C.S. Lewis KLAYV STYЕYPLZ LYUIS G‘ALAMISNING XATI KIRISH Hozir men jamoatchilik e’tiboriga havola qilayotgan bu yozishma qanday qilib qo‘limga tushib qolganini tushuntirib o‘tirmoqchi emasman. Jinlarga nisbatan bir xil va qarama–qarshi bo‘lgan ikkita yanglish fikr bor. Birovlar jinlarga ishonmaydi, boshqalar ishonadi va ularga keraksiz hamda nosog‘lom qiziqish bildiradi. Jinlarning o‘zi ikkala xatodan ham xursand va materialistni ham, jodugarlik ishqibozini ham bir xil shavq bilan qutlashadi. O‘quvchilarimga shuni maslahat beraman: iblis — yolg‘onning otasi. Garchi G‘alamis o‘z nuqtai nazarida aytayotgan gaplarini haqiqat deb hisoblasada, hammasiga ham ishonavermaslik kerak. Men xatlarda tilga olinganlarning shaxslarini aniqlamadim. Biroq, masalan, Tikanak ota yoki vasiylikdagi kishining onasi aniq tasvirlangan deb o‘ylayman. Xuddi Yerdagi kabi do‘zaxda ham fikrlarni o‘z niyatlariga moslab bo‘yashni eplashadi. Xulosa sifatida men xatlarning ketma–ketligini aniqlashga urinmaganimni qo‘shimcha qilmoqchiman. Menimcha, sanalashtirishning iblischa qoidasi ko‘pincha Yerdagi vaqt bilan hech qanday bog‘lanmagan, shuning uchun ham men uni qayta tiklab o‘tirmadim. Ikkinchi jahon urushi tarixi G‘alamisni faqat uni qiziqtirayotgan odamning ruhiy olamiga qanday ta’sir etgani darajasidagina qiziqtira olgan bo‘lishi mumkin. K. S. Lyuis, Modlin Kollej, 1941. BIRINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Ko‘rib turibman, sen vasiyligingdagi kishining o‘qishi va u materialist do‘stlari doirasida o‘ralashib yurishini kuzatayapsan. Lekin nazarimda, bir oz go‘llik qilyapsan, holbuki, dalillar uni Dushmanning og‘ushidan tortib olish mumkin deb o‘ylashga meni undamoqda. Agar u bir necha asrlar oldin yashaganida, buning iloji bo‘lardi. O‘shanda odamlar hali isbotlangan narsani isbotlanmaganidan ajratishni yaxshi eplashardi va bordiyu, biror narsa isbotlangan bo‘lsa, bunga ishonishardi. O‘shanda hali fikr va ish o‘rtasidagi aloqani yo‘qotishmagandi va o‘z hayotlarini yakuniy fikrga muvofiq o‘zgartira olishardi. Biz buni kundalik matbuot va boshqa vositalar yordamida to‘g‘rilay oldik. Sening vasiyligingdagi kishi go‘dakligidan uning miyasida bir vaqtning o‘zida bir talay bir–biriga zid dunyoqarashlar aylanishiga ko‘nikib qolgan. U konsepsiyalarni, avvalambor, haqiqiy yoki yolg‘on deb emas, balki nazariy yoki amaliy, eskirgan yoki zamonaviy, siyqasi chiqqan yoki dadil deb qabul qiladi. Dalillar emas, balki xudbinona mujmalliklar senga mijozni jamoat (cherkov)dan nari ushlab turishingga yordam beradi. Uni materializmning haqiqiyligiga ishontirish uchun vaqtingni sarflab o‘tirma: yaxshisi unga materializm kuchli va dadil ekanligi, bu kelajak falsafasi ekanligini uqtir. Dushman hududida jang qilishga to‘g‘ri kelganligi bois, asoslar yoqimsiz tus oladi. Chunki Xudo ham ishontirishni eplaydi: ammo men senga taklif qilayotgan targ‘ibotda, U, bizning ko‘p asrlik tajribamiz ko‘rsatib turganidek, bizning otamiz (ya’ni shayton) bilan hech ham tenglasha olmaydi. Isbotlar ekansan, sen vasiyligingdagi kishining ongini uyg‘otib yuborasan, agar ong uyg‘onsa, kim ham natijani oldindan aytib bera olardi? Hatto agar fikrlashning qaysidir o‘zgarishida biz foyda ko‘radigan bo‘lsak ham, keyinroq sen yuzada suzib yurgan bevosita kechinmalar oqimidan diqqatni chalg‘itganingni va diqqatni eng halokatli tarzda teranlikka yo‘naltirganingni anglab qolasan. Sening vazifang esa aynan vasiyligingdagi kishining e’tiborini doimiy o‘zgarib turadigan taassurotlarga qadashdan iborat. Uni bu oqimni “haqiqiy hayot” deb atashga o‘rgat va unga bu nimani nazarda tutishi haqida o‘ylab ko‘rishiga imkon berma. Esingda bo‘lsin: sendan farqli ravishda, vasiyligingdagi kishi – tanasiz ruh emas. Sen hech qachon inson bo‘lmagansan (Dushmanimizning nafratni qo‘zg‘aydigan ustunligi – ana shunda), shuning uchun ham, ular kundalik narsalarga qanchalik qul bo‘lib qolganini tasavvur qila olmaysan. Mening vasiyligimda sobit bir dahriy bor edi, u ba’zan Britaniya muzeyida ish yuritardi. U bir kuni kitob o‘qiyotganida fikrlarining xavfli yo‘nalishda rivojlanayotganini payqab qoldim. Bizning Dushmanimiz, albatta, shu zahotiyoq uning yoniga keldi. O‘girilgunimcha mening yigirma yillik ishim nuray boshladi. Agar men aqlimni yo‘qotib, asoslarga murojaat qila boshlasam, hammasi behuda ketgan bo‘lardi. Lekin men u qadar ahmoq emasman. Darhol vasiyligimdagi kishining ko‘proq mening nazoratimda bo‘lgan dil torini chaldim va hozir ayni ovqatlanib olish vaqti ekanligini aytdim. Dushman, qarshi zarba berdi, shekilli (hech qachon U nima deyayotganini xufyona aniq eshitib bo‘lmaydi), ya’ni bu mulohaza yuritishlar tushlikdan ko‘ra muhimroq ekanligini tushuntirdi. Ehtimol shundaydir, chunki men: “Ha, bu shunchalik muhimligidan, och qorin bilan ham shug‘ullansa bo‘laveradi», deganimda vasiyligimdagi kishi ancha quvonib ketdi. Men: “Bu yerga tushlikdan so‘ng qaytib kelib, yaxshilab o‘ylab ko‘rgan ma’qul”, deganimda, u allaqachon eshik tomon yo‘lning yarmiga yetgandi. U ko‘chaga chiqqanida g‘alaba men tomonda edi. Men unga kundalik yangiliklarni aytib qichqirayotgan gazeta tarqatuvchini va 73-sonli avtobusni ko‘rsatdim; u avtobusning zinapoyasiga oyoq qo‘yishidan avvalroq, kitoblar bilan yolg‘iz qolganida miyasiga qanchalik g‘alati o‘y–fikrlar kelmasin, “haqiqiy hayot”ning katta miqdori (bunday deganda, men avtobus va gazeta tarqatuvchini nazarda tutgandim) bunday narsalarning “shunchaki yo‘qligi”ni darhol ko‘rsatishiga to‘liq ishongandi. U xavfdan qutulganini bildi va keyinroq “sof mantiqning qarama–qarshiliklaridan ishonchli himoya qiladigan voqelikning tushuntirib bo‘lmas tuyg‘usi” haqida gapirishni yaxshi ko‘rardi. Hozir u xotirjamgina bizning otamizning uyida. Bu yerda gap nimada ekanligini fahmlayapsanmi? Biz bir necha asrlar oldin ishga tushirgan jarayon tufayli, odamlar notanish va odatiy bo‘lmagan narsalarga deyarli ishonishmaydi — ularning ko‘z o‘ngida hamisha tanish va odatiy narsalar bor. O‘z vasiyligingdagi kishini narsa va voqealarning odatiyligi bilan to‘ldirib tashla. Lekin masihiylikka qarshi vosita sifatida fanni qo‘llashni xayolingga ham keltirma (men haqiqiy fanni nazarda tutayapman). Fan u na qo‘l tegiza oladigan, na ko‘ra oladigan narsalar haqida o‘ylashga uni majbur qilishi mumkin. Hozirgi fiziklar orasida buning achinarli misollari bor. Bordiyu u fanda o‘ralashib yurishi shart bo‘lsa, iqtisod yoki jamiyatshunoslik bilan shug‘ullana qolsin. Unga bu bebaho “haqiqiy hayot”dan qochib ketishiga imkon berma. Unga bularning hammasini u allaqachon bilishini, “zamonaviy fan yutuqlari”ni esa tasodifiy suhbatlar va tasodifiy o‘qishlardan ilib olishini uqtir. Esingda tut, sen uni aldash uchun o‘sha yerdasan. Yosh jinlardan ba’zilaringizning gaplariga qaraganda, sizlar go‘yo ularni o‘qitish uchun qo‘yilgansizlar deb o‘ylash mumkin! Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. IKKINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Sening vasiyligingdagi kishi imonga kirganini bilish alam qildi. Belgilangan jazodan qochib qutulaman deb o‘zingni ovutma (garchi muvaffaqiyat onlarida sen o‘zigni umidlar bilan ovutmasligingga ishonchim komil bo‘lsada). Ahvolni to‘g‘rilash kerak. Tushkunlikka tushish kerak emas — katta yoshda imonga kirgan yuzlab odamlar Dushman qarorgohida bo‘lgach, o‘zlariga kelishdi va endi ular biz bilan. Vasiylikdagi kishining ham ruhiy, ham badanga xos barcha odatlari bizning tegirmonimizga suv quyadi. Hozirgi vaqtda bizning buyuk ittifoqchilarimizdan biri — jamoat (cherkov)ning o‘zidir. Meni to‘g‘ri tushun. Men biz ko‘rayotgan, makon va zamonni qamrab oluvchi, mangulikka ildiz otgan, tug‘lar tutgan qo‘shinlar kabi qudratli o‘sha Jamoat (cherkov) haqida gapirayotganim yo‘q. Bu manzara, tan olamanki, eng jasur yo‘ldan ozdiruvchilarni ham qo‘rquvga solishga qodir. Lekin yaxshiyamki, o‘sha Jamoat (cherkov) odamlarga ko‘rinmaydi. Sening vasiyligingdagi kishi yig‘ishtirilmagan qurilish maydonidagi qurib bitirilmagan qalbaki gotik uslubdagi binonigina ko‘radi. Ichkariga kirgach, u chuchmal qiyofali mahalliy baqqolni ko‘radi, u esa bunga kichkina yaltiroq kitobni taklif qiladi, bu kitobda xizmatning hech kim yaqqol tushunmaydigan mazmuni yozilgan, u yana ishqalangan muqovali, har xil diniy qasidalarning buzilgan, ko‘pincha yomon va buning ustiga mayda harflarda chop etilgan matnlarini o‘z ichiga olgan kitobni ham taklif qiladi. U o‘z joyiga o‘tirib, atrofga qaraganida, aynan o‘zi qochib yurgan qo‘shnilarini ko‘radi. Sen ulardan to‘liq foydalanishing lozim. Xudoning fikrlari “Mening Tanam” so‘zlaridan qiyofalarga va yana ortga qaytaversin. Bunda, albatta, o‘rindiqlarda qanday odamlar o‘tirgani hech qanday ahamiyatga ega emas. Balki sen ulardan kimdir Dushman qarorgohidagi buyuk jangchi ekanligini bilarsan. Bu muhim emas. Otamizga sharaflar bo‘lsinki, vasiyligingdagi kishi tabiatan ahmoq. Agar ulardan kimdir yomon kuylayotgan bo‘lsa, g‘irchillama etik kiygan bo‘lsa, yarashmagan kiym kiygan bo‘lsa yoki bag‘baqasi osilib turgan bo‘lsa, vasiyligingdagi kishi bu kulgili hamda beo‘xshov odamlarning imonida kulgili va beo‘xshov nimadir borligiga osongina ishonadi. O‘zing bilasan, vasiyligingdagi kishining miyasida hozir “masihiylik” haqidagi tasavvur yashayapti, u buni “ruhan” deb aytadi, ammo bu bo‘rttirib aytilgan. Uning miyasi yunonlarning xiton deb atalgan kiyimi, shippaklar, yarog‘–aslahalar, yalang oyoqlar haqidagi fikrlar bilan band. Jamoat (cherkov)dagi, atrofidagi odamlar zamonaviy kiyinganligining oddiy dalili uning uchun haqiqiy qiyin masala bo‘ldi (albatta, ongsiz ravishda). Bu masala yuzaga chiqishiga yo‘l qo‘yma va vasiyligingdagi kishi u qavmlarni qanday ko‘rishni istagan bo‘lishini o‘zidan so‘rashiga imkon berma. Uning barcha tasavvurlari xiraroq bo‘lishini kuzat: keyin sening ixtiyoringda butun bir mangulik bo‘ladi va sen do‘zaxga xos bo‘lgan alohida aniqlikni unda uyg‘ota borib, ko‘ngilxushlik qilasan. U imonga kirgan birinchi haftalardayoq unga albatta yetib keladigan tushkunlik va zaiflashishdan ortig‘i bilan foydalan. Dushman har bir ishning boshlanishida bu umidsizlikka yo‘l qo‘yadi. Odisseya tarixiga maftun bo‘lgan bola yunon tilini o‘rganishni boshlaganda bu umidsizlik paydo bo‘ladi. Sevishganlar turmush qurib, birga yashashni o‘rganganda ham bu umidsizlik namoyon bo‘ladi. Odamlarning har qanday ishida orzu qilishdan voqelikka o‘tish davri bor. Dushman shu umidsizlik bilan bog‘liq tavakkalga boradi, chunki bu jirkanch kichkina mavjudotlar uning erkin tarafdorlari va xizmatchilari bo‘lishidan umidvor bo‘ladi. U hamisha ularni “o‘g‘illarim” deb ataydi, bu bilan ikki oyoqlilarga g‘ayritabiiy sevgisini bildirib, qat’iy ishtiyoq bilan butun ruhiy dunyoni tahqirlaydi. Ularni erkinlikdan mahrum qilishni istamaydi. U odamlar oldiga qo‘ygan maqsadga ularni kuch bilan olib kelishni rad qiladi. U odamlarning “o‘zlari kelishi”ni istaydi. Bizning imkoniyatlarimiz ham mana shunda yashiringan. Lekin yodingda tut, bu yerda biz uchun xavf ham yashirin. Agar ular qurg‘oqchilik davridan bemalol o‘tib olishsa, ular o‘z hissiyotlariga kamroq qaram bo‘lishadi va ularni vasavasaga solish ancha og‘ir bo‘ladi. Men hozirgacha xuddi qo‘shni o‘rindiqdagilar umidsizlikka hech qanday jo‘yali bahonalar bermayotgandek qilib senga yozdim. Vasiyligingdagi kishi beo‘xshov shlyapa kiygan xonim – ashaddiy qarta o‘ynovchi, g‘irchillama etikli kishi esa – qurumsoq va yulg‘ich ekanligini bilgach, vazifang ancha yengillashadi. Sen shunchaki uning bu tarzda o‘ylashiga xalaqit ber: «Agar o‘rindiqda yonimda o‘tirganlarning xato–kamchiligi ularning imoni – shunchaki ikkiyuzlamachilik va ko‘nikma ekanligini isbotlaydigan bo‘lsa, men qanday bo‘lsam, shu holimcha o‘zimni masihiy deb hisoblashim mumkinmi?» Shunchalik oydin fikr uni chetlab o‘tishi mumkinmi, deb so‘raysan? Mumkin, qadrli Razilginam, bemalol mumkin! U bilan aqlliroq muloqot qil, shunda bu uning xayoliga kelmaydi. Hali uning Dushman bilan mustahkam aloqasi yo‘q, shu bois haqiqiy itoat yo‘q. U hatto tiz cho‘kib bo‘lsada, o‘zining gunohokorligi haqida qanchalik gapirmasin, buning hammasi — to‘tiqushning takrorlashidir. Qalbining tubida hali ham u imonga kelganida Dushmanimizga katta sharaf ko‘rsatganiga ishonadi va cheklanib qolgan, zerikarli odamlar bilan birga jamoat (cherkov)ga borib, katta itoatkorlik ko‘rsatayapman deb o‘ylaydi. Uni mana shu holatda iloji boricha uzoq ushlab tur. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. UCHINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Menga vasiylikdagi kishining onasi bilan munosabati haqida aytib berganlaringdan juda xursandman. Bu yerda ochiladigan imkoniyatlardan albatta foydalan. Dushman vasiyligimizdagi kishining xulq–atvorini yangi g‘oyaga tobora ko‘proq bo‘ysundira borib, qalbning markazidan uning chekkalarigacha harakatlanish niyatida. Har qanday daqiqada U ona bilan munosabatlargacha yetib borishi mumkin. Sen undan o‘zib ketishing kerak. Bu xonimga vasiylik qiladigan hamkasbimiz Xushomadgo‘y bilan aloqani yo‘qotma. Uning oilasida doimiy tajanglik va kundalik zaharlilik muhitini yarat. Bunda quyidagi usullar foydalidir: 1) Vasiylikdagi kishining diqqatini uning ichki hayotiga qaratib ushlab tur. U imonga kirish “uning ichida” rivojlanadi deb o‘ylaydi va shuning uchun ichkariga, “o‘z ruhining holati”ga yoki aniqrog‘i bu holatlarning sen unga tiqishtiradigan faraziga qaraydi. Qanday qilib bo‘lsada, uni mana shu “o‘zini o‘zi tahlil qilish”da rag‘batlantirib tur va uning nigohini oddiy majburiyatlardan chalg‘itib yuksak va ruhiy maqsadlarga yo‘naltir. Insonning foydali jihati – bir maromdagi hayotdan nafrat va buning oldidagi qo‘rquvni o‘yinga sol. Vasiylikdagi kishini soatlab o‘z ichini kavlashi, lekin bunda u bilan birga yashayotgan yoki ishlayotgan har bir kishiga mutlaqo yaqqol ko‘rinib turgan jihatlarni topa olmaydigan darajaga yetkaz. 2) Shubhasiz, u o‘z onasi uchun ibodat qilishiga hech ham xalaqit qila olmaysan, lekin uning ibodatlarini zararsizlantirishga harakat qil. U har doim bu ibodatlarni onasining bod kasalligi bilan emas, balki onasining qalbi holati bilan bog‘lashi uchun bu ibodatlarni “yuksak va ruhiy” deb ko‘rishini nazorat qilib bor. Bu yerda ikkita ustunlik mavjud. Birinchisi: uning e’tibori o‘zi onasini gunohlari uchun hurmat qilishiga qadaladi; gunohlar deganda esa, u sening kichik bir yordamingda, onasining o‘ziga noqulay bo‘lgan va o‘zining jahlini chiqaradigan xususiyatlarini tushunadi. Shunday qilib, hatto u ibodat qilayotganida ham, unga bir kun davomida yetkazilgan alamlardan qolgan yaralarga tuz sepasan. Bu qiyin ish emas va senga ko‘ngilxushlik keltiradi. Ikkinchisi: uning onasining qalbi haqidagi tushunchalari ko‘pincha juda ham noto‘g‘ri, ko‘pincha esa shunchaki xato, shu bois ham u qay bir darajada tasavvur qilinayotgan shaxs uchun ibodat qiladi; sening vazifang shundan iboratki, ushbu shaxs kun sayin uning haqiqiy onasi – u har kuni tushlik vaqtida uchratadigan tili achchiq xonimga kamroq o‘xshab boraversin. Vaqt o‘tib uning ibodatlaridagi birorta ham o‘y–hissiyotlar uning onasi bilan haqiqiy munosabatlariga ta’sir qilmaydigan darajaga olib kelishing shart. Menda o‘zim shunchalik yaxshi qo‘lga olgan mijozlarim bo‘lgandiki, ular bir lahzada xotini yoki o‘g‘lining qalbi uchun jo‘shqin ibodat qilib, darhol ularni do‘pposlash va haqoratlashga o‘tib ketishi hech gapmasdi. 3) Ikki odam ko‘p yil birga yashaganida, odatda ulardan birida ikkinchisi chidab tura olmaydigan ohang yoki yuz ifodasi bo‘ladi. Shundan ham foydalan. Toki vasiyligingdagi kishining ongiga bolaligidan yomon ko‘rishga o‘rgangan o‘sha qoshlarni chimirish odati to‘liqroq suzib chiqsin va toki u onasini qanchalik yomon ko‘rishini fahmlasin. Toki u onasiga bu holat uning jahlini chiqarishini bilaturib, onasi ataylab qovog‘ini uyayotganini onasiga aytsin. Agar sen ishni to‘g‘ri olib borsang, vasiylikdagi kishi o‘z so‘zlarining chidab bo‘lmas yolg‘on ekanligini payqamaydi. Albatta, hech qachon u o‘zida ham onasiga yoqmaydigan ovoz ohanglari va yuz ifodasi bo‘lishi mumkinligini xayoliga keltirishiga yo‘l qo‘yma. U o‘zini ko‘rmayotgani va eshitmayotgani bois, buni eplash oson. 4) Madaniylashgan dunyoda uydagi nafrat bunday namoyon bo‘ladi: oila a’zolaridan biri boshqasiga bir varaq qog‘ozda mutlaqo beozor ko‘rinishi mumkin bo‘lgan (axir so‘zlar beozor–ku) gapni aytadi, lekin ayni daqiqada bu ohangda aytilgan so‘z tarsakidan kam farq qiladi. Mana shu o‘yinni qo‘llab–quvvatlash uchun Xushomadgo‘y ikkalangiz ahmoqvoylaringizda o‘ziga va boshqasiga har xil talablar bo‘lishini nazorat qilishingiz shart. Sening vasiyligingdagi kishi uning barcha gaplarini so‘zma–so‘z to‘g‘ri ma’noda tushunishlarini talab qilishi kerak, ayni paytda ona aytgan gaplar uning uchun kontekstga, tub sabab va har xil ohanglarga ko‘paytiriladi. Onani ham xuddi shu narsaga gij–gijlash zarur. Shunda har bir janjaldan so‘ng ulardan har biri mutlaqo aybsizligiga ishonib tarqaladi. Bunday hollarda nima deyishlarini bilasan va tushunasan, axir: «Men onamdan qachon biz tushlik qilishimizni so‘radim, xolos, u esa butunlay quturib ketdi». Agar shu odat yaxshi mustahkamlansa, oldingda ajoyib vaziyat paydo bo‘ladi — odam aniq niyat bilan kimnidir xafa qilish uchun nimadir deydi va ayni paytda uning so‘zlarini dilsiyohlik deb qabul qilishsa, o‘zi xafa bo‘ladi. Xulosa sifatida kampir imonga qanday munosabatda ekanligini menga ayt. U o‘g‘lini qizg‘anmayaptimi? U bolalikdan o‘rgatganman deb hisoblayotgan narsalarni o‘g‘li boshqalardan va shunchalik kech o‘zlashtirganidan xafa emasmi? U o‘g‘lini juda shovqin qilayapti va imonga juda ham oson erishdi deb o‘ylamayaptimi? Dushman masalidagi akani yodda tut. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. TO‘RTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Sening oxirgi xatingdagi havaskorona taklif ibodat qilishdek yoqimsiz narsa haqida sen bilan to‘liqroq gaplashib olish vaqt kelganini menga eslatdi. Vasiylikdagi kishining ibodatlari haqidagi maslahatim “o‘ta muvaffaqiyatsiz” chiqqanligi haqida yozmasliging ham mumkin edi. Amakivachchalar o‘z amakisiga, kichkina yo‘ldan ozdiruvchilar – vazir yordamchisiga bunday yozishmaydi. Buning ustiga, sen javobgarlikdan qochishni xohlayotganingni payqayapman. Xatolar uchun javob berishni o‘rgan. Yaxshisi, vasiylikdagi kishini iloji boricha ibodatlardan nari tutgan ma’qul. Vasiylikdagi kishi (xuddi senikidek) — yaqindagina Dushman qarorgohiga qaytgan katta yoshli odam bo‘lib, buni unga ibodatlarni bolaligidagidek to‘tiqushlarcha takrorlashni eslatib turish (yoki unga o‘zining esidagilarni uqtirish) osonroq. Bunday ibodatlarga nafrat bilan qarashni qo‘llasang, sen uni qandaydir tartibsiz, shaklsiz va muntazam bo‘lmagan narsaga ishontira olasan. Aslida boshlayotgan kishi uchun bu uning g‘ira–shira “e’zozli kayfiyat”da bo‘lishini anglatadi. Bunday kayfiyatda, albatta, na iroda, na aql jamlangan bo‘ladi. Kolrij degan shoir “oddiy so‘zlar qamchisi ostida va tiz cho‘kib emas”, balki shunchaki “ruhi sevgiga chulg‘anib” va “qalbi ibodatga sho‘ng‘ib” ibodat qilishini yozgandi. Bizga shunisi kerak–da. Bunday ibodat Dushman xizmatida ancha ilgarilab ketganlar qiladigan so‘zsiz ibodatga tashqi tomondan o‘xshab ketishi bois, mulohazakor va yalqov mijozlar yanglishishda ancha oson va uzoq vaqt bo‘lishi mumkin. Nihoyat, ularni ibodat qilish uchun ular tanasining qanday holatda ekanligi mutlaqo ahamiyatsizligiga ishontirish mumkin (axir, ular har doim sen yodda tutishing shart bo‘lgan narsani unutib qo‘yishadi: ular — hayvon, tanalari esa ularning ruhiga ta’sir qiladi). Qanchalik kulgili bo‘lmasin, bu maxluqlar har doim biz ularning miyasiga turli xil fikrlarni tiqishtiramiz, deb tasavvur qilishadi, ayni paytda biz uchun ularni fikrlardan chalg‘itish yaxshiroq. Agar bunga erisha olmasang, nozikroq usuldan foydalan. Har gal uning xayoli Dushmanning o‘ziga qaratilganida, biz chekinishga majburmiz. Lekin ularga xalaqit qilish usuli bor. Eng oddiysi — uning diqqatini Dushmandan ko‘ra uning o‘ziga chalg‘itishdir. Toki diqqatini o‘z ongiga jamlasin yoki o‘zining iroda kuchi bilan o‘zida hissiyotlar uyg‘otsin. U Xudoning shafqatini chaqirishni istab qolganida, toki buning o‘rniga nima qilayotganini bilmagan holda, o‘ziga achinsin. U mardligini mustahkamlash haqida ibodat qilishni istaganida, afv etilganligini his qilsin. Uni har bir ibodat istalgan hislarni uyg‘otgan–uyg‘otmaganligini baholashga o‘rgat. Toki u o‘ziga nisbatan bunday munosabatda ibodatning muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz chiqqanligi u sog‘lom yoki bemorligiga, charchagani yoki tetikligiga bog‘liqligini bilmasin. Tabiiyki, Dushman har doim ham harakatsiz bo‘lmaydi — ibodat bor joyda Uning aralashish xavfi mavjud. U o‘z sha’niga, tanasiz ruhlar (bizning qismimiz) sha’niga haddan ortiq befarq, tizzalarini bukadigan bu hayvonlarga esa mutlaqo g‘azabni keltiradigan darajada o‘zini anglashni in’om qiladi. Lekin agar U sening vasiyligingdagi kishi ibodatini boshqa tomonga burishga dastlabki urinishlaringni bartaraf etsa, bizda yana bir nozikroq qurolimiz bor. Odamlarga Uni to‘g‘ri qabul qilish berilmagan (afsuski, biz bundan qocha olmaymiz). Ular hech qachon bizning mavjudligimiz tinimsiz azobligiga sabab bo‘lgan – o‘sha dahshatli aniqlik, o‘sha jazirama yaltirashni boshdan kechirmaganlar. O‘z mijozing ibodat qilayotganida uning qalbiga qarasang, u yerda bu aniqlikni topmaysan. Agar u ibodatida murojaat qilayotgan ob’ektga sinchiklab qarasang, ko‘plab yarashmagan qismlardan tashkil topgan qandaydir murakkab narsani topasan. U yerda sharmandali davrda Dushman timsolidan kelib chiqqan obrazlar bo‘ladi. U yerda Dushmanning boshqa ikki Timsoli bilan bog‘liq butunlay tushunarsiz va oddiy, bolalarcha va sodda qiyofalar bo‘ladi. Ibodat bilan birga boruvchi tuyg‘ular va hatto o‘z–o‘zi oldidagi ehtirom bo‘lishi mumkin. Bizning vasiyligimizdagi kishi “xudo” deb aytgan, shipning chap burchagiga yoki o‘z boshiga yoxud chormixga tortilganning suratiga shaydoyi bo‘lib qolgan hollarni bilaman. Lekin Dushman haqidagi murakkab tasavvurning tabiati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, asosiysi, vasiylikdagi kishi uni Yaratganga emas, balki aynan o‘z tasavvuriga, o‘ziga o‘zi yaratib olgan butga ibodat qilishini nazorat qil. Vasiyligingdagi kishini u jon-jahdi bilan sajda qilish ob’ektini to‘g‘rilab va yaxshilab borishiga hamda ibodat qilayotganida doim bu haqida o‘ylashiga majburla. Agar u qachondir ravshanlikka erishsa, agar u qachondir ongli ravishda o‘z ibodatini “Sening Qiyofangni tasavvur qilganimdek” deb emas, balki “Yagona mavjud bo‘lgan Sen”ga yo‘naltirsa, biz tamom bo‘ldik. Agar u o‘zining barcha tasavvurlari va qiyofalarining past sub’ektiv tabiatini bilib qolib, ularni bir chetga otsa va O‘zi ko‘rinmas bo‘lgan, biroq bu yerda, u bilan bir xonada mutlaqo real mavjud bo‘lgan, u hech qachon taniy olmaydigan Zotga imon keltirsa, xuddi O‘sha Zot bilganidek – eng yomoni sodir bo‘lishi mumkin. Bundan qochishda senga bir narsa yordam beradi: odamlar o‘zini ibodatda qalbni ochishga shunchalik tashnaman deb o‘ylashadi, ammo aslida ular bunga bunchalik kuchli muhtoj emas. Lekin ko‘pincha ibodatni inson istaganidan ko‘ra yaxshiroq eshitishadi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. BESHINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Ish haqida batafsil hisobotni kutganingda, dudmal zavq–shavqlarni olsang, bu bir oz ko‘ngilni