Salonikaliklarga ikkinchi maktub 1 Bob
1 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning ummati bo`lgan Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Silvan va Timo`tiydan salom!
2 Otamiz Xudodan va Rabbimiz iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo`lsin.
3 Ey birodarlar, biz sizlar uchun hamisha Xudoga shukr qilishni burchimiz deb bilamiz. Sizlar bunga munosibsiz, chunki imoningiz kun sayin mukammallashib, o`zaro birodarlik muhabbatingiz ko`payib bormoqda.
4 Sizlar boshdan kechirayotgan butun ta`qibu qayg`ularga sabr-qanoat va e`tiqod bilan chidab turibsiz. Ana shu sababdan biz Xudoning jamoatlari oldida sizlar bilan faxrlanamiz.
5 Sizlar Xudoning shohligiga loyiq topilishingiz uchun, bu azoblarni chekmoqdasizlar. Bular Xudoning adolatli hukmidan dalolat bermoqda.
6 Xudoning adolati yana shundan ham iboratki, sizlarga azob berayotganlarga U o`ziga yarasha jazosini beradi,
7 siz, azob chekayotganlarni esa biz bilan birga rohat-farog`atga erishtiradi. Rabbimiz Iso O`zining qudratli farishtalari bilan birga olov alangasida osmondan tushib zohir bo`lgan vaqtda, bu voqea sodir bo`ladi.
8 O`shanda Rabbimiz Iso Xudoni tanimagan va O`zining Xushxabariga itoat etmagan shakkoklardan o`ch oladi.
9 Ular Rabbimizning huzuri va hashamatli qudratidan olis, abadiy halokat jazosiga mahkum bo`ladilar.
1 0 Rabbimiz Iso kelgan kuni barcha imonlilarni hayratda qoldiradi va O`z azizlari orasida ulug`lanadi. Ana, sizlar ham o`sha imonlilar qatorida turasiz, chunki bizning guvohligimizga ishongansizlar.
11 Shu sababdan biz tinmay sizlar uchun ibodat qilamiz: Xudoyimiz sizlarni O`z da`vatiga loyiq ko`rsin, O`ziga xos kuch-qudrat bilan butun yaxshi murod-maqsadingizni ro`yobga chiqarsin, har bir imonli ishingizga omad bersin,
12 shu yo`sin Rabbimiz Isoning ismi sizlarda ulug`lansin va U sizlarni ham ulug`lasin. Xudoyimiz va Rabbimiz Iso Masihning inoyatli irodasi ana shu.