Salonikaliklarga birinchi maktub 2 Bob
1 Ey birodarlar, oldingizga borib qilgan ziyoratimizning befoyda bo`lmaganini o`zlaringiz bilasizlar.
2 Yana avvaldan bilasizlarki, undan oldin Filippi shahrida azob chekib, haqoratga uchragan edik. Ammo bu shiddatli qarshiliklarga qaramasdan, Xudo o`z Xushxabarini sizlarga ham yetkazish uchun bizga jasorat berdi.
3 Biz nasihat qilar ekanmiz, bizda na xato, na nopok niyat, na biron hiyla bo`lgan.
4 Biz insonlarga yoqish uchun o`zimizcha gapirmayapmiz. Aksincha, Xudo Xushxabarni bizga ishonib topshirdi, uni yetkazish uchun bizni loyiq topdi, shuning uchun biz faqat Xudoni xushnud etmoqchimiz. Yuraklarimizni U sinab ko`radi.
5 Siz yaxshi bilasizlarki, biz hech vaqt tilyog`lamalik qilmadik, niqob ostida tamagirlikni ham ko`zlamadik. Xudo bunga shohid.
6 Biz na sizlardan, na boshqalardan insoniy shon-sharaf izlamadik.
7 Biz Masihning havoriylari kabi oldingizga salobat bilan kelishimiz mumkin edi. Ammo bolalarini ardoqlagan bir enaga kabi orangizda yuvosh bo`ldik.
8 Sizlarga shu qadar ko`ngil bog`lagan edikki, faqat Xudoning Xushxabarinigina emas, balki o`z jonimizni ham berishga tayyor edik. Chunki sizlar biz uchun aziz bo`lib qolgan edingizlar.
9 Ey birodarlar, sizlarga sarf qilgan mehnatu zahmatimizni esda tutinglar! Sizlarning birortangizga malol kelmasin, deb kechayu kunduz mehnat qildik va Xudoning Xushxabarini talqin qilib berdik.
10 Siz, imonlilar oldida biz qanday pokdil, solih va benuqson bo`lganimizga o`zlaringiz ham, Xudo ham guvohdir.
11 Shuni ham bilasizlarki, ota o`z bolalarini avaylagani kabi, biz ham har biringizni avaylab dalda berdik.
12 Biz sizlarga jiddiy nasihat qildik. Xudo o`zining ulug`vor Shohligi soyasiga sizlarni chorladi, endi shunga loyiq suratda yashanglar, deb samimiy yolvordik.
13 Bizning tinmay Xudoga shukr qilishimizning yana bir sababi bor: sizlar Xudoning kalOmini bizdan eshitganingizda, buni inson so`zi sifatida emas, balki Xudo kalomi sifatida qabul qildingizlar. Bu kalom haqiqatan Xudo kalomi bo`lgani uchun, siz, imonlilarga ta`sir qilmoqda.
14 Ey birodarlar, sizlar Yahudiya o`lkasidagi Iso Masih ummati bo`lgan Xudo jamoatlariga ergashdingizlar; ular yahudiylardan qanday azob chekkan bo`lsa, sizlar ham o`z yurtdoshlaringizdan shunday xo`rlik ko`rdingizlar.
15 Mana yahudiylar Rabbimiz Isoni va payg`ambarlarni o`ldirishgan, bizni ham jabrlab, quvg`in qilishgan. Ulardan Xudo rozi emas, ular barcha odamlarga ham dushmandir.
16 Ular boshqa xalqlarga va`z aytishimizni taqiqlab, ularning najot topishiga to`sqinlik qilmoqdalar, shu tariqa tobora gunoh orttirib bormoqdalar. Ular allaqachon Xudoning g`azabiga uchragan-ku.
17 Ey birodarlar, endi biz dilimiz bilan bo`lmasa-da, vujudimiz bilan qisqa bir muddat sizlardan judo bo`ldik. Ammo sizlarni juda ham sog`inib, diydoringizni ko`rishga jon-jahdimiz bilan harakat qilmoqdamiz.
18 Ha, biz, ayniqsa men, Pavlus, bir-ikki marta sizning oldingizga bormoqchi edik, lekin shayton bizga xalaqit berdi.
19 Zotan bizning umid va sevinchimiz kim? Rabbimiz Iso qaytib kelganda, Uning oldida faxrlanadigan tojimiz kim? Sizlardan boshqa kim ham bo`la olardi?!
20 Ha, sizlar biz uchun sharaf va quvonchsiz!