xira qiladi. Sen yevropaliklar o‘zining navbatdagi urushini boshlaganidan “o‘zingni qo‘yarga joy topolmay xursand” ekanligingni yozibsan. Senga nima bo‘lgani menga tushunarli. Seni xursandlik qamrab olmagan, shunchaki mastsan. Mijozning uyqusiz tuni haqidagi betayin xatingni satrlar oralab o‘qib ko‘rarkanman, sening holating haqida ham mulohaza qilishim mumkin. Xizmating davomida birinchi marta butun mehnatimiz uchun mukofot sharobini tatib ko‘rding. Bu sharob, – inson ruhining xavotiri va sarosimasi – aqlingni o‘g‘irladi. Seni ayblash qiyin: dono bosh yosh yelkaga og‘irlik qiladi. Xo‘sh, sen vasiylikdagi kishiga tasvirlab bergan kelajak manzarasi unda taassurot qoldirdimi? Sen unga baxtli o‘tmish haqida qayg‘uli xotiralarni aytib berdingmi, ko‘ksi keragicha jimillab og‘riyaptimi? Sen uning barcha dil torlarini chala oldingmi? Nima ham derdik, bu odatdagi hol. Lekin yodingda tut, Razilginam, har ishning o‘z vaqti bor. Agar sening hozirgi yengil fikrlashing o‘lja qo‘ldan chiqib ketishiga olib kelsa, hozir tatib ko‘rgan sharobingni abadiy va besamar kutadigan bo‘lasan. Bordiyu, qat’iy, sovuqqon va uzluksiz say’–harakatlar bilan uning qalbini qo‘lga kirita olsang, u – abadiy seniki. Shunda u chetigacha alam, dahshat va g‘ulg‘ula to‘ldirilgan tirik qadah bo‘ladi va undan xohlagan paytingda ho‘playverishing mumkin. Shunday ekan, vaqtinchalik qo‘zg‘alish seni asosiy ishdan chalg‘itishiga imkon berma, sening ishing esa — imonni qo‘porish va ezgulikni to‘xtatishdir. Biz nima yaxshiligini: undan ashaddiy tinchliksevar yoki otashin vatanparvar yasashni o‘ylab ko‘rishimiz uchun keyingi xatingda mijozning aks munosabati haqida batafsil va to‘liq hisobot yubor. Bu yerda bizda imkoniyatlar bisyor. Hozircha esa men seni ogohlantirib qo‘yishim kerak: urushdan juda ko‘p umidvor bo‘laverma. Albatta, urushda ko‘p qiziq narsalar bo‘ladi. Doimiy qo‘rquv va odamlarning azob tortishi — bizning tirishqoq mehnatkashlarimiz uchun qonuniy va yoqimli hordiq. Lekin agar biz vaziyatdan foydalana olmasak va otamizga yangi jonlarni yetkaza olmasak, bundan ne foyda? Men keyinchalik qo‘limizdan chiqib ketadigan odamning vaqtinchalik azoblarini ko‘rsam, o‘zimni xuddi dabdabali ziyofatda menga gazak taklif qilib, keyin butun taomni olib qo‘yishgandek yomon his qilaman. Bu hech narsa tatib ko‘rmagandan ham yomon. O‘zining shafqatsiz uslubiga sodiq Dushman esa faqat bizni qiynash, sinab ko‘rish va oxir–oqibatda kulgiga qoldirish uchun biz O‘zi tanlaganlarning uzoq bo‘lmagan azoblarini ko‘rishimizga ijozat beradi, bizga Uning mudofaa to‘sig‘i yaratgan muttasil ochlikni qoldiradi. Yevropa urushidan qanday rohatlanishni emas, undan qanday foydalanishni o‘ylab ko‘raylik. Qay bir jabhada u bizning foydamizga ishlaydi. Shafqatsizlik va adovatning anchagina me’yoridan umidvor bo‘lish mumkin. Lekin agar biz hushyor bo‘lsak, bu gal minglab odamlar Dushmanga yuz tutishini, unchalik ichkarilab ketmagan o‘n minglab odamlar esa o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lmay, o‘zlarinikidan ustun deb hisoblovchi qadriyatlar va ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishini ko‘ramiz. Bilaman, Dushman bu ishlarning ko‘pini ma’qullamaydi. Lekin aynan shu yerda U haq emas. Chunki Uning O‘zi pirovardida U o‘sha mudhish, safsatabozga munosib asosda yomon deb hisoblaydigan ishlar uchun jonini bergan odamlarni ulug‘laydiki, odamlarning o‘ziga bu ishlar yaxshi va munosib bo‘lib tuyuladi. Odamlar urushda naqadar nomaqbul tarzda o‘lishini ham o‘ylab ko‘r. Ular o‘zlarini o‘ldirishlari mumkinligini bilishadi va baribir o‘sha yoqqa boraverishadi, ayniqsa, ular Dushmanning tarafdorlari bo‘lsa. Agar ular qimmatbaho kasalxonalarda, o‘layotganlarga hayot va’da qilib va kasallik har bir injiqlikni kechirishini ta’kidlab (agar bizning xodimlarimiz o‘z ishini yaxshi bilishsa), ruhoniy bemorga uning haqiqiy holatini aytib qo‘ymasligi uchun, ruhoniy haqidagi fikrga yo‘l qo‘ymay, bizning uqtirishimizga ko‘ra aldayotgan shifokorlar qurshovida o‘lsa, bizga yaxshi bo‘lardi. O‘limni doimiy eslash esa biz uchun naqadar halokatli! Bizning patentlashgan qurolimiz — hayot farovonliklaridan rohatlanish — ish bermay qoladi. Urush vaqtida endi hech kim mangu yashashiga ishonmay qo‘yadi. Chatoq va boshqa ba’zilar imonga hujum qilish uchun urushlarda katta imkoniyatni ko‘rishgani ma’lum, lekin bunday ko‘tarinkilik juda oshirib yuborilgandek tuyuladi, menga. Dushman o‘zining Yerdagi izdoshlariga azob – U Gunohni yuvish deb ataydigan narsaning ajralmas qismi ekanligini yaqqol ko‘rsatdi. Shunday ekan, urush yoki epidemiya tufayli buzilgan imon bizning say’–harakatlarimizga arzimaydi. Albatta, inson aqli falajlangan dahshat, og‘ir judolik yoki jismoniy azoblar paytida sen uni tuzoqqa tushirishing mumkin. Lekin hatto shunda ham, agar odam Dushmanni yordamga chaqirsa, fahmlashimcha, u har doim himoya ostida bo‘ladi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. OLTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Vasiyligingdagi kishining yoshi va kasbi uni harbiy xizmatga chaqirishlariga xalaqit bermasligini bilish yoqimli. U to‘la o‘ziga ishonmaslikda bo‘lishi va uning tasavvuri goh qo‘rquv, goh umid tug‘diradigan kelajakning qarama–qarshiliklarga to‘la manzaralari bilan band bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Hech narsa xavotir va mavhumlikdek odam ruhini Dushmandan himoya qila olmaydi. Dushman odamlar o‘z ishiga diqqatini jamlashini istaydi; bizning vazifamiz — ularning fikrini ular bilan nima sodir bo‘lishi mumkinligi bilan band qilib qo‘yishdir. Sening vasiyligingdagi kishi, albatta, Dushman irodasiga itoatkorona bo‘ysunishi shartligini biladi. Albatta, Dushman inson hozir uning boshiga tushayotgan kulfatlar, xavotir va bugunning mavhumligiga bardosh berishini nazarda tutadi. Aynan shu kulfatlarga javoban va u har kuni aynan shu xochni ko‘tarib yurgani uchun inson: “Sening irodang bo‘lsin” deyishi kerak, shunda u rizq oladi. Sening vazifang vasiyligingdagi kishi o‘zining hozirgi qo‘rquvini unga ortilgan xoch deb o‘ylamasligi, balki o‘z qo‘rquvining mavzusi haqida o‘ylashidan iborat. Uni bu narsalarni xochlar deb qabul qilishga majbur et. Uni o‘zini qo‘rqitayotgan xavflar ayni bir vaqtda mavjud bo‘la olmasligi, hammasi birdaniga uning boshiga tushishi mumkin emasligini unutishga majbur qil. Uni kelajakda u bularni matonat va sabr bilan yengishiga hafsala qilishga majbur et. Aslida taqdir oldida haqiqiy itoatni namoyon qilish deyarli ilojsiz, taqdirning bir talay aft–angori bor. Bunday qilishga uringanlarga Dushman sezilarli yordam bermaydi. Hozirgi, haqiqiy azobga itoat etish esa, hatto azob faqat qo‘rquvda bo‘lganda ham, odatda yuqoridan yordamisiz qolmaydi. Bu yerda muhim ruhiy qonun amal qiladi. Sen vasiyligingdagi kishining diqqatini Dushmandan ko‘ra uning U haqdagi o‘z tasavvurlariga burib yuborib, vasiyligingdagi kishining ibodatini zaiflashtirishing mumkinligini tushuntirib o‘tgandim. Agar odamning fikrlari qo‘rquvning mavzusidan ko‘ra qo‘rquvning o‘ziga burilgan bo‘lsa (buning ustiga bu qo‘rquv hozirgi va nomaqbul holat deb qabul qilinadi), qo‘rquvni boshqarish oson bo‘ladi. Bordiyu, u o‘ziga ortilgan xochni qo‘rquv deb hisoblasa, u albatta buni pand–nasihat deb biladi. Shunday qilib, umumiy qoidani ifodalash mumkin: agar vasiylikdagi kishining ongi bizga xizmat qilsa — uni o‘zini o‘zi anglashdan chalg‘it; agar uning ongi Dushmanga xizmat qilayotgan bo‘lsa, uning ongini uning o‘ziga qarat. Toki dilsiyohlik yoki ayol badani uni shunchalik jalb qilsinki, “Mening jahlim chiqib ketdi” yoki “Men shahvoniy nafsga berilib qoldim” degan gap uning xayoliga ham kelmasin. Aksincha, “Men xudojo‘y bo‘layapman” yoki “...tobora rahmdil bo‘layapman” degan fikr u o‘z nigohini Dushmanga va yaqinlariga qaratmay, o‘zidan uza olmaydigan darajada uni qamrab olsin. Uning urushga bo‘lgan umumiy munosabatiga kelganda, sen odamlar masihiy va g‘ayrimasihiy matbuotda muhokama qilishni juda yaxshi ko‘radigan nafratga unchalik ham umid qilma. Vasiyligingdagi kishiga juda yomon bo‘lganida, albatta, uning nemis yetakchilariga bo‘lgan nafratli tuyg‘ularini qizdirish lozim: bu yaxshi. Lekin odatda bu bor–yo‘g‘i tasavvurdagi qandaydir boshqalarning gunohiga javobgar bo‘lib qolgan odamlarga qaratilgan hayajonli yoki afsonaviy nafratdir. U bu odamlarni hech qachon hayotida uchratmagan – bularning hammasi gazeta ma’lumotlaridan o‘g‘irlangan qiyofalardir. O‘ylab topilgan bunday nafratning natijalari ko‘pincha biz uchun noxush bo‘lib, shu munosabatda inglizlar barcha odamlar orasida eng achinarli lapashanglardir. Ular o‘zlarining dushmanlari uchun dunyodagi bor qiynoqlar kam deb ayuhannos solib, keyin esa ularning oshxonasi eshigida paydo bo‘lgan birinchi yarador nemis uchuvchisiga choy va sigaret beradigan ayni o‘sha notavonlardir. Sen qanday harakat qilishingdan qat’iy nazar, mijozingning qalbida doimo ham yaxshi fazilatlar, ham yomonlik mavjud. Asosiysi, uning g‘azabini o‘zi har kuni ko‘rib turadigan yaqinlariga qaratish, yaxshi fazilatini esa uzoqlarga shunday yo‘naltirish kerakki, toki u o‘zi umuman tanimaydigan odamlarga yaxshilik qilayapman deb o‘ylasin. Shunda qahr to‘liq mavjud bo‘ladi, yaxshilik esa soxta bo‘ladi. Agar ayni paytda unda onasiga, ishdagi boshlig‘iga va tramvayda birga borayotganlarga nisbatan zararli yaxshi fazilatlar o‘sib borayotgan bo‘lsa, u holda unda nemislarga nisbatan nafrat uyg‘otishdan ma’no yo‘q. Mijozni bitta umumiy markazga ega bo‘lgan doiralar: markazda – uning irodasi, keyingisida – aqli, keyin esa – xayoloti deb tasavvur qil. Hamma doiralardagi Dushman muhriga ega hamma narsani bema’nilashtira olish ehtimoli kam, ammo sen barcha yaxshiliklarni markazdan chekkaga itarishing kerak, toki ular xayolot doirasida qolsin, biz istayotgan xususiyatlarni esa – iroda doirasiga kiritishing kerak. Faqat irodaga yetsa va odatga aylansagina, yaxshiliklar biz uchun haqiqatan ham xavfli bo‘ladi. Men, tabiiyki, vasiylikdagi kishi tishini g‘ijirlatib, yirtayotgan, otayotgan va qat’iylikka erishayotgan holatni o‘z irodasi deb hisoblayotganini nazarda tutayotganim yo‘q, balki uning asl markazini – Dushman qalb deb ataydigan narsani nazarda tutayapman. Xayolot tomonidan bo‘yalgan, aql tomonidan ma’qullangan, hatto jo‘shqin seviladigan birorta ham yaxshi fazilat odamni bizning otamizdan saqlab qola olmaydi: u otamizning huzuriga tushganda, yana ham kulgili bo‘ladi, xolos. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YETTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Sening savoling meni hayron qoldiradi. Sen vasiyligingdagi kishi borligingni bilishi (yoki bilmasligi) muhimligi haqida qiziqayapsan. Jangning shu bosqichiga qadar bu borada quyi qo‘mondonlikning yo‘riqnomasi bor edi. Bizning siyosatimiz yashirina bilishda. Tabiiyki, har doim ham shunday bo‘lavermagan. Ko‘z o‘ngimizda azobli muhokama turibdi. Odamlar bizga ishonishmasa, bevosita terror beradigan o‘sha quvonchli natijani ololmaymiz va buning ustiga biz jodugarlik quvonchlaridan mahrummiz. Boshqa tomondan, ular bizga ishonishsa, biz ulardan materialistlar va skeptiklar yasay olamiz. Har holda, hozircha bunday qila olmaymiz. Umid qilamanki, vaqti kelib biz fanni hissiyotlar va afsonalar bilan shunchalik aralashtirib tashlashni o‘rganamizki, bizga bo‘lgan ishonch (o‘zgargan nom ostida) ularga yetib boradi va ildiz otadi, shunda odam qalbi Dushmanga bo‘lgan ishonch uchun yopiq bo‘lib qoladi. “Hayot kuchi”ga, jinsiy aloqaga topinish va psixoanaliz bu yerda ancha foydali bo‘lishi mumkin. Agar biz qachonlardir yuqori sifatli mahsulot – u mujmal va g‘ira–shira tarzda “kuchlar”deb atayotgan narsadan nafaqat foydalanadigan, balki buni e’zozlaydigan, shu bilan birga, ko‘zga ko‘rinmas olamni inkor qiladigan materialist–sehrgarni yaratishga erisha olsak, g‘alabali yakunga yaqin qolamiz. Mijozni aldash senga unchalik qiyin emas, deb o‘ylayman. «Shaytonlar» — zamonaviy odamlar uchun kulgili qahramonlardir, bu esa senga yordam beradi. Agar qo‘l ostingdagi kishining xayoliga qandaydir olag‘ovur shubha kelib qolsa, unga qizil triko kiygan mavjudotning tasvirini ko‘rsat, u bunday mavjudotga ishonmasligi bois, senga ham ishonishi mumkin emasligini unga uqtir. Bu eski usul, ammo hamma darsliklarda bor. Men o‘zimning va’damni unutganim yo‘q va qo‘l ostingdagi kishini ashaddiy vatanparvar yoki ashaddiy tinchliksevar qilishni o‘ylab ko‘rdim. Dushmanga bo‘lgan behad sadoqatdan tashqari barcha haddan ziyod hissiyotlarni qo‘llab–quvvatlash kerak. Har doim emas, lekin hozirgi vaqtda – so‘zsiz. Odamda sovuqqonlik va o‘z–o‘zidan qanoatlanish hissiyotlari bo‘lganida, ularning g‘aflatga yanada botishlariga yordam beramiz. Janjallar kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa vaqtlarda, bizning vazifamiz – olovga moy sepish. Odamlarning boshqalar rad etadigan yoki inkor qiladigan, umumiy manfaat bilan bog‘langan har bir kichik guruhi asta–sekin iliq ko‘ngilchanlikni yetishtiradi, albatta – bir–biriga nisbatan. Boshqa hammaga nisbatan esa hech uyalib o‘tirmay, kibrlanish va hatto nafrat o‘sib boradi, chunki ularga “ishlash” tomonidan ruxsat berilgan va bu ularni shaxsiy javobgarlikdan xalos qiladi. Dastlab Dushmanga xizmat qilish sharafiga paydo bo‘lgan kichik guruhlarda ham xuddi shu narsa yuzaga keladi. Biz Dushmanni nafaqat kamroq odamlar bilishini, balki jamoat qavmi ham yashirin tashkilotlar va jamoalarga xos bo‘lgan o‘z qobig‘iga o‘ralib qolganlik, bo‘g‘iq keskinlik, o‘zidan mamnun benuqsonlikka ega bo‘lishi uchun jamoatning kichkina bo‘lishini istaymiz. Jamoatning o‘zi, albatta, yaxshi himoyalangan va biz hali hech qachon unga fraksiyaga xos bo‘lgan qirralarni bera olmadik. Ammo unga kiradigan ba’zi guruhchalar ajoyib natijalari bilan bizni tez–tez quvontirib turgan: Korinfdagi Pavlus va Apollos firqalaridan tortib, Angliyadagi ikkita anglikan jamoatigacha. Agar sening vasiyligingdagi kishini vijdonli tinchliksevar qilish nasib etsa, u shu zahoti jamiyatning kichkina, baland ovozli, kirishimli va ommabop bo‘lmagan a’zosiga aylanadi, bu esa hoynahoy, imonga yangi kirgan masihiyga deyarli yaxshi ta’sir qiladi. Lekin faqat “deyarli”! Urushgacha u hatto adolatli urushda ishtirok etish o‘zini oqlashiga shubha qilganmidi? Tinchliksevarligining haqiqiy sabablarini yashiruvchi o‘zini aldaydigan ayqash–uyqash o‘y–hissiyotlarga berilmaslik uchun jasorati yetarmikan? Rostgo‘ylik ko‘proq aks etgan daqiqalarida (odamlardan hech kim hech qachon mutlaqo rostgo‘y bo‘lmagan) u faqatgina Dushman irodasiga bo‘ysunishiga ishonchi komilmi? Agar u aynan shunday bo‘lsa, uning tinchliksevarligi, afsuski, bizga qo‘l kelmaydi, Dushman esa, hoynahoy, uni mazhabga tegishlilikdan himoya qiladi. Bu holda unda to‘satdan va yanglish hissiy inqiroz keltirib chiqarishingni maslahat beraman, u bu inqirozdan o‘ziga ishonchsiz va omonat vatanparvar bo‘lib chiqishi mumkin. Lekin agar men uni aniq tasavvur qilayotgan bo‘lsam, yaxshisi, tinchliksevarlikni sinab ko‘rgan ma’qul. U nimaga qaror qilgan bo‘lmasin, sening vazifang o‘zgarmasdir. U vatanparvarlik yoki tinchliksevarlikni o‘z dinining bir qismi deb hisoblayversin, firqaviy ruhda esa bunga nisbatan uning eng muhim qismi sifatida qarayversin. Keyin uni xotirjam va asta–sekin din “ish”ning bir qismi, masihiylikni esa u ingliz harbiy harakatlari yoki tinchliksevarlikni oqlashi uchun uning til boyligidan sug‘urib olish mumkin bo‘lgan bahonalar uchungina qadrlaydigan bosqichga keltir. Bir narsaga yo‘l qo‘yma, mijoz kundalik ishlarni Dushmanga itoat qilish uchun material deb qaramasin. Agar sen tinchlikni maqsad, imonni esa vosita qilib qo‘ygan bo‘lsang, odam deyarli sening qo‘lingda va bunda u qanday maqsadni ko‘zlayotgani mutlaqo ahamiyatsiz. Agar faqat mitinglar, risolalar, siyosiy kampaniyalar, harakatlar va ishlar uning uchun ibodat, sinoat va shafqatdan ko‘ra muhim bo‘lsa — u biznikidir. U qancha ko‘p “dindor” (shu ma’noda) bo‘lsa, biz uni shuncha mahkam ushlaymiz. Men senga pastlikda bundaylarning butun bir qafasini ko‘rsatishim mumkin. Ermakbop burchak! Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. SAKKIZINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Shunday qilib, sen “vasiyligingdagi kishining imondagi davri tugashga yaqinlashayotganidan to‘la umidvorsan”! Men har doim Yo‘ldan ozdiruvchilar oliygohiga Yaramas rahbarlik qila boshlagandan beri uni juda izdan chiqqan deb gumonsirardim. Endi men bunga to‘liq ishonch hosil qildim. Nahotki to‘lqinsimon almashinuv qonuni haqida hech kim senga gapirib bermagan? Ham suvda, ham quruqlikda yashovchi hayvonlar kabi, odamlar ham ikkiyuzlamachi — ular yarim ruh, yarim hayvondirlar. Dushmaning bunchalik g‘azabni keltiruvchi chatishmani yaratish qarori bizning otamiz Undan yuz o‘girishining sabablaridan biri bo‘lgan. Ruhlar sifatida ular mangulikka daxldor; hayvonlar sifatida zamonda mavjud. Bu shuni anglatadiki, ularning ruhi abadiylikka qaratilgan bo‘lishi mumkin, tanasi, ishtiyoqlari va o‘ylari doimo o‘zgarib turadi, chunki zamonda mavjud bo‘lish “o‘zgarib turish”ni anglatadi. Doimiylikka ular to‘lqinsimon o‘zgarishlarda ko‘proq yaqindirlar. Bu shuni anglatadiki, ular tanazzuldan o‘zlari chiday olmagan yuksak holatga qaytadi va yana tanazzulga yuz tutadi; ko‘tarilish va pasayishlarning zanjiri shunday. Agar sen vasiyligingdagi kishini yaxshilab kuzatsang, bu navbatlashishni uning hayotining hamma tomonlarida ko‘rishing mumkin. Uning ishga bo‘lgan qiziqishi, do‘stlarga bog‘lanib qolishi, hatto ishtahasi ham goh faollashadi, goh o‘tmaslashadi. Toki u yorug‘ dunyoda yashar ekan, hissiy va jismoniy jadallik va tetiklik davrlari charchoq va loqaydlik davrlari bilan almashib turadi. Hozirgi vaqtda sening vasiyligingdagi kishi boshdan kechirayotgan jarangsizlik va zerikish, sen soddalarcha quvonib o‘ylaganingdek, sening ishing natijasi emas. Bular — to‘la tabiiy narsalar va agar sen ulardan to‘g‘ri foydalana olmasang, bundan bizga hech bir naf yo‘q. Bularni qanday qilib bizning foydamizga yaxshiroq ishlatishni hal etish uchun o‘zimizdan Dushman bu yerda qanday maqsadni ko‘zlayotganini so‘rab olishimiz va aynan qarama–qarshi harakat qilishimiz zarur. Balki, U ko‘tarilish davrlaridan ko‘ra ko‘proq tanazzul davrlaridan umid qilishini bilib, hayron qolarsan. U alohida e’zozlaydigan ba’zilar tanazzulning juda uzoq davrlaridan o‘tishlariga to‘g‘ri keldi. Buning sababi – quyidagicha. Biz uchun odam ko‘proq o‘lja, bizning maqsadimiz — uning irodasini qul qilish, biz uning hisobidan o‘z xudbinligimiz maydonini kengaytirishimiz zarur. Dushman esa undan mutlaqo boshqa narsani talab qiladi. Uning odamlarga bo‘lgan mehri va Unga xizmat qilish – to‘la erkinlik ekanligi haqidagi gap–so‘zlar shunchaki targ‘ibot emas (xuddi biz xohlaganimizdek), balki dahshatli haqiqat ekanligini qat’iy o‘zlashtirib olish kerak. Dushman haqiqatan ham Koinotni O‘ziga o‘xshagan kichkinalar bilan to‘ldirishni o‘ylab topgan. Olam hayoti kichkinalashtirilganda Uning hayotiga o‘xshash bo‘lgan mavjudotlar bilan to‘lib–toshishi Unga yoqadi, U bularni o‘ziga bo‘ysundirgani uchun emas, balki ularning irodasi erkin ravishda Uning irodasiga uyg‘unlashib ketgani uchun. Bizga esa o‘zimizga ozuqa bo‘ladigan to‘da kerak. U O‘ziga o‘g‘illar bo‘lib qoladigan xizmatchilarni istaydi. Biz yutib yuborishni istaymiz. U — berishni xohlaydi. Biz bo‘m–bo‘shmiz va to‘yishni xohlaymiz. U — to‘liqlik, tuganmas manba. Bizning maqsadimiz — jahannam otasi qo‘lga olgan odamlarga to‘la dunyo: Dushman hamma odamlar U bilan birlashib ketishi va bunda har biri takrorlanmas qism bo‘lib qolishini istaydi. Endi esa — tanazzul davrlari haqida. Hoynahoy, sen nega Dushman O‘zi istagan vaqtda O‘z hukmronligidan foydalanib, O‘zining mavjudligini his qilishlariga qo‘yib bermaydi deb hayron qolayotgandirsan. Qudratlilik ham, Rad etib bo‘lmaslik ham Uning O‘zi tomonidan Uning faoliyati orqali taqiqlangan. Insonning irodasini shunchaki qamrab olish (Uning ishtiroki odamning his qilishini qamrab olgani kabi) Unga foydasiz. U zabt etishi mumkin emas. U faqat da’vat qilishi mumkin. Uning xunuk g‘oyasi ham sarmoya to‘plash, ham mas’umlikn saqlab qolishdan iborat. Odamlar o‘z shaxsini yo‘qotmagan holda U bilan yakdil bo‘lishlari shart. Na odamlarga bepisand bo‘lish, na ularni qul qilish Uni qoniqtirmaydi. U imonga yangi kirganlarni sal–pal tetiklashtirishga tayyor. U ba’zan O‘zining mavjudligini his qildirib, ularga dalda beradi, garchi bu dalda zaif va nursiz bo‘lsada, baribir bu odamlarga yetarli bo‘ladi. U odamlarni orombaxsh quvonch va vasvasa ustidan yengil g‘alaba bilan jonlantirib turadi. Biroq U hech qachon bu uzoq davom etishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ertami–kechmi U odamlarni O‘zining qo‘llab–quvvatlashi va O‘z murabbiyligidan uzoqlashtiradi, agar haqiqatan ham bo‘lmasada, odamlarning tasavvurida. U O‘z yaratganlarini oyoqqa turib olish va faqat yolg‘iz iroda yordamida o‘zining butun jozibadorligini yo‘qotgan majburiyatlarini bajarishga majbur qiladi. Dushman insonga ko‘tarilish davrlarida emas, balki aynan tanazzul davrlarida unga kim bo‘lishini topshirgan bo‘lsa, o‘sha kishiga aylanishga yaqinroqdir. Shuning uchun ham “ruhiy quruqlik”da Unga yo‘llangan ibodatlarni U ko‘proq qadrlaydi. Biz esa mijozlarimizni vasvasalar arqoni bilan o‘zimizga tortishimiz kerak — ular biz tomonimizdan qurbonlikka olib kelishga mo‘ljallangan bo‘lib, ularning irodasi buni qancha ko‘p ma’qullasa, shunchalik yaxshi bo‘ladi. U biz gunohga jalb qilganimiz kabi yaxshi fazilatga jalb qila olmaydi. U odamlarni yurishga o‘rgatishi va O‘z qo‘lini tortishi shart. Agar ular haqiqatan ham yurishni istasa, hatto odamlar qoqilib ketganda ham U xursand bo‘laveradi. Aldanib qolma, Razilginam. Odam go‘yoki Dushmanning har qanday izi yo‘qolgandek bo‘lib tuyuladigan Koinotda bo‘lganida va nima uchun u tashlab qo‘yilganini so‘raganida va Unga unchalik ham istamay, ammo Dushmanning irodasiga ergashishga qat’iy niyat bilan itoat etishda davom etayotganda, bizning ishimiz, ayniqsa, katta xavf ostida. Albatta, tanazzul davrlari bizga ba’zi imkoniyatlarni beradi ham. Keyingi haftada men senga ulardan qanday foydalanish borasida bir qancha maslahatlar beraman. