni ayting. So‘ng Unga gunohingizni kechirgani uchun rahmat ayting; yuragingizda yashash uchun yuborilgan va agar bo‘ysunsangiz, sizga gunohni yengishga yordam beradigan Muqaddas Ruh in’omi uchun rahmat ayting. Kecha yaqinda imon keltirgan yoki Masihni uzoq yillardan beri tanib bilarsiz balki, nima bo‘lgan taqdirda ham, keling hozir puritanlarning eski ibodati bilan Xudoga murojaat qilaylik. Keling, Xudo bizni qanday ahvolda topgani va biz uchun nima qilganini esga olaylik: Menga gunohning hayratda qoldiradigan qabohatini, Najotning hayratda qoldiradigan adolatini, Masihning hayratda qoldiradigan ulug‘vorligini, Muqaddaslikning hayratda qoldiradigan go‘zalligi, Xudo inoyatining hayratda qoldiradigan ajoyibotini, Hech qachon unutib qo‘ymasligimga yordam ber5. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 13. Gunoh qilsam ham bu uchun menga hech narsa bo‘lmaydi. • Mening bugun qilgan tanlovim ma’lum bir natijalarni beradi. Nima eksam, shuni o‘rib olaman. • Gunoh qisqa vaqtgagina lazzat beradi. • Olov bilan o‘ynashsam agar, kuyib qolishim muqarrar. Gunohning oqibatlaridan qutula olmayman. 14. Men qilgan gunoh aslida bu darajada jiddiy emas. • Har bir gunoh – Xudoga qarshi isyon demakdir. • Gunoh hech qachon kichik, ahamiyatsiz bo‘lmaydi. 15. Xudo meni qilmishim uchun kechirolmaydi. • Isoning qoni meni har qanday gunohdan forig‘ qilish uchun yetarlidir. • Xudo kechira olmaydigan gunoh yo‘q. • Xudoning inoyati dunyodagi eng katta gunohdan ham ustun. 16. Qilgan ishlarim va munosabatim uchun to‘liq javob bermayman. • Xudo boshqa odamlarning gunohi uchun mendan javob so‘ramaydi. • Men o‘z tanlovim uchun javob beraman. 17. Gunohni har safar yengishga men qodir emasman. • Agar Xudoning farzandi bo‘lsam, gunoh qilmay yashay olaman. • Men gunohning quli emasman. Masihda men gunohdan ozod bo‘lganman. • Xudoning iltifoti hamda Masihning xochda o‘limi tufayli men gunohni yengishga qodirman. Amalda qo‘llash 1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING. Siz gunoh haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quydagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Zab. 31:1–5, Yoqub 1:13–15, 1 Yuh. 1:5–9, Rim. 6:11–14. Bu oyatlarda gunohning tabiati, uning hayotimizga ko‘rsatgan ta’siri va Xudoning gunoh masalasiga oid yechimi haqida nima deyilgan? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Muqaddas Xudo, meni kechir. Ko‘pincha gunohga va uning oqibatlariga haddan ortiq darajada yengil qaraganim uchun tavba qilaman. Gunoh – Senga qarshi isyon ekanligini tushunaman, u Sening dilingni ranjitadi. Mening gunohim uchun yetarli to‘lov bo‘lgan Isoning qoni uchun rahmat. Rabbim Iso, mening ayblarim va gunohlarim uchun jazoni O‘z zimmanganingizga olganingiz, meni Xudo beradigan solihlikka erishtirganingiz uchun rahmat. Yolvoraman, gunohim bois xochda qurbon bo‘lganingizni yetarlicha jiddiy qabul qilmaganim uchun meni kechiring. Barcha gunohlarim uchun kechirganingiz, meni aybdan va hukmdan ozod bo‘lib huzuringizda turishga munosib qilganingiz uchun rahmat. Xoch orqali hamda yuragimda jo bo‘lgan Muqaddas Ruhning qudrati orqali meni gunohdan ozod bo‘lib yashashga, Sizga itoat qilishga qodir qilganingiz ham uchun rahmat. Ont ichib aytganlaringiz – bir kun O‘z farzandlaringizni gunohning ta’siridan tamomila ozod qilish, bizlarni abadul abadga osmonga olib ketish haqida bergan va’dalaringiz uchun Sizni ulug‘layman. Omin. 5 BOB Ustunliklar haqida    • Zarur bo‘lgan ishlarning hammasiga vaqtim yetmaydi    • Muntazam ibodat qilmasdan ham, Kalom o‘qimasdan ham osoyishta yashay olaman.    • Kasb sohasida martabaga erishish xotinlik va onalik vazifasidan ko‘ra ko‘proq qoniqish beradi.    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying    • Amalda qo‘llash Xotira daftarim, Hodisalar shijoat bilan hayotimga yopirildi! Fikr-mulohazalarimni yozmay qo‘yganimga bir necha oy bo‘ldi. Oxirgi kunlarda bunga hatto vaqt ham topolmayapman. O‘g‘illarimiz juda sho‘h bo‘lib o‘syapti. Ortlaridan yugurib, ular tashlagan narsalarni yig‘ib yurishdan boshqasiga ulgurmayapman chog‘i. Ularning bir zumda uyni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishini ko‘rib qoyil qolasan kishi! O‘g‘illarimiz shu qadar tez usyaptiki, ha demay katta bo‘lib, bizni tashlab ketadigan vaqti kelib qolsa, ajab emas. Hali bola ekan, imkon bo‘ldi deguncha, ular bilan o‘ynashga, birga ekanligimizdan quvonib qoniqishga, ularga hayotdagi eng muhim narsani o‘rgatishga harakat qilaman. Hosil yig‘ib olinadigan vaqt keldi – Odam uchun bu yilning eng qiyin pallasi. Biz bir-birimizni juda kam ko‘ramiz. U bilan birga o‘tirishni, o‘zimiz haqimizda, bolalarimiz va kelajagimiz haqida gaplashishni juda xohlardim. Oxirgi paytlarda behuda ishlarga berilib keidim, sayr qilishga, Xudo bilan gaplashishga vaqt topolmayapman. Bolalarimiz tug‘ilishidan avval hammasi juda oson edi. Endi esa vaqt avvalgidan ko‘ra tezroq o‘tayotgandek, go‘yo. Kechqurun holdan toyib qulayman, ertasi kuni o‘rnimdan turaman va hammasi boshidan takrorlanadi. Har kuni shunday ... Biz nazarimda asosiy bo‘lgan uchta vasvasa sohalarini muhokama qildik: Xudo haqida, o‘zimiz va gunoh haqida tasavvurlarimiz. Bular bizning qolgan narsalar haqidagi qarashlarimizni belgilab beradi. Agar mazkur sohalarda aldansak, qolgan narsalarda ham aldanishimiz ehtimoli keskin oshadi. Keyingi boblarda biz ko‘p masihiy ayollar noto‘g‘ri tasavvur qilgan bir nechta amaliy nuqtai nazarni muhokama qilamiz. Buni o‘zimiz uchun ustun bulgan narsalardan boshlaymiz. Men bir necha yil avval ayollar kiyimi sotiladigan “butik”da ko‘rgan plakat mana shu yolg‘onning ayrim natijalarini ko‘rsatib beradi: Men ayolman. Men yengilmas ayolman. Men charchadim. Xelen Reddining (20-asr, 70-yillarning boshida Gremmi mukofotiga sazovor bo‘lgan) qo‘shig‘idan olingan bu so‘zlar tabassum uyg‘otishi tabiiy. Lekin shu bilan birga ular bizning oldimizga har bir ayolni qiynagan savolni ham qo‘yadi: qiyinchiliklarni qanday yengish, hayot har kuni bizni ro‘para qilgan masalalarga qanday yechim topish mumkin? Men tanigan ayollarning aksariyati o‘zini yengilmas deb hisoblamaydi. Aksincha, ko‘pchilik ayollar doimo norasolik hissidan, o‘ziga bo‘lgan ishonchi sustligidan qiynaladi. Aksariyat ayollar o‘zini horg‘in his qiladi. Ular ko‘pincha tashqdan berilgan son-sanoqsiz rollarga va vazifalarga bardosh berolmaganini his etishadi. Shuningdek, bunday his kechinmalar turli xildagi yolg‘onlarni ig‘vo qiladi – bu dushman zamonaviy jamiyatga ekib kelgan yovuzlik urug‘laridir. Misol uchun... Zarur bo‘lgan ishlarning hammasiga vaqtim yetmaydi So‘rovnoma natijasida biz buning eng keng tarqalgan yolg‘on ekanligini aniqladik. Ayollarning yetmish foizi bu yolg‘onga ishonishini aytdi. Natija bunday bo‘lishidan ajablanmadim. Qolaversa, bugungi kunda istalgan ayoldan hol ahvol so‘rasangiz, uning chuqur xursinib yoki nolib, shunday javob berishi ehtimoli yuqori: • Hech narsaga vaqtim yetmayapti! • Oilamda aql bovar qilmaydigan narsalar ro‘y beryapti! • Zarur bo‘lgan ishlarning hammasiga vaqtim yetmaydi! • Charchadim, holim qolmadi! Juda ko‘p holatlarda ayollar (masihiy ayollar ham) o‘z ishlarini qilolmayotganini, hech narsaga vaqti yetmayotganini sezishadi. Oqibatda ular tinim bilmay yugurib-elib yurishadi, na dam olishni, na tinchlikni, na oromni bilishadi. Ko‘p yillar avval men zamonaviy ayolning ixtiyorida aslida ellikka yaqin xizmatchi, ya’ni zamonaviy maishiy texnikalar bo‘lishi, ular ayollarimizning vaqtini tejash uchun xizmat qilishi haqida o‘qigandim. Bu raqam noaniq bo‘lishi mumkin, lekin shak-shubhasiz shuni aytish mumkinki, biz o‘tgan avlod ayollari ega bo‘lmagan juda ko‘p qulayliklarga erishdik. Ancha avval, hali idish yuvish mashinalari, mikrovolnovkalar, fen, avtomashinalar bo‘lmagan vaqtlarda, yoki qadimgi davrlarda: odamlar hali elektr toki, uyda hojatxona, vannaxona bo‘lishi haqida eshitmagan zamonlarda yashashingizni tasavvur qiling! Esimda, bolalagimda jahon ilmining yutuqlari ko‘rgazmasiga borgandim. U yerda tashkilotchilar “kelajak hayotini” ko‘rsatishga harakat qilganlarining guvohi bo‘lganman. Yangi texnika va elektr uskunalar uy bekalari hayotini ancha yengillashtirishi, ularga dam olish yoki o‘z vaqtini “muhimroq” narsalarga ajratish imkonini beri haqida aytilardi. Mana kelajakni ham qarshiladik. Bizning ixtiyorimizda shunday uskunalar, shunday texnika vositalari borki, bolalik davrimizda ular haqida hatto eng xayolchan olimlar ham orzu qilmagan. Biroq nima uchun hayotimiz avvalgidan ko‘ra behalovat bo‘lib boryapti? Nima uchun bizni bu qadar og‘ir yuk bosgan? Bunga bir nechta omilni sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Vaholanki, sabablardan biri shundan iborat: biz chalg‘idik va zarur bo‘lgan hamma ishlarga vaqtimiz yetmaydi degan yolg‘onga ishondik. Biroq bizga ham xuddi o‘tgan asr avlodlariga bo‘lgani kabi, o‘sha-o‘sha vaqt beriladi, oz ham emas, ko‘p ham emas. Hech bir odamga, u qanday mavqega ega bo‘lishi yoki qayerda ishlashidan qat’iy nazar, hech qachon bir kunda 24, haftada esa 168 soatdan, yilda 52 haftadan ko‘p vaqt berilmagan. Hatto Isoga ham Xudoning rejasini bajo qilish, insonlarni gunoh bo‘yinturug‘idan sotib olish uchun bor yo‘g‘i bir necha yillik muddat berildi. Mana buni chindan ham, “o‘z navbatini kutgan ishlarning” uzun ro‘yxati deyish mumkin! Biroq umri oxirida Iso Otasiga: “Sen Menga topshirgan ishni tugatib, yer yuzida Seni ulug‘ladim” deya oldi. (Yuh. 17:4;) Qoyil. Shaxsan menda kun oxiriga kelib, rejadagi barcha ishlarni qildim, deya olgan holatlar juda kam bo‘lgan. Ko‘pincha buning aksi bo‘ladi: men to‘shakka qulayman va o‘zim istagan, lekin qilolmagan ishlarning uzun ro‘yxati haqida o‘ylayman. Iso butun hayotidan ko‘zlangan ishni bunchalik qisqa davr ichida qanday bajara oldi? Javobini Isoning so‘zlaridan topamiz. Bu shunday kuchli haqiqatki, bizni shoshma-shosharlik va umidsizlik qulligidan ozod qiladi. Iso yer yuzida 33 yillik hayoti davomida qanday ish bilan mashg‘ul bo‘lganiga e’tibor bering: “Sen Menga topshirgan ishni tugatdim” deydi U. Hamma gap shunda. Iso shogirdlari istagan narsalarning hammasini emas (ularning ayrimlari hatto Iso Rim hukumatini ag‘darishiga umid qilgan) Uning ortidan ergashgan to‘da-to‘da odamlarning xohish-istagini ham emas (kasallar va o‘limga mubtalo bo‘lganlarning soni juda ko‘p edi) balki Xudo Unga topshirgan ishni tugal yakuniga yetkazdi. Atrofdagilar mendan xohlagan narsalarning hammasini bajarish uchun 24 soat vaqt menga hech qachon yetmaydi. O‘zim istagan narsalarni to‘liq, oxirigacha bajara olishimga ham vaqtim yetishi dargumon. Mening barcha hoxlovchilar bilan uchrashishga, gaplashishni istagan har bir odamga qo‘ng‘iroq qilishga, barcha muhtojlarga yordam berishga, do‘stlarimning nazarida men uddalay oladigan barcha loyihalarni amalga oshirishga, qiziqarli kitoblarni bitta ham qoldirmay o‘qib chiqishga, do‘stlarim bilan o‘zim istagancha vaqt o‘tkazishga, shu vaqtning o‘zida istalgan vaqtda kelib qolishi mumkin bo‘lgan mehmonlar uchun xonalarimda doimo tartib saqlab kelishga imkonim yo‘q. Bu bajarib bo‘lmaydigan narsa. Bularning hammasini bajarishga majbur emasligimni tushunib, o‘zimni juda yengil tortaman. Aslida faqat Xudoning topshiriqlarini bajarishim kerak. Xudoning men uchun bu kunga, bu haftaga va butun hayotimga oid rejasini amalga oshirish uchun vaqtim borligini tushunganimda, chindan ham ozod ekanligimni his etdim! Xudo menga topshirmagan narsalar uchun javob berishga harakat qilganimda bundan faqat o‘zim qiynalaman. Xudo mendan nima xohlayotganini tushunish o‘rniga o‘z ishlarim ro‘yxatini o‘zim belgilasam yoki boshqalarga men uchun ustun bo‘lgan narsalarni belgilashga yo‘l qo‘ysam, oxir-oqibat tugatilmagan yoki sifatsiz bajarilgan, yo bo‘lmasa hali boshlanmagan talay ishlarga ko‘milib qolaman. Meni aybdorlik hissi ta’qib qiladi, doim shoshilaman, depressiya holatiga tushaman va Xudo taklif etadigan tinch, tartibli hayotdan bahramand bo‘la olmayman. Xudoning biz uchun belgilagan “ishlar ro‘yxati” boshqa odam uchun belgilangan ishlar ro‘yxatidan farq qilishini doimo esda tutishimiz zarur. Iso: “Sen Menga topshirgan ishni tugatdim” – dedi, aslo Butrusga, Yuhannoga yoki onasiga topshirilgan ishni emas. Xudo tomonidan men uchun belgilangan ish, Uning sizga, mening hamkasblarimga va do‘stlarimga belgilagan topshiriqdan faqr qiladi. Parvardigor Xudo uchta jajji bolani katta qilayotgan onaga va uning eriga yoki turmushga chiqamagan yosh qizga, yo bo‘lmasa bolalari kattargan, uyli-joyli bo‘lgan ayolga bir xil topshiriq bermaydi. Bundan tashqari, hayotimiz bir nechta davrdan iborat. Qirq yoshimda Xudo menga topshirgan ishlar yigitlik chog‘imda qilgan ishlarimdan mutlaqo farq qiladi, keksayganimda esa U menga yana boshqa topshiriqlarni beradi. Aytmoqchimanki, bugungi kunda ayollarimiz tez ishonadigan xuddi shunday yana bitta yolg‘on bor. Bu yolg‘onning asosida “men hammasiga ulguraman”, “ideal xotin, ideal ona bo‘lishim, uyda tozalikni va tartibni saqlashim, shirin, mazali va foydali taomlar tayyorlashim, bolalarimning maktabdagi hayotidan, imonlilar jamoati va jamiyatdagi barcha yangiliklardan boxabar bo‘lishim, batartib ko‘rinishda, chiroyli bo‘lishim va ertadan kechgacha ishlab, pul topishim kerak” degan tushuncha yotadi. O‘zlari anglamagan holda bularning hammasini eplashi kerakligiga ishongan ayollarning charchab holdan toyishi, ko‘ngli sovushi muqarrar. Hech qanday ayol bu vazifalarni bir yo‘la olib borolmaydi. Ertami, kechmi nimadir (yoki kimdir) albatta aziyat chekib qoladi. Xudo buyurmagan narsani qilish oxir-oqibat ko‘ngil sovushiga, ixlosimiz qaytishiga olib keladi. Erkinlik, shodlik va muvaffaqiyat qachonki hayotimizning ayni pallasida Xudoning nazdida qadrli bo‘lgan narsalarni aniqlashga intilganimizda va ularni Muqaddas Ruhning kuchi bilan hayotga tatbiq qilish uchun jon kuydirganimizda keladi. Shu vaqtning o‘zida biz shuni tushunishimiz kerakki, Rabbimiz ilohiy qudrati bilan bizga nimaiki zarur bo‘lsa, hammasini bergan – vaqtni ham, bilim qobiliyatlarni ham, toki Xudo bergan topshiriqni oxirigacha bajaraylik. Quyidagi guvohliklar shaytonning ustunliklar hamda vaqtni taqsimlash haqida yolg‘oni qanday qilib bizni qulga aylantirishi va haqiqat orqali qanday ozod bo‘lishimiz haqida: “Xudojo‘y, masihiy ayolning” vazifasini to‘liq bajara olmaganim uchun doimo o‘zimni koyib kelardim. Hech qachon biron bir ishni ko‘ngildagidek uddalaganimni his qilmaganman. Xudo meni da’vat etgan ishlarning hammasini bajarish uchun menda vaqt yetarli ekanligini tushungach, o‘zimni juda yengil tortdim. Qattiq hayajon bosgan vaqtlarda men bu haqiqatni qayta-qayta takrorlayman. Takrorlashning o‘zi meni tinchlantiradi. Endilikda vaqt avvalgidek tez o‘tmayotgandek go‘yo va men chindan ham “bugungi kun” bilan yashay olyapman. Men hech narsaga vaqtim yetmaydi deb o‘ylardim va bu yolg‘onga ishonardim. O‘z vazifalarimni ko‘ngildagidek bajarmasdim, uyimda har doim tartibsizlik bo‘lgani, bolalarim o‘zlarini yomon tutgani bois tushkunlik va umidsizlik hissi meni doimo ta’qib qilib kelgan. Xudoning barcha topshiriqlarini bajarish uchun menda vaqt yetarli ekanligini tushunganimda, avval ko‘p hollarda Xudo aytmagan narsalarni bajarishga harakat qilganimni tan olishga majbur bo‘ldim. Hayotimda ortiqcha narsalardan ozod bo‘lishni boshladim – qilishim kerak bo‘lmagan, boshqalarning zimmasiga yuklash mumkin bo‘lgan narsalarni aniqlay boshladim. Shuningdek, o‘zim hamda turmush o‘rtog‘im uchun muhim bo‘lgan narsalarni bilib olish maqsadida men bularni turmush o‘rtog‘im bilan birga muhokama qilishni o‘rganyapman. Bu oson ish emas, lekin ma’lum bir narsalarni soddalashtirib bo‘ldim. Umid qilaman, bu hayotimni tartibga solish va erkin bo‘lish uchun menga ko‘p quvvat beradi. Shunda men Xudoning barcha topshiriqlarini bajarishga qodir bo‘laman. Bu faqat Muqaddas Ruhning yetaklovi va Xudoning iltifoti bilangina bo‘ladigan narsa. Jamoat menga ehtiyoj sezsa agar, o‘zimni xizmat qilishga majbur deb bilardim. Nima kerak bo‘lsa, hammasini qilardim. Natijada deyarli har kuni jamoatda xizmat qilib, buni chin ko‘ngildan emas, balki majburiyat hissi bilan qilganman. Bironta yordamchi topolmasdim, chunki hech kim menchalik zo‘r g‘ayrat bilan ishlay olmasdi. O‘zimni “yagona” va tengi yo‘q deb bilar edim. Adoyi tamom bo‘lganimdan keyin jamoatimiz cho‘poni menga hamma uchun ishlashga majbur emasligimni, Otamiz bergan topshiriqlarni bajarishimning o‘zi kifoya ekanligini tushuntirdi. Endilikda Xudodan menga topshirilgan bir nechta xizmatnigina olib boryapman. Ma’lum bir ishning meniki emasligiga ko‘zim yetgan joyda “yo‘q” deyishni o‘rgandim. Yaxshi ishlarga qo‘l urardim, biroq Xudo menga bularni aytmagan edi. Oqilona va to‘g‘ri xizmat qilishim uchun Xudo meni behuda mehnat bo‘yinturug‘idan ozod qildi. Endi men xizmat qilish imkonini izlashga emas, Xudoning irodasini tushunishga harakat qilaman. Xudoning har qanday topshirig‘ini bajarishga tayyorman. Muntazam ibodat qilmasdan ham, Kalom o‘qimasdan ham osoyishta yashay olaman. Biz yuqorida muhokama qilgan yolg‘ondan farqli ravishda, navbatdagi yolg‘onni kamdan-kam masihiylargina ochiqchasiga tan oladi. Vaholanki, so‘rovnomada qatnashgan ayollarning 48% i bu yolg‘onga ishonishini e’tirof etdi. “Ko‘rsatgichi bo‘yicha keng tarqalganligi” ga qarab tuzilgan ro‘yxatimizda bu yolg‘on to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Shayton bizni ishontirib, Xudodan holi yashashga qodir ekanligimizni ongimizga singdirishga harakat qiladi. Dushman bizni Muqaddas Ruhning kuchiga emas, o‘z kuchimizga ishonib yashashga majbur qila olsa agar, bu holda bizning Xudoga ishonishimiz, qanday ta’limotga amal qilishimiz, “jamoat xizmatida” va hokazo ishlarda qatnashishimiz haqida u hech qancha tashvishlanmasa ham bo‘ladi. U bizning shunchaki “masihiycha” yashash bilan kifoyalanishimizni va Rabbimiz Iso bilan munosabatlarimiz kengayishi haqida jon kuydirmasligimizni ta’minlay olsa agar, ruhan zaif bo‘lib yengilishimiz muqarar bo‘ladi. Shayton bizning Xudo uchun “buyuk ishlarni” qila turib, shu vaqtning o‘zida ongli ravishda Xudoning irodasini Kalom va ibodat orqali izlamasligimizga erishsa agar, buning oqoibatida biz o‘ta dindor, ammo iblisga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmaydigan odamga aylanamiz. U bizni Xudoning donoligini izlamaslikka, o‘z fikr-idrokimiz bilan yashashga og‘dira olsa agar, oxir-oqibat dunyo bizni ezib tashlaydi. Men Ivetta ismli ayol o‘z hayotida bu yolg‘on qanday oqibatlarga olib kelgani haqida hikoya qiladi: Kalom o‘qishga va ibodatga vaqt ajratgan kunlarimda hayotim sokin kechadi, uch nafar maktabgacha yoshdagi bolalarim bo‘lsada, meni jiddiy muammolar bezovta qilmaydi. Lekin ma’lum bir muddat o‘tgach men kibrlanib ketaman va o‘zim uchun afzal ko‘rgan narsalarimning o‘rni o‘zgaradi. Ko‘z yumib ochishga ulgurmasimdanoq hayotim alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketadi. Bolalarimga baqiraman, g‘azablanaman, ularni urgudek bo‘laman – bu ahvolga qanday tushganimni tushunmay qolaman. Nima qilay? Afsuski, kuchim yetmasligini, Xudoga muhtoj ekanligimni darrov payqab ololmayman. Shayton bizni shunday hiyla bilan, bildirmasdan chalg‘itadiki, agar Kalom o‘qimasam yolg‘onning o‘ljasi bo‘lishim muqarrar. Shayton biladiki, agar bizni Xudoning Kalomidan ayirsa, biz yanada ojiz bo‘lib qolamiz. Eski Ahdda Dovud haqida yetti marta “Dovud Egamizdan ... so‘radi” degan iborani uchratamiz. (1 Shoh. 23:2, 4; 30:8, 2 Shoh. 2:1; 5:19, 23; 2 Shoh. 21:1) U Xudosiz hech kim emasligini, hech narsaga qodir ham bo‘lmasligini yaxshi bilar edi. Har kuni tongda, kundalik ishlarini boshlashdan avval u ibodatda yuragini Xudoga qaratib, derdi: Ey Egam! Tong chog‘i ovozimni eshitasan, Subhidamda Senga yolvoraman, Sendan javob kutaman. Kun chiqmasdan Sendan madad so‘rab faryod qilaman,. Zab. 5:4; 118:147 Har kuni Kalom o‘qib, ibodat qilib, Xudo bilan yolg‘iz vaqt o‘tkazishning qanchalik muhim va kerakli ekanligini bilaman. Bu haqda hatto kitob ham yozganman. Shunga qaramay, ko‘pincha “Egamizdan so‘ramasdan” kun tashvishlariga, mayda-chuyda narsalarga butun diqqat-e’tiborimni qarataman. Bu bilan men (garchi ochiqchasiga tan olmasamda) bugungi kunni Xudosiz, Uning donoligi va inoyatidan holi, mustaqil o‘tkazishga qodir ekanligimni ko‘rsataman. O‘zim ishlay olishimni, uyim haqida g‘amho‘rlik qila olishimni, odamlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishim, barcha muammolarni Xudoning aralashuvisiz, o‘zim yecha olishimni bildiraman. Bu aslida yakkaboshchilik, o‘zboshimchalik ruhi, mag‘rurlikning yaqqol namoyonidir. Kalom o‘rgatadiki: “Xudo mag‘rurlarga qarshi chiqadi”. (Yoqub 4:6) Mag‘rurlikka berilib yashasam agar, Xudo zo‘r berib tirishishlarimga qarshi chiqishiga tayyor bo‘lishim kerak. Gohida xuddiki Xudo menga: “Bugungi kuningni o‘zing bilgandek o‘tkazmoqchimisan? Yaxshi, urinib ko‘rchi” – degandek bo‘ladi. Natijada nima bo‘ladi? Juda bo‘lsa kunim behuda, befoyda o‘tadi, faqat o‘zimni o‘ylayman. Yomonlikka olsa – juda qiyin holatlarga tushaman va bunga o‘zim sababchi bo‘laman. Boshqa tomondan, Xudo “kamtarlarga inoyat ko‘rsatadi”. Kunni kamtarlik ruhida boshlab, Xudoga o‘zim hech narsa qilolmasligimni aytib, Unga muhtoj ekanligimni tan olganimda, Uning ilohiy madadiga umid qilishim mumkin. Haqiqat shundan iboratki, Xudo bilan “aloqani uzsam”, U bilan ongli ravishda, doimiy birlikda bo‘lmasam, Unga itoat qilib yashamasam agar, ruhiy yoki abadiy qadriyatga ega bo‘lgan hech qanday ishni qilishga qodir bo‘lmayman. Albatta ko‘p ishlarga qo‘l urishim, qarorlar qabul qilishim mumkin, lekin bu holda oxir-oqibat hayotimda chindan ham qadrli, maqtovga loyiq hech narsa topolmayman. Har kuni Kalom va ibodat orqali Xudo bilan munosabatlarni o‘stirish uchun vaqt ajratmasangiz agar, xudojo‘y ayol bo‘lolmaysiz. Kasb sohasida martabaga erishish xotinlik va onalik vazifasidan ko‘ra ko‘proq qoniqish beradi Yarim asr avval bir nechta mard ayollar falsafiy va madaniy inqilobga asos solgan. Erkaklar yakkahokimligi kishanidan qutulishning fursati yetganiga ishongan bu ayollar kitoblar yozib, maqolalar chop etadi, universitet va kollejlarda ta’lim beradi, noroziliklar namoyish etadi, Kongressga da’vo qilish va hokazo yo‘llar bilan millionlab xotin-qizlarning ko‘nglini oladi, ishonchini qozonadi. Ular “ayol” tushunchasini yangichasiga ta’riflab, ayollarning asosiy roli va hayotda bajarishi lozim bo‘lgan vazifasiga oid an’anaviy qarashlarni rad etishadi. Saxovat, iffat, donolik, uy-ro‘zg‘or uchun jon kuydirish, itoatkorlik va kamtarlik kabi fazilatlar lug‘atdan olib tashlandi, ularning o‘rnini tanlov, ajrashish, xiyonat va “tenghuquqli hayot kechirish” qabilidagi tushunchalari egalladi. (Erkak va ayolning hayotdagi barcha sohalarda teng huquqlarga ega bo‘lishi) Hozirgi avlod boshqacha fikrlashga umuman qodir emas. “Ayollik nazokati” tushunchasiga oid “yangi” qarashlarning halokatga yetaklagan maqsadlar (yoki oqibatlar)dan biri nikohning va onalikning ahamiyati sustlashishi, ayollarning ham jismonan, ham emotsional jihatdan o‘z uyi va oilasidan olib zavod va ofislarga joylashishi bo‘ldi. Doktor Doroti Patterson bunga shunday izoh beradi: Ayollar mana necha-necha asrlar davomida ularga huzur bahsh etib kelgan erkinlikdan “ozod bo‘ldi” – xonadon sohibasi bo‘lish, bolalarini tarbiyalash, ijod bilan shug‘ullanish erki edi bu. Ularni aldashdi – ayol agar nufuzli, yuqori maoshli ishda ishlamasa umidsiz, zerikarli kun kechirishi, o‘z uyida ham xuddi qafasdagi qushdek yashashi muqarrar degan tushunchaga ishonishga majbur qilishdi.1 Statistikaga ko‘ra ishga joylashish, ish haqi to‘lash va ta’lim olish imkoniyatlari masalalarida jins bilan bog‘liq haq-huquqlarning cheklanishi endilikda bu qadar ochiq ko‘zga tashlanmaydi – feminizm tarafdorlari uzoq vaqt, zo‘r berib erishishga intilgan narsa aynan shu bo‘lgan. Biroq yangi “erkinlik”ning salbiy tomonlari nimadan iborat? Quyidagi oqibatlarni kim ham hayoliga keltiribdi deysiz: • Uydagi ayollar ish joyi bor dugonalari tomonidan qattiq bosimga olinadi. Dugonalari ularni shunchaki ona va xotin bo‘lib o‘tirib qolmaslikka undaydi. • Uy bekasi bugungi kunda ko‘pchilik tomonidan haq-huquqsiz odam sifatida ko‘riladi. • Millionlab chaqaloqlar va jajji bolalar tong otiboq yasliga olib boriladi va qorong‘u tushay deganda uyga olib kelinadi. • Millionlab bolalar maktabdan bo‘m-bo‘sh uyga keladi yoki “prodlyonkada” qolishga majbur. • Onalar kuchining katta qismini bolalariga emas, eriga ham emas, boshqa narsalarga berishadi, bu ularning doimiy toliqib, serjahl bo‘lib yurishiga sabab bo‘ladi. • Oila a’zolari kam holatlardagina birga kechki dasturxon atrofida o‘tirishadi. • Bolalar shoshib chala ovqatlanishga odatlanadi, vitaminsiz ovqat yeydi. • Turmushga chiqqan ayollar o‘z eri bilan emas, ish joyidagi erkaklar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazgani bois, ularning emotsional jihatdan va jisman eriga xiyonat qilish ehtimoli oshadi. • Ayollar yetarli darajada moliyaviy erkinlikka erishishdi va bu o‘z navbatida ularga agar istasa, ko‘rqmasdan erini tashlab ketish imkonini beradi. • Ayollar har kuni ish joyida beadab, qo‘pol so‘zlarni eshitadi, ularga bemaza shama qiluvchilar bo‘ladi. • Ayollarda o‘z bolalari bilan yaqin munosabat tuzishga na vaqt, na kuch bo‘ladi va oxir-oqibat ular o‘zining ulg‘ayib o‘sgan bolasiga begonadek bo‘lib qoladi. • Bolalar aksariyat vaqtini televizor qarshisida o‘tkazadi, videofilmlar ko‘rib, kompyuter uyinlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. • Kattalarning e’tiboridan chetda qolgan bolalar pornografiyaga, spirtli ichimliklarga, giyohvand, jinsiy beahloqlik va zo‘ravonlikka uchraydi. • Keksaygan ota-onalar, qizlari va kelinlari ertadan kechgacha ishlagani va ularga qaray olmagani bois, qariyalar uyiga olib boriladi. Masihiylar uchun ustun bo‘lgan qadriyatlarni belgilashda biz avvalo o‘zimizga savol berishimiz kerak: Xudo ayolni qanday maqsad bilan yaratdi? Uning ayolga nisbatan rejasi qanday bo‘lgan? Xudoning Kalomi ayolga, uning qanday millat va qanday avlod vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, nima uchun yaratilgani, asosiy vazifasi nimadan iboratligi, unga qanday maqsad muddaolar belgilab berilganini ko‘rsatadi. Mana shu haqiqatni tan olib, hayotimizdagi qadriyatlarni, jadvalimizni unga muvofiqlashtirsakkina haqiqiy erkinlikka ega bo‘lamiz. Ibtido kitobida (2:18) biz ayolning qanday maqsadda yaratilgani haqida birinchi va eng yorqin izohni topamiz: So‘ngra Parvardigor Egamiz: “Odamning yolg‘iz bo‘lishi yaxshi emas, unga munosib sherik yarataman”, dedi. Ko‘ryapsizmi? Xudo ayolni u eriga munosib sherik bo‘lishi uchun yaratdi, toki ayol eri bilan bir tan bo‘lsin, uning ehtiyojlarini qanoatlantirsin. Ayolning hayoti eri atrofida kechishi lozim, aslo buning aksi bo‘lib qolmasligi kerak. Ayol erning qovurg‘asidan yaratildi, eri uchun, unga Xudodan in’om sifatida berildi. Uning eri bilan munosabati Xudo yo‘lidagi xizmatining birinchi va eng asosiy sohasi etib belgilangan. Erkak kishiga ishlash va oilasini boqish mas’uliyati yuklatilgan. Ayolga esa erga munosib sherik, do‘st bo‘lish, xuddi eri singari Xudoning suratini aks ettirish, yerda hukmronlik qilish, ham ma’nan, ham jisman sog‘lom avlodni ko‘paytirish vazifasi berilgan. Ular birgalikda yer yuzini yangi-yangi avlodlar, Xudoni sevadigan, Uning amrlarini bajarishga intiladigan odamlar bilan to‘ldirishi kerak edi. Ayol mutlaq noyob qilib yaratildi, Parvardigor Xudo O‘ziga xos saxiylik bilan uni ham jisman, ham emotsional jihatdan yetuk, ham aqliy, ham ruhiy fazilatlarga boy qildi, toki ayol orqali yer yuzida hayot davom etsin. Xudo ayolga oilasiga go‘zallik bahsh etish, farovon hayot berish, inoyat va quvonch olib kelish qobiliyatini ato etdi. Oilasining nuri, mustahkam ustuniga aylangan ayoldanda katta muvaffaqiyat qozongan odam bo‘lmaydi. 1 Timo‘tiyga maktubda havoriy Pavlus imonlilar jamoati qanday bevalarga yordam berishi kerakligiga aniqlik kiritadi. Ro‘yxatda ayolning hayotidagi har qaysi davrga oid asosiy vazifalarga izoh berilganini ko‘ramiz. Pavlus yoshi ulug‘, hayoti o‘z xonadoni va oilasi atrofida o‘tgan, o‘zini boshqa odamlarning ehtiyojlariga bag‘ishlagan ayollarni chuqur e’zozlaydi. Pavlus qo‘ygan talablar har qanday masihiy ayolning ustunliklari ro‘yxatidan joy olishi lozim: Tullar ro‘yxatiga faqatgina oltmish yoshdan oshgan, marhum eriga vafodor bo‘lgan* beva ayollarni kirit. Bu ayollar qilgan ezgu ishlari bilan tanilgan, ya’ni bolalariga yaxshi tarbiya bergan, musofirlarga mehmondo‘st bo‘lgan, Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan, qiynalganlarga yordam bergan, o‘zlarini turli xil xayrli ishlarga bag‘ishlagan bo‘lishlari lozim. 1 Tim. 5:9–10 Pavlusning so‘zlaridan u o‘tmishda turmush qurgan ayollar haqida gapirayotgani ko‘rinib turibdi va bu o‘z navbatida Muqaddas Kitobning nikoh Xudo tomonidan aksariyat ayollar uchun belgilab berilgani haqidagi ta’limotini tasdiqlaydi. Ammo 1 Korinfliklarga maktubga asosan (1 Kor. 7:32–35), erga tegmagan ayollar ham jamoat xizmatida bo‘lishga da’vat etilgan, biroq boshqa ma’noda. Bundaylar o‘zlarini imon binosining qurilishiga bag‘ishlashi, fidokorona hayot kechirishi, hamma narsadan ustun qilib o‘z qiziqish va istaklarini emas, balki Masihni va Uning Shohligini qo‘yishlari lozim. Kalom juda aniq qilib o‘rgatadiki, erga tekkan ayolning hayoti o‘z uyi va oilasi atrofida o‘tishi kerak. Bu ona va xotin uydan tashqarida ishlamasligi kerak degani emas. Ishlashi mumkin, shu sharti bilanki, ishi unga asosiy vazifasini, ya’ni uyidagi xizmatiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bundan tashqari ayol nima uchun ishlashni istayotganining asl sabablarini baholashi, buning ortida qandaydir yolg‘on yo‘qmi degan savolga javob berishi lozim. Misol uchun, bugungi kunda oila bir kishining oylik maoshiga yaxshi yashay olmaydi deb hisoblanadi. Chindan ham, feministlar harakati oqibatida iqtisodiyotimiz ikki kishi, ya’ni er va xotin ishlagan oilalarga bog‘liq bo‘lib qoldi. Biroq bu bilan oila bir kishining oylik maoshiga yashay olmaydi demoqchi emasman. Xudo butun oilani boqish mas’uliyatini erkakning zimmasiga yukladi. Dushman esa bu tartibga bo‘ysunib yashashni o‘ta qiyin masalaga aylantirdi. Haqiqatda esa sharoit qanday bo‘lmasin, yashash mumkin, bunga istak, xohish bo‘lsa bas. Bir qator yaqin dugonalarim oltita, yettita, sakkizta va hatto to‘qqizta farzandni katta qilyapti, ular o‘zining butun vaqtini oilasiga va bolalariga bag‘ishlashga qaror qilgan. Bu oson emas albatta. Ularning uyida bugungi kunda zarur hisoblangan ko‘p narsalar yo‘q. Chindan ham, qandaydir ma’noda bu ayollar ko‘p qulayliklardan mosuvo bo‘lib qolmoqda, biroq buning evaziga olingan marhamatlar oldida ularning yo‘qotganlari hech narsa emas. Deyarli har bir holatda ... • Bu baxtli, shod oilalar. • Ko‘pincha ularning haqiqiy qadriyatlar haqida tushunchasi, er va xotin ishlagan oilalardagi tushunchadan ko‘ra ancha sog‘lom va to‘g‘ri. • Ular ibodat qilishni, hamma narsada, ya’ni “kundalik rizqidan” boshlab oliy ma’lumot uchun shartnoma to‘lovi masalasigacha Xudoga umid bog‘lashni o‘rganishadi. • Ota-ona har doim bolasi qayerda ekanligidan boxabar bo‘ladi, bolalarini nazorat qila oladi, o‘yin va mashg‘ulotlarini to‘g‘ri yo‘naltirish imkoniga ega bo‘ladi. • Ota-ona va bolalari o‘rtasida haqiqiy do‘stlik vujudga keladi. • Ular imonlilar jamoati xizmatida faol ishtirok etadi. Bilsangiz, er va xotin kun davomida ishlagan oilalarning aksariyati bunga vaqt ham, kuch ham topa olmaydi. Endi o‘zingiz xulosa qiling: kim ko‘proq yo‘qotadi? Hatto ko‘p dunyoviy ayollar ham ayol jamiyatdagi mavqei, martabasini oila bilan bir qatorga qo‘yganda qanday qiyinchiliklar yuzaga kelishini tushunishadi. Aktrisa Ketrin Xepbern o‘z intervyusida shunday degan: Ayol kishi bir vaqtning o‘zida ham mavke orttira olishi, ham ona bo‘la olishiga ishonmayman. Zamonamiz ayollarining muammosi shundaki, ular bir vaqtda hammasiga erishishni xohlaydi. Biroq hech bir ayol ikkisini ham bir vaqtda eplay olmaydi 2. Boshqa aktrisa Joann Vudvord bunga qo‘shimcha qiladi: Mavqeimga futur yetkazgan aslida bolalarim bo‘ladi, bolalarim esa mavqeim tufayli aziyat chekishdi. …Bir oyog‘im u yerda, bir oyog‘im bu yerda bo‘lib, na u sohada, na boshqasida muvafaqiyat qozona oldim. Barchasida muvaffaqiyat qozona olgan bironta odamni ko‘rmadim, shu vaqtning o‘zida ishlayotgan juda ko‘p onalarni bilaman.3 Gunoh bilan bulg‘angan bu dunyoda “ideal”ga erishib bo‘lmaydigan vaziyatlar uchraydi. Ajralish holatlarining ko‘pligi, yolg‘iz onalar sonining katta katta raqamlar bilan o‘lchanishi bizni ikki karra g‘ayrat bilan o‘z idealimizni mahkam ushlashga turtki bo‘lishi lozim. Bu holat bizni Xudoning mukammal irodasini bajarishga undamog‘i kerak. Bizdan o‘z madaniyatimiz ta’siriga qarshilik ko‘rsatish talab etiladi. Borini aytadigan bo‘lsak agar, ajralish holatlari, yolg‘iz onalarning, oilaga xiyonat qilganlarning, davlatmand, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan ayollarning soni oshishiga, o‘smirlar orasida jinoyatchilikning keskin o‘sishiga, holdan toygan, horg‘in, bebaxt ayollarning ko‘payishiga ko‘p jihatdan aynan “ishlaydigan onalar” falsafasi sababchi. Doroti Patterson barchamizga shunday eslatma beradi: Albatta, bolalarni o‘stirib borishda “o‘z ishimizni topishning” ko‘p imkonlarini yo‘qotishimiz mumkin. Biroq bitta vazifa borki, uning bajarilishini keyinga qoldirib bo‘lmaydi – bu o‘z bolalarimizni tarbiyalab katta qilishimizdir. Vaholanki, bugungi kunda sog‘lom muhitda o‘sish imkoniga ega bo‘lgan bolalarning soni tobora kamayib bormoqda4. Sovutgich yuzida muhrlangan donolik Uydagi sovutgich yuzida do‘stlarimning suratlari yopishtirilgan. Magnitli, akril ramkalarga solingan bu suratlar sovutgichning yuz qismini deyarli to‘liq egallaydi. Bu yerda sal kam to‘qsonta oilaning surati bor, bu oilalarda jami uch yuzga yaqin bolalar o‘sib kelmoqda (o‘nlab nabiralarni hisobga olmasak agar). Yaqinda men ikki soat vaqtimni har yili qiladigan ishimga ajratdim – eski suratlarni olib, ularning o‘rniga menga Rojdestvo bayramiga yuborilgan yangilarini qo‘ydim. Yangi suratlar joy-joyiga tushgandan keyin orqaga bir qadam tashlab umumiy manzarani ko‘zdan kechirdim. Bu oilalar yil davomida nimalarni boshdan o‘tkazganini esladim. Sakkizta oilani Xudo yana bittadan farzand bilan marhamatladi. Kamida yettita oilada bittadan nabira tug‘ildi. Qiz chiqargan yoki o‘g‘il uylantirgan oilalar yettitani tashkil qilardi. O‘n beshta oila yashash joyini o‘zgartirdi. Oltita oila nima qilarini bilmay turardi. Suratlarda odamlarning tabassumi ko‘rinardi. Biroq ayrim, ideal portretlar ortida odamlar ko‘rsatishni xohlaganidan ancha ko‘proq narsalar yashirinar edi. Bir nechtasi yaqinlarining biri jiddiy, jismoniy yoki ruhiy xastalikka yo‘liqqani haqida men bilan bo‘lishgandi. Uchta oila yaqinini yo‘qotdi. Bir juftlik ajralish yoqasiga kelib qolgan edi. Oila siri haqida chuqur o‘yladim – “kasalligida ham, sog‘ligida ham, qayg‘uda ham, xursandchilikda ham...”. Oila har birimiz uchun chindan ham ahamiyatli bo‘lgan narsalarning markazidir. Agar oilada nosozliklar bo‘lsa, bu inson hayotining barcha sohalariga ta’sir qiladi. Kurk tovuq jo‘jalariga qaragani kabi, bir etak bolalari haqida g‘amho‘rlik qilgan o‘nlab ayollarga qarar ekanman, ular ichida o‘zini yangi, endigina paydo bo‘lgan hayotni saqlashga bag‘ishlaganlarini ko‘rib, yuragim minnatdorlikka to‘ladi. Suratlar o‘rtasiga bir yozuv kiritdim. Siz bu yozuvni ehtimol ko‘p yillar avval ko‘rgandirsiz: “Hayot – naqadar ajoyib tanlov!”