Efesliklarga maktub 6 Bob
1 Ey farzandlar, ota-onangizga itoat qilinglar, chunki bu Rabbimizga ma`quldir.
2-3 Bu haqdagi ilohiy buyruq Xudo va`da qo`shib bergan birinchi buyruqdir, chunonchi: “Ota-onangni hurmat qil, toki baraka topib, yer yuzida uzoq umr ko`rgaysan”.
4 Siz, otalar, farzandlaringizning jahlini chiqarmanglar. Ularni Rabbimizning ta`lim-tarbiyasi bilan o`stiringlar.
5 Ey qullar, dunyoviy xo`jayinlaringizga, Masihga itoat qilganingizdek, kamoli ehtirom va soddadillik bilan itoat qilinglar.
6 Insonlarning ko`nglini topay, deb xo`jako`rsinga xizmat qilgan kishilar kabi emas, balki Masihning qullari kabi Xudoning irodasini chin ko`ngildan bajo keltiringlar.
7 Insonlarga emas, balki Rabbingizga xizmat qilayotgandek, bajonu dil xizmat qilinglar.
8 Bilinglarki, xoh qul, xoh erkin bo`lsin, har bir kishi qilgan yaxshiligiga yarasha mukofotni Rabbimizdan oladi.
9 Ey xo`jayinlar, sizlar ham qullaringizga xuddi shu tarzda muomala qilinglar. Osmonda ham ularning, ham sizlarning Egangiz borligini bilib, ularga do`q-po`pisa etishni bas qilingiz. Chunki Rabbimiz yuz-xotir qilmaydi.
10 Nihoyat, Rabbimiz bilan ittifoq bo`lib, Uning kuch-qudrati ta`sirida quvvatli bo`linglar.
11 Iblisning hiylalariga qarshi tura olish uchun, Xudo bergan barcha qurol-aslahalar bilan qurollaningiz.
12 Chunki bizning kurashimiz o`tkinchi basharga qarshi emas, balki samoviy olamdagi yovuz ruhiy kuchlarga, hokimlaru hokimiyatlarga, bu qorong`i dunyoni boshqarayotgan ruhiy hukmronlarga qarshidir.
13 Shu sababdan yomon kunda qarshilik ko`rsata olishingiz uchun, Xudoning qurol-aslahalarini ko`taringlar, toki butun tadbirkorlik bilan ish tutib, o`rningizda tura olinglar.
14 Belingizni haqiqat kamari bilan bog`lang, ko`ksingizga solihlik sovutini taqinglar.
15 Tinchlik Xushxabarini yoyish uchun oyog`ingizga ildamlik poyabzalini kiyinglar.
16 Buning ustiga imon qalqonini qo`lga olinglar, u bilan yovuz shaytonning qizdirilgan hamma o`qlarini o`chira olasizlar.
17 Shuningdek, najot dubulg`asini kiyinglar, Xudo kalomi bo`lgan Ruhning qilichini ko`taringlar.
18 Har turli duo va yolvorishlar bilan, Muqaddas Ruh ilhomi bilan har doim ibodat qilinglar. Ibodatda hushyor va sabotli bo`lib, barcha Xudoning azizlari uchun iltijo qilinglar.
19 Men uchun ham ibodat qilinglar. Men og`zimni har ochganimda, zarur bo`lgan so`z menga berilsin, Injil sirini qo`rqmasdan bayon eta olayin.
20 Men Injil uchun mahbus bo`lsam-da, bu elchiligimni tegishlicha og`zi botirlik bilan ijro etayin.
21 Siz mening hol-ahvolim qalay ekanini, nimalar qilayotganimni bilib olasiz, bu haqda sevikli birodarimiz, Rabbimizning sodiq xizmatkori Tixik sizlarga ma`lumot beradi.
22 Bizning sharoitimiz haqida bilib, yuraklaringiz tasalli topsin deya, men uni sizning oldingizga yuboryapman.
23 Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan birodarlarimga tinchlik, e`tiqod va muhabbat tilayman.
24 Rabbimiz Iso Masihni o`lmas muhabbat bilan sevganlarning hammasiga Xudoning inoyati yor bo`lsin. Omin.