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. TO‘QQIZINCHI XAT Qadrli Razilginam! Oxirgi xatim hozir vasiyligingdagi kishi boshdan kechirayotgan bo‘m–bo‘shlik yoki “jarangsizlik” davri senga uning qalbini tayyorgina olib kelmaydi, bu yerda tirishqoqlik bilan ishlash kerak. Sening ishing qanday shaklda bo‘lishini hozir tushuntiraman. Avvalambor, ruhiy navbatlashuv zanjiridagi tanazzul davrlari hissiy ko‘ngilxushlikliklar, ayniqsa, jinsiy nafs balosi uchun ajoyib imkoniyatlar beradi. Bu seni hayron qoldiradi, chunki jismoniy quvvat, va tegishlicha, shahvoniylik ruhiy jonlanishlar davrida ko‘proq jadallashadi. Lekin esingda tut, ichki qarshilik kuchlari ham aynan shu davrlarda tobora mustahkamroq. Sen shahvoniy nafsni uyg‘otish uchun foydalanmoqchi bo‘layotgan sog‘lik va tetik holatni, afsuski, ishlar, o‘yinlar, mulohaza yuritishlar yoki begunoh xursandchilik uchun qo‘llash mumkin. Agar odamning ichki dunyosi zerikarli, sovuq va bo‘m–bo‘sh bo‘lsa, bizning hujumimizda muvaffaqiyat uchun ko‘proq imkoniyat mavjud. Tanazzul vaqtidagi hissiy sezgi tetiklik davridagi hissiylikdan sifat jihatidan farq qiladi. U odamlar “sevib qolganlik” deb ataydigan bo‘tana holatni keltirib chiqarishi ehtimoli ancha kam. Tanazzul vaqtidagi hissiy sezgirlikni buzuqlik yo‘liga solib yuborish oson, bu hissiylik bizni insonning shahvoniy nafsidan ko‘nglimizni ko‘proq qoldiradigan olijanoblik, xayolot va hatto ruhiylik shiddatiga kamroq berilgan. Odamning boshqa tuyg‘ulari bilan ham ahvol shunday. Senda vasiyligingdagi kishini ashaddiy piyonista qilishga erishish imkoniyati katta. Bunda u muloqot qilishlar va ko‘ngilxushlik uchun do‘stlari davrasida emas, balki hamma narsani esdan chiqarish va charchoq damlarida qadah ko‘targani yaxshiroq. Har doim esingda tut, sog‘lom, me’yordagi va samarali shakldagi ko‘ngilxushlik Dushmanning harakati doirasida joylashgan. Men ko‘ngilxushlikliklar yordamida ko‘plab qalblarni qo‘lga kiritganimizni bilaman. Shunga qaramay, rohat — bizning emas, Uning kashfiyoti. U hamma quvonchlar va ko‘ngilxushlikliklarni yaratgan, bizning ilmiy tadqiqotlarimiz esa haligacha natija keltirmadi. Biz faqat odamlarni bu narsani U taqiqlagan paytda rohatlanishga undashimiz mumkin, xolos. Shuning uchun biz hamisha odamni tabiiy rohatlardan tabiiyligi kamroq bo‘lgan, o‘z Yaratuvchisi bilan aloqani yo‘qotgan va kamroq quvonch bag‘ishlaydigan rohatlarga olib o‘tishga urinamiz. Bu yo‘lda inson tanazzulining ifodalanishi shunday: tobora ko‘proq chanqoqlik, tobora kamroq rohatlanish. Bu zamonaviy axloq rasm–rusm ruhidagi ishonchli yo‘ldir. Odamning qalbini egallab olish va buning o‘rniga unga hech narsa bermaslik — bizning otamiz uchun haqiqiy shodlikdir. Tanazzul davrlari esa — bunday jarayon uchun eng yaxshi vaqt. Lekin bu davrlardan yanada yaxshiroq foydalanish mumkin: mijozning o‘z tanazzuli haqidagi fikrlaridan foydalan. Har doimgidek, bu yerda asosiysi — uning xohish–irodasini aqldan uzoqroqda tutib turish. U to‘lqinsimon navbatlashuv qonunini xayoliga keltirishiga ham yo‘l qo‘yma. Undagi dastlabki jo‘shqinlik tinmasligi kerak, buni doim qo‘llab–quvvatlab turish zarur, hozirgi jarangsizlik esa – o‘zgarmas holat degan fikrda ushlab tur. Sen unda mana shu yolg‘on ta’limotni mustahkamlashing bilanoq, turli xil usullar bilan harakat qila olasan. Hammasi mijozing vasvasalar bilan tushkunlikkacha olib borish mumkin bo‘lgan, ruhi osongina tushadigan turiga yoki hammasi yaxshi deb ishontirish mumkin bo‘lgan, qalbaki umidlarga bajonu dil yopishib oladigan odamlar turiga kirish–kirmasligiga bog‘liq. Birinchi tur hozir kam uchraydi. Agar mijozing shunga kiradiganligi aniqlansa, hammasi juda oson. Sen faqat uni masihiylardan uzoqroq tutishing (hozir bu qiyin emas), unga Bitiklardagi mos keladigan joylarni ko‘rsatishing kerak va u umidsiz vazifa – o‘zining irodasi bilan eski tuyg‘ularini tiklash ustida mehnat qilaversin. Shunda g‘alaba biz tomonda. Agar u umidlar bilan qoniqadigan odamlardan bo‘lsa, — uni o‘z ruhining past haroratiga rozi bo‘lishga va bu harorat unchalik ham past emasligiga ishontirib, asta–sekin shu bilan qoniqishga majbur qilamiz. Ikki haftalardan so‘ng, imonga kirgan dastlabki kunlardagi hislari ancha bo‘rttirib yuborilmaganmikin deb o‘ylash unga yomon ko‘rinmay qoladi. U bilan “hamma narsada me’yorni bilish kerak”ligi haqida gaplashib ko‘r. Agar iloji bo‘lsa, uni “Ishonish yaxshi, lekin haddan ortiq kerakmas” degan fikrga olib kel. “Me’yordagi” din biz uchun umuman ishonmaslik kabi yaxshi va kulgiliroqdir. Boshqa imkoniyat — imonga bevosita hujum. U sening mehnatlaring orqali tanazzulni doimiy holat deb qabul qilsa, oldingi hamma davrlar kabi “diniy davr” ham yakuniga yaqinlashayotganiga uni ishontira olmaysanmi? Tabiiyki, “men bunga qiziqishimni yo‘qotayapman” degan ta’kid va “demak, bu yolg‘on” degan xulosa o‘rtasida hech qanday mantiqiy aloqa yo‘q. Lekin senga aytib o‘tganimdek, aqlga emas, o‘ziga bino qo‘ygan safsataga tayanishing zarur. “Davr” degan oddiy so‘zdan, butun fitna ishga tushadigan ko‘rinadi. Menimcha, vasiyligingdagi kishi bir necha davrdan o‘tgan (hamma bu davrlardan o‘tgan) va o‘zini tajribaliroq, oldingi davrlardan ustunroq his qiladi, ularga tanqidiy yondashgani uchun emas, shunchaki ular ortda qolgani uchun. Umid qilamanki, sen Taraqqiyot, Rivojlanish va Tarixiy Nuqtai Nazar haqidagi g‘ira–shira g‘oyalar bilan uni yaxshi oziqlantirayapsan, unga yetarlicha zamonaviy tarjimai hollarni berayapsan–a? Ulardagi odamlar har doim turli davrlardan o‘tishadi. Mohiyat senga tushunarlimi? Uning ongini “yaxshi” va “yomon” o‘rtasidagi oddiy farqdan uzoqroq ushlab tur. “Menda shunday davr bo‘lgandi...”, “Men... dan o‘tganman” kabilar juda yoqimli va g‘ira–shiradir.: “Men ulg‘ayganman”, deb aytadigan hushyor odamni e’tiboringdan chetda qoldirma. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘NINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Men sening vasiyligingdagi kishi biz uchun juda foydali bir necha tanish orttirgani, sen esa bu ko‘p narsa va’da qiluvchi vositadan foydalana olganingni Dog‘ulidan eshitganim yoqimli bo‘ldi. Menimcha, u tanishgan o‘rta yoshli er–xotinlar aynan tanishish lozim bo‘lgan kishilardir: boy, sara, yuzaki intellektual va dunyodagi hamma narsaga yaqqol ishonmay qaraydigan. Ko‘rinishidan, ularning mujmal tinchliksevarlikni ermak qilib olganligi axloqiy sabablar tufayli emas, balki vatandoshlarining aksariyatini qiziqtiradigan hamma narsaga bepisand qarashlari va yana kommunizmga quruq savlat, adabiycha yengiltaklik bilan berilishlari tufaylidir. Buning hammasi juda ajoyib. Sen uning ijtimoiy, shuningdek, jinsiy va aqliy manmanligidan yaxshi foydalangansan, shekilli. Bu haqda menga batafsilroq aytib ber. U bunga ancha kirishib ketdimi? Albatta, faqat so‘zlarga ishonib xulosa chiqarmaslik kerak. Ko‘z qarashlar, ohanglar, tabassumlarning nozik o‘yini bor bo‘lib, ular yordamida odam suhbatdoshiga xuddi u bilan bir doiradagidek bo‘lib ko‘rinadi. Bunday turdagi xiyonatni sen albatta rag‘batlantirishing kerak, chunki odamning o‘zi buni to‘liq anglay olmaydi, u buni anglab yetgan paytda esa, eski mavqeiga qaytishi juda qiyin bo‘ladi. Shubhasiz, u juda tez orada uning imoni yangi do‘stlarining hamma gap–so‘zlariga asoslangan o‘ziga bino qo‘yishga butunlay qarama–qarshi ekanligini anglab yetadi. Lekin men bu uning uchun muhim bo‘ladi deb o‘ylamayman, agar sen har qanday oshkora tushuntirishlarni chetga surib qo‘yishga uni ishontira olsang, uning tortinchoqligi, g‘ururi, vazminligi va manmanligiga qo‘zib, buni amalga oshirish oson. Chetga surib turar ekan — u soxta ahvolda. U gapirishi kerak bo‘lganida jim turadi va jim turishi lozim bo‘lganida kuladi. U o‘zi haqiqatan ham tarafdori bo‘lmagan beadab va skeptik fikrlarni qo‘llab–quvvatlaydi (avvaliga jimgina, keyin esa so‘zlari bilan). Lekin agar unga mahorat bila munosabat qilinsa, bu fikrlar oxir–oqibatda uning o‘ziniki bo‘lib qolishi mumkin. Hamma odamlar o‘zlarini kim deb ko‘rsatayotgan bo‘lsa, o‘sha kishiga aylanishga moyildirlar. Bu oddiy. Jiddiy savol esa — Dushmanga qarshi hujumga qanday tayyorlanish. Birinchisi: vasiylikdagi kishi o‘zining yangi rohatlanishi – vasvasa ekanligini anglaydigan paytni iloji boricha uzoqroq cho‘z. Dushman xizmatchilari ikki ming yildan beri dunyo tashvishlari – kuchli va oddiy vasvasalardan biri ekanligini va’z qilishayotgani bois, biz buni ermak qilishimiz qiyindek tuyuladi. Lekin yaxshiyamki, ular bu haqda oxirgi o‘n yilliklarda kam gapirishdi. Zamonaviy masihiy adabiyotida “boylik” haqida ko‘p ma’lumot topish mumkin bo‘lsada (hatto men istaganimdan ham ko‘proq), lekin tashvish, do‘stlar tanlash va vaqtning qadri haqida ogohlantirishlar kam. Buning hammasini sening vasiyligingdagi kishi, ehtimol, “sipolik” deb atagan bo‘lardi (Darvoqe, biz bu atamaga beradigan bo‘yoq keyingi yuz yillikdagi eng salmoqli va qimmatli g‘alabalarimiz sirasiga kirishini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Biz buning yordamida minglab odamlarni vazminlik, mas’umlik va hushyorlikdan qutqarib qolamiz). Biroq ertami–kechmi uning yangi do‘stlarining chin mohiyati vasiyligingdagi kishiga tushunarli bo‘lib qoladi va shunda sening yangi taktikang u qanchalik ongli ekanligiga bog‘liq bo‘lishi shart. Agar u yetarlicha ahmoq bo‘lsa, unga do‘stlarining asl tiynatini ular yonida bo‘lmagan paytda anglashiga imkon ber. Agar shunga erisha olsang, sen uni ikkita yondosh hayot kechirishiga unday olasan (bilishimcha, ko‘p odamlar shunday yashaydi). U nafaqat shunday bo‘lib ko‘rinadi, balki har xil davralarda har xil odam bo‘lib qoladi. Agar shunga ham erisha olmasang, yanada nozikroq va qiziqarli usul bor. U sening yordamingda o‘z hayotida bir–biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki tomon borligidan shunchaki rohatlanishi mumkin. Uning manmanligiga o‘ynab, bunga erishish mumkin. U yakshanba kunlari do‘konchi bilan birga tiz cho‘kib va bunda do‘konchi uning shanba kunlari unga qanchalik oson bo‘lgan dabdabali va kulgili dunyosi borligini tushunishi ehtimoldan uzoq ekanligidan rohatlanadi. Boshqa tomondan, u o‘zining “chuqur” va “ruhiy” hayoti haqida bilarkan, bir finjon qahva ichayotganida o‘zining ajoyib tanishlarinikida beadabliklar va shakkoklikdan yana ham ko‘proq rohatlanadi. Mohiyat senga tushunarlimi? Dunyoviy do‘stlari uning hayotining bir tomoniga daxldor, do‘konchi — boshqa tomoniga, u esa — ularning hammasidan ko‘ra kengroq dunyoqarashga ega bo‘lgan mukammal, uyg‘un, murakkab odam. Shu tariqa odamlarning kamida ikkita guruhiga xiyonat qilarkan, u uyat o‘rniga shuuridagi o‘ziga bino qo‘yishni his qiladi. Bordiyu hamma urinishlaring bekor ketsa, shunday qilki, u vijdoniga qarshi borsin va u shunchaki bu odamlarning kokteylini ichayotganida va ularning hazillariga kulayotganida, qaysidir tarzda “bu odamlarni tuzatayapman” deb o‘ylab, do‘stona munosabatlarini davom ettiraversin, uning bu munosabatlarni uzishi esa, u tomonidan “o‘taketgan rasmiyatchilik”, “sabrsizlik” va (turgan gapki) “sipolik” bo‘lib tuyulsin. Yo‘l–yo‘lakay sen yangi qiziqishi tufayli u imkoni boridan ko‘ra ko‘proq xarajat qilishi va ishi hamda onasiga kamroq vaqt sarflashi haqida tashvish tortishing kerak. Onasi rashk qila boshlaydi va xavotir oladi, u — o‘z qobig‘iga o‘ralib oladi va qo‘pollik qila boshlaydi, uydagi munosabatlarni rivojlantirish uchun esa bu - bebaho vaziyatdir. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N BIRINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Hammasi juda yaxshi ketayapti, shekilli. Ayniqsa, mijozingning yangi do‘stlari uni o‘zlarining butun doirasi bilan tanishtirganini bilishdan xursand bo‘ldim. Men ro‘yxatlardan bular to‘la ishonchli odamlar – alohida jinoyat qilmagan holda – Dushmanni sobit yomonlovchilar bo‘lib, to‘g‘ri otamizning uyiga bemalol va ishonch bilan borayotganini tekshirib ko‘rishga ulgurdim. Sen ular kulishni yaxshi ko‘rishini aytibsan. Umid qilamanki, bu bilan kulgi o‘z–o‘zidan biz uchun hamisha foydali demoqchi emassan. Bu bandni alohida muhokama qilib olish lozim. Men inson kulgisining sabablarini quyidagilarga ajrataman: xursandlik, ko‘ngilxushlik, latifalar va surbetlik. Xursandlik do‘stlar yoki sevishganlar qisqa ayriliqdan so‘ng yana uchrashganida paydo bo‘ladi. Katta odamlar odatda kulgi uchun hazil ko‘rinishida qandaydir bahona o‘ylab topishadi. Lekin bunday paytda kulgini keltirib chiqaradigan eng arzimas o‘tkir aqllilik gap hazillarda emasligini ko‘rsatadi. Bu yerda sabab nimada ekanligini biz haligacha bilmaymiz. Musiqa deb nomlangan jirkanch san’atda shunga o‘xshash narsa yashirin bo‘lib, aytishlaricha, jannatda, osmonda ham biz uchun tushunarsiz bo‘lgan qandaydir shunga o‘xshash hislar maromining tezlashuvi bo‘larmish. Bunday kulgi bizning foydamizga emas va har doim unga qarshi turish kerak. U do‘zaxda hamisha hukmronlik qiladigan o‘sha voqelik, kibr va qattiqqo‘llik uchun shunchaki jirkanch va haqoratlidir. Ko‘ngilxushlik xursandlikka yaqin. Bu yengil ko‘pik bo‘lib, o‘yin instinkti uni keltirib chiqaradi. U ham bizga kam foyda keltiradi. Uning yordamida, albatta, ba’zan odamlarni Dushmanga foydali bo‘lgan tuyg‘ular va harakatlardan ajratib olish mumkin. Biroq u o‘z–o‘zicha hech ham yaxshi narsaga ega emas, balki – yomonlik keltiradi: mardlik, rahmdillik, talabchan bo‘lmaslik va boshqa illatlarni keltirib chiqaradi. Kulgili va beo‘xshov narsalarni to‘satdan ko‘rib qolishga ko‘maklashuvchi latifa, har holda ko‘proq narsa va’da qiladi. Men aslo uyatsiz va qo‘pol latifalarni nazarda tutayotganim yo‘q: ular ko‘pincha kutilgan natijalarga olib kelmaydi, garchi o‘rtamiyona yo‘ldan ozdiruvchilar ularga katta umid bog‘lashsada. Odamlar shu munosabat bilan ikki turga aniq bo‘linishini bilish lozim: birovlar uchun “vujudning talabidan kuchliroq ishtiyoq yo‘q”, lekin kulgili bo‘lgani uchun uyatsiz latifa ularni qo‘zg‘atmaydi. Boshqa odamlarda bunday latifa aynan o‘sha sabab tufayli kulgi va shahvoniy nafsni bir vaqtning o‘zida uyg‘otadi. Birinchi turdagi odamlar jinsiy aloqaga oid mavzularda hazil qilishadi, chunki ular ko‘pincha haqiqatan ham kulgili, ikkinchi turdagi odamlar shunchaki jinsiy aloqaga oid narsalar haqida gapirishga bahona topishadi. Agar sening mijozing birinchi turdagilarga tegishli bo‘lsa, uyatsiz latifalar senga yordam bermaydi. Bu qoidani o‘zim uchun o‘zlashtirib olishdan oldin, o‘ta zerikib barlar va salonlarda sang‘ib yurarkanman, mening dastlabki mijozlarimdan biri bilan yo‘qotgan vaqtlarimni hech qachon unutmayman. Mijozing qaysi turga kirishini bilib ol va u bundan xabar topmasligini kuzat. Hazillar va yumordan olinadigan haqiqiy foyda boshqa narsada. Bu foyda, ayniqsa, inglizlarni ishlovga olishda ko‘p narsani va’da qiladi, ular o‘zlarining “hazil hissi”ga shunchalik jiddiy qarashadiki, uning yetishmasligi – ular haqiqatan ham uyaladigan deyarli yagona nuqsondir. Yumor ular uchun, esingda tursin, hamma narsani silliqlab yuboradi va kechiradi. Mana shunday yumor uyatga qarshi vosita sifatida mutlaqo bebahodir. Agar odam shunchaki o‘zi uchun boshqalarni haq to‘lashga majbur qilsa — u pastkash. Agar u bunda hazillashib maqtansa va do‘stlari o‘zlarini aldashga yo‘l qo‘yib berganidan hazillashib maqtansa, — endi u pastkash emas, balki quvnoqdir. Shunchaki qo‘rqoqlik uyatli narsa, lekin hazil maqtanchoqlik, kulgili bo‘rttirishlar va kulgili ishvalar bilan niqoblansa, u qiziqarli bo‘lib qolishi mumkin. Shafqatsizlik uyatli narsa, agar odam uni hazil deb aytmasa. Minglab uyatsiz va hatto tahqirlovchi latifalar odamni kutilmagan yangilik kabi haloqat sari tortmaydi: u deyarli ko‘ngliga kelgan hamma ishni qilishi mumkin va agar u buni hazil deb aytsa, do‘stlari uni qoralab o‘tirmaydi. Bundan tashqari, bunday yo‘ldan ozish sening vasiyligingdagi kishidan yuqorida aytilgan “yumorga nisbatan jiddiy munosabat”ni to‘la yashirishi mumkin Hazillarda ham haddan ortib ketish mumkinligi haqidagi har qanday fikrni unga “sipolik” yoki “befahmlik” sifatida taqdim qil. Biroq surbet kulgi hammasidan yaxshi. Birinchidan, u alohida kuch–g‘ayrat talab qilmaydi. Faqat aqlli odam yaxshi fazilatlar haqida mahorat bilan hazil qila oladi. Lekin har qanday surbet pastkashni yaxshi fazilat ustidan kulishga o‘rgatish mumkin. Surbet odamlar orasida ulardan kimdir qandaydir o‘tkir va kulgili gap aytgani nazarda tutiladi, garchi hech kim bunday narsa aytmagan bo‘lsada: ular har bir jiddiy narsani xuddi allaqachon undan kulgili va beo‘xshov narsa topgandek muhokama qilishadi. Surbet kulgiga muqim odatlanish Dushmandan yaxshigina himoya qiladi. Bundan tashqari, u kulgining boshqa turlaridagi xavflardan xoli. Surbet kulgi va xursandlik o‘rtasida — uzoq masofa bor. Surbetlik ongni yorishtirmaydi, balki aqlni o‘tmaslashtiradi va aslo unga berilganlarni bir–biriga yaqinlashtirmaydi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N IKKINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Aniq o‘sishni ko‘rish quvonarli. Faqat men sening kerakli natijalarga erishishga shoshilib, vasiyligingdagi kishini uyg‘otib yuborishing va u haqiqiy ahvolni bilib qolishidan qo‘rqaman. Garchi sen bilan men ikkimiz buni to‘g‘ri ko‘rib turgan bo‘lsakda, bu unga qanchalik boshqacha ko‘rinishini unutmasligimiz kerak. Biz uni boshqa tomonga yo‘naltirishga, Dushmandan olib qochishga erishganimizni bilamiz. Lekin kel, u bunday o‘zgarishning sabablari juda oddiy va oson bartaraf etiladi deb o‘ylay qolsin. U hozir asta–sekin quyoshdan mutlaqo cheksiz bo‘shliqning sovuqligi va zulmati tomon uzoqlashayotganidan hech ham gumon qilmasligi kerak. Aynan shuning uchun men u hali ham ibodat qilayotgani, jamoat (cherkov)ga qatnayotgani va sirli ibodatga kirishayotganini eshitib xursand bo‘ldim. Bilaman, bu biz uchun xavfli, lekin u dastlabki vaqtning yuqori jo‘shqinligidan qanchalik uzoq ekanligini tushunib qolganida, yana ham yomon bo‘lardi. Hozircha u tashqi tomondan masihiyning odatlarini saqlayapti, uni shunchaki bir necha yangi do‘stlar va yangi rohatlar paydo bo‘lgani, lekin uning ruhiy holati olti hafta oldin qanday bo‘lsa, shundayligicha degan ishonchda ushlab turish kerak. Toki u shunday o‘ylar ekan, biz hatto to‘liq ma’lum gunohga tavba qilish kerakligini anglashi bilan kurashib o‘tirishimiz ham kerak emas. Shunchaki undagi o‘zini oxirgi vaqtda unchalik ham to‘g‘ri tutmagan degan xira va xavotirli tuyg‘usini zaiflashtiramiz. Bu xira xavotir bilan kechalari ehtiyot bo‘lib muomala qil. Agar u kuchayib borsa, u insonni uyg‘otib yuborishi va butun ishimizni rasvo qilishi mumkin. Boshqa tomondan, agar sen bu xavotirni to‘liq o‘chirsang, Dushman bunday qilishingga imkon berishi ehtimoli kam, biz uni o‘zimizning foydamiz sari burish imkonini qo‘ldan chiqaramiz. Agar unga rivojlanishga imkon bersak, lekin rivojlanish chin dildan tavba qilishga o‘tib ketib, ortga qaytarib bo‘lmas darajagacha bormasa, bu bitta bebaho ustunlikka ega bo‘ladi. Mijoz Dushman haqida o‘ylashi tobora qiyinlashib ketadi. Barcha odamlar hamma zamonlarda bu istamaslikni qaysidir bir darajada boshidan kechirgan. Lekin bu haqdagi fikr odamda bir qator yarim anglangan gunohlarni qo‘zg‘atsa, bu istamaslik kuchayib boradi. Shunda u o‘zining Dushmanni eslatuvchi har qanday fikrini yomon ko‘rib qoladi, xuddi bankrotlikka yaqin turgan odamga bank yondaftarchasining tusi yoqmagandek. Shu holatda sening mijozing o‘zining diniy majburiyatlariga nisbatan nafrat tuyadi. Bularga kirishishdan oldin, u bular haqida hali odob hissi yo‘l qo‘yguni qadar kam o‘ylaydi va bular tugashi bilan u bularni iloji boricha tezroq unutadi. Bir necha hafta oldin uni ibodat paytida xayolot va e’tiborsizlik bilan yo‘ldan ozdirishingga to‘g‘ri keldi. Endi u seni quchoq ochib kutib oladi va uni chalg‘itishingni va yuragini bo‘shatishingni deyarli iltimos qilib boshlaydi. Uning o‘zi ibodatlari samimiy bo‘lmasligini istab qoladi, chunki uni hech narsa Dushmanning bevosita hozir bo‘lishi kabi qo‘rqita olmaydi. U uxlab yotgan vijdonining aldashiga intila boshlaydi. Bu holat unda mustahkamlanganidan so‘ng, sen rohatlardan vasvasa sifatida foydalanishdek holdan toydiruvchi majburiyatdan asta–sekin xoli bo‘lib borasan. Xavotir va bu xavotirning mohiyatini bilib olishni istamaslik uni haqiqiy quvonchdan nari olib ketganidan keyin; odat sertashvish rohatlarning yoqimliligidan mahrum qilgach, hissiyotlarning qo‘zg‘alishi ularga mahkam bog‘langach (yaxshiyamki, odat rohatlanishga xuddi shunday ta’sir qiladi), uning adashuvchan diqqatini xohlagan narsang bilan jalb qilish mumkinligini ko‘rasan. Uni ibodat, ish va uyqudan xoli qilish uchun sen hatto u haqiqatan yoqtiradigan yaxshi kitobdan foydalanishing ham kerak bo‘lmay qoladi; oqshomgi gazetadagi e’lonlar ruknining o‘zi bemalol yetarli bo‘ladi. Sen uni nafaqat o‘ziga yoqadigan odamlar bilan qiziqarli suhbatlar uchun vaqt sarflashga, balki o‘ziga umuman ahamiyatsiz odamlar bilan zerikarli suhbatlarga vaqt sarflashga majbur qilasan. U vaqti–vaqti bilan umuman hech narsa qilmay qo‘yadi. Sen uni qorong‘u kechgacha sershovqin to‘dada emas, sovuq xonada o‘chib qolayotgan kamin oldida ushlab turasan. Uning butun tashqi faolligini bosish o‘rniga esa hech narsa bermaslik mumkin, pirovardida u bir gap aytishi uchun. Mening mijozlarimdan biri bu yoqqa tushgach shunday degandi: «Endi ko‘rayapmanki, hayotimning ko‘p qismida o‘zim qilishim shart bo‘lgan, o‘zim xohlagan ishni qilmagan ekanman». Masihiylar esa Dushman – Usiz hech narsa kuchga ega bo‘lmaydigan Zotdir, deyishadi. Odamning eng yaxshi yillarini o‘g‘irlash, ularni huzur baxsh etmaydigan gunohlarga emas, balki mazmunsiz fikrning mungli adashishiga berish uchun juda kuchli, yetarlicha kuchli bo‘lgan HYeCh NIMA yo‘q, deyishadi. Hech nima bu yillarni odamning o‘zi zo‘rg‘a anglaydigan qiziqishni qondirishga beradi. Hech nima ularni barmoqlarni dukillatishga, poshnalarni taqillatishga, jonga tekkan musiqalarga hushtak chalib norozilik bildirishga beradi. Hech nima ularni orzularning uzun, tumanli labirintlariga beradi, bu orzular ularni rang–barang qilishi mumkin bo‘lgan ishtiyoq yoki g‘ururdan mahrum bo‘lgan, buning ustiga, bir gal bu orzularga sho‘ng‘igan zaif odam endi ularni o‘z ustidan qoqib tashlay olmaydi. Sen bularning hammasi kichik gunohchalar deysan. Xuddi hamma yosh yo‘ldan ozdiruvchilarda bo‘lgani kabi sen qandaydir manzarali ablahlik haqida xabar berging keladi. Lekin esingda tut, eng muhimi — sen qo‘l ostingdagi kishini qaysidir bir darajada Dushmandan uzoqlashtirishga erishding. Gunohlar qanchalik kichkinaligining ahamiyati yo‘q, agar ularning yig‘indisi odamni Nurdan olislashtirsa va hech nimaga sho‘ng‘itsa. Qartaning qotillikdan yomon joyi yo‘q, toki qarta kerakli samara bersa. Chindan ham, jahannamga eng to‘g‘ri yo‘l — asta–sekin tushib boriladigan, qiya, kutilmagan muyulishlarsiz, ko‘rsatkichli ustunlarsiz yo‘ldir. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N UCHINCHI XAT Qadrli Razilgina! Menga sen oxirgi marta mutlaqo oddiy tarixni bayon qilishga juda ko‘p qog‘oz sarflagandek bo‘lib tuyulayapsan. Hamma gap shundaki, sen vasiyligingdagi kishi qo‘lingdan chiqib ketishiga imkon bergansan. Ahvol ancha jiddiy va men hech ham seni pala–partishliging oqibatlaridan himoya qilmoqchi emasman. Tavba qilish va raqib “xudoning marhamati” deb ataydigan narsaning qaytadan quyulib kelishi, buning ustiga sen tasvirlaganingdek, buning juda kuchli ekanligi — yirik muvaffaqiyatsizlikdir. Bu ikkinchi marta imonga kirishga, ehtimol, bu birinchisiga qaraganda ancha yuqori darajada bo‘lishiga teng. Sen mijozga u eski tegirmondan kelayotganidagi hujumlaringga xalaqit qiladigan dimiqtiruvchi bulut allaqachon ma’lum ekanligini bilishing lozim edi. Bu Dushmanning eng yovuz quroli bo‘lib, U alohida holatlarda bevosita mijozning yonida bo‘lganida bu qurol paydo bo‘ladi, bu holatlarning tasnifi esa bizda hali to‘liq ishlab chiqilmagan. Ba’zi odamlar hamisha shunday bulut bilan o‘rab olingan bo‘lib, shuning uchun ularga bizning qo‘limiz yetmaydi. Endi esa sening xatolaring haqida. Sening tasvirlashingga qaraganda, birinchidan, sen mijozga kitob haqiqatan ham unga yoqqani uchun o‘qib chiqishiga imkon bergansan, aslo u yangi do‘stlari oldida aqlli luqmalar tashlashi uchun emas. Ikkinchidan, sen unga eski tegirmonda sayr qilishi, u yerda choy ichishi, o‘ziga yoqqan qishloqni aylanishi va bunda yolg‘iz qolishiga imkon bergansan. Boshqacha qilib aytganda, sen mijozingga ikkita chin rohat olishiga imkon bergansan. Nahotki sen xavfni ko‘ra bilmaydigan darajada savodsizsan? Azoblanish va huzurlanishning asosiy xususiyati shundaki, ular mutlaqo mavjud va toki cho‘zilib turarkan, odamga voqelik mezonini beradi. Agar sen vasiyligingdagi kishidan o‘ylab topilgan kulfatlar tufayli o‘z–o‘ziga achinishga ko‘milgan Chayld Garold yoki Verter yasashga urinib, uni romantizm uslubida halok qilishga uringaningda edi, sen uni har qanday haqiqiy azoblanishdan asrashing zarur bo‘lardi. Besh daqiqalik haqiqiy tish og‘rig‘i barcha romantik qayg‘ularni fosh qiladi, bu qanchalik be’manilik ekanligini ko‘rsatadi va butun strategiyangning niqobini yirtib tashlaydi. Sen mijozingga manmanlik, tashvish, hazil, qimmat va zerikarli rohatlarni tiqishtirib, uni halok qilishga urinib ko‘rding. Haqiqiy rohatga yo‘l qo‘yish mumkin emasligini qanday fahmlamading? Nahotki, rang–barang bunday rohat sen unga shunchalik tirishqoqlik bilan o‘rgatgan o‘sha barcha usti yaltiroq ichi qaltiroq narsalarni o‘ldirishini oldindan ko‘ra bilmading? Sayr va kitob unga bergan rohat biz uchun alohida xavfli ekanliginichi? Bu uning qalbidan sening urinishlaring tufayli o‘sa boshlagan qobiqni yulib olishinichi? Axir, bu unga uyga qaytayotgani, yana o‘zini topayotganini his qilish imkonini berdi–ku! Qo‘l ostingdagi kishini Dushmandan uzoqlashtirarkansan, sen uni o‘zidan uzoqlashtirishni istading va qandaydir darajada bunga erishding ham. Endi esa hammasi havoga sovurildi. Albatta, Dushman ham odamlar o‘z–o‘zlariga bog‘lanib qolishlarini istamasligini bilaman. Lekin bu mutlaqo boshqa narsa. Esingda tut, U haqiqatan ham bu mayda hasharotlarni sevadi va ulardan har birining takrorlanmasligini kulgili darajada qadrlaydi. U odamlar o‘zlaridan voz kechishlarini aytayotganda, ular o‘zboshimchalikka da’volarini inkor qilishlarini nazarda tutadi. Odamlar bu ko‘rsatmaga amal qilishsa, U ularga shaxs ekanligini to‘liq qaytaradi va hatto odamlar Unga tegishli ekanligidan ko‘ra, qanchalik o‘zligiga erishishlarini aytib maqtanadi. U odamlar irodaning eng mas’um namoyon bo‘lishini qurbonlikka keltirishganidan ham quvonadi. Odamlar qandaydir sabablarga ko‘ra o‘zlariga xiyonat qilishganida, U dahshatga tushadi. Biz esa hamisha odamlarni shunga undashimiz shart. Odamning eng chuqur ichki turtkilari va moyilligi — Dushman uni ta’minlagan o‘sha xomashyo, o‘sha qurilish materialidir. Odamlarni bulardan uzoqlashtirishga majbur qilarkanmiz, biz hisobdan yutamiz. Hatto mayda masalalarda ham uning o‘z dunyoqarashlarini Yerga oid andazalar, tamoyillar yoki rusumlar bilan almashtirib qo‘ygan ma’qul. Mening o‘zim har doim o‘z mijozimdan har qanday shaxsiy moyilligini sug‘urib olaman, masalan, kriket musobaqalariga qiziqish, markalar yig‘ish yoki kakaoga ishtiyoq. Bunday moyilliklar, tabiiyki, hech qanday yaxshilik keltirmaydi. Lekin ularda qandaydir mas’umlik, o‘zini unutish bo‘lib, bular meni jirkantiradi. Boshqalar nima deyishiga hech ham e’tibor qilmay, biror narsadan samimiy va beg‘araz huzurlanadigan odam shuning o‘zi bilanoq bizning ba’zi nozik usullarimizdan himoya qilingan odamdir. Har doim mijoz “salmoqli”odamlar, “eng mashhur kitoblar” va “eng yaxshi taomlar”foydasiga o‘zi haqiqatan ham yaxshi ko‘radigan odamlardan, kitoblardan, taomlardan voz kechishiga erishishga harakat qil. Men piyoz qo‘shilgan seld balig‘iga kuchliroq ishtiyoqi tufayli kibrga nisbatn zo‘r ishtiyoqidan himoyalangan bir odamni bilaman. Endi esa sening qo‘l ostingdagi kishining ahvolini qanday yaxshilashni o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Eng muhimi — u tavba qilish haqida ko‘p o‘ylayaptimi va u buni harakatga joriy qilmayaptimi? Qo‘y, bu cho‘chqacha o‘zining tavba qilishida ag‘anab yotaversin. Agar unda moyilligi bo‘lsa, bu haqda kitob yozsin. Bu Dushman insonning yuragiga ekkan narsani zararsizlantirishning ajoyib usulidir. Qo‘y, u faol harakatdan boshqa xohlagan narsasini qilaversin. Agar biz insonning irodasida mustahkalanishiga xalaqit bersak, na xayoliy taqvodorlik, na ruhiy ko‘tarilish bizga ziyon yetkazmaydi. Odamlardan biri aytganidek, faol odatlar takrorlashni mustahkamlaydi, faol bo‘lmagan odatlar esa uni zaiflashtiradi. Odam harakat bilan bog‘liq bo‘lmagan fikrlarga qanchalik ko‘milgan bo‘lsa, u harakatga shunchalik qodir emas va oxir–oqibatda u tuyg‘uga shunchalik kam qodirdir. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N TO‘RTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Vasiyligingdagi kishi dastlab imonga kirgan vaqtda o‘ziga ishonch bilan qabul qilgan qarorlarni endi qabul qilmayotgani to‘g‘risidagi ma’ruzang meni alohida xavotirga solmoqda. U doimiy yaxshi fazilatlarni va’da qilmaydi, u hatto bir umrlik marhamatni ham kutmaydi — u faqat o‘zining kamtar kuchlari qo‘llab–quvvatlashidan, bu kuchlar vasavasa bilan kurashga yetishi uchun, istalgan kuni va soatda umidvor. Bu esa juda yomon! Men hozir harakatlarning faqat bitta yo‘nalishini ko‘rayapman. Sening vasiyligingdagi kishi itoatga erishdi — buni payqadingmi? Hamma yaxshi fazilatlar biz uchun itoatkorlik fazilatidan ko‘ra kamroq xavflidir, ayniqsa, odam uni o‘zida payqamaganida. Odam ruhiy hushyorlikni unutgan lahzada uni tutib ol, unga: “Axir men itoatkor bo‘lib borayapman–ku”, degan yoqimli fikrni tiqishtir. Agar u ko‘z ochsa, xavfni ko‘radi va kibrning yangi ko‘rinishini o‘chirishga urinadi, uni bu urinish bilan g‘ururlanishga majbur qil va hokazo. Lekin bu bilan juda uzoq shug‘ullanma, chunki sen yumor va sog‘lom fikr hissini uyg‘otishing xavfi bor. Shunday bo‘lib qolsa, u shunchaki ustingdan kuladi va uxlashga ketadi. Lekin uning diqqatini bu xunuk fazilatga jamlashning boshqa samarali imkoniyatlari ham mavjud. Boshqa har qanday yaxshi fazilatlar orqali bizning Dushmanimiz odamning diqqatini uning o‘zidan chalg‘itish va buni O‘ziga va uning yaqinlariga qaratishni istaydi. Har qanday o‘zidan kechish va o‘zini xo‘rlash oxir–oqibatda aynan shuning uchun mavjud: toki ular shu maqsadga xizmat qilmas ekan, ulardan naf kam. Agar shular tufayli odam ko‘proq o‘z–o‘ziga qiziqsa, o‘zidan kechish va o‘zini xo‘rlash hatto bizga foydali bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, o‘zini xo‘rlashdan boshqalarga nafrat, badqovoqlik, beadablik va shafqatsizlikning boshlang‘ich nuqtasi sifatida foydalanish mumkin. Shuning uchun sen itoatkorlikning asl maqsadini mijozdan yashirishing kerak. Itoatkorlik deganda u o‘z qobiliyatlari va o‘z tiynati (xarakteri) haqidagi alohida (aynan yomon) fikrni tushunaversin. Unda ma’lum qobiliyatlar borligiga shubha qilmayman. Uni itoatkorlik bu qobiliyatlarni iloji boricha pastga uradi degan fikrda mahkam tut. Albatta, ular haqiqatan ham inson o‘ylaganidan ko‘ra kamroq qadrli. Lekin gap bunda emas. Eng asosiysi – mijozing haqiqatdan ko‘ra ko‘proq o‘z fikrini qadrlasin va bu bilan boshqa holatda yaxshi fazilatga aylanish xavfi bor bo‘lgan narsaning markaziga nohalollik va yasama imonning hech bo‘lmaganda zarrasini kiritsin. Bu uslub yordamida biz minglab odamlarni chiroyli ayol uchun o‘zini xunuk deb hisoblash, aqlli erkak uchun o‘zini ahmoq deb hisoblash itoatkorlik deb o‘ylashga majbur qilganmiz. Odamlar ishonishga harakat qilgan narsa – butunlay tuturiqsizlik ekanligi bois, ular bu imonga erisha olmaydi va biz tinimsiz ularning fikrini o‘zlari atrofida o‘ralashishga majbur qilamiz, chunki ular iloji yo‘q narsaga erishishga urinishmoqda. Dushman hujumlarining oldini olish uchun biz Uning maqsadlarini bilishimiz kerak. Dushman odamni u dunyodagi eng yaxshi ibodatxonani loyihalashtirishi mumkin bo‘lganda, bu ibodatxona yaxshi ekanligini bilishi va shu bilan quvonishi mumkin bo‘lgan holatga olib kelishni istaydi, uni boshqa birov loyihalashtirishi mumkin bo‘lgandagi holatdan ortiq ham emas, kam ham emas. Mohiyatan, Dushman odam o‘z foydasi uchun oldindan noto‘g‘ri fikrdan mutlaqo ozod bo‘lishi va xuddi quyosh chiqishidan, fil yoki sharsharadan samimiy va shukronalik bilan quvongani kabi ham o‘zining, ham yaqin kishisining qobiliyatlaridan quvona olishini istaydi. U dunyodagi har bir odam hamma mavjudotlar (jumladan, uning o‘zi ham) ajoyib va chiroyli ekanligini ko‘rishni xohlaydi. U odamdagi hayvoniy o‘ziga mahliyo bo‘lishni iloji boricha tezroq buzishni istaydi, lekin Uning maqsadi – odamda har qanday yaralgan jonga, jumladan, odamning o‘ziga ham yaxshilik tilash va shafqatni tiklashdan iborat deb qo‘rqaman. Odam haqiqatan ham o‘z yaqinini yaxshi ko‘rishni o‘rganganda, unga o‘zini xuddi yaqin kishisini sevgandek sevish beriladi. Biz hech qachon Dushmanimizning eng yoqimsiz va tushunib bo‘lmas jihatini esdan chiqarmasligimiz kerak: U haqiqatan ham O‘zi yaratgan shu junsiz, ikki oyoqlilarni sevadi va Uning o‘ng qo‘li chap qo‘li olgan narsalarni insonlarga qaytarib beradi. Shuning uchun U har xil yo‘llar bilan sening vasiyligingdagi kishi o‘zining bahosi qancha ekanligini umuman o‘ylamasligiga harakat qiladi. Odamlar o‘zlarini xunuk deb hisoblasa, U xursand bo‘lmaydi. Sening vasiyligingdagi kishiga manmanlik yoki soxta kamtarlikni tiqishtirishga urinishingga javoban, U odamdan o‘z iste’dodi haqida hech qanday fikr talab qilinmasligini eslatadi. Chunki odam sharaf ibodatxonasida o‘zi uchun qanday taxmon tayyorlab qo‘yilganini aniq bilmay, o‘z iste’dodidan bemalol foydalanishi mumkin. Sen nima qilib bo‘lsada, Dushmanning bu fikrini mijozning ongidan chiqarib tashlashing kerak. Bundan tashqari, Dushman yana bir haqiqatga ishontiradi, bu haqiqatni odamlar tan olishadi, ammo ular buni his qilishlari qiyin: odamlar o‘zlarini o‘zlari yaratishmagan, ularning hamma qobiliyatlari U tomonidan in’om etilgan va iste’dodlar bilan faxrlanish xuddi soch rangi bilan faxrlanishdek aqlsizlikdir. Dushman har doim insonni bunday g‘ururdan chalg‘itishga urinadi, sen esa uning diqqatini shunga jalb qilishing shart. Dushman hatto odamlar o‘z gunohlarini haddan ortiq kavlayvermasliklarini istaydi — odam tavba qilganidan so‘ng qanchalik tez ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, Dushmanga shunchalik yaxshi bo‘ladi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N BESHINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Albatta, hozir odamlarda ular bolalarcha soddalik bilan Ulug‘ urush deb atayotgan Yevropadagi urushida vaqtinchalik jimlik ekanligiga e’tibor berdim. Sening mijozingda ham vaqtinchalik jimlik ekanligiga hayron qolmayapman. Nima bizga foydaliroq: undagi bu holatni qo‘llab–quvvatlashmi yoki uni xavotirda ushlab turishmi? Azobli qo‘rquv ham, ahmoqona o‘ziga bino qo‘yish ham biz uchun yaxshi. Ulrdan birini tanlash esa muhim masalalarni ko‘taradi. Odamlar zamonda yashashadi, ammo bizning Dushmanimiz ularni mangulik uchun mo‘ljallagan. Shuning uchun U, mening fikrimcha, odamlar o‘zlarining ruhiy diqqatini ham mangulikka, ham zamonning o‘zlari hozirgi vaqt deb ataydigan nuqtasiga jamlashini istaydi. Chunki hozirgi vaqt — zamon mangulikka daxldor bo‘lgan nuqtadir. Ana shu lahzada va faqat undagina odamlar uchun bizning dushmanimizga butun voqelikda ochilganchalik narsalar ochiladi. Faqat shu lahzadagina odamlarga erkinlik taklif qilingan. Shuning uchun Dushman odamlar har doim yo mangulikka (Uning O‘ziga) yoki hozirgi vaqtga diqqatini jamlashini istaydi (odamlar U bilan abadiy ittifoq haqida yoki U odamlarni tark etgani, vijdon ovoziga quloq tutishlari, hozirgi xochni ko‘tarishlari, hozirgi marhamatni qabul qilishlari, hozirgi shodliklar uchun shukr qilishlari mumkinligi haqida mulohaza yuritishlarini istaydi). Bizning ishimiz — ularni mangulikdan va hozirgi zamondan jirkantirishdir. Shuni nazarda tutsak, biz ba’zan odamni (aytaylik, beva ayolni yoki olimning xotinini) o‘tmishdagi hayot bilan yo‘ldan ozdiramiz. Lekin bu usul cheklangan qiymatga ega, chunki odamlar baribir o‘tmish haqida ba’zi narsalarni bilishadi: shu munosabat bilan o‘tmish abadiylikka o‘xshab ketadi. Ular kelajakda yashasa, ancha yaxshi bo‘lardi. Odamlarning biologik instinktlari ularning barcha ishtiyoqini aynan shu tomonga yo‘naltiradi, shunday ekan, kelajak haqidagi fikrlar ham umid, ham qo‘rquvni alangalatadi. Bundan tashqari, kelajak ularga ma’lum emas va u haqda o‘ylashga undar ekanmiz, biz odamlarning mavjud bo‘lmagan narsaga intilishini qo‘zg‘aymiz. Bir so‘z bilan aytganda, mangulikni hammasidan ko‘ra aynan kelajak kamroq eslatadi. Bu vaqtning eng o‘tkinchi qismi, chunki o‘tmish qotib qolgan va oqim bo‘lib oqmaydi, hozirgi vaqt esa mangulik nurlari bilan har tomonlama yoritilgan. Mana shuning uchun ham biz Ijodiy Evolyutsiya yoki Ilmiy Gumanizm kabi bu fikrlash sxemalarini qo‘llab–quvvatlaymiz, bular diqqatni kelajakka, ya’ni mohiyatan vaqtincha bo‘lgan narsalarga jamlaydi. Mana shuning uchun ham hamma illatlar kelajakka singdirilgan, minnatdorchilik esa o‘tmishga qaratilgan, ayni paytda sevgi – hozirgi vaqtga singdirilgan. Qo‘rquv, ochko‘zlik, hirs, izzattalablik oldinga qaratilgan. Badanga huzurlanish hujum qilishi bilanoq gunoh (bizni qiziqtiradigan yagona narsa) ortda qoladi deb o‘ylama. Huzurlanish jarayonning aynan bizni g‘azablantiradigan qismidir, agar bunda gunohdan ham ayrilib qolmaganimizda edi, uni bajonudil yo‘qqa chiqargan bo‘lardik. Huzurni Dushman yordamida his qilishadi va shu bois hozirgi vaqtda uni boshdan kechirishadi. Bizning yordamimizda paydo bo‘ladigan gunoh kelajakka qaratilgan. Albatta, odam kelajak haqida o‘ylashi Dushman uchun ham muhim. Ertaga muhim bo‘ladigan haqiqat va shafqat ishlariga bugun tayyorlanish qancha zarur bo‘lsa, bu haqda shuncha o‘ylash zarur. Ertangi kun ishlarini bugun rejalashtirish kerak, garchi buning mazmuni kelajakdan olingan bo‘lsada, bu majburiyat, hamma majburiyatlar kabi hozirgi vaqtga tegishlidir. Dushman odamlar kelajakka qalbini berishini, unga o‘zlarining hamma fikrlarini berishini istamaydi. Biz esa xohlaymiz. Dushmanning ideali — kunni kelajak avlodlarning farovonligi uchun ishlab o‘tkazib (agar uning vazifasi shundan iborat bo‘lsa), osmonga butunlay ishonib, kechqurun har qanday minnatdorchilikda qoladigan insondir. Bizga esa kelajakning dahshatlari bilan qiynalayotgan, Yer yuzidagi yaqinlashayotgan jannat yoki do‘zax g‘oyalari ta’qibga olgan, agar biz unga shu bilan u umrida ko‘rish nasib qilmaydigan narsani yaqinlashtirishi yoki bartaraf etishi mumkinligini uqtirsak, hozir Dushmaning amrlaridan hatlab o‘tishga tayyor turgan odam kerak. Biz inson nasli bu urug‘ hozirgi vaqtda hech qachon halol, olijanob va baxtli bo‘lmasligi va unga inom etilgan narsalarni kelajak zamonlar mehrobiga eltishi uchun ongga qo‘llari bilan mahkam yopishib olishini istagan bo‘lardik. Bundan vasiyligingdagi kishi uchun hozirgi vaqtdagi hayotdan ko‘ra hozirgi urushga nisbatan xavotirlar yoki umidlar (aynan qaysi biri ekanining ahamiyati yo‘q) foydaliroq ekanligi kelib chiqadi. Lekin bu ifoda ikki ma’noli. Hozirgi vaqtdagi hayot deb xuddi xavotirning o‘zi kabi kelajakka qattiq bog‘langan hazilni ham aytish mumkin. Vasiyligingdagi kishi hozirgi vaqt bilan mashg‘ul bo‘lgani uchungina kelajakdan xavotir olmasligi mumkin bo‘lmay, balki u o‘ziga shirin umidlarni uqtirgani uchun ham kelajakdan xavotir olmasligi mumkin. Hozircha bu uning xotirjamligini keltirib chiqararkan, bu bizga qo‘l keladi, chunki yolg‘on umidlar puchga chiqqanda, tushkunlik va alam shunchalik ko‘p bo‘ladi. Boshqa tomondan, agar vasiyligingdagi kishi unga ham og‘ir sinovlar tayyorlab qo‘yilganligini tushunib qolsa va unga yuqoridan kuch berishlarini so‘rab ibodat qilsa, o‘zi esa borlig‘icha hozirgi vaqtda qolsa, chunki uning burchi, shafqati, bilimi va quvonchi shu yerda va faqat shu yerda ekanligini tushunib yetsa — uning bu holatini juda ham istamagan bo‘lardik va bu darhol hujumga o‘tishimizni talab qiladi. Mijozingni “beg‘amlik” so‘zi bilan qo‘rqitishga urinib ko‘r. Bu yerda bizning tilshunoslik bo‘limimiz yaxshi mehnat qilgan. Lekin u sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgani va ishini yaxshi ko‘rgani sababli “hozirgi vaqtda yashayotgan” bo‘lishi ehtimoli ko‘proq. Bunday holatda bu tabiiy ahvoldir. Biroq agar sening o‘rningda bo‘lganimda, bunga chiday olmagan bo‘lardim. Tabiiy bo‘lgan hech narsa bizga naf keltirmaydi. Xo‘sh, nega endi bu mavjudotlar baxtli bo‘lishlari kerak?! Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N OLTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! O‘tgan xatingda sen qo‘l ostingdagi kishi hali ham o‘sha jamoat (cherkov)ga qatnayotgani va bu jamoat (cherkov)dan juda ham rozi ekanligini eslatib o‘tibsan. Qanday savol qo‘yilishi mumkin, nima deb o‘ylaysan? Nega haligacha uning muqimligi sabablari haqida xabar kelmayapti? Agar u befarыlikka shunchalik yopishib olgan bo‘lsa, bizning ishlarimiz yomon, buni tushunayapsanmi yoki yo‘qmi? Albatta, agar odamni jamoat (cherkov)ga qatnashdan davolashning iloji bo‘lmasa, eng yaxshisi – uni o‘ziga “ma’qul bo‘ladigan” jamoat (cherkov)ni uzoqdan izlashga jo‘natish ekanligi senga malum. To jamoat (cherkov)larni qadrlovchi va yaxshi biluvchiga aylangunicha daydib yuraversin. Bizning bunday faoliyatimiznng sabablari ayon. Birinchidan, qavmning uyushmasiga hujum qilish darkor, chunki ular o‘xshashligiga ko‘ra emas, balki yashash joylariga ko‘ra birlashishadi. Bu esa turli toifa va ruhiyatdagi odamlarni Dushman istagan birdamlikka olib keladi. Kongregatsiya qoidasi esa har bir jamoat (cherkov)ni bemalol qandaydir klubga, bordi–yu hammasi muvaffaqiyatli chiqsa — biror to‘garak yoki fraksiyaga aylantirishi mumkin. Ikkinchidan, ma’qul keladigan jamoat (cherkov)ni izlashlar odamni Dushman O‘z shogirdi deb ko‘rishni istagan joyni tanqid qilishga moyil etadi. Dushman jamoat (cherkov)dagi dunyoviy kishi haqiqatan ham tanqidga moyil bo‘lishini, ya’ni yolg‘on va foydasiz narsani qabul qilmasligini va bunda mutlaqo tanqidchi bo‘lmasligini – unga jamoat (cherkov) berayotgan hayotbaxsh ibtidoni qoralamasligi va savdolashmasligini, balki unga jamoat (cherkov) berayotgan (ko‘rayapsanmi, u qanchalik xor darajada ruhsiz va umid qilib bo‘lmas darajada dag‘al?) ibtidoni qabul qilishga donolik qilmay, itoatkorona bo‘ysunishini istaydi. Bu oddiy so‘zlar odamga va uning ruhiga juda ko‘p narsalarni aytib berishi mumkinligiga olib keladi (bu bizning siyosatimizga butunlay teskari). Odam bunday nuqtai nazarda turib qabul qilinadigan har qanday va’z yoki kitob biz uchun juda xavfli. Shunday ekan, g‘ayrat bilan ishga kirish va bu ahmoqni iloji boricha tezroq yaqin atrofdagi jamoat (cherkov)larga jo‘nat. Sening oxirgi xabaringni hech ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Bizning xizmat kartotekamizdan foydalanib, men unga atab ikkita qo‘shni jamoat (cherkov)ni ko‘z ostimga olib qo‘ydim. Har birining o‘z xususiyati bor. Ulardan birida ruhoniy skeptik va hushyor fikrlaydigan qavm uchun imonni ancha tushunarli qilish maqsadida, imonga shunchalik uzoq vaqt va sa’y–harakat bilan ko‘pirtirdiki, endi qavmdagilar emas, balki u qavmni imonsizlik bilan tang qoldirmoqda. U ko‘plarning qalbidagi imonga putur yetkazishga ulgurib bo‘ldi. Uning xizmat qilish uslubi ham hayratomuz. Qavmdagilarni “qiyinchiliklar”dan qutqarish uchun u ko‘p narsani o‘chirib tashladi va endi o‘zi buni anglamagan holda, hamma o‘zlarining o‘n beshta sevimli diniy qasidasi va yigirmata matn o‘qishlari atrofida aylangani–aylangan, biz esa shu choqqacha unga va qavmiga ma’lum bo‘lmagan qandaydir haqiqat ularga Bitiklar orqali yetib borishidan qo‘rqmasak ham bo‘laveradi. Lekin sening mijozing bu jamoat (cherkov) uchun unchalik ham ahmoq bo‘lmasligi yoki hozircha unchalik ahmoq bo‘lmasligi ehtimoli ham bor. jamoat (cherkov)da Tikanak ota xizmat qiladi. Odamlar uning qarashlari kengligini tushunishi qiyin: bir kun u deyarli kommunist, boshqa kuni – biror teokratik fashizmdan unchalik ham uzoq emas: bir kun u sxolastikaga moyil bo‘lsa, boshqa kuni umuman inson ongini inkor qilishga tayyor; bir kun siyosat bilan shug‘ullanadi — bu dunyoning barcha davlatlari “qoralanib bo‘lgan”ligini bayon qiladi. Biz, albatta, bularning hammasini bog‘lovchi ipni ko‘rib turibmiz: bu nafratdir. Bu odam faqat uning yaqinlarini va do‘stlarini gangitib qo‘yuvchi, dilini og‘rituvchi, tashvishga soluvchi yoki xo‘rlovchi narsalarni va’z qilishi mumkin, xolos. Ular qabul qilishi mumkin bo‘lgan va’z uning uchun ovoz chiqarib o‘qish mumkin bo‘lgan siyqasi chiqqan poema bo‘lishi mumkin bo‘lardi. Bundan tashqari, unda ko‘p narsani va’da qiluvchi jihat – noinsoflik bor. Aslida u: “Men yaqinda buni Maritenning asarida... yoki boshqa kimdandir o‘qiganligimga deyarli ishonchim komil” deb aytishni nazarda tutgan bir paytda: “Jamoat (cherkov)... shunga o‘rgatadi” deb aytishga undaymiz. Lekin seni uning bir mutlaqo azaliy nuqsonidan ogohlantirishim shart: u imonli. Bu esa hammasini buzib yuborishi mumkin. Lekin bu ikkala jamoat (cherkov)da ham bitta yaxshi qirra bor – ular guruhbozlikka moyillik bildiradi. Menimcha, agar vasiyligingdagi qishini jamoat (cherkov)dan tashqarida tutib turishning iloji bo‘lmasa, uni faol ravishda jamoat (cherkov) atrofidagi guruhlardan biriga jalb qilish zarurligi haqida seni ogohlantirgandim, shekilli. Men hozir diniy ta’limotdagi farqlarni nazarda tutayotganim yo‘q — bu borada u qanchalik mo‘ta’dil bo‘lsa, shunchalik yaxshi. Yovuzlikni yaratar ekanmiz, biz umuman ularning aqidalariga tayanmoqchi emasmiz. Tomonlardan hech biri Xuker va Foma Akvinat ta’limotlari o‘rtasidagi farqni aniqlashga qodir bo‘lmaganligi ehtimoli mavjud bo‘lganda, tushuntirishlari hech bo‘lmaganda, besh daqiqalik tanqidga chidab bermaganda, “Messa” deyayotganlar va “xizmat qilish” deyayotganlar o‘rtasida nafrat uyg‘otish nasib qilganda, haqiqiy xushchaqchaqlik paydo bo‘ladi. Barcha muhim bo‘lmagan tafsilotlar — shamlar, ibodatxona xorini kiyintirish va boshqalar — bunday faoliyat uchun ajoyib zamindir. Biz o‘sha o‘ta yomon ko‘radigan Pavlus taom va boshqa arzimas narsalar haqida fikr yurita turib, nimaga o‘rgatganini, ya’ni injiq bo‘lmagan odam injiq odamga yon bosishi kerakligini allaqachon onglardan o‘chirib yuborganmiz. Seningcha, odamlar qanday qilib buni hayotda qo‘llashni tushunishlari mumkin? Biri o‘z akasini xijolat qilmaslik uchun tizzasini bukadigan va cho‘qinadigandek, boshqasi esa akasini bu butparastlikka undamaslik uchun o‘sha taqvodorlik alomatlaridan o‘zini tiyadigandek tuyuladi. Agar bizning tinimsiz mehnatimiz bo‘lmaganida, shunday bo‘lardi ham. Busiz ingliz jamoat (cherkov)lari odatlaridagi farq ehtimol, shafqat va itoatkorlikning sababi va yetishtiruvchisi bo‘lib qolgan bo‘lardi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N YETTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Sen qalblarni egallashning usuli sifatida ochko‘zlikdan so‘z ochganingda yangragan o‘sha bepisand ohang faqatgina bilimsizligingni fosh qiladi, xolos. Oxirgi yuz yillikning eng buyuk yutuqlaridan biri – odamlar bu haqda o‘ylashni bas qilganidir. Butun Yevropadan bu mavzuda va’z o‘qilayotgan biror joyni yoki bundan vijdoni qiynalayotgan biror insonni topishing dargumon. Biz lazzatli ovqatlarni yeb to‘ymaslikka va isrofgarchilikka butun kuch–g‘ayratimizni jamlab, shunga sezilarli darajada erishdik. Bizning bayonnomalarimizdan menga ma’lum bo‘lishicha (senga esa bu Xushomadgo‘y orqali ma’lum deb umid qilaman), mijozingning onasi – bunga ajoyib misol. Agar u o‘zining butun umri sertuyg‘ulikning shu turi tomonidan qul qilinganinii, bu esa u kam ovqatlanayotgani uchun bu tuyg‘u undan yashirilganini bilib qolsa, hayron qolgan bo‘lardi (u bir kun kelib haqiqatan ham hayron qolishidan umidvorman). Lekin agar odam oshqozoni va dididan norozilik, sabrsizlik, berahmlik va xudbinlikni rivojlantirish uchun foydalanilsa, buning bizga qizig‘i bor! Bu xonim ishonchli qo‘llarda. Ofitsiantlar va mehmondo‘st xo‘jayinlar uchun u – dahshatning o‘zginasi. U har doim o‘ziga