. Bu o‘z farzandlariga hayot berishni tanlagan ayollar ular har kuni hayotni tanlaydilar va buni: • har kuni tayyorlagan tushlik ovqati; • yuvib tozalagan uyum-uyum kir ustiboshlar; • bolalari bilan oziq-ovqat do‘koniga, maktabga, tish do‘xtiri qabuliga, musiqa maktabiga, sport to‘garagiga yoki poyafzal do‘koniga borish; • bolasining tizzasi lat yeganda, yaraga dori qo‘yib bog‘lash • aytgan har bir yaxshi so‘zi; • betob bo‘lgan yoki qo‘rqqan bolasining to‘shagi ustida o‘tkazilgan har bir soat; • yechimini topgan har bir bahsli holat; • boshqotirma o‘yini, rasm bo‘yash, matematikadan mashqlar yechish, Muqaddas Kitobdan hikoyalar o‘qish, eri yoki bolasining o‘tgan kun haqida taasurotlarini eshitish bilan o‘tkazilgan har bir daqiqa; • oilasining ruhiy o‘sishi va Xudoning ximoyasi ostida bo‘lishi uchun jon kuydirib o‘tkazgan har bir daqiqa bilan namoyon etadilar. Kun sayin bu ayollar o‘z uyi, xonadonini mustahkam qilib boradi, hayot ulashadi, poydevor quradi va shunday bir ramziy yodgorlik bino etadiki, u avlodlar oshib ham barqaror turadi. Bunday ayollar Yaratguvchi Xudoni hamma narsadan ustun qo‘yadilar. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 18. Zarur bo‘lgan ishlarning hammasiga vaqtim yetmaydi • Har kuni Xudo mendan istagan hamma ishlarni qilish uchun vaqt yetadi. 19. Muntazam ibodat qilmasdan ham, Kalom o‘qimasdan ham osoyishta yashay olaman. • Kalom o‘qish va ibodat qilish orqali Xudo bilan munosabatlarni o‘stirib bormas ekansiz, xudojo‘y ayol bo‘lolmaysiz. 20. Kasb sohasida martabaga erishish xotinlik va onalik vazifasidan ko‘ra ko‘proq qoniqish beradi. • Xudoning irodasiga ko‘ra, ayol uchun xotin va ona bo‘lishdanda martabali, ulug‘ va muqaddas vazifa yo‘q. • Xudo ayol zotini o‘zgacha qilib yaratgan – faqat ayollargina bola tug‘ishga va uni boqib o‘stirishga qodir. • Ayol uchun o‘z uyi, xonadonining qalbi bo‘lishdanda katta yutuq yo‘q. • Xudoning rejasiga ko‘ra, ayol avvalo eri va bolalarining ehtiyojlarini qanoatlantirishi lozim. Amalda qo‘llash 1. Xudoning aytganlirini QABUL QILING. Siz hayotingizdagi ustunliklar haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quydagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Zab. 89:10–12, Mt. 6:25–34, Lq. 10:38–42, 1 Tim. 5:9–10, Tit. 2:4–5 (eri bor ayollar uchun), 1 Kor. 7:29–35 (ersiz ayollar uchun). Mazkur oyatlarda Xudo tomonidan hayotingiz uchun belgilangan ustuvor qadriyatlar haqida nima deyilgan? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG Ota, hayotda ko‘pincha bu dunyoning o‘tkinchi ne’matlariga oshiqib yashaganim uchun Sening oldingda tavba qilaman. Senga ma’qul hayot kechirishni istayman. Sen uchun muhim bo‘lgan narsalar men uchun ham muhim bo‘lsin. Sening Kaloming menga fikr idrokingni ochadigan nur bo‘lsin. Ruhingni his etishimga, har bir kunimda nima qilishni bilib yashashimga yordam ber. Yolvoraman, menga ayollik, mahsus vazifamni qanday bajo etishni ko‘rsat. Behuda ishlarga berilmasligim uchun menga donishmandlik va jur’at ato et. Abadiy hayotni o‘ylab yashashimga yordam ber, toki umrim oxirlagach, men ham xuddi Iso singari: “Sen Menga topshirgan ishni tugatib, yer yuzida Seni ulug‘ladim” deya olayin. (Yuhanno 17:4) Iso Masihning nomi bilan so‘rayman. Omin. 6 BOB Nikoh haqida    • Baxtli bo‘lishim uchun menga er kerak    • Erimni o‘zgartirishim kerak    • Erim menga xizmat qilishi kerak    • Erimga bo‘ysunsam, baxtsiz bo‘laman    • Erim sustkash bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘limga olishim kerak, aks holda hech narsaga erisholmaymiz    • Gohida baxtsiz nikohda yashagandan ko‘ra, ajrashgan ma’qul    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying    • Amalda qo‘llash Kundalik daftarim, Uyimiz jimjit, Odam bilan mening gaplashishga hafsalamiz yo‘q. Kecha kechqurun qattiq janjallashdik. Bu kutilgan holat edi. Kun juda og‘ir boshlandi. Odam kechasi bilan uhlamadi, molxonada edi – sigirimiz bolalashda qiynaldi. Tongda esa u o‘rilgan bedani qishga tayyorlash uchun ketishi kerak edi. Nihoyat uyga kelganida, ustiboshi xo‘l bo‘lib ketgan, kayfiyati juda yomon edi. Men esa kuni bo‘yi ikkita kasal bola bilan, to‘rtta devor o‘rtasida qamalib o‘tirdim va uning nima uchun shu vaqtgacha ovqat tayyorlab qo‘ymading degan savoliga: “Shunchalik och qolgan bo‘lsangiz, ana boring-da, o‘zingizga ovqat qilavering!” – deb javob berdim. Bilmadim, nimagadir aynan o‘sha paytda unga aslida u ham uy ishlarida qatnashishi, misol uchun bog‘imizda yovvoyi o‘tga belanib, chakalakzorga o‘hshab yotgan yo‘lakchani tozalab qo‘yishi kerakligini eslatdim. Biri ketidan boshqasi ... U Hobilga kelasi hafta uni ovga olib borishni va’da qilgandi. Men esa Hobil buning uchun hali yoshlik qiladi deb o‘ylayman, umuman olganda ham, Hobilni olib ketib, Qobilni qoldirish noto‘g‘ri. Odam o‘zinikida turib oldi va o‘rtada janjal chiqdi. Bir-birimizga ko‘p ortiqcha gaplarni aytdik. Kech tushmasdan to‘shakka kirib oldim, u yotgan vaqtda o‘zimni uhlaganga soldim. Bir qaraganda, biz shuncha yil birga yashab, barcha muammolarni bartaraf etishimiz kerak bo‘lgandek tuyuladi. Qiziq, lekin Odam turmushimizni umuman olib qaraganda, muvaffaqiyatli deb hisoblasa kerak. Menga esa gohida biz bir-birimizga mutlaqo begona odamdek tuyuladi, garchi bir umr bir-birimizni bilib yashayotgan bo‘lsakda. U har doim o‘zini haq deb biladi. Hech bo‘lmasa o‘rnimga o‘zini qo‘yib ko‘rishni so‘raganimda, u mening ko‘nglimni olib bo‘lmasligini aytadi. Uning mendagi kechinmalarni jiddiy qabul qilishini juda istar edim! Ming yillar avval Adan bog‘ida ro‘y bergan hodisa nafaqat Xudoga va odamzotga, balki nikohga ham qaratilgan zarba edi. Nikoh Egamiz tomonidan yaratilgan bo‘lib, Uning ulug‘vorligini va inson zotini fidokorona qutqarishiga oid maqsadlarini namoyon etishi kerak. Shayton mana shu, muqaddas qoidani buzish bilan Xudoning abadiy loyihasiga qarshi shiddatli zarba berdi. Shaytonning eng avvalo eri bor xotinga hamla qilishi bejizga emas. U xotinga Xudo haqida, Uning fe’l-atvori haqida, So‘zi haqida, gunoh va uning oqibatlari haqida soxta tasavvurlarni singdirdi. Xotin bu yolg‘onga ishondi va uning asosida ish tutdi va natijada erini ham gunohga yetakladi. Bu ularning nikohiga jiddiy ta’sir qildi. Erkinlik o‘rniga ular uyat topdilar. Samimiy munosabat o‘rnini – mug‘ombirlik, ikkiyuzlamachidik egalladi. Odam Ato va Momo Havoning birligi dushmanlikka aylandi – nafaqat Xudo bilan munosabatlarida, balki bir-biriga nisbatan ham o‘rtada adovat paydo bo‘ldi. O‘z xotinini sevish, unga bosh bo‘lish o‘rniga er haddan ortiq holatga berildi – o‘taketgan zulmkorlikdan to begonalashish, passivlashish holatigacha yetdi. Ayolga dastavval ruhiy “boshlig‘ining” yetaklovi ostida kafolatlangan himoya endi yo‘qolgan edi va Xudoga itoat qilmaslik istagi uning erida ham o‘z aksini ko‘rsatdi, natijada xotin boshqa yolg‘on, gunoh va dushmanning hamlasi oldida yana ham ojiz bo‘lib qoldi. Erkak, ayol va Egamiz Xudo o‘rtasidagi qalin do‘stlik doimiy kurashga aylandi. O‘sha vaqtdan beri bu holat har bir nikohda takrorlanadi. Hayotimizning har qaysi sohasida bo‘lgani kabi, nikohda ham yolg‘on – eng ta’sirli vosita bo‘lib qolmoqda va shayton o‘zining mash’um maqsadlariga erishish yo‘lida undan foydalanadi. Agar u har qanday oilada er va xotinni yolg‘onga ishontirib, so‘zlari asosida ish tutishga majbur qila olsa, bu bilan ularni o‘ziga qul qiladi, shodligini tortib oladi va ular o‘rtasidagi munosabatlarni buzadi. Uning ixtiyorida nikoh haqida bir emas, balki minglab yolg‘onlar bor. Mana birinchisi: Baxtli bo‘lishim uchun menga er kerak Yolg‘onning ko‘p turlari singari, bu yolg‘on ham – haqiqatni buzib ko‘rsatishdan nari bormaydi. Haqiqat shundan iboratki, nikoh qurish – yaxshi, arzigulik ish, Xudo aksariyat odamlar uchun aynan shuni xohlaydi va masihiylarning nikohi buyuk shodlik va marhamatlarni ko‘zda tutadi. Shayton nikoh haqida haqiqatni buzib ko‘rsatadi, ayolga nikoh qurishdan maqsad – shaxsiy manfaat va baxt ekanligi, uni sevadigan, ehtiyojlarini qanoatlantiradigan eri bo‘lmasa agar, ayol hech qachon baxt yuzini ko‘rolmasligini aytib ishontiradi. Qiz mana shunga o‘hshash yolg‘onga berilib: “Erim meni baxtli qilishi kerak” – degan soxta tasavvurlar bilan turmushga chiqadi. Men Mirna deb tanishtiradigan ayol azobu alamlarni yutib o‘tkazgan bir qancha yillardan keyingina fikri-tasavvurlarining noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetdi: Erim bilan o‘n yil birga yashab, so‘ng ajrashdik. U meni baxtli qilishi kerak degan fikr bilan yashardim. Biroq meni baxtli qilish uning zimmasidagi vazifa bo‘lmagani bois, erim buni afsuski uddalay olmaydi. Nafaqat men, balki erim ham mana shu yolg‘onga qul bo‘lib yashaganmiz. Nikohdan ko‘zlangan tub maqsad bizni baxtli qilish emas, balki Xudoga ulug‘vorlik keltirishdir. Baxt topishni maqsad qilib turmushga chiqqan ayollarning hafsalasi pir bo‘lishi deyarli aniq – ular kamdan-kam holatlardagina izlaganini topa oladi. Baxtli bo‘lish uchun er kerak deb hisoblagan ayollar ko‘pincha Xudo ular uchun belgilab berganidan kamiga rozi bo‘ladilar. Joan ismli ayol bu yolg‘onga ishonishi oqibatida qanday qilib qulga aylangani va o‘zi kutmagan og‘ir oqibatlarga yo‘liqqani haqida shunday hikoya qiladi: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda men uchun eng muhimi yonimda yaxshi yigit bo‘lishi, unga turmushga chiqish, uning menga er bo‘lishi edi, uning Masihga sodiq bo‘lishini ko‘p ahamiyatli deb hisoblamasdim. Xudo O‘z irodasini bajo qilishi, turmushga chiqishim uchun menga mustahkam imonga ega bo‘lgan yigitni yuborishini kutishni xohlamadim. Natijada erim bilan birga Masihni tanib bilish, ulg‘ayib o‘sish biz uchun imkonsiz bo‘lib qoldi. Endi, mana yigirma sakkiz yil birga hayot kechirib, bizni bir-birimizga deyarli hech narsa bog‘lamaydi. Mening dugonalarim – masihiy, uning do‘stlari – pivoga o‘ch odamlar. Men bolalarimni ustun qo‘ysam, u o‘zining ishini ustun qo‘yadi. Bu ayol yolg‘onning o‘ljasi bo‘lgan. U baxt uchun er kerak degan yolg‘onga ishondi va mana shu yolg‘on asosida ish tutdi – imonsiz odamga turmushga chiqdi, bu esa Xudoning Kalomida juda aniq berilgan ta’limotga zid keladi. Bir qaraganda, o‘zi o‘ylaganiga erishgandek edi. Biroq niyati – turmushga chiqish bo‘lgan, ohir-oqibatda esa og‘ir, ruhiy inqirozga uchradi, dili yaralandi. (Zab. 105:15) Erli yoki ersiz bo‘lishingizdan qat’iy nazar, erkinlikka qachonki haqiqatni tushunib, tan olsangizgina erishasiz. Quyidagi guvohliklarning har biri yolg‘onga ishonish qullikka olib kelishi, haqiqat esa ozod qilishini ko‘rsatadi: Men har doim baxtli bo‘lish, o‘zim haqimdagi fikrim o‘zgarishi uchun menga erkak kerak deb hisoblar edim. Biroq erga tegib ham baxt topolmadim, o‘zim haqimda past fikrga ega bo‘lib qolaverdim. Xudo meni O‘z suratiday qilib yaratganiga ishonib, Uning men haqimdagi fikrini qabul qilganimdan keyingina o‘zim haqimdagi fikrim o‘zgardi. Bu meni ozod qildi va men o‘z ehtiyojlarimga sevgidan va erkaklarning daldasidan javob izlashni bas qildim. O‘n to‘rt yoshimda otamni yo‘qotganman, o‘n olti yoshimda turmushga chiqdim. O‘sha vaqtda erim mening himoyachim va hayotim ma’nosi bo‘lishini istaganimni mana endi tushunib yetdim. Bolalarimiz katta bo‘lib, o‘rtamizda jiddiy muammolar yuzaga kelgach, men qulday bo‘lib qoldim: erimdan bo‘lak yashay olmasligimni his qilardim. Bu xuddi derazaga o‘rnatilgan temir panjara misoli, yengib bo‘lmaydigan qullik edi. O‘sha vaqtda qanday ahvolga kelib qolganimni eslasam, hozir ham yuragim orqaga tortadi. Erim nafasni bug‘adigan darajada kuchli quchog‘imga bardosh berolmay, quchog‘imdan chiqish, yengil nafas olish haqida o‘ylardi. Xudo do‘stlarim orqali menga erimni “qo‘yib yuborishim” va Xudoni “mahkam ushlashim” kerakligini aytishdi. Bu meni ozod qildi. Erim o‘sha qiyin davrga bardosh bera oldi va meni tashlab ketmadi. Biz Xudoga, U turmushimizni saqlab qolgani uchun doimo shukrona aytamiz va bu yil oilaviy hayotimizning o‘ttiz olti yilligini nishonlaymiz. Yolg‘iz o‘zim mutlaqo ahmiyatsiz ekanligimga ishonar edim, albatta turmushga chiqishim kerak deb o‘ylardim. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida menda boshqalarga xizmat qilish quvonchi yo‘qoldi (chunki o‘zimdan ortmay qoldim) Xudoga xizmat qilishdan, Unga ishonishdan qoniqish topa olmay qoldim. Xudoning Hokim ekanligini, U men uchun belgilangan hayrli ishlar bilan Unga xizmat qilishimni va osmonda abadiy boylik yig‘ishimni istayotganini tushunishim uchun menga ko‘p yillar kerak bo‘ldi. Hozir yoshim qirqda va hayotimning qolgan qismini Unga xizmat qilib o‘tkazishga intilaman. Unga meni Masihga o‘hshash qilib o‘zgartirishiga yo‘l qo‘yib berishga tayyorman. Hayot juda qisqa. U menga hamma narsani abadiy hayot nazari bilan baholashimga yordam berdi va endi men bu dunyoning barcha qiyinchiliklari va umidsizliklarini yorug‘ yuz bilan qarshi olishga qodirman. Baxtning siri nikohda emas (nikohdan tashqarida ham emas). Baxt insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda emas. Haqiqiy quvonch faqat Iso Masihda. Xudo barcha ehtiyojlarimizni qanoatlantirishni va’da qilgan va agar U nikohda Unga ko‘proq shuhrat keltira olishimizni ko‘rsa, bu holda bizni nikohli, oilali qiladi. Qoniqish barcha ne’matlarga ega bo‘lishdan emas, balki Xudo bergan ne’matlarni qabul qilishdan hosil bo‘ladi. O‘z maqsadlariga erishishda o‘jarlik qilganlar, o‘ziga bosh og‘riq orttiradi, Xudoga umid bog‘laganlarga esa hamisha eng sara ne’matlar nasib etadi. Erimni o‘zgartirishim kerak Biz ayollarning ko‘pchiligi tabiatdan o‘zgaruvchanlikka moyilmiz. Biron narsa bizni qoniqtirmasa agar, biz uni o‘zgartirishni burchimiz, vazifamiz deb bilamiz. Agar biror bir shaxs talabimizga javob bermasa, bu holda o‘sha shaxsni o‘zgartirishni o‘zimizga maqsad qilamiz. Bu bir qaraganda, deyarli yengib bo‘lmaydigan tuyg‘udek ko‘rinadi, ayniqsa biz bilan bir uyda yashayotganlar haqida so‘z borganda. Biroq atrofdagilarni o‘zgartirish bizning vazifamiz deb o‘ylasak agar, bu holda hafsalamiz pir bo‘lishi, o‘rtada nizolar chiqishi muqarrar. Nikohda bunday yolg‘on ayolning o‘z burchi haqida va Xudo oldidagi hayoti haqida o‘ylamay qo‘yishiga olib keladi, vaholanki, faqat shu yerdagina u nimanidir o‘zgartirishi mumkin. Buning o‘rniga u boshqa odamning xatolari va majburiyatlari haqida tashvishlanadi. Uning eri (yoki bolalarining) yuragini o‘zgartira olmasligi muqarrar, lekin Muqaddas Ruhga o‘zining yuragini o‘zgartirishiga yordam bera oladi. Doimo erining xato va kamchiliklarini to‘g‘irlashga intilgan ayol bu bilan Xudodan berilmagan mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oladi va bunday holatlar ayolning eri va hatto Xudodan ham qattiq xafa bo‘lishi bilan yakun topishi mumkin. O‘zining hatti-harakatlari bilan ayol Xudoga erini o‘zgartirishiga halaqit berishi ham mumkin. Agar ayollar Xudoga O‘z rejasini ishga solishiga yo‘l qo‘yib berganlarida edi, Xudo qancha-qancha erlarni o‘zgartirgan bo‘lardi! Xudoga ishongan juda ko‘p ayollar qo‘li ostida o‘z erlariga ta’sir o‘tkazishning ikkita juda kuchli “vosita” borligini bilishmaydi. Bular shunday vositaki, egovlashdan, nasihat va ta’na qilishdan ko‘ra ancha yaxshiroq samara beradi. Birinchi qurol – bu imonli ayolga xos hayot tarzi bo‘lib, Xudo bu orqali ko‘pincha erni fosh qiladi, unda haqiqatga bo‘lgan chanqoqlik uyg‘otadi. (1 But. 3:1–4) Ikkinchi vosita – bu ibodat. Agar ayol har qadamda eriga uni o‘zgartirmoqchi ekanligini eslatib tursa, erining qarshilik qilishi, o‘z qobig‘iga o‘ralib olishining ehtimoli yuqori. Biroq o‘z tashvishlarini Xudoga ochsa agar, u bu bilan samoviy kuchlarni yordamga chaqiradi, eriga ta’sir o‘tkazilishiga yo‘l ochadi. Erning doimo egovlagan xotinidan ko‘ra, Xudoga qarshi chiqishi anchayin qiyinroq bo‘ladi! Bu borada menga Isoning onasi Maryam haqidagi misol juda yoqadi. Maryamga Xudoning farishtasi zohir bo‘lib, uning tez orada Masihni dunyoga keltirishini e’lon qildi – aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan narsa! Bu haqda Yusufga aytganida, Yusuf avvaliga ishonmadi, to‘g‘ri-da, farishtani ko‘rmagan bo‘lsa qanday ishonsin. Yusuf o‘yladiki, Maryam unga xiyonat qilgan. Bunga mantiqiy asos bor edi. Muqaddas Kitobda Maryam Yusufni Xudoning so‘zlariga ishontirishga harakat qilgani haqida aytgan bironta oyatni topmaymiz. Buning o‘rniga u Xudoning O‘zi Yusufga gapirishini kutdi va shunday bo‘ldi ham. Xudoning farishtasi Yusufga zohir bo‘lgach, Yusuf unga ishondi va to‘g‘ri yo‘l tutdi. Maryam haqiqatni yuragida saqlashni va u haqda mulohaza qilishni bilar edi. (Luqo 2:19) U kutish va xotirjam qolish uchun o‘zida yetarlicha kuch topa oldi, chunki Xudoning – Qodir ekanligini bilardi. Xudo uning hayotida ham, oilasida ham O‘z irodasini bajo qilishiga Maryam ishonar edi. Men sal kam o‘n yetti yil ko‘rmagan bir ayol, yaqinda umumiy do‘stimizning to‘yida oldimga kelib: “Sen oilamni saqlab qolding!” dedi. Undan nima bo‘lganini menga eslatishni so‘radim. U o‘n yetti yil muqaddam erining ruhiy holatiga oid tashvishlari haqida men bilan bo‘lishgani va mening unga: “Eringni o‘zgartirish sen qiladigan ish emas, buni Xudo qiladi. Sen Xudoga aytishing, kutishing va qolgan hammasini Uning O‘zi qilishiga yo‘l qo‘yib berishing kerak” deganimni aytdi. So‘ng davom ettirdi: “Maslahatingizga quloq soldim va mana shu yillar davomida bu haqda tanishlarim bilan bo‘lishdim”. So‘ng u Xudo erini o‘zgartira boshlashini kutish uning uchun qancha qiyin bo‘lgani haqida gapirib berdi. Uzoq vaqt, ya’ni o‘n olti yil u ibodat qilib, kutadi. Xudo ibodatlarini eshitgani, so‘raganlari ijobat bo‘lishi haqida hech qanday dalil ko‘rinavermasdi. Eri, garchi o‘zini masihiy deb hisoblasada, xotini uning chindan ham Xudoga ishonishidan shubhalanar edi, chunki uning hayotida na Xudoga chanqoqlik, na bir samara ko‘rinar edi. So‘ng, uzoq yillardan keyin “kutilmaganda” Ruh erining yuragini yoritadi va tamomila o‘zgartiradi. Eri xuddi komadan chiqqandek bo‘ladi. Hech bir ko‘rinarli sababsiz u o‘zida Xudoning Kalomiga chanqoqlik his etadi, Muqaddas Kitobni qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydi, kundalik tutib, Kalomda ochilgan haqiqatlarni yoza boshlaydi. Ayol bu haqda shunday deydi: “Avval erimni nonushtaga uyg‘ota olmasdim. Endi u har kuni tongda, soat olti yarimda boshlanadigan erkaklar ibodat guruhi yig‘ilishiga boradi!” Yaqinda u hatto o‘z biznesini sotish va xizmatga ko‘proq vaqt ajratish haqida so‘z ochdi. Bu odamning o‘zgarishini inson tafakkuri bilan tushuntirib bo‘lmaydi – faqat Xudo uni bu darajada o‘zgartirishga qodir – Xudo va eri uchun chindan ham ibodat qilishni o‘rgangan ayol. Erim menga xizmat qilishi kerak Mana yigirma yildirki masihiylar dunyosida imonli birodarlarni Xudoning ko‘ngliga mos erkak bo‘lishga, xotini va bolalarini yaxshi ko‘rishga va sevgisini fidokorona xizmat bilan namoyon etishga chaqirgan, juda kuchli harakat faoliyat olib bormoqda. Xudo erkaklarni qanday o‘zgartirayotgani, ularning yuragini O‘ziga va oilalariga qaratib kelganini ko‘rib quvonasan kishi. Biroq shu o‘rinda Xudoning biz ayollarga topshirgan rolini ham unutib qo‘ymasligimiz kerak. Hozirgi kunda masihiylar o‘rtasida erkaklarni o‘z uyida xotiniga xizmat qilishga chaqirish “to‘g‘ri” hisoblanadi. Lekin negadir xotinlarga erga xizmat qilish majburiyati haqida eslatish “noto‘g‘ridek” ko‘rinadi. Biroq Xudo erkakni ayolga “munosib sherik” bo‘lishi uchun yaratmagan. Aksincha, ayolni erkakka “munosib sherik” bo‘lishi uchun yaratdi. Albatta, bu bilan erlar xotini va bolalariga xizmat qilmasligi kerak demoqchi emasmiz. Agar erlar o‘z xotinlarini xuddi Masih jamoatni yaxshi ko‘rganday yaxshi ko‘rishi kerak bo‘lsa, demak ular xuddi Masih O‘zining Keliniga xizmat kilgani kabi, xotinlari uchun o‘zlarini fido qilishga va xizmatga tayyor bo‘lishi lozim. Biroq agar biz ayollar nimaga “loyiqligimiz”, haq-huquqlarimiz, erkaklar biz uchun qilishi kerak bo‘lgan narsalar haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, bu holda umidlarimiz puchga chiqishi, alam yutib qolishimiz muqarrar. Marhamat va quvonch hayotimizga qachonki biz olishga emas, berishga intilganimizda, oilamiz a’zolariga foyda keltirishga, ehtiyojlarini qanoatlantirish imkonlarini izlaganimizda keladi. Bizdagi tafakkur zamonaviy feministlar harakati ta’sirida shakllangan, bu harakat ayollarning oiladagi xizmati ahamiyatini susaytirish uchun ko‘p narsa qildi. Meri Kassian o‘zining “The Feminist Gospel” (Feministlar Xushxabari) nomli ajoyib kitobida Enn Oukli tomonidan 1974-yilda uy-ro‘zg‘ori mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdiqotlarga asoslanib, shunday yozadi: Oukli... statistika nuqtai nazaridan ayollar mehnatining og‘ir sharoitlari haqida yozishga harakat qilgan. Bu juda og‘ir, odamlardan bo‘lak holatda qilinadigan ko‘p soatli, maoshi deyarli to‘lanmaydigan, imtiyozlarsiz, kompensatsiya va nafaqasiz, dam olish va bayram kunlarisiz, mehnat sharoitlarini yaxshilash imkoniyati bo‘lmagan mehnat. …Oukli uy bekasining oilada qiladigan ishi, bolalariga qarashi aslida ekspluatatsiya va qullik ekanligini isbotlashga harakat qiladi.... Ouklining fikriga ko‘ra, to hamma ayollar erlari tomonidan qanchalik jabr ko‘rib kelayotganini tushunib olmaguncha, feministlar harakati o‘z maqsadiga erishmaydi.1 Onam mana shunday “jabr ko‘rgan” ayollardan biri bo‘lgan. Mendan kitob uchun onalarga va qizlarga bag‘ishlangan bob yozishni so‘raganlarida, onam hayoti haqida shunday yozuv kiritgan edim: Onam garchi o‘ta qobiliyatli, tanlash imkoniga ega ayol bo‘lgan bo‘lsada, eriga “munosib sherik” bo‘lish uchun hech qancha ikkilanmasdan ashulachilikda mavqega erishishdan voz kechdi. ... Oltmishinchi yillarda ayollarni mustaqil bo‘lishga, o‘z mavqei, martabasi uchun kurashishga, el e’tiborini qozonishga, obro‘ orttirishga chaqirgan g‘oyalar keng tarqalgan paytda onam mutlaqo boshqa rolni bajarib kelgan – u o‘zini tamomila erining vazifasiga bag‘ishlab yashardi. U erining hayoti uning ehtiyojlari va qiziqishlari atrofida aylanishini kutmagan, balki erining qiziqishlarini hisobga olgan holda o‘z hayotini bunga moslashtirib borardi. <…> Otam onamdan “munosib sherik” bo‘lishni talab qilmaganini tushunib olishimiz muhim o‘rin tutadi. Onam javramasdi, norozilik bildirmasdi. U umr yo‘ldoshini haqiqatan ham sevar, hayotda u bilan yonma-yon yurishdan, unga dalda berib, og‘irini yengil qilishdan o‘zi uchun zavq topardi. Otam Xudoning irodasini iloji boricha samarali bajarishi uchun, onam juda katta ro‘zg‘orimizdagi barcha ishlarni katta shijoat bilan qilardi. Hozirgi kunda ko‘p ayollar bunday hayotni qullik deb baholagan bo‘lardi. Biroq onamni “kamsitilgan, ranjigan” deb bo‘lmas edi. Aksincha, otam Xudodan munosib sherik qilib berilgan yordamchisini juda hurmat qilar, e’zozlardi, unda Xudo bergan in’om va qobiliyatlarning tobora oshib borayotganini ko‘rib xursand bo‘lardi2. Haqiqat shundaki, biz Isoga yoki atrofdagilarga xizmat qilish bilan Uning qiyofasiga kirib boramiz. Xizmatkor bo‘lishdan yuqori vazifa yo‘q. Hikmatlar 31-bobdagi ayolda meni ko‘proq uning xudbinlikdan mutlaqo holi bo‘lgani ajablantiradi. U o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmaydi, martaba ortirish, bankdagi shaxsiy raqami, minnatdorlik yoki shuhrat qozonish haqida o‘ylamaydi. Aksincha, u xuddiki o‘zining ehtiyojlari, qiziqishlari haqida mutlaqo o‘ylamayotgandek; buning o‘rniga eri va bolalari hamda atrofdagi odamlarning ehtiyojlari haqida qayg‘uradi. Avvaliga, siz yuqorida aytilgan parchani o‘qib, Enn Ouklining “uy bekalari – bechora, ezilgan odamlar” degan xulosasiga qo‘shilishingiz mumkin. Biroq bu ayolga yana bir qarang: • Uning liboslari kimxob va shoyidan tikilgan.(Hikm. 31:22) • Uyida ovqati yetarli, boshqalar bilan ham bo‘lisha oladi. (Hikm.31:15, 20) • U emotsional jihatdan barqaror va ertangi kunga ishonch bilan qaraydi. (Hikm. 31:21, 25) • Eri uni juda yaxshi ko‘radi. U xotiniga vafodor, uni “yagona” deb biladi. U buni xotiniga aytadi, boshqalar oldida uni sharaflaydi ham. (Hikm. 31:11, 28–29, 31) • Bolalari uni maqtab, duo qiladi. (Hikm. 31:28) Ezilgan ayolga o‘xshamaydi! O‘z mehnati evaziga shunday mukofot olib o‘zini baxtiyor his qilmaydigan ayol bormi? Biroq u bunga qanday erishdi? U erining yeng shimarib ro‘zg‘or ishlariga kirishishini talab qilmadi (garchi erlarning uy yumushlarida xotinlariga yordam berishi maqtovga loyiq). U xizmat qilishni tanladi va yaqinlarining ehtiyojlarini qanoatlantirish uning ustivor qadriyatiga aylandi (Xudo bilan munosabatlaridan keyin). Viki ismli ayol Xudo uni “er unga xizmat qilishi kerak” degan yolg‘on fikrdan qanday ozod qilgani haqida shunday hikoya qiladi: Bir necha yil avval jiddiy yolg‘ondan ozod bo‘ldim. Men har doim erimdan uy-ro‘zg‘or ishlarida, bolalarning tartiyasida menga xizmat qilishini kutganman. Agar buni qilmasa yoki men kutgan darajajda yaxshi bajarmasa, xafa bo‘lar edim. Uning narsalarini yig‘ishtirish, o‘rniga ishlashni yomon ko‘rardim. Momo Havoni Xudo Ota Atoga munosib sherik bo‘lishi uchun yaratganini bilar edim va bir kuni Muqaddas Ruh menga bu haqiqatni juda aniq qilib ko‘rsatdi va erimga munosib sherik bo‘lolmayotganim uchun meni fosh qildi. Endilikda men uning tashlab ketgan paypoqlarini, gazetalarini yig‘ib yuraman va o‘z-o‘zimga men bu bilan erimga xizmat qilayotganimni eslataman. Erim ro‘zg‘or ishlarida yordam berayotgani meni ko‘p quvontiradi (u juda ko‘p narsa qilar ekan). Men undan yordam kutish o‘rniga (o‘z maqsadlarimga erishish uchun) aksincha, unga o‘z maqsadlariga erishishda yordam berishga harakat qilaman (uni uydagi mayda ishlardan ozod qilaman, bolalar unga halaqit berishlariga yo‘l qo‘ymayman va h.k). Bu bizning turmushimizni saqlab qoldi. Erimga bo‘ysunsam, baxtsiz bo‘laman Bir necha yil avval bitta yirik protestantlar denominatsiyasi nikohda bo‘ysunish masalasida “yangi” qarashlar haqida gapirib, Xushxabar dunyosida shov-shuvlar ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi: Imonlilar jamoati Masihga sevinib bo‘ysungani singari, xotin ham uni sevgan eriga o‘z ixtiyori bilan bo‘ysunishi lozim3. Bo‘ysunish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ayollar bilan bog‘liq, bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Momo Havo ham Adan bog‘ida aynan shu muammoga duch kelgan. Muxtasar qilib aytganda, ilon Momo Havoga: “Xudo hayoting ustidan hokimlik qilishga haqlimi?” dedi. Ya’ni buning ostida: “O‘z hayotingni o‘zing boshqara olasan, hech kimga bo‘ysunishga majbur emassan” degan fikr yotar edi. Ilon Momo Havoni agar u Xudoning ko‘rsatmasiga quloq solsa baxtsiz bo‘lishi, ko‘p narsa yo‘qotishini aytib ishontirdi. O‘sha vaqtdan beri shayton ayollarni ustalik bilan bilan aldab, bo‘ysunish haqida salbiy fikr uyg‘otadi, hayotni bunday qabul qilishni – tor qarash, qulday hayot kechirish deb o‘rgatadi. U muqaddas, ajoyib va kuchli haqiqatni o‘ta xunuk, qo‘rqinchli, sovuq tasvirlarda ko‘rsatadi. Shayton yaxshi biladiki, agar biz Muqaddas Kitob o‘rgatganidek itoat qilishni, ya’ni Xudo Kalomidagi ozod qilishga qodir bo‘lgan eng kuchli haqiqatlarning birini bilib olsak, uni darhol qabul qilamiz. Itoat qilishni tanlashimizga u yo‘l qo‘ya olmaydi, chunki bu holda u hayotimiz va biz uchun qadrli bo‘lgan odamlarning hayoti ustidan o‘z hokimiyatini yo‘qotadi. Gunohga botgan inson tabiatining asosida (nazarimda, feministlar harakati asosida ham) o‘z ustidan hukmron bo‘lgan hokimiyatni qabul qilmaslik g‘oyasi yotadi. Nima qilishimiz kerakligini birov o‘rgatishini biz xohlamaymiz. Biz o‘z hayotimizni o‘zimiz boshqarishni, mustaqil qaror qabul qilishni afzal ko‘ramiz. Endi-endi qadam bosishni boshlagan bolalar ularga nozik narsalarga teginishni ta’qiqlagan odamni juda yomon ko‘rishadi. O‘smirlar soat nechada qaytib kelishi kerakligini aytishlarini yoqtirishmaydi. Biz kattalarga aholi istiqomat qilgan joylarda tezlikni soatiga 60 km dan oshirmaslik yoki xavfsizlik kamarini taqish zarur deb o‘rgatganlarida, buni yoqtirmaymiz. Ko‘p ayollar o‘z erlariga bo‘ysunmaydi va bundaylar orasida protestant jamoatlaridan bo‘lgan ayollar soni tobora ortib bormoqda. Nazarimda, bunga qisman Muqaddas Kitob ta’limoti haqida yetarlicha bilimga ega bo‘lmaganimiz, bo‘ysunishning mohiyati va qadriyatlarini tushunmasligimiz sabab. Va bu yerda ham shayton yolg‘onni turli shakllarga solib ishlatadi. Bo‘ysunish haqida yolg‘on 1. “Xotin erdan keyin turadi” Kalom o‘rgatadiki, erkak ham, ayol ham Xudoning suratiday qilib yaratilgan, ikkisi ham Xudo oldidan birdek qadrga ega va tavba qilish, imon keltirish orqali abadiy hayot inoyatidan bahramand bo‘la oladi. (Ibt. 1:27; Gal. 3:28; 1 But. 3:7) Xotinning vazifasi – erga bo‘ysunish va bundan uning shaxsiyatiga futur yetkazilmaydi. 2. “Bosh sifatida er o‘z xotiniga nisbatan qattiqqo‘l yoki zulmkor bo‘lishga haqli”. Masih jamoatni yaxshi ko‘rib, O‘zini jamoat uchun fido qilganiday erlarga ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevish amr etilgan. (Ef. 5:25–29) 3. “Xotin erga o‘z fikrini yoki nuqtai nazarini aytmasligi kerak”. Xudo ayolni u o‘z eriga “munosib sherik” bo‘lishi uchun yaratdi. Bu o‘z navbatida erning xotinga muhtoj ekanligini anglatadi. Er xotini u yoki bu vaziyatni qanday ko‘ra olishini bilishi lozim. Bu shuni ham anglatadiki, agar ayol kamtarlik bilan va sevgi bilan o‘zining dilidagi narsani eriga aytsa-yu, eri uning fikriga quloq solmay o‘zi bilgandek ish tutsa, ayol past kelishi va bu tanlovning oqibatlarini Xudoga ishonib topshirishi lozim. 4. “Er hamisha haq”. Havoriy Butrus o‘z maktubida erlari Xushxabarga bo‘ysunmagan ayollarga murojaat qiladi. Er Xushxabarga bo‘ysunmasligi yoki hayotining ayrim sohalarida Xudoga itoat qilmasligi mumkin. 1 Butrusga ko‘ra (3:1) bunday erga ta’sir ko‘rsatishning eng samarali vositasi bu ko‘z yoshga to‘la iltijolar, inkor qilib bo‘lmaydigan mantiq yoki muntazam eslatmayu tanbehlar emas, balki bo‘ysunishdir: “... siz, xotinlar, o‘z erlaringizga bo‘ysuninglar. Erlaringiz Xushxabarni rad etishsa ham, ularga itoat etinglar. Sizning ibratli xulq–atvoringiz har qanday so‘zdan ko‘ra, ta’sirliroq bo‘ladi. Erlaringiz pokiza hayotingizni va Xudodan qo‘rqib yashayotganingizni ko‘rib, imonga kelishadi”. 1 But. 3:1–2 Bo‘ysunish haqida ozod qiladigan haqiqat Xudo nima uchun ustimizdan hokimiyat yaratganini tushungach men bo‘ysunishning mohiyatiga boshqacha nazar bilan qaray boshladim. Xudo hokimiyatni ruhiy yordam va himoya vositasi sifatida o‘rnatgan. Ikki yoshli bolangizga kattalarning qarovisiz yo‘lni kesib o‘tishni taqiqlash qattiqqo‘lllik emas, chunki yo‘lda “yomon” mashinalar bo‘lishini bilasiz, shuning uchun bolangizning foydasini ko‘zlab ish tutasiz. Bolangizni himoya qilish uchun siz hokimiyatni ishga solasiz (bola himoyaga muhtoj ekanligini o‘zi tushunmasligi mumkin). Xudo bergan ruhiy hokimiyatning himoyasi ostiga bo‘lsak agar, U bizni saqlaydi. Boshqa tomondan, o‘zboshimchalik qilib, himoya ostidan chiqsak agar, dushman oldida ojiz bo‘lib qolamiz. Ishonchim komil, erining hokimiyatiga bo‘ysunishdan bosh tortishi tufayligina shayton ko‘p masihiy ayollarning ongi, irodasi va emotsiyalariga hujum qilishga muvaffaq bo‘ladi. Jiddiy masalada bo‘ladimi yoki ahamiyatsiz narsami, lekin bo‘ysunmaslikka qaror qilganimizda, biz dushman uchun oson o‘lja bo‘lib qolamiz. Bu bilan men bo‘ysungan ayol o‘z-o‘zidan har qanday qiyinchilikdan va zo‘ravonlikdan xalos bo‘ladi demoqchi emasman. Bu shuningdek zo‘ravonlik har doim ayolning qonuniy hokimiyatga bo‘ysunmasligi oqibatida keladi degani ham emas. Kalomga ko‘ra, solih ham, itoatkor odam ham qiynalishi, shu jumladan zo‘ravonlikning qurboni bo‘lishi mumkin. 1 Butrusga maktubda nima uchun Xudo bizning azob chekishimizga yo‘l qo‘yishi va to‘g‘ri ishlar uchun azob chekkanimizda nima qilishimiz kerakligi haqida yozilgan. Er o‘z atrofidagilarning hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holatlar uchraydiva. Shunda itoatkor ayolga o‘zini va bolalarini erining ta’siridan himoya qilishga to‘g‘ri keladi. Biroq hatto mana shunday holatlarda ham ayol o‘z erining mavqesini hurmat qilishda davom etishi lozim, nafaqat lozim, balki zarur hamdir. Ayolning maqsadi erni kamsitish emas, unga qarshi chiqish ham emas, balki o‘zgarishi, Xudoga bo‘ysunishi uchun jon kuydirishdir. Agar ayol erning jig‘iga tegsa yoki o‘z munosabati bilan vaziyatni keskinlashtirsa, so‘zlari yoki hatti harakatlari bilan Xudoga halaqit qilsa, bu holda Xudoning himoyasidan va yordamidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Siz yoki tanishlaringizdan biri mana shunday keskin ahvolda bo‘lsa, Xudodan sizga to‘g‘ri masalahat bera oladigan odamni ko‘rsatishni so‘rang. Bu odam jamoatingiz yetakchilaridan biri bo‘lsa, yana yaxshi. (Muayan vaziyatlarda yordam beradigan boshqa omillar va vositalar ham bor. Kitobning oxirida “O‘rganishni davom ettirish” bo‘limini topasiz va bu bo‘limda shunga o‘hshash vaziyatlarga tushgan ayollarni ehtimol qiziqtiradigan manbalarga iqtiboslar ko‘rsatilgan). Shuni tushundimki, asosiy masala bu mening Xudoga ishonishim va Uning hokimiyatiga bo‘ysunishga rozi bo‘lishim. Agar Unga quloq solishga tayyor bo‘lsam, Xudo tomonidan ustimdan qo‘yilgan odamning hokimiyatiga bo‘ysunishim bir muncha yengil bo‘ladi. Hikmatlar kitobida (21:1) aytilganki: “Shohning yuragi Egamizning qo‘lida, uni irmoqday xohlagan tomonga buradi”. Bizning Xudo tomonidan berilgan hokimiyatga bo‘ysunishni xohlashimiz Xudoning biz uchun qanchalik buyuk ekanligini ko‘rsatadi. Xudodan berilgan hokimiyat dunyoda mavjud bo‘lgan har qanday hokimiyatdan ustun. Qolaversa, birorta odam hayotimiz ustidan hokim bo‘la olmaydi. Bo‘ysunish bizni sevgisi mo‘l, dono, har qanday shohning yuragini o‘z qo‘lida ushlab turgan, qodir Samoviy Otamizning himoyasi va homiyligi ostiga olib keladi. Masala quyidagicha: biz chindan ham Xudoning har qanday insoniy hokimiyatdan ustun ekanligiga ishonamizmi? Uning kerak bo‘lsa hokimiyatni o‘z qo‘lida ushlab turgan odamning yuragini o‘zgartirishga kuchi, qudrati yetishiga ishonamizmi? O‘z o‘rnimizda bo‘lsak, ustimizdan qo‘yilgan hokimiyatga bo‘ysunsak agar, Uning bizni himoya qilishga qodir ekanligiga ishonamizmi? Uning biz uchun nima yaxshiroq ekanligini bilishiga ishonamizmi, U O‘zining mukammal, abadiy rejasini hayotimizda bajo qilishi uchun o‘zimizni Unga ishonib topshirishni istaymizmi? Haqiqat shundaki, biz 1 Butrus (3:1–2) da ko‘rganimizdek, xotin erga bo‘ysunish orqali Xudoga erining yuragida ishlashiga, uni itoat yo‘liga olib kelishiga yo‘l qo‘yib beradi. Butrus davom etadi va itoatga chanqoq qalb ayolga betakror joziba, abadiy go‘zallik ulashishini aytadi: “... qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so‘lmaydigan ichki go‘zalligingiz bo‘lsin. Xudoning nazarida bunday go‘zallikning qadri yuksakdir. O‘tmishda Xudoga umid bog‘lagan muqaddas xotinlar ham o‘zlari shu yo‘sinda bezanib, erlariga bo‘ysunar edilar. Masalan, Sora ham Ibrohimga itoat etib, uni xo‘jayin deb atar edi. Agar sizlar yaxshilik qilib, har qanday qo‘rquvdan sarosimaga tushmasangiz, Soraning qizlari hisoblanasizlar. 