1 O‘ttizinchi yil, to‘rtinchi oyning beshinchi kuni. Men, Buzi o‘g‘li ruhoniy Hizqiyol, surgunda yashayotgan odamlar bilan birga Bobildagi Kavor daryosining bo‘yida edim. Shunda osmon qopqasi ochildi–da, Xudodan menga vahiylar keldi. Bu voqea shoh Yohayixin surgundaligining beshinchi yilida sodir bo‘ldi. O‘sha kuni Kavor daryosi bo‘yida Egamiz menga O‘z so‘zini ayon qildi. Men Egamizning qudratini yaqqol sezib turar edim.
2 -
3 -
4 Qarasam, shimoldan bo‘ron turdi. Ulkan bir bulutdan chaqmoq chaqar edi, bulut atrofi yarqirab turardi. Bulutning olovli markazi sayqal misday tovlanardi.
5 O‘shaning o‘rtasida men to‘rtta jonli mavjudotni ko‘rdim. Ular inson qiyofasida edi.
6 Ammo har birining to‘rtta yuzi va to‘rtta qanoti bor edi.
7 Ularning oyoqlari tekis bo‘lib, buzoqning tuyoqlariga o‘xshash tuyoqlari bor edi. Tuyoqlar yaltiroq bronza kabi tovlanib turardi.
8 Qanotlari ostida odam qo‘liga o‘xshagan qo‘llari bor edi.
9 Mavjudotlar bir–biriga orqa o‘girib turar edilar, qanotlarining uchlari bir–biriga tegib turardi. Ular har tomonga birgalikda yurardilar, yurganlarida burilmas edilar.
10 Mavjudotlarning yuzlariga kelsak, ular to‘rt xil edi: old tomonida inson yuzi, o‘ng tomonida sher yuzi, chap tomonida buqa yuzi va orqa tomonida burgut yuzi bor edi.
11 Mavjudotlarning bir juft qanoti tepaga yoyilgan bo‘lib, yonidagi mavjudotlarning qanotlariga tegib turardi. Qolgan bir juft qanoti esa tanasini yopib turardi.
12 Mavjudotlar to‘g‘riga qarab yurishar edi. Ruh ularni qayerga yo‘naltirsa, ular o‘sha yerga borishardi, yurganda burilmasdi.
13 Jonli mavjudotlarning ko‘rinishi yonayotgan ko‘mirga yoki mash’alaga o‘xshar edi. Mavjudotlarning orasida olov aylanib yurardi. Bu olov chaqnardi, undan chaqmoq chaqib turar edi.
14 Mavjudotlarning o‘zlari ham chaqmoq tezligi bilan u yerdan bu yerga borib kelishardi.
15 Men to‘rtta mavjudotni tomosha qilib turganimda, mavjudotlar yonidagi g‘ildiraklarni ko‘rdim. Har bir mavjudotning yonida bittadan g‘ildirak bor edi. G‘ildiraklar yerga tegib turardi.
16 To‘rttala g‘ildirakning ko‘rinishi va tuzilishi bir xil edi. Ular qimmatbaho toshday tovlanardi. Har bir g‘ildirakning ichida ko‘ndalangiga solingan yana bittadan g‘ildiragi bor edi.
17 Shu sababdan g‘ildiraklar harakatga kelganda, to‘rt tomonga yura olar edi, yurganda burilmasdi.
18 G‘ildiraklarning gardishlari baland va bahaybat edi. Ularning gir aylanasi ko‘zlar bilan qoplangan edi.
19 Jonli mavjudotlar yurganda, yonlaridagi g‘ildiraklar ham harakatga kelardi. Yerdan ko‘tarilganda, g‘ildiraklar ham ular bilan birga ko‘tarilardi.
20 Mavjudotlardagi ruh g‘ildiraklarda ham edi. Shu sababdan ruh mavjudotlarni qayerga yo‘naltirsa, mavjudotlar o‘sha yerga borishardi, g‘ildiraklar ham ular bilan birga harakatga kelardi.
21 Mavjudotlar yurganda, ular ham yurar edi, to‘xtaganda to‘xtar edi, yerdan ko‘tarilganda ko‘tarilar edi.
22 Mavjudotlarning boshlari uzra gumbazga o‘xshash bir narsa bor edi, o‘sha narsa billurdek tovlanardi.
23 Qanotlarini yoygan mavjudotlar gumbaz ostida edi. Ularning qanotlari bir–biriga tegib turardi. Ikkinchi juft qanotlari esa badanlarini yopib turardi.
24 Ular qanot qoqib uchardilar. Qoqqan qanotlarining tovushi shovullagan dengiz tovushiday, Qodir Xudoning gumburlagan ovoziday, ulkan lashkarning shovqin–suroniday edi. Mavjudotlar to‘xtaganda qanotlarini yig‘ishtirib olishardi.
25 Ular to‘xtab, qanotlarini yig‘ishtirib oldilar. Shunda boshlari tepasidagi gumbaz uzra bir ovoz yangradi.
26 Gumbaz ustida zangori yoqutdan yasalgan taxtga o‘xshash bir narsa bor edi. Taxt ustida inson qiyofasidagi bir zot o‘tirardi.
27 O‘sha kimsaning belidan yuqori qismi sayqal misday yarqirardi, atrofini olov o‘ragandi. Belidan pastki qismi esa otash kabi porlardi. Uning butun borlig‘i nur taratib turardi.
28 O‘sha nur yomg‘irdan keyin bulutlar orasida paydo bo‘ladigan kamalakdek jilvalanardi. Bu yog‘du Egamizning ulug‘vorligini aks etardi. Men buni ko‘rishim bilanoq yerga muk tushdim, so‘ng bir ovoz eshitdim.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 45 46 47 48