Menyu

Yuhannoning birinchi maktubi 2 Bob


1 Ey farzandlarim, bularni shuning uchun yozyapmanki, sizlar gunoh qilmanglar. Bordiyu birortamiz gunoh qilib qo`ysak, Otaning oldida odil homiymiz – Iso Masih bor.

2 Uning O`zi yolg`iz bizning gunohlarimiznigina emas, balki butun dunyoning gunohlarini yuvish uchun qurbon bo`ldi.

3 Agar biz Uning amrlariga rioya qilsak, Uni bilib olganimizga amin bo`lamiz.

4 Uni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan kishi yolg`onchi bo`ladi, unda haqiqat yo`q.

5 Kimki Masihning kalomiga rioya qilsa, u kishida Xudoning sevgisi haqiqatan kamolga yetgan bo`ladi. Biz Xudo bilan bir tan ekanimizni ana shundan bilib olamiz.

6 Xudo bilan bir tanman, degan kishi Masih yurganday yurmog`i shart.

7 Ey mahbublarim, sizlarga yangi amrni emas, balki o`zingiz dastlab qabul qilgan qadimgi amrni yozyapman. Qadimgi amr – sizlar eshitgan Xudo kalomi.

8 Shu bilan birga, yangi amrni yozyapman desam ham bo`ladi, zero qorong`ilik o`tib, haqiqiy nur hozirdan porlamoqda. Bu haqiqat Masihda ham, sizlarda ham ochiq ko`rinmoqda.

9 Kimiki nurda yuribman desa-yu, lekin birodaridan nafratlansa, u hali ham qorong`ilikdadir.

10 Kimki birodarini sevsa, u nur ichida yashaydi va yuqinishga yo`l bo`lmaydi.

11 Ammo birodaridan nafratlangan kishi qorong`ilikda bo`ladi. U qorong`ilikda yuradi-yu, qayerga borayotganini bilmaydi; chunki qorong`ilikda uning ko`zlari ko`r bo`lgan.

12 Ey farzandlarim, sizlarga yozyapman: Masih nomi tufayli gunohlaringiz kechirilgan.

13 Ey otalar, sizlarga yozyapman: azaldan bor Bo`lganni bildingizlar. Ey yigitlar, sizlarga yozyapman: yovuz shayton ustidan g`olib chiqdingiz. Ey bolalar, sizlarga yozyapman: sizlar Otamiz Xudoni tanib oldingiz.

14 Otalar, sizlarga yozdim: siz azaldan bor Bo`lganni tanib oldingiz. Yigitlar, sizlarga yozdim: sizlar baquvvatsizlar, Xudo kalOmini dilingizda saqlayotirsiz, yovuz shayton ustidan g`olib chiqdingizlar.

15 Dunyoga va undagi narsalarga muhabbat qo`ymanglar. Kim dunyoga muhabbat qo`ysa, uning qalbidan Otaning muhabbati joy olmaydi.

16 Chunki dunyoga xos har bir narsa – tana nafsi, hirsli ko`zlar, maishatga oid kibr-havo Otadan emas, balki dunyodandir.

17 Dunyo ham, uning nafsi ham o`tib ketadi. Lekin Xudoning irodasini bajo keltirgan abadiy yashaydi.

18 Ey farzandlarim, dunyoning so`nggi damlari keldi! Dajjol kelishini eshitgansizlar, hozirdanoq ko`p dajjollar paydo bo`ldi. Ana shundan biz so`nggi damlarni yashayotganimizni bilamiz.

19 Ular o`zimizning oramizdan chiqdilar, lekin ular bizga qarashli emas. Agar bizga qarashli bo`lganlarida edi, biz bilan qolgan bo`lar edilar. Ular bizdan ayrilib ketdilar, ma`lum bo`ldiki, hammasi ham bizga qarashli emas.

20 Sizlar hammasini bilasizlar, chunki siz tabarruk Masihning Ruhiga egasizlar.

21 Men buni, haqiqatni bilmaydilar, deb yozayotganim yo`q. Aksincha, sizlar haqiqatni bilasizlar, har qanday yolg`on haqiqatdan paydo bo`lmasligini bilasizlar.

22 Agar Isoning Masihligini inkor etuvchi yolg`onchi kim? Ota va O`g`ilni kim inkor etsa, dajjol o`shadir.

23 Kimda-kim O`g`ilni inkor etsa, unda Ota yo`q. Kimda-kim O`g`ilni tan olsa, unda Ota ham bor.

24 Sizlar azaldan eshitgan kalom dilingizda saqlansa, sizlar ham O`g`il, ham Ota bilan bir tan bo`lasizlar.

25 Masihning bizlarga bergan va`dasi ana shu, ya`ni abadiy hayotdir.

26 Bularni sizlarni yanglishtiradiganlar borligi uchun yozdim.

27 Holbuki, sizlar Masihning Ruhini qabul qilgansizlar. Uning Ruhiichingizda yashayotgani uchun, sizlarga hech kimning biror narsa o`rgatishiga ehtiyoj yo`q. Masihning Ruhi haqiqiy, soxta emas. U sizlarga hamma narsani o`rgatadi. Masih sizlarga o`rgatganidek, U bilan aloqada bo`lib yashanglar.

28 Ha, farzandlarim, endi Masih bilan aloqada bo`lib yashanglar, toki U olamga qaytib kelganda dadil bo`laylik, Uning oldida uyatga qolmaylik.

29 Agar Uning solih ekanligini bilar ekansizlar, shuni ham bilinglarki, to`g`ri ish qilgan har bir kishi Uning farzandidir.

Boblar: 1 2 3 4 5