1 Shohlar | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

1 Shohlar 21 Bob

tez o'tish:

1 Dovud Nav shahridagi ruhoniy Oximalekning huzuriga bordi. Oximalek Dovudni kutib olarkan: — Nimaga yolg‘izsan? Nega yoningda hech kim yo‘q? — deb qo‘rquv ichra so‘radi.

2 — Shoh menga bir topshiriq berdi, — dedi Dovud. — Senga bergan topshirig‘imni hech kim bilmasin, dedi. Shuning uchun odamlarimga, falon joyga borib turinglar, deb tayinlab keldim.

3 Hozir yeyishga biror narsangiz bormi? Menga beshta non, yoki qo‘lingizga nima ilinsa, bering.

4 — Oddiy nonimiz yo‘q, — deb javob berdi ruhoniy, — agar odamlaring ayollardan o‘zlarini tiygan bo‘lishsa, nazr qilingan nonimiz bor.

5 — Yo‘lga chiqqanimizdan buyon ayollarga yaqinlashganimiz yo‘q, — dedi Dovud. — Safarimizning maqsadi oddiy bo‘lganda ham, odamlarim o‘zlarini pok tutadi. Ayniqsa, bu safarimizda odamlarim o‘zlarini juda pok tutdilar.

6 Shundan keyin ruhoniy unga muqaddas non berdi. Bu yerda Xudoga bag‘ishlangan nondan boshqa non yo‘q edi. Bu non, Egamizning huzurida turgandan keyin, issiq non keltirilgan kuni olib qo‘yilgandi.

7 O‘sha kuni Shoulning Doyeg degan xizmatkori ham shu yerda edi. U Edomlik bo‘lib, Shoulning bosh cho‘poni edi. Doyeg Egamiz huzuriga rasm–rusumlarni ado etgani kelgandi.

8 — Yoningizda nayza yoki qilich yo‘qmi? — deb so‘radi Dovud Oximalekdan. — Shohning topshirig‘i shoshilinch bo‘lgani uchun o‘zim bilan na qilichimni olibman, na boshqa qurolimni.

9 — Elox vodiysida o‘zing o‘ldirgan Filist Go‘liyotning qilichi bor, — dedi ruhoniy. — Efod orqasida matoga o‘rog‘liq turibdi. Bu yerda boshqa qurol yo‘q. Xohlasang, o‘shani olaver. — O‘sha qilichni menga beraqoling, unaqasi topilmaydi, — dedi Dovud.

10 Dovud Shouldan qochib, o‘sha kuni Gat shohi Oxishning huzuriga bordi.

11 Oxishning xizmatkorlari: — Bu Isroil shohi Dovud–ku! — deyishdi. — Odamlar: “Shoul minglarchasini o‘ldirdi, Dovud esa o‘n minglarchasini”, deb o‘ynab qo‘shiq aytgan edi–ku.

12 Bu gaplar Dovudni cho‘chitib qo‘ydi. U Gat shohi Oxishdan juda qo‘rqardi.

13 Dovud ularning ko‘z o‘ngida qiyofasini o‘zgartirdi, ularning oldida o‘zini telbalikka solar, saroy darvozasini timdalab, so‘laklarini soqoliga oqizardi.

14 Oxish xizmatkorlariga dedi: — Qaranglar bu odamga! Jinnining o‘zi–ku! Nimaga uni mening huzurimga olib keldingizlar?

15 Mening oldimda jinnilik qilsin deb uni olib keldingizlarmi? Menga jinnilar kerakmidi?! Shu odamning saroyimga kirishi shartmi?!

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31