Salonikaliklarga birinchi maktub 5 Bob
1 Ey birodarlar, bu voqealar ro`y beradigan zamon va muddatlar haqida sizlarga yozishning hojati yo`q.
2 Chunki o`zlaringiz yaxshi bilasizlarki, kechasi o`g`ri qanday kelsa, mahshar kuni ham shunday keladi.
3 Xuddi homilador xotinni to`lg`oq tutib qolganidek, insonlar tinch va osoyishta deb yurganda, to`satdan ularning boshiga halokat keladi va undan aslo qochib qutula olmaydilar.
4 Sizlar esa, ey birodarlar, qorong`ilikda emassizlarki, o`sha kun o`g`ri kabi sizlarni bosib olsin.
5 Hammalaringiz yorug`lik va kunduzning o`g`illarisizlar. Biz kechaga ham, qorong`ilikka ham taalluqli emasmiz.
6 Shuning uchun boshqalar kabi uxlamaylik, bedor va hushyor bo`laylik.
7 Uxlaganlar kechasi uxlaydilar, sarxush bo`lganlar kechasi sarxush bo`ladilar.
8 Lekin biz kunduzga oidmiz. Shu tufayli imon va muhabbat qalqonini olaylik, najotga umidvorlik dubulg`asini kiyaylik, hushyor bo`laylik.
9 Chunki Xudo bizni g`azab uchun emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot tpish uchun tayin etdi.
10 Rabbimiz Iso Masih biz uchun o`ldi. Biz hayot bo`lsak yoki hayotdan ko`z yumsak ham, hamisha U bilan birga yashaymiz.
11 Shuning uchun hozir ham qilayotganingizdek, bundan keyin ham bir-biringizga dalda berib, yordam qilinglar.
12 Ey birodarlar, orangizda mehnat qilib, Rabbimiz yo`lida sizlarga boshchilik qilib, yo`l-yo`riq beradiganlar bor, ularni qadrlashingizni iltimos qilaman.
13 Qilgan ishlari tufayli ularni chin qalbdan sevib, hurmat qilinglar. Bir-biringiz bilan tinch-totuv yashanglar.
14 Sizlarga yolvoramiz, jasoratsizlarning ruhini ko`taringlar, kuchsizlarga yordamlashinglar, hammaga sabr-toqatli bo`linglar.
15 Hech kim o`zgaga yomonlik evaziga yomonlik qilmasin. Aksincha har doim bir-biringiz, qolaversa, hamma uchun ham yaxshilikni izlanglar.
16 Hamisha xursand bo`linglar,
17 tinmay toat-ibodat qilinglar,
18 har qanday sharoitda ham Xudoga shukr qilinglar. Bu ñ Xudoning irodasi, chunki sizlar Iso Masih ummatisizlar.
19 Ruhning alangasini susaytirmanglar.
20 Payg`ambar karomatini kamsitmanglar.
21 Hamma narsani sinab ko`ringlar, yaxshilikka yopishib olinglar.
22 Har xil yomonliklardan o`zingizni saqlanglar.
23 Tinchlik manbai bo`lgan Xudoning O`zi sizlarni butunlay muqaddas qilsin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va taningiz benuqson saqlansin.
24 Sizlarni da`vat etgan Xudo O`z so`ziga sodiqdir, U aytganini bajaradi.
25 Birodarlar, bizlar uchun ibodat qilinglar.
26 Butun birodarlarga muqaddas o`pish bilan salom aytinglar.
27 Bu maktubni barcha muqaddas birodarlarimga o`qib berishingizni Rabbim Iso haqi qattiq buyuraman.
28 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo`lsin. Omin.