Menyu

Timo’tiyga ikkinchi maktub 1 Bob


1 Iso Masih orqali ro`yobga chiqqan hayot va`dasiga binoan, Xudoning irodasiga muvofiq, men, Pavlus, Iso Masihning havoriysi bo`lib tayinlandim.

2 Sevikli o`g`lim Timo`tiyga Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihdan inoyat, marhamat va tinchlik tilayman.

3 Men ota-bobolarim kabi Xudoga sof vijdon bilan xizmat qilaman. Unga kechayu kunduz shukrlar aytar ekanman, ibodatlarimda doim seni eslab turaman.

4 Sening ko`z yoshlaring yodimda, yana diydoringga to`yib ko`nglim sevinchga to`lsin, deb seni sog`inib qoldim.

5 Men senda ko`rgan samimiy imon hali ham esimda. Avvaldan buving Loida hamda onang Evnika qalblariga jo etgan o`sha imon endi senda ham ravnaq topayotganiga aminman.

6 Shu sababdan, qo`llarimni boshingga qo`yishim natijasida sen Xudodan olgan ruhiy qobiliyatni alangalatib turishingni eslatmoqchiman.

7 Chunki Xudo bizga qo`rqoqlik ruhini emas, balki kuch-quvvat, muhabbat va nafsni tiyish Ruhini bergan.

8 Shunday qilib, Rabbimiz Isoga guvohlik berishdan ham, Uning bandisi bo`lgan mendan ham or qilma, balki biz Injil yo`lida chekayotgan azoblarga Xudo bergan kuch-quvvat bilan to`zim bergin.

9 Xudo bizlarni qutqardi va muqaddas bir da`vat bilan chaqirdi. Bunga biz savob ishlarimiz tufayli erishmadik. Aksincha, Xudo O`z xohishi bilan azaliy vaqtlardanoq Iso Masih orqali bizga inoyat qilishga qaror qilgan edi.

10 Bu inoyat endi Xaloskorimiz Iso Masihning olamga kelishi bilan ochiq namoyon bo`ldi. Injil Xushxabari shundan iboratki, Iso Masih o`limni yo`qqa chiqardi, hayot va o`lmaslikni esa oydinlikka chiqardi.

11 Men esa bu Xushxabarni turli xalqlarga yetkazuvchi voiz, havoriy va muallim bo`lib tayinlandim.

12 Shu sababdan ham bu azoblarni tortyapman. Lekin men bundan or qilmayman, chunki Kimga e`tiqod qilganimni bilaman va aminmanki, Uning menga topshirgan omonatini mahshar kuniga qadar O`zi saqlashga qodir.

13 Sen mendan eshitgan sog`lom ta`limotdan namuna olib, Iso Masihning sadoqati va muhabbati bilan yo`l tutgin.

14 Senga topshirilgan ulug` omonatni ichimizda yashovchi Muqaddas Ruh yordamida saqlagin.

15 Asiya viloyatidagilarning hammasi, shu jumladan Figel bilan Hermogen, mendan yuz o`girganlarini bilasan.

16 Rabbimiz Onisiforning uyiga marhamat ehson etsin. Chunki u zanjirbandligimdan uyalmay, bir necha marta kelib mening ko`nglimni ko`tardi.

17 U Rimga borib, katta harakat bilan meni axtarib topdi.

18 Mahshar kunida Xudovanddan marhamat topishini Rabbimiz Masih unga ato qilsin. Efes shahrida u menga naqadar xizmat qilganini o`zing yaxshi bilasan.

Boblar: 1 2 3 4