Butrusning ikkinchi maktubi 2 Bob
1 Isroil xalqi orasida soxta payg`ambarlar bo`lgani kabi, sizlarning orangizda ham soxta ustozlar bo`ladi. O`zlarini qullikdan sotib olgan Egalarini ular inkor etib, orangizda juda zararli bid`atlarni tarqatadilar. Bu kishilar nogahon halokatga yo`liqib qoladilar.
2 Ko`p odamlar ularning fisq-fujur ishlariga mahliyo bo`ladi. Ular tufayli haqiqat yo`li haqoratga duchor bo`ladi.
3 Ular tamagir bo`lganidan, xushomad gaplar bilan sizlarning hisobingizdan davlat orttiradilar. Mana, ularning jazosi qadimdanoq tayyor turibdi, halokati esa kechikmayapti.
4 Chunki Xudo hatto gunoh qilgan farishtalarni ham ayamagan. Hukm kunigacha saqlansinlar deb, U ularni jahannamning zimiston g`orlariga qamab qo`ygan.
5 Xudo qadimgi dunyoni ham ayamadi. U xudosizlar dunyosi ustiga to`fon keltirib, faqat solihlik yo`lini xabarlab yurgan Nuh va boshqa ozgina kishini, ya`ni hammasi bo`lib sakkiz jonnigina saqladi.
6 Xudosizlar boshiga keladigan balolardan ibrat bo`lsin, deb Xudo Sado`m va G`amo`ra shaharlarini ham halokatga mahkum etdi va kulga aylantirdi.
7 Bebosh odamlarning buzuq xatti-harakatidan azob chekkan solih Lutni esa Xudo qutqardi.
8 O`sha xalq orasida yashagan bu solih odam ularning haqsiz ishlarini ko`rar, eshitar va o`zining solih jonini kundan-kunga qiynar edi.
9 Bundan anglashiladiki, xudojo`ylarni vasvasadan qanday qutqarishni, jazoga mahkum betavfiqlarni esa qiyomat kunigacha qanday saqlashni Xudovand biladi.
10 Ayniqsa, shahvoniy xavaslarga berilib, o`z tanasini bulg`atuvchi, ilohiy hokimiyatni esa rad qiluvchi surbet va o`jar odamlarni jazolash yo`lini Xudovand biladi. Ular samoviy mavjudotlarni haqorat qilishdan ham qo`rqmaydilar.
11 Farishtalar odamlardan ancha kuchliroq va qudratliroq bo`lganiga qaramay, Xudovand huzurida bu mavjudotlarni qarg`ab hukm etmaydilar.
12 Ammo bu odamlar-chi, aqliga sig`dirolmaydigan hamma narsani yomonlaydilar, faqat tug`ma his-tuyg`ulari bilangina yashaydilar, xuddi ovlanib yo`q qilinish uchun tug`ilgan ongsiz hayvonlarga o`xshaydilar. Ular aynan hayvon singari yo`q bo`lib ketadi,
13 qilgan nohaqliklariga yarasha jazo oladilar. Bular kunduz kuni aysh-ishratni o`zlari uchun huzur-halovat deb hisoblaydilar. Ular nOmingizga dog`u g`ubor tushiradilar. Sizlar bilan ziyofatga o`tirganlarida, o`zlarining ahloqiy buzuqligidan zavqlanadilar.
14 Ko`zlari zinoga to`ymaydi, tinimsiz gunoh qiladilar. Ular sabotsiz kishilarni ovlab, yo`ldan ozdiradilar. Ko`ngillari tamagirlikka o`rganib qolgan la`nati odamlardir.
15 Ular to`g`ri yo`lni tark etdilar, ular Ba`o`r o`g`li Bal`om yo`lidan borib, gumroh bo`ldilar. Bal`om harom yo`l bilan topgan pulini sevib qolgan edi.
16 Lekin uning gunohi fosh bo`lib qoldi. Tilsiz eshak tilga kirib, inson tili bilan bu payg`ambarning tentakligiga to`sqinlik qildi.
17 Bu odamlar esa suvsiz buloqlardir, bo`ron haydagan to`zon va bulutdirlar. Ular uchun tim qorong`i zulmat tayyorlab qo`yilgan.
18 Chunki xato yo`ldan zo`rg`a qochib qutulgan imonlilarni ular dabdabali, devonavor gaplar bilan avrab, nafslariga o`t tushirib, fisqu fujur havasi bilan qiziqtiradilar.
19 O`zlari buzg`unlikning quli bo`la turib, ularga erkinlik va`da beradilar. Ammo odam nimadan yengilsa, uning quli bo`ladi.
20 Ular Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihni bilib olib, dunyoning qabohatlaridan qochib qutulgan edilar. Agar bunday keyin ular yana shunday ishlarga aralashib, mag`lub bo`lsalar, unda so`nggi ahvollari avvalgi ahvollaridan battar bo`ladi.
21 Solihlik yo`lini bilgandan keyin, tan olgan muqaddas amrdan yuz o`girgandan ko`ra, bu yo`lni hech bilmagan ular uchun yaxshiroq bo`lar edi.
22 Mana bu ishonchli maqol ularga aynan to`g`ri keladi: “It o`zining qusganiga qaytar”, shuningdek: “Yuvilgan to`ng`iz balchiqda ag`anagani qaytar”.