Menyu

Salonikaliklarga birinchi maktub 3 Bob


1 Biz endi boshqa toqat qilolmay, Afina shahrida yolg`iz qolishga rozi bo`ldik

2 va ukamiz Timo`tiyni sizning oldingizga yuborishga qaror qildik. Timo`tiy Masih Xushxabarini targ`ib qilishda bizning hamkorimiz hamda Xudoning xizmatkoridir. U sizlarni imonda mustahkamlab, ruhlantiradi,

3 toki bu qayg`ular bilan yana birortasi yo`ldan toyib ketmasin. Taqdirimiz qayg`uli ekanligini o`zlaringiz bilasizlar.

4 Biz yoningizda bo`lganimizdayoq, biz uchun qayg`usizlik bo`lmaydi, deb sizlarga ta`kidlagan edik. Bilganingizdek, xuddi shunday bo`ldi.

5 Shuning uchun men ortiqcha sabr qilolmay, mabodo vasvasachi sizlarni yo`ldan ozdirmadimi, mehnatimiz behuda ketmadimi, deb imonimizning ahvolini bilish uchun ukamizni yubordim.

6 Endi esa Timo`tiy oldingizdan qaytib kelib, imoningiz va sevgingiz haqida ezgu xabar berdi. Biz sizlarni sog`inganimizdek, sizlar ham bizni sog`inib qolibsiz, har doim bizni duo qilayotgan ekansiz, u gapirib berdi.

7 Shu sababdan, birodarlar, biz hamma qayg`u va ehtiyojlarimiz orasida sizning imoningizning rivoji haqida bilib, tasalli topdik.

8 Ha, sizlar Rabbimiz bilan mahkam aloqada turaversangiz, bizning jonimiz kiradi.

9 Xudoyimiz huzurida sizlar sababli topgan baxt-saodatimiz uchun Unga qancha shukrlar qilsak ozdir.

10 Diydoringizni ko`rish va imoningizdagi kamchiliklarni to`ldirish uchun kechayu kunduz zo`r berib Xudoga iltijo qilamiz.

11 Otamiz Xudoning O`zi va Rabbimiz Iso Masih yo`limizni sizlar tomon yo`naltirsin.

12 Biz sizlarni qancha sevsak, Rabbimiz Iso Masih bir-biringizga va barcha insonlarga bo`lgan muhabbatingizni shuncha ko`paytirib yuborsin.

13 Shunda Rabbimiz Iso Masih O`zining barcha azizlari bilan birga osmondan tushib kelayotganida, sizning dillaringiz sobit bo`ladi, siz Otamiz Xudo huzurida muqaddaslikda benuqson bo`lasizlar. Omin.

Boblar: 1 2 3 4 5