1 But. 3:3–6 Xotin erining ruhiy holati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, unga bo‘ysunsagina, chindan ham qo‘rquvdan ozod bo‘ladi. Axir u Xudoga ishondi, Xudo ohir-oqibat vaziyatni ham, erini ham O‘zi boshqaradi. Syuzan Xant o‘zining “True Woman” (“Haqiqiy ayol”) nomli kitobida bo‘ysunishning mohiyatini juda yaxshi ko‘rsatadi: Bo‘ysunish zarur ekanligini mantiqan isbotlab berolmayman. Iso nimaga bizni samoviy ulug‘vorlikka erishtirish uchun osmondagi butun ulug‘vorlikdan va go‘zallikdan voz kechganini tushuntirishda mantiqiy qoidalar hech qancha ish bermaydi. Bo‘ysunishni mantiqiy bilim bilan tushuntirolmaysiz, negaki uning mohiyati – sevgida. Iso bizni shu qadar sevdiki, biz uchun xoch azoblarini qabul qildi. U bergan amr shunday: xotinlar o‘z erlariga bo‘ysunishi lozim. Bu in’omni biz o‘z ixtiyorimiz bilan sevishni va’da qilgan erkakka in’om etishimiz mumkin, biz buni Qutqaruvchimizga bo‘lgan muhabbatimiz bois qilamiz. <…> Xudo erkakka munosib sherik kerak ekanligini aytdi. Haqiqiy ayol bu vazifadan quvonadi va eriga yordam beradi, unga qarshi chiqmaydi, eriga hamdard bo‘ladi, aslo uni boshqarishga urinmaydi, eriga do‘st, sherik bo‘ladi, aslo raqib emas, unga samimiy tarzda bo‘ysunadi, xo‘ja ko‘rsinga emas. Haqiqiy ayol bo‘ysunishdan qo‘rqmaydi. U o‘zining haq-huquqlarini talab qilmaydi, vaziyatni boshqarishga urinmaydi. Masihning va’dasi, Xudo bo‘lish, yuragida yashash haqida aytgan so‘zi oldida undagi barcha qo‘rquvlar chekinadi. Bo‘ysunish bilan u Parvardigor Xudoning cheksiz qudratiga ishonishini ko‘rsatadi, xolos. Bo‘ysunish – Masih orqali gunohdan forig‘ bo‘lganlikning isbotidir.4 Erim sustkash bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘limga olishim kerak, aks holda hech narsaga erisholmaymiz Ayollardan ular qanday yolg‘onga ishonib yashagani haqida so‘raganimizda, bu yolg‘on ro‘yxatda uchinchi bo‘lib e’tirof etildi. Hech narsa ayollarning ta’bini sustkash erkaklarchalik xira qilmaydi. Bu ham aslida yangi narsa emas. Adan bog‘idayoq xuddi shu holatning yuzaga kelganini ko‘rishimiz mumkin: Xotin qarasaki, o‘sha daraxt ko‘zga chiroyli ko‘rinadi, mevalari juda yeyishli ekan. Xotin ...daraxtning mevasidan olib yedi, keyin yonida turgan eriga ham berdi. Ibt. 3:6 Bu parcha ko‘z oldimga dahshatli manzarani keltiradi. Er-xotin birgalikda bog‘da sayr qilyapti. Ilon ularga yaqinlashdi: u biladiki, Xudo xotiniga erni bosh qilib qo‘ygan, ikkisi ham Xudoning hokimiyati ostida. U erni nazar-pisanl qilmasdan, aynan xotini bilan suhbat bog‘laydi. (Shayton bevosita xotinga murojaat etib, Xudo o‘rnatgan tartibni qanday buzmoqchi bo‘lganiga e’tibor bering). Shayton savol bilan boshladi: “Haqiqatan ham Xudo, bog‘dagi bironta daraxtning mevasidan yemanglar, deb aytdimi? — deb so‘radi. (Ibt.3:1) Ayolning bu yerda nima qilmaganiga e’tibor bering. U yonginasida turgan eri haqida o‘ylamadi. Xotin ilonga: “Seni erim bilan tanishtirmoqchi edim” demadi. Eriga qaramadi: “Siz bunga nima deysiz?” yoki “Odam, balki Xudo sizga nima deganini ilonga aytarsiz?”deb so‘ramadi. O‘zini boshqacha tutdi, xuddi yonida eri bo‘lmagandek ilon bilan suhbatini davom ettirdi. So‘ng tanlov oldidan u tashabbusni o‘z qo‘liga oladi. U eridan maslahat so‘ramadi, fikri haqida qiziqib ko‘rmadi ham. Bilganini qildi: “...daraxtning mevasidan olib yedi, ...” (Ibt. 3:6) Odam bu vaqtda nima qildi? U xuddi bugungi kunda ko‘p ayollarning nolishiga sababchi bo‘lgan erkaklardek o‘zini tutdi: aralashmadi, gapga qo‘shilmadi, qilgan ishi – xotini bergan mevadan yeyish bo‘ldi, xolos. To‘satdan, ilk bor rollar almashdi. Xudo birinchi bo‘lib erkakni yaratdi va zimmasiga uning himoyasi ostida bo‘lganlarga bosh bo‘lish, ularni ta’minlash mas’uliyatini yukladi. Ayol aslida erkakdan olingan bo‘lib, erini har tomonlama qo‘llashi, tashabbusiga dalda bo‘lish uchun yaratilgan edi. Hatto erkak va ayol o‘rtasidagi jismoniy tafovutlar ham ushbu asosiy farqni aks ettiradi. Biroq bu yerda kim bosh, kim kimga yegulik beryapti? Erkak ayolga emas, ayol erkakka. Kim qabul qilyapti? Ayol emas, erkak. Nimadir almashdi. O‘sha vaqtdan boshlab ilk oilaning o‘g‘illari va qizlari hayotidan bu kabi tartib buzilishlar joy olib kelmoqda. Gunoh kirib kelgandan keyin rollar almashuvi erkaklar va ayollarning munosabatida odatiy holga aylandi. O‘sha halokatli kundan boshlab, Adan bog‘ida ayollarda erni nazorat qilish, boshqarish va mustaqil ish tutishdek yengib bo‘lmaydigan bir istak paydo bo‘ldi5. Biz tashabbusni o‘z ko‘limizga olish, vaziyatni boshqarishga moyilmiz, biroq taqdirning g‘alati tasodifi shundan iboratki, biz shu vaqtning o‘zida qabul qilish va javob berishning o‘zi bilan chegaralanishni, erkaklarning nimadir qilishini xohlaymiz, – Xudo bizni shunday yaratgan. Odam Ato bilan Momo Havo misolida bo‘lgani kabi, biz g‘ayri ixtiyoriy ravishda bu muammoda bir-birimizni ayblaymiz. Biz shu zahotiyoq hamma aybni sustkash erkaklarga ag‘daramiz, agar ular sal faolroq bo‘lganlarida, aqalli sal qimirlaganlarida ham, ularni nazorat qilishimizga ehtiyoj qolmasdi, deymiz. Ko‘p yillardan beri ayollar mustaqil harakat qilishga erlarining sustkashligi bois majbur bo‘lganini ta’kidlaydi: • “Erim ishlamaydi. Agar o‘zim ish topmaganimda, ochdan o‘lgan bo‘lardik!” • “Agar oiladagi moliyaviy masalalarni yechishni erimga qo‘yib bersam, bir so‘m pulimiz qolmaydi”. • “U bolalarimizning tarbiyasiga aralashishni istamaydi. Agar ularni jazosiz qoldirganimda, to‘g‘ri ish tutishga majbur qilmaganimda, ular o‘zboshimcha bo‘lib ketar edi!” O‘zim ancha faol odamman, ayrim erkaklarning chindan ham sustkashlik ko‘rsatishi, biron narsa qilishdan bosh tortishi nima ekanligini yaxshi bilaman. Uzoq yillar davomida turli yig‘ilishlarda bo‘ldim. Ularda imonli erkaklar qatnashardi va (mening nazarimda) yetarli darajada jur’at ko‘rsatilmagan holatlarda aralashmaslik, tashabbusni qo‘lga olmaslik uchun menga tilni tiyishga to‘g‘ri kelardi. Biroq erkaklar bilan ayollarning o‘zaro munosabatlarini kuzatib, o‘zimning bunday vaziyatlardagi hatti-harakatlarimni xolis baholar ekanman, ko‘pincha o‘ylanib qolaman: erkaklarga faol bo‘lishga halaqit bergan biz ayollar emasmi? Xudo erlarimizni tashabbusga chaqirishini kutib o‘tirmasdan, o‘zimiz harakat qilib, bu bilan ulardan tashabuskorlikni tortib olmayapmizmi? Erkaklarda o‘rnidan turib, bizni o‘zi ortidan ergashtirish istagini so‘ndirib qo‘yish juda oson. Buning ustiga, ular bir amallab ish ko‘rsata boshlaganlarida, ayollardan dalda, yordam kutishadi, ayollar esa ularning hafsalasini tushirib: “O‘zimiz bu ishni yaxshiroq uddalay olgan bo‘lardik”, deyishadi. Esimda, bir erkak menga ko‘p yillar avval, to‘yidan keyinoq xotiga u bilan birga ibodat qilishni iltimos qilgani haqida aytdi. Ibodat qilib bo‘lganlaridan keyin xotini uni noto‘g‘ri ibodat qilganlikda ayblagan. Yillar o‘tib erning: “O‘sha kun xotinim bilan boshqa hech qachon birga ibodat qilmaslikka qaror qildim” deyishi hech kimni ajablantirmasligi kerak. Oila boshi, er sifatida xotini tomonidan inkor etilishini u ko‘tara olmadi. Ko‘p yillar o‘tibgina, Xudo O‘z inoyati bilan uning yuragini yangilagandan keyin bu odam yana xotiniga ibodatda boshchilik qilishga jur’at topa oldi. Aslida, ayol tashabbuskorlik ko‘rsatgan juda ko‘p holatlarda erkak shunchaki uning yonida turish va kuzatishning o‘zi bilan chegaralanishga rozi bo‘ladi. Elizabet Rays Xendfordning so‘zlariga ko‘ra, ...aksariyat erkaklar “sahnani” yomon ko‘radi. Ular sarosima va tartibsizlikka bardosh bera olmaydi. Ular uylarida tinchlik saqlanishi uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Xotiniga hammasini u aytganidek qilishiga ham ruhsat beradi, bahs-tortishuvlar, janjal bo‘lmasa bas. Biroq bu tinchlikning evaziga ular o‘zlarida erkaklik hissini yo‘qotishadi. Erni oila boshi vazifasini bajarmayotganlikda ayblashdan avval, yuragingizni diqqat bilan o‘rganing. Eringizning fikri-qaroriga ishonasizmi? Uning qabul qilgan qarorlariga bo‘ysunishga tayyormisiz? Agar tayyor bo‘lmasangiz, uni tashabbuskorlik ko‘rsatmayotganlikda ayblamang. Tinchlik va xotirjamlikni saqlash uchun u o‘z obro‘sidan ham kechadi6. Bir vaqtning o‘zida ikki ishni qilib bo‘lmaydi. Hammasini nazorat ostida saqlash, shu vaqtning o‘zida erkak kishining faol bo‘lishini, tashabbusni o‘z qo‘liga olishini, “ruhiy yetakchi” bo‘lib qolishini kutish, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Gohida erlarining sustkashligidan noligan ayollarga savol beraman: “Agar aralashmasdan, mustaqil ravishda tashabbus ko‘rsatmaganingizda nima bo‘lar edi?” Eringiz ish izlamayotgani uchun, ish topishim kerak, deb o‘ylaysizmi? Och qolsa, ishlaydi! Pulni boshqarishni bilmagani bois, hamma pul sizda bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz, to‘g‘rimi? Sizni sariq chaqasiz qoldirishi mumkin. Biroq balki shu yo‘l bilan Xudo uning e’tiborini bu muammoga qaratar, shu orqali uni o‘zgartirar? Siz eringizga hato qilishga yo‘l qo‘yib berishingiz va shu vaqtning o‘zida, tinchligingizni saqlagan aslida eringiz emas, balki hech qachon sizga pand bermaydigan buyuk Xudo ekanligiga ishonishingiz kerak. Muqaddas Kitobda Sora – eriga itoat qilgan, bo‘ysungan ayollar uchun o‘rnak namuna bo‘la oladi. Shunga qaramay bitta holatda u adashdi, nazarida Xudo kechikayotgandek ko‘ringani bois u mustaqil ish tutishga qaror qilgan. Mana o‘n yil bo‘lgan ediki, Egamiz Ibrohimga son-sanoqsiz avlod berishni, bu avlod buyuk xalq bo‘lib yetishishini va’da qilgandi. Endilikda uning yoshi yetmish oltiga etgan, boladan esa darak ham yo‘q edi. Kutib chaqchagach u tashabbusni o‘z qo‘liga olishning vaqti yetdi degan xulosaga keladi va erini qistovga oladi, harakatga undaydi: Ibromning xotini Soray hamon bola ko‘rmas edi. Soray Misrlik Hojar degan bir ayolni cho‘ri qilib olgan edi. Bir kuni Soray Ibromga aytdi: - Egamiz meni farzanddan qisdi. Endi cho‘rimning yoniga kiravering. Balki u orqali farzandli bo‘larman. Ibrom Sorayning taklifiga rozi bo‘ldi. Ibt.. 16:1–2 Sora qadimdan qolgan urf-odatni ishga solishga qaror qiladi. Unga ko‘ra bola tug‘magan ayol cho‘rilarining biri orqali bolali bo‘lishi mumkin edi. Avvaliga Soraning rejasi ish bergandek – Hojarning bo‘yida bola paydo bo‘ldi. Biroq tez orada vaziyat o‘zgardi, bola tug‘magan xotin va bola kutayotgan cho‘ri ayolning munosabatlari chidab bo‘lmaydigan darajaga yomonlashdi, va Sora yana Ibrohimga murojaat qildi: “Bularning hammasiga siz aybdorsiz!” dedi. (Ibt.16:5) Oradan o‘n uch yil o‘tib, Sora to‘qsonga kirganda, Xudo O‘z va’dasiga ko‘ra, Ibrohim bilan xotiniga o‘g‘il berish uchun yana ularga zohir bo‘ldi. Ishoq orqali keksaygan choli kampirga, shuningdek keyingi avlodlarga buyuk marhamat kelishi kerak edi. Biroq o‘rtada Ismoil bor edi –Ibrohimning Hojardan tug‘ilgan o‘g‘li. U ota-onasi o‘rtasida doimo kelishmovchiliklarga sababchi bo‘lgan. Sora har kuni o‘tmishga qarab, afsuslanib: “Nima uchun Xudoning va’dasi ushalishini kutmadim? Nima uchun o‘zim bunga kirishdim?!” deb oh urgan bo‘lsa ajab emas. Biz mustaqil ravishda muammolarga yechim topa olamiz, qisqa vaqtda natijalarga ham erishishimiz mumkin. Biroq, shunisi borki, oxir-oqibatda baribir yutqazamiz, xatoimizga sababchi qilib boshqalarni ayblaymiz, yomon ko‘ramiz. Bizni atrofimizdagi erkaklarni boshqarish istagidan nima ozod qilishi mumkin? Biz Xudoga umid bog‘lashni va kutishni o‘rganishimiz lozim, chunki o‘z vaqtida, O‘zining rejasiga ko‘ra Xudo Unga umid bog‘laganlarga yordam beradi. Egamizga umid bog‘la, Dadil bo‘l, yuragingga dalda ber, Egamizga umid bog‘la! Zab. 26:14 Gohida baxtsiz nikohda yashagandan ko‘ra, ajrashgan ma’qul Dushman bizni vaziyatimizdan “to‘g‘ri yo‘l bilan” chiqib bo‘lmasligiga ishontirishga harakat qiladi. Bu yolg‘on oqibatida juda ko‘p oilalar buzilib ketgan. To‘g‘ri, nikoh – jiddiy masala, yaxshi nikoh qurish bundanda qiyin. Har bir oilada er va xotinning qandaydir ma’noda “bir biriga to‘g‘ri kelmaydigan” tomonlari bo‘ladi, shu oddiy sababdanki, erkak va ayolning tabiati biri-birinikidan mutlaqo farq qiladi. Har qanday nikoh – bu aslida ikkita xudbin tabiatning birlashishi desak ham yanglishmaymiz. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan odamlar vaqti-vaqti bilan bir-biriga sovuq munosabatda bo‘lishadi, biri-birining dilini og‘ritadi, ular o‘rtasida gohida tushunmovchiliklar yuzaga keladi, muxtasar qilib aytganda, ular har doim ham bir-birining ehtiyojlarini qoniqtirishga qodir bo‘la olmaydi. Turmush qurib “uzoq umr baxtli yashash” bu faqat ertaklarda uchraydigan narsa. Ibtido kitobi 3-bobida yozilgan hodisadan keyin yer yuzida bironta ideal oila bo‘lmagan. Bir-birini sevgan ikki qalb nikoh qurgan kundanoq ilon ularga qarshi bosh ko‘taradi, dahshatli makr-hiylalari bilan nikohni buzishga kirishadi. Ilon biladiki, har bitta nikohning buzilishi – bu Xudoga va Uning yer yuzidagi xaloskorlik siymosiga qaratilgan zarba. Nikoh to‘yi tugamagunga qadar dushman sevishgan ikki qalbning yuragiga yolg‘on urug‘larini solishning imkonini izlay boshlaydi. Yolg‘on odatda ochiqchasiga ishlatilmaydi, aks holda uni ko‘rish, rad etish oson bo‘lar edi. U yarmi haqiqat, yarmi yolg‘on aralash fikr bilan boshlanadi. Bildirmasdan paydo bo‘ladi, haqiqatga o‘hshash fikr, chindek ko‘ringan his-tuyg‘ular orqali keladi. Demak, qallig‘ingiz sizlar tanishgan sanani unutib qo‘yadi. Yoki ... • uchrashuvga bir soatga kechikib keladi va telefonda bu haqida aytishni unutadi; • sizni ogohlantirmasdan, ikkalangizni imonlilar jamoati qoshidagi bolalar xizmatida ixtiyoriy qatnashuvchilar ro‘yxatiga kiritadi; • ota-onasiga Rojdestvo bayramini birga nishonlashni va’da qiladi, siz esa Rojdestvo bayramida o‘z ota-onangizning oldiga bormoqchi edingiz; • yoki minglab “haqoratlardan” birini eshitasiz. Kechirish va e’tirozlardan voz kechish o‘rniga gina saqlab yurish – bu vaqt o‘tgan sari o‘sib boradigan yolg‘on oldida zaiflashishni anglatadi. • U har doim faqat o‘zi haqida o‘ylaydi. • Meni xafa qildi, lekin bundan o‘zi hech qancha qayg‘urmaydi. • U bilan yashab bo‘lmaydi. • U hech qachon o‘zgarmaydi. • (ish joyimda yoki jamoatda boshqa erkak) ancha yumshoq va g‘amho‘r. U o‘zining xotiniga bunday munosabat qilmaydi! • Turmushimizni qutqarib bo‘lmaydi. • Agar _____________ (boshqa erkak)ga turmushga chiqqanimda, ancha baxtli bo‘lar edim. • Erim meni yaxshi ko‘rmasa, hurmat qilmasa, undan ketishga haqliman. • Gohida ikki kishi birga yashay olmaydi – bir-birimiz uchun yaratilmagan ko‘rinamiz. • Baxtsiz turmush kechirishdan ko‘ra ajrashganim ma’qul. • Menda boshqa imkon yo‘q. U bilan boshqa yashay olmayman. Shunga o‘hshash dalillar bilan xotin to‘liq va tamomila (yoki qisman) erining aybdor ekanligiga o‘zini ishontiradi. U erining ehtiyojlarini va o‘zining nohaq ekanligini ko‘rmaydi yoki hech bo‘lmaganda, o‘zining nohaqligidan ko‘ra ko‘proq erining ayblariga e’ttibor qaratadi. O‘zining ayblari ko‘p ko‘rinmasada, erining ayblari ko‘ziga tog‘dek ko‘rinaveradi. U o‘zini gunohkor deb bilmaydi, erining Xudo inoyatiga muhtoj ekanligini ham ko‘rmaydi. Bundan tashqari, bu ayolning hayoti o‘zi atrofida kechadi – u faqat o‘zining baxti va xafagarchiliklari haqida o‘ylaydi. U ko‘proq eri bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish, birgalikda kechirgan hayotining Xudo tomonidan poklanishi haqida emas, o‘zining muammolari yechilishi, ehtiyojlari qanoatlantirishi haqida jon kuydiradi. U eri uchun Xudoning inoyati manbasi bo‘la olishini ko‘rmaydi yoki bunday baho berishni istamaydi. Eng muhimi shuki, bunday ayollar atrofdagi hodisalardan Xudoni olib tashlaydi. Tushunmaydiki, nikohni alohida maqsad muddaolari bilan Xudo yaratgan. Shuningdek, bunday ayol erining muammolari va kamchiliklarini Xudo qanday qilib O‘z maqsadlarida ishlatishga qodir ekanligini ham tushunmaydi. U hatto uning o‘zini va erini o‘zgartirishga, nikohini qimmatbaho va ajib bir ne’matga aylantirishga qodir bo‘lgan Xudoning g‘ayritabiiy qudratiga ishonishga ham harakat qilmaydi. Ajralishga intilar ekan, u o‘zining shaxsiy baxti va manfaatini Xudoning xohish-irodasi, nikoh ahdining jiddiyligi va uning buzilishi haqidagi fikridan ustun qo‘yadi. Mana shunday yolg‘onga berilgan Anet ismli ayol xulosa qilib deydi: Mening baxtli yashashga haqim bor. Umrimning hali deyarli yarmi oldinda va men umrimning qolgan qismini sevib, baxtli bo‘lib, meni sevadigan, avaylaydigan odam bilan o‘tkazishga loyiqman – bu odam mening erim emas. Yillar davomida to‘planib kelgan alamga qarshi Xudoning usullari bilan kurashmoq lozim, aks holda odam o‘zi hech qachon ishonmagan narsalarni oqlay boshlaydi, o‘zi hech qachon qo‘llamagan qarorlarni qabul qiladi. So‘ng odam toshbag‘ir bo‘lib qoladi, umidini yo‘qotadi – bu demakki, dushmanning tuzog‘iga tushadi, yolg‘onga o‘lja bo‘ladi. Bundan chiqib ketishning va ozod bo‘lishning birdan-bir yo‘li – ong va emotsiyalarni yenggan yolg‘onni rad etish va unga Xudo Kalomida yozilgan haqiqatni qarshi qo‘yishdir. Bu haqiqat quyidagilardan iborat: • Xudo tiklay olmaydigan nikoh yo‘q. Xudo o‘zgartira olmaydigan odam yo‘q. • Nikohdan ko‘zlangan asosiy maqsad baxtli bo‘lish emas, balki Xudoni ulug‘lash, Uning xaloskorlikda namoyon bo‘lgan sevgisini aks ettirishdir. • Eringizni o‘zgartirish, Masih singari bo‘lishimiz uchun Xudo “o‘tkir qirralarni” ishga soladi. Eringizning ojiz tomonlari Xudoning qo‘lida sizni xudojo‘y ayol qilib o‘zgartira oladigan vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. • Xudoning sevgisi – haqiqiy sevgi, bu hech qachon ado bo‘lmaydigan shartsiz sevgidir. Xudoning sevgisi bo‘lmasa agar, biz o‘zimiz samimiy sevgiga qodir bo‘lmaymiz. Lekin Xudo bizning yuragimizda har qanday odamga nisbatan sevgi uyg‘otishga qodir, Unga ruhsat bersak bas. Sevgi – bu kechinma emas, balki boshqaning foydasi uchun jon kuydirish ilinjidir. Xudoning iltifoti bilan biz bu odamga nisbatan iliq munosabatda bo‘lmasdan ham uni yaxshi ko‘rishimiz mumkin. • Nikoh – bu ahd. Egamiz – ahd Xudosi. U Isroilga bergan va’dalarini bajardi, garchi Isroil Unga xiyonat qilgan, “ko‘p o‘ynashlar orttirib, fohishalik qilgan” bo‘lsada. (Yerem. 11:10; Hiz. 20:16; Xo‘sh. 2:13) Rabbiy Iso O‘zining Keliniga – imonlilar jamoatiga bergan va’dasini bajaradi, biz sadoqatsizlik qilgan taqdirimizda ham, U O‘z so‘ziga sodiq qoladi. Xudo O‘z so‘ziga sodiq qolar ekan, demak biz ham bunga sodiq qolmog‘imiz, nikoh ahdimizni buzmasligimiz lozim, negaki nikoh Xudoning O‘z xalqi bilan o‘rtasidagi xaloskorlik munosabatlarini ifoda etish uchun o‘rnatiladi. • Xudo bizga hamisha kechirimli bo‘lishni buyurgan. • Sadoqat ko‘rsatib, eringizni fidokorona sevib siz uning ruhan sog‘ayishiga zamin yaratasiz. Masihning azoblari bizni xuddi shu tarzda sog‘aytirgan (1 But. 2:24–25; 1 Kor. 7:12–14). • Erni almashtirish bilan muammolaringizga yechim topmaysiz (statistikaga ko‘ra, ajralish holatlari birinchi turmushdan ko‘ra, ikkinchi turmushda ko‘proq uchraydi). • Eringizga sodiq qolishingiz, uni sevishingiz va hamisha kechira olishingiz uchun Xudoning inoyati yetarli. • Xudo sizni hech qachon tashlab ketmaydi. Hayotiy sharoitlar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, U siz bilan birga bo‘ladi va sizni yorug‘likka olib chiqadi. • Ehtimol bu hayotda sadoqatingiz uchun mukofot olmassiz, faqat abadiy hayotdagina unga erishasiz. Biroq sadoqat baribir o‘z mevasini beradi va uni qancha kutsangiz ham arziydi! Ko‘p yillar avval, konferensiyada so‘zlaganimdan keyin bir ayol menga qisqa maktub yubordi, maktubni shunday so‘zlar ochib berardi: Xudo biz uchun hozirlagan eng yaxshi ne’matlarga erishishning birdan-bir yo‘li – bu kechirish, kek saqlamaslikdir! Keyingi satrlarning har biri xat boshidan yozilgan bo‘lib, bir nechta jumlada bu ayolning boshdan kechirgan ta’sirli hikoyasini, uning izlanganlari, yolg‘ondan haqiqat sari, qullikdan ozodlik sari bosgan yo‘li haqida edi: Ko‘p yillar avval erimdan juda ko‘nglim qoldi. Ajralishga qaror qildim va tegishli joyga kerakli hujjatlarni topshirdim. Shu orada xotinini yo‘qotgan bir do‘stimdan maktub oldim. Unda faqat ikkita so‘z yozilgan edi: “G‘ururingdan tush!” Aytganini qildim – ixtiyorimga qarshi, o‘zim xohlamasdim buni. Itoat qilganim, erimni yaxshi ko‘rishga intilganim sari, u o‘zida Xudoning ajoyib suratini aks ettirib borardi. Tez orada uning xotini ekanligimdan fahrlana boshladim. Bu menga juda yoqadigan bo‘ldi! Bir kuni, Rojdestvo kechasi biz quchoqlashib, bir-birimizga uzoq tikilib, munosabatlarimizdan hayratlandik. Xudo turmushimizni to‘liq tiklab, uni biz orzu qilgandan ham go‘zalroq qilib o‘zgartirgan edi. 26 dekabr kuni biz birga ibodat qildik va bir muddat quchoqlashib turdik. Uni so‘nggi bora o‘pdim. Oradan bir soat o‘tib, erim hayotdan ko‘z yumdi. Xudo menga ajoyib in’om berdi – hech narsadan achinmaslik in’omini. Usiz yashash qanchalik qiyin bo‘lmasin, lekin mumkin, shuning uchun erim bilan o‘tkazgan umrimdan achinmayman. Har bir ayolga aytmoqchi bo‘lganim shu: qimmatli vaqtingizni qo‘ldan boy bermang, Xudo sizga nimaiki yaxshi ne’matlarni bergan bo‘lsa, ularni qabul qiling. G‘ururingizdan tushing. Eringizga Xudoga maqbul erkak bo‘lishi uchun vaqt bering, joy bering. Bu uchun vaqt va fidoyilik kerak, lekin buning mevasi sizni ko‘p ajablantiradi, lol qoldiradi! Dushman oila rishtalarini qo‘rquv, vahima soladigan bir narsa qilib ko‘rsatadi. U ishlatgan yolg‘on o‘ta ta’sirli bo‘lib, son-sanoqsiz ajrashgan oilalar, buzilgan taqdirlar buning yaqqol isbotidir. Faqat haqiqat evazigagina nikohingiz tiklanadi, yangilanadi. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 21. Baxtli bo‘lishim uchun menga er kerak • Baxt nikohda bo‘lish (yoki bo‘lmaslik) bilan bog‘liq emas. • Hech qaysi odam mendagi eng chuqur ehtiyojlarni qonoatlantirishga qodir emas. • Xudodan boshqa hech kim, hech narsa meni chindan ham baxtiyor qila olmaydi. • Xudo mening barcha ehtiyojlarim haqida g‘amxo‘rlik qilishni va’da qilgan. Agar nikohda Xudoni ulug‘lay olsam, Xudo menga munosib turmush o‘rtoq beradi. • Xudoga umid bog‘laganlarga har doim eng sara ne’matlar nasib etadi. O‘zboshimchalik qilganlarning esa ko‘pincha hafsalasi pir bo‘ladi. 22. Erimni o‘zgartirishim kerak. • Xudoga manzur hayot va ibodat – erga ta’sir ko‘rsatishning asosiy vositalaridir. • Eringizni o‘z kuchingiz bilan o‘zgartirishga harakat qilgandan ko‘ra, Xudodan uni o‘zgrtirishni so‘rasangiz, ancha yaxshiroq natijalarga erishasiz. 23. Erim menga xizmat qilishi kerak. • Agar menga xizmat qilishlarini kutsam, hafsalam pir bo‘lishi muqarrar. • Boshqalarga xizmat qilishga intilib, evaziga hech narsa kutmasam, hech qachon hafsalam pir bo‘lmaydi. • Xudo ayolni eriga munosib sherik bo‘lishi uchun yaratdi, erni xotinga sherik bo‘lishi uchun emas. • Boshqalarga xizmat qilganimiz sari Masihning qiyofasi bizda aks etib boradi. 24. Erimga bo‘ysunsam, baxtsiz bo‘laman. • Bo‘ysunib yashasam, “shohning yuragini” o‘z qo‘lida ushlab turgan Xudoning himoyasiga erishaman. Erimning hokimiyati ostidan chiqqanimda dushman oldida zaiflashaman. • Xudo o‘rnatgan hokimiyatga o‘z ixtiyorim bilan bo‘ysunishim – Xudoni e’zozlashimning eng yaxshi isboti. • Hurmat bilan bo‘ysunish – Xudoga itoat qilmaydigan erga ta’sir ko‘rsatishning eng puxta vositasidir. • Xotinning er hokimiyatiga bo‘ysunishi, imonlilar jamoatining Rabbiy Iso hokimiyatiga bo‘ysunishini ifoda etmog‘i lozim. 25. Erim sustkash bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘limga olishim kerak, aks holda hech narsaga erisholmaymiz. • Xudo erkak kishining tashabbus ko‘rsatishini, xotinning esa unga javob berishini xohlaydi. • Agar ayol Xudo uning erini harakatga undashini kutib o‘tirmasdan, hammasini o‘z qo‘liga olsa, er hech qachon tashabbuskor bo‘lmaydi. 26. Gohida baxtsiz nikohda yashagandan ko‘ra, ajrashgan ma’qul. • Nikoh – bu bir umrga tuziladigan ahd, u Xudoning O‘z ahdiga bo‘lgan sadoqatini ifoda etadi. Xudo odamlar bilan tuzgan ahdiga sodiq bo‘lgani kabi, biz ham o‘zimizning nikoh ahdimizga sodiq, vafodor bo‘lmog‘imiz lozim. • Xudo tiklay olmaydigan nikoh yo‘q. Xudo o‘zgartira olmaydigan odam yo‘q. • Eringizni o‘zgartirish, Masih singari bo‘lishimiz uchun Xudo “o‘tkir qirralarni” ishga soladi. • Eringizga sodiq qolishingiz, uni sevishingiz va hamisha kechira olishingiz uchun Xudoning inoyati yetarli. Amalda qo‘llash 1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING. Siz nikoh haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayotingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quyidagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Mk. 10:6–9, Hikmatlar 31:10–12, Ef. 5:22–24, Ef. 5:32–33, 1 But. 3:1–6. Bu oyatlar Xudoning nikoh haqida umumiy fikri va ayniqsa ayolning nikohdagi o‘rni, vazifasi haqida nima deydi? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Ota, yer yuzida nikoh rishtalarini o‘rnatganing uchun rahmat. U odamzotga bo‘lgan sevgingni ifoda etishi, gunohdan qutqarish haqidagi buyuk rejangni, Rabbiy Isoning O‘z Jamoati bilan munosabatini ifoda etishi uchun rahmat. Yolvoraman, menga ko‘rsat, men nikoh nima ekanini to‘g‘ri tushunamanmi? Shuni tan olamanki, yer yuzida hatto eng yaxshi oilalar ham Sening rejangni oxirigacha tushunib yetolmaydi, chunki mag‘rurlik, xudbinlik hammamizga hos sifat bo‘lib qolgan. Erkaklarni xuddi Masih O‘z Jamoatini sevib, unga bosh bo‘lgani kabi, sevib e’zozlashga, ayollarga xuddi Jamoat O‘z Quyoviga bo‘ysungani kabi, erlarini hurmat qilish, ularga bo‘ysunishiga kuch bera oladigan inoyating uchun rahmat. (Eri bor ayollar): Sen O‘z ahdingga sodiqsan, men ham erimga umrim oxirigacha sodiq bo‘lib qolishni xohlayman. O‘tinaman, uni Sen buyurgandek sevishimga (Tit. 2:4), kamchiliklariga qaramasdan, kechirimli bo‘lishimga, uni oila boshi deb bilishimga, e’zozlashimga, unga bo‘ysunishimga yordam ber, toki boshqalarda ham bizga qarab, Masihga yaqin bo‘lish, Unga bo‘ysunish istagi paydo bo‘lsin. Menga yuvosh va sokin ruhga, so‘lmaydigan ichki go‘zallikka burkanishga yordam ber, toki bu orqali erim hayotining barcha sohalarida Senga bo‘ysunsinishni o‘rgansin. (Erga tegmagan ayollar): Boshqa oilalarga dalda berishni, ularni himoya qilishni, qo‘riqlashni menga o‘rgat. Pokligimni, iffatimni saqlashimga yordam ber, o‘zganing muqaddas, nikoh ahdini buzishimga yo‘l qo‘yma. Samoviy Quyovimiz – Iso Masih uchun rahmat. Butun borlig‘im bilan Senga sodiq bo‘lay. Sen bilan bir ruhda bo‘lishga intilib yashashni, boriga qanoat qilishni o‘rgat. Iso Masihning nomi bilan. Omin. 7 BOB Bolalar haqida    • Nechta bola ko‘rish masalasini faqat o‘zimiz hal qilamiz    • Bolalar hayotni tanib bilishi uchun “real dunyoda” yashashi lozim    • Hamma bolalar isyonkorlik davrini boshdan kechiradi    • Bolamning imonli ekanligini bilaman: hali juda kichikligidayoq u ibodat qilib, Masihga imon keltirgan    • Bolalarimiz hayotda qanday yo‘l tanlashi uchun biz javob bermaymiz    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying    • Amalda qo‘llash Xotira daftarim, Yaqinda Odam uchinchi farzand haqida o‘ylay boshladi. Bu fikrga uncha qo‘shilmayman. O‘g‘illarimizni hamma narsadan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman. Biroq ona bo‘lish shu qadar qiyinki! Oxirgi paytlarda ularning munosabati juda og‘irlashdi. Qobil qachon qaramang, ukasi bilan janjallashadi va har doim yengiladi. Xuddi atrofdagilarga bir narsani isbotlamoqchi bo‘lgandek o‘zini tutadi. Hulq-atvori buzulib boryapti. O‘z qobig‘iga o‘ralib olgan, hech kim bilan gaplashmaydi, depressiya holatiga tushadi. Ikki og‘iz so‘z gapirgisi kelmaydi! Unga dalda berishga harakat qilaman, biroq nazarimda so‘zlarim hech narsani o‘zgartirmagandek. Avval u Xudoga yaqin edi, hozir esa Unga ishonishiga ham amin emasligini aytadi. Otasi gohida u uchun qattiq tashvishlanadi. O‘rtalarida munosabat buzilgandek. Ba’zida o‘ylayman: balki Odam unga haddan ortiq qattiqqo‘llik qilayotgandir... Unga, o‘zimiz ham vaqtida xuddi shunday qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizni eslataman. Bolalarimni mutlaqo “to‘g‘irlab” bo‘lmasligini his etaman. Meni bu vaziyat Hobilga qanday ta’sir qilishi tashvishlantiradi. Bunday vaziyatda yana bitta farzandni qanday qilib dunyoga keltirishimizni tasavvur qilolmayman. Ona qalbi – bamisli xazinadir, unda eng katta quvonchlar va eng og‘ir jarohatlar, alamu og‘riqlar saqlanadi. Bolangizning katta sportda muvaffaqiyatlarga erishishi yoki hatto ikki oyog‘ida yaxshi yurolmasligi, yoshiga qaraganda zehnli, bilimli yoki aqlan qoloq bo‘lishi, yo bo‘lmasa yirik kompaniyaning direktori bo‘lishi, hurmat-e’tibor qozonishi yoki ashaddiy jinoyatchi bo‘lishidan qat’iy nazar, ona hech qachon umid qilishdan, qachonlardir beshikda yo‘rgaklagan bolasi uchun qayg‘urishdan, orzu xavas qilishdan to‘xtamaydi. Aynan mana shu, insonga xos eng nozik munosabatlar – o‘z tani va qoniga bo‘lgan muhabbat ayollarning hayotida eng ojiz soha hisoblanadi. Har qanday sohada bo‘lgani kabi, bu yerda ham shayton talaygina soxta tushunchalarni tayyorlab qo‘ygan, ularni ayollarga bola va onalik vazifasi haqida yolg‘on tasavvurlarni singdirish uchun ishga soladi. Bunday yolg‘onni singdirar ekan, shayton onalarni qul qilibgina qo‘ymasdan, ular orqali yolg‘on keyingi avlodlarga ham yetkazilishini ko‘zlaydi, shu maqsaddaki, ular haqiqatni bilmasin, uning ozod qiluvchi kuchi orqali qutqarilmasin. Ushbu bobda biz masihiylar dunyosida keng negiz otgan, bir nechta yashirin, soxta va “yarim haqiqat” tushunchalarga diqqat-e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Bu tushunchalar masihiylar oilalarida juda ko‘p, jiddiy muammolarni keltirib chiqqan. Agar haqiqatni mahkam ushlagan holda bu yolg‘onni aniqlab olmasak, uni rad etmasak, avlodlar oshib u tobora kattalashib boraveradi. Nechta bola ko‘rish masalasini faqat o‘zimiz hal qilamiz Bugun ertalab boshqa shtatdan dugonam qo‘ng‘iroq qildi va ular oilada to‘rtinchi bolani ko‘rish taraddudida ekanligini aytdi. Ular eri bilan bu yangilikni yorug‘ yuz bilan bilan qabul qilishdi, ammo hamma ham ularning xursandchiligiga sherik bo‘lmayotganini sezishdi. “Bilasanmi, – dedi u, – eng og‘ir so‘zlarni men boshqa joyda emas, o‘z jamoatimizda eshitdim!” U tan olib aytadiki, salbiy fikrlar gohida uni ikkilanishga: “Balki men boshqalardek emasdirman?” – deyishga majbur qiladi. Yaratguvchi ham, hayot beruvchi ham – Xudo. Xudoning ashaddiy dushmani bo‘lgani uchun, shayton tabiiyki hayotdan nafratlanadi, qayerda hayot alomati paydo bo‘lsa, har doim uni yo‘q qilishga intiladi. U Odamni va Momo Havoni Xudo taqiqlagan daraxtning mevasini yeyishga undadi, bilar ediki, mevani yeganlari zahoti ular o‘ladi, Axir bu Xudoning va’dasi edi. Odam bilan Momo Havo ikkita o‘g‘il ko‘rganlaridan keyin, shayton to‘ng‘ichining yuragiga o‘z ukasini o‘ldirish haqida fikr berdi. Shayton – o‘g‘ri, buni Iso aytgan; u faqat o‘g‘irlash, bo‘g‘izlash, barbod qilish uchun keladi. (Yuh. 10:10) Uning niyatlari va rejalari Xudoning niyatlariga tamomila zid keladi, negaki yuqoridagi oyatda Iso: “Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman” – deydi. Shunday ekan, bolalarning dunyoga kelishidan shayton hech qachon xursand bo‘lmaydi. Tug‘ilgan har bir bola kelajakda Xudoning inoyatini qabul qilishi, Xudo Shohligi fuqarosiga aylanishi va bu bilan shaytonning mash’um niyatlarini barbod qilishi mumkin. Shu tariqa u ayollar bola ko‘rmasligi uchun o‘zida bor imkoniyatlarni ishga soladi. Misol uchun, u ayollarda Xudoning topshirig‘iga beparvo bo‘lish – bola paydo qilish, tug‘ish va hayotni himoya qilish vazifasini bajarmaslik istagini uyg‘otadi. Abort, bolaning hayotiga xiyonat qilish va gomoseksualizm – bular madaniyatimiz qabul qilayotgan, hayotni yo‘q qilishga qaratilgan illatlarning bir nechtasi xolos. Muqaddas Kitobga ishongan masihiylar iblisning bunday ishlarini ilkidanoq rad etadilar. Biroq Xushxabar dunyosi va shu qatorda “hayotni himoya qiluvchi” taniqli odamlarning ko‘pchiligi mazkur masalaning boshqa tomonlari haqida so‘z ochilganda o‘z nuqtai nazarini bu qadar dadil himoya qilishmaydi va bola bo‘lishining oldini olishga hech qanday qarshilik bildirishmaydi. Feministlar mavkurasining asosiy g‘oyalaridan biri har doim ayollarning bola tug‘ish yoki tug‘maslik, tug‘adigan bo‘lsa, qachon va nechta bola tug‘ish masalasini o‘zlari hal qilish huquqidan iborat bo‘lgan. Sulamif Fayrstoun, 60-70-yilarning taniqli yozuvchisi buni shunday fikr bilan izohlaydi: “Ayollarning jabrlanishi va erkin bo‘lolmayotganining negizi – bola tug‘ish va tarbiya qilish majburiyati bilan bog‘liq”1. Masihiylar dunyosi beixtiyor ravishda bu fikrni qabul qildi va kontratsepsiya, bichish, “oilani rejalashtirish” kabi holatlar o‘z-o‘zidan odatiy holga aylandi. Natijada millionlab masihiy ayollar va masihiy juftliklar o‘zlari bilmagan holda bolalar tug‘ilishini chegaralash va bu bilan hayotga zarar yetkazishda shaytonga uning mash’um niyatida sherik bo‘ldilar. Meri Prayd “The Way Home” (Uyga yo‘l) nomli o‘zining chuqur mazmunli kitobida bu haqda shunday yozadi: Oilani rejalashtirish – abort qilishning asl negizi va asosidir. Abortlar ommalashishidan avval butun boshli bir avlodga ular o‘zlariga qulay ravishda nechta bola qilishni va qachon bola tug‘ishni rejalashtirishi lozimligini uqtirish talab etilardi. Biz, zamonaviy masihiylar abortga qarshi bosh ko‘taramiz va bu to‘g‘ri. Biroq bu muammoga qarshi kurashishga majbur bo‘lganimizga, o‘ttiz yil muqaddam boshqa jangda yengilganimiz sabab bo‘ldi. Oilalar bolani o‘zlari yaratishga qodir ekanligiga, oilani o‘z ixtiyoriga ko‘ra “rejalashtirish” mumkinligiga ishona boshlagach, odamlar tomonidan inson hayoti umuman e’zozlanmay qo‘yildi. ...Abort – bu eng avvalo yuragingizning ahvoli. “Men muhimroqman”, “Mening mavqeim muhim”. “Obro‘ orttirish men uchun afzalroq”. “Qulay hayot kechirish men uchun muhimroq”. “Moliyaviy rejalarim muhimroq” va h.k. Oilani rejalashtirish g‘oyasi aynan shu fikrlar bilan sug‘orilgan emasmi? Jamoatlarimiz esa mana o‘ttiz yildirki buni va’z qiladi!2 Aksariyat odamlar, shu qatorda imonlilar ham, o‘z oilasining katta-kichikligini belgilar ekan, buni qo‘rquv, xudbinlik va insoniy mantiq asosida qilayotganini hatto hayoliga ham keltirishmaydi: • “Yana bitta bola tug‘ilishiga qanday yo‘l qo‘ya olamiz?” Zo‘rg‘a kun ko‘ryapmiz. Ularni o‘qitish vaqti kelganda nima qilamiz?” • “Sog‘limgim tufayli boshqa bola qilolmayman” Ikkita bolaning o‘zi menga yetadi, shundoq ham toliqqanman”. • “Agar yana bola tug‘adigan bo‘lsak, erimning menga, mening esa erimga vaqtimiz qolmaydi”. • “Bolalarimiz ko‘paysa, do‘stlarimiz (yoki ota-onamiz) bizni aqlsiz deb hisoblaydi. Shundoq ham bolalarimiz ko‘p ekanligini aytishadi”. • “Agar nechta bola o‘stirishimiz kerakligini Xudoga qo‘yib berganimizda, yigirmaga yaqin bolamiz bo‘lar edi!” Dunyo: “Bola – asli muammo” deb o‘rgatadi. Muqaddas Kitob: “Bola – oila uchun eng buyuk marhamatlardan biri” – deydi. Biz esa osmonga yuz tutib: “Xudoyim, bizga bunday marhamatlarni yubormaganing ma’qul” – deb ibodat qilamiz. Dunyo deydi: “Nikohdan maqsad – baxtli hayot kechirishdir. Baxt – bu bola ko‘rish degani emas”. Muqaddas Kitob buning aksini o‘rgatadi va nikohdan ko‘zlangan eng muhim maqsadlardan biri – bu bola tug‘ish, xudojo‘y farzandlarni o‘stirish ekanligini aytadi. (Mal. 2:15) 1 Timo‘tiyga maktubda Pavlus bola tug‘ish –Xudo tomonidan berilgan, faqat ayollargina bajara oladigan, muhim vazifa ekanligini eslatadi. Pavlus yosh bevalarga ular erga tegishi, bola tug‘ib, ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi, g‘animlarning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasligi kerakligini aytadi. (1 Tim. 5:14) Ikkinchi bobning oxirgi oyatida u ayollar “kamtaru bama’ni bo‘lishsa, Masihga bo‘lgan imonda sobit qolib, mehr–oqibatli bo‘lib, taqvodor hayot kechirishsa, najot topadilar” deydi. Albatta, bu bilan ayollar bola tug‘ib o‘stirish orqali najot topadi demoqchi emasmiz. Bu oyatning grammatik tuzilishi Pavlusning Timo‘tiyga maktubda yozgan nasihatlariga o‘hshash shaklga ega (1 Tim. 4:16): “Hayot tarzingga, nimalar o‘rgatayotganingga e’tibor qil. Bu faoliyatingni astoydil davom ettir, shunday qilsang, o‘zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan”. Pavlus Timo‘tiyning ishi – va’z qilish ekanligini, bu vazifaga bo‘lgan sadoqati chin dildan tavba qilganligiga isbot, dalil bo‘lishini aytadi. Va’z qilish – Timo‘tiyning qutqarilishi uchun vosita emas, balki qutqarilganining tabiiy samarasi, mahsulidir. Xuddi shu tarzda, ayolning