Menyu

Salonikaliklarga birinchi maktub 4 Bob


1 Xullas, ey birodarlar, Xudoga ma`qul kelish uchun qanday yashashingiz kerakligi to`g`risida bizdan ta`lim olgansizlar. Hozir ham shunday yashayotgan bo`lsangiz-da, bundan ko`proq ravnaq topinglar, deb Rabbimiz Iso haqi sizlardan yolvorib so`raymiz.

2 Biz Rabbimiz Iso nomidan sizlarga qanday buyruqlar berganimizni, albatta, bilasizlar.

3 Xudoning irodasi shu: muqaddas bo`linglar, zinodan o`zingizni saqlanglar.

4 Har bir odam o`z xotinini eplab, muqaddas va iffatli saqlasin.

5 Xudoni tanimagan xalqlar kabi shahvoniy hirsga berilmanglar.

6 Bu xususda hech kim birodariga firib berib, nohaqlik qilmasin. Oldindan sizlarga aytib, ogohlantirganimizdek, hamma bu ishlar uchun Xudo qasos oladi.

7 Chunki Xudo bizlarni nopoklikka emas, balki muqaddaslikka chaqirgan.

8 Demak, bu qoidani rad etgan kishi insonni emas, balki sizga Muqaddas Ruhni bergan Xudoni rad etgan bo`ladi.

9 Birodarlik muhabbati to`g`risida sizlarga yozishning hojati yo`q. Chunki bir-biringizni sevishni Xudodan o`rgangansizlar.

10 Zotan sizlar Makedoniya o`lkasi bo`ylab yashovchi barcha birodarlaringizga ham shunday munosabatda bo`lyapsizlar. Shunga qaramay, sizlarni yanada ko`proq ravnaq topishga undamoqchimiz.

11 Birodarlar, biz sizlarga: osoyishta yashash, shaxsiy ishlaringiz bilan mashg`ul bo`lish, halol ishlashga jon kuydiringlar, deb buyurgan edik.

12 Yana hech kimga muhtoj bo`lmasdan, boshqa odamlarning ko`zi oldida odob bilan yashanglar.

13 Ey birodarlar, umidsizlikda yashayotgan boshqa odamlarga o`xshab g`amgin bo`lmanglar, deb bu olamdan ko`z yumib ketganlarning ahvoli haqida sizlarni xabardor qilmoqchimiz.

14 Biz Isoning o`lib, tirilganiga ishonamiz. Shunga o`xshab, Xudo Isoga ishongan marhumlarni ham U bilan birga qaytarib keltiradi.

15 Buni sizlarga Rabbimiz kalomi kabi aytyapmiz: biz, tiriklar, ya`ni Rabbimiz kelishiga qadar hayot bo`lganlar, o`lganlardan ilgari kelmaymiz.

16 Chunki Rabbimiz Iso O`zi buyuk nido, bosh farishtaning sadosi, Xudoning karnayi bilan osmondan tushadi. Avval Masihga ishongan marhumlar tiriladilar.

17 So`ngra biz, tirik qolganlar, ular bilan birga Rabbimizni havoda kutib olish uchun bulutlar bilan ko`tarilamiz. Shu tariqa hamisha Rabbimiz bilan birga bo`lamiz.

18 Ana shu so`zlar bilan bir-biringizni ovuntiringlar.

Boblar: 1 2 3 4 5