Menyu

Yuhannoning birinchi maktubi 5 Bob


1 Iso Masihdir deb ishongan har bir kishi Xudodan tug`ilgan. Otani sevgan har bir kishi bolasini ham sevadi.

2 Agar Xudoni sevsak va Uning amrlariga amal qilsak, Uning bolalarini ham sevishimiz shaksizdir.

3 Xudoni sevish – Uning amrlarini bajo keltirish demakdir. Xudoning amrlari esa og`ir emas;

4 chunki Xudoning har bir farzandi dunyoni yengadi. Mana shu bizning imonimiz dunyo ustidan g`olib chiqdi.

5 Iso Xudoning O`g`li deb inongan kishidan boshqa kim ham dunyoni yenga olardi?!

6 Iso Masih suv va qon bilan keldi. U faqat suv bilan emas, sev va qon bilan keldi. Ruh esa U haqda guvohlik beradi, chunki Ruh haqiqatdir.

7 Shunday qilib [osmonda uchtasi guvohlik beradi: Ota, Kalom va Muqaddas Ruh. Bu uchovi bir.

8 Yerda ham] uchtasi guvohlik beradi: Ruh, suv va qon. Bu uchovi bir.

9 Garchi insonlarning guvohligini qabul qilsakda, ammo Xudoning guvohligi undan muhimroq, bu esa Xudoning O`z O`g`li haqida bergan guvohligidir.

10 Kim Xudoning O`g`liga inonsa, u o`z yuragida Xudoning guvohligiga egadir. Xudoga inonmagan, ya`ni Uning O`z O`g`li haqida bergan guvohligiga inonmagan kishi Xudoni yolg`onchi qilib qo`ygan bo`ladi.

11 Xudoning guvohligi shundan iboratki, Xudo bizlarga abadiy hayot berdi. Bu hayot esa Uning O`g`lida mujassamdir.

12 Kim Xudoning O`g`liga ega bo`lsa, hayotga egadir. Kim Xudoning O`g`liga ega bo`lmasa, hayotga ega emas.

13 Men bularni sizlar abadiy hayotga egaligingizni bilinglar, deb yozdim. Chunki sizlar Xudoning O`g`li nomiga imon keltirgansizlar.

14 Biz Xudo huzuriga dadillik bilan kiramiz, chunki bilamizki, Xudoning irodasiga ko`ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi.

15 Agar Xudo tilaklarimizni tinglayotganini bilsak, tilaklarimiz bajo bo`lganini ham bilamiz.

16 Agar biror kishi birodarining gunoh qilayotganini ko`rsayu, bu gunoh abadiy o`limga sabab bo`lmasa, u uchun ibodat qilsin. Uning ibodati tufayli birodariga hayot bag`ishlanadi. Men buni gunohi abadiy o`limga sabab bo`lmaydiganlar uchun aytyapman. Abadiy o`limga sabab bo`ladigan gunoh ham bor. Bunday gunoh uchun ibodat qiling, demayapman.

17 Har qanday yomonlik gunohdir, ammo hamma gunoh ham abadiy o`lim bilan tugamaydi.

18 Xudodan tug`ilgan har bir odam gunoh qilmasligini bilamiz. Xudoning O`g`li uni O`z panohida asraydi, yovuz shayton unga tegmaydi.

19 Bilamizki, bizlar Xudodanmiz, butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir.

20 Yana shuni bilamizki, Xudoning O`g`li kelib, Haqni tanishimiz uchun bizga aql-idrok berdi. Biz Haq bilan, Uning O`g`li Iso Masih bilan bir tanmiz. U Haq Taolo va abadiy hayotdir.

21 Ey farzandlarim, butlardan saqlaninglar. Omin.

Boblar: 1 2 3 4 5