Menyu

Levilar 1 Bob

tez o'tish:

1 EgamizUchrashuv chodiridan Musoni chaqirib, unga

2 Isroil xalqi uchun quyidagi qonunlarni berdi: birontangiz Egamizgaqurbonlik qilmoqchi bo‘lsangiz, podangizdagi yoki suruvingizdagi hayvonni olib keling.

3 Bordi–yu, qoramol podasidan birorta hayvonni qurbonlik qilib, kuydirmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz bir buqani tanlab oling. Egamiz bu qurbonligingizni qabul qilishi uchun buqani Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib keling.

4 Qo‘lingizni kuydiriladigan hayvonning boshiga qo‘ying, shunda Egamiz sizni gunohingizdan poklash uchun bu qurbonligingizni qabul qiladi.

5 So‘ng buqani Egamizning oldida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari buqaning qonini keltirib, Uchrashuv chodiriga kiraverishda turgan qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin.

6 Siz esa kuydiriladigan qurbonlikning terisini shilib, tanasini bo‘laklarga bo‘ling.

7 Ruhoniy Horunning o‘g‘illari qurbongohga cho‘g‘ solib, ustiga o‘tin qalashsin.

8 So‘ng qurbonlikning bo‘laklarini, shuningdek, kallasini va yog‘larini qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘yishsin.

9 Siz esa qurbonlikning ichak– chovoqlari va oyoqlarini yuving. So‘ng ruhoniy bularning hammasini qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

10 Bordi–yu, siz suruvingizdagi qo‘y yoki echkini qurbonlik qilib kuydirmoqchi bo‘lsangiz, nuqsonsiz qo‘chqor yoki takani olib keling.

11 Uni qurbongohning shimol tomonida, Egamizning oldida so‘ying. Horunning ruhoniy o‘g‘illari qurbonlikning qonini qurbongohning to‘rtta yon tomoniga sepib chiqishsin.

12 Siz qurbonlikni bo‘laklarga bo‘ling. Ruhoniy esa bo‘laklarni qurbonlikning kallasi va yog‘lari bilan birga qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘ysin.

13 Siz qurbonlikning ichak–chovoqlari va oyoqlarini yuving. Ruhoniy bularning hammasini keltirib, qurbongohda kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

14 Agar qushni Egamizga qurbonlik qilib, kuydirmoqchi bo‘lsangiz, kaptar yoki musichani olib keling.

15 Ruhoniy uni qurbongoh oldiga olib kelib, bo‘ynini uzsin, so‘ng boshini qurbongohda kuydirsin. Qonini esa qurbongohning yoniga oqizsin.

16 Jig‘ildonini ichidagi narsalari bilan birga sug‘urib olib, qurbongohning sharq tomoniga, kul turgan yerga tashlasin.

17 Keyin qanotlaridan tortib, tanasini yarmigacha bo‘lsin, lekin ikki qismga ajratmasin. So‘ng uni qurbongohdagi yonib turgan o‘tinlar ustiga qo‘yib kuydirsin. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Egamizga yoqimli hid boradi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27