Menyu

Efesliklarga maktub 4 Bob


1 Rabbimiz uchun mahbus bo`lgan men sizlarga nasihat qilib o`tinaman: Xudoning da`vatiga munosib tarzda yashanglar.

2 Butun kamtarlik va yumshoqlik bilan, muhabbat bilan bir-biringizga sabr-toqat qilinglar.

3 O`zaro tinch-totuv yashab, Ruhning birligini saqlashga jon kuydiringlar.

4 Badan – bir, Ruh ham – bir. Chunki Xudo hammalaringizni ham bir xilda umidvor bo`lishga chaqirgan.

5 Rabbimiz – bir, imon – bir, suvdagi iqror – bir.

6 Hammaning Otasi Xudo – bir. U hammaning ustidan hokim, hamma orqali amal qiladi, hammada mavjuddir.

7 Biz har birimiz Masih inoyat etganiga ko`ra biron in`om oldik.

8 Mana, Zaburda Masih haqida nima deyilgan: “U yuksaklikka chiqib, asirlarni asir oldi, insonlarga esa hadyalar ulashdi”.

9 Endi bu “chiqdi” so`zi nimani bildiradi? Masih oldin tubanga, yer yuziga ham tushganidan boshqa yana nimani bildiradi?

10 Ha, Masih O`zi tubanlikka tushdi va koinotni to`ldirish uchun osmonu falakdan ham yuqoriga chiqdi.

11 Shuningdek, Masihning O`zi ba`zi kishilarni havoriy, ba`zilarini payg`ambar, ba`zilarini Injil voizi, ba`zilarini esa imonlilar jamoatiga cho`ponu mudarris qilib tayinladi.

12 Shu yo`sinda imonlilar xizmati kerak bo`ladigan ta`minotni oladilar va Masihning ummati obod bo`la boradi.

13 Buning natijasida hammamiz imonda yakdil, Xudo O`g`lini tanib biladigan, Masihning kamoliga erishgan yetuk odamlar bo`lamiz.

14 Bundan buyon har turli ta`limotlarning shamoli bilan uchib, tebranib yuradigan go`daklarday bo`lmaylik. Mana, imonda go`dakligicha qolgan kishilar quv odamlarning hiylasi va tarqatayotgan qurboni bo`lib, yo`ldan ozib ketadilar.

15 Biz, aksincha, haqiqat va muhabbatga sodiq qolib, har jihatdan badanning boshi – Masih tomon o`sib boraylik.

16 Uning boshchiligida butun badan alohida-alohida hayotiy payu bo`g`inlar yordamida o`zaro ulanadi va birikadi. Har bir bo`lakning alohida o`z holicha, muhabbat bilan harakat qilishi natijasida badan o`sib-ulg`ayadi.

17 Shunday ekan, men Rabbimiz nomidan sizlarga qattiq buyuraman: bundan buyon o`zga xalqlarning be`mani o`y-fikri bilan yashamanglar.

18 Ularning zeg`nlari o`tmaslashgan. Ular jaholatda qolib, yuraklarini yog` bosgan. Shuning uchun Xudo bergan hayotdan mahrum qolganlar.

19 Ular har qanday or-nomus tuyg`usini yo`qotgan, har turli iflos ishlarga o`rgangan, fisqu fujurga berilgan tamagir odamlardir.

20 Ammo sizlar Masihdan unday o`rganmagansizlar.

21 Sizlar Masihning so`zlarini eshitib, U haqda ta`lim olgansizlar. Shuning uchun endi Isoning haqiqiy yo`lida yurib,

22 eski o`zligingizni bir chetga olib qo`yinglar; ya`ni ilgarigi turmushingizga oib, aldovchi ehtiroslar bilan buzilib borayotgan eski, yomon tabiatingizni soqit qilinglar.

23 Buning o`rniga yangi fikrga, ruhga ega bo`linglar.

24 Xudoga munosib suratda, haqiqiy solihlik va muqaddaslik bilan yaratilgan yangi tabiatni o`zlashtiringlar.

25 Shunday qilib, yolg`onni rad etib, har biringiz o`z birodaringiz bilan haqiqatni gaplashinglar. Chunki biz bir-birimizga tananing a`zolaridaymiz.

26 G`azablanib, gunoh qilmanglar. Quyosh botguncha, g`azabdan qaytinglar.

27 Iblisga fursat bermanglar.

28 O`g`rilik qilgan kishi boshqa o`g`rilik qilmasin. Balki yaxshi ishlab, o`z qo`llari bilan mehnat qilib, muhtoj bo`lganlarga ham biror narsa bersin.

29 Og`zingizdan hech qanday yaramas so`z chiqmasin. Lekin ehtiyojga ko`ra, tinglovchilarning joniga ora kiradigan yaxshi so`zlar gapiringlar.

30 Xudoning Muqaddas Ruhini xafa qilmanglar; sizlar najot kunigacha o`sha Ruh bilan muhrlangansizlar.

31 Har qanday yomon niyat va gina-qudurat, har qanday qahru jahl, nolish va g`iybatchilikni o`zingizdan soqit qilinglar.

32 Bir-biringizga ko`ngilchan va mehr-shafqatli yuo`linglar. Xudo sizlarni Masih haqi kechirgani kabi, sizlar ham bir-biringizni kechiringlar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6