Xudodan berilgan vazifani, Xudo ko‘zda tutgan maqsadni bajo etishi – bola tug‘ib o‘stirishi aslida chin dildan tavba qilinganlikning tabiiy samarasi, uning Xudoga tegishli bo‘lgani, Xudo yo‘lidan yurayotganining isbot dalili bo‘lib xizmat qiladi. (Bu Xudo hamma ayollarni turmushga chiqishga va bola tug‘ib o‘stirishga dav’at etadi degani emas. Umimiy olib qaralgandagina, bu Xudodan ayol uchun belgilab berilgan asosiy maqsad hisoblanadi). Nosiralik Maryam o‘zining rejasini chetga surib, Xudoga bo‘lgan ishonchini bola tug‘ishga tayyor ekanligi bilan isbotlagan ayol sifatida biz uchun zo‘r o‘rnak, namuna bo‘la oladi. Xudoning farishtasi zohir bo‘lib, uning o‘g‘il farzand ko‘rishini e’lon qilganda, o‘smirin qizning yuragida qanday e’tirozlar paydo bo‘lganini biz taxmin qila olamiz, xolos: • Hali juda yoshmanku! Bola tug‘ishga tayyor emasman! • Yusufga, dugonalarimga vaqt ajara olmayman. Bola bilan uyda o‘tirishimga to‘g‘ri keladi. • Avval yangi uyimizda joylashib olishni xohlardim. • Odamlar nima deydi? Hech kim meni tushunmaydi! • Hali bola tug‘ib o‘stira olmaymiz. Yusuf o‘z ishini endi-endi boshlayapti. • Bolaning tug‘iladigan vaqti Qaysar Avgustning aholini ro‘yxatga oladigan vaqtga to‘g‘ri keladi, shu tariqa biz boshqa shaharda bo‘lishimiz kerak! Biroq Kalomda bu kabi fikr va ikkilanishlarga bironta ishora topmaymiz. Maryam juda oddiy tarzda javob berib dedi: “Men Egamning bandasiman. Hammasi siz aytganingizday bo‘lsin” (Lk. 1:38) Boshqacha qilib aytganda, u: “Sen – Egamsan, men esa Sening qo‘lingman. Mening tanam Senga tegishli, shunday ekan, Sening men uchun tayyorlagan har qanday noqulaylikni va qiyinchilikni qabul qilishga tayyorman. Men uchun eng muhimi – bu azaliy irodangni bajarmoq, meni nima maqsadda dunyoga keltirgan bo‘lsang, shuni ado etmoqdir. Irodangni jon deb bajo etaman, Egam!” – dedi. O‘z vaqtida Xudoning dav’atiga xuddi shunday javob bergan onamga cheksiz minnatdorman. Nensi Sossoman, qobiliyatli va istiqbolli ashulachi, Art Demossni 19 yoshida uchratdi va ular Nensi o‘zining vokal ashulachi sifatida mavqesini o‘stirib borishi uchun, bola tug‘ishni besh yil keyinga qoldirmoqchi bo‘lgan. Biroq Xudoning niyati boshqa edi va nikohining dastlabki besh yilidayoq U er-xotinga olti nafar farzand berdi! Bu bilan bir vaqtda Nensi otasiga biznes ishlarida yordam berardi. Mana shu yillar davomida u Xudo bergan har bir farzandni katta quvonch bilan qabul qildi, bir necha yil o‘tib yettinchi farzandni dunyoga keltirganidan keyin ham uning quvonchi susaymadi. Shuncha yildan beri men undan biron marta noliganini eshitmadim – bola tug‘ib o‘stirish marhamatiga erishgani, onalik baxtiga muyassar bo‘lgani uchun Xudoga rahmat aytardi. Nosiralik Maryam va onam shunday ayollarki, bolalarni qabul qilgan, ularga vaqt ajratgan, O‘z izdoshlarini ham xuddi shunga dav’at etgan va Rabbimiz Isoni ulug‘lab yashagan. (Mt. 19:13–15) Bolalar hayotni tanib bilishi uchun “real dunyoda” yashashi lozim Shayton masihiylar oilasida bola tug‘ilishining oldini ololmasa agar, bor kuchini ota-onaga bolalarning tarbiyasi haqida soxta tushunchalarni singdirishga qaratadi. Bu yerda u xuddi Momo Havo bilan suhbatda ishga solgan usulni qo‘llaydi. U xotinni aldadi, Xudo taqiqlagan daraxtning mevasidan yeyishi bilanoq, u muhim narsani bilib olishini aytdi: “...sizlar bu mevalardan yesangiz, ko‘zlaringiz ochilib, sizlar ham barcha yaxshi va yomon narsalarni biladigan bo‘lib, Xudoga o‘xshab qolasizlar”. (Ibt.3:5) Shaytonning aytganlari to‘g‘ri edi – Momo Havo mevani yegan zahoti ikkovining ham ko‘zlari ochilib, ular yalang‘och ekanliklarini angladilar (Ibt. 3:7); u chindan ham avval bilmagan narsani bilib oldi. Bu yovuzlik edi. Buning oqibatida xotin uyat, aybdorlik, Xudodan va erdan ayirilish nima ekanligini bilib oldi. Xudo bizning yovuzlik nima ekanini o‘z tajribamizda bilib olishimizni xohlamagan. U bizning “yaxshilikka kelganda dono, yomonlikka kelganda esa norasida bo‘lishimizni” istaydi. (Rim. 16:19) Biroq shayton: “Hammasini o‘zing boshdan o‘tkazishing kerak” deydi. Ota-onalarga u: “Bolalaringiz hammasini o‘zlari tanib bilishi kerak. Bolalaringizni real voqelikdan xabarsiz bo‘lib o‘sishiga yo‘l qo‘ysangiz, ular hayotda o‘z o‘rnini topa olmaydi, hayotga tayyor bo‘lmaydi” deb uqtiradi. Biroq haqiqat umuman boshqa narsada. Haqiqat bolani hayotda o‘z o‘rnini “topa oladigan” yo bo‘lmasa shunchaki dunyoda “yashab keta oladigan” qilib o‘stirishda emas. Masihiylar oilasining vazifasi – Xudoni butun qalbi bilan, jonu dili bilan, butun ongi bilan, kuchi boricha sevadigan, Rabbiy Iso bilan mustahkam munosabatlar quradigan, hayoti zulmatda yorqin porlaydigan bolalarni o‘stirish. Masihiy ota-onalar shunchaki “odobli” bolalarni emas, balki haqiqatda zavq bilan yashaydigan, adolatni sevadigan, yomonlikdan nafratlanadigan, Xudoning xohish istagi bilan dunyoni o‘zgartirishga qodir bo‘ladigan bolalarni o‘stirmoq uchun jon kuydirishlari kerak. Ota-onam uchun Xudoga doimo rahmat aytaman. Ular bizni poklikni sevib yashashni, shunchaki qo‘rqqani uchun, zamonaviy madaniyat bizga zarar yetkazadi deb emas, balki Xudoga bo‘lgan chuqur hurmati va sevgisi bois gunohdan nafratlanishni o‘rgatishdi. Ular bizni dunyoviy fanlardan ta’lim olib boriladigan ayjoyib maktablarning biriga berishi mumkin edi, lekin “oddiyroq” ko‘ringan masihiylar maktabini tanlashdi. Ayrimlar, bizning yuqoriroq ta’limga ega bo‘lishimiz kerak ekanini aytishdi, lekin ota-onamiz “Egamizdan qo‘rqish donolikning boshidir” degan fikrda mahkam turdilar va dunyoda hech narsa bizni hayotga Xudo Kalomidek puxta tayyorlay olmasligini aytishdi. Ular bizning endi shakllanib borayotgan ongimizni va yuragimizni bu dunyoning mash’um ta’siridan himoya qilish uchun muayan qadamlarni bosishdi. Xudo onamga bizni nimadan himoya qilish kerakligiga donolik ato etgandi – bu shunday narsalar ediki, bugungi kunda juda ko‘p imonli ota-onalar bularga beparvo qaraydi. Misol uchun, deyarli har bir tengdoshimiz Barbi qo‘g‘irchog‘iga mahliyo bo‘lib o‘ynagan vaqtda, biz Barbi haqida deyarli hech narsa bilmasdik. Onamiz shuni bilar ediki, agar qiz bola katta ayollarning qomatiga ega bo‘lgan qo‘g‘irchoqni o‘ynasa, oqibatda bu unga erkak va ayol o‘rtasidagi jismoniy farqlarga sog‘lom munosabatda bo‘lishga halaqit berishi mumkin. Bolaligimda jamiyatda qo‘zg‘olonlar, g‘alayonlar va inqiloblar avj olar edi. G‘alayon qatnashchilari Vetnamdagi urushga qarshi chiqishar, ko‘chalarda yurishlar qilib, bayroqlarni yoqishardi. Millionlab yoshlar giyohvand, jinsiy beahloqlik va rok musiqa girdobiga tushgan edi. Oliy Sud ayollarga abort qilish huquqini berish haqida qaror chiqargan, Xruщev Qo‘shma Shtatlarni yo‘q qilib yuborishini aytib, tahdid solgan vaqtlar edi bu. Biz bu hodisalar haqida bilardik, lekin kechgi yangiliklardan emas. Ota-onam ayrim mavzular bolaning ongi uchun emas deb hisoblar va bizdagi dunyoda bo‘layotgan narsalar haqida tasavvurlarimizni ularning o‘zi shakllantirib borishi lozim ekanini his qilishardi. Natijada nima bo‘ldi? Men “hech narsadan bexabar” bo‘lib o‘sdim. To maktabni bitirmagunimcha bironta beadab so‘z eshitmadim. O‘sha vaqtda ommaviy komikslar, kino va teledastur qahramonlari haqida deyarli hech narsa bilmasdim. Biroq Xudoning inoyati va donoligi bilan ish tutgan ota-onam tufayli men aksariyat tengdoshlarim bilmagan narsalar haqida bilardim. Men yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi farqni tushunardim. Muqaddas Kitob haqida keng tushunchaga ega bo‘lib, har kuni Kalom o‘qishdan va jamoatda olgan sog‘lom bilimlarimdan tashqari men Muqaddas Kitobni o‘rganish bo‘yicha ikkita kursni boshdan oxirigacha o‘qib tamomlaganman (ular maktabdagi o‘quv dasturiga kiritilgan edi). Men Muqaddas Kitobdan katta-katta parchalarni yoddan ayta olardim, masihiylar ta’limotining asosiy qoidalarini bilardim, masihiylar aytadigan, juda ko‘p madh va sano kupletlarini yodlab olgandim. Bir qator haqiqiy qahramonlarni, jumladan Xadson Teylor, Jordj Myuller, Uilyam Karey va Gledis Eylvordning biografiyasini to‘liq o‘rganib chiqqanman. Biroq barcha “bilimlardan” ko‘ra Rabbiy Isoga bo‘lgan ishonchim muhimroq edi, bu ishonch menga uydan chiqib, dunyo bilan yuzma-yuz bo‘lganimda, mustaqil hayot kechira boshlaganimda juda asqotdi, to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam berdi. “Ota-bobolarimizning imoni” mening imonimga aylangandi. Bu bilan maqtanmayman, chunki bunda mening xizmatim yo‘q. Bu Xudodan berilgan in’om, o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyat – farzandlarini Xudo uchun tarbiyalash vazifasiga jiddiy yondashgan ota-onamning yutug‘i edi. Bolalar ilk bolaligida, shaxsi endigina shakllanib borgan davrda ko‘rgan narsalariga o‘rganishadi. Men “durustgina” masihiylar oilalardan chiqqan, biroq imon yo‘lidagi ota-bobolarimizdan, havoriylardan ko‘ra rok qo‘shiqchilar va kino yulduzlar haqida ko‘proq bilimga ega bo‘lgan yoshlarni bilardim. Ular ommalashgan, zamonaviy qo‘shiqlarning istalganini aytib bera olar, biroq imonlilarning buyuk madhiyalarini bilishmasdi. Men birgina xulosa qila olaman: ular ilk bolaligida ko‘rgan va eshitganlariga o‘rganib qolgan. Bolalarimizga musiqa tinglashga, (dunyoviy) filmlarni ko‘rish, jurnal va kitoblarni o‘qish, hamma narsani inkor etadigan do‘stlari bilan ko‘cha kezib yurish, beadab so‘zlarni ishlatish, erkin jinsiy hayot kechirishi, isyonkorlik va zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘yib bersak, keyinchalik ular bu dunyoning falsafasini qabul qilganlariga hayron bo‘lmasligimiz kerak. Hozir, men mana shu so‘zlarni yozayotgan vaqtda, tashqarida 20 santimetrlik qor yotibdi. Mana shunday havoda tashqarida yerni qazib, endigina o‘sayotgan o‘simlikni o‘tkazish va uning tomir otishi, ko‘karishiga umid bog‘lash hech kimning hayoliga kelmaydi. Buning uchun issiqxona bor – bu orqali o‘simlik uchun eng optimal sharoitlar yaratiladi. Vaqt o‘tib, o‘simlikning tomir yug‘onlashib, tashqi sharoitga bardosh bera oladigan bo‘lib yetishgach, uni joyiga o‘tqazish mumkin. O‘n yetti yoshimda ota-onam meni Qo‘shma Shtatlarning narigi chekkasiga, Janubiy Kaliforniyadagi dunyoviy universitetga o‘qishga yuborishdi. Men juda yaxshi masihiylar oilasida katta bo‘lgan edim, bu yerda esa umrimda ko‘rmagan erkinlikka ega bo‘ldim. O‘zim xohlagan joyga borishim, xohlagan ishimni qilishim mumkin edi. Biroq menda “xohish, istaklar” shakllanib bo‘lgan edi, men Xudoni sevardim va Unga ma’qul narsalarni qilishni xohlardim. Ota-onam nima deb o‘ylaydi degan fikrdan qo‘rqib, bundan tashvishlanib emas, balki Xudoning muqaddasligini, doimo hozirligi va sevgisini his qilgan holda qadam bosardim. O‘sha yillar menga tanish bo‘lmagan turli falsafiy nazariyalarni o‘rgandim. Biroq Xudoning Kalomiga zid bo‘lgan narsalar menda qiziqish uyg‘otmasdi. Boshqacha hayot tarziga ega bo‘lgan odamlarni yaxshi ko‘rardim va ularning Xudoga kelishini xohlardim. Shu vaqtning o‘zida, ularning hayotiy yo‘li menga yoqmasdi. Xudoni butun qalb bilan sevish, Uning irodasiga chin dildan bo‘ysunishning qanday marhamat ekanligini o‘z uyimda, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rgan edim. Bunday tarbiya yuragimda Xudoga maqbul hayot kechirish, haqiqat so‘qmoqlaridan yurish istagini uyg‘otgan edi. Havoriy Pavlus o‘tmish va kelajakdagi, barcha xalqlardan bo‘lgan imonlilarni ogohlantirib deydi: “Bu dunyoga moslashmanglar”. (Rim. 12:2) Buning o‘rniga “fikr–zikrimizni yangilab, tubdan o‘zgarishimiz kerak”. (Rim. 12:2) Aksariyat masihiylardan farqli ravishda biz o‘z madaniyatimiz ta’siri ostida qolmasligimiz, buning o‘rniga Muqaddas Ruhga va Xudoning Kalomiga to‘lib yashashimiz kerak, toki hayot tarzimiz madaniyatimizni o‘zgartirsin. Bugungi kunda masihiy ota-onalar oldidagi vazifa: bu dunyoga taqlid qiladigan emas, balki uni o‘zgartiradigan avlodni o‘stirish. Hamma bolalar isyonkorlik davrini boshdan kechiradi Dushman ota-onalardan ularning bolalari o‘smirlik davrida pok hayot kechirishiga, Xudoga itoat qilib yashashiga bo‘lgan umidini tortib olishni xohlaydi. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida ular bolalarining o‘tish davrini quvonch bilan emas, vahima va qo‘rquv bilan qabul qilishadi. Bu o‘z navbatida ularni o‘sib borayotgan farzandining isyonkorlik qilishini oddiy hol o‘rnida ko‘rishga va hatto bolasini oqlashga ham majbur qilishi mumkin. Ota-onasi ulardan isyon qilishini kutganini bilgan bolalar ko‘p holatlarda ota-onasi kutgandek ish tutadi. Biroq hammamiz ham tabiatdan isyonkormiz. Ota-onamiz gunohkor bo‘lgan, biz ham gunohda tug‘ilganmiz, bolalarimiz ham nevaralarimiz ham isyonkorlikka moyil bo‘lib tug‘iladi. (Zab. 50:7; 57:4; Ish. 59:2) Mana shu yerda Xushxabar paydo bo‘ladi. Birinchi oila itoatsizlik qilgan zahoti, Xudo odamzotni gunohdan forig‘ qilish niyatini amalga oshira boshladi – bu ularni isyonkorlikdan qutqarishning birdan-bir yo‘li edi. Masihning odamzot uchun qurbon bo‘lishi jamiki gunohkorlarga Xudoning inoyatini in’om etdi. Xudo har bir avlod Uning inoyatini qabul qilishini, ahdga sodiq bo‘lishi va uni o‘z farzandlariga yetkazishini xohlaydi. Imonli ota-onalarga muqaddas topshiriq berilgan –farzandlarini Rabbiy Isoga itoat qilib yashashga o‘rgatish. Ota-onalar bolalarni “najot kemasiga” olib kelishlari kerak. Ushbu yuksak va muqaddas vazifani bajarish uchun odamlarga Muqaddas Ruhning kuchi va Xudoning ulug‘ va’dalari berilgan. XVIII asr Yangi Britaniyada yashab o‘tgan jamoat cho‘poni Jonatan Edvardsning rafiqasi Sara Edvards juda xudojo‘y ayol bo‘lgan. U haqiqatga ishonishga, hayotining har bir sohasida unga asoslanib ish tutishga intilar edi. U onalik vazifasida o‘z intilishlarini ayniqsa yorqin namoyon eta oldi – 11 nafar farzandni dunyoga keltirib, katta qildi. Jonatan Edvards o‘z “Memmuarlarida” rafiqasining o‘z vazifasiga sidqidildan ishongani, og‘ishmay bolalariga erta yoshidanoq itoat qilishni o‘rgatganini yozadi: U bolalarni nihoyata yaxshi boshqara olardi... Bir martagina gapirar va bolalari unga darhol bo‘ysunardi, bolalar nolish, e’tiroz qilish nima ekanini bilmay o‘sdi. Ular ota-onasini juda hurmat qilishardi... Bolalar o‘rtasida ko‘p kuzatiladigan bahs va tortishuvlar uning oilasiga mutlaqo begona edi. Uning intizomga rioya qilish tartibi bola hayotining ilk damlaridanoq ishga solinardi va u o‘ziga qoida qilib olgan narsa shundan iborat ediki: bolada, u katta yoki kichik bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘jarlik yoki itoatsizlik kuzatilgan eng birinchi holatdanoq, ayniqsa keyin, bu holat takrorlangan sari, irodasi to ota-onasining irodasiga to‘liq bo‘ysunmagunga qadar, ona sifatida u bolaga qarshi chiqar edi. U donolarcha fikrlar, bola o‘z ota-onasiga bo‘ysunishni o‘rganmagunga qadar, Xudoga bo‘ysuna olmaydi deb hisoblar edi.3 Yaqinda bir ona menga o‘zi to‘g‘risida gapirib, birinchi o‘g‘li hali juda yosh bo‘lgan vaqtda, uni aksariyat yoshlarning itoatsizligi, uning ham balog‘atga o‘tish davrida isyonkorlik qilishi kerak degani emasligi haqida o‘rgatganini aytdi. Ular turmush o‘rtog‘i bilan birga farzandlariga orzu ulashishgan – bu boshqacha bo‘lish orzusi edi, ular farzandlariga qanday odam bo‘lishlari mumkinligi haqida gapirib berishdi. Ota-ona bolalariga o‘zlarining misolida itoat qilish yo‘lini tanlashning qanchalik muhim, qanchayin afzal ekanligini doimo ko‘rsatib kelishadi. Bolalarda isyonkorlik endi-endi ko‘rinish bera boshlaganda donishmand ota-ona yelka qisib: “Hamma bolalar bundan o‘tishi kerak chog‘i” demaydi. Ular bolalari jismoniy va garmonal o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgani va buning ta’sirida bola emotsional jihatdan juda ta’sirchan bo‘lib qolishi mumkinligini tushunishadi, biroq shu vaqtning o‘zida ular bolalariga bo‘ysunmaydigan emotsiyalarni boshqarish, emotsiyalarga yengilib qolmaslik kerakligini o‘rgatishadi. Ular yuzaga kelgan muammolarni keskin bo‘lsada, lekin sevgi bilan hal qiladilar, tinchlik saqlashga harakat qilgan holda bolalariga muntazam ravishda Xudo haqida guvohlik beradilar. Bolalari noto‘g‘ri qaror qabul qilganlarida, bu o‘z navbatida ma’lum bir oqibatlarga olib keladi, tavba qilganlarida – marhamatlarga erishadilar. Donishmand ota-onalar o‘zlari xato qilgan vaqtda o‘zini past tutishdan va kechirim so‘rashdan qo‘rqmaydi. Biroq eng muhimi shuki, ular bolalari uchun tinmay ibodat qiladilar, ularni Muqaddas Ruhga topshiradilar, U bolalarining yuragini bo‘ysundirishini kutadilar. Shuningdek bunday ota-onalar o‘smir bo‘lib yetishgan bolalariga Xudoning odamzotni gunohdan sotib olgani haqidagi ahdini ular keyingi avlodga yetkazishi kerak ekanligini tushuntiradilar. Bolalar tobora quloqsiz bo‘lib borayotgan bugungi kunda jamiyatimizga Xudoning ahdiga sodiq, Xudoning va’dalarini mahkam tutadigan, haqiqatga ishonadigan ota-onalar: Ammo Egamizning sodiq sevgisi Abadulabad Undan qo‘rqqanlar bilan birgadir! Uning sodiqligi esa ularning nasliga o‘tadi. <…> O‘g‘illarimiz yoshligida yaxshi o‘sgan ko‘chatga o‘xshasin, Qizlarimiz saroyning o‘ymakor ustunlariga o‘xshasin. Hamma bolalaringga Men, Egang, ta’lim beraman, Farzandlaringning tinchligi buyuk bo‘ladi. Zab. 102:17–18; 143:12; Ish. 54:13 Bolamning imonli ekanligiga aminman, chunki u hali juda kichkinaligidayoq ibodat qilib Masihga imon keltirgan. Mana necha-necha yillar ayollarning Xudodan uzoqlashib ketgan o‘g‘li yoki qizi haqida yig‘lab noliganlarini eshitishimga to‘g‘ri keladi. Odatda o‘sib ulg‘aygan va Xudo haqida mutlaqo qiziqmaydigan yoki xudosizlarga xos hayot kechirib kelgan bola (yoki nabira) haqida so‘z boradi. Shunga qaramay bu ayollar bolalarining imonli ekanligiga ishonishadi. Quyida keltirilgan maktublarda ham xuddi shu mavzuda so‘z yuritiladi va bu kabi so‘zlar oxirgi paytda ko‘p uchramoqda: Qizim striptiz barda raqqosa, o‘g‘lim – gomoseksualist. Ularning Xudoga qaytib kelishini xohlayman. Ikkisi ham qachonlardir imon keltirgan va suvda cho‘mdirilgan edi. O‘g‘illarimning hech biri hayotini Xudoga bag‘ishlab yashamayapti. Bolaligida ular Masihga ishonardi, biroq keyinchalik, kollejda o‘qib imondan qaytib ketishdi. O‘ylashimcha, shayton ko‘p ota-onalarning ko‘zini ko‘r qilishga, bolalarini zulmat shohligi kishanlarida saqlab qolish uchun, ota-onasidan ularning haqiqiy ruhiy holatini yashirishga intiladi. Bu yolg‘on oldida bolalarini imonlilar jamoatida o‘stirgan ota-onalar ayniqsa ojiz bo‘ladi. Ular bolalarini “yaxshini yomondan ajratishga” o‘rgatgan, bolalari avvaliga Masihga imon keltirgan, ma’lum bir vaqt hatto ruhiy masalalarga jiddiy qiziqish bildirgan ham. Shu tariqa bunday ota-onalar ko‘pincha bolalarining qutqarilganiga ishonishadi. Ammo Kalom o‘rgatadiki, odam Xudo haqida hamma narsani bila turib, barcha savollarga to‘g‘ri javob bera oladigan, hatto ma’lum darajada diniy tajribaga ham ega bo‘la turib ham, shu vaqtning o‘zida qaytadan tug‘ilmagan bo‘lishi mumkin. Odamning yuragida nima borligini faqat Xudo biladi. Biroq imonimiz yoki boshqa birovning imoni qanchalik chin ekanligini aniqlay olishimiz uchun U bizga ma’lum bir, xolis o‘lchov-mezonlarni berdi. 1 Yuhanno maktubi qaytadan tug‘ilgan odamlarga qutqarilganligi haqida komil ishonch bag‘ishlash va shu vaqtning o‘zida bunday ishonchga asosli dalili bo‘lmagan odamlarni ogohlantirish uchun yozilgan. Yuhanno bizga chindan ham qutqarilgan odamlarni, shunchaki Xudoga ishonishini aytadigan va aslida bor yo‘g‘i dindor bo‘lgan odamlardan ajratishning aniq mezonlarini beradi: Xudoni tanib–bilganimizni shundan bilsak bo‘ladi: Xudoni tanib–bilgan odam Uning amrlariga rioya qiladi. Xudoni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan esa yolg‘onchidir, unda haqiqat yo‘q. Xudoning kalomiga itoat qilgan odamda esa Xudoning sevgisi o‘z mukammal ifodasini topgan. Biz Xudo bilan birga ekanimizni ana shundan bilsak bo‘ladi. <…> Men nurda yashayapman deb turib, o‘z birodaridan nafratlangan odam hali ham zulmatdadir.. <…> …Dunyoni sevgan odamda Otamiz Xudoning sevgisi bo‘lmaydi. <…> …Aslida, bu odamlar o‘z oramizdan chiqdilar, ammo ular bizga tegishli bo‘lmaganlar. Shuning uchun bizni tark etdilar. Agar bizga qarashli bo‘lganlarida edi, biz bilan qolgan bo‘lar edilar. <…> Adolatli ish qilmagan va o‘z birodarini sevmagan odam esa Xudodan emas. Demak, iblis bolalari bilan Xudo bolalarining farqi ana shundadir. (1 Yuh. 2:3 – 6, 9, 15, 19; 3:10) Haqiqiy qutqarilishning mohiyati tavba qilishda yoki xayrli ishlarda emas, balki odamning o‘zgarishidadir: “Binobarin, kim Masihga tegishli bo‘lsa, u yangi ijoddir. Eski hayot o‘tib ketdi, yangisi esa boshlandi”. (2 Kor. 5:17) Chindan ham Xudoga yuz burgan erkak yoki ayol yangi hayotga, yangi yurakka, yangi tabiatga ega bo‘ladi, Xudo bilan yangicha munosabatda bo‘ladi: “U bizni zulmat hukmronligidan qutqarib, sevikli O‘g‘lining Shohligiga qabul qildi”. (Kol. 1:13) Ushbu yangi ahdga qo‘shimcha qilib imonda mustahkam tura olishimizga bo‘lgan ishonch ham beriladi. Xudo O‘z va’dasida shunday deydi: “Mendan yuz o‘girib ketmasliklari uchun ularning yuraklariga Mendan qo‘rqish hissini solib qo‘yaman” (Yerem.32:40) Ibroniylarga maktub muallifi esa oxirigacha bardosh berish – haqiqiy imonning belgisi ekanligini aytadi: “…biz Masihga sherik bo‘ldik. Faqat boshida ega bo‘lgan imonimizni oxirigacha mahkam tutishimiz lozim”. (Ibr. 3:14) Havoriy Pavlus Efesdagi imonlilarga maktubda, Masihni bilaman degan, biroq chindan ham qutqarilganini hayotda namoyon etmagan odamlar haqida shunday yozadi: Shuni bilib qo‘yinglarki, hech bir fahshboz, iflos yoki xasisu ochko‘z inson Masihning va Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydi, chunki aytib o‘tilganlarning hammasi butparastlik bilan tengdir. O‘shanday gunohlarni qilishga bahona izlaganlar sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin, chunki Xudoning qahr–g‘azabi Unga itoatsiz bandalarning boshiga tushadi. Ef. 5:5–6 Ota-ona bolalarining qaytadan tug‘ilganiga ishonsa, biroq ularning hayotida qutqarilganlikning belgilari namoyon bo‘lmasa, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, buning natijasida bolalarda abadiy hayotdagi taqdiri haqida soxta tasavvurlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu ota-onaga to‘g‘ri ibodat qilishga va bolalarining joni uchun ruhiy kurash olib borishga halaqit berishi mumkin. Bu holat o‘ziga xos “tekinga beriladigan inoyat” tushunchasini hosil qiladi va bu tushuncha Masihning shaxsi, xochda qurbon bo‘lgani kamsitilishiga olib keladi. Shunday qilib jamoatlarimiz hayoti binoyidek ekanligiga ishongan odamlar bilan to‘ladi. Ular bunga ishonadilar, garchi Masih bilan haqiqiy munosabat tuzmasalarda, hayot tarzi bilan Xudoning Kalomini tahqirlab, dunyoning ko‘zi o‘ngida Masih bergan ta’limotni mensimay kelsalarda. Albatta, qaytadan tug‘ilgan odamlarda ham gohida Xudoga itoat qilmagan yoki imondan qaytgan vaqtlarni boshdan kechirishi mumkin. Lekin chindan ham imonli bo‘lgan bironta odam Muqaddas Ruhning fosh etishini his qilmasdan, bilib, tushungan holda muntazam gunoh qila olmaydi. Bolalar (yoki ularning ota-onasi) ruhiy masalalarda qanchalik keng bilimga ega bo‘lishi, hayotining ma’lum bir davrlarida qanchalik zahmat ko‘rsata olishidan qat’iy nazar, agar yuragida sevgisi bo‘lmasa, Xudoning Kalomini, U ko‘rsatgan yo‘lni muntazam ravishda rad etib kelsa, ularni: chindan ham qaytadan tug‘ilganmi, degan savol ustidan o‘ylashga majbur qilish lozim. Bolalarimiz tanlaydigan hayotiy yo‘l uchun biz javobgar emasmiz Ayollar mendan ibodat qilishni so‘rab, bo‘lishgan muhtojliklar ichida eng ko‘p uchraydigani – bu Xudodan qaytib ketgan bolalari va nabiralari uchun ibodat qilish muhtojligi bo‘lsa kerak. Onalarning tashvishi va hasratlari haqida butun bir kitob yozish mumkin: O‘n olti yoshli qizim to‘qqiz oy avval uydan ketib qoldi va yigiti bilan yashayapti. Dilim azobda, u uchun xavotirdaman! Yigirma sakkiz yoshli qizim Masihga bo‘lgan e’tiqodidan voz kechdi; unda notabiiy jinsiy ehtiroslar borligi, ayollarga ishtiyoqmandligi aniqlandi. Xudo mening o‘n sakkiz yoshli o‘g‘limning yuragini o‘zgartirishi va undagi pornografiyaga bo‘lgan qiziqishlarni yo‘q qilishi uchun ibodat qiling, bolaligidan boshlab u mana shu illatdan qiynaladi. O‘smirin o‘g‘lillarimdan juda ko‘nglim qoldi. Ular Xudo haqida ham, U bilan bog‘liq narsalarga ham ham mutlaqo qiziqishmaydi. Bolalarimni xudojo‘y qilib o‘stirolmadim. Bunday kunlarni ko‘rmagan odam, bu ayollarning qanday azob chekayotganini tushunishi qiyin. Dushman ota-onani qul qilish uchun ikkita qarama-qarshi soxta fikrni ishga solishini ko‘raman. Birinchisi – ular o‘z farzandlariga jiddiy ta’sir o‘tkaza olmasligi, ularning taqdiri uchun javobgar emasligi va endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasligi bilan bog‘liq. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida ota-ona bolalari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan bosh tortadi va o‘zlarini umidsiz o‘lja o‘rnida ko‘rishadi. Ikkinchi soxta fikr shundan iboratki, ota-ona bolalarining bunday ahvolga kelgani uchun yuz foiz o‘zlari javobgar, bunga faqat ular aybdor. Ular tushunmaydiki, odamning ota-onasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z tanlovi uchun o‘zi javob beradi. Bolalar isyon qilganlarida, shayton ota-onani goh u yoqqa, goh bu yoqqa o‘zlarini urishga majbur qiladi. Bir qarasang, ular o‘zlarini aybdor deb bilib, bunday og‘rinadilar, bir qarasang o‘zlarini mutlaqo aybdor emasdek tuta boshlaydi. Birinchi yolg‘on ham, ikkinchisi ham aslida ayyorlik, haqiqatning buzib ko‘rsatilishidir va bu odamga faqat umidsizlik va tushkunlik olib keladi. Asl zotingga tortasan...? Kalomda ota-onasi xudojo‘y bo‘lgan, biroq bolalali xudosiz bo‘lib o‘sgan yoki aksincha, ota-onasi xudosiz bo‘lgan, bolalari esa butun qalbi bilan Xudoni sevgani haqida juda ko‘p hikoyalarni topamiz. Bu deyarli tushuntirib bo‘lmaydigan holat. Biroq bolalari Masihning izdoshi bo‘lishini istagan ota-onalarga yordam beradigan ayrim ko‘rsatmalar ham yo‘q emas. Ibrohimning jiyani Lut bilan bog‘liq hikoya ota-ona ko‘rsatgan o‘rnak, ota-onaning qadriyatlari qanday kuchli ta’sirga ega bo‘lishi mumkinligini namoyon etadi. Lut yengil hayotni, boylikni va mashhurlikni yuqori qadrlagan. Dunyoviy boyliklarga bo‘lgan qiziqishlar uni oilasi bilan birga aholisi o‘ta mag‘rurligi, beahloqligi va buzg‘unchiligi bilan mashhur bo‘lgan shaharga ko‘chib o‘tishga majbur qiladi. Qizlarining epsiz odamlarga, Lutning “e’tiqodini” pisand qilmaydigan, uning taqdiri bitgan shaharni tashlab ketish iltimosiga quloq solmagan erkaklarga turmushga chiqqanining nimasi ajablanarli? Sado‘mdan qochib chiqqanlaridan keyin Lutning qizlari otasiga sharob ichdirib, naslimizni davom ettiramiz deb, navbatma navbat uning oldiga kirganidan ajablanishimiz kerakmi? Yangi Ahd bizga Lutning “solih odam” bo‘lganini aytadi. U Sado‘mliklarning ochiqchasiga qilgan buzg‘unchiligida ishtirok etmagan; hatto “... har kuni ularning qabih ishlarini ko‘rib eshitgani uchun ichidan ezilib qiynalar edi”. (2 But. 2:8) Biroq imonli bo‘la turib ham u qalbini asramagan, dunyoviy ne’matlarning shaydosi bo‘lgan. Lut bir oyog‘i bilan Xudoning Shohligida qolib, boshqa oyog‘i bilan bu dunyoda turishga harakat qilgan. O‘zining misolida u bolalarini dunyo bilan murosa qilishni o‘rgatdi. Lut o‘tkinchi ne’matlar uchun haddan ortiq yuqori baho to‘lalagandek, lekin bir qoida borki, uni hamma biladi: odam nima eksa, shuni o‘rib oladi. “Ota-ona ozgina beboshlik qilsa, farzandlari oshig‘i bilan qiladi” deganlari bejiz emas. Elaxning oilasi bilan bog‘liq hikoya buning yorqin misoli bo‘lib, ota-ona o‘z farzandlarini Xudo talab etgandek tarbiyalashi va ma’lum bir intizomga rioya qilinishini ta’minlashi kerakligini o‘rgatadi. Elax Isroilda ruhoniy bo‘lgan. U mamlakatda hakamlar hukmronlik qilgan vaqtda yashab, Xudoga sadoqat bilan xizmat olib borgan. Uning ikkala o‘g‘li – Xo‘fnax va Finxaz garchi juda dindor oilada o‘sgan bo‘lishiga qaramay, Muqaddas Kitobda ular haqida “Elaxning o‘g‘illari yaramas yigitlar edi. Ular Egamizni hurmat qilmasdi” deyilgan. (1 Shoh. 2:12) Otasi ruhoniy bo‘lgani bois, bolalari ham faqat ruhoniy bo‘la olardi. Biroq ular o‘z nomiga isnod keltirishdi, vazifasini mensimadilar: qurbonlikning yog‘ini kuydirmasdan oldin, gщshtning eng yaxshi joyini olib ketishar va hatto uchrashuv chodiriga kiraverishda xizmat qiladigan ayollar bilan zino ham qilishardi. (1 Shohlar 2:13–17, 22) Xudoga sodiq xizmatkor qanday qilib bunday yaramas o‘g‘illarni o‘stirishi mumkin? Shak-shubha yo‘qki, ular gunohga bulg‘angan madaniyatning ta’siriga yo‘liqqan, biroq Kalom shu qatorda otasining ham bunda aybi borligini e’tirof etadi. Yozilishicha, Elax keksaligida juda semiz bo‘lgan. (1 Shohlar 4:18) Balki bunga uning o‘zini ovqatdan o‘zini tiya olmagani, o‘g‘illari odamlar qurbonlik uchun olib kelgan go‘shtdan beo‘lchov yeb o‘sgani sabab bo‘lgandir? Kalomda aytilishicha, U o‘g‘illarining Isroil xalqiga yomon munosabatda bo‘lishayotganini, eshitib turgan va bu uchun ularga qat’iyy tarzda tanbeh bergan. (1 Shoh. 2:22–25) Biroq bu vaqtga kelib u ancha keksayib qolgan edi. Uning nima sababdan shuncha vaqt kutgani, o‘g‘illarining hatti-harakatlarini e’tiborsiz qoldirganining sabablari haqida taxmin qilishimiz mumkin xolos. Nima bo‘lgan taqdirda ham, “o‘g‘illari otalarining gapini quloqlariga olmasdilar”. (1 Shoh. 4:25) Egamiz ikki marotaba Elaxning oldiga odam yuborib, bunda uning ham aybi borligini ko‘rsatdi. Garchi Elax o‘g‘illarining gunohi ancha ochiq va og‘ir bo‘lgan bo‘lsada, aslida bunga ko‘p jihatdan otasining hayot tarzi sabab edi: Men buyurgan qurbonlik va nazrlarni nimaga pisand qilmayapsizlar?! Nimaga xalqim Isroil bergan hamma nazrlardan eng yaxshi ulushlarni olib o‘zingiz yeb semiryapsizlar?! Nimaga o‘g‘illaringni Mendan ortiq ko‘ryapsan?! Elaxga, sening xonadoningni to abad jazolayman, deb uni ogohlantirgan edim. Uning o‘g‘illari ko‘p gunoh qilib, o‘zlariga la’nat orttirdilar. Elax esa buni bila turib, ularni tergamadi. 1 Shoh. 2:29; 3:13. Elax nojo‘ya ishlarga beparvo qaragani uchun adolatli jazo oldi. Bu misollar har bir farzandning Xudoga yaqin bo‘lishi to‘liq ota-onasining Xudo bilan munosabatiga bog‘liq ekanligini isbotlamaydi. Biroq ular ota-onaning farzandlarga ta’siri juda katta bo‘lishi, ota-ona bolalarining tarbiyasi uchun javobgar ekanligini ko‘rsatadi. Hamma aybni bolaning tengdoshlariga, o‘qituvchilarga, ommaviy axborot vositalariga, imonlilar jamoatidagi yoshlar guruhlariga yoki atrofdagi madaniyatga ag‘darishdan oson narsa yo‘q. Shunday bo‘lsada, qarovimizga topshirilgan suruv uchun Xudo oldida biz javob beramiz. Sizlar bilan o‘z fikrlarim, qarashlarim haqida bo‘lishmoqchiman: imonli ota-onalarning ko‘pchiligi ularning shaxsiy hayot tarzi, shuningdek ota-ona tomonidan tarbiya masalalarida qabul qilingan (yoki qabul qilinmagan) qarorlar bolalariga qanday katta ta’sir ko‘rsatishini tushunishmaydi. Tan olib aytaman, ota-onalarning gohida o‘z bolalariga (ko‘pincha yaxshi niyatlar bilan) qanday qarorlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yib berayotgani meni juda ajablantiradi, tashvishga soladi. Xuddiki ota-ona qarshilik qilolmayotgandek taasurot o‘yg‘onadi. Ular bolalari Xudoni tanib bilmagan tengdoshlari bilan qanday munosabat qurayotganini mutlaqo nazorat qilishmaydi, imonsiz yigit yoki qiz bilan uchrashishiga, kattalarga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatishiga, beadab kiyinishi, dunyoviy musiqa eshitib, dunyoviy kinolarni ko‘rishiga yo‘l qo‘yib berishadi, keyin esa nima uchun bolalari dunyoga ko‘ngil bog‘lagani, Masihning ta’limotini kamsitganidan ajablanishadi. Yaqinda mendan masihiylar ilohiyotidan ta’lim beruvchi yirik o‘quv dargohi ishchilari va o‘qituvchilari yig‘ilishida chiqib gapirishni so‘rashdi. Meni taklif etgan ishchi ayol o‘quvchilarning ruhiy holati haqida tashvishda ekannini bildirdi. U shunday dedi: “Bu o‘quv yurtida bolalar Xudoni, Muqaddas Kitobni yomon ko‘rishadi. Ilohiyotga oid masalalarga umuman qiziqishlari yo‘q”. Agar vaziyat chindan ham shunday bo‘lsa, biz o‘zimizga savol berishimiz: bu yoshlar o‘zlari o‘sgan oilalarda nimani ko‘rgan (yoki nimani ko‘rmay o‘sgan)? Bunday munosabatning sababi nima? Xudoga shukr, bu avlodda ko‘zga ko‘rinadigan, ayrim istisnolar bor. Biroq ko‘p jamoatlarda yoshlar guruhlarini kuzatar ekanman, “masihiylar oilasida” o‘sayotgan aksariyat yoshlar ilohiyotga oid masalalarga deyarli qiziqish bildirmaydi. Bolalarimiz o‘sib katta bo‘lganlaridan keyin, Xudo bilan munosabat tuzishni xohlamasa, yoki bundan ham yomoni bo‘lib, o‘zlarini masihiy deb hisoblagan holda, Xudoning Kalomiga zid hayot kechirsa, muammo aslida bizda, yoshi katta bo‘lgan masihiylar avlodida bo‘ladi. Bu har qaysi xudojo‘y masihiyning bolalari albatta xudojo‘y bo‘ladi degani emas. Biroq, masihiy oilalarda o‘sayotib, ota-onasining e’tiqodini inkor etgan yoshlar ko‘payib boryaptimi, demak ota-onalar avlodi muhim bir kamchilikka yo‘l qo‘yganini tan olishimiz lozim. Bolalarimizning taqdiri uchun javob bermaslimiz haqida yolg‘onga ishonishni davom ettirsak, bundan faqat dushman foyda ko‘radi, negaki u keyingi avlodni o‘zining shohligi uchun egallashni xohlaydi. Kalom o‘rgatadiki, har bir avlod o‘zidan keyingi avlodga sog‘lom e’tiqodni, Xudoga bo‘lgan izzat-ehtiromni meros qilib yetkazishi lozim. Bu bir vaqtning o‘zida ham sharafli burch, ham jiddiy mas’uliyat hamdir. Quyidagi haqiqat bizni biroz o‘zimizni tetik tortishga undamog‘i lozim: biz nima ekkanimizga yarasha javob beramiz, oxir-oqibat ekkanimizni o‘rib olishimizga to‘g‘ri keladi. Dunyoning shijoatiga berilib, beparvo, beintizom hayot kechirib, shu vaqtning o‘zida buning kelgusi avlodga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligiga umid bog‘lash aslida noto‘g‘ri. Albatta, buni Muqaddas Kitobda yozilgan boshqa haqiqat bilan tenglashtirmoq lozim: har bir avlod Xudo oldida tanlagan yo‘li va qay darajada itoat qilgani uchun o‘zi javob beradi. Ota-onasi nima qilganidan qat’iy nazar , har bir odam bir kun kelib tanlagan yo‘li, tutgan amallari uchun Xudoga hisobot beradi. (Qonun. 24:16; Yerem. 31:29–30) Ota-ona bo‘lish – yuksak, sharafli vazifa. Bundanda jiddiy ish bo‘lmaydi. Eng yaxshi ota-onalar bola tarbiyasida to‘liq Muqaddas Ruhga tayanadilar. Shu sababdan ham ona qo‘li ostidagi eng qudratli vosita – bu ibodat bo‘ladi. Dushman ota-onalarni chalg‘itadi, haqiqatning bir avloddan boshqasiga yetkazilishiga halaqit berishga urinadi. Uning yolg‘oniga ishongan va yolg‘on asosida ish tutgan ota-onalar o‘zlarini ham, bolalarini ham qullikka mahkum etadilar. Shu vaqtning o‘zida, haqiqatga ishongan va haqiqat asosida hayot kechirgan ota-onalar, mehr-muhabbat ko‘rsatish, sevinish, bolalarini tarbiyalash, ularga o‘git-nasihat berish, Xudoning iltifoti bilan ularni kelgusi avlodlarga Xudoning ulug‘vorligini va inoyatini yetkazishlari uchun duo qilish erkinligiga ega bo‘ladilar. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 27. Nechta bola ko‘rishni faqat o‘zimiz hal qilamiz. • Hayot berguvchi ham, Yaratguvchi ham – Parvardigor Xudo. • Ayollarga Xudodan berilgan vazifani – hayot ulashish, bu haqda g‘amho‘rlik qilish burchini bajarishga halaqit bergan yoki ularning ongiga bu vazifani rad etish istagini singdirgan har qanday narsa shayton o‘ylagan niyatning amalga oshishiga xizmat qiladi. • Nikohdan ko‘zlangan maqsadlardan biri – xudojo‘y avlodni o‘stirishdan iborat. • Bola tug‘ish – Xudodan ayollarga berilgan o‘ta muhim vazifa. Farzandlarni Xudodan berilgan mukofot o‘rnida qabul qilmog‘imiz lozim. 