taklif qilishayotgan narsalarni rad etadi va yengil xo‘rsinib, nim tabassum bilan shunday deydi: «Eh, nimalar deyapsiz, menga bir qadah achchiq bo‘lmagan, ammo unchalik suyuq ham bo‘lmagan choy va bir burdagina qarsillagan quruq nondan boshqa hech narsa kerak emas…» Senga mohiyat tushunarlimi? U kamroq yeyishni xohlaydi va bu unga taklif qilishayotgan narsalardan arzonroq turadi, shuning uchun ham o‘zi boshqalarga qanchalik tashvish keltirmasin, u hech qachon o‘zining qat’iyyatini yebto‘ymaslik deb qabul qilmaydi. Ishtahasini erkalatarkan, u mo‘‘tadillikni mashq qilayotganiga ishonadi. Odamlarga to‘la restoranda charchagan ofitsiant ayol uning oldiga qo‘yayotgan taomni ko‘rib, bu xonim qichqirib yuboradi va shunday deydi: «Eh, menga shunchasining nima keragi bor! Buni olib keting va taxminan chorak qismini keltiring…» Agar undan so‘rashganida edi, u tejamkorligi bois shunday qilayotganini aytgan bo‘lardi. Aslida esa biz uni qaram qilib qo‘yganimiz o‘sha nazokat tufayli shunday qiladi, ayni paytda o‘zi istayotganidan ko‘ra ko‘proq taomni ko‘rsa, jahli chiqadi. Xushomadgo‘y yillar davomida olib borgan xotirjam, kamtargina mehnatning chin ma’nosini bu xonimning oshqozoni hozir uning umri ustidan qanday hukmronlik qilayotganiga qarab baholash mumkin. Mijoz ayol biz “men shunchaki istar edim” deb aytadigan holatdadir. U keraklicha qaynatilgan choy yoki keraklicha qaynatilgan tuxum yoxud keraklicha qovurilgan nonni xohlaydi. Lekin u hech qachon bu oddiy ovqatlarni “keraklicha” pishirgan na xizmatkorlarni, na do‘stlarni topa bilgan, chunki uning “keraklicha”si ortida o‘zi go‘yoki o‘tmishda tatib ko‘rgandek bo‘lib tuyuladigan ta’mdan aniq va amalga oshirib bo‘lmaydigan lazzatlanishga bo‘lgan to‘ymas talab ko‘rinadi. Bu o‘tmishni u “hali yaxshi xizmatkor topish mumkin bo‘lgan” vaqtlar sifatida tavsiflaydi, lekin biz uning ta’blari shunchaki oson qondirilganini va u o‘zini dasturxon atrofidagiga qaraganda ko‘proq huzurlantirgan boshqa rohatlarga berilganini bilamiz. Shu bilan birga, har kunlik tushkunliklar har kuni o‘sib borayotgan g‘azablanishlarga olib kelmoqda, oshpaz ayollar o‘z joylaridan voz kechmoqda, do‘stona munosabatlar sovub borayotir. Agar Dushman qachonlardir bu xonimda taomga juda qiziqayotgani borasida xira shubha paydo qilsa, Xushomadgo‘y o‘sha xonimga uning o‘zi yeyayotgani, lekin “bola laziz taom yeyishi mumkinligi”ning farqi yo‘qligini uqtirib, buni daf qiladi. Aslida xonimning ochko‘zligi ko‘p yilar davomida bola uyni yoqtirmasligining asosiy sababi bo‘lib kelgan. Biroq bizning vasiyligimizdagi kishi — o‘z onasining o‘g‘li. Sen esa boshqa frontlarda g‘ayrat bilan ishlab, yebto‘ymaslikni pisand qilmasliging shart emas. U erkak bo‘lgani bois, uni “men faqat hohlagan bo‘lardim” qarmog‘ida tutib olishning ehtimoli kam. Erkaklarni ularning manmanligi yordamida yo‘ldan ozdirish yaxshiroq. Qo‘yaver, o‘zlarini taomlarni eng yaxshi biluvchi deb hisoblayversin va ular shahardagi ovqatni “keraklicha” tayyorlaydigan yagona restoranni topgani bilan faxrlanaverishsin. Manmanlikdan boshlanadigan narsani odatga aylantirish oson. Ammo sen qanchalik ishga kirishma, eng asosiysi, — mijozingni shunday holatga keltirishdir, toki qondirilmagan intilish – shampan vinosigami yoki choygami, tansiq baliqqami yoki sigaretgami – ahamiyati yo‘q – uni “o‘zidan chiqarib yuborsin”. Shunda uning rahmdilligi, adolatliligi va itoatkorligi tamoman sening hukmronligingda bo‘ladi. Taomdagi oddiy isrofgarchilik nazokatga qaraganda kamroq qadrli. Uning asosiy foydasi shundaki, bu – xuddi o‘zini tiyishga hujum qilishdan oldingi artilleriya tayyorgarligiga o‘xshaydi. Xuddi boshqa hamma holatlardagi kabi, bu yerda ham odamni soxta ruhiylikda tutib turish kerak. Hech qachon unga ovqatlanishning tibbiy tomoni haqida o‘ylashiga imkon berma. Oxirgi kunlarda u yegan yoki ichgan narsaning oddiy manzarasi unga haqiqatni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan va oddiy nafsni tiyish bilan sendan himoyalanishiga imkon bergani holda, kibr yoki imonning yetishmasligi uni sening qo‘lingga topshirib qo‘yganini anglamasin. Agar unga ishning tibbiy tomoni haqida o‘ylashi shunchalik ham zarur bo‘lsa, biz inglizlarni ishonishga majbur qilgan o‘sha buyuk yolg‘onni unga singdir, ya’ni aynan jismoniy mashqlar va ularning o‘rniga keladigan charchoq nafsni tiyishdek yaxshi fazilatga ko‘maklashadi, degan yolg‘onni. Dengizchilar va askarlarning keng ma’lum bo‘lgan shahvoniy nafsida ular bunga qanday ishonishi mumkinligini aqlimga sig‘dira olmayman! Bu farazni tarqatish uchun biz maktab o‘qituvchilaridan fo ydalandik. Zero, bundan manfaatdor ekanliklarini oqlash maqsadida, donolikni tarbiyalash uchun bu o‘yinni o‘zlari taklif qilishdi. Biroq bu juda jiddiy masala bo‘lib, xatning oxirida bu masala bilan shug‘ullanishimiz joiz emas. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N SAKKIZINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Hatto Yaramas davrida ham sen jinsiy aloqa vasvasalari texnikasini o‘rganishing zarur edi va biz ruhlar uchun bu dahshatli zerikish bo‘lgani bois (garchi mutlaqo majburiy bo‘lsada), men ularni bu yerda gapirmay o‘taman. Jins bilan bog‘liq bo‘lgan chuqurroq boshqa muammolarga kelganda esa, sen o‘rganishing mumkin bo‘lgan narsalar ko‘p deb o‘ylayman. Dushmanning irodasiga ko‘ra, odamlar bahs qarshisida turadi: yo butunlay o‘zni tiyish lozim yoki talabchanlikni bo‘shashtirmay, yakka nikohli bo‘lish zarur. Lekin otamizning dastlabki buyuk g‘alabasi davridan buyon biz o‘zni tiyishni ular uchun mutlaqo qiyin qilib qo‘yganmiz. Yakka nikohlikni esa biz so‘nggi asrlarda najot yo‘lidan nari olib ketishga harakat qildik. Odamlarni ular “sevishganlik” deb ataydigan alohida va qisqa muddatli kechinma – nikohning yagona munosib asosi ekanligiga, nikoh bu kechinmani doimiy qilishi mumkin va zarur ekanligiga va nihoyat, bunday kutishlarni oqlamaydigan nikoh o‘z ma’nosini yo‘qotishiga ishontirib, biz yakka nikohlikni najot yo‘lidan nari olib ketishni shoirlar va yozuvchilar yordamida amalga oshirdik. Bu g‘oya Dushmanning g‘oyasiga parodiya bo‘ldi. Do‘zaxning butun falsafasi yo unisi yoki bunisi degan aksiomada mujassamlashgan. Meniki menga tegishli, seniki –senga. Bir kishi qo‘lga kiritgan narsadan ikkinchisi mahrum bo‘ladi. Hatto moddiy ob’ekt o‘zi egallab turgan makondagi qolgan boshqa hamma ob’ektlarni istisno qiladi. Agar uning hajmi kattalashsa, u boshqa narsalarni chetga suradi yoki ularni yutib yuboradi. Har qanday o‘zlik xuddi shunday harakat qiladi. Hayvonlar yeb, yutib yuborishadi. Bizda kuchli kuchsizning irodasi va erkinligini yutib yuboradi. «Mavjud bo‘lish» — “musobaqalashish” demakdir. Dushman bu ayon haqiqatni tinimsiz aylanib o‘tishga urinadi. Uning falsafasi qarama–qarshiliklarda mujassamlashgan. Dunyo ko‘p qiyofali va ayni paytda birdam bo‘lishi kerak. Bir kishining yutug‘i boshqaning ham yutug‘i bo‘lishi zarur. Mana shu be’manilikni U sevgi deb ataydi. Buni U yaratadigan hamma narsada va hatto U namoyon bo‘ladigan (yoki namoyon bo‘ladi deb ta’kidlaydigan) har bir narsada ko‘rish mumkin. Shunday qilib, oddiy arifmetik birlik bo‘lish Unga kamlik qiladi. Ko‘ryapsizmi, U ayni paytda Uch Birlik va Yagonadir. Sevgi haqidagi bu tuturiqsizlik Uning O‘z tabiatida asos topishi uchun U shuni aytadi. Boshqa tomondan esa, U organizmdek vijdonsiz kashfiyotni kiritadi, bu organizmda hamma qismlar o‘zining tabiiy vazifasi – musobaqalashishdan jirkanadi – va murosaga keltirilgan. U jinsiy farqni ko‘payish usuli sifatida qo‘llaganining asl sababi mutlaqo tushunarli. Qara, U bundan qanday foyda olgan. Jinsiy farq, bizning nazarimizda, butunlay beayb bo‘lishi mumkin edi. Bu shunchaki kuchlining hisobiga kuchsiz azoblanishining turlaridan biri bo‘lishi mumkin, bu xuddi o‘rgimchaklarda jinsiy yaqinlik tugashi bilan kelin kuyovni yamlab yuborishiga o‘xshaydi. Lekin Dushmanning inoyati tufayli odamlarda jinsiy moyillik o‘zaro bog‘liqlik bilan mustahkamlangan. Bundan tashqari, U bolalarning ota–onalarga bog‘liqligini o‘rnatgan va ota–onalarni farzandlarga g‘amxo‘rlik qilishga undagan, shu tariqa faqat yomonroq bo‘lgan organizmni eslatuvchi oilani yaratgan, chunki bu yerda a’zolar yanada mustaqilroq bo‘lib, ularning bir–biriga bog‘liqligi ancha ongli va mas’uliyatliroqdir. Oxir–oqibatda bu – odamlarni sevgiga jalb qiluvchi yana bir kashfiyotdir. Endi esa eng kulgilisi. Dushman er–xotinlarni “yagona vujud” deb atagan. U “baxtli er–xotin juftligi” yoki “sevgiga ko‘ra turmush qurgan juftlik” demagan. Sen esa shunday qilishing mumkinki, toki odamlar buni tushuna olmasin. Bundan tashqari, shunday qilki, xuddi o‘sha Pavlus buni nikohdan o‘tmagan juftliklarga ham qo‘llaganini ular esdan chiqarib yuborsin. Uning so‘zlariga qaraganda, xususan, qovushish odamlarni “yagona vujudga aylantiradi”. Odamlar aslida – shunchaki jinsiy maylni “sevishganlik” shavqi deb hisoblashiga erishish zarur. Haqiqatan ham, erkak qachon ayolga qo‘shilmasin, o‘zi shuni xohlaydimi–yo‘qmi, ular o‘rtasida qandaydir avjga chiqqan munosabat o‘rnatilib, bu munosabat bir umrga ularni qiynaydi yoki shodlik keltiradi. Bu munosabat bog‘liqlik va oila yaratishga qaratilganidan kelib chiqib (agar bu munosabatga butunlay sho‘ng‘ib ketilsa, shunday bo‘ladi ham), odamlarga faqat o‘zlari “sevishganlik” deb ataydigan muqaddaslik yoki nikoh baxtini yaratadi degan qo‘rquv va mayl aralashmasiga soxta ishonchni uqtirish mumkin bo‘ladi. Bu xatoni sodir etish oson, chunki G‘arbiy Yevropada “sevishganlik” Dushmanning irodasiga muvofiq tuziladigan nikohlardan oldin ro‘y beradi, ya’ni sodiqlik, bir–biriga nisbatan iltifot va serpushtlik nazarda tutilganidan ilgari sodir bo‘ladi. Mana senga o‘xshashlik: diniy sertuyg‘ulik ham ba’zan imonga kirishga ko‘maklashadi. Qo‘yaver, odamlar nikohning asosini Dushman faqat uning natijasi sifatida va’da qilgan varianti, deb hisoblayversin. Bundan shu zahotiyoq ikkita yaxshi imkoniyat kelib chiqadi. Birinchidan, o‘zini tiyish iste’dodiga ega bo‘lmagan odamlarni nikohdan tiyib turish mumkin, chunki ular “sevib qolmagan” – biz tufayli “sevgiga ko‘ra bo‘lmagan” nikoh haqidagi fikr ularga past va hayosiz bo‘lib tuyuladi. Ha, ha, ular aynan shunday o‘ylashadi. Ular o‘zaro yordam, bokiralikni saqlash va naslni davom ettirish uchun nikohdan o‘tish hissiyotlarning tasodifiy bo‘roniga qaraganda pastroq turadi deb hisoblashadi (imkoniyatni qo‘ldan chiqarma, o‘z mijozingni nikoh ahdi marosimini ancha nomukammal deb hisoblashga majbur qil). Ikkinchidan, nikohga intilgan har qanday jinsiy mayl “sevgi” deb ataladi, bu turdagi sevgi esa har qanday gunohni kechiradi va mutlaqo dunyoviy, ahmoq yoki buzuqi ayolga uylanishni bemalol keltirib chiqarishi mumkin. Ammo bu haqda keyingi xatda batafsilroq gap boradi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘N TO‘QQIZINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Men oxirgi xatingda bergan savol ustida ko‘p o‘yladim. Avval aniqlik kiritganimdek, barcha ayrim tirik mavjudotlar o‘z tabiatiga ko‘ra, bir–biri bilan raqobatda va o‘z navbatida, Dushmanning sevgi g‘oyasi qarama–qarshilikka ega: nega men U haqiqatan ham bu ikki oyoqli hasharotlarni sevishi va haqiqatan ham ularga erkinlik hamda abadiy hayot tilashi haqida yana gapirayapman? Mening xatlarimni sen hech kimga ko‘rsatmagansan degan umiddaman, qadrli bolaginam. Albatta, bu men uchun hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Men tushib qolgan bid’atlar mutlaqo tasodif ekanligini har birimiz tushundik. Darvoqe, mening Yaramas haqidagi nomaqbul so‘zlarim – shunchaki hazil ekanligini sen tushungansan degan umiddaman. Men uni juda hurmat qilaman. Albatta, seni hukumat oldida himoya qilmoqchi emasman, degan gapni hazillashib aytdim. Men sening manfaatlaringni muhofaza qilishimga ishonishing mumkin. Biroq mening hamma xatlarimni albatta yashirib qo‘y. Men butunlay ehtiyotsizlik tufayli, Dushman odamlarni sevadi, deb aytib qo‘ydim. Tabiiyki, buning iloji yo‘q, chunki odamlar Unga mutlaqo o‘xshamaydi. Ular uchun yaxshi bo‘lgan narsa, Uning uchun yaxshi emas. Sevgi haqidagi bu gap–so‘zlarning hammasi biror boshqa narsani yashirib tursa kerak. U odamlarni bekorga yaratmagan va bekorga ular bilan shunchalik ovora bo‘lmayotgandir. Ba’zan, tasodifan, U odamlarni o‘sha iloji bo‘lmagan muhabbat bilan sevishini aytarsan, chunki bu yerda jumboq nimadan iborat ekanligini biz hech qachon bila olmaymiz. U odamlarni nima qilmoqchi? Hal etilmas muammo! Menimcha, senga aynan shu sababga ko‘ra, bizning otamiz Dushman bilan janjallashib qolgan deb aytishga haqliman. Insonni yaratish masalasini ilk bora qo‘yishganida va Dushman Xoch bilan bo‘ladigan qandaydir hodisani oldindan ko‘rayotganida, bizning otamiz, tabiiyki, izohlar talab qila boshladi. Dushman unga hech qanday javob bermadi, Dushman o‘shandan beri tarqatib kelayotgan o‘sha aql bovar qilmas tarixdan tashqari. Turgan gapki, bizning otamiz Unga ishonmadi. U dushmandan qartalarni ochishini iltijo qildi, undan iltimos va iltijo qildi, ammo Dushman shunday javob berdi: “Men butun qalbim bilan bilishingni istagan bo‘lardim”. Mening nazarimda, aynan shu paytda otamiz nomunosib ishonchsizlikdan g‘azablangan va bu uni shunchalik ko‘p vaqt va shunchalik kutilmaganda uzoqlashishga undaganki, u Samodan quvilganligi haqidagi faraz paydo bo‘lgan. Shu paytdan boshlab, biz Dushmanimiz nega bunchalik sirlilikni bunyod etganini tushuna boshladik. Bunda Uning hokimiyati mujassamlashgan. Uning tarafdorlari, ko‘pincha, agar biz Uning sevgisini tushuna olganimizda, urush tugagan bo‘lishi va biz Samoga qaytishimiz mumkin bo‘lishini tan olishgan. Oldimizda buyuk topshiriq turibdi. Biz U sevgiga ko‘ra harakat qilishi mumkin emasligini, chunki bunda ma’no yo‘qligini bilamiz. Agar biz U nima istayotganini bila olganimizda qaniydi?! Biz faraz ortidan farazlarni tekshirib ko‘raverdik va haligacha hech narsaga erisha olmadik. Biroq biz umidlarimizni yo‘qotmasligimiz kerak. Nazariyalar tobora murakkabroq, ma’lumotlar tobora to‘liqroq, tadqiqotchilarga mukofotlar tobora yuqoriroq va ularning muvaffaqiyatlari tobora ko‘proq, muvaffaqyatsizlikka uchraganlar uchun jazolar tobora qo‘rqinchliroq. Agar zamon tugagunicha tezroq va tezroq harakat qilinaversa, muvaffaqiyatsizlik bo‘lishi mumkin emas. Sen mening oxirgi xatimdan, men “sevishganlik”ni istalgan tuyg‘u deb hisoblash–hisoblamaslgim aniq emas, deb shikoyat qilibsanmi? Xo‘sh, Razilgina, bunday savolni faqat “ular”dan kutish mumkin! Yaxshilik va yomonlik, sevgi, vatanparvarlik, nikoh qurmaslik, jamoat (cherkov) rusumlari, alkogoldan voz kechish, oliy ma’lumotni muhokama qilishni ularga qo‘yib ber. Nahotki, javob yo‘qligi senga tushunarli emas? Ruhning holatidan tashqari, hech narsa hech qanday ahamiyatga ega emas: vasiyligingdagi kishi Dushmanga intilayaptimi yoki bizgami? Ammo mijoz o‘zining “sevgisi” yaxshilik yoki yomonlik ekanligini gumon qila boshlasa, yomon bo‘lmasdi. Agar u oqbilaklik tufayli badanga oid hamma narsadan nafratlanadigan takabbur, xato narsani tozalik deb qabul qiladigan kimsa bo‘lsa yoki u do‘stlarining aksariyati ma’qullaydigan narsa ustidan kulishni yoqtiradigan kimsa bo‘lsa — uni albatta sevgini inkor qilishga majburla! Undagi takabbur asketizmni mustahkamla, keyin esa uning badanini har qanday odamga xos narsadan ajratib olganingdan so‘ng, bu hirsni qaytadan, lekin biror shafqatsiz, uyatsiz shaklda unga singdir. Agar u aksincha, hissiyotli va yengiltakroq bo‘lsa, toki u “sevgi”dan qochib bo‘lmasligi va qandaydir anglab bo‘lmas tarzda bu xayrli ekaligiga ishonmagunicha, uni rasvo shoirlar va eski, yaxshi maktabning uchinchi navli romanchilari bilan oziqlantir. , seni ishontirib aytamanki, tasodifiy aloqalarga unchalik ham kuchli undamaydi, lekin bu davomiy aloqalar, agar hammasi yaxshi borsa, qotillik yoki o‘z joniga qasd qilish bilan yakunlanadigan “pok”, romantik va fojiali aloqalar uchun beqiyos ahamiyatga ega. Agar bunga erisha olmasang, vasiyligingdagi kishini foydali nikoh sari boshla, chunki nikoh Dushmanning kashfiyoti bo‘lib, bizga ham foyda keltirishi mumkin. Hoynahoy, mijozning atrofida uning masihiycha hayotini o‘ta qiyinlashtira oladigan bir necha ayol bo‘lsa kerak, agar ulardan biriga uylanishiga ishontira olsang, iltimos, menga bu haqda keyigi xatingda xabar ber. Hozircha esa, hatto “sevib qolganlik“ni ham o‘z o‘zicha biz uchun va Dushman tomoni uchun foydali va qulay deb hisoblash mumkin emasligini esingdan chiqarma. Bu shunchaki biz ham, ular ham foydalanishi uchun berilgan holatdir. Odamlarni kuchli hayajonlantiradigan ko‘p narsalar – sog‘liq va kasallik, yoshlik va keksalik, urush va tinchlik kabi – ruhiy nuqtai nazardan sevib qolganlik ham asosan – xomashyodir. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMANCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Dushman sen mijozning donoligiga qilayotgan bevosita hujumlaringga qat’iy yakun yasaganini juda norozi bo‘lib ta’kidlayapman. Sen buni oldindan ko‘ra bilishing va to‘xtashing lozim edi. Hozirgi vaqtda esa mijoz xavfli haqiqatni ochdi: u bunday hujumlar bir umr davom etmasligini biladi. Aynan shuning uchun sen bizning eng yaxshi va sinalgan qurolimiz – bilmaydigan odamlarni, toki bizga taslim bo‘lmaguningcha, bizdan qutula olmaysan, deb ishontirishdan yana foydalana olmaysan. Sen donolilik sog‘liq uchun xavfli ekanligiga uni ishontira olgansan deb umid qilaman? Men hali ham uning atrofidagi ayollar haqidagi xabarni olganim yo‘q. Uni tezroq olishni xohlardim. Agar biz buzuqlikni tarbiyalash uchun uning jinsiy quvvatidan foydalana olmasak, bundan hech bo‘lmaganda, ma’qul keladigan nikoh uchun foydalangan bo‘lardik. Hozircha esa, men senga u aynan qanday ayollarni (men jismoniy tip haqida gapirayapman) sevib qolishi lozimligi haqida bir nechta maslahat bermoqchiman, axir biz “sevishganlik”dan o‘zga yaxshiroq narsani o‘ylab topa olmayapmiz. Bu savol asosiy qirralarida, tabiiyki, jahannamning sen bilan mendan quyi turuvchi xodimlari tomonidan bizlar uchun ishlab chiqilgan. Bu buyuk ustalar erotik did deb atash mumkin bo‘lgan narsani tinimsiz buzmoqdalar. Ular buni qaysi rusumda ekanligini belgilovchi mashhur aktyorlar, aktrisalar, tikuvchilar, reklama agentlarining tor doirasi orqali qilishmoqda. Ular faoliyatining maqsadi esa bir jins vakillarini boshqa jinsning nikoh tuzish ehtimol to‘g‘ri, baxtli va serpusht bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa vakillaridan uzoqlashtirishdan iborat. Shu tariqa biz ko‘p asrlar davomida tabiat ustidan shunchalik g‘alaba qozonib kelayapmizki, erkaklarning ba’zi ikkinchi darajali jihatlari (misol uchun, soqollar) deyarli hamma ayollarga yoqmaydi va bu, o‘z navbatida, senga tuyulganidan ko‘proq foyda keltirmoqda. Erkak didiga kelganda esa, shuni aytish mumkinki, biz uni ko‘p marta o‘zgartirdik. Bir paytlar erkaklarning manmanligini ularning shahvoniy nafsi bilan aralashtirib va inson zotini asosan eng kibrli va isrofgar ayollar orqali ko‘payishga undab, biz bu didni go‘zallikning ulug‘vor va zodagon tipiga yo‘naltirdik. Keyin biz zaif va ozg‘in bo‘lgan o‘ta ayolmand tipni o‘rnatdikki, ahmoqlik, qo‘rqoqlik va qalbakilik ruhiy sayozlik bilan birga, salkam ijobiy xislat bo‘lib qoldi. Hozir bizning vazifamiz butunlay boshqa. Jaz davri vals davrining o‘rnini oldi va endi biz erkaklarni o‘g‘il bolalardan farqlash qiyin bo‘lgan ayollarni sevishga o‘rgatayapmiz. Go‘zallikning bu tipi boshqalariga qaraganda tez o‘tadigan bo‘lgani uchun, biz ayollarning qarilik oldidagi muntazam qo‘rquvini o‘tkirlashtiramiz, ko‘p ajoyib natijalarga erishamiz va farzand tug‘ishga intilish va qodirlikni pasaytiramiz. Bu hammasi emas. Biz tufayli jamiyat rassomlik, sahna, plyajda yalang‘ochlashish tobora erkinroq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymoqda (lekin asl yalang‘ochlik emas). Buning hammasi, albatta yasamalik: bizning dong taratgan rasmlarimizdagi badanlar buzib tasvirlangan, cho‘milish kiyimlaridagi ayollar sarvqomat va nozikroq ko‘rinish uchun, ayol voyaga yetganligining tabiati yo‘l qo‘yganidan ko‘ra qisilgan va cho‘zilib ketgan. Biroq zamonaviy dunyo tobora “ochiqligi”, tobora “sog‘lomligi”ga va tabiatga qaytayotganiga chindan ishonadi. Natijada, biz ko‘zlarning seksual sohadagi rolini oshirib va erkaklar da’vosini tobora yolg‘ondakam qila borib, erkaklarning badanini soxtalikka tobora kuchliroq va kuchliroq yo‘naltirmoqdamiz. Oqibatlarini esa o‘zing ham tasavvur qila olasan. Bu — umumiy strategiya. Uning doiralarida harakat qilar ekansan, o‘z vasiyligingdagi kishining istagini har doim ikki yo‘nalishdan biriga yo‘llashing mumkin. Agar sen har qanday erkakning yuragiga ehtiyot bo‘lib nazar solsang, hech bo‘lmaganda, uni ikkita o‘ylab topilgan ayol — yerdagi Zuhra va iblis Zuhrasi qiziqtirishi – va ularga moyilligi sifat jihatdan turlichaligini ko‘rasan. Tiplardan birinchisiga nisbatan u, tabiiyki, Dushmaning irodasiga mos keladigan intilishni tuyadi. Bu moyillik rahmdillik, itoatkorlik bilan uyg‘unlashadi va umuman bizga shunchalik yoqimsiz bo‘lgan o‘sha hurmat va tabiiylik nuri bilan yo‘g‘rilgan. Ikkinchi tipdagisiga u qo‘pol maylni his qiladi. Bu tipdan, eng yaxshisi, uni nikohdan butunlay chalg‘itishda foydalangan ma’qul. Lekin hatto shunday ayol bilan nikohda ham u cho‘ri, ma’buda yoki jinoiy sherik sifatida muomalada bo‘ladi. Birinchi tipdagi ayolga muhabbat ba’zan Dushman yomonlik deb ataydigan narsani o‘z ichiga oladi, ammo faqat tasodifan. Masalan, erkak u boshqa kishining xotini bo‘lishini istamaydi va agar erkak uni qonunan seva olmasa, qattiq afsuslanadi, lekin ikkinchi tipdagi ayolga munosabatda yomonlik shundaki, erkak o‘zi izlab yurgan “alohida xushbo‘y hid”ni istaydi. Aslida ayol yuzining xushbo‘y hidi – oshkora hissiyotlilik, xo‘mrayganlik, ayyorlik yoki shafqatsizlikdadir. Uning badanidan taralayotgan xushbo‘y hid esa aslida ushbu erkak go‘zallik deb atayotgan narsadan ancha uzoq. Agar erkak sog‘lom fikrlasa, u buni xunuklik deb atagan bo‘lardi, ammo bizning san’atimiz tufayli, bunday hid erkakning hissiy o‘zini tiyish asablariga osongina o‘ynaydi. Haqiqiy qiynoqni, iblis Zuhrasi, albatta, o‘ynash sifatida ko‘proq keltiradi. Lekin agar mijoz – masihiy bo‘lsa, u holda uni “qaytarib bo‘lmas va hamma narsani kechiruvchi” sevgi haqidagi be’maniliklar bilan rosa to‘yintirib, mijozni bu ayolga uylantirib qo‘yish mumkin. Bu esa — arziydigan ishdir. Sen fahsh qismida va yolg‘iz holda o‘zini qondirish borasida muvaffaqiyatsizlikka uchrading, lekin odamning badanini uning halokati uchun ishlatishga imkon beruvchi boshqa, bilvosita usullar ham bor. Aslini olganda, ular nafaqat samarali, balki ajoyib tarzda yoqimli, chunki ular keltirib chiqaradigan kulfat juda yoqimli va bejirimdir. