Menyu

Butrusning ikkinchi maktubi 1 Bob


1 Iso Masihning quli va havoriysi men, Simun Butrus, odil Xudoyimiz va Xaloskorimiz Iso Masih soyasida bizning qimmatli imonimizga teng bir imonga erishgan barchaga salom aytaman.

2 Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib-bilganingiz sayin, sizlarga Xudo inoyati oshib, xotiringiz jam bo`lsin.

3 Rabbimiz Iso O`zining ulug`vorligi va kamoloti sharofati ila bizni da`vat etgan va bizga O`zini tanitgan. Yashash va Xudo yo`lida yurishimiz uchun kerak bo`lgan hamma narsani U bizga O`ziga xos ilohiy kuch-qudrat bilan ato etgan.

4 Bu dunyo yomon ehtiroslar natijasida buzilib bormoqda. Sizlar bundan qochib qutulinglar, deb Xudo bizga ko`p ulug` va qimmatli va`dalarni bergan. Bular ro`yobga chiqib, sizlar ilohiy tabiatdan bahramand bo`lasizlar.

5 Bularni nazarda tutib, imoningizni but qilishga jon kuydiringlar. Shunday qilib, imoningiz ustiga fazl-kamolotga ega bo`linglar. Fazl-kamolotingiz ustiga ong-bilimga ega bo`linglar.

6 Ong-bilimingiz ustiga nafsni tiyishni o`rganinglar. Nafsni tiyish ustiga sabr-toqatli bo`linglar. Sabr-toqatingiz ustiga diyonatga ega bo`linglar.

7 Diyonatli bo`lish ustiga birodarlaringizni sevinglar. Birodarsevarlik ustiga tugal muhabbatga ega bo`linglar.

8 Agar bu xislatlar sizda mavjud bo`lsa hamda yana ortib borayotgan bo`lsa, unda siz Rabbimiz Iso Masihni tanib-bilish yo`lida na sust, na samarasiz bo`lasizlar.

9 Bu xislatlardan benasiblar esa kaltabin ko`rdir, ular avvalgi gunohlaridan tozalanganini unutganlar.

10 Shuning uchun, ey birodarlar, Xudo sizlarni tanlaganini va da`vat etganini bilib, bunga munosib bo`lmoq uchun yana astoydil harakat qilinglar. Bu yo`lni tutsangiz, hech vaqt qoqinmaysizlar.

11 Shunday qilib, Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihning abadiy Shohligiga kirish yo`li sizlarga keng ochiladi.

12 Sizlar bu narsalarni bilar ekansiz va tan olgan haqiqatda qattiq turar ekansiz, men har doim bularni eslatib turishni xohlayman.

13 Bu foniy makonimda bo`lgunimcha, bularni eslatish bilan sizlarni uyg`otib turishni lozim ko`raman.

14 Chunki bu makonimdan ayrilish vaqtim yaqinlashganini bilaman, Rabbimiz Iso Masih O`zi buni menga ma`lum qilgan.

15 Bu dunyoni tark etganimdan keyin ham sizlar doimo bularni xotirlashingiz uchun jon kuydirmoqdaman.

16 Biz Rabbimiz Iso Masihning kuch-qudrat bilan kelishi haqida sizlarga ma`lumot berganimizda, uydirma afsonalarni gapirib kelmadik. Uning salobatini o`z ko`zimiz bilan ko`rganmiz.

17 Masih Otasi Xudodan hurmat va shon-sharaf qabul qildi. Ulug`vorlik to`kib turadigan dargohi sharifdan Masihga bir sado kelib: “Bu Mening sevikli O`g`limdir, Undan mamnunman”, - dedi.

18 Biz aziz tog`da U bilan birga bo`ldik, osmondan kelgan bu sadoni o`zimiz ham eshitdik.

19 Shuning uchun qadimgi payg`ambarlarning so`zlari biz uchun yanada qat`iy bo`lib qoldi. Sizlar bu so`zlarga rioya etib, yaxshi ish qilasizlar. Tong yulduzi chiqib, kun yorigungacha, qorong`i joyda chiroq qanday nur sochsa, payg`ambarlarning so`zlari sizning yuragingizga shunday nur sochib tursin.

20 Eng avval shuni bilinglarki, payg`ambar kitoblarida uchraydigan bashoratlarning birortasi ham birovning xususiy tafsiriga bog`liq emas.

21 Hech bir payg`ambar o`zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu aziz odamlar Muqaddas Ruh tomonidan harakatga keltirilib, Xudoning so`zlarini gapirib berganlar.

Boblar: 1 2 3