Timo’tiyga ikkinchi maktub 4 Bob
1 Xudoning huzurida hamda tirigu o`liklarni hukm qilajak, ko`kdan tushib, O`z saltanatini joriy qilajak Iso Masih huzurida senga qat`iy buyuraman:
2 Xudo kalOmini va`z qil, hozir buning vaqtimi, vaqti emasmi, demay, doim gapirishga tayyor bo`l. Butun sabr-toqat bilan ta`lim berib, odamlarni mulzam qil, ularga ta`nayu nasihat qil.
3 Chunki shunday vaqt keladiki, odamlar sog`lom ta`limotga chidash bermaydilar, natijada o`z orzulariga mos muallimlar to`playdilar. Bu muallimlar o`shanday odamlarning quloqlariga yoqadigan so`zlar aytadilar.
4 Ular quloqlarini haqiqat kalomidan berkitib, afsonalarga buriladilar.
5 Ammo sen hamma narsada hushyor tur, azoblarga sabr-toqat qil, Injil voizligini bajo keltir, xizmatingni sidqidildan ijro etgin.
6 Mening qonim endi qurbonlik sharobi kabi to`kilmoqda, dunyodan o`tishimga sal qoldi.
7 Ulug` kurashda astoydil kurashdim, umr dovonini oshib bo`ldim, imonni saqladim.
8 Bundan keyin solihlik toji men uchun tayyor turibdi. Odil hukm qiluvchi Rabbim tushib zohir bo`ladigan kunda u tojni menga beradi, va faqat menga emas, balki u kunni mushtoqlik bilan kutayotganlarning hammasiga ham beradi.
9 Mening oldimga tezroq kelishga harakat qil.
10 Chunki Dimas bu dunyoni sevib qolib, meni tark etdi, Salonika shahriga ketdi. Kriskiy Galatiyaga, Titus Dalmatiyaga ketdi.
11 Yonimda yolg`iz Luqo bor. Markni o`zing bilan birga olib kel, u menga xizmat uchun kerak.
12 Tixikni Efes shahriga yubordim.
13 Kelayotganingda Troas shahrida Karpning yonida men qoldirib ketgan plashchni va kitoblarni, ayniqsa pergament kitoblarni ham olib kel.
14 Misgar Iskandar menga ko`p yomonlik qildi. Rabbim unga qilmishlariga yarasha jazosini beradi.
15 Sen ham undan ehtiyot bo`l, chunki u bizning kalomlarimizga qattiq qarshilik ko`rsatdi.
16 O`zimni birinchi marta himoya qilganimda, hech kim mening tarafimni olmadi, aksincha, hamma meni tashlab ketdi. Bu u odamlar uchun gunoh hisoblanmasin.
17 Lekin Rabbim yonimda turib meni yoqladi. Men orqali Xushxabar tugal targ`ib qilinishi va barcha xalqlarga ham yetib borishi uchun, U mening qudratimni oshirdi, arslon og`zidan qutqardi.
18 Rabbim meni har qanday yomon ishlardan xalos qiladi va O`zining samoviy Podshohligiga sog`-salomat kirgizadi. Unga abadulabad shon-sharaflar bo`lsin! Omin.
19 Priskilla bilan Akilga va Onisiforning xonadoniga salom aytib qo`y.
20 Yerast Korinf shahrida qoldi. Trofimni esa kasal holda Milit shahrida qoldirib ketdim.
21 Qish boshlanishidan oldin kelishga harakat qil. Evvul, Pud, Lin, Klavdiya va butun birodarlar senga salom yo`llayaptilar.
22 Rabbimiz Iso Masih sening ruhingga yor bo`lsin. Uning inoyati hammangizga yor bo`lsin. Omin.