Timo’tiyga ikkinchi maktub 3 Bob
1 Shuni bilginki, oxirgi kunlarda og`ir vaqtlar keladi.
2 U paytda odamlar nafs bandasi, pulparast, maqtanchoq, kibrli, kofir, ota-onaga itoatsiz, nonko`r, xudobexabar,
3 shafqatsiz, murosasiz, g`iybatchi, nafsini tiya olmaydigan, insonlik va yaxshilik dushmani,
4 xoin, bemulohaza, mag`rur bo`ladilar. Xudodan ko`ra aysh-ishratni ko`proq sevadilar.
5 O`zlarini xudojo`y ko`rsatib, ilohiy qudratni esa inkor etadilar. Bunday odamlardan uzoqlash.
6 Ular gunohlarga botgan, turli hirsu havaslarga berilgan juvonlarning uy-joylariga suqulib kiradilar va ularning dilini ovlaydilar.
7 Bu juvonlar har doim o`qib turib, haqiqatni aslo uqa olmaydilar.
8 Yanniy bilan Yambriy Muso payg`ambarga qanday qarshi turgan bo`lsalar, bu odamlar ham haqiqatga xuddi shunday qarshi turadilar. Ular fikri buzuq, imonda tajribasiz odamlardir.
9 Ammo ular yana muvaffaqiyat qozona olmaydilar; chunki Yanniy va Yambriyning aqlsizligi ma`lum bo`lganidek, bularning ham aqlsizligi hammaga ma`lum bo`ladi.
10 Sen esa menga ergashding, ta`limotim, turmush tarzim, murod-maqsadim, imon, sevgi va sabr-toqatimdan namuna olding.
11 Boshimga kelgan quvg`inlarni ñ Antioxiya, Ikoniya va Listra shaharlarida chekkan azoblarimni eshitding. Qanday quvg`inlarga sabr-toqat qildim! Rabbim meni hammasidan qutqardi.
12 Iso Masih yo`lida diyonatli yashamoqchi bo`lgan odamlarning hammasi ham quvg`inga duchor bo`ladilar.
13 Yomon va firibgar odamlar esa boshqalarni aldabgina qolmasdan, o`zlarini o`zlari ham aldab, tobora razillashib boradilar.
14 Sen esa olgan ta`liming va senga topshirilgan omonatga sodiq qol, chunki bu ta`limni kimdan olganingni bilasan.
15 Sen bolaligingdanoq Muqaddas Yozuvlarni o`rgangansan. Bu yozuvlar seni Iso Masihga ishonish orqali dono qilmoq va najot yo`lini ko`rsatmoqqa qodir.
16 Har bir Muqaddas Yozuv ilohiy ilhom bilan yozilgan bo`lib, ta`lim berish, dalolat qilish, tuzatish, solihlik yo`lida tarbiya berish uchun foydalidir.
17 Shu yo`sin Xudoning quli komil va har qanday yaxshi ishga qobil bo`ladi.