Yoqubning maktubi 4 Bob
1 Orangizdagi janjal va to`qnashuvlar qayerdan kelib chiqadi? Tanangizning uzvlarida o`zaro jang qilayotgan nafsu ehtiroslaringizdan emasmi?
2 Bir narsa orzu qilyapsizlar, ammo orzungiz amalga oshmagach, odam o`ldiryapsizlar. Hasad qilyapsizlar, ammo maqsadingizga erisha olmagach, talashib tortishyapsizlar. Xudodan so`ramaganingiz uchun sizlarda yo`q.
3 So`rayapsizlar-u, lekin olmayapsizlar, chunki yomon niyat bilan, nafsingizni qondirish uchun so`rayapsizlar.
4 Ey vafosizlar, dunyo bilan do`stlik Xudoga dushmanlik ekanligini bilmaysizlarmi? Kim dunyo bilan do`st bo`lishni istasa, Xudoga dushman bo`ladi.
5 Nahotki sizlar: “Xudo ichimizga solgan ruhni nihoyatda qizg`anadi” degan oyatni inobatga olmaysizlar?
6 Biroq Xudoning inoyati bunga qaraganda yanada saxiyroq, chunonchi boshqa oyatda shunday aytilgan: “Xudo mag`rurlarga qarshi, ammo kamtarlarga inoyatlidir”.
7 Shunday qilib, Xudoga itoat qilinglar. Iblisga qarshi turinglar, shunda u sizlardan qochadi.
8 Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi. Ey gunohkorlar, qo`llaringizni gunohdan tozalanglar! Ey hardamxayollar, ko`ngillaringizni to`g`ri qilinglar!
9 Qayg`uringlar, motam tutinglar, nola qilinglar! Kulgingiz yig`iga, shodligingiz motamga aylansin.
10 Rabbingiz oldida o`zingizni past olinglar, U esa sizlarni yuksaltiradi.
11 Ey birodarlarim, bir-biringizni yomonlamanglar. O`z birodarini yomonlagan yoki ayblagan kishi Ilohiy Qonunni yomonlagan hisoblanadi. Agar sen Ilohiy Qonunni ayblasang, sen Qonunning ijrochisi emas, balki qozisi bo`lasan.
12 Qonun chiqaruvchi va hukm qiluvchi Xudo esa yagonadir. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega. Sen kim bo`libsanki, birodaringni hukm qilasan?
13 Xo`sh, sizlar: “Bugun yoki ertaga falon shaharga borib, u yerda bir yil yashab, savdo-sotiq qilib, foyda ko`ramiz”, - deysizlar-u,
14 lekin ertaga nima bo`lishini bilmaysizlar. Hayotingiz – birpas ko`rinib, keyin parlanib ketadigan bug` kabi narsa.
15 Buning o`rniga sizlar: “Agar Rabbimiz xohlasa, biz tirik qolib, uni yoki buni qilamiz”, - deb aytishingiz kerak.
16 Holbuki, sizlarning dimog`ingiz ko`tarilib, kekkayib yuribsizlar. Har qanday kekkayish esa yovuzlikdir.
17 Shunday qilib, kim xayrli ish qilishni bilsa-yu, uni amalda qilmasa, gunoh hisoblanadi.