Butrusning ikkinchi maktubi 3 Bob
1 Ey sevganlarim, endi sizlarga bu ikkinchi maktubni yozayapman. Bu mavzularni yodingizga solib, sizda pok fikr uyg`otishga harakat qilmoqdaman.
2 Muqaddas payg`ambarlarning ilgarigi vaqtlarda aytgan so`zlarini, shuningdek, Rabbimiz va Xaloskorimiz Isoning O`z havoriylariga sizlar uchun topshirgan vasiyatini eslab turishingizni istayman.
3 Avvalo shuni bilinglarki, oxirgi kunlarda o`z nafsiga mahliyo bo`lib yuradigan hayosiz masxarabozlar paydo bo`ladi.
4 Ular: “Rabbingizning qaytishi to`g`risidagi va`da qani? Mana, ota-bobolarimiz o`tgandan buyon, hamma narsa avval boshda qanday yaratilgan bo`lsa, shunday turibdi”, - deb masxara qiladilar.
5 Vaholanki, ular ataylab shuni esdan chiqaradilarki, azalda Xudoning kalomi orqali yeru osmon bunyod bo`lgan. Yer esa suvdan chiqib, suv bilan yaratilgan.
6 Yana suvdan – to`fon suvidan qadimgi dunyo mahv bo`lgan.
7 Hozirgi yeru osmon esa o`sha ilohiy kalom orqali saqlanib turibdi, Xudo betavfiq odamlar uchun belgilagan hukm va halokat kunigacha yonish uchun tayyor turibdi.
8 Ey sevganlarim, shugina e`tiboringizdan qochmasinki, Xudovand nazarida bir kun ming yil va ming yil bir kun kabidir.
9 Ba`zilar o`ylaganday, Rabbimiz bergan va`dasini amalga oshirishga imillamayapti. Aksincha, U hech kimning halok bo`lishini istamay, hamma tavba qilsin, deb sabr-toqat bilan kutib turibdi.
10 Kechasi o`g`ri qanday kelsa, Rabbimizning mahshar kuni ham xuddi shunday nogahon kelib qoladi. U kun osmon gumburlab tamom bo`ladi, moddiy unsurlar qizib, erib ketadi, yer va unda qilingan har bir ish kulga aylanadi.
11 O`sha kunda hamma narsa yo`q bo`lib ketar ekan, sizlar qanday kishilar bo`lmog`ingiz kerak?
12 Xudoning kunida osmon yonib yo`q bo`lar, moddiy unsurlar esa qizib, erib ketar ekan, sizlar o`sha kunni muqaddas yurish-turish, diyonat bilan kutishingiz va shu yo`sinda uning kelishini tezlashtirishingiz kerak.
13 Chunki Xudoning ahd qilgani bo`yicha, biz adolat hukm suradigan yangi yer va yangi osmonni kutayapmiz.
14 Buning uchun, ey sevganlarim, modomiki bularni kutyapsiz ekan, Xudo oldida tinch-totuvlik bilan yashab, beg`ubor va benuqson bo`lishga jon kuydiringlar.
15 Sevikli birodarimiz Pavlus ham o`ziga berilgan donolik bilan sizlarga qanday yozgan bo`lsa, xuddi shu kabi Rabbimizning sabr-toqatini qutulish fursati deb hisoblanglar.
16 Pavlus hamma maktublarida bu mavzular haqida gapiradi-ku. Ularda tushunish qiyin bo`lgan ba`zi mavzular borki, johil va sabotsiz kishilar boshqa muqaddas yozuvlarni buzganlaridek, ularni ham buzib talqin qiladilar. Bu esa ularni halokatga yo`liqtiradi.
17 Ey sevganlarim, bularni oldindan bilar ekansiz, ehtiyot bo`linglar, yana boshboshdoq odamlarning g`avg`osi bilan yo`ldan ozmanglar, topgan qaroringizdan aynimanglar.
18 Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihning inoyatiga tayanib, Uni tanib-bilib borgan sayin rivoj topinglar. Hozirdan to mangu kungacha Unga shon-shuhrat bo`lsin! Omin.