Salonikaliklarga ikkinchi maktub 3 Bob
1 Xullas, ey birodarlar, Rabbimiz kalomi xuddi sizlarda bo`lgani singari, bizning oramizda ham tez yoyilishi va ulug`lanishi uchun ibodat qilinglar.
2 Buzuq va yovuz odamlardan qutulishimiz uchun ham ibodat qilinglar; chunki hamma ham imonli emas.
3 Rabbimiz esa ishonchlidir. U sizlarni qo`llab- quvvatlab, yovuz shaytondan saqlab qoladi.
4 Biz buyurgan narsalarni bajo keltirayotganingizga va yana bajo keltirishingizga, Rabbim haqi, aminmiz.
5 Rabbimiz Iso Masih yuraklaringizni Xudoning mehr-muhabbati va O`zining sabr-bardoshiga yo`naltirsin.
6 Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga buyuramiz: bizdan qabul qilgan rivoyatlarga xilof tarzda bekor yurgan har bir birodardan uzoqlashing.
7 Bizdan qanday o`rnak olishingiz kerakligini o`zlaringiz bilasizlar. Chunki biz orangizda bo`lganda bekorchi emas edik.
8 Hech kimning nonini tekin yemasdik, biron kishiga og`irligimiz tushmasligi uchun kechayu kunduz yumush qilib, zahmat chekardik.
9 Haqqimiz bo`lmaganidan emas, balki sizlarga namuna bo`lishimiz uchun va siz bizdan o`rnak olishingiz uchun, shunday qilar edik.
10 Yoningizda bo`lganimizda: kim ishlashni istamasa, ovqat ham yemasin, deb buyurgan edik.
11 Endi ba`zilaringiz bekorchi bo`lib, hech ish qilmay hovliqib yurganliklaringizni eshityapmiz.
12 Bunday odamlarga Rabbimiz Iso Masih nomidan o`tinamiz va buyuramizki, tinch ishlab, halol non yesinlar.
13 Ey birodarlar, yaxshilik qilishdan horimanglar.
14 Agar biror kishi bu maktubda yozgan so`zlarimga rioya qilmasa, uni ajratib qo`yinglar, u bilan munosabatni uzinglar, toki u uyalsin.
15 Bunday odamni dushman hisoblamasdan, birodaringiz kabi yo`l-yo`riq beringlar.
16 Tinchlik manbai bo`lgan Rabbimizning O`zi sizlarga har doim va har yo`sinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor bo`lsin.
17 Men, Pavlusning o`z qo`lim bilan yozgan duoyi salomim har bir maktubimda belgi bo`lib xizmat qiladi, men bunday yozaman.
18 Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo`lsin. Omin.