Titusga maktub 1 Bob
1 Xudo tanlagan kishilarning imonli bo`lishlari va haqiqiy diyonatni uqib olishlari uchun xizmat qilayotgan Xudoning quli va Iso Masihning havoriysi, Pavlusdan salom!
2 Bizning imonimiz abadiy hayotga umidvorlikdan iboratdir. Yolg`on gapirmaydigan Xudo bu umid haqida azaliy vaqtlardanoq va`da bergan edi,
3 hozir esa, O`zi xohlagan paytda, kalOmini ro`yobga chiqardi. Men bo`lsam, bu kalomni e`lon qilish uchun Qutqaruvchimiz Xudodan vakolat oldim.
4 Umumiy imonimiz asosida haqiqiy farzandim bo`lgan Titusga Otamiz Xudodan va Qutqaruvchimiz Iso Masihdan mehr-shafqat va tinchlik tilayman.
5 Senga buyurganimdek, qolgan ishlarni bitir, har bir shahardagi imonlilar jamoati ustidan oqsoqollar tayin qil. Mana shuning uchun seni Krit orolida qoldirdim.
6 Sen tayin qiladigan odam beayb, yakka xotinli, bolalari esa imonli va shaloqlik yoki itoatsizlik aybidan xoli bo`lsin.
7 Chunki imonlilar jamoatining noziri Xudo xonadonini boshqaruvchi sifatida benuqson bo`lishi kerak. O`zboshimcha, g`azabli, sharobga moyil, tajang, g`arazgo`y bo`lmasin.
8 Aksincha mehmondo`st, vazmin, odil, pok ko`ngilli va nafsini tiyadigan odam bo`lsin.
9 Sog`lom ta`limot bilan nasihat qilishga hamda qarshilik qiluvchilarning adabini berishga iqtidorli, haqiqat kalomiga o`rgatilgan va unga qattiq rioya qiladigan kishi bo`lishi lozim.
10 Xususan sunnatlilar orasida o`zbilarmon, quruq gap sotuvchi aldamchilar ko`p.
11 Ularning og`zini to`sish kerak. Ular jirkanch manfaat yo`lida lozim bo`lmagan narsalarni o`rgatib, butun oilalarni buzib ketmoqdalar.
12 Mana, ulardan chiqqan bir shoir: “Kritiylar doimo yolg`onchi, zolim yirtqichlar, yeb-to`ymas tanballardir”, deb aytgan edi.
13 Bu gap to`g`ri. Ular sog`lom imonni topsin va buning uchun sen ularni qat`iy ogohlantirib qo`y.
14 Ular yana yahudiylarning afsonalariga va haqiqatdan yuz o`girgan odamlarning gaplariga quloq solmasinlar.
15 Pok odamlar uchun hamma narsa pok bo`lur. Nopoku imonsizlar uchun hech bir pok narsa yo`q. Chunki ularning aqli ham, vijdoni ham nopoklashib ketgan.
16 Xudoni tan olamiz, deydilar-u, o`z qilmishlari bilan Uni inkor etadilar. Ular har qanday xayrli ishga yaramas, bo`yin egmas, iflos odamlardir.