1 Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili, sakkizinchi oyida, Yiddoning nabirasi — Barxiyoning o‘g‘li payg‘ambar Zakariyoga Egamiz O‘z so‘zini ayon qildi.
2 Egamiz unga quyidagi xabarni xalqqa yetkazishni buyurdi: Egamiz ota–bobolaringizdan qattiq g‘azablangan edi. Endi Sarvari Olam shunday aytmoqda:
3 — Menga qaytinglar, — demoqda Sarvari Olam. — Shunda Men ham sizlarga qaytaman, — deydi Sarvari Olam.
4 Ota–bobolaringizga o‘xshagan bo‘lmanglar. Oldingi payg‘ambarlar Sarvari Olam nomidan ularni shunday deb ogohlantirishgan: — Yomon yo‘ldan va qabih qilmishlaringizdan qaytinglar. Sarvari Olam shunday demoqda: — Garchi Men ota–bobolaringizni ogohlantirgan bo‘lsam–da, ular Mening so‘zlarimga e’tibor bermadilar, Menga quloq solmadilar.
5 Qani endi o‘sha ota–bobolaringiz?! Qani, o‘sha payg‘ambarlar, ular abadiy yashaydilarmi?!
6 O‘z qullarim payg‘ambarlar orqali aytgan so‘zlarim, ogohlantirishlarim ota–bobolaringizning boshiga tushdi–ku! Shunda ular tavba qilib: “Sarvari Olam O‘zi rejalashtirganday, yurgan yo‘llarimiz va qilmishlarimizga yarasha bizni jazoladi”, deb aytishdi.
7 Shoh Doro hukmronligining ikkinchi yili, o‘n birinchi oy — Shebat oyining yigirma to‘rtinchi kunida, Yiddoning nabirasi — Barxiyoning o‘g‘li payg‘ambar Zakariyoga Egamiz yana O‘z so‘zini ayon qildi. Zakariyo quyidagi vahiylarni ko‘rdi:
8 Kechasi men qizil ot mingan Egamizning farishtasini ko‘rdim. U kichik jarlikda mirta butalar orasida to‘htab turardi. Uning orqasida esa qizil, jigarrang va oq otlarda o‘tirgan chavandozlar turardi.
9 Boshqa bir farishta men bilan gaplashayotgan edi. Men undan: — Ey to‘ram, bu chavandozlar kim bo‘ldi? — deb so‘radim. U shunday dedi: — Ularning kimligini senga ko‘rsataman.
10 Shunda mirta butalar orasidagi farishta javob berib dedi: — Egamiz ularni, butun yer yuzini kezib chiqsin, deb yuborgan.
11 Keyin chavandozlar mirta butalar orasidagi Egamizning farishtasiga dedilar: — Biz butun yer yuzini aylanib chiqdik, butun dunyo tinch ekan.
12 Shunda Egamizning farishtasi shunday deb yolvordi: — Ey Sarvari Olam, qachongacha Quddus va Yahudo shaharlaridan o‘z mehr–shafqatingni darig‘ tutasan?! Axir, yetmish yildan beri ulardan g‘azabdasan!
13 Shunda Egamiz men bilan gaplashgan farishtaga mehribon va tasalli beruvchi so‘zlar bilan javob berdi.
14 O‘sha farishta odamlarga quyidagi habarni e’lon qilishimni buyurdi: Sarvari Olam shunday aytmoqda: — Men Quddus va Sionni juda rashk qilaman.
15 O‘z xalqimdan ozgina jahlim chiqqan edi, mana bu xalqlar esa ularning boshiga tushgan kulfatni yanada ko‘paytirishdi. Endi mana shu tinch yashayotgan xalqlardan g‘azabdaman.
16 Shuning uchun Egamiz aytmoqda: — Men Quddusga mehr–shafqat ko‘rsatay, deb qaytdim. Mening uyim o‘sha yerda quriladi, Quddus qaytadan qurilishi uchun o‘lchanadi. Sarvari Olamning kalomi shudir.
17 Farishta yana shunday so‘zlarni e’lon qilishimni buyurdi: Sarvari Olam demoqda: — Mening shaharlarimda yana to‘kin–sochinlik bo‘ladi. Men Quddus aholisini yana bir bor yupataman, Sionni, O‘z shahrim, deb yana aytaman.
18 Men tepaga qarab, to‘rtta shox ko‘rdim.
19 Men bilan gaplashgan farishtadan: — Bular nima? — deb so‘radim. U menga dedi: — Bu shoxlar Yahudo, Isroil va Quddus xalqlarini sochib tashlagan hukmdorlarni bildiradi.
20 Shundan keyin Egamiz menga to‘rtta temirchini ko‘rsatdi.
21 Men yana: — Bu temirchilar nima qilgani kelishyapti? — deb so‘radim. U shunday deb javob berdi: — Boshqa hech kim bosh ko‘tarmasin, deb to‘rtta shox Yahudo xalqini sochib tashlagandi. Endi temirchilar o‘sha shoxlarni qo‘rquvga solishga kelishyapti. O‘zga xalqlar Yahudo yurtini o‘z shoxlari bilan suzgandi. Yurtning xalqini sochib yuborgandi. Endi temirchilar mana shu xalqlarning shoxlarini kesib tashlash uchun kelishyapti.