1 Patuval o‘g‘li Yo‘elga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi:
2 Ey, oqsoqollar, buni eshiting! Yahudo odamlari, siz quloq tuting! Yuz berganmi hech bunday falokat Sizning yoki ota–bobolaringiz zamonida?!
3 Bu haqda farzandlaringizga ayting siz, Bolalariga so‘zlab bersin farzandlaringiz, Keyingi avlodga yetkazsin nabiralaringiz.
4 Qirg‘in keltiruvchi chigirtkadan qolganini Yeb bitirdi kemiruvchi chigirtka galasi. Kemiruvchi chigirtka galasidan qolganini Yeb bitirdi sakraydigan chigirtka galasi. Sakraydigan chigirtkadan qolganini Yeb bitirdi qirtishlovchi chigirtka galasi.
5 Uyg‘oninglar, ey, mayxo‘rlar, yig‘langlar! Ey, sharobxo‘rlar, faryod qilinglar! Sharob og‘zingizdan tortib olindi, axir.
6 Bostirib keldi yurtimizga lashkarlar, Son–sanoqsiz kuchli bahodirlar. Arslon tishiga o‘xshar tishlari, Go‘yo urg‘ochi arslonniki qoziq tishlari.
7 Uzumzorlarimizni ular payhon qilishdi, Anjir daraxtlarimizni sindirishdi, Shoxlariyu novdalar po‘stlog‘in shilib, Hammasini ship–shiydam qilishdi.
8 Qanorga o‘raning, ey, odamlar, faryod qiling, Kuyovidan judo bo‘lgan kelinchak kabi.
9 Egamiz uyidan uzilgan sharob, don nazri, Aza tutayotir Egamizning xizmatkor ruhoniylari.
10 Xarob bo‘ldi ekinzorlar, Motam tutayotir dalalar. Bug‘doy boshoqlari qovjirab qoldi, Uzum sharbati ham oqmay to‘xtadi, zaytun moyi ham tamom quridi.
11 Qayg‘urmaysizlarmi, ey, dehqonlar?! Faryod solmaysizlarmi, ey, bog‘bonlar?! Nobud bo‘lib ketdi–ku arpa, bug‘doyingiz, Xarob bo‘lib ketdi–ku jamiki hosilingiz.
12 Uzum toki so‘lidi, anjir daraxti quridi. Xazon bo‘ldi anor, xurmo, olma — hamma daraxtlar. Inson sevinchi tamom qurib bitdi!
13 Qanorga o‘ranib motam tuting, ey, ruhoniylar! Faryod qiling qurbongohda xizmat qiladiganlar! Tunni ham qanorda o‘tkazing sizlar, Ey, Xudoyimning xizmatida yurganlar! Xudoyingiz uyida nazr qilgani Don va sharob qolmadi, axir.
14 Ro‘za kunlarini belgilanglar, O‘sha kunlarga yig‘in e’lon qilinglar. Yig‘ib kelinglar oqsoqollarni, Yurtning jamiki aholisini. Egangiz Xudoning uyiga yig‘inglar, Egamizga iltijo qilib yolvoringlar!
15 Sho‘rimiz qurisin, evoh! Egamizning kuniga oz qoldi, Qodir Xudo kulfat keltiradi!
16 Rizq–ro‘zimiz ko‘z o‘ngimizda qirqildi–ku! Xudoyimiz uyida shod–xurramlik tugadi–ku!
17 Kesaklar tagida urug‘lar nobud bo‘ldi, Donli ekinlar unmasdan qoldi. Omborxonalar bo‘m–bo‘sh yotibdi, Don omborlari xarob bo‘libdi.
18 Ingramoqda hayvonlar naqadar! Axir, qurigan–ku o‘tloqlar. Daydib yurar mol podalari, Gangigan hatto qo‘y suruvlari.
19 Ey Egam, Senga men faryod qilurman! Axir, olov yamladi dashtdagi yaylovlarni, Yong‘in yo‘q qildi daladagi daraxtlarni.
20 Hatto yovvoyi hayvonlar ham Senga nola qilmoqda! Axir, irmoqlar ham qurib ketdi, Dashtdagi yaylovlarni olov yamladi.