Menyu

Titusga maktub 3 Bob


1 Sen imonlilarga eslatib turginki, ular hukmron hokimiyatga to`la itoatkorlik bilan bo`ysunsin, har bir xayrli ishga tayyor bo`lishsin.

2 Hech kimni yomonlamasinlar. Urushqoq bo`lmay, barcha insonlarga yuvoshlik va muloyimlik bilan muomala qilsinlar.

3 Chunki bir vaqtlar bizlar ham fahmsiz, itoatsiz, adashgan odamlar edik, har xil ehtiros va zavqlarga qul edik, gina-qudurat va baxillikka to`lgan, bir-birimizdan nafratlanadigan razil odamlar edik.

4 Ammo Qutqaruvchimiz Xudo O`zining iltifot va insonparvarligini ochiq ko`rsatdi.

5 Xudo bizning qilgan savobli ishlarimiz tufayli emas, balki O`zining rahm-shafqati tufayli bizni qutqardi, gunohlarimizni yuvib, bizni yangidan tug`iltirdi, Muqaddas Ruh orqali bizga yangi hayot ato etdi.

6 Qutqaruvchimiz Iso Masih sharofati bilan Xudo bizning ustimizga mo`l-ko`l Muqaddas Ruh yog`dirdi.

7 Xudo inoyat qilib, bizni oqladi va abadiy hayotga umidvorlik bilan qaragan merosxo`r ham qildi.

8 Bu so`z barqarordir. Xudoga ishonganlar xayrli ishlarga astoydil bel bog`lashi uchun, bu gaplarni ta`kidlab uqtirishingni istayman. Bunday xatti-harakat insonlarga ma`qul va foydalidir.

9 Lekin be`mani bahslar, shajaralar, Tavrot qonun-qoidalari haqida boradigan janjalu muzokaralardan qoch; bular foydasiz va behudadir.

10 Bid`atchi odam bir-ikki ogohlantirishdan so`ng haqiqatga tushunmasa, u bilan aloqani uz.

11 O`zing bilasanki, bunday buzuq odam kundan-kunga gunohiga gunoh qo`shib, o`zini o`zi mahkum etadi.

12 Artimas yoki Tixikni sening yoningga yuborganimdan keyin, Nikopol shahriga, mening oldimga kelishga harakat qil. Chunki men qishni shu yerda o`tkazishga qaror qildim.

13 Qonunshunos Zinas va Apollosni yo`lga otlantirayotganingda, ularning kam-ko`stsiz jo`nashlariga e`tibor qil.

14 Bizning odamlarimiz ham samarasiz kun kechirmasdan, zaruriy ehtiyojlarini qondirish uchun yaxshi ishlar qilishni o`rgansinlar.

15 Mening yonimdagilarning hammasi senga salom yo`llayaptilar. Bizni sevadigan imondoshlarga salom aytgin. Xudoning inoyati hammangizga yor bo`lsin. Omin.

Boblar: 1 2 3