1 Quyidagilar Dovud o‘g‘li, Quddusda hukmronlik qilgan Voizning so‘zlaridir.
2 “Behuda! Behuda! — deydi Voiz. — Hammasi behudadir!”
3 Odam bu dunyoda qilgan mehnatidan Qanday foyda topar?
4 Avlod kelib, avlod ketar, Bu dunyo esa shundayligicha qolaverar.
5 Quyosh chiqib yana botar, Chiqqan joyiga qaytishga shoshar.
6 Shamol janubga esar, Shimol tarafga yelar, Takror–takror aylanib, O‘z yo‘lidan yuraverar.
7 Barcha daryolar dengizga oqar, Dengiz esa hech to‘lmas, Shunda ham o‘z makoni sari Oqaverar daryolar.
8 Hamma narsa charchatar, holdan toydirar, Ularni tasvirlashga so‘zlar ham yetmas. Ko‘zlarimiz ko‘raverar, ammo to‘ymas, Quloqlarimiz eshitaverar, ammo qoniqmas.
9 Oldin nima bo‘lgan bo‘lsa, yana sodir bo‘lgay, Nima qilingan bo‘lsa, yana qaytarilgay, Bu dunyoda hech qanday yangi narsa yo‘q.
10 Biror narsa bormidiki, biz bu haqda: “Qaranglar, bu yangilik–ku!” — deb ayta olsak?! U oldindan bor edi, biz tavallud topmasdan oldin ham shu yerda edi.
11 Qadimda bo‘lganlar esga olinmas, hatto bundan keyin bo‘ladiganlar ham kelajakda eslanmas.
12 Men, Voiz — Isroil ustidan Quddusda shohman.
13 O‘zimni donolik bilan izlanishga, mana shu dunyoda bo‘layotgan hamma ishlarni tushunishga bag‘ishladim. Xudo insonga bergan bu ish qanday qayg‘uli–a!
14 Men bu dunyoda bo‘layotgan hamma narsani ko‘rdim, qaranglar, hammasi behuda, shamolning orqasidan quvishday ekan.
15 Egri narsani to‘g‘rilab bo‘lmas, Yo‘q narsani sanab bo‘lmas.
16 O‘zimga shunday dedim: “Mana, men buyuk bo‘lib, donolikda mendan oldin Quddusda hukmronlik qilganlarning hammasidan o‘zib ketdim. Ko‘p donolik orttirdim, ilmu ma’rifatni yaxshilab o‘rgandim.”
17 Donolik va ilm–ma’rifatning foydasi telbalik va ahmoqlikdan ustunligini anglab yetishga o‘zimni bag‘ishladim, ammo bu ham shamolning orqasidan quvishday ekanligini tushundim.
18 Qayg‘u ham ortarkan, donolik qancha ko‘p bo‘lsa, Dard ko‘payar ekan gar bilim oshsa.