28. Bolalar hayotni tanib bilishi uchun “real dunyoda” yashashi lozim. • Bizning vazifamiz – bu dunyoga moslashib ketadigan yoki shunchaki dunyoda yashay oladigan bolalarni emas, balki bu dunyoni o‘zgartirish uchun Xudoning qo‘lida qurol, vosita bo‘la oladigan bolalarni o‘stirishdir. • Bolalar ham xuddi nimjon, yumshoq kurtak singari bo‘ladi, shu tariqa, to ruhan yetishib, mustaqil ravishda dunyoning vajohatiga qarshi tura olmagunicha, ularni dunyoning ta’siridan himoya qilishimiz lozim. • Xudodan qo‘rqish va Unga ishonish – bolalarni ushbu, o‘zgaruvchan dunyoga, dunyoning madaniyatiga qarshi turishga tayyorlashning eng yaxshi vositalaridir. 29. Hamma bolalar isyonkorlik davrini boshdan kechiradi. • Ota-ona bolalaridan isyonkorlik kutishsa, kutganlaridek bo‘lishi ehtimoli yuqori. • Xudo Uning ahdiga sodiq bo‘lgan va bolalarini ham bunga o‘rgatgan ota-onalarga yuksak marhamatlarni va’da qiladi. • Ota-ona o‘z farzandini majburlab Xudoga bo‘ysundira olmaydi, biroq ular qila oladigan narsa – oiladagi bolalarning Xudo haqiqatini sevishi uchun qulay sharoitlarni hosil qilish, vaholanki bu o‘z navbatida ularning ruhan ulg‘ayishini ta’minlaydi. 30. Bolamning iomnli ekanligini bilaman, chunki u hali juda kichkinaligidayoq ibodat qilib, Masihga imon keltirgan. • Xudoni sevmagan, Unga intilmagan, Kalomini va U o‘rgatgan yo‘lni rad etgan odam joni qutqarilganiga ishonch hosil qilolmaydi. • O‘zlarining hayot tarzi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, bolalari Xudoni tanib bilishiga ishongan ota-ona avvalo o‘ziga, so‘ng esa bolalariga joni qutqarilganligi haqida soxta tuyg‘ularni singdirishi va bolalari uchun talab etilgan darajada ibodat qilmasligining ehtimoli yuqori. 31. Bolalarimiz hayotda qanday yo‘l tanlashi uchun bu javobgar emasmiz. • Ota-ona o‘zining hayot tarzi, ta’limi va boshqaruvi orqali o‘z farzandlarining hayotiga ta’sir o‘tkazish imoniga ega bo‘ladi. • Har bir avlod Xudo haqidagi bilimi va Unga bo‘lgan e’tiqodini keyingi avlodga yetkazilishi uchun javob beradi. • Ota-ona ularga g‘amho‘rlik qilishlari uchun ishonib topshirilgan har bir jonning ruhiy ahvoli uchun Xudoga hisobot beradilar. • Har bir odam Xudo oldida kechirgan hayoti, Unga qanchalik itoat qilgani uchun o‘zi javob beradi. Har bir odam, ota –onasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi tanlagan yo‘l uchun Xudoning oldida javob beradi. Amalda qo‘llash 1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING. Siz ota-onaning va bolalarning roli haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quyidagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Zab. 126, Mt. 19:13–15, Zab. 77:1–8, 1 Sal. 2:7. Bu oyatlar bolalar haqida va ularning hayotida ota-onalarning roli haqida nima deydi? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Otalik qalbing uchun Senga rahmat deyman, Ota. Meni O‘zingga qaraznd qilganing uchun rahmat. Men haqimda g‘amho‘rlik qilganing, ehtiyojlarimni qanoatlantirganing, meni ruhan yetuk qilib o‘stirayotganing uchun rahmat. Bolalarga bo‘lgan sevging uchun rahmat. Ularni Sen sevgandek sevib, qabul qilishimga yordam ber. Meni ayol qilib yaratganing, yuragim ostida jajji bolani ko‘tarib yurish, u haqda g‘amho‘rlik qilish vazifasini berganing uchun rahmat. Yolvoraman, meni o‘zim tug‘ib o‘stirgan yoki ixtiyoring bilan qaramog‘imga topshirilgan bolalarga nisbatan o‘z onalik vazifamni bajarishni o‘rgat. Hayotim tufayli keyingi avlodlarda solihlikka chanqoq, Samoviy Otamiz singari bo‘lish ishtiyoqi paydo bo‘lsin. Iso Masihning nomi bilan, omin. 8 BOB His-tuyg‘ular haqida    • Bir nimani his qilsam, shu narsa to‘g‘ri bo‘lib chiqadi    • O‘z hislarimni nazorat qilolmayman    • Garmonlarim qo‘zigan vaqtda, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmaydi    • Depressiyani avvalo dori-darmonlar bilan davolash va/yoki psixiatrga murojaat etish lozim.    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying    • Amalda qo‘llash Xotira daftarim Hobilni yo‘qotganimizga mana sal kam ikki yil bo‘ldi; har doim u haqda o‘ylayman, haligacha yuragim eziladi. Qobil haqida bir necha oydan beri hech narsa eshitmadik. Gohida uning bizga qilganlarini o‘ylab g‘azabim qaynaydi, gohida uni quchog‘imga bosib, xuddi bolaligida bo‘lgani kabi, erkalab suygim keladi. Odam dilidagi kechinmalari haqida hech kim bilan bo‘lishmaydi. Ba’zan, unda his-kechinma bormi o‘zi, deb o‘ylab qolaman. Unga dilimni ochishga harakat qilganimda, jahli chiqadi. Yuragimni bo‘shliq to‘ldirgan, yolg‘izlik hissidan hech qutulolmayapman. Gohida to‘shakdan zo‘rg‘a turaman. Hayolimda zulmat meni butunlay yutib yuboradigandek. Yana qancha bardosh bera olishimni bilmayman. Yuragim ezilmagan kunni eslay olmayman. Men qachon bo‘lsa ham baxtli bo‘la olamanmi? Bir necha yil avval ayollar konferensiyasida qatnashganimda, har birimizga sovutgichga yopishtiriladigan magnit sovg‘a qilishdi. Unda inson boshdan kechiradigan har xil emotsiyalar ro‘yxati bor edi: xijolat tortish, zavqlanish, g‘azab, qayg‘u, hasrat, quvonch va h.k. Har bir so‘z ustidan unga mos keladigan, kulguli bashara tasviri solingandi. Bu ro‘yxatga qo‘shimcha qilib, uzun katak shaklida ramka berilgandi va unda: “Bugun men...” degan yozuv bor edi. Uni ro‘yxatdagi so‘zlarning biri ustidan qo‘yish lozim edi, bu bilan bugungi kechinmalaringizni ko‘rsatgan bo‘lasiz. Agar oramizdagi ayrim ayollar, har safar emotsiyalari o‘zgargan zahoti o‘sha ko‘rsatgichni siljitib kelganda bormi, boshqa narsaga vaqt topa olmasdik. Va aynan biz ayollarning emotsiyalari oldida erkaklar taslim bo‘lishga va : “Yengildim. Seni sira ham tushunolmadim!” deyishga majburlar. Hech kim ularni bu uchun qoralay olmaydi. Boshqarib bo‘lmaydigan emotsiyalarimiz bilan kurashganimizda eng osoni – bu emotsiyalar tabiatdan gunohga moyil bo‘lishini tushunish va ularni bosib, yengishdir. Biz Xudoning suratiday qilib yaratilganimiz va buni esda tutmog‘imiz lozim, bu o‘z navbatida bizning har xil tuyg‘ularni his eta olishimizni anglatadi. Parvardigor Xudo bir qator samimiy kechinmalarni ko‘rsatadi, ular ichida xursandchilik, g‘azab, rashq va alam bor. Va U bizni juda ko‘p, turli emotsiyalarni his etgan holda, Uning yuragini namoyon etishga, Uni ulug‘lashga qodir qilib yaratdi. Bizda emotsiyalarning borligi, bu aslida mummo emas, negaki emotsiyalar – Xudodan berilgan in’om. Muammo shundaki, bizdagi emotsiyalar Xudoning his etgan emotsiyalaridan farqli ravishda, gunoh bilan bulg‘angan, zaharlangan. Biz Muqaddas Ruhga his-kechinmalarimizni poklashiga yo‘l qo‘yib bermog‘imiz lozim, shundagina ularni to‘g‘ri yo‘naltira olamiz. Dushman tomonidan ishlatiladigan va bizni qul qilishga qodir bo‘lgan qurollar ichida o‘z emotsiyalarimizdan kudratlirog‘ini bilmayman. Dushman bizni his-kechinmalarimiz haqida yolg‘onga ishonishga majbur qiladi. Bir nimani his qilsam, shu narsa to‘g‘ri bo‘lib chiqadi Dushmanning maqsadi bizni ishontirishdan ibodat: nazarimizda hech kim bizni yaxshi ko‘rmaydigandek tuyulgan vaqtda u ongimizga bizni chindan ham hech kim yaxshi ko‘rmaydi degan soxta fikrni singdiradi. Ma’lum bir muammoga yechim topa olmayapmizmi, demak – hech narsa qilolmaymiz, deb o‘ylashimiz unga juda qo‘l keladi. Xuddi shu tarzda: nazarimizda Xudo bizni tashlab ketgandek yoki bizga nisbatan adolatsizlik qilgandek tuyulsa, demak chindan ham shunday bo‘lgan – U bizning ishonchimizni oqlamadi. Vaziyat umidsizdek tuyulyaptimi, demak chindan ham hech qanday umidimiz yo‘q. O‘zimizni qutqarilgandek his etmayapmizmi, demak qutqarilganimiz chindan ham dargumon. Nazarimizda gunohlarimiz kechirilmagandek tuyulyaptimi, demak gunohimiz kechirilmagan. Biroq aslida gunoh tufayli bizdagi his-tuyg‘ular ko‘pincha haqiqatdan ancha yiroq bo‘ladi. Ko‘p holatlarda his-tuyg‘ular haqiqatni yolg‘ondan ajratishda pand berib qo‘yadi. His-tuyg‘ularimiz Xudoning o‘zgarmaydigan tabiati va haqiqatlariga emas, balki doimo o‘zgarib turadigan vaziyatlarga asoslanganda, biz ruhiy osoyishtalikni yo‘qotamiz. Ko‘tarinki ruh uchun ko‘p narsa kerak emas: ob-havoning yaxshi bo‘lishi, oylik maoshlarning oshirilishi, yaqinimizdan ikki og‘iz maqtov eshitish, katta loyihaning oxirigacha yetkazilishi, yo bo‘lmasa bir ikki kilogram ortiqcha vaznni yo‘qotishimizning o‘zi kifoya qiladi. Shu vaqtning o‘zida kayfiyatimizning buzilishiga ham turli omillar sabab bo‘lishi mumkin, misol uchun yomon ob-havo, og‘ir kun, ko‘ngilni xira qilgan qo‘ng‘iroq, ortiqcha vazn, organizmdagi o‘zgarishlar, uyqusiz o‘tkazilgan tun yoki shunchaki kechasi, juda kech tanovul qilingan pitssa. Agar bu qatorga “jiddiyroq” holatlarni, misol uchun besh yilda to‘rtta bola tug‘ish, boshqa joyga ko‘chib o‘tish, ishsiz qolish, turmush o‘rtog‘imiz yoki farzand yo‘qotish, keksaygan va aqlini yo‘qotgan yoki o‘simta kasalligiga yo‘liqqan ota-onaga qarashni qo‘shsak bormi, – emotsiyalarimizni boshqara olmasligimiz hech gap emas. Asabimiz buzilmasligi uchun muntazam ravishda yuragimizni ham, fikr-zikrimizni ham haqiqatga qaytarib turishimiz lozim. Haqiqat esa shundan iboratki, men buni his qilamanki, yo‘qmi, Xudo –iltifotlidir. Men his qilamanmi, yo‘qmi, lekin haqiqat shundaki, Xudo meni sevadi. Kechirilganimni his qilamanmi, yo‘qmi, lekin Iso Masihning men uchun to‘kilgan qoni tufayli kechirim topganman. Xudo hech qachon meni tashlab ketmaydi, U har doim menga hamroh, ayniqsa o‘zimni yolg‘iz, hammadan ajralgandek his qilgan vaqtlarimda. Agar haqiqat so‘qmoqlaridan yurishni istasak, emotsiyalarimiz ko‘pincha ishonchimizni oqlay olmasligini tushunishimiz va haqiqatga mos bo‘lmagan har qanday his-tuyg‘uni rad etmog‘imiz lozim. Bir ayol (uni Konni deb ataylik) uning fikr-tasavvurlari haqiqatga emas, ko‘proq his-tuyg‘ulariga asoslanib kelganini tan oldi. Haqiqatga undagi his-tuyg‘ularni boshqarishga yo‘l qo‘yib bergandan keyin, uning fikr-zikrlarida qanday o‘zgarishlar ro‘y berganiga e’tibor qiling: Garchi Xudoning farzandi bo‘lsamda, ayrim haqiqatlar hammaga taaluqli bo‘lsa ham, menga taaluqli emasligiga ishonar edim ... Xudo ularga iltifot qiladi, menga esa yo‘q. Xudo ularni sevadi, meni sevmaydi. Boshqalar Xudo uchun qimmatli, lekin men emas. Ongim bilan shuni bilardimki – Xudo iltifotli, U meni yaxshi ko‘radi, Uning uchun qimmatliman. Biroq his-tuyg‘ularim mutlaqo boshqa narsani o‘rgatardi. Agar Xudo meni sevganida, Uning uchun qimmatli bo‘lganimda, sevgisini, Uning uchun kerakli ekanligimni his etgan bo‘lardim. “Ayollar ishongan yolg‘on” nomli seminaringiz orqali Xudo menga, buni his qilishim yoki qilmasligimdan qat’iy nazar, Uning haqiqati haqiqatligicha qolishini ko‘rsatdi. Xudoni yoki Uning Kalomida yozilgan haqiqatni, Uning tabiatini hech kim o‘zgartira olmaydi. Uning menga bo‘lgan iltifoti cheksiz. U meni sevadi. Menga tanlov berilgan: haqiqatni mahkam ushlash yoki shaytonning yolg‘oniga ishonish. Biroq Xudoning haqiqati o‘zgarmas, Uni inkor etib bo‘lmaydi. Filippiliklarga maktubning oxirgi bobida havoriy Pavlus ruhiy osoyishtalik va emotsional barqarorlikka erishish haqida o‘rgatadi: Har doim Rabbimiz Iso tufayli shodlaning! … <…> Hech narsadan tashvish qilmanglar. Aksincha, har qanday sharoitda ibodat va iltijoda bo‘lib, har bir muhtojligingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar. … … olqishga loyiq, a’lo narsalar haqida fikr yuritinglar. Natija deysizmi? … Shunda Xudo beradigan, inson xayoliga sig‘maydigan tinchlik Iso Masih orqali sizlarning yuraklaringizni va o‘y–xayollaringizni qo‘riqlaydi. <…> … Shunda tinchlik beradigan Xudo sizlar bilan birga bo‘ladi. Flp. 4:4, 6–9 O‘z hislarimni nazorat qilolmayman Dushman bu yolg‘onni ishlatish bilan bizni to‘liq o‘z emotsiyalarimizga qaram qilib qo‘yishni maqsad qiladi. Chindan ham, his-tuyg‘ularimizni o‘zgartirolmaydigan vaqtlar bo‘ladi, biroq biz ularga hayotimizni boshqarishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Ehtimol tibbiy ko‘rikdan avval hayajonni yengolmassiz, biroq bunday holatda xavotirni chetga surib, natija haqida qayg‘urmasligingiz mumkin. Ehtimol oyning ma’lum bir pallasida serjahl bo‘lib qolarsiz, biroq bu paytda uchratgan odamlaringizga qo‘pol muomalada bo‘lishni bas qilishingiz mumkin. Yolg‘izlik ayniqsa qattiq qiynagan paytda sizga oilali erkak qiziqish bildirganda, ehtimol ojiz va zaif ekanligingizni his etib, bundan qutulishning chorasini topolmassiz, lekin ehtiroslaringizni tiyishingiz, uni sevib qolishdan saqlanishingiz mumkin! Emotsiyalarimiz qancha jo‘shqin qaynamasin, biz Xudoning iltifoti bilan qaror qabul qilishga, Unga ishonib, itoat qilishga, inoyatiga ko‘z tikib yashashga qodirmiz. Bular bizga, har qancha qiyinchiliklar kelmasin, Xudoga sodiq bo‘lib yashashga yordam beradi. Men yaxshi ko‘rgan yozuvchi Xanna Uaytoll Smitning hayotda boshdan kechirganlari har qanday odamni asabiy toliqtirib qo‘yishi hech gap emas. Bu ayol bir voiz bilan turmush quradi va uning eri ruhan va emotsional jihatdan o‘ta yengil tabiatli bo‘lib chiqadi. U xotiniga bir necha marta xiyonat qilgan. Beshta bolasidan ikki nafari qizilcha kasalligidan bevaqt olamdan ko‘z yumadi. Bir qizi rassomni yaxshi ko‘rib qolib, erini tashlab ketadi; boshqasi dahriyligi bilan tanilgan bir odamga turmushga chiqadi. Xannaning o‘zi artrit kasalligidan qiynalib yashagan. Shunga qaramay, u o‘z hayotini his-tuyg‘ularga asoslamaslikka qaror qiladi. Uning yozgan kitoblari qat’iyylik bilan Xudoga ergashish, his-tuyg‘ular qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Unga itoat qilishga bo‘lgan o‘zgarmas irodani aks ettiradi. Bizning Xudo bilan munosabatlarimiz emotsiyalarga asoslanmasligi kerak. His-tuyg‘ular xohish-irodamizga xizmat qilishi lozimligini tushunishimiz kerak... Ongli ravishda, qadamba-qadam tegishli qaror qabul qilib borsakgina, irodamiz his-tuyg‘ularimizni jilovlashga qodir bo‘ladi. His-tuyg‘ularim voqelikka mos kelmagan juda ko‘p holatlarda men haqiqatni ustun qo‘yaman... Dengizda kuchli shamol vaqtida kemaga langar kerak bo‘lgani kabi, to‘lqinlangan emotsiyalarni ham jilovlash, to‘xtatish lozim. Irodamiz kuchi bilan emotsiyalarimizni Qodir Xudoga bo‘ysundirsak, oxir-oqibat ular tinchlanadi1. Kalomda Xudoning juda ko‘p va’dalari va amrlari yozilgan bo‘lib, ular bizga, shamol qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, emotsiyalarimizni boshqarishga yordam beradi: • Xudoning Kalomi va’da qiladi: “Zotan, Men har doim, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birga bo‘laman”. (Mt. 28:20) Bundan kelib chiqadiki, biz dilimizni qamraydigan yolg‘izlik hissiga bo‘ysunishga majbur emasmiz. • Xudoning Kalomi va’da qiladi: “U hamisha sizlarga g‘amxo‘rlik qiladi”. (1 But. 5:7) Bundan kelib chiqadiki, biz ertangi kun haqida qayg‘urmasligimiz, tinch, osoyishta yotishimiz mumkin. • Xudoning Kalomi va’da qiladi: “Tog‘lar o‘rnidan qo‘zg‘alsa ham, Tepaliklar tebransa ham, Mening sodiq sevgim sendan ketmaydi...”(Ish. 54:10). Bundan kelib chiqadiki, biz qo‘rqmasligimiz kerak. • Xudoning Kalomi aytadiki: “Yuragingiz siqilmasin, qo‘rqmanglar”. ( Yuhanno 14:27) Bu bilan vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, biz qurqmasdan yashashimiz mumkinligi anglashiladi. • Xudoning Kalomi aytadiki: “Hech narsadan tashvish qilmanglar ...”. (Flp. 4:6) Bu bilan har qanday xavotirlardan qat’iy nazar, biz osoyishta yashashimiz mumkinligi anglashiladi. • Xudoning Kalomi aytadiki: “Har qanday sharoitda ham Xudoga shukur qilinglar...”. (1 Sal. 5:18) Bu bilan biz atrofimizda hamma narsa qulab bitayotgan bo‘lsa ham, Xudoga shukur qilishimiz mumkinligi anglashiladi. • Xudoning Kalomi aytadiki: “...dushmanlaringizni yaxshi ko‘ringlar”. (Mt. 5:44) Bu bilan bizni qanchalik xafa qilishmasin, biz Muqaddas Ruhning kuchi bilan odamlarni yaxshi ko‘rishga qodir ekanligimiz anglashiladi. • Xudoning Kalomi aytadiki: “...birovda ginangiz bo‘lsa, uni kechirib yuboring”. (Mk. 11:25) Bu bilan biz har qanday odamni, uning bizni qanchalik qattiq xafa qilishi yoki bizga qarshi qanday katta gunoh qilishidan qat’iy nazar, kechirishga qodir ekanligimiz anglashiladi. Masihga ko‘z tikib, fikr-zikrlarimizni to‘liq haqiqatga bo‘ysundirganimizda, Muqaddas Ruh bizning emotsiyalarimizni poklaydi va inson hayoliga sig‘maydigan inoyat, taskin va tinchlik ato etadi: Sizlar Masih bilan birga tirilgan ekansiz, samoviy narsalarning payida bo‘ling, axir, Masih ham samoda Xudoning o‘ng tomonida o‘tiribdi. Fikringiz yer yuzidagi emas, samodagi narsalar bilan band bo‘lsin. Kol. 3:1 – 2 Har qanday o‘y–xayolni Masihga bo‘ysundirib, asir qilamiz. 2 Kor. 10:5 Fikri–zikri Sendan uzilmaydiganga O‘zing komil tinchlik ato qilasan. Ish. 26:3 Menda garmonlar qo‘zigan vaqtda, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmaydi Bu yolg‘onni qabul qiladigan bo‘lsak agar, tez orada biz go‘yo zaiflashganimizda yoki asabimiz buzilgan vaqtda hatti-harakatlarimizni boshqara olmasligimiz haqida yolg‘onga ham ishonamiz. Bizda nafaqat his-tuyg‘ularimizga ishonish, balki ularga bo‘ysunishga ham moyillik bor. Misol uchun, tungi soat o‘nda shokoladli muzqaymoqni tusab qolsak, shu zahoti muzlatgich oldiga boramiz. Uyqumiz kelmasa yarim tungacha kino ko‘ramiz. Ertasi kuni turishni xohlamasak, ko‘rpani boshimizga tortib, o‘zimizni kasalga solamiz. Kechki ovqatni tayyorlashga erinsak, pitssaga buyurma beramiz. Uyni yig‘ishtirishni xohlamasak, tartibsizlik bizni depressiya holatiga olib kelishigacha kutamiz. Muammo shundaki, emotsiyalarimiz izmida bo‘lsak, ularga hayotimizni boshqarishiga yo‘l qo‘ysak agar, qiyinchiliklar kelgan paytda bizning emotsiyalarga qarab ish tutishimiz oson bo‘lib qoladi. Oxirgi yillarda ayollar hayotining bir nechta davrdan iborat bo‘lishi haqida ko‘p aytilmoqda. Ayrim tadqiqotlar chindan ham bizga “qanday ajoyib qilib yaratilganligimizni” tushunishga yordam beradi. Biroq ko‘p ayollar endilikda faqat o‘zlari bilan band bo‘lib qolgan va ular o‘zining odamlarga nisbatan kechirib bo‘lmaydigan munosabatini olimlar tomonidan olingan ma’lumotlar bilan oqlaydi. Ayrim ayollar asablashishiga va o‘zini yomon tutishiga oy ko‘rish vaqtini sabab qilib ko‘rsatishadi (ko‘pincha o‘zimda ham buni bahona qilish xohishi tug‘iladi). Bu xatolik sal qolsa Maryamning turmushi buzilishiga sabab bo‘lar edi: Yoshim ellik ikkida va men o‘sha siz ko‘rsatgan yolg‘on butun umrim davomida yuragimni boshqarib kelganiga amin bo‘ldim. Erim aybimni fosh qilishga, menga haiqatni ochishga harakat qildi, biroq shunday aldanganim, PMS himoyachilarining dalillariga shu qadar ishonganim bois, erimning so‘zlariga quloq solishni ham xohlamasdim. Erim meni tashlab ketishga qaror qilgandagina ko‘zim ochildi. Ayrim ayollar kayfiyatining muntazam o‘zgarib turishi, asabi buzilsa o‘zini boshqara olmasligini homiladorlik vaqtining qiyin kechgani bilan “tushuntirishadi” (o‘zini oqlaydi, deb o‘qing). Klimaks boshlanadigan davrga mo‘ljallab, avvaldan asabi buzilishini rejalashtirgan ayollarni ham uchratganman. Shak-shubhasiz, organizmimizda bo‘lib o‘tgan jarayonlar emotsiyalarimizga, fikr-zikrimiz va hatto ruhiy holatimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Biz shaxsimizdagi ayrim jihatlarning ta’sirini to‘xtatolmaymiz – ularning hammasi ajratib bo‘lmaydigan darajada bir-biriga bog‘liq. Biroq jismoniy holatimizni yoki garmonan o‘zgarishlarga asoslanib, basharga xos, gunohli harakatlarimizni oqlaydigan bo‘lsak, dushmanning tuzog‘iga tushamiz. Esimda, o‘n ikki yoshimda chamasi bir yil sababsiz yig‘laydigan odatni tashlay olmaganman. Hozir, ortga qarar ekanman, o‘sha vaqtda organizmimda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berganini – bu mening ayol bo‘lib shakllanayotgan davrim bo‘lganini tushunaman. Biroq shu vaqtning o‘zida shuni tushunamanki, o‘sha yil serjahllik va jizzakilik qilganlarimni bu bilan oqlab bo‘lmaydi. Ko‘p yillar avval chikishlarim grafigi o‘ta tig‘iz bo‘lgani bois, men jismonan va emotsional jihatdan juda toliqib qolgandim. Odamlarga nihoyata qo‘pol munosabat ko‘rsatadigan, qachon qaramang, hammani tanqid qiladigan bo‘lib qoldim, atrofdagilarga men bilan munosabat qurish qiyin bo‘lib qoldi. Beixtiyor ravishda men bunga kayfiyatim buzilishini sabab deb bilardim. Shunda do‘stlarimdan biri menga: “Toliqqaning senga basharga xos ish tutishingga huquq bermaydi” dedi. Tavba qilib aytaman, lekin o‘sha vaqtda do‘stimni, meni bu tarzda fosh etgani uchun yomon ko‘rdim, lekin menga aynan shu so‘zlar kerak edi – bu achchiq haqiqat, juda og‘riqli va shu vaqtning o‘zida kerakli ogohlantirish edi. Xudo inson organizmini shunday yaratganki, unda o‘ziga xos “fasllar”, davrli jarayonlar bo‘ladi. Albatta, hayotning har bir pallasida o‘ziga yarasha qiychiliklar uchraydi. Gunohning kirib kelishi oqibatlaridan biri – bu ayol zotining azob, mashaqqat bilan bola ko‘rishidir. Biroq bu yerda shunchaki bola tug‘ish jarayonining o‘zi haqida so‘z bormaydi. Misol uchun, ayrim ayollarning oy ko‘rish vaqtida azob chakishi ham bizga gunoh haqida eslatadi. Shu vaqtning o‘zida oy ko‘rishimiz boshqa narsaga, ya’ni Xudo bizni ayol qilib yaratgani va biz bola ko‘tarishga, bolaga hayot berishga qodir ekanligimizga ham ishora qiladi. Garchi o‘zim turmushga chiqmagan bo‘lsamda, buning men uchun ajoyib ko‘rsatma ekanligini bilaman, bu mening kimligimni, Xudo meni nima uchun yaratgani, Uni bu dunyoda qanday qilib yaxshiroq ulug‘lay olishimni menga eslatib turadi. Et va suyaklarimizni yaratgan Xudo emasmi? Nahot U tanamizning tuzilishini tushunmasa? Nahotki siz bizdagi garmonlar, oy ko‘rishimiz, homiladorligimiz va klimaksni boshdan kechirishimiz Xudoni chorasiz qilib qo‘yadi, bunday vaqtlarda U biz haqimizda qanday g‘amho‘rlik qilishni bilmaydi deb o‘ylasangiz? Zabur kitobida hofiz Xudoning g‘amho‘rligini tarannum etadi, ichki a’zolarimizni ajoyib qilib yaratgani uchun Uni ulug‘laydi: Ichki a’zolarimni Sen yaratgansan, Onamning qornida menga shakl bergansan. Senga shukrona aytaman. Axir, qanday ajoyib qilib yaratilganman! <…> … Men pinhon yaratilganimda, Yerning tubida* mahorat ila to‘qilganimda, Suyaklarim Sendan yashirin emas edi. Ko‘zlaring ko‘rgandi homila ekanimni. Menga ajratilgan kunlar kelmasdan, Hammasi kitobingga yozilgandi.. Zab. 138:13–16 Naqadar ajoyib so‘zlar! Hali tug‘ilmasimizdan avval tanamizning har bir molekulasi, ona qornida paydo bo‘lishimizdan boshlab, to dunyoni tark etgunimizga qadar, hayotimizning har bir kunini Parvardigor Xudo puxta o‘ylab, rejalashtirib qo‘ygan. Birinchi marta oy ko‘radigan kuningizni, qachon va necha marta bola ko‘tara olishingizni, sizda bola tug‘ish davri qachon tugashini Uning O‘zi belgilagan. Tanangizda har daqiqa nima bo‘layotganini U bilib turadi. Nahotki, sizni mangu sevgi bilan sevgan, donolikda tengsiz Yaratguvchi sizdagi garmonlar bilan nima bo‘layotganini bilmaydi yoki hayotingizning har qaysi davrida siz haqingizda g‘amho‘rlik qilishga Uning qo‘li qisqalik qiladi deb o‘ylasangiz? U sizga yengil hayot taklif etmasada, har qanday ehtiyojingizni qanoatlantirishni, har bir bosqichda qiyinchiliklarni yenga olishingiz uchun yetarli bo‘ladigan inoyat ato etishni va’da qiladi. Oy ko‘rishning to‘xtash davri yoki estrogen haqida kioblar yozilganidan ancha avval, Fransisk de Sale (1567–1622) har qanday yoshdagi ayollarga taaluqli dono so‘zlarni aytgan: Hayotiy o‘zgarishlardan qo‘rqmang. Yaxshisi, kelajakka umid bilang boqing, qiyinchiliklar kelganda Egangiz Xudo sizni ulardan qutqarishiga ishoning. U sizni shu kunga qadar asrab keldi, shunday ekan, Xudoni qo‘llaridan mahkam ushlang va U sizni hayot so‘qmoqlaridan yetaklaydi. Holingiz qolmaganda esa U sizni ko‘tarib, O‘z huzuriga olib keladi. ...Siz haqingizda bugun g‘amho‘rlik qilgan Abadiy Otamiz, ertaga ham, keyin ham g‘amho‘rlik qiladi. U sizni azobdan asraydi, yo bo‘lmasa azobni yengishingiz uchun sizga kuch, matonat beradi. Buni esda tutgan holda, xotirjam bo‘ling, har qanday yomon fikrni, vahima solayotgan tashvishlaringizni chetga surib qo‘ying2. 1 Salonikaliklarga maktubda yozilgan Pavlusning ibodati I-asrda yashagan imonlilargagina taaluqli emas. Shuningdek, ushbu ibodat erkaklargagina taaluqli ham emas. Bu ibodat ayollar hayotining har qanday davriga taaluqli ekanligiga ishonaman. Xudo ibodatimizga albatta javob beradi, bizdan esa Unga ishonish, so‘raganlarimizni bajo qilishiga yo‘l qo‘yib berish talab etiladi: Tinchlik manbai bo‘lgan Xudoning O‘zi sizlarni butunlay poklasin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va tanangiz (shu qatorda emotsiyalaringiz ham! – Muallifning qo‘shimchasi) benuqson saqlansin. Sizlarni da’vat qilgan Xudo sadoqatlidir, U har doim O‘z aytganini bajaradi. 1 Sal. 5:23–24 Depressiyani avvalo dori-darmonlar bilan davolash va/yoki psixiatrga murojaat etish lozim. Ushbu bob ustidan ishlayotgan vaqtimda menga bir jamoat cho‘ponining xotini qo‘ng‘iroq qildi. Bu ayol menga eri uzoq yillardan beri depressiyadan chiqolmayotgani haqida aytib, bo‘lishdi. Bu narsa ularning hayotiga va turmushiga qattiq ta’sir ko‘rsatib kelar edi. Suhbatimiz davomida u bunday ahvolga tushgan ko‘p odamlarni qiziqtiradigan savollarni berdi: balki bu avloddan-avlodga o‘tadigan kasallikdir? (Erining avlodida o‘z joniga suyiqasd qilganlar bor edi). Balki hammasiga sog‘ligining yomonligi yoki ichgan dorilari sababdir? Bunda shaytonning qo‘li yo‘qmi? Balki erim ma’lum bir ruhiy haqiqatni tushunmayotgani bois, sarosimaga tushib qolgandir? Depressiya – hozirgi kunda ayollarda ko‘p uchraydigan muammo bo‘lib, biz bu muammoga erkaklardan ko‘ra ikki karra ko‘proq yo‘liqamiz. Avval hech qachon, hech qayerda ayollarning depressiya holatiga tushishi bugungi kunda g‘arb mamlakatlarida bo‘lgani kabi ko‘p uchramagan. Nevropatologlar kasallikni ilk davridayoq aniqlab, uni dori-darmonlar va psixoterapiya yo‘llari bilan davolab kelayotganiga qaramay, bemorlarning soni faqat o‘sib boryapti, undan tuzalganlar juda kamchilikni tashkil qiladi. Kalom depressiya va umidsizlik haqida ko‘p narsa o‘rgatadi va shuni tushuntiradiki, ayrim holatlarda biz depressiya deb atagan og‘riqlar – bu shunchaki gunohdan talofat ko‘rgan dunyoda yashashimizning qutulib bo‘lmaydigan oqibati. Rimliklarga 8-bobda Pavlus butun mavjudot go‘yo tulg‘oq azobida, “oh-nola qilayotgani”, o‘ladigan badanining chirib–bitishdan ozod bo‘lishini intizorlik bilan kutayotganini yozadi. Depressiya, irsiy beriluvchanlik va boshqa fiziologik omillar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash uchun bir qator ilmiy va tibbiy tadqiqotlar o‘tkazilgani ma’lum. Hozirgi kunga qadar ko‘p narsalar noma’lumligicha qolmoqda, turli xildagi muolajalarning natijalari haqida ham yetarlicha bilimga ega emasmiz. Biroq shuni aniq bilamizki, ko‘p holatlarda depressiyaning fiziologik alomatlari noshukrlik, murosa qilinmagan nizolar, mas’uliyatsizlik, aybdorlik hissi, alam, gina saqlash, ishonmaslik, huquqlarni ortiq darajada talab qilish, g‘azab va xudbinlik kabi yurakda kechiladigan, ruhiy xastaliklarning oqibati bo‘ladi. Ushbu xastalikka zamin yaratib beradigan asosiy omillar bilan kurashmasak agar, bu bizning ham ruhiy, ham jismoniy holatimizga albatta o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Ayrim holatlarda dori-darmonlar depressiya simptomlarini sal bo‘shashtirishi mumkin. Biroq depressiyaning asosiy sababi jismoniy kasallik bo‘lmasa, dori ma’lum bir vaqtgagina ta’sir ko‘rsata oladi. Dori-darmonlarning to‘g‘ri qabul qilinishi, depressiyaning og‘ir turini boshdan o‘tkazayotgan odamga o‘ziga kelishi, xastalikning sababini topishi uchun, tiniq fikr yurita boshlashga yordam berishi mumkin. Biroq hech qanday dori, malham yo‘qki ezilgan ruhga “shifo” bera olsa. Afsuski, juda ko‘p odamlar muammoning yechimini dori-darmonlardan izlaydilar. Biroq odam to o‘zidagi ichki muammolarni hal etmaguncha, chindan ozod bo‘lishiga umid qilmasa ham bo‘ladi. Muqaddas Kitobda juda ko‘p odamlar depressiyadan qiynalgan desam, ehtimol ajablanarsiz. Ularning hayoti bizga ushbu kasallikka sabab bo‘ladigan ayrim omillarni oydinlashtirib olishishga yordam beradi. Misol uchun, shoh Axab haqida voqeani olaylik. Uning sayroyi yonida shu yerlik bir odamning uzumzori bo‘lgan. Axab mana shu uzumzorga ega bo‘lishni juda orzu qilgach, qo‘shnisiga uzumzorni sotishni so‘raydi, biroq rad javobini eshitadi. Bu gapdan Axab g‘azablanadi, xafahol uyiga keladi. Non ham yemay o‘ringa kirib, teskari qarab yotib oladi. (3 Shoh. 21:4) Axabning xotini Izabel undagi og‘ir o‘ylarni tarqatishga harakat qilib, uzumzorni olishga yordam berishni va’da qiladi. “Turing o‘rningizdan, non–pon yeb oling. Ko‘nglingizni chog‘ qilavering. Yizrillik Navo‘tning uzumzorini sizga men olib beraman” – deydi. (3 Shoh. 21:7) Tan olib aytaman, o‘zimning hayotimda emotsional tushkunliklarga ko‘pincha ma’lum bir muvaffaqiyatsizliklar sabab bo‘ladi. Yuragim tubida g‘azab uyg‘onganini his qilaman, lekin unga erk bermayman, emotsiyalarimni jilovlayman, birov buni sezib qolishi va xuddi Izabel Axabga yordam berganidek, menga yordam berishiga umid qilaman. Yunusning hayotidagi voqea depressiya va o‘z joniga qasd qilish haqida fikrlar Xudoga nisbatan g‘azablanish oqibatida paydo bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib beradi. Yunusning nazarida Nineviyaliklar o‘limga loyiq edi, lekin Xudo bu xalqni yo‘q qilmadi. “Bu voqeadan Yunus qattiq xafa bo‘lib g‘azablandi. U Egamizga ibodat qilib dedi: “...iltijo qilaman, Egam, jonimni olib qo‘ya qol. Yashaganimdan ko‘ra, o‘lganim yaxshiroq.” (Yunus 4:1–3) Egamiz esa: “Nahotki shundan sen xafa bo‘lding?!” dedi. (4:4) Keyinchalik, unga soya bergan, so‘ng esa qurib qolgan o‘simlik tufayli Yunus yanada qattiq g‘azablandi va xuddi shu suhbat yana takrorlandi. Egamiz bu yerda payg‘ambar depressiya holatiga sabab atrofdagi vaziyat emas, balki uning Xudo tuzgan rejaga bo‘lgan munosabatida ekanligini tushunishini xohlardi. Xanna xudojo‘y ayol bo‘lgan, biroq kundoshi bilan o‘rtadagi sovuq munosabatlari va orzu istagi ancha vaqtdan beri ro‘yobga chiqmagani tufayli u depressiya holatiga tushgan. Eri ham xudojo‘y odam bo‘lgan va Xannani juda yaxshi ko‘rgan. Biroq bizga noma’lum sabablarga ko‘ra Egamiz Xannani befarzand qilib qo‘ygan edi. Befarzand bo‘lganidan u ko‘p ich-ichidan ezilardi, boz ustiga kundoshi Paninna ko‘p bolali edi. U kundoshi Xannaga qattiq ozor berib xafa qilardi: Xannani Egamiz befarzand qilib qo‘ygani uchun, kundoshi Paninna Xannaga qattiq ozor berib xafa qilardi. Har yili Xanna Egamizning uyiga borganda ham shu voqea yuz berardi: Xannani kundoshi xafa qilar, u esa yig‘lab hech narsa yemasdi. 1 Shoh. 1:6–7 Atrofdagi sharoitlarning shunday tus olishida Xudoning qo‘li borligini sezmasak yoki Xudoga qarshilik qilsak, buning oqibatida biz ham emotsional jihatdan, ham ruhiy jihatdan zaiflashamiz. Dovudning hayoti shuni ko‘rsatadiki, gohida depressiya holatiga tushishimizga qilgan gunohimiz sabab bo‘ladi, ba’zan esa bunga bizning gunohga botgan dunyoda yashaganimiz bois, oldini olishning imkoni bo‘lmagan ma’lum bir dard sabab bo‘ladi. Zabur 31-sano Dovudning Botsheva bilan gunoh qilib, so‘ng Uriyoning o‘limiga sababchi bo‘lganidan keyin jisman va ruhan qanday iztirob chekkanini ko‘rsatadi: Ey Egam, gunohimni bo‘ynimga olmay, rad qilganimda, Tanam qoq suyak bo‘lib qolgandi, Kun bo‘yi oh–voh qilib chiqardim. Kechayu kunduz tarbiya berishdan to‘xtamading, Saraton issig‘idagiday madorim qurib qoldi. Zab. 31:3–4 Biroq Dovudning depressiya holatiga tushishiga har doim uning qilgan gunohi sabab bo‘lgan desak ham, noto‘g‘ri bo‘ladi. Vaqti-vaqti bilan u hayotda og‘ir davrlarni boshdan kechirgan va bunga qilgan gunohlarining hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Juda ko‘p sanolarda biz uning tushkunlikka tushgani haqida yozganlarini ko‘rishimiz mumkin: … Dushmanlarim dag‘dag‘asi, fosiqlarning siquvi Boshimga g‘am–kulfat keltiradi … <…> Yuragim hasratga to‘ladir, O‘lim vahimasi meni bosib keladir. Qo‘rquv, titroq menga kelmoqda, Dahshat meni ezib bormoqda. Tuz totmay kechayu kunduz ko‘z yosh to‘kaman … Zab. 54:3, 5–6; 41:4 Dovud hayot uni qiynagan paytlarda Xudoni yordamga chaqirishni o‘rganib olgan. U shuni tushunib yetdiki, odam haqiqatni qayta-qayta takrorlamog‘i, o‘ziga qiyin savollarni berib, Xudoning fe’l-atvorini tushunmog‘i va bundan tasalli topmog‘i lozim: Nega tushkunlikka tushasan, ey jonim? Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Xudoga umid bog‘la! Shukur etaman Yana Unga — najotkorim, Xudoyimga. Tushkunlikka tushganman. … <…> Kunduzi Egam sodiq sevgisini ko‘rsatadi, Tunlari U menga qo‘shiq beradi,.. Zab. 41:6–7, 9 Doktor Martin Lloyd-Jons o‘zining “Ruhiy depressiya” nomli kitobida ruhan siqilganlarga murojaat qilib, mazkur oyatlarni tilga oladi va shunday deydi: Siz joningizga: “Nega behalovat bo‘lasan ichimda? Nimadan xijolat bo‘lyapsan, nima uchun besaramjonsan?” deb murojaat qilishingiz kerak. Aslo nolimasdan, zorlanmasdan: “Xudoga umid bog‘la!” deb o‘zingizga tasalli berishingiz, Xudo haqida, Uning tabiati, Siz uchun qilganlari, sizga taaluqli va’dalari haqida o‘zingizga muntazam eslatib turishingiz lozim3. Yoqubning maktubi, oxirgi bobida bir parcha keltiriladi va unda depressiyadan qiynalayotgan odamlarga amaliy maslahat beriladi: Orangizda azob–uqubat chekayotgan bironta odam bormi? Agar bo‘lsa, ibodat qilsin. Xursand bo‘lgani bormi? Xudoga hamdu sanolar kuylasin. Orangizda kasal bo‘lgan bormi? Jamoat oqsoqollarini chaqirtirsin. Ular ibodat qilib, Rabbimiz Iso nomi bilan bemorning boshiga zaytun moyini surtsinlar. Imon bilan qilingan ibodat bemorni sog‘aytiradi, Rabbimizning O‘zi unga shifo beradi. Agar bemor gunoh qilgan bo‘lsa, Rabbimiz uni kechiradi. Shuning uchun qilgan gunohlaringizni bir–biringiz oldida tan olinglar, bir–biringiz uchun ibodat qilinglar, shifo topasizlar. Solih odamning iltijosi kuchli ta’sirga egadir! Yoqub. 