Yuhannoning birinchi maktubi 3 Bob
1 Qaranglar, Otamiz bizni bolalarim deb, qanday buyuk bir muhabbat ko`rsatdi! Haqiqatan ham, biz Uning bolalarimiz. Dunyo Otamizni tanimagani uchun, bizni ham tanimayapti.
2 Ey mahbublarim, hozir biz Xudoning bolalari bo`lsak-da, kelajakda nima bo`lishimiz noaniq. Faqat shuni bilamizki, Iso Masih zohir bo`lganda, biz U singari bo`lamiz; U qanday bo`lsa, shunday holda ko`ramiz.
3 Masihga bunday umid bog`lagan har bir kishi o`zini poklaydi, chunki Masih pokdir.
4 Gunoh qiluvchi har bir kishi qonunbuzar bilan tengdir. Gunoh – qonunsizlik demakdir.
5 Masih esa gunohlarimizni aritish uchun paydo bo`lganini bilasizlar. Unda gunoh yo`q.
6 Masih bilan bir tan bo`lgan hech kimsa gunoh qilmaydi. Kim gunoh qilib yursa, Uni ko`rmagan ham, tanimagan ham.
7 Ey farzandlarim, hech kim sizlarni aldamasin. Masih qanday solih bo`lsa, to`g`ri ish qiluvchi kishi ham U singari solihdir.
8 Gunoh qiluvchi kishi esa iblis zotidir. Chunki dastlab iblis gunoh qilgan. Xudoning O`g`li esa iblisning ishlarini barbod qilmoq uchun paydo bo`ldi.
9 Xudodan tug`ilgan hech bir kishi gunoh qilmaydi, chunki Xudoning urug`i uning ichida qoladi. U Xudodan tug`ilgani uchun gunoh qila olmaydi.
10 Kimda-kim to`g`ri ish qilmasa, birodarini sevmasa, u Xudo zotidan emas. Xudoning bolalari ham, iblisning bolalari ham shundan bilinadi.
11 Boshda sizlar Masihdan eshitgan vasiyat shu: bir-birimizni sevaylik!
12 O`z ukasini qatl qilgan iblis zoti Qobilga o`xshamaylik. Qobil ukasini nima uchun o`ldirdi? Chunki uning ishlari qabih, ukasining ishlari esa solih edi.
13 Ey birodarlarim, agar dunyo sizdan nafratlanayotgan bo`lsa, hayratlanmanglar.
14 Biz o`lim holatidan hayotga o`tganimizni bilamiz, chunki biz birodarlarimizni sevamiz. Kimki birodarini sevmasa, o`lim holatida qoladi.
15 Birodaridan nafratlangan har qanday kishi qotildir. Hech bir qotil esa abadiy hayotga ega bo`lmasligini bilasizlar.
16 Masih bizlar uchun jonini fido qildi, ana shundan biz muhabbatni bildik. Biz ham birodarlarimiz uchun jonimizni berishga burchlimiz.
17 Agar biror kishi farovon hayot kechirayotgan bo`lsa-yu, birodarini muhtojlik holatida ko`rib turib, ko`nglini tosh qilsa, qanday qilib u odamda Xudoning sevgisi joy oladi?
18 Ey farzandlarim, biz so`z yoki til bilangina emas, balki amalda va haqiqatda sevishimiz lozim.
19 Shu tariqa biz haqiqat ahli ekanimizga ishonch hosil qilamiz va Xudo oldida ko`nglimiz xotirjam bo`ladi.
20 Agarda ko`nglimiz bizni ayblasa, Xudo ko`nglimizdan ulug` ekanini bilamiz. Chunki U hamma narsani aniq biladi.
21 Ey mahbublarim, agar vijdonimiz bizni qiynamasa, Xudo oldida dadil bo`lamiz
22 va Undan nimaiki so`rasak, U beradi. Chunki biz Uning amrlarini bajo keltirib, Unga maqbul bo`lgan ishlarni qilayotirmiz.
23 Ilohiy amr – Xudoning O`g`li Iso Masihga ishonishdan va xuddi Iso Masih buyurganidek, bir-birimizni sevishdan iborat.
24 Kim Xudoning amrlarini bajo keltirsa, u Xudo bilan bir tan, Xudo ham u bilan bir tan bo`ladi. Xudo vujudimizda yashayotganini shundan bilamizki, U bizga O`z Ruhini berdi.