Menyu

Filimo’nga maktub 1 Bob


1 Men, Iso Masih uchun bandi bo`lgan Pavlus hamda ukamiz Timo`tiydan sevikli hamkorimiz Filimo`nga salom!

2 Singlimiz Affiya bilan safdoshimiz Arxippga, shuningdek, xonadoningda yig`ilib turadigan imonlilarning hammasiga salom yo`llaymiz.

3 Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo`lsin.

4 Men duolarimda har doim seni eslab, Xudoyimga shukur qilaman.

5 Chunki Rabbimiz Isoga bo`lgan imoning va barcha ahli mo`minga bo`lgan muhabbating haqida eshitib turaman.

6 Sening imon yo`lida qilayotgan faoliyating ta`sirchan bo`lgay, Masihdan bizga nasib bo`ladigan butun xayr-barakani bilib olgaysan.

7 Sening mehr-muhabbating menga katta sevinch va tasalli berdi. Birodarim, sen tufayli ahli mo`minning ko`ngli tinch.

8 Mayli shunday bo`lsa ham, Masih nomidan senga buyruq berishga to`la vakolatim borligini aytsam bo`ladi.

9 Buning o`rniga men, mo`ysafid Pavlus, endi Iso Masih uchun bandi, mehribonlik bilan sendan iltimos qilaman.

10 Men mahbusligimda ko`rgan o`g`lim O`nisim haqida sendan iltimos qilmoqchiman.

11 O`nisim bir vaqtlar senga foydasiz edi, endi esa senga ham, menga ham foydalidir. Men uni senga qaytarib yuboryapman.

12 Uni, ya`ni o`zimning jon-dilimni, yaxshi qabul qil!

13 Men Injil uchun qamoqda yotibman, shuning uchun O`nisimni o`z oldimda olib qolib, sening o`rningda menga xizmat qilishini istar edim.

14 Ammo sening rozilingsiz hech bir ish qilishni xohlamadim. Chunki sening qiladigan iltifoting majburiyat yuzasidan bo`lmay, balki ixtiyoriy bo`lishini istadim.

15 Nahotki sen umrbod qabul qilishing uchun O`nisim sendan vaqtinchalik ayrilgan bo`lsa?

16 Sen uni endi qul kabi emas, sevikli uka sifatida qabul qil. Men uni juda yaxshi ko`raman. Sen esa uni ham odam bolasi sifatida, ham Rabbimizning bolasi sifatida yana ko`proq sevishing shubhasiz.

17 Agar sen meni safdoshing bilsang, O`nisimni meni qabul qilganday qabul qil.

18 Agarda u seni biror narsada xafa qilgan bo`lsa yoki sendan qarzdor bo`lgan bo`lsa, buni mening zimmamga yukla.

19 Men, Pavlus, buni o`z qo`lim bilan yozyapman: men to`layman. Axir, senga o`z hayoting bilan mendan qarzdor ekanligingni aytayotganim yo`q!

20 Ha, birodarim, Rabbimiz haqi sendan bir foydalanay! Masih haqi ko`nglimni tinchitgin!

21 Sen mening so`zlarimga quloq solib, aytganlarimni qilasan, ha, bundan ham ko`proq qilasan, deb ishonib bularni yozdim.

22 Bundan tashqari, menga bir turar joy ham tayyorla. Chunki Xudo ibodatlaringizni eshitib, meni yana sizlarning oldingizga qaytarishiga umid qilaman.

23 Men bilan birga Iso Masih uchun mahbus bo`lgan Epafras, hamkorlarim Mark, Aristarx, Dimas, Luqo senga salom yo`llayaptilar.

24 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarning ruhingizga yor bo`lsin. Omin.

Boblar: 1