1 Bir vaqtlar Uz degan yurtda Ayub ismli bir odam yashar edi. Bu odam aybsiz va solih edi. U Xudodan qo‘rqardi, fosiqlikdan yuz o‘girgan edi.
2 Uning yettita o‘g‘li va uchta qizi bor edi.
3 Uning yana yetti mingta qo‘yi, uch mingta tuyasi, omochga qo‘shiladigan besh yuz juft ho‘kizlari, besh yuzta eshagi va juda ham ko‘p xizmatkorlari bor edi. Bu kishi sharqda yashaydiganlar orasida eng buyuk odam edi.
4 Ayubning o‘g‘illari bir–birlarining uylariga borib, ziyofatlar uyushtirishar, opa–singillarini ham mehmonga chaqirishar edi.
5 Ziyofatlar tugagandan keyin Ayub farzandlarini chaqirtirardi. “Farzandlarim yuraklarida Xudoni la’natlab, gunoh qilgan bo‘lishlari mumkin”, deya erta tongda ularning har biri uchun kuydiriladigan qurbonliklar keltirib, ularni poklardi. Ayub har doim shunday qilar edi.
6 Bir kuni samoviy mavjudotlar Egamizning oldiga kelishdi. Ularning orasida shayton ham bor edi.
7 Shaytondan Egamiz: “Qayerdan kelyapsan?” — deb so‘radi. Shayton: “Yer yuzining u yog‘idan bu yog‘iga yurib, aylanib chiqdim”, — deb javob berdi.
8 Shaytonga Egamiz shunday dedi: “Qulim Ayubni ko‘rdingmi? Yer yuzida unga o‘xshagan hech kim yo‘q. U aybsiz va solih odam. Mendan qo‘rqadi, fosiqlikdan yuz o‘girgan.”
9 Shayton shunday javob berdi: “Ayub bekordan–bekorga Sendan qo‘rqarmidi?!
10 Uning xonadonini, o‘zini, bor narsasini himoya qilasan–ku! Har bir qilgan ishiga baraka berasan. Qara, uning mol–qo‘ylari butun yurt bo‘ylab yoyilib ketgan.
11 Hozir undan bor narsasini olib qo‘ygin–chi! U yuzingga qarab Seni la’natlaydi.”
12 Shaytonga Egamiz shunday dedi: “Mayli, Ayubning bor–budi senga, faqatgina uning o‘ziga qarshi qo‘l ko‘tarma!” Shunday qilib, shayton Egamizning huzuridan ketdi.
13 Bir kuni Ayubning farzandlari ziyofat qilib o‘tirishgan edi. Ular eng katta akalarining uyida yig‘ilgandilar.
14 Ayubga bir xizmatkori quyidagi xabarni keltirdi: “Ho‘kizlaringizni omochga qo‘shib, yer haydayotgan edik. Eshaklar oldimizda o‘tlab yurgandi.
15 Bir to‘da Savoliklar bizga hujum qilishdi. Ular hamma hayvonlarni o‘g‘irlab ketishdi. Dalada ishlayotganlarning hammasini esa o‘ldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”
16 U shu gaplarni aytib ulgurmasdanoq, yana bir xabarchi kelib, shunday dedi: “Osmondan chaqmoq tushib, hamma qo‘ylaringiz va cho‘ponlaringizni kuydirib yubordi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”
17 U gaplarini tugatmasdan turib, uchinchi xabarchi kelib shunday dedi: “Uch to‘da Xaldeyliklar kelib, tuyalaringizni o‘g‘irlab ketishdi. Xizmatkorlaringizni esa o‘ldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”
18 U shu gaplarni aytayotgan ham ediki, yana bir xabarchi kelib dedi: “O‘g‘il–qizlaringiz eng katta akalarining uyida ziyofat qilib o‘tirishgan edi.
19 Birdaniga cho‘ldan qattiq shamol turib, uyni to‘rttala tomonidan urdi. Uy qulab tushib, farzandlaringizni bosib qoldi. Ularning hammasi halok bo‘ldi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”
20 Ayub turib, qayg‘udan kiyimini yirtib tashladi. Keyin sochini qirib tashlab, yerga muk tushdi.
21 U shunday dedi: “Onamning qornidan yalang‘och tushgandim, dunyodan ham yalang‘och ketaman. Hamma narsamni Xudo bergan edi, Xudoning O‘zi olib qo‘ydi. Egamning nomiga hamdu sanolar bo‘lsin!”
22 Shuncha ko‘rgiliklardan keyin ham, Ayub Xudoni ayblamadi, gunoh qilmadi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42