Efesliklarga maktub 1 Bob
1 Men, Xudo irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo`lgan Pavlus, Efes shahridagi Iso Masihga imon keltirgan Xudo azizlariga salom yo`llayman.
2 Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo`lsin.
3 Rabbimiz Iso Masihning Otasi – Xudoga hamdu sanolar bo`lsin! U Masih orqali samoviy olamda har xil ruhiy qut-barakalar ato etdi.
4 O`z huzurida muqaddas va benuqson bo`lishimiz uchun, U Masih haqi bizga muhabbat ko`rsatib, bizni dunyo yaratilishidan avval tanladi.
5 Bizni muruvvatiga sazovor bilib, Iso Masih orqali O`ziga o`g`il qilib olishga azaldan qaror qildi.
6 Ilohiy mehr-shafqatning dong`i chiqsin, deb sevikli O`g`lini yuborib, bizga inoyat qildi.
7 Uning O`g`li esa qonini to`kib, bizning gunohlarimizni yuvdi. Xudoning bu cheksiz inoyati tufayli biz barcha aybu gunohlarimizdan forig` bo`ldik.
8 Xudo bunday inoyatini hamda har xil hikmatu aql-zakovatni bizga mo`l-ko`l berdi.
9 Xudo qadimdan aniqlab qo`ygan maqsadi bo`yicha, Masih orqali bizga muruvvat qilib, O`zining sirli rejasini ayon qildi.
10 Xudo bu rejani O`zi belgilagan vaqtda amalga oshiradi va yeru osmondagi bor mavjudotlarni Masih boshchiligida birlashtiradi.
11 Xudo hamma narsani O`z xohishi bo`yicha bajaradi. U biz uchun ham O`zining orzu-niyatini amalga oshirib, bizni Masih orqali azaldan tanladi va samoviy merosdan bahramand qildi.
12 Shunday ekan, Masihga avvaldan umid bog`lagan bizlar Xudoning shon-sharafini oshirish uchun yashashimiz lozim.
13 Sizlar ham haqiqat kalOmini, ya`ni najotingiz to`g`risidagi Xushxabarni eshitib, Masihga imon keltirdingizlar. Imoningizning tasdig`i o`laroq Xudo va`da qilgan Muqaddas Ruhni qabul qildingizlar.
14 Xudoning ummati ozodlikka chiqmaguncha, Muqaddas Ruh samoviy merosimizning garovidir. Xudoning ulug`vorligi sha`niga tasannolar bo`lsin!
15-16 Men Rabbimiz Isoga bo`lgan e`tiqodingiz va butun Xudo azizlariga bo`lgan muhabbatingiz haqida eshitganimdan buyon, doim sizlarni ibodatlarimda eslayman, tinmay Xudoga shukronalar aytaman.
17 Rabbimiz Iso Masihning Xudosi, ulug`vor Padar, O`zini tanib-bilishingiz uchun sizga hikmatu vahiy ruhini ato etsin.
18 Uning O`zi sizlarning ko`ngil ko`zlaringizni yorug` qilsin, toki U sizlarni naqadar ulug` bir umidga chorlaganini bilib olinglar, O`z azizlarini qanchalik boy va ulug`vor bir merosga sazovor qilganini qadrlanglar.
19 Biz, imonlilarga ta`sir o`tkazayotgan Xudoning hadsiz-poyonsiz kuch-qudrati buyukligini ham bilib olinglar.
20 Xudo O`zining cheksiz saltanatini joriy qilib, ana shu kuch-qudratini amalda ko`rsatdi: Masihni tiriltirib, Uni samoviy olamda O`zining o`ng tomoniga o`tqazdi.
21 Masihni har qanday rahnamolik va hukmronlik, kuch va saltanatdan, u dunyoyu bu dunyoda aytiladigan har qanday nomdan yuqori qo`ydi.
22 Butun borliqni Uning oyoqlari ostiga tobe qildi. Uni butun borliqdan yuqori qo`yib, imonlilar jamoatiga bosh qilib qo`ydi.
23 Imonlilar jamoati esa Masihning badani bo`lgani uchun, U kabi to`kis-tugallikka ega. Chunki Masih butun koinotni to`kis-tugal to`ldirib turadi.