1 Shoul halok bo‘lgandan keyin, Dovud Omolek xalqini yengib, Zixlax shahriga qaytib keldi va u yerda ikki kun qoldi.
2 Uchinchi kuni Shoulning qarorgohidan Dovudning oldiga bir odam keldi. U qayg‘udan kiyimlarini yirtgan, boshiga tuproq sochgan, ayanchli ahvolda edi. O‘sha odam Dovudning oldiga kelgach, muk tushib, unga ta’zim qildi.
3 — Qayerdan kelyapsan? — deb so‘radi Dovud. — Isroil qarorgohidan qochib keldim, — dedi u odam.
4 — Ayt–chi, nima bo‘ldi? — deb so‘radi Dovud. — Sipohlar urush maydonidan qochdilar, odamlarimizdan ko‘plari o‘ldirildi, Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natan ham halok bo‘ldi, — dedi u. Shunda Dovud:
5 — Shoul bilan o‘g‘li Yo‘natanning halok bo‘lganini qayerdan bilasan? — deb so‘radi xabarchi yigitdan.
6 — Tasodifan Gilbova tog‘iga borgan edim, — deb gapida davom etdi u. — Shoul nayzasiga zo‘rg‘a suyanib turar, dushman otliqlari va jang aravalari esa unga tomon yopirilib kelayotgan ekan.
7 Shoul orqasiga qarab, meni ko‘rib qolib chaqirdi. “Labbay”, dedim men.
8 “Sen kimsan?” deb so‘radi Shoul. “Omolek xalqidanman”, dedim men.
9 So‘ng u: “Bu yoqqa kel, meni o‘ldir. Tarashaday bo‘lib serrayib qoldimu, lekin jonim chiqmayapti”, dedi.
10 Shoh og‘ir yaralangani uchun, endi yashay olmasligiga ko‘zim yetib, uni o‘ldirdim. Boshidagi tojini va qo‘lidagi bilakuzugini olib, sizga — janobi oliylariga keltirdim.
11 Dovud bu gapni eshitib, qayg‘udan kiyimlarini yirtdi. Boshqalar ham shunday qildilar.
12 Shoul va uning o‘g‘li Yo‘natan, Egamizning lashkari — Isroil xalqidan ko‘pchiligi jangda halok bo‘lgan edilar. Shuning uchun hammalari oqshomgacha aza tutib faryod qildilar, ro‘za tutdilar.
13 Dovud shum xabarni olib kelgan yigitdan: — Qayerliksan? — deb so‘radi. — Men Omolek xalqidanman, begona xalqdanman, — dedi yigit.
14 — Egammoy surtib Shoulni shoh qilib tanlagan edi–ku! Shunday shohga qo‘l ko‘tarib, o‘ldirishdan qo‘rqmadingmi? — dedi Dovud unga.
15 Keyin Dovud bitta sipohini chaqirdi–da: — Qani, o‘ldir uni! — deb buyurdi. Yigit Omolekka bir qilich urib o‘ldirdi. Dovud unga qarata:
16 — Tiling o‘zingning boshingga yetdi. Egam moy surtib tanlagan shohni men o‘ldirdim, deb o‘z og‘zing bilan guvohlik berding, — dedi.
17 Dovud Shoul bilan uning o‘g‘li Yo‘natan uchun marsiya kuyladi.
18 So‘ng, ushbu marsiya Yahudo xalqiga o‘rgatilsin, deb farmon berdi. Bu marsiya “Yoshur” kitobida yozilgan.
19 “Ey, Isroil, yo‘q bo‘ldi G‘ururing sening tepaliklaringda, Qanday qulagan ekan dovyuraklar!
20 Bu xabarni Gatliklarga eshittirmang, Ashqalon ko‘chalarida yoyib yurmang. Toki Filist qizlari sevinmasin, Sunnatsizlar qizlari shod bo‘lmasin.
21 Ey, Gilbova tog‘lari, Tepangizga shudring, yomg‘ir tushmasin, Hosildor yerlaringiz hosilsiz qolsin! O‘sha yerlarda yo‘qotdi shuhratini Bahodirlarning qalqoni, Shoulning qalqoniga moy surtilmas endi.
22 Bir dam tinmadi Yo‘natanning yoyi Yer tishlaganlar qonidan Va yigitlarning tanasidan. Shoulning qilichi behuda ko‘tarilmasdi.
23 Shoul bilan Yo‘natan aziz va dilkash edilar, Hayotda ham, o‘lganda ham birga bo‘ldilar. Burgutdan chaqqon, Sherdan kuchli edilar ular.
24 Shoul uchun aza tuting, ey, Isroil qizlari! U sizlarga shohona liboslar kiydirgandi, Libosingizni oltin taqinchoqlar–la bezagandi.
25 Urushda qanday qulagan ekan dovyuraklar! Elim tepaligida Yo‘natan jonsiz yotar.
26 Qayg‘uraman sen uchun, birodarim Yo‘natan, Menga ko‘p azizu qadrdon eding sen, Naqadar ajoyib edi menga bo‘lgan muhabbating, Ayollarning sevgisidan ham edi ortiq.
27 Qanday qulagan ekan dovyuraklar! Qanday yo‘q bo‘ldi jang qurollari.”
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24