Titusga maktub 2 Bob
1 Senga kelsak, sog`lom ta`limot asosida nasihat qil.
2 Chollar o`z haddini biluvchi, hushyor, vazmin, sog`lom imonli, mehr-muhabbatli va sabr-toqatli bo`lsinlar.
3 Shuningdek, kampirlar ham g`iybat va mayxo`rlikka ruju qo`ymay, balki muqaddaslikka muvofiq, har qanday xayrli ishda ibrat bo`lib turmush kechirsinlar.
4 Kampirlar yosh xotinlarga ham ta`lim-tarbiya bersinlar.
5 Xudoning kalomi qoralanmasligi uchun, ular o`z erlari va bolalarini sevadigan, ro`zg`orga jonkuyar, vazmin, iffatli, xushfe`l, erlariga bo`ysunadigan bo`lsinlar.
6 Shuningdek, yigitlarni ham bosiq bo`lishga undagin.
7 Har bir xayrli ishda ularga o`rnak bo`l. Ta`lim vaqtida xolis va jiddiy bo`lib gapir.
8 So`zlarning aniq va hech shubhasiz bo`lsin, toki raqiblarning biz haqimizda so`z aytolmay, uyatga qolsinlar.
9 Qullarga shunday nasihat qilki, o`z xo`jayinlariga itoat etsinlar, ularni har jihatdan mamnun qilsinlar, terslik qilmasinlar.
10 O`g`rilik qilmasinlar, balki ochiq ko`ngil bilan muomala qilib, har narsada Qutqaruvchimiz Xudoning ta`limotini sharaflasinlar.
11 Chunki Qutqaruvchimiz Xudoning inoyati butun odamlarga yaqqol oshkor bo`ldi.
12 Bu inoyat esa shuni o`rgatadiki, biz diyonatsizlik va dunyoviy orzu-ehtiroslarni rad etishimiz kerak, bu dunyoda Xudodan qo`rqib, vazminlik va taqvodorlik bilan hayot kechirishimiz lozim.
13 Shu orada buyuk Xudo va Qutqaruvchimiz Iso Masihning ulug`vorlik bilan osmondan tushib zohir bo`lishiga va muborak umidimiz amalga oshishiga ko`z tikib yuribmiz.
14 Masih bizni har qanday gunohli ishlardan qutqarish uchun, faqat O`ziga tegishli bo`lgan, xayrli ishlarga g`ayratli, pok bir ummat yaratish uchun O`zini biz uchun fido qildi.
15 Bularni butun bir salohiyat bilan gapir, nasihat qil, oshkor qil. Hech kim seni kamsitmasin.