Zakariyo | Muqaddas Kitob Online - o'qish va o'rganish
Menyu

Zakariyo 3 Bob

tez o'tish:

1 Keyin farishta menga Egamizning farishtasi oldida oliy ruhoniy Yoshua turganini ko‘rsatdi. Yoshuaning o‘ng tomonida esa shayton uni ayblab turgan edi.

2 Egamiz shaytonga shunday dedi: — Ey, shayton! Gaplaringning hammasi yolg‘on! Men Quddusni tanlagan Egangman. Men senga aytaman, gaplaring yolg‘on! Axir, bu kishi alangadan qutqarilgan bir o‘tin parchasiday emasmi?!

3 Farishtaning oldida turgan Yoshua kir kiyimlarda edi.

4 Farishta atrofida turganlarga: — Uning kir kiyimlarini yechinglar, — dedi. Yoshuaga esa: — Mana, qara, Men sening gunohlaringni olib tashladim, — dedi. — Endi senga toza, bayramlarda kiyadigan yangi kiyimlarni kiydiraman.

5 Keyin men: — Uning boshiga toza salla kiydiringlar, — dedim. Uning boshiga toza salla, ustiga esa yangi kiyim kiydirishdi. Egamizning farishtasi uning yonida turar edi.

6 Keyin Egamizning farishtasi Yoshuani ogohlantirib, shunday dedi:

7 “Sarvari Olam shunday aytmoqda: — Agar sen Mening yo‘llarimdan yurib, Mening talablarimni bajarsang, Mening uyimda, Ma’badim hovlilarida bosh bo‘lasan. Senga shu yerda turganlar orasidan joy beraman.

8 Ey oliy ruhoniy Yoshua, quloq sol! Oldingda turgan ruhoniylar ham quloq solishsin. Sizlar kelajakda sodir bo‘ladigan voqealarning ramzisizlar. Men ismi “Novda” bo‘lgan xizmatkorimni zohir qilaman.

9 Men Yoshuaning oldiga bir tosh qo‘ydim. Mening yetti ko‘zim o‘sha toshga qadalgan. Bu toshning ustiga Men yozuv yozaman, — demoqda Sarvari Olam. — Mana shu yurtning gunohini bir kunda olib tashlayman.

10 O‘sha kuni sizlar qo‘ni– qo‘shnilaringizni chaqirib, o‘z uzumzorlaringizda va anjir daraxtlaringiz tagida o‘tirasizlar. Sarvari Olamning kalomi shudir.”

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14