Yoqubning maktubi 5 Bob
1 Keling endi, ey boylar, boshingizga tushadigan falokatlar uchun faryod etinglar, yig`langlar!
2 Chunki boyligingiz chirib ketgan, kiyimingizni kuya yegan.
3 Oltinu kumushlaringizni zang bosgan. Mana, ularning zangi sizga qarshi guvohlik beradi va tanangizni olovday yondiradi. Sizlar dunyoning oxirgi kunlariga boylik orttirib kelmoqdasizlar.
4 Ekinlaringizni o`rgan o`roqchilarning ish haqini ushlab qoldingizlar. Mana, sizlar ushlab qolgan pullar o`zi faryod qilmoqda! O`roqchilarning dod-fig`oni qudratli Egamning qulog`iga yetib bordi.
5 Sizlar dunyoda ortiqcha nash`u namoga berilib, kayf-safoda yashadingizlar. Qurbonlik kuniga kelguncha yuraklaringizni yog` bosdi.
6 Sizlarga qarshilik ko`rsata olmagan sofdil odamni qoralab, qatl qildingizlar.
7 Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso qayta kelguniga qadar sabr-toqat qilinglar. Dehqon ham goh kuzgi, goh bahorgi yomg`irlar yoqqunga qadar sabr-toqat bilan kutib, yer undirgan qimmatbaho hosilni yig`ib teradi.
8 Xuddi shu singari, sizlar ham sabr-toqatli bo`linglar, dilingiz quvvatga to`lsin. Chunki Rabbimizning kelishi yaqinlashib qoldi.
9 Ey birodarlarim, aybdor bo`lmaslik uchun bir-biringizning ustingizdan shikoyat qilmanglar. Mana, hukm qiluvchi Rabbimiz eshik oldida turibdi.
10 Ey birodarlarim, Xudovand nomidan gapirgan payg`ambarlarning azob-uqubatga qanday chidaganliklaridan o`rnak olinglar.
11 Sabr qilganlari uchun ularni baxtiyor hisoblaymiz. Ayubning sabr-toqati haqida eshitgansizlar, umrining oxirgi kunlarida Xudovand u uchun nimalar qilganini bilasizlar. Xudovand ko`p shafqatli va marhamatlidir.
12 Ey birodarlarim, eng avvalo na yer haqi, na osmon haqi va na boshqa narsa haqi qasam ichmanglar. Aybdor bo`lmasligingiz uchun, “ha” degan joyda “ha” deng, “yo`q” degan joyda “yo`q” deng.
13 Agar orangizda biror kishi azob-uqubat chekayotgan bo`lsa, ibodat qilsin. Agar birov ko`tarinki ruhda bo`lsa, hamdu sanolar o`qisin.
14 Agar sizlardan biror kishi bemor bo`lsa, imonlilar jamoatining oqsoqollarini chaqirsin. Ular Rabbimiz Iso nomi bilan duo qilib, bemorning boshiga yog` surkasinlar.
15 Imon bilan qilingan duo bemorni sog`aytiradi, Rabbimiz O`zi uni tuzatadi. Agar bemor gunoh qilgan bo`lsa, Rabbimiz uni kechiradi.
16 Shunday qilib, shifo topishingiz uchun, bir-biringiz oldida qilgan gunohlaringizga iqror bo`linglar va bir-biringiz uchun ibodat qilinglar. Solih odamning zo`r berib qilgan iltijosi kuchli ta`sirga egadir.
17 Mana, Ilyos payg`ambar ham bizga o`xshash bir inson edi. Yomg`ir yog`masin deya, u astoydil iltijo qildi va yer yuziga uch yilu olti oy yomg`ir yog`madi.
18 U yana iltijo qilgach, osmondan yomg`ir yog`di va yerdan hosil unib chiqdi.
19 Ey birodarlarim, agar sizlarda biror kishi haqiqat yo`lidan bosh tortsa, uni yana haqiqatga qaytarishga tirishinglar.
20 Bilinglarki, gunohkorni xato yo`ldan qaytargan kishi o`limdan bir jonni qutqargan va ko`p gunohlarni yuvgan bo`ladi.