Menyu

Filippiliklarga maktub 1 Bob


1 Filippi shahridagi Iso Masih ummati bo`lgan barcha Xudoning azizlariga, ayniqsa imonlilar jamoatining boshliqlari va xizmatkorlariga, Iso Masihning qullari biz – Pavlus va Timo`tiydan salom!

2 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo`lsin.

3 Sizlarni har safar xotirlaganimda, Xudoyimga shukronalar deyman.

4 Har qachon hamma ibodatlarimda barchalaringiz uchun sevinch bilan iltijo qilaman.

5 Chunki sizlar birinchi kundan to hozirgi qadar Injil Xushxabarini yoyishimda ishtirok etib kelmoqdasizlar.

6 Xudo sizlarda boshlagan xayrli ishini to Iso Masihning keladigan kunigacha tamom qilishiga aminman.

7 Mening hammalaringiz haqingizda shunday fikr qilishim o`rinlidir. Sizlar mening ko`nglimdasizlar. Chunki kishanbandligimga qaramasdan, har biringiz Xushxabarni himoya qilish va qaror toptirishimda meni yoqlab kelmoqdasizlar, shu tariqa Xudoning menga bergan inoyatidan ham bahramand bo`lib kelmoqdasizlar.

8 Men Iso Masihning mehr-muhabbati bilan sizlarning hammalaringizga ishtiyoqmand bo`lganimga Xudo shohiddir.

9 Sizlarning muhabbatingiz ham har qanday bilim va sezgida takomillashib, yana ko`pdan-ko`p ortib borishini Xudodan so`rayman.

10 Sizlar yuqori qadriyatni qadrlamog`ingiz lozim, toki Masihning keladigan kunida pok va beayb bo`linglar

11 va Iso Masih orqali unib-o`sadigan solihlik samaralariga boy bo`lib, Xudoga shon-sharaf keltiringlar.

12 Ey birodarlar, shuni bilishingizni istaymanki, mening boshimga tushgan sharoitlar Injil Xushxabari yanada ko`proq muvaffaqiyat qozonishiga xizmat qildi.

13 Mana, mening Masih uchun qamalganligim butun saroy ahliga va qolgan hamma odamlarga ham ma`lum bo`ldi.

14 Shuningdek, Rabbimiz Isoga qarashli bo`lgan birodarlarimizning ko`pchilik qismi ham mening kishanbandligimdan ruhlanib, Rabbimiz kalOmini yanada botirlik bilan targ`ib qila boshladilar.

15 To`g`ri, ba`zilar hasad va raqobat ruhi bilan Masihni targ`ib qilyaptilar, boshqalar esa yaxshi niyat bilan targ`ib qilyaptilar.

16 Ba`zilar men Xushxabarni himoya qilish uchun tayin etilganimni tan olib, muhabbat bilan harakat qilyaptilar.

17 Boshqalar esa mening kishandagi qiyinchiligimni orttirishni o`ylab, raqobat ruhida, nopok niyat bilan Masihni targ`ib qilmoqdalar.

18 Xo`sh unda nima bo`pti? Xoh munofiqlik bilan, xoh samimiylik bilan bo`lsin, har holda Masih targ`ib etilmoqda. Men bunga sevinyapman. Va yana sevinaman,

19 chunki bilamanki, sizning duolaringiz orqali va Iso Masihning Ruhi yordamida men ozodlikka chiqaman.

20 Yashasam ham, o`lsam ham, har holda xijolatda qolmasligimga qanoat hosil qildim. Har doim bo`lib kelganidek, hozir ham Masih mening vujudimda ulug`lansin, degan umidda yana jasurlik bilan faoliyat ko`rsatishga jazm qildim.

21 Men uchun hayot – Masihdir, o`lim esa – yutuqdir.

22 Agarda bu badanda yashayotganim mening ishimga samara keltirayotgan bo`lsa, unda nima tanlashimni ham bilmayman.

23 Meni unisi ham, bunisi ham tortadi. Bir yoqdan tugab, Masih bilan birga bo`lishni orzu qilaman, chunki bu juda ham yaxshi bo`lardi.

24 Ammo ikkinchi yoqdan mening badanda qolishim sizlar uchun yana ham keraklidir.

25 Bunga ishonchim komil, shuning uchun qolishimni bilaman. Sizlar imonda rivoj topib quvonishingiz uchun, men hammalaringiz bilan birga qolaman.

26 Shunday qilib, oldingizga ikkinchi daf`a kelishimda, sizlar men sababli Iso Masih huzurida yana ko`proq faxrlana olasizlar.

27 Faqat Masihning Xushxabariga munosib ravishda kun kechiringlar. Men xoh kelib diydoringizni ko`rsam ham, xoh sizlardan uzoq bo`lsam ham, allaqachon eshitganimdek, sizlar imonda sobitqadam bo`lib, Injil yo`lida yakdillik bilan kurashib borayotganingizni bilib olay.

28 Sizlarga qarshilik ko`rsatayotganlarning hech qanday do`q-po`pisalaridan cho`chimanglar. Ana shu ularning halok bo`lishidan, sizlarning esa xalos bo`lishingizdan dalolat bermoqda. Zotan bu – Xudoning ishi.

29 Xudo sizlarga Masihga ishonishnigina emas, balki Masih uchun azob chekish taqdirini ham nasib etgan.

30 Mening siz ko`rgan va hozir ham eshitayotgan kurashimga sizlar sheriksizlar.

Boblar: 1 2 3 4