1 Sulaymonning eng go‘zal qo‘shig‘i. O‘pgin meni lablaring bilan, Sening sevging sharobdan ham shirinroqdir.
2 Atir moylaring qanchalik xushbo‘y! Yoqimli atir kabi noming har tarafga taralar. Shuning uchun qizlar seni sevarlar.
3 Meni o‘zing bilan olib ket, tezroq boraylik. Ey shohim, meni o‘z yotog‘ingga olib kirgin. Ey shohimiz, biz quvonamiz. Siz bilan sevinamiz, Sharobdan ham ko‘proq sizning sevgingizni maqtaymiz. Ey sevgilim! Qizlar seni sevib, to‘g‘ri qilishadi.
4 Ey Quddus qizlari! Men qorachadan kelgan bo‘lsam ham go‘zalman, Kedar chodirlariday qora bo‘lsam ham, Sulaymon pardalariday chiroylidirman.
5 Qoraligim uchun menga past nazar bilan qaramanglar. Quyosh nurlari meni qoraytirdi. Aka–ukalarimning mendan jahli chiqib, Meni uzumzorlar qorovuli qilib qo‘yishdi, Ammo o‘z uzumzorimga qaray olmadim!
6 Sevgilim, menga aytgin–chi, Qayerda o‘z podangni boqasan? Tush vaqti ularni qayerga yotqizasan? Ayt menga, yana podachi do‘stlaring oldida Uyatsiz ayollarday bo‘lib yurmay axir.
7 Qayerdaligimni bilmasang, Ey go‘zallarning go‘zali, Podaning izlaridan borgin. Cho‘ponlarning chodirlari oldida O‘z echkilaringni o‘tlatgin.
8 Ey sevgilim, Sen fir’avn aravasiga qo‘shilgan uchqur otday go‘zalsan.
9 Ziraklaring tufayli yonoqlaring go‘zaldir, Marvaridlar bo‘yningni qanday chiroyli qilar.
10 Senga atab tilladan bezaklar, Kumushdan taqinchoqlar yasattiraman.
11 Shohim yonboshlab yotganda, Atirlarim o‘z hidini taratdi.
12 Ko‘kraklarim orasida yotgan, Xushbo‘y mirraga to‘la xaltacha kabidir mening sevgilim.
13 U men uchun Engedi bog‘laridagi Xina gullaridaydir.
14 Go‘zaldirsan, ey sevgilim, Sen go‘zalsan! Ko‘zlaring kabutar ko‘zlariday nazokatlidir.
15 Chiroylisan, ey sevgilim, Juda ham xushro‘ydirsan, Yam–yashil maysalar bizning to‘shagimizdir.
16 Sadr daraxtlari tomimiz bo‘lsa, Archalar tomimiz sinchlaridir.