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA BIRINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Ha, erotik vasvasalar davri — biryo‘la vasiylikdagi kishining jahldorligiga ham hujum qilish uchun ajoyib davr. Agar mijoz bu faqat – “birvarakayiga” xolos, deb o‘ylayotgan bo‘lsa, hatto asosiy zarbani aynan shu yoqqa yo‘naltirish ham mumkin. Lekin xuddi boshqa hamma vaqtda bo‘lgani kabi, bu vaqtda ham ongni xiralashtirib, hujum uchun yo‘lni tayyorlab olish kerak. Odamlar oddiy omadsizlikdan emas, balki adolatsizlik sifatida qabul qilingan omadsizlikdan g‘azablanishadi. Adolatsizlik hissi esa ularning qonuniy talablari qondirilmagan degan tasavvurga asoslanadi. Vasiylikdagi kishi hayotga qanchalik ko‘p talablar qo‘ysa (sening rahbarliging ostida), u adolatsizlikni shunchalik ko‘p his qiladi va shunchalik tez–tez yomon kayfiyatda bo‘lib turadi. Balki sen mijoz o‘zining ehtiyojlari uchun ajratilan vaqtni undan tortib olishayotganida, ayniqsa g‘azablanishiga e’tibor qilgandirsan. U aynan oqshomni xotirjam o‘tkazishga umid qilgan paytida kutilmaganda kelib qolgan kishi yoki do‘sti bilan gaplashib olmoqchi bo‘lganida, do‘stining tinmay bidirlayotgan xotini vasiyligingdagi kishini muvozanatdan chiqarib yuboradi. Hozircha u mehmondo‘stlikning bu mayda talablarini o‘z–o‘zicha yomon ko‘radigan darajada yovuz yoki erinchoq bo‘lib qolgani yo‘q. U vaqtni o‘zining mulk deb hisoblagani bois, bu mayda talablar uning jahlini chiqarmoqda va bu mijozga uni talab ketishayotgandek bo‘lib tuyuladi. Sen bu: “Mening vaqtim – meniki!” degan g‘alati tushunchani shiddat bilan muhofaza qilishing kerak. Toki mijozga u har kunni yigirma to‘rt soatning qonuniy egasi sifatida boshlaydigandek bo‘lib tuyulsin. Toki mijozga bu mulkning u ishda qoldiradigan bir qismi og‘ir soliq bo‘lib tuyulsin va – u imonga ajratadigan qismi saxiy xayriya bo‘lib tuyulsin. Hech qachon unga vaqtning yig‘indisi qaysidir sirli tarzda unga azaldan berilgan degan gumonga borishiga imkon berma. Bu yerda sening oldingda qaltis vazifa turibdi. Sen u hatto biz ham uni oqlay olmaydigan tuturiqsiz g‘oyaga yopishib olishiga erishishing zarur. Sening vasiyligingdagi kishi vaqtning biror lahzasini ham na yarata oladi, na ushlab qola oladi, bu unga tekinga beriladi; xuddi shu tarzda muvaffaqiyat bilan, u quyosh hamda oyni o‘ziniki deb hisoblashga haqli. Bundan tashqari, u nazariy jihatdan Dushmanga butunlay xizmat qilishga tayyor va agar Dushman uning ko‘z o‘ngida shaxsan paydo bo‘lganida edi va undan hech bo‘lmaganda, bir kun shunday xizmat qilishni talab qilganida, tabiiyki, u rad qilmagan bo‘lardi. Agar bu kunning asosiy og‘irligi biror ahmoq ayolning suhbatlarini eshitishdan iborat bo‘lsa, bu unga yuk bo‘lmasdi. Agar Dushman: “Endi esa, istaganingni qil”, deb aytib, unga yarim soat berganida, u bundan tushkunlikka tushar darajada og‘rinmagan bo‘lardi. U vaqt haqidagi o‘zining g‘oyasi ustida, hech bo‘lmaganda, bir lahza o‘ylab ko‘rsa, hatto u ham o‘zi har kuni aynan shunday vaziyatda ekanligini tushunib olgan bo‘lardi. Men senga mijozingda bu g‘oyani parvarishlashni maslahat berayotganimda, bu hech ham unga qandaydir ishonchli dalil berishing zarurligini anglatmaydi. Bunday dalillar yo‘q. Sening vazifang – senzura kabidir. Uning fikrlari shu masalaga taqalishiga ruxsat berma. Uni zulmat bilan chulg‘ab ol, toki zulmat o‘rtasida: “Mening vaqtim– meniki!” degan unsiz, tadqiq etilmagan va kuchli tuyg‘u ko‘milib yotsin. Umuman olganda, mulkdorlik hissini hamisha rag‘batlantirib turish lozim. Odamlar o‘zlarining mulkdorlik huquqi to‘g‘risida abadiy bayon qilishadi, bu jannatda ham, do‘zaxda ham bir xilda kulgili eshitiladi. Biz esa ularni bunda qo‘llab–quvatlashimiz shart. Bokiralikka nisbatan hozirgi tahdidning asosiy sababi, odamlar nazdida, ular o‘zlarining tanalari, dunyolarni yaratgan quvvat ularning ichiga o‘zlarining ruxsatisiz kiritilgan, odamlarni u yerdan Dushmanning irodasiga binoan chiqarish mumkin bo‘lgan bu chuqur va xavfli mulkning “mulkdori” degan tasavvurlarida. Holat go‘yoki ota o‘z mehridan kelib chiqib, kichik yoshli shahzodani aslida dono maslahatchilar boshqarayotgan qaysidir o‘lkaning hukmdori deb e’lon qilgani, u esa xuddi bolalar xonasidagi kubiklardek, haqiqatan ham shaharlar, o‘rmonlar, hosillar unga tegishli deb tasavvur qilganidagi holatga o‘xshashdir. Mulkdorlik hissini biz nafaqat kibr yordamida, balki tushunchalarni surish yordamida ham tug‘dirishimiz mumkin. Biz egalik olmoshlarining turli ma’nolarini – “mening etigim”, “mening itim”, “ mening oqsochim”, “mening xotinim”, “mening boshlig‘im” va “mening Xudoim” jumlalarini taqqoslab ko‘rish mumkin bo‘lgan o‘sha aniq bir holatdan boshqasiga o‘tishdagi izchillikni payqamaslikka o‘rgatamiz. Biz bu ma’nolarni “mening etigim” jumlasida ishtirok etayotgan ma’noga olib boramiz. Hatto bolani ham “mening ayiqcham” jumlasini “mening munosabatlarim alohida bo‘lgan eski, sevimli va tirik ayiqcham” (chunki agar biz hushyor turmasak, bu aynan Dushman ularni o‘rgatadigan narsadir) ma’nosida emas, balki “agar xohlasam, men bo‘laklab tashlashim mumkin bo‘lgan ayiqcham” ma’nosida gapirishga o‘rgatish mumkin. Daraja ko‘rsatkichining boshqa tomoniga kelganda esa, biz odamlarni “Mening Xudoim” deganda. “mening etigim” degandagidan unchali farq qilmaydigan ma’noda gapirishga o‘rgatamiz, ya’ni ular “men ibodatlar paytida ergashishga chaqiradigan Xudoni” yoki “men Unda juda yaxshi joylashib olganim Xudo” degan ma’noni nazarda tutishga o‘rgatamiz. Hammasidan kulgilisi, inson hech narsa haqida “meniki” deb ayta olishi mumkin emasligidir! Oxir–oqibatda bizning otamiz yoki Dushman hamma mavjud narsalar haqida “meniki” deb aytadi, ayniqsa — har bir odam haqida. Xavotirlanma, odamlar hali ularning vaqti, ruhlari va badani kimga tegishli ekanligini bilib olishadi — har qanday holatda ham ularning o‘ziga tegishli emas. Hozirgi vaqtda Dushman Uning O‘ziga xos bo‘lgan sipolik bilan, U hamma narsani yaratganligi asosida “Meniki” deb aytmoqda. Bizning otamiz ham, oxir–oqibatda, hamma narsa haqida “meniki” deb aytishdan umid qilmoqda, ammo ko‘proq realistik bo‘lgan sababga ko‘ra, negaki biz g‘alaba qozonamiz. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA IKKINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Shunday qilib, vasiyligingdagi kishi sevib qoldi, buning ustiga biz uchun eng yomon tarzda va hatto sen yuborgan ro‘yxatda tilga ham olinmagan qizni. Hoynahoy, senga bilish qiziqdir, xatlarimdan birida ehtiyotsizlik bilan aytilgan ba’zi jumlalar sababli men bilan maxfiy politsiya o‘rtasida keltirib chiqarmoqchi bo‘lganing kichkina anglashilmovchilik endi ortda qoldi. Agar sen shu tariqa meni poylamoqchi bo‘lgan bo‘lsang, xato qilibsan. Xuddi boshqa barcha xatolaring uchun javob berishing kabi, buning uchun ham jazolanasan. Hozircha esa men beparvo yo‘ldan ozdiruvchilar uchun yangi axloq tuzatish uyiga bag‘ishlangan va yaqindagina chop etilgan kichkina risolani ilova qilaman. U ko‘plab rasmlar bilan bezatilgan bo‘lib, unda birorta ham zerikarli sahifani topa olmaysan. Men bu qizning hujjatlarini izlab topdim va aniqlagan narsalarimdan dahshatga tushdim. U shunchaki masihiy qiz emas — u eng Razillardan biridir! Jirkanch, ablah, ahmoqona tabassumli, kamtar, sukutli, sichqoncha kabi unsiz, xuddi ho‘l tovuq kabi arzimas, bokira, chin g‘o‘r! Shunchaki, ko‘nglim ayniyapti. Uning hujjatlarini o‘qish shunchaki jirkanarli. Dunyo qanchalik buzilib ketganligidan aqldan ozish mumkin. Avvalgi zamonlarda biz uni sahnaga, hayvonlar tilkalab tashlashiga jo‘natgan bo‘lardik. Unga o‘xshagan xotin–qizlar faqat shunga yaraydi. To‘g‘risi o‘sha yerda ham undan foyda kam bo‘lardi. U – ikkiyuzlamachi aldoqchi (men tinchginalarni bilaman): ko‘rinishi xuddi bir tomchi qonni ko‘rsa, hushidan ketadigandek, lekin yaramas, labida tabassum bilan o‘ladi. Ha, ado bo‘lgan aldamchi — talabchan bo‘lib ko‘rinadi, o‘zi esa qochirimlarga to‘la. U hatto men ham kulgili tarzda ko‘rinishim mumkin bo‘lganlardan biri! Beo‘xshov, rangsiz, kichkina qiyshang‘i, lekin birinchi chaqirishidayoq o‘sha gumrohning quchog‘iga tashlanishga tayyor. Agar Dushman bokiralikka shuchalik e’tibor beradigan bo‘lsa, nega endi U qarash va kulish o‘rniga, bu qizni, hech bo‘lmaganda, shuning uchun yakson qilmaydi? Qalbining tubida U gedonist. Bu barcha o‘zini tiyishlar va sergakliklar, gulxanlar va xochlar— shunchaki peshtoq. Dengiz qirg‘og‘idagi ko‘pik. Uning dengizlari kengliklarida esa — shodlik va yana shodlik. U hatto buni yashirmayapti ham. Ko‘rayapsizmi, Uning mulkida abadiy huzur–halovat. Tfu! Mening nazarimda, bu yerda biz Zulmat Olamimizda yetib boradigan o‘sha yuksak va qorong‘u fojialarga ishora ham yo‘q. U dag‘al, Razilgina! Unda burjua qalb bor. U butun dunyoni, O‘zining butun dunyosini O‘z shodliklari bilan to‘ldirgan. Odamlar kun bo‘yi unda aslo e’tiroz uyg‘otmaydigan narsalar bilan mashg‘ul: cho‘milishadi, uxlashadi, bir–birini sevishadi, raqsga tushishadi, ibodat qilishadi, ishlashadi. Bular bizning foydamizga bo‘lishi uchun, bu ishlarning hammasini buzish shart. Biz o‘ta og‘ir sharoitlarda mehnat qilayapmiz. Hech bir tabiiy narsa o‘z–o‘zicha bizning foydamizga ishlamayapti (biroq bu seni kechirmaydi. Men tez orada sening izingdan tushmoqchiman. Sen har doim meni yomon ko‘rgansan va ilojing bo‘lishi bilanoq, jig‘imga tekkansan). Keyin vasiyligingdagi kishi, albatta, shu qizning butun oilasi bilan va uning atrofidagilarning barchasi bilan tanishadi. Nahotki, sen u hatto qiz yashaydigan uyga kirishi ham mumkin emasligini tushunmayapsan? Butun bu joy achchiq badbo‘y hid bilan qoplangan. Garchi u yerda atigi besh yildan beri bo‘lsada, hatto bog‘bonga ham shu hid urib qolgan. Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi keladgan mehmonlar ham o‘zlari bilan bu hidni olib ketishadi. Mushuk va it uni o‘ziga yuqtirgan. Bu uy o‘tib bo‘lmas sirni o‘zida saqlaydi. Bizning ishonchimiz komilki (boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas), oilaning har bir a’zosi qaysidir bir tarzda boshqalarni ezadi, lekin biz u yerda gap nimadaligini hech ham bilib ololmaymiz. Xuddi Dushmanning O‘zi kabi, ular beg‘araz sevgi deb ataladigan yolg‘on ortida nima yashiringani haqidagi sirni jon–jahdi bilan asraydi. Butun bu uy va bog‘ — yoppa uyatsizlikdir. Ular Samo haqida shoirlardan biri qalamiga mansub bo‘lgan o‘sha ko‘ngilni ozdiruvchi tasvirni eslatishadi; «Hayot hukmron bo‘lgan va havo kuy hamda sokinlik bilan nafas oladigan o‘sha o‘lka». Kuy va sukunat … Men ularni qanchalik yomon ko‘raman! Bizning otamiz do‘zaxga qadam qo‘yganidan beri (bu esa inson ma’lumotlariga qaraganda, ancha ilgari bo‘lgan), do‘zax vaqtining birorta ham lahzasi bu jirkanch kuchlarga berilmagani uchun qanchalik minnatdor bo‘lishimiz zarur. Hammasi shovqinga to‘lgan — g‘alaba, shafqatsizlik va kuchni buyuk, harakatchan, baland ovozda ifodalash shovqini! Shovqin va faqat shovqin bizni ahmoqona irodasizlik, umidsiz vijdon qiynalishlari va ro‘yobga chiqmaydigan istaklardan himoya qilishga ko‘maklashadi. Qachonlardir biz butun Koinotni bitta yaxlit shovqinga aylantiramiz. Yer yuzida biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Oxirida biz hamma kuylarni va samoning butun sokinligini o‘chiramiz. Men biz hali yetarlicha baland ovozda emasmiz deb o‘ylayman. Lekin fan ilgarilamoqda. Sen esa jirkanch, arzimassan... (Shu yerda qo‘lyozma uzilib qolgan, keyin – boshqa dastxat...) Adabiy jo‘shqinlik og‘ushida men senga bilmay turib, katta qirqoyoq shaklini qabul qilishingga imkon berib qo‘yibman. Shuning uchun men davomini o‘z kotibimga aytib turaman. Endi, evrilish sodir bo‘lganidan so‘ng, men uni taniyapman. U vaqti–vaqti bilan takrorlanadi. U haqdagi mish–mish odamlarga yetib bordi va buzib ko‘rsatilgan farazi ularning shoiri Miltonda go‘yoki qiyofaning bunday o‘zgarishlari bizning zimmamizga “jazo” tariqasida Dushman tomonidan yuklangan degan beo‘xshov qo‘shimcha bilan birga paydo bo‘ldi. Shou ismli yanada zamonaviyroq yozuvchi bu yerda gap nimada ekanligini tushundi: evrilish ichdan sodir bo‘ladi va uni bizning otamiz o‘zidan boshqa biror narsaga sajda qilishi mumkin bo‘lganida, otamiz sig‘inishi mumkin bo‘lgan o‘sha Hayotiy Kuchning yorqin namoyon bo‘lishi deb hisoblash mumkin. Men o‘zimning hozirgi ko‘rinishimda seni ko‘rishga va mahkam quchoqlash, quchoqlash, quchoqlashga yanada ko‘proq tashnaman. Imzo chekildi: Jahannamdagi Adorodiy G‘alamisning topshirig‘iga binoan, Laganbardor. YIGIRMA UCHINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Bu qiz va uning ko‘ngilni aynituvchi oilasi orqali vasiyligingdagi kishi har kuni yangidan–yangi – buning ustiga ancha aqlli masihiylar bilan tanishayapti. Endi ruhiy qiziqishlarni uning hayotidan bartaraf qilish oson emas. Xo‘p, mayli, ularni aynitishga urinib ko‘ramiz. Shubhasiz, sen mashg‘ulotlarda tez–tez yorug‘lik farishtasiga aylanib turarding. Nima ham derdik, buni Dushman ko‘z o‘ngida ham qilish vaqti yetdi. Dunyo va badan bizni aldadi. Uchinchi imkoniyat qoladi. Agar u yaxshi natijalarga olib kelsa, yuqori navli g‘alaba bo‘ladi. Pastga urilgan taqvodor, munofiq, inkvizitsiya hakami yoki afsungar do‘zaxga zolim yoki fohishaboz kabi o‘rtamiyonalikka qaraganda ko‘proq quvonch keltiradi. Mijozingning yangi do‘stlarini tekshirib ko‘rib, men hujum qilish uchun eng yaxshi joy ilohiyot va siyosat o‘rtasidagi hudud deb hisoblayman. Uning do‘stlaridan ko‘pchiligi dinning ijtimoiy oqibatlariga mas’uliyat bilan yondashadi. Bu o‘z–o‘zidan yomon. Lekin bundan ham yaxshi foydalansa bo‘ladi. Ko‘p ijtimoiy–masihiy yozuvchilar masihiylik e’tiqodi o‘z rivojlanishining ilk bosqichida buzila boshllab, O‘z Najotkorining ta’limotidan uzoqlasha boshladi deb hisoblashini bilib olasan. Bu g‘oya yordamida biz har xil olimlar “keyinroq kiritilgan qo‘shimchalar va buzib ko‘rsatishlar”ni bartaraf eta turib kelgan va keyin buni har qanday masihiylik naqllariga qarshi qo‘yib, undan foydalanishgan “tarixiy Iso” haqidagi o‘sha tushunchani yana va yana rag‘batlantiraveramiz. O‘tgan avlodda biz “tarixiy Iso” ta’limotini liberal va gumanistik asoslarda qo‘llab–quvvatladik. Endi biz marksizm, dunyo halokati va inqilob yo‘nalishi bo‘yicha yangi “tarixiy Iso”ni ilgari surayapmiz. Bu ta’limotlarda (biz esa ularni taxminan har o‘ttiz yilda o‘zgartirmoqchimiz) ustun tomonlar ko‘p. Birinchidan, ularning hammasi odamning e’zozlanishini mavjud bo‘lmagan narsaga yo‘naltiradi, chunki har bir “tarixiy Iso” tarixiy emas. Yozma manbalar ularda nima aytilgan bo‘lsa, shuni takrorlaydi va bunga boshqa hech nima qo‘shib bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir “tarixiy Iso”dan so‘ng, ba’zi tomonlarini kamaytirib va boshqa tomonlarini oshirib ko‘rsatib, shuningdek, farazlar qurib (biz odamlarni bu farazlarni yorqin db atashga o‘rgatdik), ulardan biror narsa sug‘urib olishga to‘g‘ri keladi, bu farazlar uchun hech kim bir chaqa ham bermagan bo‘lardi, lekin ular har qanday nashriyotning kuzgi reklamasida yangi Napoleonlar, Shekspirlar va Sviftlarning butun bir atoqli guruhi paydo bo‘lishi uchun yetarlidir. Ikkinchidan, bu ta’limotlarning barchasi o‘zining “tarixiy Iso”si ahamiyatini go‘yoki U e’lon qilgan qandaydir o‘ziga xos nazariya bilan o‘lchaydi. U so‘zlarning zamonaviy tom ma’nosida “buyuk inson”, ya’ni biror telba–teskari narsani ta’kidlaydigan, odamlarga najot taklif qiladigan g‘alatiroq inson bo‘lishi shart. Biz odamlarni shunday qilib U kimligi va U nima qilganidan chalg‘itamiz. Avvaliga biz Uni shunchaki donolik Ustoziga aylantiramiz, keyin Uning ta’limoti boshqa buyuk ma’naviy ustozlarning ta’limoti bilan chuqur yakdillikka ega ekanligi haqida indamay qo‘ya qolamiz. Barcha ma’naviyat ustozlari odamlarga biror yangi narsani xabar qilish uchun emas, balki dunyo tinmay inkor qilayotgan yaxshilik va yomonlik haqidagi barcha qadimiy siyqasi chiqqan gaplarni eslatish, tiklash uchun Dushman tomonidan yuborilganini odamlar hech qachon ko‘rishlari kerak emas. Biz safsatabozlarni yaratamiz — U shularga qarshi zarba berish uchun Suqrotni ilgari suradi. Bizning uchinchi maqsadimiz — bu ta’limotlar orqali ibodat hayotini buzishdir. Odatda odamlar tomonidan ibodatlar va sinoatlarda his qilinadigan, Dushman chindan hozir bo‘lishi o‘rniga, biz sarob ko‘rinishida ularga ehtimoliy, uzoqlashgan, xira, g‘alati tilda so‘zlayotgan va juda avval o‘lib ketgan mavjudotni beramiz. Bunday mavjudotga sajda qilishning iloji yo‘q. Yaratuvchining ijodi Unga sig‘inayotgan yaratiluvchi o‘rniga, biz maxluqni, o‘z tarafdorlarining dohiysini taklif qilamiz, oxirida esa – mulohazali tarixchi ma’qullaydigan mashhur shaxsni taklif qilamiz. To‘rtinchidan, bunday turdagi imon o‘zining tarixiy bo‘lmagan Isosi bilan birga, tarixni umuman boshqa ma’noda ham buzib ko‘rsatadi. Isoning Yerdagi hayotini fan qoidalari bo‘yicha tadqiq etarkan, barcha xalqlardan atigi bir necha odamgina Dushman qarorgohiga kelgan. Aslida insoniyatga Uning to‘liq tarjimai holi uchun hatto material ham berilmagan. Ilk masihiylar esa faqat bitta tarixiy dalil – Qayta Tirilish va faqat bitta aqida – Gunohni yuvish ta’siri ostida imonga kelishgan. Bu aqida ularda bo‘lgan narsa – gunohga ta’sir qilgan. Bu ta’sir qaysidir “buyuk odam” tomonidan yangilik tarzida ilgari surilgan qandaydir g‘aroyib qonunga qarshi bo‘lmagan, balki odamlarni onalar va enagalar o‘rgatgan eski, ommaga ma’lum va umumiy bo‘lgan axloq qonuniga qarshi edi. Kalomdagi xabar qilishlar kechroq paydo bo‘lgan va odamlarni masihiylikka kiritish uchun emas, balki imonga kelganlarga pand–nasihat qilish uchun yozilgan. Mana shuning uchun ham, Iso bizga ba’zi bandlarda qanchalik xavfli ko‘rinmasin, har doim “Tarixiy Iso”ni rag‘batlantir. Masihiylik va siyosatning aloqasiga kelganda esa, bizning ahvolimiz qiyinroq. Tabiiyki, odamlar o‘z imonlarining siyosiy hayotlariga kirishiga ruxsat berishlarini istamaymiz, chunki chindan ham adolatli jamiyatga o‘xshash biror narsa ulkan kulfat keltirgan bo‘lardi. Boshqa tomondan, biz odamlar masihiylikka, birinchi navbatda, albatta, vosita, o‘z muvaffaqiyatining vositasi sifatida munosabatda bo‘lishini juda istaymiz, lekin bunga erisha olmasak, istalgan narsaning vositasi, hatto ijtimoiy adolat uchun vosita sifatida munosabatda bo‘lishlariga erishishimiz shart. Avvaliga odamni ijtimoiy adolatni qadrlashga majbur qilamiz, chunki bu adolatni Dushman yaxshi ko‘radi, keyin esa odamni u masihiylikni shu din yordamida adolatga erishish mumkin bo‘lganligi uchun qadrlaydigan holatga solamiz. Dushman masihiylikni foyda olish uchun qo‘llashlarini istamaydi. Imon bilan jamiyatda yaxshilanishlarga erishish kerak deb o‘ylovchi odamlar va xalqlar, ko‘cha harakatini tartibga solish maqsadida, Osmon Kuchlaridan xuddi shunday muvaffaqiyat bilan foydalanishlari mumkin. Biroq, yaxshiyamki, ularni bu kichkina qiyinchilikni aylanib o‘tishga ko‘ndirish juda oson. Aynan bugun bir e’tiqodli yozuvchining bir necha sahifasi qo‘limga tushib qoldi, bu sahifalarda u masihiylikning o‘zi tavsiya qilayotgan ko‘rinishini, “bunday imon eski madaniyatlar halokatidan va yangi tamaddunlar tug‘ilishidan keyin ham uzoq umr ko‘rishi”ni yozgan. Bu yerda tayanch nima ekanligini tushunayapsanmi? «Bu haqiqat bo‘lgani uchun emas, balki qandaydir sabablar tufayli bo‘lganiga ishon». Hamma gap mana shunda, axir. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA TO‘RTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Sening mijozing xonimini kuzatadigan Tilyog‘lamaga xat yozib yubordim va endi bu qizning zirhidagi kichkina yoriqni ko‘rdim. Bu intellektual muhitda o‘sgan, yaqqol ifodalangan imon bilan birlashgan deyarli har bir ayolda bor bo‘lgan kichkina nuqsondir. Bu ayollarga ularning imoni tarafdori bo‘lmagan hamma begona shaxslar shunchaki ahmoq va g‘alati bo‘lib tuyuladi. Bu begonalar bilan uchrashadigan erkaklar bu odamlarga boshqacha munosabatda bo‘ladi. Ularning e’tiqodi, agar bor bo‘lsa, — boshqa turda. Qiz o‘z imonining natijasi deb hisoblaydigan e’tiqodi esa, do‘stlardan olingan tasavvurlarga kuchli bog‘langan: bu tasavvurlar uning o‘z uyidagi baliq kesuvchi pichoqlar “to‘g‘ri”, “me’yordagidek” va “haqiqiy”, qo‘shni oiladagilarniki esa – “noto‘g‘ri” deb o‘ylagan o‘n yoshlik paytdagi tasavvurlardan unchalik ham farq qilmaydi. Biroq bu yerda bilmaslik va soddalik shunchalik ko‘p, ruhiy kibr esa shunchalik kamki, bizda bu qizga deyarli umid yo‘q. Lekin sen vasiyligingdagi kishiga ta’sir o‘tkazish uchun bundan qanday foydalanish mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rdingmi? Biror masalada yangi bo‘lgan odam hamisha bo‘rttirib ko‘rsatadi. Cho‘qqiga ko‘tarilgan odam – oddiy va erkin, yosh shogird esa — ancha sipo. Bu yangi doirada vasiyligingdagi kishi yangi odamga o‘xshaydi. Bu yerda u har kuni ilgari o‘zi hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan xususiyatlarga boy nasroiycha hayotga duch keladi. U bu xislatlarga taqlid qilishga astoydil intiladi (aslida, Dushman unga buyruq beradi). Uni bu xatoga taqlid qilishga hamda unda kechirish hissi eng kuchli his, gunohlardan eng chiroylisi – ruhiy kibr bo‘lishi uchun uni ushbu xatoni oshirishga majbur qil. . Sharoitlar hozir eng mukammal payti, shekilli. U bo‘lib turgan yangi davra bilan faqat ular masihiylar bo‘lgani uchungina faxrlanib qolish yetarli emas. Bu jamoat u ilgari duch kelgan barcha odamlarga qaraganda, ma’lumotliroq, aqlliroq, yoqimliroq. Bundan tashqari, u mazkur jamoatdagi o‘rnini ham butunlay tasavvur qila olmayapti. Sevgi ta’siri ostida u hali ham o‘zini qizga munosib emas deb hisoblaydi, lekin u tez orada o‘zini boshqa munosabatlarda munosib deb hisoblaydi. Bu odamlar olijanoblik yuzasidan mijozingni qanchalik tez–tez kechirayotgani va endi u bu oilaga kirishib ketgani bois, u haqda yaxshi ma’noda qanchalik ko‘p gapirayotgani unga ko‘rinmayapti. Bu odamlar vasiyligingdagi kishining aytgan gaplarida o‘z qarashlarining shaxsiy aks–sadosini tanishayotgani uning tushiga ham kirib chiqmaydi. U bu odamlarga nisbatan his qilayotgan maftunligini uning ko‘zlarida o‘sha qiz yoqayotgan erotik tarovatga qanchalik bog‘liq ekanligini yana ham kamroq fahmlaydi. U bu odamlarning ruhiy darajasiga mos kelgani bois, ularning suhbatlari va hayoti o‘ziga yoqayapti deb o‘ylaydi, aslida esa, bu odamlar undan ancha yuqori turadi va agar u shunchalik sevib qolmaganida edi, hozir tabiiy deb qabul qilayotgan ko‘p narsalar mijozingni o‘ylantirib qo‘ygan va qahrini keltirgan bo‘lardi. Vasiyligingdagi kishi hozir faqat ov instinkti va xo‘jayinga mehri tufayligina o‘q otishni yaxshi ko‘rib qolgani uchun ov qurolini yaxshi bilaman deb o‘ylayotgan itga o‘xshaydi. Mana shu yerda ishga tushasan. Hozircha Dushman sevgi va O‘zining xizmatida ancha ilgarilab ketgan ba’zi odamlar yordamida bu yosh vahshiyni, aks holda u hech qachon yetisha olmaydigan cho‘qqiga ko‘tarar ekan, sen uni o‘z darajasini topgan, bu odamlar “uning doirasidagilar”, bu odamlar yonida – u o‘z uyida deb o‘ylashga majbur qilasan. U boshqa odamlar bilan muloqot qilganida, u muloqot qilayotgan odamlarning deyarli har bir toifasini aslida ancha tussiz, lekin ko‘proq unga o‘sha qiz yetishmay turgani bois, ancha zerikarli deb topadi. Vasiyligingdagi kishini o‘sha qizning doirasi va u zerikayotgan doira o‘rtasidagi keskin farqni masihiylar va imonsizlar o‘rtasidagi keskin farq, deb qabul qilishga majburla. Uni “har holda, biz, imonlilar qanchalik boshqacha odamlarmiz–a!” deb hisoblashga (so‘zda bundan yaxshiroq ifodalab ham bo‘lmaydi) majbur qil. “Biz imonlilar” deganda u, garchi anglamagan holda bo‘lsada, “o‘z doirasi”ni nazarda tutishi, “o‘z doirasidagilar” deganda esa, “o‘z yaxshiligi va itoatkorligiga ko‘ra meni o‘z muhitiga qabul qilgan odamlar”ni emas, balki “huquqimga ko‘ra, men taalluqli bo‘lgan odamlar”ni nazarda tutishi shart. Omad sen uni alday olish–olmasligingga bog‘liq. Agar sen uni masihiyligi bilan faxrlanishga yaqqol va oshkora majbur qilsang, ehtimol, hamma ishni buzib qo‘yasan: har holda Dushmanning ogohlantirishlari ancha yaxshi ma’lum. Bordiyu, boshqa tomondan “biz, imonlilar” bilan nayrang umuman ish bermasa–yu, faqat uni to‘garakdagidek o‘zidan qoniqishga undasa, sen uni haqiqiy ruhiy kibrga olib kelmaysan, balki ijtimoiy kekkayganlikka olib kelasan, bu esa kibr bilan taqqoslaganda, ko‘z–ko‘z qilinadigan va bema’ni bir nuqsondir. Bu yerda u o‘zining barcha yashirin fikrlarida seni ma’qullagani yaxshiroq; u hech qachon o‘ziga: “Nega endi men o‘zimni maqtayapman?» degan savolni bera ko‘rmasin. U biror doiraga mansubman, qandaydir sirga jalb qilinganman deb o‘ylashi uning uchun ancha shirin xayoldir. Ana shu torni chalishda davom etaver. Qizning zaif tomonidan foydalanib, vasiyligingdagi kishini imonsizlar gapirayotgan hamma narsani kulgili deb bilishga o‘rgat. Bu yerda biz ba’zan zamonaviy masihiy davralarda uchratayotgan nazariyalardan ayrimlari foydali bo‘lishi mumkin; men jamiyat imonlilarning qandaydir ma’lum davrasiga, qandaydir olim kohinlarga umid bildiruvchi nazariyalarni ko‘zda tutayapman. Bu nazariyalar to‘g‘ri yoki to‘g‘ri emasligi senga hech ham taalluqli emas, asosiysi, masihiylik uning uchun tasavvufga asoslangan qatlam bo‘lishi, o‘zini esa bag‘ishlanganlardan biri deb his qilishidir. Men sendan yana shuni iltimos qilaman: o‘z xatingni urush haqidagi har xil bema’niliklar bilan to‘ldirma. Urushning yakuniy natijasi, shubhasiz, muhim, biroq bu bizning Quyi Qo‘mondonligimiz ishi. Angliyada qancha odam bombalar bilan o‘ldirilgani meni mutlaqo qiziqtirmaydi. Ular qanday ruhiy holatda o‘lganini esa bizning byuromiz statistikasidan bilib olaman. Ular qachonlardir o‘lishini men shundoq ham bilardim. Sendan juda iltimos qilaman, o‘z ishing bilan shug‘ullan. