Menyu

Filippiliklarga maktub 3 Bob


1 Xullasi kalom, birodarlarim, Rabbingiz bilan aloqada bo`lib, xursand bo`linglar. Sizlarga ayni narsalarni yozish meni zeriktirmaydi, sizlarga esa yanada ibratlidir.

2 Ana u yomonlik qiluvchilardan, u itlardan ehtiyot bo`linglar! Ana u tana kesuvchilardan ehtiyot bo`linglar!

3 Mana biz haqiqiy ahli sunnatmiz. Chunki biz Muqaddas Ruh kuchi bilan Xudoga xizmat qilamiz, faqat Iso Masih bilan faxrlanamiz, tabiiy fazilatlarimizga ishonmaymiz.

4 Qolaversa, men o`z fazilatlarimga ham ishonishim mumkin. Agar boshqa kimsa: men o`z fazilatlarimga ishonaman, desa, undan ham ko`proq men ishonaman.

5 Men sakkiz kunligimda sunnat bo`lganman. Men Isroil xalqining Benyamin qabilasidan, ibroniy naslidan bir yahudiyman. Tavrot Qonuniga mansublik desangiz, farziy mazhabida edim.

6 Diniy g`ayrat desangiz, Iso ummatini ta`qib qildim. Qonun talab qilgan solihlik desangiz, begunoh edim.

7 Lekin bir vaqt fazilat deb bilgan nasalarimni endi Masih uchun foydasiz hisoblayman.

8 Chinakam, Rabbim Iso Masihni bilishning afzalligi oldida men hamma narsadan bosh tortib, foydasiz deb bildim, ha, Masihga sazovor bo`lay, deb hatto axlat hisobladim.

9 Endi Ilohiy Qonunga amal qilishdan iborat bo`lgan o`z solihligimga suyanmayman. Aksincha, Masih bilan bir bo`lay, deb faqat Unga ishonish orqali, imon orqali bo`ladigan solihlikka suyanaman va shu tariqa Xudo huzurida o`zimni oqlayman.

10 Qani endi Masihning azoblarida qatnashib, o`limida ham Unga ergashib, Uning O`ziniyu tirilishining qudratini bilib olsam,

11 va ishqilib o`liklarning tirilishiga erishsam.

12 Men allaqachon murodimga yetishganman yoki allaqachon kamolotga erishganman, deb aytayotganim yo`q. Lekin Iso Masih menga yetib olganidek, men ham mo`ljalga yetib olish uchun jon kuydirmoqdaman.

13 Birodarlar, men o`zimni murodimga yetishganman deb o`ylamasam-da, faqat bir narsanigina o`ylayman: orqamda qolganlarni unutib, oldimdagilarga ko`z tikaman.

14 Xudo Iso Masih orqali meni oliy maqsadga chorladi. Men buni ado etib, g`alaba gulchambarini qo`lga kiritish uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman.

15 Bizdan kimki kamolotga erishgan bo`lsa, xuddi shunday fikr qilsin. Agar sizning fikringizda boshqa narsa bo`lsa, unda buni sizga Xudo oshkor etadi.

16 Faqat bizlar nimaga erishgan bo`lsak, unga yarasha fikr yurgizishimiz va o`sha qoida bo`yicha yashashimiz kerak.

17 Birodarlar, mendan o`rnak olinglar. Kim biz ko`rsatgan yo`l-yo`riq bo`yicha yashayotgan bo`lsa, unga ergashinglar.

18 Men sizlarga tez-tez gapirar edim-ku, Masih xochining dushmanlari kabi ish tutayotgan kishilar ko`p deb. Endi ular haqida ko`z yoshim bilan so`zlayapman:

19 Ularning oxiri – halokat, ularning xudosi – qorin, ularning shon-sharafi – sharmandagarchilik. Ular yerdagi narsalar haqidagina o`ylaydilar.

20 Bizlarning vatanimiz esa osmondadir. U yerdan biz Xaloskorimiz – Rabbimiz Iso Masihning kelishini kutyapmiz.

21 Har narsani bo`ysundirish kuchiga ega bo`lgan Rabbimiz iso Masih kelganda, xuddi shu kuchning ta`siri bilan bizning ojizu foniy tanamizni O`zining ulug`vor tanasiga o`xshatib o`zgartiradi.

Boblar: 1 2 3 4