5:13–16 Eng avvalo bu yerda shu haqida aytilganki, bizdagi tuyg‘ular yoki sharoitimiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, biz birinchi navbatda Xudodan yordam so‘ramog‘imiz lozim. Ishimiz yurishganda ham, qiyinalganimizda ham, sog‘-salomat yurganimizda ham, kasal bo‘lganimizda ham bosadigan birinchi qadamimiz har doim Xudoning hozirligini tushunishdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Xudodan qiyin paytlarda biz bilan birga bo‘lishi, qiyinchilikni yengishimiz uchun bizga barcha kerakli narsalarni berishi haqida so‘rashimiz lozim. Shunisi borki, ko‘proq holatlarda biz uzoq vaqt Xudoni esga olmaymiz. Qiynalsak, darrov moddiy manbalardan tasalli topishga harakat qilamiz. Qolaversa, Muqaddas Kitobni olib, tiz cho‘kib, “zulmat qoplagan yuragimizga” Xudoning nima deyishini kutishdan ko‘ra, bizni oxirigacha tinglaydigan, holimizga achinadigan dugonamizga qo‘ng‘iroq qilishimiz anchayin osonda. Basharga xos ishlarni qat’iyylik bilan rad etish va Ruh yetaklovida yashashdan ko‘ra, dil azobini mechkaylik va uyqu ortiga yashirish anchayin oson. Bo‘ysunishdan, badjahllik uchun Xudodan va odamlardan kechirim so‘rashdan ko‘ra dildagi tuyg‘ularni televizor shovqini bilan bostirish negadir biz insonlar uchun afzal bo‘lib qolmoqda. Muammoning asl sabablari haqida Xudodan so‘rash: balki noshukrlik qilganimiz, talabchanligimiz yoki qattiq xafagarchilik buni keltirib chiqqandir, deb savol berishdan ko‘ra, ko‘pchilik odamlar ichadigan, depressiyaga qarshi yana bir quti dori-darmonlarni sotib olish osonroq. Dunyo taklif etgan vositalar ma’lum bir vaqtgagina yengillik berishi mumkin, lekin ular yetarli bo‘la olmasligining ehtimoli yuqori va ular tez orada ta’sir kuchini yo‘qotadi. Bunday paytlarda bizning dilimiz tubidagi ehtiyojlarimizni “har turli tasallining manbai bo‘lgan Xudo” dan boshqa hech kim qondira olmaydi. Bu bilan qolgan barcha vositalarni qo‘llovchilar gunoh qiladi demoqchi emasman. Ikki nafar maktab yoshiga yetmagan farzandni o‘stirayotgan va bundan tashqari emizikli bolasi ham bo‘lgan ona uchun ehtimol to‘yib uhlab olish ayni muddaosi bo‘lar. Gohida oziq-ovqatimizni o‘zgartirishimiz ham kayfiyatimizning yaxshilanishiga sabab bo‘lishi mumkin, bu o‘z navbatida ham emotsional, ham ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etadi. Depressiyaning ayrim alomatlarini jismoniy mashqlar bilan kuchsizlantirish mumkin. Bizga do‘stlarimiz tasalli berishi mumkin, ayniqsa agar bizga haqiqatni eslatishsa. Depressiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasallikni vrach ham aniqlab, davolay oladi. Biroq jonimizning qiynalishiga, ruhiy siqilishlarga barham berish uchun mutaxassislarga va dori-darmonlarga murojaat qilishga bo‘lgan moyilligimiz millionlab ayollarning hafsalasi pir bo‘lishiga, pulsiz qolishiga, keraksiz dorilarni ichishi va avvalgi holatidanda yomonrog‘iga tushishiga olib kelmoqda. Yoqub davom ettiradi va ezilgan yurakning shifo topishida Masihning Tanasi – imonlilar jamoatining muhim rol o‘ynashini aytadi. Mana bir necha yildirki, turli xildagi emotsional va ruhiy xastaliklarga yo‘liqqan odamlarga faqat “mutaxassislargina” yordam bera oladi deb hisoblanmoqda. Gohida hatto jamoat cho‘ponlari ham bunday odamlarga yordam berishga o‘zini iqtidorsiz deb hisoblab, bunday odamlarni mutaxassis ruhshunoslar, psixiatr yoki psixoterapevtlarning oldiga yuborishadi. Bu bilan puxta tayyorlangan mutaxassislar foyda berolmaydi demoqchi emasman, agar ularning maslahati Xudoning Kalomiga va Uning amrlariga asoslansa, buning foyda berishi shubhasiz. Biroq keling bir narsani esdan chiqarmaylik: Xudo Masihning Tanasini shunday maqsad bilan yaratganki, U umidsiz, muhtoj odamlarga xizmat qilmog‘i lozim. Biz Xudoning Kalomi vositasida azob chekayotgan odamlarga “shifo berish”ni o‘rganib olishimiz kerak. Demak, Yoqub aytadiki, agar azob–uqubat chekayotgan bo‘lsangiz, joningiz behalovat bo‘lsa, Masihning Tanasiga inoyat ila sizga, Iso nomi bilan xizmat qilishiga yo‘l qo‘yib bering. Ibodat qilganingizdan keyin, tashabbusni o‘z qo‘lingizga oling va ehtiyojingiz haqida do‘stlaringiz bilan bo‘lishing, ruhiy yetakchilaringizga bu haqida aytsangiz yanada yaxshi bo‘ladi. Ulardan siz haqingizga ibodat qilishini so‘rang. Emotsional jihatdan zaiflashishingizga yoki jisman kasal bo‘lishingizga sabab bo‘la oladigan gunohingiz uchun tavba qiling va Masihning Tanasi oldida mas’uliyatni o‘z bo‘yningizga oling. Emotsiyalarimiz haqida so‘z borganda, shuni esda tutishimiz kerakki, doimiy xursandchilik, yaxshi kayfiyat masihiylar hayotining tugal maqsadi emas. Xudo Unga ergashganlar barcha “salbiy” emotsiyalardan mutlaqo holi bo‘lishini va’da qilmaydi. Bashariy tanada qancha uzoq yashaganimiz sayin, yo‘limizda azob va qiyinchiliklar ham shuncha ko‘p uchraydi. Keyingi bobda biz hayotda hammasi “yaxshi” bo‘lishiga emas, balki Xudoni ulug‘lashga, Uning odamzotni qutqarishga oid rejasi bajo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmaslikka intilishimiz lozimligini ko‘ramiz. Qolgan hammasi o‘tkinchidir. Haqiqiy quvonch mana shu maqsadga sodiq qolishdadir. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 32. Bir nimani his qilsam, shu narsa to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. • His-tuyg‘ularimga doim ham ishonib bo‘lmaydi. Ko‘pincha ular haqiqatdan ancha yiroq bo‘ladi va aldashi hech gap emas. • Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday his-tuyg‘uni qat’iyylik bilan rad etishim kerak. 33. O‘z emotsiyalarimni nazorat qilolmayman. • Emotsiyalarim mening hatti-harakatlarimni belgilamasligi kerak. • Haqiqat haqida fikr yuritishga qodirman, har qanday o‘y–xayolni haqiqatga bo‘ysundirib, asir qilishga va Xudoga emotsiyalarimni boshqarishiga yo‘l qo‘yib bera olaman. 34. Garmonlarim qo‘zigan vaqtda ko‘zimga hech narsa ko‘rinmaydi. • Xudoning iltifoti bilan men, his-tuyg‘ularimdan qat’iy nazar, Unga itoat qilishni mustaqil ravishda tanlay olaman. • Gunohli ishlarni, odamlarga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabatni va qo‘pollikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. • Hayotimni tashkil qilgan davrlar (jismoniy va emotsional holatlarim) meni yaratgan, men haqimda g‘amho‘rlik qilgan, hayotim haqida hamma narsani biladigan Xudoning qo‘lida. 35. Depressiyani avvalo dori-darmonlar bilan davolash va/yoki psixiatrga murojat etish lozim. • Depressiyaning jismoniy va emotsional alomatlari yechim talab etadigan ruhiy muammolarning oqibati bo‘lishi mumkin. • Agar mening depressiyaga tushishimga jismoniy kasallik sabab bo‘lmasa, dori-darmonlar meni ichki azoblardan uzoq vaqt saqlay olmaydi. • Hech kim, hech qachon menga kayfiyatim hamisha chog‘ bo‘lishini kafolatlamagan. His-tuyg‘ularimdan qat’iy nazar men Xudoga shukr qilib, Unga bo‘ysunib yashashim va odamlarga xizmat qilishim mumkin. • Xudoning inoyati, Muqaddas Ruh, Kalom, Xudoning va’dalari, Masihning Tanasi – bular emotsional ehtiyojlarimizga to‘liq javob beradi. Amalda qo‘llash 1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING. Siz his-tuyg‘ular haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quyidagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Flp. 4:4–8, Kol. 3:1–4, Ish. 26:3–4, Ish. 50:10. Bu oyatlar emotsiyalaringizni boshqarish borasida sizga qanday tavsiyalar beradi? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Emotsiyalarni in’om etganing uchun rahmat Senga, Ota. Huzur-halovat olish, ne’matlaringdan xursand bo‘lish va hatto og‘riq his qilish imkonini berganing uchun rahmat. Gunohga botgan dunyoda og‘riqsiz, azobsiz yashab bo‘lmasligini tushunaman. Ko‘pincha haqiqatga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligiga qaramasdan, his-tuyg‘ularimga ishonib qadam bosganim uchun tavba qilaman. Juda ko‘p holatlarda Sening Kaloming va Ruhimngga emas, his-tuyg‘ularimga va tashqi sharoitlarga qarab ish tutaman. Emotsiyalarimdan qat’iy nazar, haqiqating mutlaq benuqson va o‘zgarmas bo‘lib qolayotgani uchun minnatdorman. Hatto azob va ko‘z yoshlar, sarosima va yo‘qotishlar ichida ham Senga umid bog‘lab yashashimga yordam ber! Kechinmalarim qanday bo‘lishidan qat’iy nazar Senga itoat qilishimga yordam ber. Har qanday vaziyatda agar butun diqqat-e’tiborimni Senga qaratsam, inson hayoliga sig‘maydigan tinchlik berishni va’da qilganing uchun rahmat. Iso Masihning nomi bilan ibodat qildim. Omin. 9 BOB Hayotiy vaziyatlar haqida    • Hayotiy qiyinchiliklar bo‘lmaganida agar, men hozir boshqa odam bo‘lar edim.    • Men qiynalmasligim kerak    • Hayotim hech qachon o‘zgarmaydi, bu azoblar oxir-poyonsiz davom.    • Boshqa chiday olmayman!    • Eng muhimi – bu o‘zim    • Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying    • Amalda qo‘llash Xotira daftarim, Yilning bunday kelishini kutmagan edim! Qobilning nevaralaridan biri otasi bilan qurilishda ishlayotib, baland joydan qulab tushdi. Og‘ir jarohat olgan ko‘rinadi. Ko‘p surishtirolmadik, chunki Qobil bilan va uning oilasi bilan deyarli bordi-keldi qilmaymiz. Munosabatlarimiz haligacha tiklangani yo‘q – o‘tmishni eslasam yuragim eziladi. Bu yil juda og‘ir keldi, hosilsiz yil bo‘ldi. Odamga bizni boqish uchun juda og‘ir mehnat qilishga to‘g‘ri keldi. Uyga shu darajada charchab keladiki, na gaplashishga va menga uy ishlarida yordam berishga hol topa oladi. Unga shuncha vaqt haqiqiy yordamchi bo‘lganimni aytgim keladi, biroq o‘zimning muammolarim bor edi. Endilikda hammasiga kuchim yetmaydi, qolaversa to‘rt nafar bolamiz hali hanuz biz bilan yashamoqda. Hayotimiz alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. Qanday qilib bir vaqtning o‘zida ham erga qarash, ham bolalarga, nevaralarga g‘amho‘rlik qilish, ham uy yumushlarini bajarish va o‘zingga vaqt ajratish mumkin?! Gohida shunday charchayman: hamma bilan aytishaman. Qilgan ishimdan uyalaman, lekin bor alamimni bolalarimdan, Odamdan olaman. Haddan tashqari charchaganman. Odam bilan anchadan beri birga dam olmadik. Qaniydi, bir yoqlarga ketsam-u, biroz bo‘lsa ham dam olsam. Balki bu hammamiz uchun foydali bo‘lar. Vaqti keldi, bir narsani o‘zgartirish kerak. Bu “eng og‘ir kunlardan biri” bo‘ldi. Hech ishingiz o‘nmagan kunlar sizda ham bo‘lgani shubhasiz. Ehtimol Judit Vorstning «Alexander and the Horrible, No Good, Very Bad Day» (“Aleksandr va dahshatga to‘la, bema’ni, juda og‘ir kun”) nomli kitobida bu haqda o‘qigandirsiz. Bechora Aleksandr nima qilmasin, qayerga bormasin omadsizliklar uni ta’qib qiladi: Og‘zimda saqich bilan uhlab qolibman, uyg‘onim qarasam, sochimga yopishib qolibdi. Ertalab karavotdan turib, skeytbordni bosib olibman, keyin esa sviterimni rakovinaga tushurib qo‘ydim – krandan suv oqayotgandi. …Shunda tushundimki, meni oldinda dahshatga to‘la, bema’ni, juda og‘ir kun kutyapti1. U haq edi. Aleksandr maktabda juda og‘ir kun o‘tkazdi, bekorga tish do‘xtirning oldiga va poyabzal do‘koniga bordi. Bu hali hammasi emasdi. Tushlikka loviya uzatildi, men esa loviyani yomon ko‘raman. Televizorda o‘pishganlarni ko‘rsatishdi, men esa o‘pishganlarni yomon ko‘raman. Vannadagi suvga sal qolsa kuyib qolardim, ko‘zimga sovun tegdi, pijamamni kiyishimga to‘g‘ri keldi. Uni yoqtirmayman. To‘shakka yotganimda, Nik qachonlardir o‘zi sovg‘a qilgan yostiqni mendan tortib oldi, buning ustiga Mikki Mausning tavsiri solingan tungi yoritgich kuyib qoldi. Eng alamlisi – tilimni tishlab olganim bo‘ldi. Mushugimiz men bilan emas, Entoni bilan uhlashni afzal ko‘rdi. Bu dahshatga to‘la, bema’ni, juda og‘ir kun bo‘ldi.2 Kayfiyati buzilgan bolakayni, kechgi vaqtda xo‘rsinib, o‘ziga-o‘zi: “Katta bo‘lishim bilan Avstraliyaga ko‘chib ketaman!” deb qaror qilgani uchun kim ayblay oladi”.3 Aleksandr – bunday vaziyatni boshdan kechirgan yagona inson emas. “Qaniydi kaptar kabi, qanotim bo‘lsa, uzoq-uzoqlarga uchib ketsam!” deb hayol qilmagan odam bo‘lmasa kerak. Zabur sanosi muallifi ham aynan shu haqida ibodat qilganini ko‘ramiz. Nazarida atrofda hamma unga qarshidek tuyular edi. U chindan ham juda og‘ir ahvolda bo‘lgan: Qaniydi kaptar kabi, qanotim bo‘lsa”, dedim, “Uchib ketib, orom olgan bo‘lardim. Quturgan shamolu bo‘rondan qochib, O‘zimga boshpana topgani shoshilgan bo‘lardim. Zab. 54:7, 9 Parvardigor Xudo yerni yaratdi va buning ajoyib ekanini ko‘rdi. Butun Koinot, eng mayda molekulalardan tortib, ulkan galaktikalargacha ideal tartibda edi. Olamda mutlaq uyg‘unlik hukmronlik qilgan. Na sarosima, na azob, na mojaro, na umidsizlik bo‘lgan. Odam Ato va Momo Havoning bunuqson dunyoda, rohat-farog‘atda hayot kechirganini bilamiz. Ularning dastlab yashagan uyiga hatto Marta Styuart ham xavas qilgan bo‘lardi. (Marta Styuart — AQSh da teleshou olib boradigan taniqli boshlovchi; yashash joylar dizayni, remont, bog‘dorchilik, uy o‘simliklari va yashash uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha mutaxassis). Hammasi ajoyib edi. Hech narsa qayta ta’mirlashni talab qilmasdi. Hech kim hech qayerga kechirmagan, qiynalish, toliqish, g‘azablanish kabi holatlar ularga begona bo‘lgan. Hech kim qarzga botmasdi, azoblanmas edi, kasal ham bo‘lmasdi, “o‘lim” degan tushunchaning o‘zi yo‘q edi. Hech kim xafa bo‘lmagan, xafa qilmagan ham, hech kim tortishmas, qozi oldiga adolat izlab bormas edi. Vrachlarga, huquq himoyachilariga, ruhshunos va seksopatologlarga ehtiyoj bo‘lmagan. Biroq bu holat Momo Havo shaytonning yolg‘oniga quloq solib, uning fikriga sherik bo‘lguniga qadar davom etdi, keyin hammasi o‘zgardi. Qachonlardir hech bir zahmatsiz mo‘l hosil bergan yer endilikda, oz bo‘lsada meva berishi uchun ko‘p mehnat mashaqqat talab qiladi: uni yovvoyi o‘tlardan, tikanlardan tozalash, qora terga botib unga ishlov berish lozim. Xudoning rejasiga ko‘ra bola tug‘ish faqatgina quvonch olib kelishi, ayolning hayotidagi eng tabiiy jarayon bo‘lishi kerak edi. Endilikda esa ayol tulg‘oq azobidan qiynaladigan, azobda bola tug‘adigan bo‘ldi. Yovvoyi o‘tlar va tulg‘oq azoblaridan tashqari insonlar hayotiga boshqa illatlar ham kirib keldi: Qo‘rquv, uyat, aybdorlik hissi; umidsizlik; nizolar va tortishuvlar; ko‘z yosh va asab buzilishlar; buzg‘unchi shamollar, suv toshqinlar, zilzilalar; zo‘ravonlik va jinoyatlar; qashshoqlik, qurg‘oqchilik, ocharchilik, irqchilik va urushlar; kasalliklar: artrit, saraton. Yolg‘on olamga kirib kelgach, mash’um ta’sirini ko‘rsatdi. Piyoladagi toza suvga solingan bir tomchi bo‘yoq suvning tusini o‘zgartirib yuborgani kabi, gunoh ham insonlar hayotini va ular yashagan yerni “bulg‘ab yubordi”. Aksariyat odamlar umidsiz kun kechiradi, g‘azabda va tushkunlikda yashaydi. Bunga sabab ularning gunohga bulg‘angan olamda tabiiy holga aylangan hayotiy sharoitlarga va azob haqida yolg‘onga ishonganlaridir. Hayotiy qiyinchiliklar bo‘lmaganida agar, men hozir boshqa odam bo‘lar edim. Esimda, ko‘p yillar avval yosh bir ayol, ikki yoshli bolaning va egizaklarning onasi: “Mana shu egizaklar tug‘ilgunga qadar juda bardoshli edim” – deb menga nola qildi. Bu ayol ham aksariyat odamlar qatorida, biz insonlarni hayotiy sharoitlar shakllantirishiga astoyidil ishonar edi. Hamma gap qiyin sharoitlarda, aynan shu omil bizning fe’l-atvorimiz buzilishiga sabab bo‘ladi deyish aslida xato. Ehtimol sizda ham, xuddi mendagidek: “Meni bu kuyga solgan aslida mana shu ayol!” degan vaqtlar bo‘lgandir. Bu bilan siz: “Men aslida juda yaxshi, mehribon, Xudoning Ruhiga to‘lgan, bosiq ayolman. Lekin ... uning qilgan ishini aytsam, ishonmaysiz!” demoqchi bo‘lasiz. Biz: “Agar bolam fenni suvga botirib olmaganida, sariyog‘ni olib mehmonxonadagi butun mebelga surtib tashlamaganida, mening jahlim chiqmasdi”, yoki: “Agar ota-onam meni bolaligimda urushavermaganida, meni “odam bo‘lmaysan” deb kamsitmaganlarida, baxtli hayot kechirgan bo‘lardim!” yoki: “Agar erim boshqa ayol bilan ketib qolmaganida, men bunday baxtsiz bo‘lmasdim” – deymiz. Biz: “Mening bu holga kelishimga odamlar va sharoitlar sabab” demoqchi bo‘lamiz. Nazarimizda, agar hayotiy sharoitlarimiz boshqacha bo‘lganida (tarbiya, atrofdagi odamlar) biz mutlaqo boshqa odam bo‘lardik: sabr-toqatli, mehr-oqibatli, shod, mamnun bo‘lib, biz bilan yashash ancha oson bo‘lar edi. Hammasiga shart-sharoitlar sabab bo‘lsa, demak biz o‘lja bo‘libmiz – dushman ongimizga aynan shu narsani singdirishga harakat qiladi. O‘lja bo‘lganimiz, qilgan ishlarimizga javob bermaymiz deganidir – Axir o‘zimizni o‘zgartira olmaymiz-ku. Biroq Xudo bizning javobgar ekanligimizni aytadi – boshqalarning gunohlari uchun emas, ularga javoban ko‘rsatgan munosabatimiz va kechirgan hayotimiz uchun. Aslida sharoitlar bizni o‘zgartirmaydi. Ular bizning aslida qanday odam ekanligimizni ko‘rsatib beradi. Umidini yo‘qotgan o‘sha ona, sabrsizlik uning doimiy sifati bo‘lib kelganini tushunmasdi. Xudo bu ayolning haqiqiy tabiatini ko‘rsatib beradigan shart-sharoitlarni yaratib bermagunga qadar, ayol o‘zining qanday ekanligidan mulaqo bexabar bo‘lib kelgan. Natijada u o‘zgardi. Dushman bizni chalg‘itadi, ongimizga hayotiy sharoitlar o‘zgarsagina biz o‘zgarishimiz mumkin bo‘lishi haqida soxta fikrlarni singdiradi. Natijada biz “Agarda biz...” degan o‘y bilan yashay boshlaymiz: Agarda biz ko‘chib ketmaganimizda edi... Agarda biz ota-onamizga yaqinroq joyda yashaganimizda edi ... Agarda bizning o‘yimiz kattaroq (shkaflar, ko‘proq joy) bo‘lganida edi... Agarda bizda ko‘proq pul bo‘lganida edi... Agarda erim kamroq ishlaganida edi ... Agarda turmushga chiqqanimda edi ... Agarda turmushga chiqmaganimda edi ... Agarda boshqaga turmushga chiqqanimda edi ... Agarda bolalarim bo‘lganida edi ... Agarda bolalarim bu qadar ko‘p bo‘lmaganida edi ... Agarda bolamni yo‘qotmaganimda edi ... Agarda erim muomalali bo‘lganda edi ... Agarda erim imonlilarga ruhiy yetakchi bo‘lganda edi ... Biz o‘zimizni aldaymiz, sharoitlar boshqacha bo‘lganida edi, baxtliroq hayot kechirardik deymiz. Biroq, agar hozirgi sharoitimizda baxtli bo‘la olmadikmi, demak boshqa sharoitlarda ham baxtli bo‘lishimiz dargumon. XIX- asrda yashab o‘tgan yozuvchi Elizabet Prentiss ellik yoshida turmush o‘rtog‘ining yangi ishga taklif etilgani, endilikda ular Nyu-Yorkdan Chikagoga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelishidan xabar topadi. Boshqa joyga ko‘chib o‘tish – bu barcha yaqinlari bilan xayrlashish, shundoq ham og‘irlashgan sog‘ligining xavf ostiga qo‘yilishi degani edi. Dugonasiga maktubda u shunday yozgan: Biz birgina narsani, ya’ni Xudoning irodasini bilishni xohlaymiz ... O‘tgan qishdagi hodisalar menga odamning baxtli bo‘lishi yashash joyiga, mavqeiga bog‘liq emasligini o‘rgatdi. Biz hatto oltinga burkangan saroyda yashab ham baxtiqaro bo‘lishimiz va lekin yertulada ham rohat-farog‘atda hayot kechirishimiz mumkin... Ehtimol bu og‘riqlar bizga bu dunyoda musofir ekanligimizni esdan chiqarmaslik uchun kerakdir balkim4. Jorj Vashingtonning rafiqasi Marta, dugonasi Mersi Uorrenga maktubida ham xuddi shu fikrni bildirgan: Baribir, har qanday sharoitda ham, quvnoq va baxtli bo‘lishga harakat qilaman, chunki bir narsani tushundim: bizning baxtli yoki baxtsiz bo‘lishimiz ko‘proq shart-sharoitlarga emas, balki kayfiyatimiz, hafsalamizga bog‘liq. Qalbimiz tubida ikkisining ham urug‘i bor5. Havoriy Pavlus quvonchi va farovon hayot kechirishi faqat va faqat Xudoning tuganmas sevgisiga va sadoqatiga, hamda Xudo bilan munosablariga bog‘liq bo‘lgani bois, har qanday sharoitda quvonib, mamnun bo‘lib yashashga, samarali mehnat qila olishiga qodir ekanligini tushunib yetgan. Shu sababdan ham u hech ikkilanmay shunday deya olgan ... men har qanday sharoitda boriga qanoat qilishga o‘rganganman. Har qanday sharoitda va har yerda ham to‘q bo‘lish, ham och qolish, mo‘l–ko‘lchiligu muhtojlikda yashash sirlarini o‘rganganman. Men tanqislikda ham, mo‘l–ko‘lchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman. Flp. 4:11–12 Pavlus bizning har doim ham hayotiy vaziyatlarni boshqara olmasligimizni tushungan, lekin aytib o‘tish kerakki, hayotiy vaziyatlar ham bizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi lozim. Biz hayotimizdagi har qanday qiyinchilikni to‘g‘rilay oladigan, sevgi va donolikda tengsiz, qodir Egamizga umid bog‘lay olamiz. Quvonch, osoyishtalik va barqarorlik – bular aslida mustahkam ishonchimizning mevasi, har qanday hodisa qachonki bunga mehr-muhabbati cheksiz Otamizning xohish-irodasi bo‘lsagina, hayotimizdan joy olishi, bu Uning abadiy rejasidagi narsa ekanligiga e’tiqod qilishning samarasidir. Men qiynalmasligim kerak Hozirgi kunda ko‘p voizlar gunohga botgan odamlarga ular Isoga kelishi bilanoq osoyishtalikka, quvonch va rohatga erishishlari va buning tugamasligini, bu dunyoda farovon hayot kechirishlari, samoda abadiy maskan topishlarini va’da qilishadi. O‘z xochini olib, Masihning ortidan yurishga dav’at etmaydigan bunday ta’limot hayot va mamot kurashida qatnashishni istamaydigan, bo‘sh, irodasi sust “shogirdlardan” iborat bo‘lgan butun boshli avlodning shakllanishiga olib keldi. Hayot yo‘lida muqarrar qarshi olinadigan sinov va mashaqqatlar kelganda bunday odamlar nolib, dod solishadi, tumtaraqay bo‘lib qochadilar. Mashaqqatlarning shart bo‘lmagani, bizning bunga loyiq emasligimizni ongimizga singdirgan holda, dushman yuragimizda Xudoga nisbatan norozilik hissini o‘yg‘otadi, bizni Uning mutlaq komil irodasiga va niyatiga qarshi chiqishga undaydi. Biroq Rabbimiz Iso va Unga ergashgan havoriylar bizni o‘z xochimizni olishga dav’at etadi. Bu samoviy olamdagi yovuz ruhlarga qarshi kurashishga, Xudo yo‘lida mashaqqatlarni boshdan kechirishga dav’at bo‘lgan. Havoriy Pavlus o‘rgatadiki, mashaqqat – bu har qanday imonlining hayotidan joy olishi muqarar bo‘lgan to‘siqdir: “Biz Xudoning Shohligiga kirishimiz uchun ko‘p mashaqqatlarni boshdan kechirishimiz kerak”, deydi u. (Hav. 14:22) Xitoyda kommunistlar huqumatni egallaganlarida, Artur Metyuz u yerda Xushxabar voizi bo‘lib xizmat qilar edi (1938-1949 yillar). Bu kishi o‘sha davr Xitoyda Xushxabarni va’z qilgan eng so‘nggi xizmatchilardan biri bo‘lgan. 1953-yil u to‘rt yillik uy qamog‘idan keyin, rafiqasi va qizi bilan Xitoyni tark etadi. Uning yozgan kitoblarida odamning hatto eng og‘ir azoblarda ham o‘zidan kechib, Xudoga ergashishga tayyor bo‘lishi, mustahkam qat’iyyati aks ettirilgan: Bizda shunday bir moyillik bor, ya’ni hayotiy vaziyatlarni baholar ekanmiz, ular bizning rejalarimizga va osoyishtalimizga qanday ta’sir qilishiga qaraymiz va shuning asosida qaror qabul qilamiz. Muammo yuzaga kelganda Xudoning oldiga shoshilamiz, biroq Uning bu haqda fikri qarorini bilish uchun emas, balki bizni qiyinchiliklardan ozod qilishini so‘rash uchun. Osoyishta hayotni biz Xudoning rejasidan ko‘ra afzal ko‘ramiz, Uning rejasi esa oilamizga kelgan qiyinchilik evazigagina amalga oshadi... Real voqelikdan o‘zini olib qochadigan odamlarning hisoblashicha, xavf-xatardan holi hayot kechirish, farovonlik va moddiy boyliklar Xudoning marhamati yog‘ilganiga dalil, isbot bo‘lib xizmat qiladi. Shu tariqa hayotimizda azob va mashaqqatlar kirib kelganda, biz Xudoning dilimzga ochganlarini tushunmaymiz, fikr qarorlarini noto‘g‘ri qabul qilamiz6. Xudoga ishonmasak, Uning ezgu niyatlari qabul qilmasak, mashaqqatlarga qarshilik ko‘rsatishimiz muqarrar bo‘ladi. Biroq XVII-asrda yashab o‘tgan puritan yozuvchisi Uilyam Lou ishontirib aytadiki, biz azob va mashaqqatlarni quvonch bilan qabul qilishimiz, buni poklanish va Xudoga yanada yaqin bo‘lishning yo‘li deb bilishimiz lozim: Har qanday kulfatni, umidsizlikni, og‘riq va noqulaylikni, vasvasa va zulmatni, yolg‘izlik damlarini quvonch bilan qarshi ol, bularni o‘zingdagi bashariy tabiatni o‘ldirish, O‘zini rad etgan va azoblangan Qutqaruvchimizga yaqinlashishning zo‘r imkoni deb qabul qil.7 Xudo bizning bir lahzali rohatimiz, o‘tkinchi baxtimiz haqida emas, balki muqaddas bo‘lib shakklanishimiz uchun ko‘proq jon kuydiradi. Shuni biladiki, to muqaddaslikka burkanib olmagunimizcha, hech qachon chindan ham baxtli bo‘la olmaymiz. Mashaqqat chekmasdan muqaddas bo‘la olmaysiz. Hatto Isoning O‘zi ham Tangri Taolo irodasiga ko‘ra, yer yuzida “azob–uqubatlar orqali barkamol Sardor qilib tayyorlandi” (Ibr. 2:10), “garchi U Xudoning O‘g‘li bo‘lsa ham, azob–uqubat chekib, itoatkorlikning asl ma’nosini angladi”. (Ibr. 5:8) Biz Masih singari muqaddas bo‘lishni xohlaymiz deymizu, lekin bunga erishish ning birdan bir yo‘lini rad etamiz. Yangi Ahd kitobida bironta muallif yo‘qki, hayotda muqaddaslikka va gunohdan forig‘ bo‘lishga mashaqqatsiz erishib bo‘lmasligini e’tirof etmagan bo‘lsa. Butrus hatto bizning azob chekishimiz Xudodan belgilab berilganini ta’kidlaydi, buning nafaqat tanlanganlar yoki imon yo‘lida azob chekadigan jafokashlar uchun, balki Xudoga farzand bo‘lgan barchaga teng taaluqli ekanligini aytib shunday deydi: “Hatto azob chekkaningizda ham Xudo sizlarni yaxshilik qilishga da’vat etgan. Masih sizlar uchun azob chekib, namuna bo‘ldi. Unga taqlid qilinglar”. (1 But. 2:21) Haqiqiy quvonch – bu og‘riq, azoblardan holi bo‘lish degani emas, balki Rabbimiz Isoning azob chekkan vaqtimizda biz bilan birga bo‘lishi, bizga dalda berishi, bizni muqaddas qilib borishidir. Bu jarayon bir necha kun, hafta, oylab yoki yillab davom etishi mumkin, biroq bizda Xudoning ulug‘ va’dalari bor: Garchi sizlar bu qisqa hayotda azob chekib yashasangizlar ham, Xudoning O‘zi sizlarga madad berib, barchangizni barkamol, sabotli, kuch–qudratli va mustahkam qiladi. Axir, inoyatga boy Xudo Iso Masih orqali sizlarni O‘zining abadiy ulug‘vorligiga sherik qilish uchun da’vat etgan. 1 But. 5:10 Hayotim hech qachon o‘zgarmaydi, bu azoblar oxir poyonsiz davom etadi. Bu yolg‘on ko‘p ayollarni umidsizlik va chorasizlik tuzog‘iga ilintiradi. Biroq siz og‘rintirgan narsa, bu jismoniy azoblanish, jabrlanganingiz haqida xotiralar, muvaffaqiyatsiz nikoh yoki bolangizning tarbiyasi buzilganidan og‘rinishingiz bo‘ladimi, garchi uzoq cho‘zilishi mumkin bo‘lsada, shunisi aniqki abadiy davom etmaydi. Bu sizni yer yuzida umringiz oxirigacha qiynashi mumkin. Biroq butun umr degani, abadiyat degani emas. Rabbimizni ko‘rgan zahotiyoq biz qayg‘uli narsalarning hammasini unutamiz. Bir necha kun avval menga bir ayol qo‘ng‘iroq qilib, maslahat so‘radi: u nikohda jiddiy muammolarni qarshi olgan edi. Oilasi qachon tinch bo‘lganini eslolmasdi, ijobiy o‘zgarishga bo‘lgan umidi ham so‘ngan edi. Bu ajoyib ayolning so‘zlari menga juda ta’sir qildi: “Bu umrimning oxirigacha davom etgan taqdirda ham, qo‘rqmayman. Inson umri qisqa ekanligini bilaman, abadiyatning esa chegarasi yo‘q. Bir kun kelib, bu hayotimiz ekrandagi kichik bir nuqtadek bo‘lib qoladi”. Bu ayol taqdiriga tan bergan odam ohangida gapirmasdi. U hammasi o‘zgarishini juda xohlasada, vaziyatga abadiy hayot nazari bilan qarar edi, bu unga hatto olovli sinovlar kelganda ham sadoqatini yo‘qotmaslikka yordam berardi. Boshqa bir ayol ko‘p yillar avval, konferensiyadan keyin oldimga keldi va: “Turmush o‘rtog‘imizga shartsiz ravishda sadoqat ko‘rsatishimiz kerakligi haqida gapirganingiz uchun rahmat aytmoqchiman” – dedi. So‘ng o‘zining hayoti haqida bo‘lishdi. Turmush qurganiga qirq yil bo‘libdi. Eri juda yomon odam ekan. U shunday dedi: “Yillar davomida ko‘p odamlar, bu qatorda masihiylar ham menga ajrashishni maslahat berdi. Biroq Xudo nikoh qurgan kuni qasam ichganimni yodimga qayta-qayta solaverdi, shu tariqa erimni tashlab ketolmayman degan qarorga keldim”. So‘ng suhbatdoshim biroz gapirmay turdi va davom ettirib dedi: “Bilasizmi, sabr qilganimdan shunday quvonaman. Gap shundaki, bir yil avval erim nihoyat Xudoga imon ketirdi va Xudo uni shunday o‘zgartirib kelyaptiki, ta’riflashga til ojiz. Bu hali hammasi emas, – dedi u ko‘ziga yosh olib, – chekkan azoblarim meni qanday o‘zgartirganini aytsam, ishonmaysiz”. Muammo shundaki, biz bu dunyoga juda qattiq bog‘lanib qolganmiz, shu sababdan oramizdagi aksariyat uchun qirq yillik muddat xuddiki abadiyatdek bo‘lib tuyuladi! Biz bunchalik uzoq muddat qanday qilib qiynalib yashash mumkinligini hatto tasavvur ham qilolmaymiz. Oh, agar qirq yil va hatto bundan ham uzoq muddatning abadiyat oldida hech narsa emasligini ko‘ra olganimizda edi! Mashaqqatlarimiz qancha davom etishidan qat’iy nazar, Xudoning Kalomi ishontirib aytadiki, biz ko‘rgan kunlar oxir poyonsiz emas. Shuning uchun ham umidimizni yo‘qotmaymiz. Bizning o‘tkinchi, yengil azob–uqubatlarimiz bizga haddan tashqari ajoyib va abadiy ulug‘vorlik keltiradi. Axir, biz ko‘rinadigan narsalarga emas, balki ko‘rinmaydigan narsalarga ko‘z tikkanmiz. Ko‘rinadigan narsalar o‘tib ketadi, ko‘rinmaydiganlari esa mangudir! 2 Kor. 4:16–18 Ishonchim komilki, hozirgi azob–uqubatlarimiz bizga zohir qilinadigan ulug‘vorlik oldida hech narsa emas. Rim. 8:18 … qayg‘u–alam tun bo‘yi davom etsa ham, Tong bilan birga shodlik ham kirib keladi Zab. 29:6 Qayg‘u –alam oylab va hatto yillab davom etishi mumkin, biroq agar Xudoning farzandi bo‘lsangiz, bu abadiy davom etmaydi. Xudo azoblaringiz qachon tugashini aniq belgilab qo‘ygan va ular Xudoning kerakli deb belgilagan vaqtidan bir daqiqa ham uzoq cho‘zilmaydi. Azoblaringiz qachonki Xudo O‘zining muqaddas, abadiy maqsadlariga erishgandagina yakun topadi. Bu hayotda yengillik kelmagan holatlarda, Xudoning Kalomi bizga yuzlab va’dalarni beradi va ularda bir kun kelib hamma azoblarga barham berilishi, imonimiz kamoliga yetishi, zulmat yorug‘likka aylanishi, sadoqatimiz tuganmas shodlik bilan taqdirlanishini aytadi. U va’da qilib, deydi:... Cho‘lu biyobon shod bo‘ladi, Sahro quvonib, atirgulday gullaydi. <…> Egamiz qutqarganlar qaytib keladi, Ular qo‘shiq aytib, Quddusga kiradi. Boshlarida abadiy shodlik toji bo‘ladi, Shod–xurramlik ularni qamrab oladi, Qayg‘u, g‘amlar yo‘q bo‘lib ketadi. Ish. 35:1, 10 Yovuz kuchlar qancha urinmasin, olamning taqdiri belgilangan – g‘alaba Egamizniki! Kelajakka bo‘lgan ishonchimiz bizga umid beradi, hayotni davom ettirishimiz uchun kuch, matonat ulashadi. Boshqa chiday olmayman! Shayton bizni ishontirishga harakat qilib, bor kuchini ishga solgan yana bitta yolg‘on bor. U biladiki, agar maqsadiga erishsa, biz umidimizni yo‘qotamiz va oqibatda hech qachon g‘olib bo‘lolmaymiz. Bir ayol shunday yozadi: Bir yoshli egizak o‘g‘illarim bor, ular mana ikki oydan beri surunkali otit (quloqning shamollashi) bilan kasalangan. To‘xtamay yig‘laydi. O‘zimga ham, erimga ham, va umuman, meni tinglay oladigan har qanday odamga boshqa chidolmasligimni aytganman. Bu yolg‘on bashoratga aylandi. O‘zimni yanada yomon his qildim. Oxir-oqibat: “Men bunga bardosh bera olaman, o‘z vazifamni bajarishda davom etaman” deganimdan keyin, tanglik va tushkunlik deyarli yo‘qoldi. Hammamizda shunday vaqtlar keladiki, bunday yashab bo‘lmaydigandek tuyuladi. Shayton qo‘llaydigan har qanday yolg‘onda bo‘lgani kabi, bu yerda ham g‘alabaga erishishning birdan bir yo‘li – bu yolg‘onga qarshi chiqa oladigan haqiqatdir. Emotsiyalarimiz yoki qiyinchiliklarimizga qaramay, Xudoning Kalomi: “Mening inoyatim doim senga yetarli bo‘ladi” deydi. (2 Kor. 12:9) Oramizdagi aksariyat bu oyatni bilsada, sinovlar kelganda, hayotimiz qiyinlashganda, kamdan-kam odamlargina bunga ishonadi. Bizning boshqa bardosh bera olmasligimizga ishonishimiz osonroq. • Tun bo‘yi uhlamay, kasal bolaga qarashga boshqa bir kun ham sabrim chidamaydi. • Erim bilan boshqa yashay olmayman. • Qaynonam yana bir marta meni haqorat qilsa, buni ko‘tarolmayman. • Uchta o‘smirin bolaga va kasal onaga qarash qo‘limdan kelmaydi. Biroq ishonishni xohlaymanmi, yo‘qmi, Xudoning farzandi bo‘lsam agar, bu holda “Uning inoyati doim menga yetarli bo‘ladi”. (Shu sharti bilanki, o‘z bo‘ynimga bir talay ortiqcha majbriyatlarni yuklab olmagan bo‘lishim kerak. Agarda ular menga Xudodan berilgan bo‘lsa, bu holda Uning iltifoti bilan barcha vazifalarni bajarishga qodir bo‘laman) Hayotimdagi har lahza, har bir qiyinchilik, har bir ehtiyoj va muvaffaqiyatsizlik uchun Uning inoyati yetarlidir. Toliqqanimda, ishlarimni oxirigacha bajara olishimga ko‘zim yetmagan vaqtda, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. Yaqinim yoki hamkasbim meni ranjitgan vaqtda, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. Bor g‘azabimni atrofdagilarga sochish vasvasasi meni yengayotganini his qilganimdada, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. Navbatdagi marotaba meyyordan ortiqcha shirinlik yeyish vasvasasiga yengilayotgan paytimda, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. O‘z oilamni buzganimda, qo‘pol va hatto zolimlarcha muomala qilganimda, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. Qanday ish tutishni yoki qanday qaror qabul qilishni bilmaganimda, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. Dahshatli yo‘qotish yoki og‘ir kulfat yurak-dilimni ezganda, yaqinimni qora tuproqqa ko‘mganimda, Uning inoyati menga yetarli bo‘ladi. Xudoning inoyati nima uchun kerak? O‘g‘il yoki qizingiz Xudodan qaytib ketdimi? Jiddiy kasallik sizni qiynayaptimi? Eringiz sizni yaxshi ko‘rmaydimi? Oilada yetishmovchilik sezilyaptimi? Otasiz uchta bolani katta qilyapsizmi? Keyingi oyga kvartira haqi uchun qayerdan pul olishni bilmayapsizmi? Ishsiz qoldingizmi? Endigina boshqa shaharga ko‘chib borib, bu yerda bironta tanishingiz bo‘lmaganidan qiynalyapsizmi? Siz qatnaydigan jamoatda bo‘linishlar yuzaga kelyaptimi? Yolg‘iz bo‘lib qoldingizmi? Aybdorlik hissidan qiynalyapsizmi? Doriga bog‘lanib qodingizmi? Garmonlar qo‘zishidan behalovat bo‘lyapsizmi? O‘zingiz bilgan holatni qo‘shing. Qanday vaziyatda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, Uning inoyati sizga yetarli. Uning imkoniyatlari bitmas-tuganmasdir, ehtiyojingiz qanday bo‘lmasin, bu imkoniyatlar siz uchun xizmat qilishi mumkin. Bu chin, haqiqat bo‘lib, u sizni ozod qiladi. Xudoning aziz farzandi, Samoviy Otangiz inoyati sizda dalda bo‘lolmaydigan yo‘lga sizni hech qachon yetaklamaydi. U hech qachon inoyati siz bilan birga ko‘tara olmaydigan yukni yelkangizga ortmaydi. Yo‘l haddan ortiq uzoqdek tuyulsa, bardam bo‘ling. Samoga yuz tuting. Barcha azoblarga barham beriladigan kun kelishini esga oling. Shuni bilingki, siz Tangri Taolo huzurida turadigan kun kelganda, hamma ko‘z yoshlaringiz, bu hayotda chekkan barcha qayg‘ularingiz, Undan taralgan ulug‘vorlik nuri oldida so‘nib qoladi. Shunda shod urib: “Uning ajoyib inoyati meni manzilimga olib keldi!” – deysiz. Eng muhimi – bu o‘zim Stolimda ikkita reklama e’loni yotibdi: biri – idora buyumlarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyaga tegishli, boshqasi – savdo do‘konlari tarmog‘iga. Ushbu e’lonlarda shunday so‘zlar bor: Eng muhimi – bu siz! Bu aslida qadimdan qolgan falsafa. Ilon ham aslida Momo Havoga aynan shuni aytdi: “Eng muhimi – bu sen” – dedi. O‘sha vaqtdan boshlab reklama kompaniyalarida mazkur g‘oya muvaffaqiyat bilan ishga solinmoqda. Bir yozuvchi bu borada shunday fikr bildirib o‘tgan: “Aksariyat odamlar o‘zini dunyoda eng buyuk inson sifatida ko‘radi. Ularning hayoti “men” mavzusidagi bitmas-tuganmas variatsiyalardan iborat”8. Haqiqatdan ham shunday. O‘zimizni past baholashimiz haqida qancha gapirmaylik, hayotimiz o‘z-o‘zidan atrofimizda aylanishda davom etadi. Bu menga qanday ta’sir qiladi? Baxtli bo‘lamanmi? Nima uchun men bilan shunday bo‘ldi? Uning men haqimda fikri qanday? Hozir mening navbatim. Mening ulushim qani? Mening o‘ylaganlarim hech kimni qiziqtirmaydi. U mening his-tuyg‘ularimni oyoq osti qildi. O‘zimga qarab, e’tibor beradigan vaqt keldi. Meni tinch qo‘yishsin. Uni mening ehtiyojlarim zarracha qiziqtirmaydi. O‘z dunyomizning markazi bo‘lish bilan biz qanoatlanmaymiz. Boshqalar uchun ham, hatto Xudo uchun ham dunyoning markazi bo‘lishni istaymiz. Boshqalar oldimizda tiz cho‘kmasa, baxtimiz uchun, ehtiyojlarimiz qanoatlanishi uchun o‘z jonini bag‘ishlamasa, xafa bo‘lamiz va xudbin istaklarimizni qanoatlantirishning boshqa yo‘llarini izlaymiz. Imonlilar jamoati – hamma narsa inson atrofida emas, balki Xudo atrofida aylanadigan yagona joy deb o‘ylagimiz keladi. Biroq doim ham bunday bo‘lavermaydi. Doktor Larri Krabb “Xudoni topib” («Finding God») nomli kitobida imonlilar jamoatining nima sababdan bu vasvasaga aldanganini chuqur tahlil qiladi: Imonlilar jamoatining asosiy vazifasi – odamlarga ular Xudoning suyuklilari, Xudoga kerak ekanligini his qilishga yordam berishdan iborat. Biz Xudoga sajda qilishni, o‘zimizdan kechishni, Unga xizmat qilish yo‘lida ko‘p narsalardan voz kechishni o‘rganmaymiz. Biz o‘zimizdan voz kechishni emas, o‘zimizni ko‘rsatishni, og‘ir xotiralardan xalos bo‘lishni, nosog‘lom odatlarni yengishni, depressiyadan qutulishni, o‘zimizni yuqori baholashni, odamlar bilan muomala qilishda chegara o‘rnatishni, o‘zimizni yaxshi ko‘rishni o‘rganamiz. Ayblarimizdan uyalish o‘rniga, o‘zimizga dalda berishni, o‘zligimizni qabul qilishni o‘rganamiz. Odamlarni dard-alamdan ozod qilish imonlilar jamoati uchun tobora muhim ish bo‘lib bormoqda. Bu xavotirli tendensiya... Dard orqali Xudoning tabiatini va niyatini chuqurroq tushunib yetish o‘rniga, biz muammolar tufayli keladigan dardni yengillashtirishga harakat qilamiz. Xudoni izlashdan ko‘ra o‘zimizni yaxshi his qilishimiz biz uchun muhimroq bo‘lib qoldi. Natijada Muqaddas Kitobdan bizga Xudoning suyuklilari ekanligimizni his qilishga yordam beradigan fikrlarni mamnuniyat bilan qabul qilamiz va shu vaqtning o‘zida Kalomda yozilgan va bizni qadamba-qadam ulg‘ayish sari yetaklaydigan oyatlarni chetlab o‘tamiz. O‘zimizni haddan ortiq yuksak bilib, hurmatlaymiz va buni Xudoning O‘z sevgisi ila insonlarni gunohdan sotib olgani hamda Masihda ega bo‘lgan martabamiz haqida ajoyib haqiqatlar bilan oqlaymiz. Haqiqatni ko‘rmaymiz, Xudo haqida hayratga soluvchi vahiylarni fahmlay olmaymiz, U esa shu qadar iltifotli, inoyatliki, biz – Uni yomon ko‘rgan insonlarni abadiy sevgi bilan sevdi. Biz hamma narsadan ko‘ra ko‘proq yuksalishga loyiq bo‘lgan Xudo haqida haqiqatni ko‘rmaymiz. ...Biz