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA BESHINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Vasiyligingdagi kishi aylanayotgan davradagi eng yomon narsa ular faqat masihiy ekanligidir. O‘z–o‘zidan ayonki, ularning hammasida shaxsiy manfaatlari bor, biroq ularni imon bog‘lab turibdi. Biz esa, agar odamlar dindor bo‘la boshlasa, ularni men “masihiylik va ...” deb ataydigan masofada saqlab turishni istaymiz. Tushunayapsanmi? Masihiylik va inqiroz, masihiylik va yangi psixologiya, masihiylik va yangi jamiyat, masihiylik va imon bilan davolash, masihiylik va vegetarianlik, masihiylik va imloni isloh qilish. Bordi–yu, masihiy bo‘lishni juda xohlab qolishgan bo‘lsa, pisandali masihiy bo‘laqolishsin. Ularda imonning o‘rnini masihiycha bo‘yoqqa ega qandaydir moda egallay qolsin. Bu yerda sen ularning eski va o‘zgarmas narsalar oldidagi qo‘rquvidan foydalanishing shart. Eskilik va o‘zgarmaslik oldidagi dahshat – biz odamlar yuragida o‘stirishga erisha olgan eng qimmatli ishtiyoqlardan biri bo‘lib, dindagi bid’at, maslahatlardagi bemulohazalik, do‘stlikdagi nomuqimlikning bitmas–tuganmas manbaidir. Odamlar zamonda yashamoqda va voqelikni bir qator ketma–ket hodisalar sifatida boshdan kechirmoqda. Shu bois, voqelik haqida ko‘p bilish uchun ular boy tajribaga ega bo‘lishlari zarur, boshqacha qilib aytganda, ular o‘zgarishlarni boshdan kechirishlari kerak. Dushman o‘zgarishni yoqimli qilgan, xuddi taom iste’mol qilishni yoqimli qilgani kabi (U qalban – gedonist ekanligini senga aytib o‘tgandim). Lekin U o‘zgarishlar, xuddi taom kabi birdan–bir maqsadga aylanib qolishini istamaydi va shuning uchun o‘zgarishni yaxshi ko‘rishni doimiylikni yaxshi ko‘rish bilan muvozanatga solgan. Doimiylik va o‘zgarishni bir marom deb ataladigan ittifoqqa birlashtirib, U ikkala ehtiyojni hatto O‘zi yaratgan Koinotda ham qondirishgacha borib yetgan. U odamlarga yil fasllarini beradi, ulardan har biri o‘zidan oldin kelgan fasldan farq qiladi, biroq har yili har bir fasl xuddi shunday bo‘laveradi; aytaylik, bahor har doim yangilanish sifatida va ayni paytda mangu mavzuning takrorlanishi sifatida qabul qilinadi. U odamlarga jamoat (cherkov) yilini ham beradi: ro‘zadan so‘ng bayramlar keladi va har bir bayram xuddi ilgarigidek bo‘ladi. Biz taomga mehr qo‘yishni ochko‘zlikni uyg‘otish uchun ajratamiz, o‘zgarishlarga tabiiy mehrni doimo yangi narsani talab qilishga aylantiramiz. Talab qilish, bu — butunicha bizning faoliyatimiz natijasidir. Agar biz o‘z majburiyatlarimizni yomon ko‘rsak, odamlar nafaqat xursand bo‘lishadi, balki bu bahordagi boychechaklar, bu tongdagi quyosh chiqishi, shu Mavlud bayramidagi archaning yangiligi va odatiyligidan g‘oyat zavqlanishadi. Biz hali eng yaxshi ko‘nikmalarni singdirishga ulgurmagan barcha bolalar xuddi kuz yozning o‘rnini muntazam egallagani kabi, chanalar kemachalarni suvda oqizishning o‘rnini bosadigan, o‘yinlarning yillarda aylanishidan mutlaqo baxtlidirlar. Faqat bizning hormay–tolmay mehnat qilishimiz yordamidagina o‘zgarishlarni cheksiz, tinimsiz talab qilishga aylantirishga erishiladi. Bu talab ko‘p jihatdan qimmatli. Birinchidan, u bunda lazzatlanishga chanqoqlikni umuman oshirib, har qanday rohatlanishni o‘tmaslashtiradi. Yangilikdan qoniqish o‘z tabiatiga ko‘ra, boshqa har qanday narsadan kattaroq bo‘lib, “takrorlaganda pastga tushish”ga berilgan. Tobora yangiroq rohat olish esa – arzon emas, shunday ekan, yangi narsaga chanqoqlik ochko‘zlikka, halokatga yoki ham unisiga, ham bunisiga olib keladi. Shuningdek, chanqoq qanchalik bosib bo‘lmas bo‘lsa, u quvonchning barcha mas’um manbalarini shunchalik tez yutib yuboradi va Dushman taqiqlagan manbalarga olib keladi. Mana shu tarzda eski va o‘zarmas narsa oldidagi qo‘rquvni rivojlantirib borarkanmiz, biz, masalan, san’atni ilgari bo‘lganidan ko‘ra, o‘zimiz uchun kamroq xavfli qildik — shoirlar va ijodkorlar orasidagi tafakkurga qarshi bo‘lganlar endi har kuni shahvatparastlik, noma’qullik, shafqatsizlik va kibrning tobora yangi va yangi aysh–ishratlarini o‘ylab topishayapti. Albatta, yangi narsaga tashnalik biz urf va keng tarqalganlikni rag‘batlantirishimizga to‘g‘ri kelganida, zarur bo‘ladi. Dunyoqarashlardagi urf odamlarning diqqatini asl qadriyatlardan chalg‘itishga mo‘ljallangan. Biz har bir avlodning qo‘rquvini xavf hozir eng kam bo‘lgan nuqsonlarga qarshi yo‘naltiramiz, ma’qullashini esa, zamonga xos qilishga urinayotgan shu nuqsonga yaqin bo‘lgan yaxshi fazilatga yo‘naltiramiz. O‘yin shundan iboratki, ular suv toshgan paytda o‘t o‘chirish asbobini olib yugursinlar va qayiqning suv tagida qolib bo‘lgan tomoniga o‘tsinlar. Shunday qilib, entuziazmga ishonchsizlik urfini aynan odamlarda dunyoning farovonligiga bog‘lanib qolish ustunlik qilgan vaqtda kiritamiz. Biz ularga Bayronga xos jo‘shqinlikni singdiradigan va “hissiyotlar” bilan mast qiladigan keyingi yuz yillikdagi urf oddiy “onglilik”ka qarshi yo‘nalgan bo‘ladi. Shafqatsiz davrlar sentimentallikka qo‘riqchi qo‘yadi, bo‘shashgan va bayram ruhidagi davrlar — shaxsga hurmatga qarshi, axloqsiz davrlar — sipolikka qarshi qo‘riqchi qo‘yadi, hamma odamlar yo qullar yoki zolimlar bo‘lishga tayyor bo‘lganda esa, biz liberalizmni asosiy qo‘riqchi qilamiz. Lekin bizning eng katta g‘alabamiz — falsafadagi eski va o‘zgarmas narsalar oldidagi dahshatni singdirishdir. Shu tufayli aqliy ma’nosizlik irodani parchalashi mumkin. Evolyutsiya va tarixiy rivojlanish to‘g‘risidagi zamonaviy Yevropa g‘oyasi (qisman – bizning ishimiz) bu yerda ancha foydali bo‘ladi. Dushman siyqasi chiqqanlikni sevadi, U odamlar biror narsani rejalashtira turib, o‘zlariga oddiy: bu adolatlimi? bu maqsadga muvofiqmi? iloji bormi? degan savollar berishini istaydi. Agar biz odamlarni o‘ziga: bu davr ruhiga mosmi? bu progressivmi yoki reaksionmi? tarix to‘g‘ri yo‘ldan ketayaptimi? degan savollarni berishga majbur qilsak, — ular ishga taalluqli narsalarga e’tibor qilishmaydi. Ular o‘zlariga beradigan savollarga, albatta, javob yo‘q. Ular kelajakni bilishmaydi, u qanday bo‘lishi esa, ko‘p jihatdan, aynan ularning tanloviga bog‘liq. Natijada, to ularning fikrlari bo‘shliqda aylanib turarkan, biz suqulib kirish va ularni o‘zimiz istagan harakatlarga undash uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lamiz. Katta ish qilingan. Ular qachonlardir ba’zi o‘zgarishlar – yaxshilikka, boshqalari – yomonlikka qaratilgani, uchinchilarining esa ahamiyati yo‘qligini bilishardi. Buni biz juda buzib yubora oldik. “O‘zgarishlarsiz” degan atamaning bayon qiluvchi tavsifini biz “turg‘unlik” degan hissiy so‘z bilan almashtirdik. Biz ularni har birlari nimaiki qilishmasin va kayerda bo‘lishmasin, kelajak haqida faqat tanlanganlargina qadam qo‘yadigan, soatiga oltmish daqiqa tezlikda harakatlanadigan joy sifatida o‘ylashlariga o‘rgatdik. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA OLTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Ha, sevib qolganlik davri — o‘n yil o‘tgach, oilaviy nafratning mo‘l hosilini beradigan urug‘larni qadashning eng yaxshi vaqti. Sevib qolganlikning maftunkorligi odamlar bizning yordamimizda shafqat deb qabul qilishi mumkin bo‘lgan natijalarga olib keladi. “Sevgi” so‘zining ikki ma’noligidan foydalan. Mayli, u sevgi yordamida ortga surib kelgan yoki sevib qolganlik ta’siri ostida payqamagan muammolarni hal qildim deb o‘ylayversin. Hozircha sevib qolganlik davom etar ekan, muammolar tinchgina yetishishiga ko‘maklash va ularni muntazam qilib qo‘y. Asosiy muammo — fidokorlikdir. Dushmanning “shafqat” degan ijobiy so‘zini “fidokorlik” degan salbiy so‘z bilan almashtirib qo‘ygan bizning tilshunoslik bo‘limimizning hayratomuz mehnatiga yana bir marta e’tibor qil. Shu tufayli biz odamni kimningdir farovonligi va foydasiga emas, balki hech qanday foyda ko‘zlamay, yaqinlari uchun “fidokorlik”ka o‘rgatib kelayapmiz. Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi yana bir yaxshi ko‘magimiz shundan iboratki, biz ularni fidokorlikka turlicha qarashga o‘rgatdik. Ayollar boshqalarga g‘amxo‘rlik qilish kerak deb hisoblaydi, erkaklar – boshqalarni tashvishga qo‘ymaslik kerak deb hisoblaydi. Shuning uchun Dushmanning xizmatidagi ayol bizga erkakdan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazadi, otamiz allaqachon butunlay egallab olgan erkaklar bundan mustasno. Aksincha, oddiy ayol har kuni qilgani kabi, erkak o‘zicha odamlar uchun juda ko‘p ishlar qilishidan oldin, Dushman qarorgohida juda uzoq yashashi mumkin. Ayol qanday qilib yaxshi ish qilishni o‘ylab olgunicha, erkak esa qanday qilib hech kimga xalaqit qilmaslikni o‘ylab olgunicha, ikkala tomon ham bunga alohida sabab bo‘lmagan holda, boshqa tomonni ancha xudbin deb hisoblaydi. Bu anglashilmovchiliklarga yana bir nechtasini qo‘shish mumkin. Misol uchun, sevib qolish bir–biriga xizmat qilishga olib keladi, bunda har bir tomon xuddi haqiqatan ham boshqa tomonning istagiga ko‘ra ish tutayotgandek harakat qiladi. Ular Dushman o‘zlaridan ayni shunday natijalarga olib keladigan shafqatlilikni talab qilayotganini bilishadi. Mayli, ular sevib qolganlik tufayli hozir tabiiy ro‘y berayotgan, lekin sevib qolish so‘nganda, ularda rahmdillik yetishmaydigan o‘sha fidokorlik talabini birgalikdagi hayot qonuni darajasiga ko‘taraverishsin. Ular tuzoqni sezishmaydi, chunki ikki tomonlama basirlikdan aziyat chekishadi: 1) sevib qolganlikni shafqat deb qabul qilishadi va 2) bu sevib qolishni mangu davom etadi deb o‘ylashadi. Mana shunda, nihoyat, rasmiy, oshkora yoki soxta fidokorlik qoida tariqasida o‘rnatilganda, hissiy zahiralar tugab qolgani, ruhiy zahiralar to‘planmagani bois, uni bajarishning iloji qolmaganida, biz eng yoqimli natijalarni olamiz. Har qanday birgalikdagi ishni muhokama qilarkan, “A” o‘zining zarariga bo‘lsada, “B”ning taxmin qilinayotgan manfaatlarini qo‘llab–quvvatlaydi, «B» esa aksincha ish tutadi. Bunda, ko‘pincha, tomonlardan har biri nimani istayotganini mutlaqo tushunib bo‘lmaydi. Muvaffaqiyatga erishiladigan bo‘lsa, ular hech biri istamagan narsani qilishadi, bunda har biri o‘zidan qoniqishning yoqimli iliqligini his qiladi, o‘z fidokorligi uchun mukofotlarni kuta boshlaydi va o‘zining qurbonligini o‘ta oson qabul qilgan boshqa tomondan yashirin norozilikni boshdan kechiradi. Keyinroq esa “tantilik nizosi xomxayoli” deb nomlangan puch xayolga jur’at etishing mumkin bo‘ladi. Bu o‘yin, agar unda ikkitadan ortiq odam ishtirok etsa, juda yaxshi chiqadi, masalan, voyaga yetgan bolalari bor oilada. Aytaylik, mutlaqo odatiy biror narsa qilishni xohlb qolishdi, masalan, bog‘da choy ichishni. Oila a’zolaridan biri bu unga kerak emasligini shama qildi (yaxshisi – qisqacha), lekin u, albatta, fidokorlik tufayli rozi bo‘ladi. Boshqalar o‘z taklifini darhol qaytarib oladi, go‘yoki fidokorlik tufaylidek, aslida esa mayda altruizm ob’ekti bo‘lib qolishni istashmaydi. Lekin oilaning o‘sha birinchi a’zosi ham o‘z qurbonligidan zavqlanishni undan tortib olishlarini xohlamaydi. U “boshqalar nima qilayotgan bo‘lsa, shunday qilish”ga tayyorligiga ishontiradi. Qolganlar “u nima qilsa, shunga” tayyor ekanliklariga ishontiradi. Ehtiroslar alanga oladi. Shunda kimdir deydi: “Bo‘pti, yaxshi, unda men umuman choy ichishni istamayman. Hammani xafagarchilik va alamga olib keladigan haqiqiy janjal boshlanadi. Bu qanday qilinishi tushunarlimi? Agar tomonlardan har biri shunchaki o‘zlarining haqiqiy istaklariga amal qilganida, ular sog‘lom fikr va xushmuomalalik doirasida ish ko‘rgan bo‘lishardi, lekin aynan nizo ich–ichdan kelib chiqqan va har bir tomon boshqa tomonning huquqi uchun kurashayotgani bois, o‘ziga bino qo‘yishdan kelib chiqqan hamma dushmanlik, o‘jarlik va keyingi o‘n yilda to‘planib qolgan achchiqlanish, ulardan yashirin bo‘lgan yoki “fidokorlik” bilan yuvilib ketgan. Albatta, har bir tomon raqibning “fidokorligi” qanchalik pastligini va uni qanchalik rasmiy–soxta ahvolga solib qo‘ymoqchi bo‘lishayotganini tushunadi, lekin o‘zini beg‘ubor va begunoh qurbondek his qiladi hamda bunda hech qanday benomuslikni ko‘rmaydi. Bir aqlli kishi shunday degandi: «Agar odamlar fidokorlik qanchalik yomon tuyg‘ularni keltirib chiqarishini bilganlarida edi, buni shunchalik qizg‘in targ‘ib qilmagan bo‘lishardi». Yana bir gap: «U boshqalar uchun yashaydigan ayoldir. Bu ko‘rinib turibdi, chunki boshqalarning sillasi qurigan». Buning hammasini sevib qolganlik davrida boshlash mumkin. Haqiqiy xudbinlikning zarralari qachonlardir yuqorida sanab o‘tilgan mevalarni beradigan, bu sun’iy va o‘zini yaxshi ko‘radigan qurbonlikning dastlabki namoyon bo‘lishlariga qaraganda, ancha kichikroq. Ikki tomonlama nosamimiylik, qiz yigitning qurbonligini har doim ham payqamayotganidan ozroq hayron qolishni mana endi qo‘shib yuborsa bo‘ladi. Buning tashvishini qil, lekin asosiysi — ushbu yosh tentaklarga “sevgi” yetarli emasligi, shafqat zarurligi, ular esa bundan hali uzoqligi va hech qanday tashqi qoida buning o‘rnini bosa olmasligini tushunib yetishlariga yo‘l qo‘yma. Men bu yosh xonimning hazilkashlik hissi ustida Tilyog‘lamaning yana ishlashini istagan bo‘lardim. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA YETTINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! O‘ylaymanki, sendan hozir naf juda kam. Albatta, vasiyligingdagi kishini Dushman haqidagi fikrlaridan chalg‘itish uchun uning sevgisidan foydalanish to‘g‘ri taktika, ammo, ko‘rinib turibdiki, parishonxotirlik va ruhiy palapartishlik muammosi uning ibodati o‘zagiga aylandi deyapsanmi, demak, sen bu ishni yaxshi amalga oshirmayapsan. Bu sening katta mag‘lubiyatga uchraganingni anglatadi. Parishonxotirlik uning xayolini to‘ldirganida, mijozingni oddiy iroda kuchi bilan qarshilik ko‘rsatishga unda va hech narsa bo‘lmagandek, odatdagi ibodatni davom ettirishga chaqir. Agar vasiyligingdagi kishi o‘zining parishonxotirligi haqiqiy muammo ekanini anglasa, bu muammo bilan Dushmanga murojaat qilsa va uni ibodatlari hamda kurashining asosiy mavzusiga aylantirib olsa, demak, sen yutmagansan, balki boy bergansan. Hamma narsa, hatto gunoh ham odamni Dushmanga yaqinlashtirishi va bizdan uzoqlashtirishi mumkin. Lekin ko‘p narsani va’da qiluvchi yana bir imkoniyat bor. Endi, sevib qolganida, unda Yerdagi baxt haqida fikr paydo bo‘ldi va shu bois, hozirgi urush haqida iltijo bilan qilgan ibodatlarining jo‘shqinligi ortdi. Hozir bunday ibodatlar haqida uning qalbida muammolar yaratish vaqti keldi. Soxta taqvodorlik doimo saqlanishi kerak. "Haqiqiy ibodat bu – maqtov va Xudo bilan birlik" degan to‘liq taqvodor qarashdan kelib chiqib, odamlarga tiriklik noni va gunohlardan voz kechish haqida ibodat qilishlari zarurligini aniq ko‘rsatgan (O‘zining siyqasi chiqqan va zerikarli usulida) Dushmanga bevosita itoatsizlikni ham yo‘naltirish mumkin, Albatta, sen undan "ruhan" deb talqin qilingan, kundalik non uchun ibodat qilish xuddi barcha so‘zlar moddiy talqin qilingandagi kabi, sof moddiy so‘rashda bo‘lganidagidek qolaverishini yashirishing kerak. Ammo vasiyligingdagi kishi itoatkorlikdek yomon odatni orttirgani bois, nima qilsang ham, hoynahoy, o‘zining "prozaik" va ahmoqona ibodatlarini davom ettiraveradi. Biroq, sen uni bu odat mutlaqo bema’ni va hech qanday ob’ektiv natijaga olib kelolmaydi degan yelimdek shubha bilan bezovta qilishing mumkin. “Boshingni chiqarib olsang ham, duming botib qolaveradi" degan dalilni esdan chiqarma. Agar u iltijo qilayotgan narsa amalga oshmasa, unda ibodat qilish foydasiz; agar u iltijo qilib so‘rayotgan narsa ro‘yobga chiqsa, albatta, qandaydir jismoniy sabab topishi va o‘ziga o‘zi: "baribir shunday bo‘lar edi" deyishi mumkin. Ko‘rib turganingdek, ibodatda ibodatning bajarilishi va bajarilmasligi bir xil tarzda ibodatlarning samarasiz ekanligini isbotlaydi. Sen — ruh ekanliging uchun, u bunday murakkabliklarga qanday tushib qolishini anglashing oson emas. Esingda tutishing shart, mijozing uchun vaqt — shubhasiz, voqelikdir. U bizning Dushmanimiz, shuningdek, mijozingning o‘zi ham, hozirgi vaqtda bir narsani qabul qiladi, o‘tmishda boshqa narsani eslaydi, kelajakda esa uchinchi bir narsani oldindan ko‘radi. Balki u Dushman dunyoni umuman bunday qabul qilmasligiga ishonar, ammo qalbining tubida u baribir buni tushunmaydi. Agar sen odamning bugungi ibodati – Dushman tomonidan ertangi turmushni yaratishda ishlatiladigan son–sanoqsiz tarkibiy qismlardan biri ekanligini unga tushuntirishga urinib ko‘rsang, u holda, vasiyligingdagi kishi Dushman odamlar qanday ibodat qilishini har doim bilib turadi, boshqacha qilib aytganda, odamlar o‘z xohish–irodasiga ko‘ra emas, balki qismatga binoan ibodat qilishadi deb javob bergan bo‘lardi. Yana bugungi kundan teskari yo‘l bilan borib, kunlarning barcha zanjiri orqali o‘ib, materiyaning o‘zi yaratilgan kungacha yetish mumkinligini qo‘shimcha qilgan bo‘lardi. Shunday ekan, odamda ham, tabiatda ham, hammasi “Azaldan bor bo‘lgan Kalom” tomonidan vujudga kelgan. U nima deyishi lozim ekanligi, bizga mutlaqo ayon: muayyan dalil va ma’lum bir ibodatning o‘zaro nisbatiy muammosi – faqat insonning ruhiy dunyosi va moddiy olamning o‘zaro nisbatiy umumiy muammosining hozirgi paytda namoyon bo‘lishida (vaqtni idrok etishga muvofiq, ikki xil jihatda). Yaratish, o‘zining butunlay yaxlitligida, makon va zamonning har bir nuqtasida amal qiladi yoki to‘g‘rirog‘i, ongning insoniy tipi o‘zini muvofiqlashtiruvchi harakatning yaxlit tabiatini ketma–ket voqealar qatori sifatida qabul qiladi. Nima uchun bu ijodiy harakat odamlarning xohish–irodasiga – bu muammolar muammosi, Dushmanning "sevgi"haqidagi barcha bema’niliklari ortida yashiringan sir ekanligiga joy qoldiradi? Biroq, biz bu qanday amalga oshirilishini bilamiz: Dushman odamlar kelajakka qanday qilib erkin hissa qo‘shishini oldindan ko‘ra bilmaydi, balki ularning bepoyon hozirgi vaqtida qanday harakat qilishlarini ko‘radi. Odamning harakatlarini kuzatish – umuman bu harakatlarga majbur qilishning o‘zginasi emasligi aniqdek tuyuladi. Hamma joyga burnini tiqaveradigan ba’zi yozuvchilar, xususan, Boetsiy bu sir borasida allaqachon gapirib bo‘lgan deyishlari mumkin. Lekin biz butun G‘arbiy Yevropada yaratishga erisha olgan muhitda bu seni bezovta qilmasligi shart. Eski kitoblarni faqat mutaxassislar o‘qiydi, biz esa endilikda mutaxassslarni shunday tarbiyalab qo‘ydikki, ular kitoblardan hammadan ko‘ra kamroq donolik olishga layoqatlidirlar. Ularga Tarixiy Nuqtai Nazarni singdirib, biz bunga erisha oldik, qisqa qilib aytganda, bu quyidagilarni anglatadi: mutaxassis qadimgi muallifning fikrlari bilan tanishayotganida, u yozilgan narsalar haqiqatmi–yo‘qmi deb mulohaza qilib ko‘rmaydi. Mutaxassis uchun bu qadimiy muallifga kim ta’sir qilgani, muallifning qarashlari u boshqa kitoblarda yozganlariga mos kelish–kelmasligi, uning rivojlanishidagi qaysi bosqich yoki umumiy tarixdagi qaysi fikrlar shu orqali namunali misollar bilan yaqqol ko‘rsatilgani, bularning hammasi keyiroq ijod qilgan yozuvchilarga qanday ta’sir ko‘rsatgani, buni qanday tushunishganlari (ayniqsa, ushbu muallifning hamkasblari), oxirgi o‘n yillikda olimlar nima degani va “hozirgi vaqtda masalaning holati” qandayligi muhim. Muallifda bilimlar manbaini ko‘rish, o‘qib chiqilgan narsalar fikrlarni yoki xulq–atvorni o‘zgartirishini nazarda tutish hech kimning xayoliga ham kelmaydi, chunki bu “haqiqiy soddalik”dir. Biz hamma zamonlarda butun insoniyatni alday olmasligimiz sababli, har bir avlodni o‘zidan oldingisidan va keyingisidan ajratib qo‘yish juda muhim. Chunki bilim avlodlarning bemalol muloqot qilishiga olib keladigan joyda, har doim mazkur avlodga xos bo‘lgan xatolar boshqa avlodga xos bo‘lgan haqiqatlar bilan to‘g‘rilab qo‘yilishi xavfi bor. Ammo bizning otamiz va Tarixiy Nuqtai Nazar tufayli, xuddi “qadimda faqat bema’niliklar bo‘lgan, xolos” deb hisoblovchi hunarmand singari, buyuk olimlar ham hozir o‘tmishdan juda kam ma’naviy oziq oladilar. