Menyu

Filippiliklarga maktub 4 Bob


1 Shunday qilib, ey mening sog`ingan, aziz birodarlarim, quvonchim va gultojim, Rabbingizga sobit bo`linglar, ey sevganlarim!

2 Evodiya va Sintixadan iltimos qilaman, Rabbingiz haqi yakdil fikrda bo`linglar.

3 Ey vafodor hamkorim, sendan ham o`tinaman, u ayollarga yordam ber, chunki ular men va Kliment bilan, shuningdek, ismlari hayot kitobida yozilgan boshqa hamkorlarim bilan birga Xushxabarni targ`ib etish uchun faoliyat ko`rsatdilar.

4 Rabbingiz bilan aloqada bo`lib, doimo xursand bo`linglar. Yana aytaman: xursand bo`linglar!

5 Sizlarning insonparvarligingiz barchaga ma`lum bo`lsin; Rabbimiz yaqin.

6 Hech narsada tashvish qilmanglar, lekin har doim ibodatda va iltijoda bo`lib, har bir tilagingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar.

7 Shunda inson xayoliga sig`maydigan, Xudo bergan tinchlik sizning ko`nglingiz va fikr-xayolingizni xotirjam qiladi.

8 Xullas, ey birodarlar, nima haqiqiy, nima mo``tabar, nima to`g`ri, nima sof, nima yoqimli, nima faxrli bo`lsa, qandaydir bir fazilat, qandaydir maqtanarli xislat bor bo`lsa, bular haqida fikr qilinglar.

9 Sizlar mendan nimani o`rganib qabul qilgan bo`lsangiz, nimani eshitib, ko`rgan bo`lsangiz, o`shani qilinglar, shunda tinchlik bergan Xudo sizlarga yor bo`ladi.

10 Men, Rabbim haqi, sizlardan juda xursandmanki, nihoyat men haqimdagi g`amxo`rlik tuyg`ularingiz uyg`ondi. Sizlar ilgari ham g`amxo`rlik qilardingiz-u, ammo buni ko`rsatishga fursatingiz yo`q edi.

11 Bularni muhtojlikdan aytayotganim yo`q. Chunki men har qanday sharoitda boriga qanoat qilishga o`rganganman.

12 Men tanqislikda ham, mo`l-ko`lchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman. Har qanday sharoitda va har yerda ham to`q bo`lish, ham och qolish, ham farovonlikda yashash, ham muhtojlikda qolishning sirlarini o`rganganman.

13 Meni qo`llab-quvvatlayotgan Iso Masihning madadi bilan har narsani qila olaman.

14 Har holda, sizlar mening qayg`ularimga sherik bo`lib, yaxshi ish qildingizlar.

15 Bilasizlarki, ey filippiliklar, men Makedoniyadan chiqib, Xushxabarni birinchi marta yoya boshlagan paytlarimda, sizlardan boshqa Masih jamoatlaridan birontasi ham menga moddiy yordam bermadi.

16 Hatto Salonika shahrida bo`lganimda ham, sizlar bir-ikki marta ehtiyojimni qondirmoq uchun u yerga yordam yubordingizlar.

17 Men buni sadaqa so`rab gapirayotganim yo`q. Balki sizning foydangizga bo`ladigan barakani istab gapiryapman.

18 Menda hamma narsa bor, hatto mo`lchilikda yashayapman. Sizlar yuborgan tortiqlarni Epafroditdan olib, o`zimga to`q bo`lib yuribman. Mana bu tortiqlar – Xudo sha`niga tutiladigan xushbo`y tutatqilar, Xudoga maqbul bo`ladigan qurbonliklardir.

19 Egamning O`zi sizlarning har qanday ehtiyojingizni Iso Masih orqali, O`zining ulug`vor boyligi bilan qondiradi.

20 Otamiz Xudoga abadulabad shon-sharaflar bo`lsin! Omin.

21 Iso Masih azizlarining bariga salom aytinglar. Men bilan birga bo`lgan birodarlar sizlarga salom yo`llayaptilar.

22 Butun Xudoning azizlari, xususan Qaysar xonadonidagilar, sizlarga salom yo`llayaptilar.

23 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizning ruhingizga yor bo`lsin. Omin.

Boblar: 1 2 3 4