Menyu

Ezra 1 Bob

tez o'tish:

1 Egamizning Yeremiyo orqali aytganlarini bajo qilish uchun Fors shohi Kurushning ruhini qo‘zg‘atdi. Bu voqea Kurush hukmronligining birinchi yilida sodir bo‘ldi. Shoh Kurush shohligining hamma tomoniga xabarchilar jo‘natib, yozma farmonda quyidagilarni e’lon qildi:

2 “Fors shohi Kurush shunday demoqda: — Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddus shahrida O‘ziga bir uy qurishni menga topshirdi.

3 Xudoning xalqidan bo‘lganlarga men ijozat beraman: ular Quddusga borishlari va Isroil xalqining Xudosi — Egamizning uyini qayta qurishlari mumkin. Quddusda sajda qilinadigan Xudo Udir. Isroil xalqiga o‘zlarining Xudosi yor bo‘lsin.

4 Surgundagi yahudiylar yashaydigan hamma joyda shunday deb e’lon qilinsin: Quddusga qaytmaydigan yahudiylar qaytadigan yahudiylarga yordam bersin. Ularga kumush, oltin, safar uchun zarur buyumlar va chorva berishsin. Shuningdek, Xudoning Quddusdagi uyi qayta qurilishi uchun ko‘ngildan chiqarib nazrlar berishsin.”

5 Shunday qilib, Yahudo va Benyamin qabilalarining urug‘boshilari, ruhoniylar va levilar, shuningdek, Xudo ruhlantirgan har bir odam Egamizning Quddusdagi uyini qayta qurish uchun safarga tayyorlandi.

6 Barcha qo‘shnilari ularga chin ko‘ngildan chiqarib nazrlar berdilar. Bulardan tashqari, kumush idishlar, oltin, safar uchun buyumlar, chorva va boshqa qimmatbaho hadyalar berib yordam qildilar

7 Shoh Kurush Egamizning uyiga tegishli bo‘lgan buyumlarni olib kelishni buyurdi. Bu buyumlarni shoh Navuxadnazar Quddusdan olib kelib, o‘zining xudolari uyiga qo‘ygan edi.

8 Shoh Kurush bu buyumlarni xazinabon Mitradot nazorati ostiga topshirtirdi. Mitradot esa bularni Yahudo yo‘lboshchisi Shashbazzarga sanab berdi.

9 Buyumlarning ro‘yxati quyidagicha edi: oltin tog‘orachalar — 30 ta kumush tog‘orachalar — 1000 ta boshqa idishlar — 29 ta

10 oltin kosalar — 30 ta kumush kosalar — 410 ta boshqa buyumlar — 1000 ta.

11 Oltin va kumush buyumlarning jami 5400 ta edi. Shashbazzar boshqa asirlar qatorida Bobildan Quddusga qaytib ketayotganda, bu buyumlarning hammasini o‘zi bilan olib ketdi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10