haqiqatning joyini almashtirib qo‘ydik, natijada Xudo bizni hurmatlagani uchungina tahsinga, hurmatga loyiq bo‘lmoqda. Xudoning hayratda qoldiradigan inoyati uchun emas, balki bizga eng qimmatlisini: o‘zimizdan mamnun bo‘lish imkonini bergani uchun:“Qo‘zi hamdlarga loyiqdir!” deb, Uni tarannum etamiz. Endilikda Xudodan ham ahamiyatliroq bo‘lib qoldik9. Havoriy Pavlus Xudo biz uchun emas, biz Xudo uchun borligimizni yaxshi tushungan: Xudo butun borliqni Masih orqali yaratgan. Yeru ko‘kdagi bor mavjudot, Ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan har bir narsa, G‘ayritabiiy kuchlar, taxtu saltanatlar, Bularning hammasi Masih orqali, Uning O‘zi uchun yaratilgandir. Masih butun borliqdan oldin mavjud edi, Butun borliq U tufayli mustahkam turibdi. Masih jamoatning boshidir, Jamoat Masihning tanasidir. Hamma narsaning ibtidosi Masihdir, U hammadan ustun bo‘lishi uchun Birinchi bo‘lib o‘likdan tiriltirilgan Kol. 1:16–18 Pavlus nima uchun rimliklar tomonidan zindonband etilganda ham Xudoga sano ayta oldi? Qanday qilib u toshbo‘ron bo‘lib ham, kemada halokatga uchrab, qondoshlari hamda g‘ayriyahudiylar tufayli to‘xmat va tahlika ostida qolib ham “hamisha xursand” bo‘la oldi? Ochlikda, toliqqan holda u qanday qilib “hamisha xursand” bo‘la oldi? Buning siri shunda ediki, u o‘zi oldiga aniq maqsad qo‘ygan. Pavlus o‘zining rohatini o‘ylamadi, o‘zini xursand qilish uchun yashamadi. Damashqqa ketayotib yo‘lda Xudoga yuz burgan vaqtdan boshlab uning yuragida faqat bitta istak bo‘lgan – Xudoni mamnun etish, Uning nomini yuksaltirish uchun yashash. Pavlus uchun faqat bitta narsa muhim bo‘lgan – Masihni tanib bilish va U haqda atrofdagilarga shohidlik qilish. ... hayotim o‘zim uchun hech narsaga arzimaydi, deb hisoblayman. Men faqat vazifamni oxiriga yetkazishni va Rabbimiz Iso menga yuklagan ishni tugatishni istayman. Bu ish Xudoning inoyati to‘g‘risidagi Xushxabarni e’lon qilishdir. Hav. 20:24 Pavlusning shiori bo‘lgan: “Men uchun hayot Masihdir”. Bu qarorga kelingach, qolgan hamma narsa ikkinchi darajali bo‘lib qolgan edi. CORAM DEO Coram Deo — lotin tilidan bu ibora “Xudoning oldida” deb tarjima qilinadi. Ko‘p yillar avval bir ayol menga sovg‘a sifatida matn solingan rasm yubordi. Bu qisqa, biroq Yaratguvchimizning irodasi bo‘yicha yashash nima ekanligi haqida ma’noli eslatma edi: “CORAM DEO - Xudoning oldida, Uning boshqaruvi ostida vaUning ulug‘lanishi uchun yashash”. Ushbu bobni “Coram Deo” shiori bilan yashagan uchta ayolning hayoti haqida hikoyalar bilan yakunlamoqchiman. Sindi uzun maktubida hayoti haqida hikoya qiladi. O‘n sakkiz yoshida turmushga chiqqan, yigirma bir yoshga yetgunga qadar uning uch nafar farzandi bo‘lgan. Garchi bolaligidayoq suvga cho‘mdirilgan bo‘lsada, Sindi Iso Masih bilan shaxsiy munosabat tuzish nima ekanini bilmas edi. Yoshi o‘ttizdan o‘tgach, onasi kasalxonada rak kasalligi bois hayot bilan vidolashayotgan paytda Sindi gedeonlar nashridan chiqqan Muqaddas Kitobni topadi va Xudoga yordam so‘rab yolvoradi. O‘zi haqida yozar ekan u o‘sha vaqtdan boshlab birgina istagi – Xudoni tanib bilish bo‘lganini aytadi. Keyingi yillar uning oilaviy hayoti, turmushi tobora qiyinlashib bordi. Bir tomondan uni zo‘ravonlik, boshqa tomonda esa behayolik qiynab kelardi. Uning o‘n to‘rt yoshli qizi uydan chiqib ketadi, ikkala o‘g‘lida esa qachon qaramang, yo politsiya bilan, yo maktab bilan bog‘liq muammolari chiqaverardi. Bir kuni Sindi ikki haftaga erini tashlab ketadi, uning maqsadi keyinchalik eri bilan ajrashish bo‘lgan. Biroq Xudo uni eriga nisbatan rahmdil bo‘lishni o‘rgatdi, shu tariqa u yana uyiga qaytib keladi. Oilaviy muammolar davom etdi, Sindi esa imonlilar jamoatiga qatnay boshladi. Jamoat unga yaqin joyda joylashgan edi va u yerda Sindi Xudoning sevgisi, Isoning gunohkorlarni qutqarish uchun o‘lgani haqida Xushxabarni eshitdi. U o‘zini Xudoga bag‘ishladi, Masihga imon keltirdi. Uyida vaziyat tobora yomonlashib borar, bolalari boshqarib bo‘lmaydigan ahvolga kelgandi. Qizi oxir-oqibat ko‘chada qoldi, bir yil shunday yashashga majbur bo‘ldi, chunki bir kun uyga kelgan vaqtda otasi uni kiritmadi. Keyin u turmushga chiqdi va beshta bola tug‘di. Endi, mana yigirma besh yillik turmushidan keyin u ajrashyapti. Otasi shundan beri qizi bilan gaplashishga jur’at topolmadi. Haligacha u nevarasini ham, evarasini ham biron marta ko‘rmagan. O‘g‘illaridan biri harbiy xizmatdan sharmandalarcha chetlatilgach, to‘rt yil umrini qamoqda o‘tkazdi; otasi undan ham voz kechdi, ular ko‘p yillardan beri bir birini ko‘rmadi. Boshqa o‘g‘li giyohvandlikka berilib ketdi, u ham harbiy xizmatdan sharmandalarcha chetlatildi. Buning ustiga u qotillik ham qildi va yigirma ikki yil qamoqda o‘tirib chiqdi. Garchi qamoqda tavba qilgan bo‘lsada, hozir Xudo haqida mutlaqo qiziqmaydi. Maktubini yakunlar ekan, Sindi yaqinlarining ruhiy ehtiyojlari va o‘zining oilada roli haqida mulohaza qiladi: Uyimizda na Mavlud, na Hosil bayrami nishonlanadi. Oilam qachon bo‘lsa ham ruhan va emotsional sog‘lom bo‘ladimi? Buni faqat Xudo biladi. Biroq U hayotimning Sardori va men ishonamanki, meni oilamga yorug‘lik olib keladigan nur, tirik guvoh sifatida ishga solishni xohlaydi. Ularga Xudoning hayratga soladigan inoyatini men ko‘rsatmasam, buni qim qiladi? Hozir tinchlik, hotirjamlik hukmron bo‘lgan, kimsasiz joyga qochib ketishdan osoni bo‘lmasa kerak. Biroq Xudoning irodasiga ko‘ra men shu yerda bo‘lishim, Xudoga ishonmaydigan erimga va farzandlarimga guvohlik berib xizmat qilishi kerak. Erimga bir kun kelib mag‘rurligi foydasiz bo‘lib qolishi va unga Masih bilan yuzma-yuz uchrashishga to‘g‘ri kelishini tushunishiga qanday yordam bersam bo‘ladi? Qizimga Xudoning shartsiz sevgisi haqida haqiqatni qanday ko‘rsatsam bo‘ladi? Qamoqdan chiqqqandan keyin Xudodan qaytib ketgan to‘ng‘ich o‘g‘limga qanday yordam bera olaman? Erimga qizi bilan va ikkinchi o‘g‘li bilan yarashishiga qanday yordam bersam bo‘ladi? Bunday mo‘‘jizaga faqat Xudoning qudrati, donoligi va sevgisigina qodir! Shunday ekan, butun vujudim bilan: “Ha, Egam, nimani to‘g‘ri deb bilsam, o‘shani qil!” deyman. Jenni Tompson — yosh ayol, eri leykemiya bilan ikki yil kurashib, yaqinda hayotdan ko‘z yumdi. Qo‘lida to‘rtta bola bilan qoldi, hammasi maktabgacha bo‘lgan yoshda. Erining o‘limidan keyin uch oy o‘tib yozilgan maktubda bu ayolning Xudoni tushunishi, Uning tabiati va niyatini chuqur bilishi ko‘zga tashlanadi: Bu vaqt, boshdan oxirigacha Xudo O‘z sadoqatini ko‘rsatib, bizni qo‘llab keldi. O‘zim uchun yoki bolalarim uchun bu yo‘lni hech qachon tanlamagan bo‘lardim, biroq mana shu sharoitlar orqali shunday narsalarni o‘rgandikki, agar hammasi boshqacha bo‘lganida, bulardan birontasini bilib ololmas edik. Xudo shunday yuksaldiki, boshqa hech qanday sharoit Uning nomi bu qadar yuksalishiga imkon berolmasdi, shu tariqa men Uni ulug‘lashim kerak. Xudoning maqsadi meni “baxtli” qilish emas, balki Qodir Egamiz va Yaratguvchimiz sifatida loyiq bo‘lgan ulug‘vorlikka erishishi, shon-sharaf ila yuksalishidir. Bizning baxtimiz ikkinchi darajali. Muhimi – Xudoning xohish-irodasiga bo‘ysunishimiz, niyatini bajarishimizdir. Faqat shu tufayligina men eng qadrdon do‘stimning, bolalarimning dadasi – turmush o‘rtog‘imning qabri ustida yig‘lab ham, shu vaqtning o‘zida baxtiyor bo‘la olaman. 1998-yilning kuz faslida mening qadrdon dugonam, ibodatda uzoq vaqtdan beri menga sherik ham suyanchiq bo‘lgan Jenis Grisson qo‘l panjasining uvushib borayotganini seza boshladi. Keyinchalik uvushish uning ikkinchi qo‘liga ham o‘tdi. 1999-yilning boshida vrach unga Sharko (to‘qimalarning buzilishi) kasalligi rivojlanayotganini aytdi. Jenis shunda qirq ikki yoshda edi, uning to‘rt nafar farzandi bo‘lib: kenjasi – 4 yoshda, to‘ng‘ichi esa – 12 yoshda edi. Keyingi o‘n oy davomida kasallik kuchaydi, zaiflashib borayotgan tananing avval bir qismiga, so‘ng boshqa qismlariga o‘tdi. Mana shu vaqt oralig‘ida, telefonda gaplashar ekanmiz, Jenis o‘zining ahvoli haqida gapirishni istamasdi. Ovozimni eshitganda u har safar: “Nensi, sen haqingda ko‘p o‘yladim! Qanday ehtiyojlaring haqida ibodat qilay?” – derdi. O‘sha yil, oktyabr oyida men Jenis turmush o‘rtog‘i bilan yashagan Littl-Rokka bordim. Bu vaqtda u aravachadan turolmaydigan ahvolga kelib qolgandi – uning qo‘li ham, oyog‘i ham ishlamasdi, hatta zo‘rg‘a gapirar edi ham, chunki o‘pkasining yarmi ishdan chiqqan edi. Va yana meni hayratga solgan narsa shu bo‘ldiki, bu oila shuncha qiyinchiliklarga qaramay butun diqqat-e’tiborini Xudoga qaratgan edi. Jenisning ikki so‘zning birida: “Xudo bizni juda marhamatladi!” deganlarini eslayman. Qorong‘i tushgach, biz Jenis o‘tirgan aravacha atrofida turib ibodat qildik, so‘ng u yaxshi ko‘rgan madhlardan birini aytdik: Xudoning mukammal tinchligi daryo singari ... Agar tomosha qilsak uni, yuragimiz quvonchga to‘ladi, — O‘zi va’da qilganidek, biz Xudodan orom topamiz10. Keyingi hafta Jenisning ahvoli keskin og‘irlasha boshladi. U hatto ovqat yutolmay, suv ham icholmay qoldi va uni kasalxonaga yotqizishdi. Jenis shu bilan uyga qaytib kelmadi. O‘n uchinchi dekabr kuni kechqurun ahvoli haqida so‘rash uchun men uning eriga qo‘ng‘iroq qildim. Jenisning kuchi qolmagan, u faqat pichirlabgina gapira olardi. “Eng ajablanarlisi, – dedi Tim, – uning deyarli tinmay boshqalar uchun ibodat qilgani”. Bir necha soat o‘tib, Jenis so‘nggi bor nafas oldi va dunyoni tark etdi. Jenis Grissom qanday hayot kechirgan bo‘lsa, shunday qazo qildi – butun vujudi bilan, berilib Xudoni va odamlarni sevib. U hech qachon o‘zining sog‘ligini, osoyishtaligi va kelajagini ustun qo‘ymagan. Uning uchun eng muhimi har doim Xudo bo‘lgan. U faqat bir narsa haqida o‘ylar, hayotining barcha sohalarida Xudoni yuksaltirish uchun jon kuydirardi. Uning birgina istagi xuddi havoriy Pavlusning istagiga o‘hshash bo‘lgan: “...o‘lsam ham, yashasam ham mening tanam orqali Masih ulug‘lanadi”. (Flp. 1:20) Jamoat cho‘ponining xotini, taniqli yozuvchi Syuzan Xant shunday deydi: Odamzot tarixi – bu gunohdan forig‘ bo‘lish haqida hikoya. Men gunohdan forig‘ bo‘lish haqidagi hikoyaning bosh qahramoni emasman. Aslo bosh emasman. Biroq Xudoning iltifoti tufayli men bu hikoyaning bir qismi bo‘ldim. Mening syujet chizig‘im hikoya tasmasiga qo‘shilib ketgan. Unda kichik rolni o‘ynashning o‘zi, o‘zimiz tuzgan ko‘rimsiz asarda yulduz bo‘lgandan ko‘ra ko‘p afzaldir. Bu olamshumul hikoya bo‘lib, uning boshlanishi abadiyatga borib taqaladi. Men uchun belgilgan rolni shukronalik bilan, quvonch bilan o‘ynaymanmi yoki o‘zimning kichik, arzimas va agar atroflicha qaralsa, mutlaq ma’nosiz bo‘lgan hikoyamni tanlaymanmi?11 Haqiqat shundaki, siz hikoyaning bosh qahramoni emassiz. Men shunday. Bosh qahramon – Parvardigor Egamiz. Haqiqat balki bu dunyoda, hozirgi hayotingizdagi vaziyatni o‘zgartirmas, lekin uning sizni o‘zgartirishi shubhasiz. Haqiqat sizni ozod qiladi. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying YOLG‘ON HAQIQAT 36. Hayotiy qiyinchiliklar bo‘lmaganida agar, men hozir boshqa odam bo‘lar edim. • Hayotiy sharoitlar meni shakllantirmaydi, ular mening aslida kim ekanligimni ko‘rsatib beradi. • Hozirgi hayotimdan ko‘nglim to‘lmayaptimi, demak hech qachon, hech narsadan ko‘nglim to‘lmaydi. • Hayotimdagi vaziyatlarni men boshqara olmasman balki, lekin ular ham menga ta’sir o‘tkazmasligi kerak. • Har qanday qiyinchilikni hayotimga mehr O‘ziga xos muruvvat bilan Xudo yuboradi. 37. Men qiynalmasligim kerak. • Mashaqqatlarsiz muqaddas bo‘lolmaymiz. To mashaqqatlardan o‘tmas ekanmiz, hayotimizda gunohdan forig‘ bo‘lganlikning samarasi, mevasi hosil bo‘lolmaydi. • Mashaqqatlar biz uchun belgilab berilgan narsa. • Haqiqiy quvonch – bu og‘riq azoblardan holi hayot kechirish emas, balki o‘sha azoblarda Rabbiy Iso Masihning biz bilan birga bo‘lishidir. • Mashaqqatlar muqaddaslik sari yo‘l ochadi, bu Xudoga yaqin bo‘lishning kaliti. 38. Hayotim hech qachon o‘zgarmaydi, bu azoblar oxir poyonsiz davom etadi. • Men kechgan azoblar davomli bo‘lishi mumkin, lekin abadiy bo‘lolmaydi. • Dilimni og‘ritgan holatlar Egamiz O‘z maqsadiga yetgan zahotiyoq o‘zgaradi. • Bir kun kelib, og‘riqlarga, azob va ko‘z yoshlarga abadul-abadga barham beriladi. 39. Boshqa chiday olmayman! • Atrofimdagi vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar Xudoning inoyati menga yetarlidir. • Xudo hech qachon menga sinovlarni yengishim uchun bergan inoyatidan ortiq sinov yubormaydi. 40. Eng muhimi – bu o‘zim. Ibtidoyu Intihoning, butun borliqning markazi Tangri Taolodir. Butun borliq U orqali, Uning uchun yaratilgan. Odamzotni gunohdan sotib olish haqida hikoyaning bosh qahramoni ham Uning O‘zi! • Muhimi mening hayotim emas. Men Xudoni mamnun etish, Uning nomini yuksaltirish uchun yaratilganman. Amalda qo‘llash 1. Xudoning aytganlarini QABUL QILING. Siz hayotiy vaziyatlar va mashaqqatlar haqida qanday yolg‘onga ishonib kelgansiz? 2. Mas’uliyatni o‘z zimmangizga OLING. Bu yolg‘onga ishonish sizning hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi (munosabatlaringizga va hatti-harakatlaringizga)? 3. Haqiqatni E’LON QILING. Yuqorida keltirilgan haqiqatlarni birma-bir ovoz chiqarib o‘qing. Ular ichida qaysi biri hozirgi kunda siz uchun ayniqsa muhim? Xudoning Kalomi bilan fikr-zikringizni yangilang. Quyidagi parchalarni ovoz chiqarib o‘qing. Flp. 4:11–13, Yoqub 1:2–5, 2 Kor. 4:16–18, 2 Kor. 12:7–10, Ibr. 12:2–11, Vahiy 21:4–6. Bu oyatlar bizga qiyin, azobli sharoitlarni qanday qabul qilishni o‘rgatadi? Xudo bu muammoni qanday ko‘radi? 4. Haqiqat asosida HARAKAT QILING. Haqiqat asosida hayot kechirish uchun qanday qadamlarni amalga oshirishingiz kerak? 5. Xudodan haqiqat so‘qmoqlaridan yurishda sizga yordam berishini SO‘RANG. Mening buyuk Cho‘ponim, nima bo‘lishidan qat’iy nazar Sen mening Xudoyim bo‘lib kelganing uchun rahmat, Sen avval hamisha taxtda o‘tirib, menga iltifot ko‘rsatib kelasan. Meni sinovlar va qiyinchiliklar orqali Senga umid bog‘lashga o‘rgatganing, O‘z qiyofangga solib o‘zgartirib kelganing, ishonchimni mustaqkam qilib, bu dunyoda Seni ulug‘lashga qodir qilayotganing uchun rahmat. Iltimos, meni kechir: xochimni olib ortingdan ergashish o‘rniga men Sendan xafa bo‘lganman, xohish-irodangga qarshilik qilganman, qiyinchiliklardan qochishga intilganman. Meni hech qachon tashlab ketmasliging, huzuringdan uloqtirib yubormasliging uchun rahmat. Hayotimda har bir hodisa Sening ezgulikka xizmat qiladigan xohish-irodang bilan berilishi uchun rahmat. Kelajagimni Senga ishonib topshirishimga yordam ber. O‘zim bilan haddan ortiq band bo‘lib qolishdan, qiyinchiliklarimga bog‘lanib qolishdan meni ozod qil. Muammolarga bo‘lgan munosabatim dunyoga inoyating salobatini namoyon qilsin. Vaqti kelib barcha qayg‘u va azoblarga barham berilishi haqida va’dang uchun rahmat. O‘sha baxtli kun kelgunga qadar Seni sevib, ulug‘lashimga, Senga ishonib yashashimga yordam ber. Iso Masihning nomi bilan. Omin. III QISM. HAQIQAT SO‘QMOQLARIDAN YURISH 10 BOB Haqiqat yolg‘onga qarshi Biz bugungi kunda masihiy ayollar ishongan bir qator soxta tushunchalarni muhokama qildik. Biroq dushman qo‘llaydigan qurollar bu bilan chegaralanmaydi. Yolg‘onning niqoblari juda ko‘p va shayton aynan siz uchun ta’sirli bo‘ladiganini tanlaydi. Mohir baliqchi singari u bir qaraganda aybsiz ko‘rinadigan, o‘ljani o‘ziga tortadigan xo‘rakni ishga soladi. Nimaga ishonishimizning unga qizig‘i yo‘q, haqiqatga ishonmasak bo‘lgani. U qarshilik qilolmaydigan birgina narsa – bu haqiqat. Haqiqat uni dunyo ustidan hukmronlik qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shaytonning yolg‘oniga qarshi tura oladigan haqiqatga so‘nggi marta qarashdan avval (11-bob) mazkur kitobda ko‘rsatilgan ikkita eng muhim fikrni esga olaylik: Yolg‘on bizni qul qiladi. Haqiqat bizni ozod qilishga qodir Biz qullik aslida shayton ongimizga singdirgan yolg‘onga quloq solishdan boshlanishini aytib o‘tdik. Tele ko‘rsatuvlar, kinofilmlar, musiqa, kitob va jurnallar orqali hayotimizga zarb bilan kirib kelayotgan dunyoviylarga xos fikrlashning zarari, halokatli ta’sirini ko‘rmayapmiz. Soxta qarashlar fikr-zikrimizni qanchalik o‘zgartirib yuborishga qodir ekanligini biz tushunmaymiz. Shu boisdan ham Egamiz “fosiqlar maslahatiga yurmaydigan, gunohkorlar yo‘lida turmaydigan, mazaxchilar orasida o‘tirmaydigan” odamlarga alohida marhamatlarini va’da qiladi. (Zab. 1:1) Shaytonning yolg‘oniga yurak dilimizni ochganimiz zahotiyoq biz yolg‘on haqida chuqur o‘ylay boshlaymiz. Agarda soxta fikrni shu zahotiyoq rad etmasak, uning ongimizga o‘rnashib olishiga yo‘l qo‘yib bersak, ertami-kechmi yolg‘onga ishonib qolamiz. Ishonchimiz o‘z navbatida shunga munosib ish tutishga olib kelishi muqarrar. Ishlarimiz asosida odatlar shakllanadi, bular oxir-oqibat qulikka olib keladi. Sandraning guvohligi yolg‘onga ishonish oqibatida Xudo bilan va odamlar bilan erkin munosabatlar buzilishini tasdiqlaydi. Xudo meni chindan ham yaxshi ko‘rishi, qabul qilishiga ishonmasdim, o‘zimni haqir, notavon deb bilar edim. Atrofdagilarning maqtoviga erishish uchun men bir daqiqaga ham tinmay mukammallikka intila boshladim. Ideal darajada masihiy ayol bo‘lsamgina, Xudoni mamnun eta olaman deb o‘ylardim. Agar gunoh qilsam, U meni inkor etadi degan fikrga ishonardim. Mendan yaxshi masihiy ayol chiqmadi, chunki gunohlarim borligini bilar edim. Noto‘g‘ri fikr yuritish menga aybdorlik hissi va qullikdan boshqa hech narsa bermadi. Mag‘rurligim ikki taraflama o‘zini ko‘rsatdi: 1) Mukammal bo‘la olmasligimni tan olishdan qo‘rqqanim bois, men gunohimni rad etardim, Xudo meni qabul qilmasligi haqida o‘ylashni esa istamasdim. 2) Har safar yengilib kelganimga qaramay, men o‘z kuchim bilan taqvoli ayol bo‘lishga umid qilardim. Shu sababdan, Xudo meni qabul qilishiga ishona olmasdim. Bu yopiq doiradan chiqishning imkonini topolmasdim (harakat/engilish/gunoh/aybdorlik hissi), natijada kechirim, erkinlik va Xudo bilan munosabatning zavqini his qilolmaganman. Atrofdagilarning maqtoviga erishishga harakat qilib, kim bo‘lsa ham ko‘nglini olish uchun, bor kuchimni ishga solardim. Faqatgina insonlarni mamnun qiladigan bo‘lib qoldim va har doim hammaga “ha” deb javob berardim. Xudo meni odamlar bilan qanday munosabat bo‘lishga chaqirayotgani haqida kam o‘ylardim, chunki atrofdagilarning maqtovi o‘zimni hurmat qilishim uchun asosiy omilga aylangan edi. Odamlar bilan munosabatimda ko‘pincha adolatsizlikka yo‘l qo‘iylardi, chunki men hech kimning ko‘nglini qoldirmaslikka, qarshi gapirmaslikka harakat qilardim. Bu aslida nikob edi va bu niqob ostida mening haqiqiy his-tuyg‘ularim yashirinardi, bundan tashqari men muammolarim boshqalarga yuk bo‘lishini xohlamasdim. O‘zimni juda yolg‘iz his qilardim, chunki mening haqiqatda qanday odam ekanligimni hech kim bimasdi. Natijada “xizmatimdan foydalangan” odamlarga nisbatan alam va g‘azab his qila boshladim (garchi ularni bunga mening hatti-harakatlarim undagan bo‘lsada). Kamchiliklarim tufayli tinchligimni yo‘qotdim. Har qanday hato yoki nuqson men uchun halokat bo‘lib, notavon ekanligimning isbotidek ko‘rinar edi. Har safar o‘z oldimga erishib bo‘lmaydigan maqsadlarni qo‘yib, ilojsiz yengilar edim. O‘zimdan mutlaq komillikni talab qilib, bunga erisholmagan vaqtlarimda o‘zimni ayamay qoralardim. Dahshatli ahvolga keldim. O‘z oldimga qo‘ygan talablarim chidab bo‘lmaydigan darajaga yetdi va o‘ttiz yoshda men juda og‘ir depressiyaga tushdim. Bir necha oy avval o‘zimning qullikda ekanligimni, yolg‘onga ishonganimni, uning zolimona hukmronligidan ozod bo‘lishim kerakligini tushundim. Biroq uzoq vaqt Xudodan yordam so‘rolmay yurdim: nazarimda, agar ojizligimni va gunohkorligimni tan olsam, U shu zahotiyoq meni rad etadigandek tuyulardi. Sandra konferensiyada yolg‘onning xavfliligi, haqiqatning nimaga qodir ekanligi haqida eshitdi va uning yuragiga yorug‘lik kirib kelgandek tuyuldi, ilk bor umid paydo bo‘ldi: Konferensiya vaqtida Muqaddas Ruh menga Xudoning Kalomiga e’tiborsizlik qilganligimni ko‘rsatdi. Xudoning Kalomi – haqiqatdir va agar men shaytonning qal’aday mustahkam bo‘lgan yolg‘onini yo‘q qilishni xohlasam, Xudo Kalomi hayotimning barcha sohalarini egallamog‘i lozim. Men birdan-bir umidim shu ekanligiga chindan ham ishonaman. Biroq men qachonki yuragimni va ongimni Xudo Kalomidagi haqiqatlar bilan to‘ldirishni astoyidil davom ettirsamgina bunga erishaman. Men har kuni Muqaddas Kitobni o‘qishga va haqiqat haqida mulohaza qilishga qaror qildim. Fikr-zikrimning yangilanishi – uzoq jarayon ekanligini juda yaxshi tushunaman. Yangi-yangi soxta tushunchalar ochilaveradi va menga ularni Xudoning Kalomi bilan yengishga to‘g‘ri keladi. Kalomining g‘ayritabiiy kuchga ega ekanligini bilaman. Undagi va’dalarga suyanaman – haqiqat meni ozod qiladi! Bu kitobni o‘qib, yolg‘onga ishonganingizni, yolg‘on asosida hayot kechirganingizni sezdingizmi? Agar buni sezgan bo‘lsangiz, shuni bilingki, hayotingizning bir yoki bir nechta sohasida yolg‘on sizni qul qilib olgan. Bu juda jiddiy, yuragingizga chuqur o‘rnashib olgan muammolar yoki sizga ahamiyatsizdek tuyulgan masalalar bo‘lishi mumkin. Ehtimol hayotingizning bu sohalarini dushmanga topshirib qo‘yib, uzoq yillar qutulish ilinjida yashayotgandirsiz. Bunday muammolarning borligi haqida birinchi marta eshitayotgan bo‘lishingiz ham mumkin. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bundan qutulish uchun kamida uchta qadamni bosishingiz kerak bo‘ladi: 1. Qaysi sohada/sohalarda qul bo‘lganingiz yoki gunoh qilib kelayotganingizni aniqlang. 2. Uning asosida yotgan yolg‘onni aniqlang. 3. Yolg‘onning o‘rnini haqiqat bilan to‘ldiring. Haqiqat har qanday yolg‘onni yengishga qodir. Shayton sizdan aynan shu narsani yashirishga harakat qiladi. Bunga ishonmasligingiz uchun u bor kuchini ishga soladi. Biroq haqiqatni tushunib, unga ishongan holda harakat qila boshlaganingiz zahotiyoq qafaslar ochiladi va siz ozodlikka erishasiz. Haqiqat bizni ozod qilishga, (Yuh. 8:32) ongimizni va yuragimizni soxta fikr va emotsiyalardan himoya qilishga qodir. Shunday paytlar bo‘ladiki, o‘zimning g‘azab, soxta fikrlar, qo‘rquv, hamma narsani boshqarish istagi, xafagarchilik girdobiga tushib qolganimni his qilaman. Bunday holatlarda “haqiqatga intilaman”, undan boshpana izlayman. Xudoning Kalomi va’da qilib deydi: “Seni U qanotlari ostiga olar, Uning panohida bexatar bo‘lasan, Sadoqati bilan senga qalqon, devor bo‘lar”. (Zab. 90:4) Haqiqat sizni butunlay poklaydi: butun ruhingizni, joningizni va tanangizni benuqson qilib saqlaydi. Xochga mixlanishdan avval Iso O‘z shogirdlariga Kalomining poklovchi qudrati haqida eslatdi. (Yuh. 15:3) Ikkita bobdan keyin biz Uning: “Ey Muqaddas Ota!... Sening kaloming haqiqatdir. Haqiqat orqali ularni O‘zing uchun ajratib olgin” – deb ibodat qilgani haqida o‘qiymiz. (Yuhanno 17:17) Ko‘pincha qo‘limga Muqaddas Kitobni olib ibodat qilaman: “Ota, meni O‘z Kaloming bilan pokla. Sening Kaloming haqiqatdir. Haqiqating bilan yuragimni va ongimni tozala” – deyman. Haqiqat yo‘lini tanlab Dushman hujum qilganda, yuragimizni haqiqat sari boshlashni va emotsiyalarimiz yoki ongimiz “nima deyishidan” qat’iy nazar, haqiqat asosida ish tutishni o‘rganishimiz kerak. Toliqqanimda, zaiflashganimda yoki tanam ojizlik qilgan, ongim va emotsiyalarim yolg‘onga berilgan paytlarda men to‘xtashga va yolg‘onga qarshi tura oladigan haqiqatni topishga harakat qilaman. Haqiqatni ongimga singdiraman, gohida ovoz chiqarib, qayta-qayta takrorlayman va agar kerak bo‘lsa buni uzoq vaqt, to haqiqat yuragimga o‘rnashgan yolg‘onning o‘rnini egallamaguncha davom ettiraman. Xudoga haqiqat asosida ish tutishim uchun menga inoyat va kuch berishini so‘rayman. Haqiqatning aql bovar qilmaydigan kuchiga ko‘p marotaba guvoh bo‘lganman. U ichimda qaynagan emotsiyalarni tinchlantiradi, fikr-hayolarimni va hayotimni tartibga soladi. Yaqinda men uzoq yillar davomida to‘plangan emotsiyalarning toshib chiqqaniga guvoh bo‘ldim. Bir odam menga nohaq ta’na qildi, bundan juda og‘rindim. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Uyga kelib yig‘ladim, o‘zimni hech tinchlata olmadim. Bir necha soat davomida dushman ongimni zaharlab, his-tuyg‘ularimni alg‘ov-dalg‘ov qilib keldi. Men o‘sha odamning qanchalik nohaq bo‘lgani, meni qanday qattiq xafa qilgani haqidagina o‘ylay olardim, xolos. Xafa qilgani uchun uni jazolash istagi yuragimga o‘rnashishiga yo‘l qo‘yib berdim. Nazarimda allaqachon kechirilgan, yana boshqa bir nechta eski nohaqliklarni ham esga oldim va o‘zimni oqlashga, aybsizligimni isbotlashga kirishdim. Emotsiyalarim menga bo‘ysunmasdi, g‘azabim chiqar, o‘zimga rahmim kelardi. Endilikda bir qator soxta fikrlarga ishonib kelganimni tushunib yetyapman. Bu shunday fikrlar edi: • U yomon odam bo‘lgani uchun, menga yomonlik qilishni xohlagan. • Men bunday so‘zlarni eshitishga loyiq ish qilganim yo‘q, yaxshi munosabatga munosibman. • O‘sha odam 100% aybdor edi, mening esa mutlaqo aybim yo‘q. • Bu odamni kechirolmayman. • U meni tiklab bo‘lmaydigan darajada yaraladi. • U bilan munosabatlarimizni qayta tiklab bo‘lmaydi. • Bu odam meni g‘azablanishga majbur qildi. • Mening ham g‘azablanishga haqqim bor. • O‘zimni oqlashga, hammaga haqiqatni aytishga haqim bor. • Hammasini boricha qoldirolmayman, vassalom. His-tuyg‘ularimni o‘zgartira olmayman. Bu yolg‘onga ishonish oqibatida men bir necha soat ich-ichimdan ezildim, kurashdim. Keyingi kuni ertalab Muqaddas Kitobimni ochdim va avvalroq to‘xtagan joyimdan o‘qiy boshladim; Matto Xushxabarining 5-6 boblarini o‘qidim. Bu yerda haqiqat bilan yuzma-yuz to‘qnashishimga to‘g‘ri keldi: Kamtarin bo‘lganlar baxtlidir… Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir, chunki ular rahm–shafqat topadilar… Tinchlik o‘rnatuvchilar baxtlidir… Lekin Men sizlarga aytaman: sizga yomonlik qilgan odamga qarshilik ko‘rsatmang. Agar kimdir o‘ng chakkangizga ursa, unga chapini ham tuting. <…> …dushmanlaringizni yaxshi ko‘ringlar. …Sizlarni quvg‘in qilganlar uchun ibodat qilinglar... Agar sizlarga yomonlik qilganlarni kechirsangizlar, osmondagi Otangiz ham sizni kechiradi. Bordi–yu, sizlar boshqalarning gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi. Mt. 5:5, 7, 9, 39, 44; 6:14–15 Endi oldimda tanlov turardi. Yolg‘onga ishonamanmi yoki haqiqatni qabul qilamanmi? Mana shu yerda haqiqiy kurash boshlandi. Yuragimga xafagarchilik o‘rnashib olgandi. Gina saqlashni, g‘azablanishni, xafa qilgan odamdan o‘ch olishni xohlardim. Biroq yuragim shuni sezardiki, bunday yo‘l meni faqat qullikka olib keladi. Xudo oldida tiz cho‘kib, qo‘limda Muqaddas Kitobni ochib ushlagan holda men haqiqatni tanladim. Kechirishim kerakligini, xafa qilgan odamdan rozi bo‘lishim, gina saqlamasligim kerakligini bilardim. Kechira olmasligimni his qilardim, biroq shuni bilar edimki: gap mening kechira olmasligimda emas, balki kechirishni xohlamayotganimda edi. Shuni ham bilar edimki, agar haqiqat so‘qmoqlaridan yurishni xohlasam, qasos olmasligim, bu odamni sevgimdan mahrum qilmasligim kerak. Men haqiqatni takrorlab, yuragimga uni singdira boshladim. O‘zimga kechirmaslikning nimaga olib kelishini, boshqalarga rahmdil bo‘lmasam, menga ham rahm iltifot ko‘rsatilmasligini, Xudoning amrlariga bo‘ysunsam agar qanday marhamatlarga erishishimni eslatdim. Kechirish istagini kutib bo‘lmasligi, Xudoga itoat qilishni tanlash lozimligini bilardim; emotsiyalarim tinchlanishini ham bilardim. Tiz cho‘kib turar ekanman, ichimda hali hamon kurash davom etardi, lekin men baribir oq bayroqni ko‘tardim. Bu bilan Xudoga: “Sen yengding!” dedim. O‘zimni va o‘sha odamni Xudoning qo‘liga topshirdim va xafa qilganni kechirishga rozi bo‘ldim. Qancha qiyin bo‘lmasin, gina saqlamaslikka rozi bo‘ldim. Emotsional erkinlik tez kelmadi. Ma’lum bir vaqt dilimda xafagarchilik borligini sezib keldim, gohida yana o‘sha his-tuyg‘ularimga qaytish istagi uyg‘onar yoki bildirmasdan qasos olish niyati paydo bo‘lardi. Biroq Xudoning iltifoti bilan men yuragimga haqiqatni singdirishda, haqiqat asosida yashashda davom etdim. Xudoning Kalomiga bo‘ysunib men munosabatlarni tiklash, meni xafa qilgan o‘sha odamning hayotini yaxshilash uchun imkon izlay boshladim. Keyingi haftalarda his-tuyg‘ularim irodamga bo‘ysuna boshladi. O‘z vaqtida Egamiz vaziyatni to‘liq tushunishimga yordam berdi. U bunday munosabatimning sabablarini oydinlashtirdi va yuragimning tubida men hatto hayolimga ham keltirmagan, bartaraf etish zarur bo‘lgan ayrim muammolar borligini ko‘rsatdi. Meni shu qadar sevib, hayotimdagi vaziyatlarda boshqarib kelgani, muammlarimni ochib namoyon qilgani uchun Xudodan minnatdorman. Shuningdek, o‘sha vaziyat orqali meni Masihning siymosiga yaqin qilib o‘zgartirgani uchun ham Undan minnatdorman. Haqiqatning o‘zgartiruvchi qudrati Qullikdan ozod bo‘lish – bu haqiqatni bilib olishning, haqiqatga ishonish, haqiqat asosida hayot kechirishning shirin mevasidir. Haqiqatni qanday qilib bilib olishimiz mumkin? Shuni esda tutishimiz kerak: haqiqat – bu shunchaki bir fikr, g‘oya yoki falsafa emas. Haqiqat – bu Shaxs, Rabbimiz Iso Masihdir. U O‘zi haqida: “Men yo‘l, haqiqat va hayotdirman” – deydi. Iso odamlarga diniy ta’limot haqida va’z qilmagan, U O‘zi haqida va’z qilgan. O‘zini Isoning izdoshi deb hisoblaganlarga U aytadiki: … Agar Mening so‘zlarimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim bo‘lasizlar. Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozod qiladi. <…> … agar O‘g‘il sizlarni ozod qilsa, haqiqatan ozod bo‘lasizlar. Yuh. 8:31, 32, 36 Haqiqiy erkinlikka qachonki Rabbiy iso Masih bilaln aloqa qilsangizgina erishasiz. Iso (inson qiyofasida kelgan Xudoning Kalomi) O‘zini Muqaddas Kitobda namoyon qildi (Xudoning bitiklarda bayon etilgan Kalomi). Agar Uni tanib bilishni istasak, haqiqatni bilishni istasak, o‘zimizni Muqaddas Kitobni o‘qishga, o‘rganishga v mulohaza qilishga bag‘ishlashimiz lozim. Buning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi, bu yo‘lni kesib ham bo‘lmaydi. Dushman har doim bizga yolg‘on bilan hujum qiladi. Bu yolg‘onni yengish uchun yuragimizda va ongimizda Masih jo bo‘lmog‘i lozim, biz Uning Kalomi bilan yurak dilimizni to‘ldirib borishimiz kerak. Biroq haqiqatni bilishning o‘zi yetarli emas. Haqiqatga bo‘ysunishimiz ham kerak. Bu demakki, kerak bo‘lgan paytda biz Xudoning Kalomiga munosib ravishda fikr-zikrimizni o‘zgartirishga tayyor bo‘lmog‘imiz lozim. O‘zini masihiy deb hisoblagan millionlab odamlar aslida yolg‘onga ishonib yashaydi – ular Xudo Kalomiga zid hayot kechiradilar. Ularning hayotda qo‘llagan qadriyatlari, atrofdagi voqealarga bo‘lgan munosabati, odamlar bilan muomalasi, tutgan yo‘li va ustunliklari aslida aldanganidan, dunyoviylarga xos fikrlashidan dalolat beradi. Ma’lum bir nuqtai nazar shuning uchun ham to‘g‘riki, chunki “hamma shunday hisoblaydi”, yoki har doim bunga ishonib kelganmiz, yoki masihiylar olamida taniqli yozuvchi shunday hisoblagan, yo bo‘lmasa yaxshi do‘stimiz yoki bizga vasiylik qilgan shaxs buni maslahat bergan deb fikr yuritish aslida noto‘g‘ri. O‘z fikr va qarashlarimizni biz Xudoning Kalomi bilan solishtirishimiz zarur. Yagona, benuqson manba shu bo‘ladi. Haqiqat asosida yashash – bu yolg‘onni ongli ravishda rad etish va haqiqatni qabul qilish demakdir. Zabur sanosi muallifining: “Soxta yo‘llardan meni saqlagin, Men sadoqat yo‘lini tanlaganman,...” deb ibodat qilishining boisi shu. (Zab. 118:29–30) Kalom sahifalarini ochar, Xudoning So‘zini tinglar ekanmiz, har safar ibodat qilishimiz va Xudodan shaytonning yolg‘oni hayotimizning qaysi sohasiga kirib kelganini ko‘rsatishini so‘rashimiz kerak. Shu vaqtning o‘zida yuragimiz: “Xudoyim, Sening Kaloming – haqiqatdir, Sening hamma so‘zingga bo‘ysunaman. Menga yoqsa ham, yoqmasa ham, xohlasam ham, xohlamasam ham, rozi bo‘lsam ham, rozi bo‘lmasam ham, tushunsam ham, tushunmasam ham, men baribir hayotimni Kalomingga bo‘ysundiraman. Senga itoat qilaman”. Haqiqatni bilib, haqiqat so‘qmoqlaridan yursak, Egamiz biz orqali atrofdagi odamlarni ham haqiqatga olib keladi. ... Shunda biz norasida go‘daklarga o‘xshamaymiz, shamol esgan tomonga egiladigan novdaday bo‘lmaymiz. Har xil ta’limotlar va quv odamlarning hiylayu ayyorliklariga laqqa tushavermaymiz. Kelinglar, mehr–muhabbat bilan haqiqatni aytib, jamoatning boshi bo‘lgan Masihga o‘xshab har jihatdan yetuk insonlar bo‘laylik Endi yolg‘on gapirishni bas qilib, har biringiz o‘z yaqiningizga haqiqatni aytinglar, axir, hammamiz bir tananing a’zolarimiz–ku. Ef. 4:14–15, 25 Yuqorida aytib o‘tganimdek, bu kitobni yozishimga ayollarning haqiqat orqali ozod bo‘lishini juda xohlaganim sabab bo‘lgan. Bu xohish Yoqub maktubining eng so‘nggi oyatlarida bayon etilgan: … agar orangizdagi biror kishi haq yo‘ldan ozgan bo‘lsa, uni to‘g‘ri yo‘lga soling. Esingizda bo‘lsin, gunohkorni nohaq yo‘ldan qaytargan odam o‘sha gunohkorning najot topishiga va behisob gunohlarining yuvilishiga sababchi bo‘ladi. Yoqub. 5:19 – 20 Bugungi kunda “haq yo‘ldan ozganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish” g‘oyasi odamlarning nazarida g‘alati va tushunarsiz ko‘rinadi. Postmodernizm madaniyatimizning shiori – “bag‘rikenglik” bo‘lib, buning ma’nosi shunday: “Sen o‘zing istagandek yashashing mumkin, lekin menga maslahat bera ko‘rma. Hayotimning senga aloqasi yo‘q”. Mana shu yolg‘on madaniyatimizga kirib o‘rnashgach, ko‘p imonlilar haqiqatga yon bosmay qo‘ydi, chunki ular “murosasiz” va “tor fikrovchi” degan nom orttirishdan ko‘rqishadi. Ko‘p masihiylarning “o‘zing ham yasha, boshqalarga ham yashashga yo‘l qo‘yib ber” degan g‘oyasi nafaqat dunyoga nisbatan, balki haqiqat so‘qmoqlaridan yurmagan imonlilarga nisbatan ham bildirilmoqda. Ular “qayiqni tebrantirishni”, qattiqqo‘l va talabchan degan nom olishni istamaydi. Bir qaraganda, hammasini boricha qoldirish osonroqdek tuyuladi. Biz shuni esda tutishimiz kerak: Masihning haqiqati, Uning Kalomidagi haqiqat odamlarni ozod qiladi. Xushxabarning mohiyati shu bo‘ladi! Bu juda muhim xabar. Bizning yaqinlarimiz va qarindoshlarimiz boshqa hech qanday yo‘l bilan zulmat, yolg‘on va o‘lim bo‘yinturug‘idan ozod bo‘la olmaydi. Agar ularni chindan ham yaxshi ko‘rsak, bu holda qat’iyylik bilan ibodat qilib, ularga hayotga Xudoning nazari bilan qarash iqtidorini qaytarish uchun jon kuydiramiz. Biz haqiqatni bilib olishimiz, unga ishonishimiz, jamiyatimizga yoqmasa ham haqiqatga bo‘ysunishimiz va uning asosida hayot kechirmog‘imiz lozim. Biz qo‘rqmasligimiz, ishonch va rahmdillik bilan haqiqatni e’lon qilmog‘imiz, adashgan gunohkorlarni soxta yo‘lidan qaytarish, haqiqat yo‘liga boshlash uchun jon kuydirmog‘imiz zarur. 