Efesliklarga maktub 2 Bob
1 Sizlar bir vaqtlar gunoh va jinoyatlaringiz tufayli ruhan o`lgan edingizlar.
2 Sizlar bu dunyoning taomiliga ko`ra, fazoda hukmronlik qilayotgan hokim – shaytonning ixtiyoriga qarab yashar edingizlar. Shayton ruhi hozir ham osiy bandalarda amal qilmoqda.
3 Bir vaqtlar biz hammamiz ham o`sha odamlar qatori yashaganmiz. Tabiatimizdagi yomon ehtiroslarga jisman va fikran mubtalo bo`lib, xuddi boshqa odamlarday tabiatan Xudo g`azabiga yo`liqqan edik.
4 Ammo marhamatga boy Xudo O`zining ulkan muhabbatini bizga ko`rsatdi:
5 biz jinoyatlarimiz tufayli ruhan o`lgan ekanmiz, U Masih orqali bizga hayot bag`ishladi. Sizlar Xudoning inoyati bilan qutulgansizlar.
6 Iso Masihga ishonib, U bilan birlashganimizdan so`ng, Xudo bizni Masih bilan birga tiriltirdi va samoviy olamda o`tqizib qo`ydi.
7 Xudo O`z mehr-inoyatining behad boyligini kelgusi asrlargacha aniq namoyon qilmoq uchun bizga Iso Masih orqali shunchalik katta iltifot qildi.
8 Ha, sizlar Xudodan inoyat topib, imoningiz tufayli qutulgansizlar. Bu – Xudoning in`omi, sizning yutug`ingiz emas.
9 Yana hech kim: Men savob ishlarim tufayli qutulganman, deb maqtanmasin.
10 Biz Xudoning ijodimiz. Xudo bizni Iso Masih orqali xayrli ishlar qilishimiz uchun yaratdi, bu ishlarni esa biz uchun azaldanoq tayyor qilib qo`ydi.
11 Sizlar ilgari aslan majusiy bo`lganingizni esdan chiqarmanglar. Yahudiylar sunnat qilinadigani uchun, o`zlarini “ahli sunnat”, sizlarni esa “sunnatsizlar” deyishadi. (Vaholanki, sunnat faqat tana bilan bog`liq bir odatdir.)
12 To`g`ri, sizlar o`sha zamonda Masihdan bexabar, Isroil ummatidan benasib, ilohiy ahdu va`dalarga begona, dunyoda umidsiz va Xudosiz edingizlar.
13 Lekin ilgari Xudodan uzoq ekansizlar, endi Iso Masih vositasi bilan, Uning to`kkan qoni orqali yaqin bo`ldingizlar.
14 Masihning O`zi bizning tinchligimizdir. U yahudiylar bilan majusiylarni yarashtirib, bir ummat qildi. O`z tanasini fido qilib, ularning orasidagi to`siq devorni qulatdi, adovatni bartaraf qildi.
15 Yahudiylar bilan majusiylarni O`z vujudida birlashtirib, yangi insonni yaratdi, ana shu maqsadda Tavrotning qonun-qoidalarini ham bekor qildi.
16 Masih xochda o`lib, adovatni bartaraf, tinchlikni esa barqaror qildi. Xoch orqali ikki ummatni bir badanday qildi hamda Xudo bilan yarashtirdi.
17 Masih kelib, ilgari Xudodan uzoq bo`lgan sizlarga va shuningdek, Unga yaqin bo`lgan yahudiylarga tinchlik Xushxabarini e`lon qildi.
18 Masih orqali biz hammamiz bir ruh bilan Otamiz Xudoning huzuriga kira olamiz.
19 Demak, siz endi begona emassizlar, kelgindi ham emassizlar, balki Xudoning muqaddas xalqiga vatandosh va hamxonasizlar.
20 Sizlar ham havoriylaru payg`ambarlar solgan poydevorga asosan bino bo`lgansizlar. Binoning negiz toshi esa – Iso Masihning O`zi.
21 Butun imorat Undan tarkib topib, o`sib boradi va Xudo uchun muqaddas bir ma`badga aylanadi.
22 Siz o`zlaringiz ham Iso Masih bilan va o`zaro birlashgan holda, Xudoning ruhiy maskanini tashkil etmoqdasizlar.