Menyu

Efesliklarga maktub 5 Bob


1 Sevikli bolalar kabi Xudoga ergashinglar.

2 Masih sizlarni juda sevgani uchun, sizlar uchun O`zini fido qildi va shu yo`sin Xudoga ma`qul keladigan, xush hidli qurbonlik keltirdi. Sizlar ham xuddi shunday muhabbat bilan yashanglar.

3 Sizning orangizda hech qanday zinogarlik, ifloslik yoki tamagirlik hatto tilga olinmasin. Bular muqaddas kishilarga munosib emas.

4 Shuningdek, beadab va axloqsiz gap yoki maynabozchilik ham bo`lmasin. Bular sizga munosib emas. Yaxshisi, Xudoga shukur qilinglar.

5 Shuni bilib qo`yinglar: hech bir fohish, iflos yoki tamagir kishi (chunki tamagir – butparast bilan teng) Masihning va Xudoning Shohligidan bahramand bo`lmaydi.

6 Hech kim sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin. Ana shu narsalar uchun osiy bandalarning boshiga Xudoning g`azabi keladi.

7 Shu sababdan siz ularga sherik bo`lib qolmanglar.

8 Siz bir vaqtlar zulmat edingizlar, endi esa Rabbimizga tegib, nur bo`ldingizlar. Ahli nur bo`lib yashanglar.

9 Nur har xil ezgulik, odillik va haqiqat mevalaridan iborat.

10 Rabbingizga nima maqbul bo`lishini o`rganib olinglar.

11 Zulmatning besamara ishlarida ishtirok etmanglar, aksincha, ularni fosh etinglar.

12 Zulmatda maxfiy qilinadigan o`sha ishlar haqida gapirish ham uyatdir.

13 Zotan hamma narsa nur orqali fosh bo`lib, ochiq-oshkor ko`rinadi.

14 Yorug`likka chiqqan hamma narsa ayon bo`ladi. Qo`shiqda aytilganiday: “Ey uxlagan, tur! O`liklar ichidan tiril! Masih senga nur sochar”.

15 Shunday qilib, qanday yashayotganingizga o`zingiz diqqat qilib qaranglar. Nodonlar kabi emas, dono kishilar kabi kun kechiringlar.

16 Fursatni g`animat bilinglar, chunki biz yashayotgan kunlar – yomon kunlar.

17 Shunig uchun beaql bo`lmanglar, balki Rabbingizning irodasi qanday ekanini anglab olinglar.

18 Sharob ichib mast bo`lmanglar, chunki bu buzuqlikka olib boradi. Aksincha, Muqaddas Ruhga to`lib-toshinglar.

19 Shu maqsadda Zabur xonishi, ruhiy madhiyalar va qo`shiqlar bilan bir-biringizga nasihat qilinglar, chin yurakdan Rabbingizni kuylab, hamdu sanolar o`qinglar.

20 Har doim, har bir narsa uchun Rabbimiz Iso Masih nomi bilan Otamiz Xudoga shukur qilinglar.

21 Masihni hurmatlab, bir-biringizga bo`ysuninglar.

22 Ey xotinlar, siz Rabbingizga qanday bo`ysunsalaringiz, erlaringizga ham shunday bo`ysuninglar.

23 Masih imonlilar jamoatining boshi bo`lgani kabi, erkak ham xotinning boshidir. Masih O`z badaninining, ya`ni ummatining Xaloskoridir.

24 Masihning ummati Masihga qanday tobe bo`lsa, xotinlar ham har narsada o`z erlariga shunday tobe bo`ladilar.

25 Ey erlar, Masih imonlilar jamoatini sevib, ular uchun O`zini qanday fido qilgan bo`lsa, sizlar ham xotinlaringizni shunday sevinglar.

26 Masih imonlilar jamoatini muqaddas qilay, deb ularni suv bilan yuvdi va O`z kalomi orqali tozaladi,

27 toki ustida biron g`ubor, ajin yoki dog`i qolmagan, muqaddas, benuqson, kamoli chiroyli bir jamoatni O`z huzuriga eltib qo`ysin.

28 Shunday qilib, erkaklar o`z xotinlarini o`z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O`z xotinini sevgan o`zini o`zi sevadi.

29 Hech kim hech vaqt o`z tanasini yomon ko`rmagan. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O`z ummatini xuddi shunday oziqlantirib, parvarish qiladi.

30 Biz Masih tanasining a`zolarimiz, [Uning etu suyagimiz].

31 Tavrotda: “Kishi ota-onasini qoldirib, o`z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo`ladi”, deb yozilgan.

32 Bu sir buyuk va men buni Masih hamda imonlilar jamoatiga o`xshatib aytyapman.

33 Xullasi kalom, har bir er o`z xotinini o`zini o`zi sevganiday sevsin. Xotin ham erini hurmat qilsin.

Boblar: 1 2 3 4 5 6