11 BOB Bizni ozod qiladigan haqiqat Ushbu kitob ustidan ishlar ekanman, o‘zimning ham ayrim turdagi yolg‘onlarga ishonishimni aniqladim: “Kerakli hamma ishlarni bajarish uchun vaqtim yo‘q!”, “Bugun Xudoga kamroq vaqt ajratsam ham bo‘ladi”, “O‘z emotsiyalarimni boshqara olmayman”, “O‘zimni bunday tutishimga qattiq charchaganim sabab... meni har doim ishimdan bo‘lib qo‘yishadi... chunki juda ko‘p narsaga ulgurishim kerak” ... “Boshqa chidolmayman!” Shoshilgan vaqtimizda, umidsizlik va azoblar qiynaganda, Xudo yuragimga haqiqat urug‘larini ekishda davom etdi. Haqiqatni eshitganimda, u haqda mulohaza qilganimda, unga ishonib, itoat qilganimda Xudoning Ruhi meni ozod qiladi – emotsiyalarim tinchlanadi va men vaziyatga Xudoning nazari bilan qarashga qodir bo‘laman. Xudoga yaqin yashaganim sayin, haqiqatning nimaga qodirligi meni g‘oyat qoyil qoldiradi! Biz shayton tomonidan ongimizga singdiriladigan yolg‘onning turli xillarini muhokama qilib o‘tdik va bu yolg‘onga qarshi turadigan haqiqatni o‘rgandik. Ushbu yakuniy bobda men nazarimda bugungi kunda ayollarimiz qabul qilishi juda muhim bo‘lgan yigirma ikkita haqiqatni alohida ko‘rsatib o‘tmoqchiman. O‘zimning ham muntazam ravishda bu haqiqatlarga qaytgan vaqtlarim bo‘ladi. Ular ongimni, xohish-irodamni va emotsiyalarimni mustahkam ximoya qiladi. Bu haqikat meni ozod qiladi, sizni ham ozod qilishi muqarrar. Sizda ushbu bobni shunchaki varaqlab o‘tish ishtiyoqi paydo bo‘lishining ehtimoli yuqori. Men sizni buning o‘rniga sizni ozod qila oladigan, hayotingizni o‘zgartirishga qodir bo‘lgan har bir haqiqat ustidan chuqur o‘ylab ko‘rishga chaqirmoqchiman. Ularning har birini ovoz chiqarib o‘qing, fikr-zikringiz Xudoning Kalomiga munosib bo‘lib o‘zgarmaguncha, bu haqiqatlarni qayta va qayta o‘qishda davom eting. Ehtimol, ushbu ro‘yxatni va shuningdek Kalomdan har bir haqiqatni tasdiqlovchi oyatlarni yod olish ham maqsadga muvofiq bo‘lar. Keyinchalik navbatdagi yolg‘onga ishonganingizni his qilsangiz, shu zahotiyoq mana shu ro‘yxatga murojaat qilib, unda yozilgan haqiqatlarni o‘qing, fikr-zikringizni yangilab boring, yuragingizga haqiqat bilan to‘yintiring. 1. Xudo yaxshidir! (Zab. 118:68; 135:1). Quyosh yorug‘ini bergan kunlarda, bank hisobingizda pulingiz bo‘lgan, taningiz sog‘, atrofdagilar sizni ajoyib inson deb bilgan vaqtlarda Xudoning inoyatli, iltifotli ekanligiga ishonish juda oson. Biroq ishingizni yo‘qotganingizda, siz yaxshi ko‘rgan odam bedavo kasalikka yo‘liqqanda, imolilar jamoatida bo‘linishlar, nizolar yuzaga kelgan yoki turmush o‘rtog‘ingiz siz bilan yashashni xohlamasligini aytgan vaqtda sahnada dushman paydo bo‘ladi va sizni Xudoning iltifotli ekanligiga ikkilanishga majbur qiladi. Biroq vaziyatlarning, emotsiyalarimiz va fikr-zikrimizning qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Xudo yaxshidir, Uning qilgan barcha ishlari ham yaxshilikka xizmat qiladi. 2. Xudo meni sevadi va menga faqat yaxshilik istaydi (Rim. 8:32; 38–39). Xudo bizni sevadi va bu bizning yaxshi, munosib odamlar bo‘lganimiz emas, balki Uning O‘zi – Sevgi bo‘lganidandir. Biz o‘z kuchimiz bilan Uning sevgisini qozona olmaymiz. Uning shartsiz sevgisini tushunishga aqlimiz ojizlik qiladi, biroq agar bu haqiqatga ishonsak, uni qabul qilsak, u hayotimizni yangilab, o‘zgartiradi. Xudo yaxshidir va bizni sevadi, bu demakki, U biz uchun rejalashtirib bergan hayotda bizning zavq olib yashashimizni xohlaydi. U biladiki, biz faqat U bilan birga bo‘lsakgina haqiqiy va abadiy quvonchga erishamiz. U shu darajada sevadiki, bizni Uning oldiga kelishga undaydi, chunki faqat shu orqaligina biz chindan ham qanoatlanib yashay olamiz. 3. Masih meni to‘liq qabul qiladi (Ef. 1:4–6). Ehtimol sizni ota-onangiz, turmush o‘rtog‘ingiz, do‘stingiz yoki farzandingiz rad etgandir. Biroq agar Masihga ishonsangiz, bilingki U sizni qabul qilgan. Uning qabul qilishi uchun sizdan mashaqqat talab etilmaydi. Buning uchun imon yo‘lida yuksak cho‘qqilarni zabt etish shart emas. O‘zimizga qo‘yib berilsa agar, hech qanday yo‘l bilan Muqaddas Xudonining iltifotiga sazovor bo‘lolmaymiz. Biroq shunisi borki, biz – halok bo‘lgan, o‘limga hukm etilgan, nomunosib gunohkorlar Xudoning oldida pok va aybsiz bo‘lib tura olamiz, U bizni qabul qilib bo‘lgan. Nima uchun, deysizmi? Chunki Egamiz pok va begunoh bo‘lgan Iso Masihni qabul qiladi, biz Masihda pinhonmiz. 4. Birgina Xudodan boshqa hech kim meni baxtli qilolmaydi (Zab. 22:1). “Egam mening cho‘ponimdir. Muhtojlik ko‘rmasman aslo”. Ehtimol bu oyatni bolaligingizdan buyon bilarsiz. Biroq, oyatdagi haqiqatga o‘zingiz ishonasizmi? Haqiqatdan ham Xudo sizning Cho‘poningiz ekanligiga ishonasizmi? Xudoda orom topishimiz va baxtli bo‘lishimiz uchun barcha shart-sharoitlar bor. 5. Xudoga ishongan odam umidsiz bo‘lmaydi (Ish. 28:16). Xudo O‘z so‘ziga sodiq qoladi. U bizni hech qachon tashlab ketmaslikni, bizni tark etmaslikni va’da qilgan. (Ibr.13:5) U ishonchimizni oqlashni va’da qilgan. Vaqti-vaqti bilan o‘zimga: “Xudo ishonchimni oqlamagan hali bironta holat bo‘lmagan, demak bu safar ham U ishonchimni oqlaydi” deb eslatib turishga to‘g‘ri keladi. Uzoq yillar kurashib, qiynalgandan keyin Kolli ismli ayol bu haqiqatda o‘ziga tasalli topdi: Birinchi marta menda Xudoga to‘liq ishonish mumkinligiga ishonch hosil bo‘ldi. Men erkinman, endilikda bu dunyoda o‘z o‘rnimni izlashim shart emas. Men osoyishta yashay olaman, shuni bilamanki, bu dunyoning Sohibi bo‘lgan Egam meni yetaklaydi, o‘rgatadi, himoya qiladi, tasalli berib, quvonch ato etadi. 6. Xudo hech qachon xato qilmaydi. (Ish. 46:10) Odamlar jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi va oqibatda hayotimizni to‘liq o‘zgartirib yuborishi mumkin. Biroq Xudo har doim O‘zining abadiy maqsadlariga erishadi va bunga insonlar qiladigan hech qanday xato halaqit berolmaydi. Masihda bo‘lsak agar, Uning qo‘li ostida osoyishta yashaymiz. Hayotimizda faqat Uning O‘zi yo‘l qo‘ygan narsalargina joy olishi mumkin. Hatto Ayub yovuz shaytonning alangali o‘qlaridan til bilan ifodalab bo‘lmadigan azoblarni boshdan kechirgan vaqtda ham, Xudo vaziyatni to‘liq nazorat qilib kelgan. Xudoning aziziga qo‘l tegizishdan avval, shaytonga Xudoning O‘zidan ruhsat olishga to‘g‘ri keldi. Egamiz bizni hayotda qarshi oladigan azoblarning shiddatini ham, davomiyligini ham O‘zi belgilaydi. U O‘z farzandlarining hayotida xato qilmadi. Kimdir shunday degan: “Xudoning irodasi – bu biz ham agar Xudo bilgan narsalardan voqif bo‘lganimizda muqarrar tanlaydigan narsa”. Abadiyatda bu dunyodagi hayotimizga qarab, unda imon bilan qabul qilgan narsalarimizni borligicha ko‘ramiz va Xudo hammasini to‘g‘ri qilganiga amin bo‘lamiz. 7. Xudoning inoyati doim menga yetarli bo‘ladi (2 Kor. 12:9). Men Xudoning farzandiman, shuning uchun Xudoning inoyati kifoya qilmaydigan vaziyatlarga hech qachon tushmayman. Qayerda gunoh ko‘p bo‘lsa, Xudoning inoyati yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. Men kuchsiz bo‘lgan vaqtda, Xudo qudratli bo‘ladi. Men toliqqanda, Uning kuchi, kamoli namoyon bo‘ladi. Mening kuchim qolmasligi mumkin, Uning kuchi esa tamom bo‘lmaydi. Qanday sharoitda bo‘lmang, Uning inoyati sizga doim yetarli bo‘ladi. Ertaga, bir yildan yoki ellik yildan keyin hayotingizda nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Uning inoyati sizga yetarli bo‘ladi. Og‘ir xotiralar, og‘ir yoki xo‘rlangan o‘tmishingizdagi jarohat va muvaffaqiyatsizliklarni yengish uchun Uning inoyati yetarli bo‘ladi. Uning inoyati bir umr yolg‘iz o‘tishga ham, ellik yil yomon odam bilan turmushda yashash uchun ham yetarli bo‘ladi. Uning inoyati to‘rtta bolani o‘stirayotgan yolg‘iz onaga ham yetarli. Uning inoyati maktab yoshiga yetmagan uchta bolaning yoki uchta o‘smirning onasiga ham yetarlidir. Uning inoyati keksa ota-onasiga qaragan ayolga ham, bolalari o‘sib o‘lg‘aygach, uyini tashlab ketgan onaga ham, hayotda jiddiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan ayolga ham, davlat beradigan nafaqaga qarab yashaydigan tul xotinga ham, qariyalar uyidagi nogironga ham yetarlidir. O‘zimizga haqiqatni qayta-qayta uqtirishimiz, bir-birimizga uni takrorlab turishimiz zarur. Hayotning har qanday pallasida, vaziyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Uning inoyati bizga yetarli bo‘ladi. Bu sizga ham, menga ham yetarlidir. 8. Masihning qoni har qanday gunohni yuvadi. (1 Yuh. 1:7) O‘tmishimda ham, kelajagimda ham bironta gunoh yo‘qki, Isoning qoni haqi kechirilmasa, inoyati uni yuvolmasa. Bu haqiqat bizning gunohga yengil qarashimizga sabab bo‘lmasligi, balki aksincha, gunoh Rabbimiz Isoning qoni to‘kilishini talab qilishini tushunganimiz bois, bu ruhimiz ezilishini, yuragimiz tavba qilishini, ichimizda jo bo‘lgan Muqaddas Ruhning kuchiga suyangan holda, itoat yo‘lidan yurishga undamog‘i lozim. Hofiz gunohi og‘ir ekanligini tushunar va shu vaqtning o‘zida Xudoning tavba qilganlarga bo‘lgan iltifoti har qanday gunohdan katta ekanligini ham bilar edi: “Ey Egam, gunohlarni hisobga olsang agar, Ey Rabbiy, kim ham bardosh bera olar?! Ammo Sen kechirimlisan, Shu bois Sendan qo‘rqamiz”. (Zab. 129:3–4) 9. Masihning xochi gunohga moyil bo‘lgan tabiatimni yengishga qodir. (Rim. 6:6–7) Iso Masihning o‘limi va U bilan birlashganim tufayli men endi gunohga qul emasman. Gunoh mening ustimdan hukmronlik qilolmaydi. Gunoh qilsam agar, bu mening gunohga qarshi tura olmaganim uchun emas, balki ongli ravishda oldingi yashash tarzimizga qaytganimdandir. Haqiqat shundan iboratki, men gunoh qilmay yashay olmayman. (Rim. 6:14) 10. O‘tmishim menga azob bermasligi kerak. (1 Kor. 6:9–11) Pavlus bu haqida o‘tmishi ayanchli bo‘lgan imonlilarga gapirgan parcha menga juda yoqadi. Pavlus ularga gunoh chindan ham bizni Xudodan ayrishini eslatadi, so‘ng Iso Masihning hatto eng ashaddiy gunohkorni ham poklay olishini, yangi ijod qilib tiklashga qodir ekanligini tushuntiradi. Nahotki bilmasangizlar?! Nohaqlik qiluvchilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar–ku! Adashmanglar, jinsiy tomondan axloqsiz bo‘lganlar, butparastlar, zinokorlar, bachchabozlaru bachchalar, o‘g‘rilar, tamagirlar, mayxo‘rlar, g‘iybatchilar va tovlamachilar Xudoning Shohligidan bahramand bo‘lmaydilar. Ba’zilaringiz oldin shunday edingiz. Endi esa sizlar Rabbimiz Iso Masihning nomi bilan va Xudoning Ruhi orqali poklandingiz, Xudoga bag‘ishlandingiz, oqlandingiz. 1 Kor. 6:9 – 11 Ehtimol o‘tmishda eringizga xiyonat qilgandirsiz, qotillikka qo‘l urgan, ichkilikka yoki jinsiy beahloqliklarga berilgandirsiz. Balki abort qildirgandirsiz yoki fahshga berilgan, ehtirosga, g‘azabga, ochko‘zlikka yoki mag‘rurlikka qul bo‘lgandirsiz. Shuni bilingki, Iso Masihda siz yangi ijodsiz, mutlaqo boshqa odamsiz. Siz Masihning qoni bilan poklandingiz, Uning muqaddasligini namoyon etish, topshirig‘ini bajarish uchun, Xudoning oldida oqlangansiz. Xudoning Kalomidagi haqiqatga bag‘ishlangan konferensiyada qatnashgan Liza haqiqat uni o‘tmishdan qiynab kelgan xotiralardan qanday ozod qilgani haqida shunday yozdi: Xudbinligim bois, abort qildirganman. Endi o‘zimni qanday oqlay olaman? Aybsiz bolaning qotili bo‘ldim. O‘zimni qanday kechira olaman? Endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xudo meni jazolashi, bepusht qilib qo‘yishi mumkin edi, lekin buni qilmadi. Menga kasal yoki nogiron farzandlarni berishi mumkin edi, lekin buni ham qilmadi. Yigirma yetti yil men to jazo olmagunimcha, gunohim kechirilmaydi degan hayol bilan yashadim. Mana shu konferensiyada men hayotimni Xudoga topshirdim va endi Uning kechirimini qabul qilyapman. Endi aybdorliq hissi yo‘qoldi, uning o‘rnini Xudo yaxshilikka ishlatadigan xafagarchilik to‘ldirdi. O‘sha vaqt, ko‘p yillar avval men yuragimni xuddi muhrlab qo‘ygandek edim. Boshqa hech qachon, hech kimni yaxshi ko‘rmaslikka qasam ichgandim. Endi Xudo bu muhrni buzdi. Men yana ozod bo‘ldim, odamlarni yaxshi ko‘rishga qodir bo‘ldim, ularga meni sevishlariga ham yo‘l qo‘ya olaman. Bu g‘alaba! O‘tmishimiz – bolalik, bizga yetkazilgan azoblar, bizning boshqalarga yetkazgan azoblarimiz – bularning hech biri muvaffaqiyat sari yo‘limizda to‘siq bo‘lmasligi kerak. Xudoning iltifoti bilan bular hatto g‘alaba va farovon hayot sari bosiladigan navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin. 11. Xudoning Kalomi meni boshqarishga, o‘rgatishga, menga shifo berishga qodir. (Zab. 18:8; 106:20; 118:105) Ko‘p imonlilar bugungi kunda Xudoning Kalomida kuch borligiga, uning inson hayotini tubdan o‘zgartirishga, butkul yangilay olishiga, odamlarni qullikdan ozod qilishga va Xudoning irodasini namoyon etishga qodirligiga ishonmay qo‘yishdi. Kalom shundoq ham ko‘p bo‘lgan haqiqat manbalarining biri yoki odamda boshqa hech qanday chora qolmagan vaqtdagina qo‘llaniladigan vosita sifatida ko‘rilmoqda. Aslida esa Xudoning Kalomi jonli va ta’sirlidir, u yaralangan qalblarni qayta jonlantiradi va holdan toygan jonimizga tinchlik, orom beradi. U yo‘limizga berilgan chiroqdir. Ehtiyojimiz qanday bo‘lmasin, vaziyatlar qanday tus olmasin, Xudoning Kalomi har qanday ehtiyojimizni qondira oladi. Shuningdek u bizning biz yaxshi ko‘rgan odamlarga ham, yaqinlarimizga yordam berishga qodir. Qiynalayotgan odamlarga bizning fikrimiz va takliflarimiz kerak emas. Ular Xudoning nima deyishini bilishi, Xudoning amrlari va va’dalaridan, Uning ko‘rsatgan yo‘lidan voqif bo‘lishi lozim. Agar chindan ham odamlarga yordam berishni istasak, ularga haqiqatni ko‘rsatishimiz, so‘ng esa ibodatda, sevgi bilan bu haqiqatlarni alohida vaziyatda qanday qo‘llash kerakligini o‘rgatmog‘imiz zarur. 12. Muqaddas Ruh menga Xudo buyurgan hamma ishlarni bajarishga yordam beradi. (1 Sal. 5:24; Flp. 2:13) Egamiz hech qachon bizni Uning inoyati bo‘lmagan ishni bajarishga undamaydi, shunday ekan, biz Ungi ishonishimiz lozim. Bu demakki, • dunyoda biz kechira olmaydigan odam yo‘q (Mk. 11:25); • dunyoda biz yaxshi ko‘ra olmaydigan odam yo‘q (Mt. 5:44); • biz hamma narsa uchun Unga shukr qilishimiz lozim (1 Sal. 5:18); • har qanday sharoitdan qanoatlanishimiz lozim (Ibr. 13:5). Muammo Xudoga itoat qilolmasligimizda, bizni qattiq yaralagan ota-onamizni kechira olmasligimiz, hamkasbimizni yaxshi ko‘ra olmaganimiz, qiyin vaqtlarda Xudoga shukr qilolmaganimiz yoki bir xonali uyda yashab, bundan qanoatlana olmaganimizda emas. Muammoning negizi bizning Xudoga itoat qilishimiz yoki qilmasligimizda ham emas. Ko‘pincha biz kechirishni, yaxshi ko‘rishni istamaymiz, Xudoga shukr qilishni va Uning bergani bilan qanoatlanishdan bosh tortamiz. Itoat qilish – bu aslida tanlov bo‘lib, biz Xudoning inson aqliga sig‘maydigan kuchiga suyanganimizda buni tanlaymiz. Muqaddas Ruhning kuchi bilan biz kechirishga qaror qilamiz, Unga biz orqali atrofdagilarni yaxshi ko‘rishiga yo‘l qo‘yib bera olamiz, har qanday sharoitda Xudoga shukr qilishga va Uning bergani bilan qanoatlanishga qaror qila olamiz. 13. Hayotdagi qiyinchiliklarga bo‘lgan munosabatim, qabul qilgan qarorlarim va hatti-harakatlarim uchun Xudo oldida javobgarman. (Hiz. 18:19–22) O‘smirligimdayoq men shuni bilib olganmanki, Xudo mendan boshqalarning hatti-harakati uchun javob talab qilmaydi, lekin boshqalarning hatti-harakatiga qanday javob berganim uchun Xudoga hisobot beraman. Ehtimol, hayotimizdagi hodisalarni biz boshqara olmasmiz ham. Biz qanday oilada tug‘ilish, qanday ko‘rinishga ega bo‘lish, qanday tarbiya olishni tanlash huquqiga ega emasmiz. Xuddi shu tarzda, hayotimizning shakllanishiga hissa qo‘shadigan juda ko‘p omillarga biz hech qanday ta’sir ko‘rsata olmaymiz. Biroq Xudoning iltifoti bois biz sharoitlarning qurboniga aylanib qolmasligimiz kerak – biz Xudoning irodasi bilan hayotimizdan joy olgan qiyinchiliklarga bo‘lgan munosabatimizni nazorat qilishimiz mumkin. Odamlarni va sharoitlarni ayblashni bas qilsak, o‘z hatti-harakatimiz uchun boshqalarni ayblashdan voz kechsak, o‘z tanlovimiz uchun o‘zimiz javob berishni o‘rgansakgina biz o‘zimizni notavon o‘ljadek tutishdan, ojizlik hissidan ozod bo‘lamiz. Sharoitlar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, biz Xudoga itoat qilish erkinligiga ega bo‘lamiz. 14. O‘zim ekkanimni o‘rib olaman. (Gal. 6:7–8) Yoshim kattargani sayin o‘z hayotimda “Nima eksang, shuni o‘rib olasan” qonunining kuchini sezib boraman. Mening butun hayotim – uzoq yillar davomida qabul qilgan qarorlarimning natijasi desam xato bo‘lmaydi. Bolalagimda va yoshligimda eng oddiy qarorlar, misol uchun misol uchun kitob o‘qish, kim bilan aloqa qilish, hokimiyatga qanday munosabatda bo‘lish, bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazish, qanday o‘qish hayotimda bu qadar muhim rol o‘ynashini hayolimga keltirmasdim. Bugungi kunga kelib men o‘sha vaqtdagi va boshqa qarorlarimning mevasini o‘rib olyapman. Xuddi shu tarzda, bugun qilgan har bir qarorimiz ham natijasiz qolmaydi, nafaqat biz, balki bizdan keyingi bir nechta avlod buning samarasini ko‘radi. Mening bugun xudbinlikka, gunohga yoki bashariiy tabiatga asoslanib qilgan har bir qarorim – bu ekilgan urug‘ va bu urug‘ albatta o‘sib unadi, bir emas, ko‘p meva beradi. Itoat qilishim ham – urug‘ bo‘lib, u ham hayotimga va nafaqat mening, balki yaqinlarimning hayotiga ham yaxshi mevalarni, marhamatlarni olib keladi. Hosil bir onda paydo bo‘lmaydi, lekin albatta ko‘rinish beradi. 15. Haqiqiy quvonchning siri – hayotimiz ustidan barcha huquqlarni Xudoga topshirishdadir. (Mt. 16:25; Lq. 1:38; 1 But. 5:7) Yuqorida ko‘rganimizdek, ilk gunoh kirib kelgach, ayol zoti o‘z hayotini o‘zi boshqarishga intila boshladi. Biz atrofdagilarning va o‘zimizning hayotimiz ustidan hukmronlik qilmoqchi bo‘lamiz, ammo bu borada ishimiz doim ham o‘ngidan kelavermaydi. Shunisi borki, biz qancha harakat qilmaylik, bizga bu huquq Xudodan berilmagan. Biz o‘zimiz bunga intilamiz, odamlarni boshqaramiz, o‘z ra’yimizga bo‘ysundiramiz, xo‘jayinlik qilamiz, lekin hammasi behuda bo‘ladi. Haqiqiy erkinlikka va tinchlikka erishishning birdan-bir yo‘li – bu jilovni qo‘yib yuborish, boshqaruvni Xudoga topshirish, negaki Unga ishonish mumkin va U muammolarimizni yechishga qodir. O‘tgan hafta hamkasblarimning biridan xafa bo‘ldim va buni yengishga harakat qildim. Biz ayollarga xos bo‘lganidek, men voqeani qayta-qayta ko‘z oldimdan o‘tkadim. Keyin tushundimki, mening maqsadim aslida shunchaki yengilmaslik bo‘lgan va shu asnoda yaqin dugonamga qo‘ng‘iroq qilib men uchun ibodat qilishni so‘rashga qaror qildim. Xayrlashayotganimizda u to‘satdan menga: “Nensi, qanday aytishni bilmay turibman, lekin esingda tut... sen Xudo emassan” – dedi. Chindan ham. Nima uchun Xudoga Xudo bo‘lishiga yo‘l qo‘yish bu qadar qiyin? Nima uchun Unga Koinotni boshqarishiga yo‘l qo‘yish bu qadar qiyin? Axir Uning O‘zigina borliq Koinotni boshqarishga qodir emasmi? U bizni yaxshi ko‘radi va hech narsani nazardan chetda qoldirmaydi. Hayotimiz ustidan haq-huquqlarni Uning qo‘liga topshirishdan bosh tortish bilan biz Uning ishini o‘zimiz bajarishga harakat qilamiz. Ozodlikka qachonki hayotimiz, oilamiz va sharoitlarni boshqarishni bas qilsakgina erishamiz. Shundagina biz faqat Xudo qodir bo‘lgan mo‘‘jizalarga guvoh bo‘lamiz. 16. Eng katta ozodlik Xudo tomonidan ustimdan qo‘yilgan hokimiyatga bo‘ysunishdan iborat. (Yef. 5:21) Hokimiyatga qarshilik qilsak, buning oqibatida zaiflashamiz. Momo Havo eriga bo‘ysunishi kerak bo‘lgan vaqtda, undan holi ish tutishga qaror qilgandan keyin gunohga qo‘l urganini esda tuting. Boshqa tomondan, biz Xudo tomonidan o‘rnatilgan hokimiyatga bo‘ysunib, o‘z ixtiyorimiz bilan o‘rnimizni egallab kelsak, bu holda Xudoning himoyasiga erishamiz. Bu bilan biz Unga ustimizdan qo‘yilgan odamlarning hayotida O‘zining qudrati kamolini ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yib beramiz, dunyoga Xudo o‘rnatgan tartibning go‘zalligini namoyon qilamiz, Uning Koinotni boshqarish huquqini e’lon qilamiz. Shayton Xudoni taxtdan ag‘darib tashlolmaydi, biz esa Xudo bilan hamkorlikda ish tutib, Unga yer yuzida Shohligini o‘rnatishiga yordam beramiz. 17. Ayol bo‘lish, ona bo‘lishdan yuksak va muqaddas vazifa yo‘q. (Tit 2:4–5) Haqiqiy qanoatga va quvonchga qachonki odam Xudodan belgilab berilgan vazifani tushunib yetish orqaligina erishiladi. Xudo ayol zotini u eriga sherik, hayotning davomchisi bo‘lishi, hayotni ardoqlashi uchun yaratdi. Aksariyat ayollar uchun Xudo nikohni va onalik vazifasini belgilab bergan. Turmushdagi ayollar uchun Xudoning belgilab bergan vazifasi asosan ularning uy-ro‘zg‘ordagi o‘rni bilan bog‘liq. Pavlus Titusga nasihat solib, jamoatidagi yoshi katta ayollarga o‘rgatilishi lozimligini aytadi: ... kelinlarga pand–nasihat qilsinlar, ularga o‘z erlari va farzandlarini sevishni, vazmin, iffatli, ro‘zg‘orga jonkuyar, mehribon, erlariga bo‘ysunadigan bo‘lishni o‘rgatsinlar. Shunda hech kim Xudoning kalomini yomonlamaydi. Tit. 2:4–5 Erli xotin va ona uchun jamiyatdagi mavqe ham, shaxsiy qiziqishlar ham, odamlar bilan munosabatlar ham, umuman hech narsa oilasdan va bolalaridan muhimroq bo‘lolmaydi. Ish sizga qoniqish berishi, moddiy tomondan boyitishi, boshqa yo‘l bilan erishib bo‘lmaydigan qulayliklarni yaratishi mumkin. Shunday bo‘lsada, ayol uchun o‘z xonadoni va oilasi haqida g‘amho‘rlik qilish, erkak bilan yonma-turib bu dunyoda Xudoni ulug‘lashdan, bolalari va nevaralarini boqib o‘stirishdan, keyingi avlodlarga nasihat solish, inson o‘zidan voz kechishi, o‘zini odamlarga bag‘ishlashi kerakligini o‘rgatishdan yuksak, martabali vazifa yo‘q. Ayol zotiga berilgan eng yuksak vazifa mana shu bo‘ladi. 18. Bizning muqaddasligimiz o‘tkinchi baxtdan ko‘ra muhimroq. (Ef. 5:26–27) Bu dunyoning falsafasiga qarshi ravishda, o‘tkinchi baxt-saodat doim ham eng katta ne’mat bo‘lavermaydi, bizning bunga hatto haqimiz ham yo‘q. Xudo bizni bu dunyoda, hozir baxtga erishtirish uchun qutqarmadi. U bizni barcha illatlarimizdan xalos qilish uchun O‘z jonini fido qildi. U bizni poklab, O‘ziga tegishli bo‘lgan, yaxshilik qilishga bag‘ishlangan aziz bir xalq qildi. (Tit. 2:14) Rabbimiz Iso samodagi dargohini tashlab, yer yuziga keldi va O‘z hayotini fido qildi, bu bizning o‘z foydamiz, o‘zimiz uchun yashashimiz maqsadida qilingan narsa emas, bu bilan bizni ozod qilish, Xudo uchun yashashimizga yo‘l ochish ko‘zda tutilgan, negaki biz Xudoni mamnun etish uchun yaratilganmiz. Itoat qilib yashash oson emas. Gohida bu ma’lum bir yo‘qotishlarni talab qiladi: bizga qulayliklardan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Biroq har qanday yo‘qotish vaqtinchalik bo‘lib, bu bizning abadiyatda erishadigan niyatlarimiz, rohatimiz oldida hech narsa emas. Muqaddaslikka intilish orqaligina biz haqiqiy baxtga muyassar bo‘lamiz. 19. Xudoning xohish-irodasi ko‘proq mening hayotimdagi muammolarni yechish emas, balki meni o‘zgartirishga, men orqali ulug‘lanishdir. (Rim. 8:29) Yo‘limizda qiyinchiliklar paydo bo‘lganda, mantiqan ularni shu zahotiyoq bartaraf etishga harakat qilish to‘g‘ridek. Agar Xudoning rejasi nimadan iboratligini ko‘rmasak, Uning xohish-irodasini qabul qilmasak, butun diqqat-e’tiborimizni qiyin vaziyatdan chiqishning yo‘llariga qaratamiz. Biz Xudoning ovozini eshitishga noqobil bo‘lib qolamiz, Undan g‘azablana boshlaymiz, bizga yordam bermaganlikda Uni ayblaymiz. Biroq Xudoning maqsadi shunchaki men qarshi olgan muamolarga yechim berish bilan chegaralanmaydi. O‘ylamanki, Xudoning mendagi his-tuyg‘ular bilan ishi yo‘q deb, aslo bunday emas. Biroq hayotiy ustunliklarni nazarda tutgan holda biz Xudo uchun muhimroq bo‘lgan narsalarni hisobga olmog‘imiz lozim. Xudo uchun esa muhimi har bir odam Uning ulug‘vorligini namoyon qilishidir. U bizni O‘z siymosiga yaqinlashtirish uchun, barcha yo‘llarni ishga solishni istaydi. Ko‘nglimizni ayniqsa ko‘proq xira qilgan muammolarning ayrimlari aslida bizga yordam beradi, Xudoning maqsadi sari yaqinlashishimizga xizmat qiladi. Agar bu muammolarning yechilishini talab qilsak, badjahl rahbardan, iqtisodiy qiyinchiliklardan, sog‘ligimiz yoki nikohdagi hayotimiz bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga harakat qilsak, Xudo tomonidan biz uchun hozirlangan ne’matlardan bebahra qolishimiz mumkin. Tangri Taolo bizni O‘z O‘g‘li singari bo‘lishimiz uchun hayotimizga yuborgan muammolarni yomon ko‘rish – bu naqadar ahmoqlik, naqadar kaltabinlik! 20. Azob chekmasdan turib barkamol, muqaddas bo‘lolmaysiz. (1 But. 5:10) Azoblar Xudo tomonidan bizni o‘zgartirish, Isoning qiyofasiga solish uchun qo‘llaniladigan muhim vosita ekanligini tushunsak agar, buni umuman boshqacha qabul qilamiz. Poklanish jarayoni qachonki biz azoblarni rad etmasdan, qabul qilganimizda ro‘y beradi. Yeremiyo payg‘ambar kitobida biz azoblar qabul qilinmasligining oqibati haqida juda yaxshi izoh berilganini ko‘ramiz: Mo‘ab yoshligidan bexatar o‘sgan, Tindirilgan sharob kabi tinch yashagan. Go‘yo bir idishdan boshqasiga quyilmagan, Hech qachon o‘z yurtidan surgun bo‘lmagan. Shu bois uning ta’mi o‘zgarmagan, Muattar hidi saqlanib qolgan. Yerem. 48:11 Yeremiyo yashagan vaqtda sharob qilishardi: uzum sharbati mahsus meshlarga solingach, to achchiq ta’mi cho‘kmagunicha, bir necha haftaga shu holda saqlanar edi. So‘ng, yangi cho‘kindi paydo bo‘lishi uchun sharob boshqa idishga quyilardi. Bu jarayon qayta-qayta takrorlanar, to sharob to‘liq tozalanib, tiniqlashib, shirin ta’m hosil bo‘lmaguncha davom ettirilardi. Mo‘ab xalqi nisbatan tinch hayot kechirgan, ular tozalanish jarayonidan o‘tmagan, “bir idishdan boshqasiga quyilmagan”, azoblarni boshdan o‘tkazmagan. Natijada mo‘abliklarda gunohdan iborat “qo‘yuqlik” qolar edi, ularning “ta’mi” o‘zgarmagan. Azoblar – bizda to xudbinlik va gunoh cho‘qmaguncha, Xudo Ruhining sharobi tiniq ko‘rinish olib, shira ta’m hosil bo‘lmaguncha, bir idishdan boshqasiga qo‘yilishimiz demakdir. 21. Azoblarim oxir-poyonsiz emas. (2 Kor. 4:17–18) Nazarimizda, bizni xuddiki alangadan chiqarmayotgan, bir idishdan boshqasiga “quyib” kelgandek tuyulgan vaqtda, emotsiyalarimiz bu holatning oxiri bo‘lmasligini aytadi. Bunday paytlarda biz o‘zimizga mazkur jarayonning oxir-poyonsiz emasligini eslatishimiz lozim. Bu abadiy davom etmaydi. Har qanday azobdan alohida bir maqsad, muddao ko‘zlanadi. Xudoning ham alohida maqsadi bor va shu maqsadiga erishish uchun U hayotimizga ma’lum bir qiyinchiliklarni yuboradi. Mana shu maqsadlariga erishish uchun azoblarning qay darajada kuchli bo‘lishi va qancha vaqt davom etishi lozimligini U juda yaxshi biladi. Azoblarimiz Uning irodasi bajo bo‘lishi uchun yetarli vaqtdan uzoq cho‘zilishiga yoki keragidan ko‘ra og‘irroq bo‘lishiga U yo‘l qo‘ymaydi. Xudo va’da qilgan, bir kun kelib: “o‘lim mavjud bo‘lmaydi, Hech kim qayg‘urmaydi, yig‘lamaydi, azob chekmaydi” (Vahiy 21:4). Shunday ekan, siz – Xudoning aziz farzandiga aytmoqchimanki, qo‘zlaringiz yoshga to‘lgan, umidingiz so‘ngan vaqtda bardam bo‘ling. Boshingizni ko‘taring, Egamizga rahmat ayting va shuni bilingki, ko‘p o‘tmay imoningiz taqdirlanadi va siz oxirigacha siz bilan birga bo‘lishni va’da qilgan Egamizni ko‘rasiz. 22. Bosh qahramon men emas, balki U! (Kol. 1:16–18; Vahiy 4:11) Muntazam ravishda o‘zimga, bu dunyo mening atrofimda aylanish uchun yaratilmaganini eslatib turishga to‘g‘ri kelmoqda. Butun Koinot, shu jumladan siz ham, men ham, yuksak, yuqori bo‘lgan, Koinotni boshqarib kelgan Egamiz uchun yaratilgan. Xudoning rejasi, Uning maqsadlari biz ko‘rgan va o‘ylagan narsalardan anchayin muhim. Mening bankdagi hisobim, tashvishu alamlarim, kamsitilgan nafsoniyatim, ehtiyojlarim va xohish-istaklarim – bosh aslida men emas, Xudo ekanligini eslaganimda, bularning hammasi ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Hayotimdagi vaziyatlarga to‘g‘ri yondashish uchun biz avvalo o‘zimizga savol berishimiz lozim: hayotimdan maqad nima? Maqsadim – baxtli hayot kechirish, birov uchun kerakli yoki suyukli inson bo‘lib yetishish bo‘lsa, bu holda men barcha to‘siqlarni qo‘yilgan maqsadga erishishda menga halaqit beradigan dushmanning hujumi sifatida qabul qilaman. Boshqa tomondan, biz Xudoning haqiqatini qabul qilib, Uni mamnun etish, nomini yuksaltirish uchun yashayotganimizni tan olgan zahotiyoq, har qanday hodisani biz uchun tuzilgan rejaning bir qismi sifatida qabul qilishga qodir bo‘lamiz. Bu holda xafa bo‘lmaymiz, qarshilik ham ko‘rsatmaymiz, “qiyinchiliklardan” ham qochmaymiz, ularni Egamiz tomonidan Iso singari bo‘lib o‘zgartirishimiz va shuning vositasida Uni ulug‘lashimiz uchun yuborilgan do‘st o‘rnida ko‘rib qabul qilamiz. Uning yuziga tikilib: “Bosh qahramon men emas. Bosh qahramon – Sensan. Senga ma’qul bo‘lgan narsa, menga ham to‘g‘ri keladi, Noming ulug‘lansa bo‘lgani” – deya olamiz. XOTIMA Xotira daftarim, Bugun nevaramning o‘g‘illaridan biri Xenan xotini va ikkala qizi bilan biznikiga keldi. Ular o‘zlarining bog‘idan meva va sabzavotlar olib kelishdi. Nevaralarimiz va evaralarimiz bizga juda yaxshi qaraydi, ayniqsa hozir, qariganimizda, kuchdan qolib, sog‘ligimiz yomonlashib borayotgan paytda. Ko‘zim xiralashib boryapti. Shunday bo‘lsada, ko‘p masalalar borasida endi-endi ko‘zim ochilmoqda. Ko‘p yillar avval, bu ko‘zlar hali yosh, nurga to‘lib turgan paytlarda aslida ko‘r bo‘lganman. Ilonga ishonish aqlsizlik ekanligini ko‘rmaganman. O‘sha birgina noto‘g‘ri tanlovimiz qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini ko‘rmaganman. Bolalarimiz qanday azoblarni boshdan kechirishini ko‘rmaganman. Garchi Xudo ilk gunoh va u orqali kirib kelgan lan’at uchun Odam Atoni javobgar deb hisoblashini bilsamda, Ilonning tuzog‘iga tushganim bois, dilimni aybdorlik hissi tirmalab keladi. O‘sha paytda ko‘zimga faqat o‘sha, xohish-ishtiyoqimni uyg‘otgan meva ko‘rinar, unga erishsam bo‘ldi deb o‘ylardim. Istaganimga erishdim ham, lekin oqibati nima bo‘lishini tasavvur ham qilmagan ekanman. Bir lahzada itoatsizlik qilishim og‘riq va pushaymon olib keldi. Endi-endi, oxiri bo‘lmagan yugurib-elishlardan va azob-uqubatlardan keyin, Xudo bizni qanchalik yaxshi ko‘rishini, har doim biz haqimizda g‘amxo‘rlik qilib kelganini tushunib yetdim. Endilikda men Uning yo‘llari to‘g‘ri ekanligini, Unga quloq solish, ortidan ergashish lozimligiga amin bo‘lyapman. Oh, qani endi yolg‘on bo‘lib chiqqan narsalar uchun yo‘qotilgan yillarni orqaga qaytarish mumkin bo‘lsaydi! O‘tmishimga qarar ekanman, Xudoning iltifotini ko‘rib lol qolaman. O‘sha dahshatli kundan keyin U bizni abadul-abadga unutib yuborishi ham mumkin edi. Biroq U biz bilan munosabatni tiklashga intilishdan to‘xtamadi. Ikkala o‘g‘limizni yo‘qotganimizdan keyin, Xudo bizga o‘g‘il berdi. Odam unga Shis deb ism qo‘ydi. So‘ng biz yana to‘rtta o‘g‘il va qizlarni dunyoga keltirdik. Biroq biz uchun aynan Shis – Xudo ato etgan quvonch va qayta tiklanishning ifodasi bo‘lib qoldi. Shuningdek, Egamiz bir kun kelib odamzotga boshqa bir O‘g‘il berilishini va’da qildi. Ilon Unga hamla qiladi, bizni yaralagani kabi, Uni yaralaydi. Biroq O‘g‘il Iloning boshini ezib tashlaydi. Aynan men, erim bilan birga ko‘p yillar avval ilk gunohning kirib kelishiga sababchi bo‘lganman. O‘sha dahshatli hodisalarni hech qachon orqaga qaytara olmayman. Biroq qanday inoyat! – Egamiz o‘sha O‘g‘ilning ayol zotidan tug‘ilishini aytdi. O‘g‘il tufayli gunohning halokatli ta’siriga barham beriladi. Garchi men Xudoning irodasiga qarshilik qilgan bo‘lsamda, U meni rad etmadi, meni kechirishning imkonini topdi. U meni butunlay o‘zgartirishni, yangi ijod qilib yaratishni rejalashtirdi, toki yana ruhiy samara berishga qodir bo‘layin. Chindan ham U bizning Egamiz, gunoh bo‘yinturug‘idan bizni sotib olgan Xaloskorimizdir. Uning va’dalari qachon va qanday bajo bo‘lishi menga noma’lum. Biroq shuni aniq bilamanki, Uning so‘ziga ishonaman. Bu dunyoda necha kunim qolganidan qat’iy nazar, bu vaqtni haqiqat bilan, Xudoga itoat qilib o‘tkazmoqchiman. Bu borada yaqinlarimga yordamlashishni istayman. Yolg‘onga ishonish oqibatida qachonlardir mening hamyotim va butun oilamning hayoti barbod bo‘lgan edi. Endi esa Xudoning haqiqati tufayli men yana ozod bo‘ldim! M U N D A R I J A MUQADDIMA XOTIRA DAFTARIM 1-QISM. KIRISH SO‘ZI 1 BOB. Haqiqat… yoki oqibatlar Yolg‘onning ishga solinishi Ko‘zingizni oching Qulikka olib keladigan yolg‘on Qullikdan ozodlikka o‘tish 2-QISM. AYOLLAR ISHONGAN YOLG‘ON 2 BOB. Xudo haqida Xotira daftarim Xudo iltifotli emas... Xudo meni yaxshi ko‘rmaydi Xudo xuddi mening otam singari Baxtli bo‘lish uchun Xudoning O‘zi yetarli emas Xudo mening erkinligimni chegaralashni istaydi Xudo mening muammolarimga barham berishi kerak Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 3 BOB. O‘zim haqimda Xotira daftarim. Hech narsaga arzimayman O‘zimni yaxshi ko‘rishni o‘rganishim kerak O‘zimni yengolmayapman Mening haq-huquqlarim bor Tashqi go‘zallik, ichki go‘zallikdan ko‘ra muhimroq Barcha xohishlarim albatta ro‘yobga chiqishi kerak Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 4 BOB. Gunoh haqida Xotira daftarim. Gunoh qilsam ham, bu uchun menga hech narsa bo‘lmaydi Gunohning lazzatlari Men qilgan gunoh aslida bu darajada jiddiy emas Xudo meni qilmishim uchun kechirolmaydi Qilgan ishlarim va munosabatim uchun to‘liq javob bermayman Gunohni har safar yengishga men qodir emasman Gunohkorlar uchun Xushxabar Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 5 BOB. Ustunliklar haqida Xotira daftarim, Zarur bo‘lgan ishlarning hammasiga vaqtim yetmaydi Muntazam ibodat qilmasdan ham, Kalom o‘qimasdan ham osoyishta yashay olaman. Kasb sohasida martabaga erishish xotinlik va onalik vazifasidan ko‘ra ko‘proq qoniqish beradi Sovutgich yuzida muhrlangan donolik Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 6 BOB. Nikoh haqida Kundalik daftarim, Baxtli bo‘lishim uchun menga er kerak Erimni o‘zgartirishim kerak Erim menga xizmat qilishi kerak Erimga bo‘ysunsam, baxtsiz bo‘laman Bo‘ysunish haqida yolg‘on Bo‘ysunish haqida ozod qiladigan haqiqat Erim sustkash bo‘lsa, tashabbusni o‘z qo‘limga olishim kerak, aks holda hech narsaga erisholmaymiz Gohida baxtsiz nikohda yashagandan ko‘ra, ajrashgan ma’qul Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 7 BOB. Bolalar haqida Xotira daftarim Nechta bola ko‘rish masalasini faqat o‘zimiz hal qilamiz Bolalar hayotni tanib bilishi uchun “real dunyoda” yashashi lozim Hamma bolalar isyonkorlik davrini boshdan kechiradi Bolamning imonli ekanligiga aminman, chunki u hali juda kichkinaligidayoq ibodat qilib Masihga imon keltirgan. Bolalarimiz tanlaydigan hayotiy yo‘l uchun biz javobgar emasmiz Asl zotingga tortasan...? Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 8 BOB. His-tuyg‘ular haqida Xotira daftarim Bir nimani his qilsam, shu narsa to‘g‘ri bo‘lib chiqadi O‘z hislarimni nazorat qilolmayman Menda garmonlar qo‘zigan vaqtda, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmaydi Depressiyani avvalo dori-darmonlar bilan davolash va/yoki psixiatrga murojaat etish lozim. Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash 9 BOB. Hayotiy vaziyatlar haqida Xotira daftarim Hayotiy qiyinchiliklar bo‘lmaganida agar, men hozir boshqa odam bo‘lar edim. Men qiynalmasligim kerak Hayotim hech qachon o‘zgarmaydi, bu azoblar oxir poyonsiz davom etadi. Boshqa chiday olmayman! Eng muhimi – bu o‘zim CORAM DEO Yolg‘onga haqiqatni qarshi qo‘ying Amalda qo‘llash III QISM. HAQIQAT SO‘QMOQLARIDAN YURISH 10 BOB. Haqiqat yolg‘onga qarshi Haqiqat yo‘lini tanlab Haqiqatning o‘zgartiruvchi qudrati 11 BOB. Bizni ozod qiladigan haqiqat 1. Xudo yaxshidir! 2. Xudo meni sevadi va menga faqat yaxshilik istaydi 3. Masih meni to‘liq qabul qiladi 4. Birgina Xudodan boshqa hech kim meni baxtli 5. Xudoga ishongan odam umidsiz bo‘lmaydi 6. Xudo hech qachon xato qilmaydi. 7. Xudoning inoyati doim menga yetarli bo‘ladi 8. Masihning qoni har qanday gunohni yuvadi 9. Masihning xochi gunohga moyil bo‘lgan tabiatimni yengishga qodir. 10. O‘tmishim menga azob bermasligi kerak. 11. Xudoning Kalomi meni boshqarishga, o‘rgatishga, menga shifo berishga qodir. 12. Muqaddas Ruh menga Xudo buyurgan hamma ishlarni bajarishga yordam beradi 13. Hayotdagi qiyinchiliklarga bo‘lgan munosabatim, qabul qilgan qarorlarim va hatti-harakatlarim uchun Xudo oldida javobgarman 14. O‘zim ekkanimni o‘rib olaman. 15. Haqiqiy quvonchning siri – hayotimiz ustidan barcha huquqlarni Xudoga topshirishdadir 16. Eng katta ozodlik Xudo tomonidan ustimdan qo‘yilgan hokimiyatga bo‘ysunishdan iborat 17. Ayol bo‘lish, ona bo‘lishdan yuksak va muqaddas vazifa yo‘q 18. Bizning muqaddasligimiz o‘tkinchi baxtdan ko‘ra muhimroq. 19. Xudoning xohish-irodasi ko‘proq mening hayotimdagi muammolarni yechish emas, balki meni o‘zgartirishga, men orqali ulug‘lanishdir 20. Azob chekmasdan turib barkamol, muqaddas bo‘lolmaysiz 21. Azoblarim oxir-poyonsiz emas. 22. Bosh qahramon men emas, balki U! XOTIMA Xotira daftarim