Menyu

Yuhannoning uchinchi maktubi 1 Bob


1 Chin ko`ngildan sevadigan aziz do`stim Gayga men ñ mo`ysafiddan salom!

2 Mahbubim, sening joning huzur topgandek, yana har jihatdan huzur topib, sog`-salomat bo`lishingni tilayman.

3 Birodarlarimizdan bir nechtasi kelib, sening haqiqatga sodiq qolganing to`g`risida guvohlik berishdi, bunga men haddan tashqari sevindim. Chindan ham sen haqiqat yo`lidan borayotirsan.

4 Men uchun farzandlarimning haqiqat yo`lidan borayotganlarini eshitishdan ulug`roq bir sevinch yo`q.

5 Mahbubim, sen begona birodarlarimizga sidqidildan xizmat qilib yuribsan.

6 Ular imonlilar jamoati oldida sening mehribonchiligingni ko`kka ko`tarishdi. Sen ularni Xudoga munosib tarzda yo`lga otlantirsang, yaxshi ish qilgan bo`lasan.

7 Chunki ular majusiylardan hech yordam qabul qilmasdan, Iso Masih nomi uchun yo`lga tushgan edilar.

8 Binobarin, haqiqat yo`lida xizmat qiluvchilarning mehnatida qatnashish, bunday odamlarni qo`llab-qo`ltiqlash bizning burchimizdir.

9 Men imonlilar jamoatiga ba`zi narsalarni yozgan edim. Ammo ularning oralarida o`zini katta tutayotgan Diotref bizlarni qabul qilmayotir.

10 Agar kelsam, uning qilmishlarini fosh etaman. U biz haqimizda yomon gap tarqatib, nomimizga isnod keltirib yuribdi-ku. Bu bilan ham kifoyalanmay, boshqa birodarlarni o`zi qabul qilmayapti, qabul qilmoqchi bo`lganlarga esa to`sqinlik qilyapti va hatto ularni jamoatdan quvib chiqaryapti.

11 Ey mahbubim, sen yomonlikni tanqid qil, yaxshilikka taqlid qil. Yaxshilik qiluvchi Xudoning farzandidir. Yomonlik qiluvchi Xudoni ko`rgan emas.

12 Dimitriyning qadr-qimmatiga hamma guvoh, haqiqatning o`zi ham guvohdir. Biz bunga o`z guvohligimizni qo`shamiz, bizning guvohligimiz to`g`ri ekanini o`zing bilasan.

13 Senga yozadigan ko`p gaplarim bor edi-yu, ammo siyohu qalam bilan yozishni xohlamadim.

14 Yaqinda seni ko`rish umididaman, o`sha vaqtda yuzma-yuz gaplashamiz.

15 Tinch-omon bo`lgil. Do`stlar senga salom yo`llayaptilar. U yerdagi do`stlarimga nomma-nom salom aytib qo`y. Omin.

Boblar: 1