Yoqubning maktubi 1 Bob
1 Men, Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning quli Yoqub, jahonga tarqalib ketgan o`n ikki qabilaga salomatlik tilayman.
2 Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo`lganingizda, uni katta sevinch bilan qabul qilinglar.
3 Shuni bilinglarki, imoningizning sinalishidan sabr-toqat hosil bo`ladi.
4 Sabr-toqat to`la samarasini ko`rsatsin, toki sizlar hech bir narsadan kamchiliksiz, komil va nuqsonsiz odamlar bo`linglar.
5 Agar sizlardan biror kishining hikmati kamlik qilsa, hammaga samimiyat bilan, ta`na qilmasdan beruvchi Xudodan so`rasin, Xudo unga beradi.
6 Lekin hech shubha qilmasdan, imon bilan so`rasin. Chunki shubha qiluvchi kishi shamolda tebrangan dengiz to`lqiniga o`xshaydi.
7-8 O`zining butun yo`llarida beqaror, ikkilanuvchi bunday odam Rabbimdan biror narsa olaman, deb hayol qilmasin.
9 Nochor ahvoldagi birodar o`zining yuksalishi bilan maqtansin.
10 Boy esa o`zining pasayishi bilan maqtansin. Chunki u o`tning guliday so`lib qoladi.
11 Quyosh chiqib, jazirama issig`i bilan o`tni quritib yuboradi. O`tning guli to`kiladi, butun go`zalligi yo`qoladi. Xuddi shu singari boyning ham hayot yo`li xazon bo`ladi.
12 Sinovga sabr-toqat qilgan odam baxtiyordir. Chunki u sinovdan o`tgach, Rabbimizni sevuvchilarga nasib bo`ladigan hayot tojiga sazovor bo`ladi.
13 Vasvasaga tushganda hech kim: “Xudo meni sinab ko`rayotir”, - demasin. Chunki Xudo yomonlik vasvasasiga tushmaydi, O`zi ham hech kimni vasvasaga solmaydi.
14 Lekin har kim o`zining ehtirosiga berilib, aldanib vasvasaga duchor bo`ladi.
15 Keyin ehtiros homilador bo`lib gunohni tug`adi, gunoh esa yetilib, o`limga sabab bo`ladi.
16 Ey sevikli birodarlarim, aldanmanglar!
17 Har bir ne`mat, har bir mukammal hadya yuqoridan, samoviy nurlar Otasidan tushadi. Unda hech qanday o`zgarish yo`q, o`zgaruvchan ko`lanka ham yo`q.
18 Xudo haqiqat kalomi orqali bizga hayot bag`ishladi, chunki O`z yaratganlari orasida birinchi o`rinni egallashimizni xohladi.
19 Ey sevikli birodarlarim, shuni bilinglarki, har bir odam eshitishda chaqqon, gapirishda vazmin, g`azab vaqtida og`ir bo`lsin.
20 Chunki inson g`azabi Xudoning odil hukmini amalga oshira olmaydi.
21 Shuning uchun har qanday ifloslikni, ko`p bo`lib qolgan yomonliklarni bir chetga yig`ishtirib qo`yinglar, Xudoning qalbingizga ekib qo`ygan kalOmini muloyimlik bilan tan olinglar. Ana bu kalom jonlaringizni qutqarishga qodir.
22 O`z-o`zingizni aldab, Xudo kalOmining faqat tinglovchilarigina emas, balki ijrochilari bo`linglar.
23 Agar biror kishi kalomni tinglab, ijro etmasa, u o`zining asl yuzini ko`zguda odamga o`xshab qoladi.
24 Odam o`ziga qaradi-yu ketdi va darhol qanday ekanligini unutib yubordi.
25 Lekin mukammal Qonunga, Xudoning erk beruvchi Qonuniga yaqindan qarab, unga qat`iy amal qilgan kishi, ya`ni unutuvchan tinglovchi emas, balki ishni bajaruvchi kishi o`z yo`lida baxtiyor bo`ladi.
26 Agar orangizdagi biror kishi o`zini dindor hisoblab, tilini tiymasa, u o`z vijdonini aldagan bo`ladi va uning dindorligi befoydadir.
27 Otamiz Xudoga ma`qul tushadigan din-diyonat poklik va benuqsonlikni talab qiladi, ya`ni yetim-yesirlarni qayg`uli kunlarida yo`qlab borishimiz lozim hamda bu dunyoning nopokliklaridan o`zimizni toza saqlashimiz kerak.