Filippiliklarga maktub 2 Bob
1 Agar sizlarda Masihdan kelgan biron jasorat, muhabbatdan tug`ilgan biron tasalli, Muqaddas Ruhdan ilhomlangan biron birdamlik, dildan chiqqan biron mehru shafqat bor bo`lsa,
2 u holda mening sevinchimni mukammal qilib, fikr-zikringizda yakdil, mehr-muhabbatingizda aynimaydigan bo`linglar, o`zaro hamdard va hamfikr bo`lib yuringlar.
3 Raqobat ruhi va shuhratparastlik bilan hech narsa qilmanglar. Aksincha, kamtarlik bilan bir-biringizni o`zingizdan yuqoriroq hurmatga sazovor hisoblanglar.
4 Har bir kishi o`z manfaatinigina emas, balki boshqalarning manfaatini ham ko`zlasin.
5 Iso Masih qanday fikrga ega bo`lsa, sizlar ham o`zaro xuddi shu fikrga ega bo`linglar:
6 Masih Xudoning qiyofasida bo`la turib, Xudoga teng hurmatni o`lja qilmadi.
7 Lekin O`z ulug`ligidan kechib, qul qiyofasiga kirdi U, ko`rinishida insonlar singari bo`ldi.
8 U O`zini shunday past olib, o`limga, hatto xochdagi o`limga borib itoat etdi.
9 Ana shu sababdan Xudo Uni juda yuksaltirdi, Unga har qanday ismdan yuqori ismni ato etdi,
10 Toki Isoning ismi tilga olinganda ko`k, yer va yer ostidagi borliq jon tiz cho`ksin
11 Va har bir til Otamiz Xudo sha`niga Iso Masihni Rabbim deb ochiq tan olsin.
12 Ey sevganlarim, siz doim mening gapimga quloq solib keldingizlar. Shunday qilib, faqat oldingizda bo`lganimdagina emas, balki hozir mening yo`qligimda yana ko`proq qo`rquv va titroq bilan topgan najotingizni but qilishga tirishinglar.
13 Zotan Xudoning O`zi sizlarning vujudingizda amal qiladi, U O`z murod-maqsadini ado etishingiz uchun sizlarda xohishni ham, harakatni ham tug`diradi.
14 Hamma narsani nolimay va shubhalanmay qilinglar,
15 toki bu o`jaru buzilgan nasl orasida Xudoning pok, beg`ubor, benuqson bolalari bo`linglar. Sizlar bu dunyo odamlari orasida osmondagi yulduzlar kabi porlab turibsizlar-ku.
16 Hayot kalOmini mahkam tutinglar, toki mening mehnatu zahmatim behudaga ketmasin va Masih olamga qaytgan kunda sizlar mening faxrim bo`linglar.
17 Sizning imon yo`lida qilgan fidokorona xizmatingiz Xudo sharafiga qurbonday gap. Men Xudoga bu qurbonlikni keltirib, o`z jonimni ham fido qilishim mumkin. Shunga qaramasdan, sevinaman va sizlarning shodligingizga qo`shilaman.
18 Xuddi shu to`g`rida sizlar ham sevininglar va mening shodligimga qo`shilinglar.
19 Sizlarning ahvolingizdan xabardor bo`lib ko`nglim taskin topsin, deb Timo`tiyni yaqin orada sizlarning oldingizga yuborishni Rabbim Isodan umid qilaman.
20 Chunki sizlarga shunchalik samimiyat bilan, jon kuydirib g`amxo`rlik qiladigan unga teng odamim yo`q.
21 Hammasi ham Iso Masihni emas, o`z ishlarini o`ylaydi-ku.
22 Lekin Timo`tiyning sodiqligi sizlarga ma`lum. Xushxabarni yoyishimda u menga o`g`il otaga xizmat qilganday xizmat qildi.
23 Men o`zimga nima bo`lishini bilishim bilanoq, uni darhol yuborish umididaman.
24 O`zim ham yaqinda yoningizga borishga Rabbimdan to`la ishonch hosil qildim.
25 Shu bilan birga, sizlarning yuborgan elchingiz, muhtojlikda menga madad bergan birodarim, hamkorim va safdoshim Epafroditni yoningizga yuborishni lozim ko`rdim.
26 Chunki u hammangizni juda ko`rgisi keldi, uning kasalligi to`g`risidagi mish-mishlar sizga yetib borganidan qattiq qayg`urdi.
27 Haqiqatan ham o`lar holatda kasal edi. Lekin Xudo unga marhamat etdi. Va faqat unga emas, balki g`ami ustiga g`ami qo`shilmasin deb, menga ham marhamat etdi.
28 Shunday qilib, uni yana ko`rib sevininglar va mening g`amim ham yengillashsin deb, uni tezroq yoningizga yubormoqchiman.
29 Uni Rabbimiz nomidan, quvnoq chehra bilan qabul etinglar. Bu kabi odamlarning hurmatini bajo keltiringlar.
30 Chunki sizlar menga to`liq bajo keltirolmagan muqaddas xizmatni u butlab olay deb, Masih yo`lida o`z jonini ayamagan, o`lishiga sal qolgan edi.