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA SAKKIZINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Sendan xatlaringni urush haqidagi har xil be’maniliklar bilan to‘ldirib tashlamasligingni iltimos qilganimda, odamlarning o‘limi va shaharlarning vayron bo‘lishi haqidagi bachkana va ahmoqona yozishmalar olishga tashna emasligimni nazarda tutgandim. Ammo urush mijozingning ruhiy holatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani darajasida, tabiiyki, urushning borishiga qiziqaman va bu boradagi batafsil xabarlarni kutaman. Xuddi shu borada sen hayratlanarli darajada dumbulsan, shekilli. Xususan, sening qo‘l ostingdagi nusxa yashayotgan shaharga og‘ir zarbalar berilishi mumkinligini quvonib yozibsan. Bu men oldinroq shikoyat qilgan narsa – inson kulfati borasida bir lahzalik quvonch onlarida asosiy ishni esdan chiqarib qo‘yish qobiliyatingning chidab bo‘lmas misolidir. Bombalar o‘ldirishi senga ma’lum emasmi, axir? Vasiyligingdagi kishining hozirgi vaqtda o‘lishi – aynan biz bundan qochishimiz kerak bo‘lgan narsa ekanligini, nahotki tushunmasang? U sen uchrashtirib qo‘yishga uringan dunyoviy do‘stlardan xalos bo‘ldi, chuqur imonli qizni sevib qoldi va o‘zining beg‘uborligiga sen qilayotgan hujumlarni qabul qilmay qo‘ydi, biz uning ruhiy hayotini buzishga uringan har xil usullar hozircha natijasiz qolayapti. Hozir, urush bor kuchi bilan yaqinlashib kelayotgan va dunyoviy umidlar uning ongida tobora kam o‘rin egallayotganda, uning o‘y–xayollari mudofaa ishlari hamda qiz bilan band bo‘lganda, u Dushmanga avvalgiga qaraganda ko‘proq diqqatini berishga majbur va bunga odamlar “o‘zini unutib”, deb aytadigan darajada ko‘proq berilgan. Har kuni Dushmanga ongli qaramlikda ekanligiga ishonch hosil qilarkan, hoynahoy, biz undan ajrab qolamiz, bordi–yu, bugun tunda uni o‘ldirishsa. Bu shunchalik ayon narsaki, hatto bu haqda yozishim ham uyat. Ba’zan meni xavotir qamrab oladi: biz sen kabi g‘o‘rni vasvasaga solish ishida o‘ta uzoq saqlab turmayapmizmikin, sizlar orasida harakat qilayotgan odamlarning kayfiyatlari va qarashlarini yuqtirib olmaysizlarmi, mabodo? Ular, albatta, o‘limni buyuk yovuzlik, hayotni saqlab qolishni esa – buyuk marhamat deb hisoblashga moyil. Lekin buni ularga biz o‘rgatganmiz, axir. Ehtiyot bo‘l, bizning o‘z targ‘ibotimiz qarmog‘iga ilinib qolma, tag‘in. Tushunaman, sening asosiy maqsading aynan hozir vasiyligingdagi kshining sevgilisi va onasi ibodat qilayotgan narsa – uning jismoniy xavfsizligi bo‘lishi shartligi senga g‘alati tuyuladi. Lekin haqiqatan ham shunday. Sen uni ko‘z qorachig‘idek asrashing shart. Agar u hozir o‘lsa, sen uni qo‘ldan chiqargan bo‘lasan. Agar u urushda tirik qolsa, bizda hamisha umid bor. Dushman vasvasalarning dastlabki katta to‘lqini paytida uni sendan himoya qildi. Biroq u tirik qolsa, vaqtning o‘zi sening ittifoqchingga aylanadi. Omad va omadsizliklarning uzoq, zerikarli, bir maromdagi yillari — sen uchun ajoyib mehnat sharoitidir. Ko‘rayapsanmi, muqim bo‘lish bu mavjudotlar uchun qiyin narsa. Uzluksiz barbod bo‘lishlar: sevgi va o‘smirlik umidlarining asta–sekin so‘nishi; bizning vasvasalarimizni qachonlardir yengishga urinishga bo‘lgan xotirjam va deyarli og‘riqsiz umidsizliklari; biz ularning hayotini to‘ldiradigan bir xillik, nihoyat, biz ularni javob qaytarishga o‘rgatadigan, bularning hammasiga javob sifaida aytilmagan dilsiyohlik, — bularning hammasi ajoyib imkoniyat beradi. Agar, aksincha, o‘rta yoshda ravnaq topish davri to‘g‘ri kelsa, bizning ahvolimiz yanada kuchliroq bo‘ladi. Ravnaq topish odamni dunyoga bog‘lab qo‘yadi. Aslida bu dunyo odamda o‘z o‘rnini topgan bir paytda, u “dunyoda o‘z o‘rnimni topdim” deb his qiladi. Obro‘si yaxshilanadi, tanishlari davrasi kengayadi, o‘z ahamiyatini anglashi o‘sadi, yoqimli va uni qamrab oladigan ishining yuki ortadi va bularning hammasi u Yerda, o‘z uyida ekanligi hissini yaratadi — biz esa, aynan shuni xohlaymiz. Sen, hoynahoy, yosh odamlar o‘rta yoshdagilar va keksalarga qaraganda ko‘proq bajonudil o‘lishlarini payqagandirsan. Gap shundaki, g‘alati tarzda bu hayvonlarning qismatiga abadiy hayotni yozarkan, Dushman ularga o‘zlarini yana biror joyda o‘z uyidagidek his qilishni bermagan. Mana shuning uchun ham, biz vasiyligimizdagilarga uzoq umr tilashimiz kerak. Yetmish yil faqat bizning boshqa vazifamiz – odamlarning ruhini Osmondan chalg‘itib olib, Yerga mahkam bog‘lab qo‘yishga zo‘rg‘a–zo‘rg‘a yetadi. Toki ular o‘zlarini yosh his qilarkan, ular hamisha bulutlarda yastanib oladi. Hatto biz ayyorlik bilan ularni imonni bilmaslikda tutib tursakda, xayolot va musiqa, rasmlar va nazmning son–sanoqsiz shamollari, chiroyli qizning yuzi, qushning sayrashi yoki osmonning ko‘m–ko‘kligi biz tuzishga urinayotgan hamma narsani chilparchin qiladi. Ular o‘zlarini dunyoning muvaffaqiyatlariga, oqilona aloqalarga va ehtiyotkorlik odatiga bog‘lab qo‘yshni istashmaydi. Ularning Jannatga intilishi shunchalik kuchliki, bu bosqichda ularni Yerga bog‘lab qo‘yishning eng yaxshi usuli — ularni siyosat, yevgenika (odamlar naslining irsiy sog‘lomligi va uni yaxshilash yo‘llari haqidagi ta’limot), fan, psixologiya yoki yana boshqa biror narsa vositasida qachonlardir Yerni jannatga aylantirish mumkinligiga ishontirishdir. Dunyoga haqiqiy bog‘lanib qolish faqat vaqtlar o‘tib qo‘lga kiritiladi va albatta, kibr bilan birga bo‘ladi, chunki biz ularni bildirmay yaqinlashib kelayotgan o‘limni sog‘lom fikr, yetuklik yoki tajriba deb nomlashga o‘rgatayapmiz. Biz ularga tajribalilik so‘ziga alohida ma’no berishni o‘rgatayapmiz. O‘zining mana shu alohida ma’nosida tajribalilik juda foydali tushuncha bo‘lib chiqdi. Odamlarning buyuk bir faylasufi odam uchun “tajribalilik – xom xayolning onasidir” deb aytib, bizning sirimizni ochib qo‘yishiga sal qoldi. Ammo urf va albatta, Tarixiy Nuqtai Nazar tufayli, ushbu muallifni asosiy narsalarda zararsizlantirishga erisha oldik. Vaqt biz uchun qanchlik qimmatli ekanligini Dushman bizga vaqtni shunchalik kam berishiga qarab, tushunib olish mumkin. Ko‘p odamlar bolaligida o‘lib ketadi, tirik qolganlardan ko‘pchiligi yoshligida o‘ladi. Shunisi ayonki, Dushman uchun odamning tug‘ilishi, avvalambor, o‘limni kvalifikatsiya qilish sifatida kerak, o‘lim esa, boshqa hayotga kirish sifatida muhimdir. Bizga tanlangan kamchilik bilan ishlash qoladi, xolos. Chunki odamlar “me’yordagidek uzoq umr” deb aytadigan narsa, — istisnodir. Ko‘rinishidan, U osmonni to‘ldiradigan ushbu odam–hayvonlarning ba’zilari (lekin ko‘pchilik emas), bizga qarshilik ko‘rsatishning alohida qat’iy tajribasiga ega bo‘lishini istaydi. Xuddi shu yerda biz imkoniyatlarni qo‘ldan chiqarmasligimiz shart. Umr qanchalik qisqa bo‘lsa, biz undan shunchalik foydalanishimiz shart. Nimaiki qilsang ham, vasiyligingdagi kishini ilojing boricha, xavfsizlikda saqla. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. YIGIRMA TO‘QQIZINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Mana endi mijozingning shahrini nemislar bombardimon qilishini va majburiyatlar uni eng xavfli joylarga olib borishini aniq bilganingdan so‘ng, taktikangni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. O‘z oldimizga nimani vazifa qilib qo‘yishimiz kerak: uning kibrga olib keladigan qo‘rqoqliginimi, jasoratinimi, yoki nemislarga bo‘lgan nafratinimi? O‘ylashimcha, uni jasur qilib ko‘rsata olmaymiz. Bizning ilmiy tadqiqot bo‘limimiz, hech bo‘lmaganda, qandaydir yaxshi fazilatni uyg‘otishning biror – bir usulini hali kashf qilganicha yo‘q (garchi bugun–erta muvaffaqiyat kutayotgan bo‘lsak–da). Bu jiddiy to‘siq. Kuchli va chuqur g‘azab uchun insonga fazilat ham kerak. Jasorati bo‘lmaganda, Atilla kim bo‘lardi – yoki asketizmi bo‘lmaganda – Sheylokchi? Biz bu yaxshi fazilatlarni singdira olmas ekanmiz, Dushman tomonidan singdirilgan fazilatlardan foydalanish qoladi, bu esa, albatta, Unga, Usiz butunlay bizning qaramog‘imizda bo‘lgan odamlarga tayanch beradi. Bunday sharoitda ishlash juda qiyin, lekin qachondir biz buni yaxshiroq uddalay olishimizga ishonaman. Biz nafratlanishga qodirmiz. Shovqin va charchoq paytida odamlardagi asablarning zo‘riqishi ularni kuchli his–tuyg‘ularga undaydi va bu zaiflikni to‘g‘ri izga yo‘naltirish qoladi. Agar uning aqli qarshilik qilsa, uni yaxshilab chuvalatib yubor. U o‘zi uchun emas, balki begunoh ayollar va bolalar uchun nafratlanishini va masihiylik e’tiqodi yaqinining dushmanlarini emas, o‘z dushmanlarini kechirishi kerakligini o‘ziga–o‘zi aytsin. Boshqacha qilib aytganda, o‘zida ayollar va bolalar bilan ularning nomidan nafratlanadigan darajadagi birdamlikni his qilsin, aslo ularning dushmanlarini o‘ziniki deb hisoblaydigan va shuning uchun kechiradigan darajadagi birdamlikni emas. Nafrat qo‘rquv bilan juda yaxshi mos keladi. Qo‘rqoqlik – quvonch keltirmaydigan illatlar ichida yagonadir: uni oldindan his qilish dahshatli, uni boshdan kechirish dahshatli, u haqda eslash ham dahshatli. Nafratning esa o‘z zavq–shavqi bor. Ko‘pincha u qo‘rquvning tahqirlanishi o‘rnini qoplaydigan qimmatli tovon bo‘lib chiqadi. Qo‘rquv qanchalik kuchli bo‘lsa, nafrat ham shunchalik ortib boradi. Shuningdek, nafrat – uyatga qarshi mukammal giyohvand moddadir. Agar uning yaxshi xislatini jarohatlamoqchi bo‘lsang, birinchi navbatda uning jasoratiga zarba ber. Biroq, hozir bu ish xavfli. Biz ko‘p odamlarga o‘z illatlari bilan faxrlanishini o‘rgatdik, lekin qo‘rqoqlik bilan emas. Har doim biz endi uddaladik deganda, Dushman urush, zilzila yoki yana qandaydir falokat yuborib, jasorat darhol go‘zal va odamlar uchun zarur bo‘lib qolar va bizning barcha ishlarimiz barbod bo‘lardi; shuning uchun ular uyaladigan yana kamida bitta illat bor. Ammo mijozingni qo‘rqoqlikka undash orqali, afsuski, sen unda chinakam o‘zidan nafratlanishni, so‘ngra pushaymonlik va itoatkorlikni uyg‘otib qo‘yishing mumkin. Axir so‘nggi urush paytida minglab odamlar o‘zlarida qo‘rqoqlikni fosh etib, birinchi marta hayotning axloqiy sohasini kashf etdilar. Tinchlik paytida biz ko‘pchilikni yaxshilik va yomonlik masalalariga butunlay e’tibor bermaslikka majburlashimiz mumkin. Ammo xavf–xatar paytida bu savollar ularning oldida shunday tug‘iladiki, hatto biz ham ularni kar qilolmaymiz. Biz qiyin bahsga duch kelamiz: agar biz adolat va rahm–shafqatni qo‘llab–quvvatlasak, u Dushman qo‘liga o‘tadi, agar biz qo‘llab–quvvatlamasak, ertami–kechmi urush yoki inqilob boshlanadi (U bunga ruxsat beradi) va shoshilinch ravishda qo‘rqoqlik va jasorat masalasi minglab odamlarni ma’naviy gumrohlikdan uyg‘otadi. Bu, Dushman xavf–xatarga to‘la, ya’ni axloqiy masalalar ba’zan birinchi o‘ringa chiqadigan dunyoni yaratganining sabablaridan biri bo‘lsa kerak. Qolaversa, U ham sen kabi jasorat – faqat fazilatlardan biri emas, balki sinovlar paytidagi har qanday fazilatning, ya’ni yuksak voqe’lik lahzalarida namoyon bo‘lish shakli ekanligini tushunadi. Jasoratsiz iffat, halollik va rahm–shafqat – bu yanglish fazilatlardir. Pilat xavf tug‘ilmagunicha rahmdil edi. Balki shuning uchun ham vasiyligingdagi kishini qo‘rqoq qilib, biz yo‘qotganimizchalik ko‘p narsaga erishamiz: u o‘zi haqida juda ko‘p narsalarni bilib olishi mumkin. Albatta, yana bir imkonimiz bor – unda uyatni so‘ndirmaslik, balki uni umidsizlik darajasigacha chuqurlashtirish kerak. Juda zo‘r bo‘lardi! U o‘zining gunohkorligini o‘zi to‘la his qilmagani uchungina, imon keltirganman va Dushman meni mag‘firat qildi, degan qarorga kelgan bo‘lardi, gap butun xorligida anglab yetgan gunohga kelganda esa, u na Dushmanning rahm–shafqatini izlay olar, na Unga ishona olgan bo‘lardi. Lekin u Dushman maktabida yetarli darajadagi yaxshi o‘quvchi va umidsizlik – uni yaratgan barcha gunohlardan ham kattaroq gunoh ekanini biladi deb qo‘rqaman. Qo‘rqoqlik vasvasasining texnikasiga kelsak, bu yerda hamma narsa oddiy. Ehtiyotkorlik bu gunohning rivojlanishiga yordam beradi. Ammo ish bilan bog‘liq ehtiyotkorlik tezda odat tusiga kiradi, shuning uchun undan hech qanday naf yo‘q. Buning o‘rniga, sen shunday qilginki, uning miyasidan xavfsizroq bo‘lishi uchun biror narsa qilish kerakmikin degan allaqanday o‘y–xayollar (o‘z burchini bajarishi uchun qat’iy maqsad bilan) o‘tsin. Uning xayolini «Men shu yerda qolishim va buni qilishim kerak», degan oddiy qoidadan uzoqlashtir va uni bir qator xayoliy vaziyatlar bilan almashtir (Agar A sodir bo‘lsa – va bu sodir bo‘lmaydi deb umid qilaman – men B ni amalga oshira olaman – va agar eng yomoni sodir bo‘lsa, men har doim V ni amalga oshira olaman). Irim–chirimlarni ham paydo qilish mumkin, albatta, ularni boshqacha atagan holda. Eng muhimi, unga Dushman va Dushman tomonidan berilgan va tayanishi mumkin bo‘lgan jasoratdan boshqa biror narsa borligini his qilishga majbur qil. Shunda burchga bo‘lgan jami sadoqat g‘alvirni, undagi teshiklar esa – ko‘pchilik kichik yanglish so‘zlarni eslata boshlaydi. «Eng yomoni»ning oldini olishga mo‘ljallangan xayoliy nayranglar tizimini qurish orqali, sen uning irodasining ongsiz qismida «eng yomoni» sodir bo‘lmasligi kerakligiga ishonch hosil qilasan. Haqiqiy dahshat lahzasida hammasini mijozingning asablari va tanasiga tashlaysan va shunda uning halokat daqiqasi u seni kashf qilishidan oldin keladi. Unutmaginki, faqat qo‘rqoqlik harakati muhimdir. Qo‘rquvning o‘zi – gunoh emas: biz undan zavqlansak ham, bundan naf yo‘q. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘TTIZINCHI XAT Mening qadrli Razilginam! Ba’zan o‘zingni dunyoga rohat–farog‘at uchun yuborilgan deb o‘ylaysan degan gumonga boraman. Birinchi hujum paytida mijoz o‘zini haddan tashqari yomon tutganini bilib oldim, lekin bularni sening qoniqarsiz xabarlaringdan emas, balki do‘zax politsiyasining hisobotidan bilib oldim. U har doim juda qo‘rqoq bo‘lib chiqishidan qattiq tashvishlanardi va shuning uchun hech qanday mag‘rurlik his qilmasdi. Biroq, mijozing o‘z burchi undan talab qilgan hamma narsani va ehtimol undan ham ko‘proq narsani qildi. Sening hisobingda esa faqatgina oyoq ostidan chiqqan itga qarshi g‘azab, bir necha juft sigaret va birgina ibodatsiz oqshom bor. Qiyinchiliklar haqida nolishdan nima foyda? Agar sen Dushmanning «adolat» g‘oyasini baham ko‘rsang va qobiliyating va niyatlaring hisobga olinishi kerak deb hisoblasang, seni bid’atchilikda ayblashlari mumkin. Qanday bo‘lmasin, sen tez orada do‘zaxiy adolat haqiqatga yaqin ekanligini va faqat natijalarni qadrlashini tushunib yetasan. Yemish olib kelasan yoki o‘zing yemishga aylanasan. Maktubingdagi yagona konstruktiv qism, bu – sen hali ham vasiyligingdagi kishining charchog‘idan yaxshi natija kutayotgan qismidir. Chakki emas. Lekin uning o‘zi sening qo‘lingga lop etib tushmaydi. Charchoq haddan tashqari yuvoshlik, xotirjamlik, ba’zan esa sharpalarga ham olib kelishi mumkin. Sen charchagan odamlarning g‘azabga, jahlga yoki sabrsizlikka berilishlarini ko‘p ko‘rgansan, chunki ular odatda juda baquvvat bo‘ladilar. Aql bovar qilmas joyi shundaki, kam charchash to‘liq tinkasi qurigandan ko‘ra g‘azablanishga ko‘proq imkon beradi. Bu qisman jismoniy sabablarga ko‘ra, qisman esa – boshqa sabablarga bog‘liq. Ular nafaqat charchoqdan, balki charchagan odamga qo‘yilgan kutilmagan talablardan g‘azablanishadi. Odamlar nimani xohlasa, o‘zini doimo bunga haqli deb o‘ylashadi. Bizning epchilligimizdagi umidsizlikni esa har doim adolatsizlik tuyg‘usiga aylantirish mumkin. Kamtarin va yuvosh charchoq xavfli, odam muqarrar o‘limga taslim bo‘lganda, dam olish umidini yo‘qotganda va hatto yarim soat oldin o‘ylashni to‘xtatganda ham paydo bo‘ladi. Agar vasiyligingdagi kishini yolg‘on umidlar bilan boqsang, uning charchog‘idan juda yaxshi natijalarga erishasan. Hujum boshqa takrorlanmasligini uning miyasiga quy va keyingi kecha u qanchalik miriqib uxlashini o‘ylab, o‘zingga taskin ber. Tez orada hammasi tugashini aytib, uning charchog‘ini oshir. Axir, odamlar odatda zo‘riqishga bir daqiqadan ko‘proq chiday olmasliklariga ishonishadi. Bu yerda ham, huddi qo‘rqoqlik holatida bo‘lgani kabi, asosiy narsa o‘z xohish–irodasini butunlay rad etishdan qochishdir. U nima deyishidan qat’iy nazar, sodir bo‘layotgan hamma narsa uchun emas, balki «uning qo‘lidan keladigan» hamma narsa uchun jasoratga to‘la bo‘lishi kerak va bu kuch sinovda talab qilinadiganidan kamroq bo‘lishi kerak. Mayli, u sabr–toqat, iffat va jasoratga qarshi hujumlarga qarshi kurashsin. Eng qizig‘i esa – (agar ular bilsalar edi!) bizni deyarli mag‘lub etganida, uni mag‘lub qilish. U juda charchaganida sevgilisi bilan uchrasha oladimi, yo‘qmi, bilmadim? Agar shunday bo‘lsa, charchoq ayollarni gapirishga, erkaklarni esa – sukut saqlashga majburlashidan foydalanishga harakat qilishing kerak. Bu narsa ular bir–birlarini qanchalik «sevishmasin», yashirin xafagarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Ehtimol, u ko‘radigan sahnalar senga uning ongiga hujum qilish uchun material bermas – sening oldingi muvaffaqiyatsizliklaring esa endi senga bog‘liq emas. Ammo his–tuyg‘ularga hujum qilishning bir usuli bor, sen hali ham sinab ko‘rishing mumkin. Ilgari inson bo‘lgan mahluqning qoldiqlarini birinchi bor ko‘rganida, u «dunyo aslida shundayli»gini va barcha xudojo‘ylik xom xayoldan iborat ekanligini his etsin. Sen, albatta, biz «aslida» degan so‘zning ma’nosini butunlay chalkashtirib yuborganimizni payqading. Qandaydir ruhiy kechinma haqidagi hikoyaga javoban, ular shunday deyishadi: «Aslida esa sen yaxshi yoritilgan xonada musiqa eshitgansan». Bu yerdagi ushbu so‘zlar faqat kechinmaning qolgan elementlaridan ajratilgan jismoniy dalillarnigina anglatadi. Boshqa tomondan esa, ular shunday deyishlari mumkin: «Kursida o‘tirganingda bunday impulslar haqida gapirishing oson, lekin kutib tur, bu narsa sen bilan ham sodir bo‘ladi!» Bu yerda so‘zlar teskari ma’noda qo‘llaniladi va jismoniy dalillarni (ular allaqachon biladigan) emas, balki inson ongiga hissiy ta’sirlarni anglatadi. Ikkala ma’noda ham qo‘llanilishi mumkin, ammo biz ularni shunday chalkashtirib yuborishimiz kerakki, toki bu so‘zlar bir safar bir ma’noda, keyingi safar boshqa ma’noda ishlatilsin, ya’ni bizga qanday qulayroq bo‘lsa, shu ma’noda. Biz ular orasida allaqachon o‘rnatgan umumiy qoida quyidagicha: ularni baxtliroq yoki mehrliroq qiladigan barcha kechinmalarda faqat jismoniy dalillar «aslida», ruhiy dalillar esa – «sub’ektiv», ularni xafa qiladigan yoki buzishi mumkin bo‘lgan hamma narsada esa ma’naviy – bu haqiqatning o‘zidir va unga e’tibor bermasdan, biz «ishning o‘zidan» qochamiz. Shunday qilib, bola tug‘ilayotganda qon va og‘riq «aslida» ham mavjud, quvonch esa – sub’ektivdir. O‘limda esa bizning dahshatga tushishimiz «aslida» o‘lim nima ekanligini aniqlab beradi. Nafratlangan odam «aslida» jirkanchdir – odam nafratlanganda, uni qanday bo‘lsa, shunday ko‘rasan, nafratlanganda barcha xom xayollar parchalanadi; sevgan yorning jozibasi esa – shunchaki shahvat yoki shaxsiy manfaatlarni yashiradigan sub’ektiv tumandir. Urushlar va qashshoqlik dahshatli, tinchlik va quvonch – sub’ektiv ruhiy holatdir. Bu mahluqlar har doim bir–birlarini tortni butun qoladigan qilib iste’mol qilishni istaganlikda ayblashadi. Biroq, bizning sa’y–harakatlarimiz tufayli, ular tort uchun pul to‘laydilar, lekin uni yeya olmaydilar. Agar mijozni yaxshi boshqarsang, u tez orada insonning ichki a’zolarini ko‘rgandagi his–tuyg‘ularini «haqiqat» deb ifodalaydi, baxtli bolalar yoki yaxshi ob–havoni ko‘rgandagi his–tuyg‘ularini esa – shunchaki hissiyot deb o‘ylaydi. Seni yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. O‘TTIZ BIRINCHI XAT Mening qadrli, sevimli Razilginam, mening qo‘g‘irchog‘im, cho‘chqacham! Qanday qilib hamma narsani yo‘qotib, endi hiqillashing mumkin, yana: sizni yaxshi ko‘rish haqidagi so‘zlarim hech narsani anglatmaydimi deb so‘raysan. Bu nima deganing–a! Shunaqayam anglatadiki! Ishon, mening senga bo‘lgan muhabbatim va sening menga bo‘lgan muhabbating ikki tomchi suvdek bir–biriga teng. Sen (bechora ahmoq!) meni sog‘inib yurganingdek, men ham seni sog‘indim. Yagona farq men kuchliroqman. O‘ylashimcha, ular endi seni menga berishadi. Sen esa men seni yaxshi ko‘ramanmi–yo‘qmi deb so‘rayapsan! Xuddi menga et qo‘shadigan, har qanday og‘iz suvini keltiradigan narsa kabi yaxshi ko‘raman. Ruhni qo‘ldan chiqarib yubording! Ushbu yo‘qotishdan ko‘tarilgan och faryod endi butun Shovqin Shohligini Taxtiravongacha yangratmoqda. Buni o‘ylagan sari aqldan ozayapman. Ha, sendan uni tortib olishganda, nima bo‘lganini tasavvur qila olaman!. Birdan uning ko‘zlari ochilib, u seni birinchi marta ko‘rdi, unga qanday ta’sir qilayotganingni bilib oldi va endi uning kuni bitganini tushundi. U nimani his qilganini tasavvur qilib ko‘r (bu azoblanishingning boshlanishi bo‘lsin). Go‘yo eski yaradan qo‘tir tushgandek, qabih qobiqdan chiqqandek, kir, yopishib qolgan kiyimlarini butunlay tashlagandek edi. Ularning yerdagi hayoti davomida iflos, noqulay kiyimlarini yechib, rohatlanib issiq suvga sho‘ng‘iganini ko‘rish juda jirkanchdir. Oxirgi yalang‘ochlanish, bu oxirgi poklanish haqida nima ham deyish mumkin? Qanchalik ko‘p o‘ylasang, shunchalik yomon bo‘layapti. U esa hamma narsadan juda osonlik bilan o‘tdi. Na asta–sekin o‘sib boruvchi shubhalar, na shifokorning hukmlari, na shifoxonalar, na operatsiya stollari, na yolg‘on umidlarsiz. Bir deganda ozod bo‘ldi! Bir lahza unga hamma narsa bizning dunyomizdek tuyuldi. Bombalar portlagan, uylar qulagan, sassiq hid, tutun, oyoqlar charchoqdan yongan, dahshatdan yuraklar muzlagan, bosh aylangan ... keyin esa hammasi huddi yomon tushdek o‘tib ketdi va uning uchun hech qachon hech qanday ma’noga ega bo‘lmadi. Oh, sen aldangan ahmoq! Yer yuzida tug‘ilgan bu chuvalchang o‘zining yangi hayotiga qanday oson o‘rganganini payqadingmi? Uning barcha shubhalari to‘satdan unga kulgili bo‘lib qolganinichi? Bilaman, u o‘ziga o‘zi: «Ha, albatta, doim shunday bo‘lgan. Hamma dahshatlar bir xil bo‘ladi. Avvaliga bari yomonlashaverdi, yomonlashaverdi, go‘yo meni shishaning og‘ziga tiqib qo‘yishayotgandek edi va men bu oxiri, dahshatlar tugadi deb o‘ylaganimda – daxshatlar tugab yana yaxshi bo‘lardi. Tishni uzib olayotganda og‘riq kuchayib ketardi, keyin esa birdaniga – tishim yo‘q bo‘lib qolar edi. Yomon tush dahshatli tushga aylanardi – va men uyg‘onib ketardim. Inson o‘laveradi, o‘laveradi va ana endi u – o‘limdan panohda. Qanday qilib men bunga shubha qilgan ekanman?» Nihoyat u seni ko‘rgach, Ularni ham ko‘rdi. Hammasi qanday bo‘lganini bilaman. Sen ko‘r bo‘lib ortga qaytding, chunki ular senga uni bomba urganidan ko‘ra qattiqroq zarba berishdi. Bu qanday xo‘rlik, chang va tuproqdan yaralgan mahluq ruhlar bilan gaplashib turishga qanday dosh bera oldiykin, axir sen ruh, ularning oldida faqat emaklab yura olasan–ku! Sen dahshat va boshqa, begona dunyoning ko‘rinishi uning quvonchini yo‘q qiladi deb umid qilgandirsan. Ammo butun dahshat ham shunda, Ular oddiy odamlarning ko‘ziga ham yot, ham yot emas. Bu dunyogacha u Ularning qanday ko‘rinishini bilmas edi va hatto Ularning mavjudligiga shubha qilardi. Ammo Ularni ko‘rganida, u Ularni doim bilganini angladi. U yonida hech kim yo‘q deb o‘ylaganida, Ularning har biri o‘z hayotida qanday rol o‘ynaganini tushundi. Shunday qilib, u birin–ketin ularga: «Siz kimsiz?» emas, balki «Avvaldan bu siz ekansiz–da!» deb ayta oldi. Uchrashuvda ko‘rgan va eshitgan hamma narsa undagi xotiralarni uyg‘otdi. U bolaligidan yolg‘izlik paytida uni yo‘qlab kelgan do‘stlari bilan o‘ralganligini tushunarsiz his qilardi va endi buni tushundi. U har bir sof va yorqin tuyg‘uning tubida yashiringan, lekin doimo aqldan olib qochadigan musiqani topdi. Shunda Ularni tanib, tanasi sovib ulgurmasdanoq, u o‘zinikiga aylandi. Faqat sen o‘z ahmoqliging tufayli hech narsasiz qolding. U nafaqat Ularni ko‘rdi. Uni ham ko‘rdi. To‘shakda homilaga aylangan bu past maxluq Uni ko‘rdi. Sening ko‘zingni ko‘r qiluvchi va seni bo‘g‘uvchi olov, endi uning uchun salqin yorug‘lik, juda tiniq va Odam qiyofasida edi. Sen gangigan va falaj holatida Osmon Yuragining halokatli muhitiga tushib qolganingda, uning Dushmanga bosh egishi, o‘zidan nafratlanishi va gunohlarini chuqur anglashini (ha, Razilginam, endi u Ularni sendan ko‘ra aniqroq ko‘radi) xohlaysanmi? Lekin bu bema’nilik. U hali ham azob chekishi kerak, lekin ular bu azobdan xursand bo‘lishadi. Ular buni hech qanday dunyoviy lazzatlarga almashtirmas edilar. Sen uni vasvasaga solishing mumkin bo‘lgan barcha his–tuyg‘ular, yurak yoki aqlning jozibasi, hatto ezgulik quvonchi ham, hozir, solishtiradigan bo‘lsak, u uchun, o‘zi butun hayot davomida sevib kelgan va o‘lgan deb hisoblagan ayol ekanligini bilgan erkak uchun o‘ziga oro berib olgan ayolning bezaklariga o‘xshaydi, u tirik va eshik oldida turibdi. U azob va quvonch – mutlaq qadriyatlarga aylangan dunyoga ko‘tariladi va bizning barcha arifmetikamiz o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Endi bu yerda biz yana tushunarsiz narsaga duch kelamiz. Bizning asosiy muammomiz (senga o‘xshagan befoyda, yo‘ldan ozdiruvchilardan tashqari) – tadqiqot bo‘limimizdagi muvaffaqiyatsizliklardir. Qaniydi, Dushman haqiqatan ham nimani xohlayotganini hidlab bilib olsak! Afsuski, bu manfur va yoqimsiz bilimki, bizning shohligimiz uchun zarur. Ba’zida men shunchaki tushkunlikka tushib qolaman. Meni faqat bizning haqiqatimiz, har qanday bema’nilik va xirillagan iboralarni rad etishimiz g‘alaba qozonishi kerak degan ishonch qo‘llab–quvvatlaydi. Hozircha esa senga g‘amxo‘rlik qilib turaman. Seni yuksak darajada samimiy va har doimgidan ham kuchliroq yaxshi ko‘ruvchi amaking G‘alamis. .