Menyu

Salonikaliklarga ikkinchi maktub 2 Bob


1 Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masih osmondan tushib, sizlar bilan qo`shilishi arafasida sizlardan iltimos qilamiz:

2 “Rabbimiz kuni keldi”, deb da`vo qilayotgan hech qanday ruh yoki so`z, bizning nomimizdan bitilganday qilib ko`rsatilgan hech qanday maktub aqlingizni darrov adashtirmasin, sizlarni cho`chitmasin.

3 Hech kim sizlarni turli yo`llar bilan aldamasin. Chunki imondan qaytish vaqti kelmaguncha, taqdiri halokat bo`lgan dajjol paydo bo`lmaguncha, o`sha kun kelmaydi.

4 Dajjol esa ilohiy va tabarruk hisoblangan hamma narsaga qarshi turadi, o`zini hammadan ustun hisoblaydi, hattoki Xudoning ma`badida o`tirib, o`zini Xudo qilib ko`rsatadi.

5 Esingizda yo`qmi, men yoningizda bo`lgan paytimda bularni sizlarga aytib turardim.

6 Dajjol belgilangan vaqtda paydo bo`lishiga endi nima monelik qilayotganini bilasizlar.

7 Garchi yovuzlikning sirli kuchi hozirdanoq amal qilsa ham, ammo unga monelik qilayotgan ilohiy Zot g`oyib bo`lmagunga qadar, bu sir oshkor bo`lmaydi.

8 O`shandagina dajjol paydo bo`ladi. Lekin Rabbimiz Iso osmondan tushib, O`zining nafasi bilan uni o`ldiradi, ulug`vor ko`rinishi bilan uni mahv etadi.

9 Ungacha dajjol shaytonning kuchi bilan har turli qudratli ishlar, ajoyibotlar, soxta mo``jizalar ko`rsatadi.

10 U halok bo`ladiganlarni har turli nohaq vasvasalar bilan yo`ldan ozdiradi. Bu kishilar haqiqat sevgisini qabul qilmaganlari uchun halok bo`ladilar, najot topa olmaydilar.

11 Ana shu sababdan Xudo ularga aldovchi bir kuch yuboradi, ular esa yolg`onga ishonib ketadi.

12 Shu yo`sin haqiqatga ishonmagan, nohaqlik qilishdan zavqlanadigan barcha odamlar tegishli jazosini oladilar.

13 Ey Rabbimiz sevgan birodarlar, sizlar uchun hamisha Xudoga shukr qilish bizning burchimiz. Chunki sizlar Muqaddas Ruh orqali muqaddas qilindingizlar va haqiqatga imon keltirib, najot tpdingizlar. Ana shu maqsadda Xudo azaldan sizlarni tanladi,

14 Rabbimiz Iso Masihning ulug`vorligiga erishishingiz uchun, U biz targ`ib qilayotgan Injil Xushxabari orqali sizlarni O`ziga da`vat etdi.

15 Shunday qilib, ey birodarlar, mahkam bo`linglar. Xoh og`zaki xabar, xoh maktub orqali bizdan olgan rivoyatlarga rioya qilinglar.

16 Rabbimiz Iso Masih hamda Otamiz Xudo bizni sevib, rahm-shafqat ko`rsatdi, bizga boqiy tasalli va porloq bir umidni ato etdi.

17 Uning O`zi ko`ngillaringizni ko`tarsin, har qanday xayrli ish va so`z uchun quvvat bersin.

Boblar: 1 2 3