Yunus | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Yunus 1 Bob

tez o'tish:

1 Bir kuni Amitay o‘g‘li Yunusga Egamiz shu so‘zlarni ayon qildi:

2 “Qani, bo‘l, qudratli Naynavo shahriga bor. Jar solib, u yerdagilarni ogohlantir, chunki shahar ahli qilgan qabihliklar Menga yetib keldi.”

3 Yunus yo‘lga tushdi, lekin Egamizdan qochib boshqa tomonga ketmoqchi bo‘ldi. U Yaffaga kelib, u yerda Tarshishga boradigan kemani topdi. Yo‘l haqini to‘ladi–da, Egamizdan qochib Tarshishga suzib ketgani kemachilar bilan kemaga chiqdi.

4 Ammo Egamiz shunday kuchli shamol qo‘zg‘atdiki, dengizda dahshatli bo‘ron boshlandi. Bo‘ron kemani parchalab yuboray derdi.

5 Bundan kemachilar vahimaga tushib, har biri o‘z xudosiga yolvordi. Keyin, kema yengillashsin, deb u yerdagi yuklarni dengizga uloqtira boshladilar. Yunus esa kemaning ichkarisiga kirib, qattiq uyquga ketgan edi.

6 Bir payt kema darg‘asi Yunusning yoniga kelib: “Nega sen uxlab yotibsan? Tur, xudoyingga yolvor! Balki u bizlarni eslasa, halok bo‘lmasmiz”, dedi.

7 Kemadagilar esa bir–birlariga: “Kelinglar, qur’a tashlaylik, shunda bu falokat kim sababli boshimizga kelganini bilamiz”, dedilar. Qur’a tashlagan edilar, qur’a Yunusga tushdi.

8 Keyin Yunusdan so‘radilar: “Bizga ayt–chi, nima sababdan boshimizga bu falokat tushdi? Sen kimsan? Qayerdan kelyapsan? Qaysi yurtdansan? Qanaqa xalqdansan?”

9 Yunus ularga shunday javob berdi: “Men ibroniyman, dengiz va quruqlikni yaratgan Samoviy Xudo — Egamga sig‘inaman.”

10 Ular Yunusning Egamizdan qochib ketayotganini bilardilar. Chunki Yunusning o‘zi bu haqda ularga aytgan edi. Ular bu gapni eshitib, yana ham qattiqroq dahshatga tushdilar va undan: “Nega bunday qilding–a?!” dedilar.

11 Kemadagilar Yunusga: “Dengiz tinchlanishi uchun seni nima qilsak ekan–a?” deb so‘radilar. Chunki dengiz yanada vahima bilan to‘lqinlanardi.

12 Shunda Yunus kemadagilarga dedi: “Meni olib, dengizga uloqtirsangizlar, dengiz tinchlanadi. Bilaman, bu kuchli bo‘ron men tufayli boshlaringizga kelgan.”

13 Kemadagilar esa kemani quruqlikka olib bormoqchi bo‘lib rosa eshkak eshdilar, ammo bunga muvaffaq bo‘la olmadilar, chunki dengiz ularga qarshi battar quturayotgan edi.

14 Shunda ular Egamizga yolvordilar: “Ey Egamiz! Sen O‘zingga ma’qul bo‘lganini qilib, bizni shu ahvolga solding. Ey Egamiz! Senga iltijo qilamiz: shu odamning joni uchun bizlarni halok qilma, begunoh odamning o‘limiga bizlarni javobgar qilma.”

15 Shundan keyin Yunusni olib dengizga uloqtirgan edilar, dengiz tinchlanib qoldi.

16 Bu voqeani odamlar ko‘rgach, Egamizdan qattiq qo‘rqdilar. Unga qurbonlik qilib, nazr atadilar.

Boblar: 1 2 3 4