Kolosaliklarga maktub 3 Bob
1 Sizlar Masih bilan birga tirilgan ekansiz, yuqoridagi, Masih bo`lgan joydagi narsalarni izlanglar; U samoda Xudoning o`ng tomonida o`tiribdi.
2 Fikringiz yer yuzidagi emas, samodagi narsalar bilan band bo`lsin.
3 Chunki sizlar o`lgansizlar, yangi hayotingiz esa Masih bilan Xudo huzurida pinhondir.
4 Hayotingizning o`zi ñ Masihdir. U olamga qaytib zohir bo`lgach, sizlar U bilan birga ulug`vor tusda zohir bo`lasizlar.
5 Shunday qilib, yerga xos nafsingizni tiyib, fahshbozlik, nopoklik, yomon hirsu havaslar hamda butparastlik bilan teng bo`lgan tamagirlikni o`ldiringlar.
6 Bular sababli Xudoning g`azabi itoatsiz bandalarning boshiga tushadi!
7 Sizlar ham bir vaqtlar bu kishilar bilan yotib-turib, ayni shunday ishlar qilar edingizlar.
8 Ammo endi g`azab, jahl, ginalarning hammasini bir chetga yig`ishtirib qo`yinglar. Og`zingizdan hech qanday jerkish yoki nojo`ya so`z chiqmasin.
9 Bir-biringizga yolg`on gapirmanglar. Chunki sizlar eski insonni yomon odatlari bilan birga o`zingizdan soqit qildingizlar.
10 Buning o`rniga Xudoni tanib-bilish sari yangilanayotgan, Yaratuvchining suratiga o`xshab borayotgan yangi insonni qabul qildingizlar.
11 Shu nuqtai nazardan endi na yunoniy bor, na yahudiy; na sunnatli bor, na sunnatsiz; na johil bor, na madaniyatsiz; na qul bor, na ozod. Zero Masih hamma narsadir va hamma narsadadir.
12 Xudo sizlarni azizlarim deb tanlagan, sizlar muqaddassiz. Shunga ko`ra rahm-shafqat, ko`ngilchanlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqatni zeb-ziynat qilib taqinglar.
13 Bir-biringizga nisbatan chidamli va kechirimli bo`linglar. Agar bir kishi ikkinchisidan xafa bo`lsa, Masih sizlarni kechirgani kabi, sizlar ham bir-biringizni kechiringlar.
14 Yana bularning ustiga kamolot cho`qqisi bo`lgan muhabbat tojini kiyinglar.
15 Masih ato qilgan tinchlik dilingizda hokim bo`lsin. Sizlar bir badanning a`zolari kabi tinch-totuv bo`lishga da`vat etilgansizlar. Shuningdek, minnatdor bo`linglar.
16 Masihning kalomi sizda chuqur o`rnashib, yashayversin. Butun donolik bilan bir-biringizga ta`lim bering, nasihat qiling. Zabur xonishi, ilhomli qo`shiqlar va madhiyalar bilan, chin ko`ngildan, minnatdorchilik bilan Xudoni tarannum etinglar.
17 Nima aytsangiz yoki nima qilsangizlar, hammasini Rabbimiz Iso nomidan qilib, U orqali Otamiz Xudoga shukrona aytinglar.
18 Ey xotinlar, Rabbimiz bilan aloqada yashovchilarga munosib, erlaringizga itoat etinglar.
19 Ey erkaklar, xotinlaringizni sevinglar, ularga qo`pol muomalada bo`lmanglar.
20 Ey bolalar, har narsada ota-onalaringizning so`ziga quloq solinglar, chunki bu Rabbimizga ma`qul keladi.
21 Ey otalar, ruhiy tushkunlikka tushmaslik uchun bolalaringizni ranjitavermanglar.
22 Ey qullar, dunyodagi xo`jayinlaringizga har narsada itoat etinglar. Buni insonga yoqmoq uchun, xo`jako`rsinga emas, balki soddadillik bilan, Xudodan qo`rqib qilinglar.
23 Qiladigan har bir ishni insonlar uchun emas, Rabbingiz uchun qilayotganday, chin qalbdan bajaringlar.
24 Xudodan abadiy mukofot olishingizni o`ylab, Egangiz Masihga xizmat qilinglar.
25 Kimki nohaqlik qilsa, qilmishiga yarasha jazosini oladi. Xudo yuz-xotirchilik qilmaydi.