Menyu

Rut 1 Bob

tez o'tish:

1 Isroilda hakamlar hukmronligi davrida bir muddat ocharchilik bo‘lgan edi. Bir odam xotini va ikki o‘g‘li bilan birga birmuncha vaqt yashash niyatida Mo‘ab yurtiga jo‘nadi. U Yahudoning Baytlahm shahridan edi.

2 U odamning nomi Elimalek, xotinining oti Naima, o‘g‘illarining ismlari esa Maxlo‘n va Xilyon edi. Bu oila Yahudoning Baytlahm shahridan — Efratlik edi. Ular Mo‘ab yurtiga borib, o‘sha yerda yashab qoldi.

3 Ular o‘sha yerda yashayotganlarida, Elimalekning ajali yetdi. Naima ikki o‘g‘li bilan qoldi.

4 Uning o‘g‘illari Mo‘ablik qizlarga uylandilar. Qizlardan birining ismi O‘rpa, ikkinchisiniki Rut edi. Ular o‘sha yerda o‘n yilcha yashashgandan keyin

5 Maxlo‘n va Xilyon ikkalasi ham vafot etishdi. Naima ham eridan, ham farzandlaridan ayrilib, yolg‘iz qoldi.

6 -

7 “Egamiz o‘z xalqiga e’tibor berib, ularga non berdi”, degan xabarni eshitgach, Naima o‘z yurtiga qaytishga qaror qildi. Naima yashab kelgan Mo‘ab yurtini tashlab, kelinlari bilan birga yo‘lga tushdi va Yahudoga qarab yurishdi.

8 Yo‘lda davom etisharkan, Naima ikkala keliniga dedi: — Boringlar, ikkovingiz ham onalaringizning uylariga qaytinglar. Menga va marhumlarga bo‘lgan izzat–hurmatingiz uchun Egam sizlarga ham marhamat qilsin.

9 Ikkovlaringizga ham yaxshi joylardan ato qilsin, turmush qurib, o‘z erlaringiz bilan baxtli bo‘linglar! Shunday deb Naima kelinlarini o‘pdi, ikkalasi esa yig‘lab faryod ko‘tarishdi:

10 — Yo‘q, biz siz bilan ketamiz, sizning xalqingiz orasida yashaymiz, — deyishdi.

11 Naima esa yana kelinlariga: — Qaytinglar, jon qizlarim! — dedi. — Men bilan ketganingizdan nima foyda?! Qornimda yana o‘g‘illarim bormidiki sizlarga umr yo‘ldoshi bo‘lsa?!

12 Bo‘ldi endi, qizlarim, qaytinglar! Men endi keksaydim, erga tegishga ojizman. Bordi–yu, men, hali umid qilsam bo‘ladi, deb shu kecha erim bilan qovushsamu o‘g‘illar tug‘sam,

13 ular ulg‘ayguncha sizlar kutib turarmidingiz?! Orqaga cho‘zib, turmushga chiqmay yurarmidingizlar?! Yo‘q, qizlarim. Sizlarni o‘ylab juda qayg‘uryapman. Axir, Egam shuncha ko‘rgilikni boshimga soldi–ku.

14 Ular yana yig‘lab, dod–voy ko‘tarishdi. Nihoyat, O‘rpa qaynanasi bilan o‘pishib xayrlashib, orqaga qaytib ketdi. Rut esa Naimaga yopishib oldi.

15 Naima Rutga: — Mana, ovsining o‘z xalqi orasiga, o‘z xudolariga[7] sig‘inadigan yurtga qaytib ketdi. Sen ham uning orqasidan borgin, — dedi.

16 — Sizdan ajralishga, qaytib ketishga meni majbur qilmang, — dedi Rut. — Siz qayerga borsangiz, men ham o‘sha yerga boraman, siz qayerda bo‘lsangiz, men ham o‘sha yerda bo‘laman. Sizning xalqingizni o‘zimning xalqim, sizning Xudoyingizni o‘zimning Xudoyim deyman.

17 Siz qayerda olamdan o‘tsangiz, men ham o‘sha yerda jon berib, dafn qilinaman. Egam meni ne ko‘yga solsa solsin, undan battarrog‘ini ham qilsin. Meni sizdan faqat o‘lim ajrata oladi.

18 Naima amin bo‘ldiki, kelini u bilan ketishga qat’iy ahd qilibdi. Shundan so‘ng uni ko‘ndirishga qayta urinmadi.

19 Ikkovlari yo‘l yurib Baytlahmga yetib kelishdi. Baytlahmga yetib kelganlarida, ularni ko‘rib butun shahar g‘imirlab qoldi. Ayollar bir–biriga: “Iyi, nahotki bu o‘sha Naima bo‘lsa?!” deb hayron qolishdi.

20 Naima ularga dedi: — Endi meni Naima emas, Musibat denglar. Chunki Qodir Xudo boshimga cheksiz qayg‘u–kulfat soldi.

21 Men bu yerdan to‘kis bo‘lib chiqib ketgan edim, Egam esa qup–quruq qaytardi. Endi nega meni Naima deysizlar?! Axir, Egam — Qodir Xudo meni azob–uqubatlarga giriftor qilib, baxtsiz qildi–ku!

22 Shunday qilib, Naima Mo‘ablik kelini Rut bilan birga Mo‘ab yurtidan qaytib keldi. Ular Baytlahmga kelgan paytda arpa o‘rimi boshlangan edi.

Boblar: 1 2 3 4