Kolosaliklarga maktub 4 Bob
1 Ey xo`jayinlar, sizning ham osmonda Egangiz borligini bilib, qullaringizga odil bo`ling, haqini to`liq beringlar.
2 Toat ibodatga astoydil berilinglar; ibodat qilishda hushyor bo`lib, shukrona qilinglar.
3 Shuningdek, bizlar uchun ham ibodat qilinglar: biz Xudoning kalOmini targ`ib qilishimiz va Masih sirini bayon etishimiz uchun O`zi bir eshikni ochib bersin. Men ana shu sir tufayli qamoqdaman.
4 Bu sirni munosib ravishda izhor eta olishimni Xudodan so`ranglar.
5 Fursatni g`animat bilinglar, safingizda bo`lmaganlar bilan oqilona yo`l tutinglar.
6 Har bir odamga qanday javob berish lozimligini bilinglar, so`zingiz hamisha fayzli va mazali bo`lsin.
7 Rabbimning sodiq xizmatkori, hamkorim va suyukli ukam Tixik men haqimdagi barcha narsalarni sizlarga bildiradi.
8 Ana shu maqsadda uni oldingizga jo`nataman: u ko`ngillaringizni tinchitib, ahvolingizdan xabar olib kelsin.
9 Sodiq va sevimli birodarimiz, hamshaharingiz O`nisim ham Tixik bilan birga oldingizga boradi. Ular bu yerda yuz bergan hamma narsani sizlarga aytib berishadi.
10 Men bilan birga qamalgan Aristarx va Barnaboning jiyani Mark ham sizlarga salom yo`llayaptilar. Mark haqida buyruq olgansizlar; agar oldingizga borsa, uni yaxshi qabul qilinglar.
11 Yustus laqabli Iso ham sizlarga salom yo`llayapti. Xudoning Shohligi yo`lida mehnat qilayotgan bulardan boshqa yahudiy hamkorlarim yo`q. Ular menga yupanch bo`lib kelmoqdalar.
12 Iso Masihning quli, hamshaharingiz Epafras sizlarga salom yo`llayapti. Sizlar Xudoga ma`qul bo`lgan hamma narsani bajaruvchi yetuk, ishonchi komil kishilar bo`lib og`ishmay turinglar, deb Epafras zo`r g`ayrat bilan, tinmay ibodat qilmoqda.
13 U sizlar uchun hamda Laodikiya va Ierapol shaharlaridagi Masih jamoatlari uchun ne-ne zahmatlar chekkaniga o`zim shohidman.
14 Sevimli tabib Luqo va Dimas sizlarga salom yo`llashyapti.
15 Laodikiya shahridagi birodarlarga, ayniqsa Nimfa va uning uyida to`planadigan jamoatga salom aytinglar.
16 Bu maktubim orangizda o`qib berilgandan keyin, Laodikiyadagi Masih jamoatiga ham o`qitinglar. Sizlar esa Laodikiyadan keladigan maktubni o`qinglar.
17 Arxippga: ìSen Rabbimiz yo`lida bo`yningga olgan xizmatni ado qilish uchun ehtiyot bo`lî, - deb aytinglar.
18 Men, Pavlus, o`z qo`lim bilan bu duoyi salomni yozyapman. Qamoqda yotganimni esdan chiqarmanglar. Xudoning inoyati sizlarga yor bo`lsin. Omin.